Meningit — infektsion etiologiyali, bosh miya va / yoki orqa miya qobig’ining yallig’lanishli jarayonlaridir. Meningitning klinik belgilariga qattiq bo’yin (bo’yin muskullarining qisqarishi, bemorning boshi orqaga tortilib qoladi va normal holatga qaytish qiyin bo’ladi), kuchli bosh og’rig’i, tana gipertermiyasi, ong buzilishi, ovoz va yorug’li qo’zg’atuvchilariga o’ta sezuvchanlik kiradi. Meningit qobiqning infektsiyalanganligiga javob tariqasida birlamchi shakl yoki boshqa kasalliklar asoratlari tufayli yuzaga keladigan ikkilamchi shakl sifatida namoyon bo’ladi. Meningit — yuqori o’lim ko’rsatkichli, bemorlarni nogiron qiladigan, bedavo buzilishlar va organizm disfunktsiyasiga olib keladigan kasallikdir.
Meningit nima?
Meningit jiddiy kasallik bo’lib, miya va / yoki orqa miya qobqig’ining yallig’lanishi bilan kechadi. Qobiqlar miya va umurtqa kanali to’qimalarini qoplaydi.
Inson tanasida ikki xil qobiq farqlanadi: yumshoq va qattiq. Infektsiya qay turdagi to’qimaga ta’sir qilishiga qarab, yallig’lanish jarayonining joylashuvi quyidagilarga ajratiladi:
- Leptomeningit, yumshoq qobiq shikastlanadigan va eng keng tarqalgan shakli;
- Paximeningitt — qattiq miya qobig’ining yallig’lanishi, usbu tur har 100 ta kasallik holatidan taxminan 2tasida yuz beradi;
- Miya qobig’ining ikkalasi ham ta’sirlanganda panmeningit tashxisi qo’yiladi.
Odatda, tibbiy ma’noda meningit tashxisi qo’yilganda yumshoq miya qobiqlarining yallig’lanishi nazarda tutiladi.
Meningit eng xavfli miya kasalliklaridan biri bo’lib, jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi, salomatlik bilan bog’liq muammolarga sabab bo’ladi, doimiy nogironlik, rivojlanish buzilishlarini keltirib chiqaradi. O’lim darajasi yuqori.
Meningitning belgilarini Gippokrat ham, o’rta asrlarda shifokorlar ham yozib o’tgan. Uzoq vaqt davomida miyada yallig’lanish jarayonining kelib chiqishi millionlab insonlar o’limiga sabab bo’lgan sil kasalligi tufayli deb hisoblangan.
Antibiotiklar kashf qilinishidan oldin meningit o’lim darajasi 95% ni tashkil etardi. Penitsillinning kashfiyoti kasallik o’lim ko’rsatkichlarini sezilarli darajada kamaytirdi.
Bugungi kunda meningitni davolash uchun zamonaviy sintetik preparatlar mavjud, kasallikning ko’plab shakllarini oldini olish uchun eng keng tarqalgan qo’zg’atuvchilar — pnevmokokk, meningokokk va gemofil tayoqchalariga qarshi emlashlar qo’llaniladi.
Meningit tarqalganligi, kasallikning mavsumiyligi, xavf guruhlari
Kasallik dunyo bo’ylab sodir bo’ladi, lekin davlat farovonligi va meningitning uchrash tezligi orasida kuchli bog’liqlik mavjud. Shunday qilib, Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Markaziy va Janubiy Amerikada meningit Yevropa mamlakatlariga qaraganda 40 marta ko’proq tashxislanadi.
Rossiya va Yevropa davlatlarida bugungi kunda bakterial etiologiyali meningit uchun 100 000 aholi boshiga 3 ta holat va virusli etiologiyali meningit uchun 100 000 aholi boshiga 10 ta holat to’g’ri keladi. Meningitning tuberkulyoz shakli bemorlarning soni va asosiy kasallikni davolash uchun ko’rsatiladigan yordam sifatiga bog’liq, shunisi e’tiborga loyiqki, ikkinchi omilning ta’siri birinchisiga nisbatan ancha ko’proq.
Kasallik mavsumiyligi va epidemiyalarning yillik davriyligi qayd etilgan. Meningit uchun eng xarakterli bo’lgan davr noyabrdan aprelgacha hisoblanadi, bu havo haroratining o’zgarishlari, ovqat ratsionidagi cheklashlar va vitamin yetishmasligi, sovuq havo tufayli kishilarning kam shamollatiladigan xonalarda yig’ilishi tufayli yuz beradi. Organizmning xususiyatlari va ijtimoiy sabablarga ko’ra xavf guruhiga 5 yoshgacha bo’lgan bolalar va 25-30 yosh oralig’idagi erkaklar kiradi.
Meningit yuqish yo’llari
Infektsion etiologiyali kasallik sifatida boshlanadigan birlamchi meningit patogen mikroorganizmlar tufayli kelib chiqadi. Meningit rivojlanishiga turtki bo’ladigan viruslar va bakteriyalar turli yo’llar bilan yuqadi, ulardan eng keng tarqalgani:
- Havo-tomchi: patogenni yo’talish paytida va aksa urganda shilliq va so’lak orqali havoga tarqatish;
- Maishiy aloqalar: bemor yoki kasallik tashuvchisi bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilish, bitta maishiy vositlardan foydalanish (idishlar, sochiq, tish cho’tkasi);
- Gigiena qoidalariga amal qilinmaganda oral-fekal yo’l orqali: oziq-ovqatni yuvilmagan qo’llari bilan qabul qilish, ishlov berilmagan, yuvilmagan sabzavot, meva, ko’katlar va hokazo oziq-ovqatlarni iste’mol qilish;.
- Gematogen: meningit qo’zg’atuvchilarini (odatda bakterial, lekin virusli, protozoal va boshqa shakllari ham uchraydi) qon orqali yuqishi, bemor organizmidagi infektsiyaning mavjud o’choqlardan qon orqali miya qobig’iga tarqalishi;
- Bachadon ichida rivojlanish vaqtida yo’ldosh orqali, shuningdek, tug’ruq yo’llaridan o’tishda yoki infektsiyaning homilaga amniotik suyuqlik orqali yuqishi;
- Og’zaki: Meningit qo’zg’atuvchilari bilan ifloslangan suvni yutish (suv omborlarida, dezinfektsiya qilinmaydigan jamoat basseynlarida tasodifan yutish, ifloslangan suv ichish) va hokazo.
Kattalardagi meningit
Kasallanish xavfi mavjud guruh 20 dan 30 yoshgacha bo’lgan yosh erkaklardan iborat. Eng ko’p kuzatiladigan patogenlar meningokokklar, pnevmokokklar, gemofil tayoqchalaridir, shuningdek, tuberkulyoz kasalligini noto’g’ri davolash fonida meningitning tuberkulyoz shakli ham uchraydi.
Ushbu yoshda miya qobiqlari yallig’lanishining keng tarqalgan sabablaridan biri tibbiy madaniyatning yetishmasligidir: turli xil kasalliklarga (karioz jarayonlar, gaymorit, otit, bronxit, respirator virusli infektsion kasalliklar) jiddiy e’tibor qaratmaslik va to’liq davolanmaslik.
Ayollar meningitga kamroq moyil bo’lishadi, lekin homiladorlik davrida immunitetning tabiiy pasayishi tufayli kasallik rivojlanishi xavfi oshadi. Profilaktik tadbirlarga oldindan emlash, o’z vaqtida sanatsiya qilish, yallig’lanishli kasalliklarini davolash, aloqalarni cheklashlar kiradi.
Bolalarda meningit
Tug’ilgandan boshlab 5 yoshgacha bo’lgan davrda meningit bolalar uchun o’ta jiddiy xavf hisoblanadi, o’lim darajasi juda yuqori: har 20 nafar bemor boladan bittasi kasallik tufayli vafot etadi. Ushbu yoshdagi kasallikning asoratlari ham bolaning sog’lig’iga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.
Bolalar meningitining eng og’ir shakli ona tug’ruq yo’llaridan o’tish jarayonida streptokokk agalaktiya (Streptococcus agalactiae) bilan infektsiyalanish natijasida rivojlanadi. Kasallik yashin tezligida rivojlanadi va og’ir asoratlarga olib kelishi yoki chaqaloqning o’limiga sabab bo’lishi mumkin.
1-5 yoshli bolalar uchun ko’proq meningitning virusli shakllari xosdir, ular xira klinik ko’rinish va kamroq asoratlar qoldirishi bilan ajralib turadi. Meningokokk, pnevmokokk va gemofil tayoqcha tufayli yuzaga kelgan meningit shakllari ancha og’ir kechadi, shu tufayli bolani kasallikdan himoya qilish uchun emlash tavsiya etiladi.
Meningit alomatlari va belgilari
Meningit yuqumli kasallikdir va uning birinchi belgilari infektsiyaning mavjudligi va asab tizimining shikastlanishini ko’rsatadi. Kasallikning bunday belgilariga quyidagilar kiradi:
- Tana haroratining to’satdan ko’tarilib ketishi, ba’zan eng yuqori darajalargacha;
- Kuchli bosh og’rig’i;
- Bo’yin mushaklari rigidligi (tortilib qolishi), karaxtlik hissi, bosh mushaklarini harakatlantirish, boshni egish, burish qiyinlashuvi;
- Ishtahaning pasayishi, ko’ngil aynishi, yengillik bermaydigan tez-tez qayt qilishlar, diareya (asosan bolalikda);
- Qizil, pushti toshmalar toshishi. Toshmalar bosilganda bir muddat yo’qoladi, bir necha soatdan so’ng rangi ko’kimtir tusga o’zgaradi;
- Umumiy zaiflik, holsizlik;
- Kasallikning hatto erta bosqichlarida, ayniqsa, meningit yashin tezligida rivojlanishida ong chalkashishi, haddan tashqari holsizlik yoki qo’zg’alish, gallyutsinator hodisalar namoyon bo’lishi.
Meningitning asosiy alomatlari
Meningit quyidagi belgilar bilan namoyon bo’ladi:
- Kuchli bosh og’rig’i;
- Gipertermiya 40 °C gacha, isitma, varaja;
- Giperesteziya, turli qo’zg’atuvchilarga yuqori sezuvchanlik (yorug’lik, tovushli, tegadigan);
- Bosh aylanishi, chalkashlik, gallyutsinatsiyalar, hatto komagacha borishi mumkin bo’lgan ongning buzilishi;
- Ishtahaning yo’qolishi, ko’ngil aynish, qayta-qayta qusish;
- Diareya;
- Ko’z qovoqlarida bosim hissi, ehtimol ko’z yoshlanishi, konyunktivitning namoyon bo’lishi;
- Yallig’lanish tufayli limfa bezlarining kattalashishi, og’rishi;
- Uch shoxli nerv sohasi, qoshlar orasi , ko’z osti palpatsiya qilinganda og’riqli hislar;
- Kernig simptomining mavjudligi (oyoqlarni tizza bo’g’imlarida yoza olmaslik, bu tos-boldir guruh mushaklarining tarangligi ortishi natijasida yuz beradi);
- Brudzinskiy simptomiga ijobiy javob (bosh egiltirilganda, bosilganda oyoq-qo’llarning reflektor harakatari);
- Bexterev simptomlarining namoyon bo’lishi (yuz urib ko’rilishiga javoban yuz mushaklarining qisqarishi);
- Po’latovning alomati (boshning sochli qismi urib ko’rilganda og’riqli hislar);
- Mendel alomatlari (tashqi eshitish kanalini bosish og’riqni keltirib chiqaradi);
- Chaqaloqlarda Lesaj alomatlari: pulsatsiya, agar bola qo’litlaridan ushlab ko’tarilsa, boshi orqaga ketib qoladi, oyoqlarini esa qorniga ko’tarib, bukib oladi.
Meningitning o’ziga xos bo’lmagan alomatlari orasida quyidagilarni qayd etish mumkin:
- Ko’rish qobiliyatining pasayishi, g’ilaylik, nistagm, ptozga olib keladigan ko’z mushaklari distoniyasi, ko’rishning ikkilanishi;
- Eshitish qobiliyatining yomonlashuvi;
- Yuz mushaklari pareziyasi;
- Kataral hodisalar (tomoq og’rig’i, yo’tal, burun bitishi);
- Qorin bo’shlig’idagi og’riqlar, ich qotishi;
- Tananing qaltirashlari;
- Epileptik xurujlar;
- Yurak ritmining buzilishi, taxikardiya, bradikardiya;
- Qon bosimining ortishi;
- Uveit;
- Holsizlik, patologik uyquchanlik;
- Agressivlik, bezovtalanishning kuchayishi.
Meningit asoratlari
Meningit miya qobiqlarini shikastlashi bilan organizmga ta’sir ko’rsatishi, shuningdek o’ta jiddiy asoratlar qoldirishi mumkin.
Meningitning asoratlariga quyidagilar kiradi:
- Eshitish qobiliyatini yo’qotish;
- Epilepsiya rivojlanishi;
- Endokardit;
- Yiringli artrit;
- Qon ivishining buzilishi;
- Bolaning ruhiy rivojlanishdan ortda qolishi;
- Emotsional beqarorlik, o’ta qo’zg’aluvchanlik, asab tizimining tez charchab qolishi;
- Kasallik kichkina bolalarda rivojlanishi bilan gidrotsefaliya kabi asorat yuzaga kelishi mumkin.
Meningit rivojlanishi sabablari
Miya qobig’ining yallig’lanishi turli infektsion agentlar ta’sirida boshlanishi mumkin. Meningit tashxisi qo’zg’atuvchi turi va xiliga qarab tasniflanadi, bu esa davolash usulini tanlashga va rejasini tuzib chiqish shartlarini belgilaydi.
Virusli meningit
Virusli meningit kasallikni oldini olish va tiklanish darajasiga ko’ra nisbatan eng yaxshi shakl hisoblanadi. Virusli etiologiyali meningitda miya qobig’ining zararlanish ko’lami odatda minimal bo’ladi, kasallikni o’z vaqtida aniqlash va davolash natijasida o’lim ko’rsatkichlari va jiddiy asoratlar juda kam uchraydi.
Asosan virusli meningit boshqa virusli kasalliklar (parotit, qizamiq, zaxm, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi va boshqalar) asorati sifatida paydo bo’ladi. Virusli meningit rivojlanishiga sabab bo’ladigan eng ko’p uchraydigan qo’zg’atuchilar va infektsion agentlar quyidagilar:
- Enterovirus infektsiyasi (Koksaki virusi, ECHO virusi);
- Infektsion mononukleoz (Epshteyn-Barr virusi);
- Gerpetik infektsiyalar (inson gerpesi virusi);
- Sitomegalovirus;
- O’tkir respirator-virusli infektsiyalar (gripp virusi, adenovirus va boshqalar).
Qo’zg’atuvchining miya qobig’iga kirib borishi yo’llari turlichadir. Virus gemolitik yo’l (qon orqali), limfa oqimi bilan yoki orqa miya suyuq moddalari bilan tarqalishi mumkin. Bakterial shakldan farqli o’laroq virusli qo’zg’atuvchilar seroz tabiatli, yiringli ekssudat hosil bo’maydigan yallig’lanish jarayonini chaqiradi.
Virusli shakli yetarlicha tez kechadi: o’tkir bosqichi o’rtacha 2-3 kun davom etadi, undan keyin biroz yengillik kuzatiladi va kasallik boshlanishining 5-kuni yana qaytalanadi.
Meningitning bakterial shakllari
Bakterial meningit yaqqolroq klinik tasvirga ega va kasallikning og’irligi, qo’shimcha yallig’lanish o’choqlari qo’shilishi, jiddiy asoratlar qoldirishi bilan farqlanadi. O’limning eng yuqori darajasi aynan meningitning bakterial shaklida kuzatiladi.
Miya qobiqlarida bakterial kelib chiqishli yallig’lanishlarda yiringli ekssudat hosil bo’lishi kuzatiladi, natijada likvor aylanishi qiyinlashadi, bu esa miya ichki bosimining ortishiga olib keladi.
Jiddiy yallig’lanish jarayoni isitmali holatlarga, organizmning kuchli zaharlanishiga olib keladi.
Bu shakl ko’pincha ong buzilishlari, fikrlashdagi chalkashlik, giperesteziya, gallyutsinatsiyalar, yuqori psixomotor faollik bilan birga kechadi. Bakteriyalar faol ko’payishi bilan bemor komaga tushishi mumkin.
Bakterial meningitning eng ko’p uchraydigan patogenlari:
- Meningokokk;
- Gemofil tayoqchalar;
- Pnevmokokklar;
- Tillarang stafilokokk.
Bakterial meningit davolanmagan yallig’lanish o’chog’i yoki mavjud yallig’lanish fonida birlamchi yoki ikkilamchi etiologiyali kasallik sifatida vujudga kelishi mumkin. Ko’pincha kasallikning ikkilamchi shakli bakterial pnevmoniya, surunkali tonzillit, sinusit, pielonefrit, osteomielit, turli lokatsiyali suyak abstsesslari asorati sifatida rivojlanadi.
Furunkul (chipqon) va karbunkullar kasallikni qo’zg’atuvchilari manbaasi sifatida xavflidir, ular qon oqimi orqali tarqalib, meningitga olib kelishi mumkin, ayniqsa yuz, burun-lab uchburchagi va quloq suprasi atrofidagi yallig’lanishli jarayonlarga e’tibor berish kerak.
Bakterial meningitni davosi qo’zg’atuvchini ajratib olish va unga turli dozalarda antibakterial (antibiotikl) preparatlar ta’sir qildirish asosida aniqlanadi. 95% hollarda antibiotiklardan foydalanmaslik o’limiga sabab bo’ladi.
Tuberkulyoz meningit
Tuberkulyoz o’choqlari mavjud bo’lganda mikobakteriyalar organizm bo’ylab gematogen yoki limfogen yo’llar orqali tarqalishi va miya qobig’ini zararlashi mumkin. Ko’pincha ushbu asorat nafas olish tizimi, suyaklar, buyraklar va reproduktiv tizimda infektsiya o’chog’i mavjud bo’lgan faol tuberkulyoz jarayonlarida yuzaga keladi.
Tuberkulyoz meningit virusli etiologiyali kasallik shaklidagi kabi seroz tabiatga egaligi, ya’ni yiring hosil qilmasligigiga qaramay, miya qobig’ining tuberkulyoz tayoqchalari tomonidan shikastlanishi natijasida yuzaga keladigan meningit virusli shakldagi kasallikka nisbatan ancha og’ir kechadi.
Ushbu shaklning davosi asoslari — sil mikobakteriyalariga qarshi faol ta’sirga ega antibiotiklar bilan murakkab davolanish hisoblanadi.
Meningitning boshqa sabablari
Virusli, bakterial va tuberkulyoz meningit shakllari kasallikning eng keng tarqalgan etiologik turi hisoblanadi. Viruslar va bakteriyalarga qo’shimcha ravishda boshqa patogenlar va ularning birikmalari ham kasallikni chaqirishi mumkin.
Masalan meningitning zamburug’li shakllari (torulezli, kandidozli), protozoal shakllari (toksoplasma) mavjud. Meningit shuningdek saraton metastazlari, tizimli biriktiruvchi to’qima kasalliklari kabi noifenktsion jarayon va buzilishlar asorati sifatida rivojlansihi mumkin.
Meningitning tasnifi
Meningitni qo’zg’atuvchisi va etiologyasi bo’yicha tasniflashdan tashqari, kasallik yallig’lanish jarayoni tabiati, yallig’lanish o’chog’ining joylashuvi va uning tarqalganligi, kasallik kechishi bo’yicha ham tasniflanadi.
Yallig’lanish jarayonining tabiatiga qarab kasallikning turlari
Yiringli meningit miya qobig’ida yiringli ekssudat to’planganligi tufayli kasallikning og’ir kechishi va sezilari nevrologik alomatlar bilan xarakterlanadi. Ko’pincha bakterial infektsiyada yuzaga keladi. Qo’zg’atuvchining turiga qarab yiringli meningit guruhi tashxisida quyidagi turlar ajratiladi:
- Meningokokkli meningit;
- Pnevmokokkli shakl;
- Stafilokokkli;
- Streptokokkli.
Seroz meningit ko’pincha virusli etiologiyali meningitda yuzaga keladi va yiringli yallig’lanish rivojlanmasligi va nisbatan yengil kechishi bilan xarakterlanadi. Seroz meningit guruhi quyidagi turlarni o’z ichiga oladi:
- Tuberkulyoz;
- Sifilitik;
- Grippoz;
- Enterovirusli;
- Parotitli (parotit yoki tepki fonida) va boshqalar.
Kasallikning kechish tabiati bo’yicha tasniflash
Yashin tezligidagi (fulminant) meningit bir necha soat davomida rivojlanadi, bu ayniqsa chaqaloqlar uchun xarakterli. Inkubatsion davri deyarli yo’q, o’lim infektsiyaslangandan keyin 24 soat ichida sodir bo’lishi mumkin.
Meningitning o’tkir shakli organizmni bir necha kunda shikastlaydi va o’tkir klinik ko’rinishlari bilan xarakterlanadi. Ko’p holatlarda o’limga olib keladi yoki og’ir asoratlar bilan yakunlanadi.
Surunkali meningit asta-sekin rivojlanadi, alomatlari bu davr ichida kuchayib va yanada aniq bo’lib boraveradi.
Yallig’lanish jarayonining tarqalganligiga qarab kasallikning turlari
- Bazal meningit miyaning asosida joylashgan yallig’lanish bilan xarakterlanadi;
- Konveksital shakl miyaning bo’rtgan qismlariga ta’sir qiladi;
- Total meningitda yallig’lanish jarayoni miya qobig’ining butun yuzasini qamrab oladi;
- Yallig’lanish orqa miyada jamlangan bo’lsa, kasallikning orqa miya shakli tashxis qilinadi.
Meningit tashxisi
Meningitni tashxislash bemorni ko’rikdan o’tkazish va anamnez yig’ish bilan boshlanadi va bir yoki bir nechta quyidagi tadqiqot usullarini o’z ichiga olishi mumkin:
- Umumiy qon tahlili;
- Biokimyoviy qon tahlili;
- Orqa miya suyuqligining (likvor) laborator tekshiruvi;
- PZR usulida tahlil qilish;
- Serodiagnostika;
- Magnit-rezonans tomografiya (MRT);
- Kompyuter tomografiyasi (KT);
- Elektroentsefalografiya (EEG);
- Elektromiografiya (EMG).
Meningitni davolash
Meningitni davolash kasallikka shubha qilingach darhol boshlanishi kerak. Davolash har qanday holatda ham shifoxonaning infektsion bo’limida olib boriladi, kasallikni davolashga mustaqil urinishlar yoki kunduzgi statsionar sharoitida o’tkazilishiga yo’l qo’yilmaydi.
Kasallik tez rivojlanishi mumkin, alomatlar keskin kuchayadi. Har qanday bemorning holati to’satdan yomonlashishi mumkin (masalan miya ichki bosimining ortishi, hushni yo’qitsh, bosh miya shishishi, nafas olish va buyrak yetishmovchiligi, komatoz holatga tushib qolish va boshqalar), shuning uchun favqulotda yordam kerak.
Davolash uchun optimal sharoit — kasalxonaning infektsion bo’limida alohida palata va kechayu-kunduz mutaxassis nazorati, sensibilizatsiyani kamaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish: chiroqlarni o’chirish, baland tovushlarni bartaraf qilish, bemorni tinchlantirish.
Meningitda etiotrop terapiya
Etiotrop terapiya — infektsiya sabablarini bartaraf etishga qaratilgan davolash.
Virusli shakldagi meningitlarda davolash antivirus preparatlarga asoslanadi (rekombinativ interferonlar, endogen interferon reduktorlari, immunomodulyatorlar, antiretrovirus preparatlar va hokazo), bakterial kelib chiqishli kasallikda esa ma’lum bir qo’zg’atuvchiga qarshi faol ta’sir ko’rsatadigan antibiotiklar buyuriladi (masalan, antimeningokokk yoki antistafilokokk gamma-globulin), zamburug’ etiologiyali meningitni davolash antimikotik moddalar bilan olib boriladi va hokazo.
Qo’shimcha davolash usullari
Qo’zg’atuvchiga qarshi faol dorilar bilan birga, simptomatik vositalar ham buyuriladi:
- Shishga qarshi preparatlar(Furosemid, Mannitol);
- Antikonvulsantlar (Seduksen, Relanium, Fenobarbital);
- Dezintoksikatsion davolash usullari (kolloid, kristaloid, elektrolitlar infuziyalari);
- Nootropik dorilar.
Kasallikning kechishi va gumon qilinayotgan yoki mavjud asoratlarni oldini olish uchun davolash o’z ichiga qo’shimcha patologiyalarni tuzatish usullarini olishi ham mumkin (nafas olish, buyrak usti va yurak-qon tomir yetishmovchiligini tuzatish).
Etiotrop va simptomatik davolash boshlanishi vaqtiga nafaqat tuzalib ketish, balki bemorning hayoti ham bog’liq bo’ladi. Kasallikning dastlabki alomatlari (to’satdan tana haroratining ko’tarilishi, kuchli bosh og’rig’i, ayniqsa bu shamollash yoki boshqa infektsion kasalliklar fonida kuzatilsa) aniqlanishi bilan darhol shifokorga murojaat qilish yoki tez tibbiy yordam chaqirish kerak. Agar alomatlar bolada kuzatilsa, bolani darhol ko’rikdan o’tkazish va tekshirish kerak, chunki kasallikning yashin tezligida rivojlanishida hisob chin ma’noda daqiqalarda olib boriladi.