Furunkul (chipqon) — sabablari, asoratlari, tashxislash, davolash, oldini olish

Furunkul, chipqon — soch follikulasining o’tkir yiringli yallig’lanishi, atrofdagi yumshoq to’qima va yog’ bezlarini qamrab oladi. Furunkul zich infiltrat hosil bo’lishi bilan boshlanib, infiltrat markazida pustula bilan tugaydigan nekrotik o’zak shakllanadi. Shundan so’ng pustulaning ochilishi, o’zakning yiring bilan birga chiqib ketishi va furunkulning shifo topishi sodir bo’ladi, terida esa chandiq qoladi. Furunkulni tashxislash dermatoskopiya, ajralmani bakteriologik ekish, qon tahlili, immun tizimini tekshirish, hamrohlik qiluvchi kasallik va asoratlarni aniqlashni o’z ichiga oladi. Chipqonni davolash kasallik rivojlanishi bosqichiga muvofiq mahalliy ravishda amalga oshiriladi. Ko’rsatmalarga ko’ra, antibiotiklar bilan davolash, immunokorrektsiya va asoratlarni davolash belgilanadi.

Yuzda furunkul yoxud chipqon chiqishi

Furunkul

Chipqon haqidaFurunkulning xalq orasida keng tarqalgan nomi — «chipqon«. Ushbu kasallik katta yoshlilarda, ayollarga qaraganda erkaklarda ko’proq uchraydi. Furunkul bilan kasallanishning ko’payishi kuz va bahor fasliga to’g’ri keladi.

Ostiofollikulit, gidradenit, follikulit, sikoz va streptokokkli impetigo bilan birga furunkul piodermiya — yiring-yallig’lanish tabiatli dermatologik kasalliklar guruhiga tegishli hisoblanadi. Agar ostiofollikulit va follikulit faqatgina soch follikulining zararlanishini nazarda tutsa, furunkul follikulani o’rab turgan to’qimalarni yiringli jarayonga jalb qiladi va ko’pincha ushbu kasalliklarning asorati hisoblanadi. Bundan tashqari, furunkulning rivojlanishini boshqa stafilo- va streptodermiyalar murakkablashtirishi mumkin.

Furunkul sabablari

Chipqon chiqishining asosiy sababi — stafilokokk infektsiyasi. Dermatologiyada doimo olib boriladigan ko’plab tadqiqotlar davomida normada inson tanasining yuzasida stafilokokklar mavjud ekanligi isbotlangan. Biroq, stafilokokklar umumiy sonining faqat 10 foizi patogen mikroorganizmlar hisoblanadi. Furunkulli bemorlarda ushbu nisbat o’zgaradi va patogen stafilokoklarning soni ko’pincha 90% ga yetadi. Teri qoplami mikroflorasining bunday buzilishi terining ifloslanishi, uning qo’shimcha infektsiyalanishi yoki immun tizimi reaktivligining pasayishi natijasida sodir bo’lishi mumkin.

Immunitetning pasayishi sabablari esa o’z navbatida quyidagilar bo’lishi mumkin:

  • Organizmdagi surunkali kasalliklar va infektsion jarayonlar (tuberkulyoz, o’tkir pielonefrit, bronxit, gepatit, sinusit, tonzillit va boshqalar);
  • Metabolik kasalliklar (qandli diabet, endokrin semizlik);
  • Glyukokortikosteroidlar bilan uzoq muddatli davolanish;
  • Immun tizimini bostirishga qaratilgan sitostatik va boshqa preparatlarni qo’llash (limfoma, oshqozon saratoni, buyrak adenokarsinomasi, ko’krak bezi saratoni, bachadon sarkomasi va boshqa onkolgik kasalliklari bo’lgan bemorlarda).

Stafilokokklarning soch xaltachasiga kirishi bilan chipqon hosil qilishiga quyidagilar sharoit yaratib berishi mumkin:

  • Kuchli terlashda teri matseratsiyasi va uning mikrojarohatlari;
  • Kuchli qichish bilan kechuvchi dermatologik kasalliklarda terini qashish (ekzema, atopik dermatit, qo’tir, chov epidermofitiyasi, prurigo);
  • Tirnalish, kesilish va ishqalanishlar.

Burun va quloqdagi furunkullar surunkali rinit, adenoidlar, gaymorit va otitda burun yoki quloqdan ajraladigan shilliq-yiringli ajralmaning teriga doimiy ta’siri natijasida rivojlanishi mumkin.

Furunkul alomatlari

Furunkul inson terisining deyarli barcha joylarida paydo bo’lishi mumkin. Ko’pincha u ishqalanish, terlash yoki terining ifloslanishi ko’p bo’lgan joyda hosil bo’ladi. Bu sohalar yuz, bo’yin, qo’ltiq osti va chov sohasi, son, dumba, bel, ko’krak hisoblanadi. Rivojlanishida furunkul 3 bosqichdan o’tadi: infiltratsiya, yiringlash va nekroz, shifo topishi. Rivojlanish jarayoni odatda 10 kundan ko’proq vaqt olmaydi.

Furunkul infiltratsiyasi bosqichi soch follikulasining teshigi atrofida yorqin-qizil infiltratsiya paydo bo’lishidan boshlanadi. Infiltratlar o’lchami kattalashib boradi (diametri 1-3 sm gacha), zichlashadi, yanada og’riqli bo’lib, atrofdagi to’qimalarning shishishi va sanchish hissi paydo bo’ladi. Furunkul yuzda joylashganda (qovoqlar, lablar, yonoqlar) eng ko’zga ko’rinadigan shish paydo bo’ladi.

Furunkulaning nekrozi va yiringlash bosqichi — chipqon paydo bo’lishidan 3-4 kun o’tib sodir bo’ladi. U teri yuzasiga pustula ko’rinishida chiqadigan furunkul uchun odatiy bo’lgan yiringli-nekrotik o’zak shakllanishi bilan tavsiflanadi. Ushbu davr mobaynida tana haroratining 38 °C gacha ko’tarilishi, furunkul sohasida keskin seziluvchi og’riq qayd qilinadi. Intoksikatsiyaning umumiy alomatlari kuzatilishi mumkin: holsizlik, kuchsizlik, bosh og’rig’i, ishtahaning yomonlashishi. Furunkul klinik ko’rinishining eng yuqori nuqtasida uning yuzasi ochiladi. Hosil bo’lgan tuynuk orqali yiring oqadi va nekrotik o’zak chiqib ketadi. Shundan keyin infiltratsiya, shish, og’riqlar va umumiy alomatlar tez o’tib ketadi, tuzalish jarayoni boshlanadi.

Furunkulning tuzalish bosqichi — chipqon ochilishi natijasida qoldirilgan kraterlarda granulyatsion to’qima shakllanishi bilan kechadi. 3-4 kun ichida furunkul joyida chandiq hosil bo’ladi. Avvaliga u sezilarli qizil-ko’k rangda bo’ladi, so’ng asta-sekin rangsizlanib, deyarli ko’rinmas holga keladi.

Ba’zi hollarda furunkulning kechishi xira va nekrotik o’zakning hosil bo’lishisiz kechishi mumkin. Quloq suprasida furunkul paydo bo’lganda, umumiy alomatlarga chakka va jag’larga tarqaluvchi quloqdagi kuchli og’riq qo’shiladi. Ba’zida diffuz bosh og’rig’i qayd etiladi. Furunkul eshitish kanalining yopilib qolishiga sabab bo’lishi mumkin, buning natijasida eshitish qobiliyati yomonlashadi.

Furunkul asoratlari

Kasallikning sodda ko’rinishiga qaramay, hatto birgina chipqon ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Burun-lab uchburchagi va burun bo’shlig’i kirish qismining shilliq qavatida joylashgan furunkullar eng ko’p asorat qoldiradiganlari hisoblanadi. Asoratlarni rivojlanishiga ko’pincha furunkulni siqib chiqarishga urinish, uni noto’g’ri mahalliy davolash, soqol olish vaqtida jarohatlash hissa qo’shadi.

Jarayonning lokalizatsiyasi bo’yicha furunkulning barcha asoratlari mahalliy (abstsess, karbunkul, saramas, flegmona), uzoqlashgan (limfadenit, limfangit, flebit) va umumiy (furunkuyloz, bosh miya shikastlanishi, ichki a’zolarda abstsesslar, sepsis) turlarga bo’linadi.

Mahalliy asoratlar furunkuldan ajralib chiqayotgan ajralmada patogen stafilokokklar mavjudligi va ular terining boshqa joylarini infektsiyalanishiga olib kelishi mumkinligi bilan bog’liq. Bir nechta furunkullarning birlashishi karbunkul, abstsess, yumshoq to’qimalar flegmonasi kabi kengroq yiringli teri shikastlanishlariga olib keladi. Furunkullarning ko’p sonli tabiati furunkulyoz deb baholanadi.

Infektsiyaning furunkuldan limfa tomirlari va venalarga o’tishi limfangit, limfadenit, flebit va tromboflebit rivojlanishiga olib keladi. Eng xavflisi stafilokokk infektsiyasining arteriya tomirlari orqali tarqalishi, bunda metastatik abstsesslar, pielonefrit, sepsis rivojlanishi mumkin. Yuzda lokalizatsiyalangan furunkullar araxnoidit, meningit, bosh miya abstsessi bilan asoratlanishi mumkin .

Furunkulni tashxislash

Teri yallig’lanishi belgilari kuzatilganda bemor dermatologga murojaat qilishi kerak. Shifokor shikastlangan sohaning dermatoskopiyasi va tashqi ko’rikka asoslanib tashxis qo’yadi. Qo’zg’atuvchining etiologiyasini aniqlash uchun furunkul ajralmasini bakteriologik ekish amalga oshiriladi. Qaytalanuvchi va ko’p sonli furunkullar kuzatilganda quyidagilar ko’rsatiladi:

  • Umumiy qon va siydik tahlillari;
  • Qonda qand miqdorini aniqlash uchun tahlil;
  • Siydikni bakteriologik ekish;
  • Faringo- va rinoskopiya;
  • Burun yon sinuslarning rentgenografiyasi;
  • Flyuorografiya;
  • Qorin bo’shlig’i a’zolari va buyraklarning ultratovush tekshiruvi.

Zarur bo’lganda, bemorga qo’shimcha ravishda endokrinolog, gastroenterolog, pulmonolog, otorinolaringolog va boshqa mutaxassislar maslahat beradi. Asoratlar rivojlanishini aniqlash uchun qonni sterillikka baholash, buyrak KT`si, bosh miya MRT`si, lyumbal punktsiya o’tkazish talab qiliinishi mumkin.

Furunkulni gidragenit, follikulit, chuqur trixofitiyada granulyoma, tugunchali eritema, kuydirgi, teri tuberkulyozi, aktinomikozdan farqlash kerak.

Furunkulni davolash

Ko’p hollarda, chipqonni davolash kasallikning bosqichiga muvofiq amalga oshiriladigan mahalliy terapiya bilan cheklanadi. Furunkul yetilishi bosqichida unga ixtiolli bog’lamlar qo’yiladi, quruq issiq, UYCH-terapiya qo’llaniladi. U ochilganidan so’ng, gipertonik natriy xlorid eritmasi, metiluratsil bilan kombinatsiyalangan xloramfenikol saqlagan malham bilan turunda qo’llaniladi. Nekrotik o’zakning chiqishi qiyin bo’lsa, proteolitik fermentlar ko’rsatiladi: tripsin, ximotripsin. Tuzalish bosqichida davolanish antibakterial va shifobaxsh vositalar bilan amalga oshiriladi.

Ko’p sonli va qaytalanuvchi furunkullarni davolash immunitetni ko’tarishga qaratilgan terapiyani o’z ichiga olishi kerak. Bunday maqsadda, autogemoterapiya, qonni lazerli va ultrabinafsharangli nurlantirish, gamma globulin, stafilokk anatoksidi yoki vaktsina kiritish qo’llaniladi. Medikamentoz immunomodulyatsiyalovchi terapiya immunogramma natijalariga muvofiq belgilanadi. Tizimli antibiotikoterapiya katta, qaytalanuvchi yoki asoratlangan furunkul, shuningdek uning yuzda joylashgan hollarda amalga oshiriladi. Furunkulni davolash bilan bir vaqtda hamrohlik qiluvchi kasalliklarni tuzatish va asoratlarni kamaytirish amalga oshiriladi.

Chipqonni uy sharoitida xalqona tibbiyot vositalari bilan davolash

Muhim: mustaqil ravishda davolash choralarini ko’rishdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Ko’p mablag’ sarflashni talab qilmaydigan oddiy usullar orasidan quyidagilarni ajratish mumkin:

  • Igna bargli vannalar. Tayyorlash uchun dorixonadan qarag’ay yoki oqqarag’ay efir moyini sotib olish kerak. Iliq suvga 20-25 tomchi qo’shiladi, har kuni 20 daqiqa davomida suvga tushish kerak;
  • Aloe yaproqlari ko’ndalangiga kesiladi va mag’iz tomoni bilan yiringli joyga qo’yiladi. Fiksatsiyalash doka va leyokplastirdan «nafas oladigan» bog’lam qo’yish bilan amalga oshirilishi kerak. Bog’lamni kuniga bir marta almashtirish lozim;
  • 100 gramm mum, 0,5 litr o’simlik moyi, ignabargli daraxtlarning oltingugurtidan tayyorlanadigan malham. Issiq moyga mum va oltingugurt qo’shiladi, yarim soatdan keyin 100 gr. piyoz po’stlog’i solinadi. Aralashma past olovda 1 soat davomida qaynatiladi, keyin qulaylik uchun kichik idishga quyiladi. Sovugan malham chipqon chiqqan joylarga surtiladi.

Furunkul paydo bo’lishini oldini olish

Chiqon chiqishini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:

  • Teri gigienasiga rioya qilish;
  • Gipergidroz va ko’p teri yog’i ajralishida terini to’g’ri parvarish qilish;
  • Teri jarohatlariga antiseptiklar bilan ishlov berish;
  • Piodermiyaning yuzaki shakllarini o’z vaqitda va to’g’ri davolash;
  • Modda almashinuvi buzilishlarini tuzatish va surunkali kasalliklarni davolash;
  • Immunitetni mustahkam saqlashga yordam beradigan sog’lom turmush tarzi.

Asoratlarni oldini olish, avvalambor, furunkul jarohatlanishi va infektsiya tarqalishini oldini olishdan iborat. Furunkulga issiq kompresslar qo’yish taqiqlanadi. Mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi. Dermatolog-shifokorga o’z vaqtida murojaat qilish va uning ko’rsatmalariga rioya qilish kerak.

Matnda xatolik topdingizmi? Unda xatolikni ajratib, Ctrl+Enter ni bosing.

1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz 2 ta baho berilgan
Загрузка...
Загрузка...
loading...

Ushbu mazvuda 2 ta fikr qoldirilgan

  1. Assalomu alaykum, yoshim 31 da. Ikki yildan beri boshimda soch terisida yiringli yaralar paydo bo’lyapti. Kuz va bahorda ko’p chiqadi. Qichitadi,qashlayman. Yara bo’lib ko’chib tushadi. Nima qilsam bo’ladi?

    1. Vaaleykum assalom. Dermatologga uchrashing, bu jiddiy kasallik bo’lishi mumkin. Ungacha yiringli yaralarni imkon qadar jarohatlamaslikka harakat qiling.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *