Ekzema: sabablari, alomatlari, turlari, tashxislash, davolash, yengillashtirish

Ekzema (qad.yun. ἔκζεμα — teridagi toshmalar, ἐκζέω — qaynayman) — bu dermatologik kasallik bo’lib, seroz tarkibli papula (tuguncha) shaklidagi teri toshmalari toshishi, shikastlangan teri sohalarining shishishi va qichishi bilan tavsiflanadi. Quruq va nam shaklda kechishi mumkin, toshma shaklidagi namoyonlarning polimorfizmi bilan farq qiladi. Ekzemada yallig’lanish jarayoni allergik tabiatlidir, ammo kasallikning sabablari turlicha bo’lishi mumkin, masalan terini uzoq muddat allergen bilan aloqa qilishi, modda almashinuvi buzilishlari, asab va endokrin tizim patologiyalari. Shuning uchun, ekzemani davolashda kompleks terapiya qo’llaniladi va u har bir bemor uchun shifokor tomonidan individual ravishda tanlanadi.
Ekzema kasalligi haqida ma'lumot

Ekzema o’tkir va surunkali shaklda kechishi mumkin, remissiya davrlari bilan siklik rivojlanishga ega, ko’pincha kasallikning qaytalanishi kuzatiladi. Teri toshmalari va u bilan bog’liq yoqimsiz his-tuyg’ular nafaqat bemorning ko’rinishini buzadi va unga noqulaylik yetkazadi, balki uning psixologik holatini sezilarli darajada yomonlashtiradi. Kasallikning neyro-allergik xususiyati hisobga olinganda, bu faqat patologik jarayonni kuchaytiradi va o’z navbatida sog’ayishni sekinlashtiradi. Davolash chora-tadbirlari turli xil terapevtik yo’nalishlarni o’z ichiga oladi, ulardan eng samarali variantlari har bir individual holat uchun alohida tanlanadi.

Ekzema turlari

Ekzema idiopatik kasalliklarga oid bo’lib, uning rivojlanish sabablari va mexanizmi to’liq aniqlanmagan, ammo muayyan turdagi ekzema rivojlanishiga sabab bo’ladigan bir guruh omillar mavjud. Vegetotomirli distoniya, venalarning varikoz kengayishi, qandli diabet, qalqonsimon bez disfunktsiyasi va hazm qilish a’zolari patologiyalari psixoemotsional zo’riqish va irsiy moyillik fonida ekzemani keltirib chiqarishi mumkin.

  • Idiopatik yoki haqiqiy ekzema aniq sababsiz spontan ravishda toshma toshishi bilan xarakterlanadi, organizmning sezuvchanligi ortishi fonida kimyoviy agressiv moddalar, allergen bilan aloqa qilish kasallikni boshlab yuboruvchi mexanizm sifatida xizmat qiladi. Idiopatik ekzema uchun seroz tarkibli papulalar, nam eroziyalar, po’stcha va tangachalar xarakterlidir, bunda ular terida bir vaqtning o’zida mavjud bo’lishi mumkin, bu esa ushbu turdagi ekzemaning o’ziga xos belgisidir. Chin ekzemaning yana bir xususiyati — bu toshmalarning simmetriyasi (bir qo’lning shikastlanishida, odatda ikkinchi qo’lda ham huddi shunday toshmalar mavjud bo’ladi). Kasallik kuz-qish davrida o’tkirlashishlar mavsumiyligi bilan ajralib turadi.
  • Bolalar ekzemasi — bu kasallik chaqaloqlarga ta’sir qiladi, dastavval yuzdan boshlanadi, so’ng asta-sekin bo’yin, ko’krak va oyoq-qo’llarga tarqaladi. Ko’pincha sun’iy oziqlantirishda bo’lgan chaqaloqlarni va bronxial astma va boshqa atopik kasalliklar rivojlanishiga irsiy moyil bo’lgan bolalarni shikastlaydi.
  • Seboreyali ekzema — buni bosh terisida parazitlik qiladigan zamburug’lar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, seboreyali ekzema ko’plab yog’ bezlari joylashgan teri sohalarini shikastlashi mumkin, masalan yuz, qo’ltiq sohasi, kuraklar. Kasallik namlanish bosqichisiz kechadi, tangachali tugunchasimon toshmalar, qipiqlanish va po’stchalar shakllanishi bilan tavsiflanadi.
  • Atopik ekzema — allergik reaktsiyalarga moyil bo’lgan odamlar uchun xarakterli hisoblanadi. Pufakchalar, teri shishishi va giperemiyasi shaklidagi namoyishlar allergen bilan aloqa qilgandan so’ng yuzaga keladi.
  • Kasbiy (professional) ekzema — kimyoviy tashkilotlar ishchilari, farroshlar, shuningdek ro’zg’or kimyosi, formaldegidlar, bo’yoq moddalari bilan doim aloqada bo’lgan kishilar orasida keng tarqalgan. Kasallik qo’llarning terisini shikastlash bilan boshlanadi, chunki u ko’proq kimyoviy qo’zg’atuvchilar ta’siriga chalinadi va keyinchalik kasallik tananing boshqa qismlariga o’tadi.
  • Mikrobli ekzema — mikrobli yoki zamburug’li infektsiya natijasida yallig’anish jarayonlari bo’lgan teri qismlarida paydo bo’ladi. Kasallikning asosiy o’chog’i — yashil yoki sarg’ish tusli po’st hosil bo’ladigan jarohat, trofik yaralar va oqmalar bilan qoplangan teri sohasi. Agar yara po’sti shikastlansa, qizil rangli nam yuza ochilib, toshma atrofga tarqalishi mumkin.
  • Varikozli ekzama — to’qimalarda qon aylanishi va venoz dimlanish oyoqlar terisida toshma toshishiga olib kelishi mumkin. Ko’pincha katta yoshli ayollarni, yurak-tomir kasalliklari va semizlikdan aziyat chekadigan kishilarni shikastlaydi. Boshqa alomatlari — epidermisning qorayishi, teridagi qizil dog’lar va ta’sirlanish, oyoqlarda bitmaydigan yaralarning mavjudligi.
  • Disgidrotik ekzema — ter bezlari va neyroendokrin regulyatsiya faoliyatining buzilishi tufayli sodir bo’ladi. Odatda oyoq va kaft gipergidrozi bo’lgan, shuningdek, kasbi bo’yicha doimo kimyoviy jihatdan agressiv moddalar bilan aloqada bo’lgan kishilarda yuzaga keladi. Toshma toshishi qo’llardan boshlanadi, barmoqlarning lateral yuzalarida paydo bo’ladi va keyin tananing boshqa qismlariga o’tadi. Kuchli stress yoki organizm juda qizib ketganidan keyin o’z-o’zidan paydo bo’ladi, agar ikkilamchi infektsiya ko’rinishidagi asoratlar bo’lmasa, o’z-o’zidan o’tib ketadi.
  • Mikotik ekzema — zamburug’ infektsiyasiga allergiya natijasida paydo bo’ladigan ekzema shakli. Chet el adabiyotida trixofitiya (qiruvchi temiratki, moyxo’rak, dermatofitiya), kandidoz va boshqa zamburug’li infektsiyalar kasallikning keng tarqalgan sababi sifatida ko’rsatilgan, lekin rus adabiyotida ekzema kamdan-kam hollarda zamburug’li infektsiya bilan bog’liq deb qabul qilinadi. Mikotik ekzema patogenezidagi zanjirlardan biri — zamburug’ infektsiyasiga allergiya hosil bo’lishi. Shikast o’chog’i ham ekzema xususiyatlari, ham asosiy mikotik jarayonning xususiyatini birlashtiradi. Morfologik jihatdan zamburug’li ekzema keskin chegaralangan va yumaloq yoki katta festonli konturlar, teri eritemasi, chetlari keskin belgilangan nam qismlar shakllantiruvchi pufakchalar va pustula hosil bo’lishi bilan tavsiflanadi. Mikotik infektsiyalar surunkali dermatozlar kechishini og’irlashtiradi, davo choralariga qarshilik rivojlanishiga hissa qo’shadi, shuning uchun surunkali dermatozlar bilan og’rigan bemorlarni mikoz mavjudligini aniqlash uchun chuqur tekshirish va aniqlangan taqdirda tegishli antimikotik terapiyani o’tkazish kerak. Ko’pincha ekzemada gormonal malhamli davolash belgilanadi, ammo agar kasallik zamburug’li infektsiya tufayli chaqirilgan bo’lsa, bunday davolashni alohida o’tkazgan yaxshi, chunki zamburug’lar gormonlar ta’siri ostida faolroq rivojlanadi va mutatsiyaga uchraydi.
  • Tilotik (shoxli, qadoqsimon) ekzema — disgidrotik kabi, qo’l va oyoq kafti bilan cheklanadi. Eritematoz bosqich shox qavatining qalinlashganligi tufayli sezilmas bo’ladi.
  • Sikozsimon ekzema. Ekzematizatsiya bilan asoratlangan sikoz bilan kasallangan shaxslarda kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlarda markazida soch bilan teshilgan, retsidivlovchi va yallig’langan terida follikulyar pustulalar paydo bo’ladi — bu sikozning alomatlari. Sikozsimon ekzama jarayonning soch qoplami chegarasidan tashqariga chiqishi, ekzematoz quduqlarning mavjudligi, namlanishi va kuchli qichishish bilan tavsiflanadi. Teri lixenizatsiyalanadi; follikullar uzluksiz paydo bo’laveradi. Jarayonning ko’p uchraydigan lokalizatsiyasi — yuqori lab, soqol, qo’ltiq, qov.
  • Ayollarda siyna va pigmentli aylana ekzemasi. Yorqin qizil rangli o’choqlar bilan tavsiflanadi, ba’zi joylarda namlanish, yoriqlar bilan birga qobiqlar va qobiq-tangachalar qavati bilan qoplangan bo’ladi. Jarayon keskin konturli chegaralar va juda o’jar kechimga ega. Ko’pincha, ko’krak so’rg’ichi ekzemasi bolani emizish davomida olingan jarohatlar yoki qo’tir asoratlanishi natijasida yuzaga keladi.
  • Gistopatologiya. Ekzemaning o’tkir kechishida epidermisda parakeratoz, o’choqli spongioz va tomirlarning kengayishili dermaning so’rg’ichli qavatining shishishi va ularning atrofida ustunroq limfotsitar infiltrat aniqlanadi. Keyinchalik epidermisda spongiozlararo fazoda sezilarli darajada limfotsitlar to’planishi bilan spongioz, akantoz, parakeratoz aniqlanadi. Dermada — so’rg’ichlarning sezilarli darajada infiltratsiyasi, asosan limfosit va gistisitlar bilan.

Ekzema sabablari

Ekzema idiopatik kasalliklarga mansubligi hisobga olinsa, kasallik paydo bo’lishining aniq sababini aniqlash qiyin. Biroq, ba’zi turtki bo’luvchi omillar mavjud, ular orasida:

Ekzemaning endogen sabablari:

Ekzemaning ekzogen sabablari:

  • Neft mahsulotlari, kislotalar, spirtlar, fenollar va boshqa qo’zg’atuvchi xususiyatli agressiv va sintetik kimyoviy moddalar, allergenlarning teriga ta’sir qilishi;
  • Ultrabinafsha nur, haddan tashqari issiqlik va sovuqlik va boshqa iqlim o’zgarishlarining ta’siri;
  • Terining shikastlanishi, ayniqsa periferik asablarning;
  • Benzilpenitsellinlarga, novokainga va boshqa farmatsevtik preparatlarga allergik reaktsiya.

Bu omillarning barchasi terini jismoniy, kimyoviy va boshqa qo’zg’atuvchilar ta’sirga nisbatan juda sezgir bo’lib qoladigan holatni keltirib chiqaradi.

Ko’pincha ekzemaning rivojlanishi uchun quyidagi patologiyalar ham turtki bo’ladi:

  • Omega-6, omega-3 polito’yinmagan yog’ kislotalarining yetishmasligi;
  • Buyrak faoliyati buzilishi;
  • Avitaminoz, ayniqsa vitamin B6 yetishmovchiligi;
  • Parazitar invaziyalar.
  • Me’da osti bezi va o’t pufagi yallig’lanishli kasalliklari;
  • Immunitet buzilishlari: ham tug’ma, ham orttirilgan (OITS).

Ekzema ko’pincha teri sirtida ko’rinarli tashqi sababsiz paydo bo’ladi. Bu hodisani teri va ichki a’zolar o’rtasidagi funktsional va metabolik bog’liqlik ta’minlaydi. Oziq-ovqat mahsuloti bilan organizmga ko’plab toksinlar tushadi, ular odatda najas bilan chiqariladi yoki jigar tomonidan parchalanib yuboriladi. Agar bu a’zolar toksinlarni bartaraf qilishni eplay olmasa, metabolitlarning chiqarilishi vazifasi teriga tushadi. Vaqt o’tishi bilan, teri qoplamlaridan doimiy ravishda chiquvchi zaharlar epiteliyga destruktiv ta’sir ko’rsatadi va bu ekzema shaklida namoyon bo’ladi.

Ekzema alomatlari

Ushbu teri kasalligi quyidagi umumiy alomatlar bilan tavsiflanadi:

  • Eritema — shikastlangan hududni aniqlaydigan terining qizarishi.
  • Papulalar — eritemaning sirtidan ko’tarilib turuvchi pushti-qizil tusli tugunchalar.
  • Vezikulalar — yallig’lanish jarayoni davomida papulalar seroz suyuqlik bilan to’lganligi.
  • Pustula — bu tarkibi loyqalangan va yiring aralashgan vezikulalar.
  • Pustulalar va vezikulalar yorilishi joyida yuzaga keladigan eroziya (chuqurchalar).
  • Eritematoz hududlarda tuklarning to’kilishi.
  • Qurigan eroziya o’rnida quruq qobiqlarning paydo bo’lishi.
  • Qobiqlarning qipiqlanishi va patologik tiklangan yangi terining tangachalar va epiteliyning shoxlangan qavatidan hosil bo’lgan quruq plastinkalar bilan qoplanishi.

Turli xil ekzema turlarining belgilari:

Idiopatik ekzema

Toshmalar tananing kiyim bilan bekitilmaydigan joylarida — qo’llar, bo’yin, yuzda joylashadi. Boshqa turlardan asosiy farqi — papulyoz va pufakchali toshmalar o’rnining simmetrikligi. Kasallikning o’tkir bosqichi kichik pufakchalarning hosil bo’lishi bilan boshlanadi va ular patologiyaning rivojlanishi sayin birlashishi yoki yorilib, avval nuqtali eroziya, so’ng terining lixenifikatsiyasiga olib kelishi mumkin.

Atopik ekzema (atopik dermatit)

atopik ekzemaPatologik jarayonning birinchi bosqichi terining shishishi va giperemiyasi bilan tavsiflanadi, shundan keyin zararlangan hududlarda pufakchalar paydo bo’ladi. Pufakchalarning yorilishidan keyin kasallikning uchinchi bosqichi — nam ekzema boshlanadi. So’ngra, toshma toshgan joylar atrofidagi teri qipiqlanadi, quriydi, qobiq va tangachalar bilan qoplanadi. Surunkali bosqichga o’tganida, bemorni bezovta qiladigan asosiy alomat — kuchli qichishdir.

Professional ekzema

Professional (kasbiy) ekzemaKasallikning dastlabki bosqichida barcha salbiy namoyon bo’lishlar faqat qo’zg’atuvchi omil ta’siriga duchor bo’lgan hududlarni qamrab oladi, so’ngra toshmalar terining boshqa joylariga tarqaladi. Alomatlarning aksariyati chin yoki idiopatik ekzema bilan o’xshash.

Mikrobli ekzema

Mikrobli ekzemaKasallik teri sirtida bitmayotgan jarohatlar hududida mikrorganizmlarning ortiqcha ko’payishi bilan bog’liq. Teri toshmalarining lokalizatsiyasi — kuygan sohalar, jarohatlar va yara yuzalarida. Kasallikning dastlabki bosqichida shikastlangan joy bir tarafidan qipiqlanishni va ko’chishi mumkin, ekssudat to’planishi va qobiq hosil bo’lishi ehtimoli ham mavjud. Ekzemaning bu shakli uchun sezilarli qichishish mavjudligi xos emas.

Disgidrotik ekzema

Bu tur qo’l va oyoq kaftida lokalizatsiyalanadi, u qichish, achish, epiteliy qalinligida zich pufaklar paydo bo’lishi, juda zaif eritema bilan tavsiflanadi.

Zamburug’li yoki bakterial infeksiya qo’shilishi shuningdek yaqin atrofdagi limfa tugunlarining kattalashishiga olib keladi.

Nummulyar ekzema

Nummulyar ekzemaEkzemaning tangasimon xilma-xilligi, bu qizarishlar aniq cheklangan yumaloq shaklga egaligi uchun shunday nomlangan. Ushbu eritematoz hududlarda tangachalar, papulalar, vezikulalar va ekzemaninig boshqa o’ziga xos namoyon bo’lishlari hosil bo’lishi mumkin.

Intertriginoz ekzema

Turli xil teri qatlamlarini shikastlaydigan mikrobli ekzemaning shakli, u chov, qo’ltiq, sut bezlari ostida va boshqa joylarda kuzatiladi.

Boshqa shakllardan kuchli qizarish va qatlamlar chuqurligidagi yoriqlar bilan farqlanib turadi.

Seborayali ekzema

Asosan yog’ bezlari zich bo’lgan joylarda lokalizatsiyalanadi — bosh terisi, yuz (jag’ va burun osti), qo’ltiq osti, chov. Och sariq rangli bir nechta kichik va katta blyashkalar ko’rinishida namoyon bo’ladi.

Pruriginoz ekzema

Toshma qo’l va oyoqlarning ichki qismlarida paydo bo’ladi. Kichkina tugunchalar va pufakchalar terini qashishlashsiz o’zlari yorilmaydi.

Shoxli ekzema

Shoxli ekzemaKlimask davrida ayollarda keng tarqalgan. Alomatlari: kaft, tovon terisining qalinlashishi (giperkeratoz), og’riqli chuqur va yuzaki yoriqlar, qichish.

Namlanish, kuchli qizarish, pufakchalar shoxli ekzemada deyarli qayd qilinmaydi.

Varikozli ekzema

Trofik yara yoki teri sklerozining shakllanishida bilan asoratlangan venalarning varikoz kengayishida kuzatiladi.

Alomatlari — klassik mikrobli ekzemaga o’xshash oyoqning pastki qismi shikastlanishi.

Mikotik ekzema

U qichish va vaqti-vaqti bilan namlanish bilan birga kechadi, bilak terisida yoki tirnoqlarda zamburug’li infektsiya mavjudligida kuzatiladi.

Siyna va va pigmentli aylana ekzemasi

Yorqin qizil rangli o’choqlar bilan tavsiflanadi, ba’zi joylarda namlanish, yoriqlar bilan birga qobiqlar va qobiq-tangachalar qavati bilan qoplangan bo’ladi.

Bolalar ekzemasi

Birinchi alomatlari namoyon bo’lishi bola rivojlanishining 3-6 oyligida vaqtinchalik hisoblanadi. Bu chin, seboreyali yoki mikrobli ekzemadir.

Alomatlari: shikastlanish simmetrikligi, chegaralarining aniq emasligi, terining qizarishi, namlanishi, qobiq va tangachalar borligi. Dastavval shikastlanish yonoq va peshonada qayd qilinadi, keyinchalik boshning sochli qismi, tana va oyoq-qo’llarga tarqaladi.

Kasallikning bu turi ikki yoshgacha kuzatiladi, shundan so’ng regressiyalanadi yoki ekzemaning boshqa turlariga aylanadi. Olimlar bolalar ekzemasi rivojlanishiga chaqaloqning ichak florasidagi o’zgarishlar ta’sir o’takzishini bir ovozda ta’kidlashmoqda.

Eng keng tarqalgan savollarga javoblar

Shifokor qanday davolashni belgilashi mumkin?

Avvalambor, ekzemani davolash faqatgina bemorning ahvolini to’liq tibbiy tashxislashdan so’ng mumkinligini aniq tushunish kerak. Buning sababi shundaki, bir nechta boshqa jiddiy teri kasalliklari ham shunga o’xshash belgilarga ega. O’z-o’ziga noto’g’ri tashxis qo’yish ko’pincha bemorlar shifkor ko’rsatmasisiz ekzemani davolash uchun qo’llaniladigan preparatlarni mustaqil qabul qilishni boshlashga olib keladi, bu esa ularning hozirgi holatini yanada og’irlashtiradi.

Mavjud vaziyatga asoslanib, shifokor alomatlarni va kasallikni keltirib chiqargan sababni ketma-ket davolash yoki bir vaqtning o’zida kompleks ta’sirini tanlashi mumkin. Ko’pincha davolash simptomatik terapiya bilan boshlanadi, chunki bu kasallikning sababini aniq aniqlash uchun vaqt beradi va bemorning axloqiy va jismoniy holatini yaxshilaydi.

  • Qichishni bartaraf qilish uchin allergiyaga qarshi preparatlar buyuriladi;
  • Oyoq-qo’llarda ekzemaning rivojlanishini sekinlashtirish va teri shikastlanishlari o’choqlarini bartaraf qilish uchun borat kislotasiga asoslangan kompresslardan foydalaniladi;
  • B guruhi vitaminlari terining yangilanishiga yordam beradi, shuning uchun ertaroq tiklanishiga sabab bo’ladi va deyarli har doim kompleksli ekzema terapiyasining bir qismi sifatida qo’llaniladi;
  • Qonning filtrlanishini tezlashtirish uchun (agar ekzemaning sabablaridan biri toksik moddalar yoki turli tuzlar bilan zaharlanish bo’lsa) diuretiklar (siydik haydovchi preparatlar) keng qo’llaniladi.
  • Agar ekzema asoratlansa, masalan teri shikastlanishi hududlarining juda ortib ketishi, tabiiy harakatlar qilganda o’tkir og’riqlar yoki davo choralariga nisbatan javob bo’lmasligida, tizimli ta’sirli vositalar — tabletkalarda yoki in’yektsiya bilan kortikosteroidlar va sitostatiklar qo’llaniladi.

Bemorning o’zi nima qilishi mumkin?

Ekzema bilan og’rigan bemorlar kasallikning salbiy alomatlarini yomonlashtiradigan sharoitlarni mustaqil ravishda aniqlashlari mumkin — ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish, uy hayvonlari, chang, gul changi, ro’zg’or kimyosi va boshqalar bilan aloqa qilish.

Varikozli ekzemani oldini olish uchun teridagi har qanday jarohatni, ko’karishlarni, yaralarni diqqat bilan kuzatib boring. Varikozli ekzemaning kuchayishiga yo’l qo’ymaslikda maxsus kompression kiyim kiyish, terapevtik mashqlar va tomirlarni mustahkamlashga qaratilgan har qanday chora-tadbirlarni qo’llash yordam beradi.

Terini kundalik parvarish qilish vaqtida epidermisning to’siq xususiyatlarini tiklaydigan va sezuvchanlikni pasaytiradigan shifobaxsh kosmetika va namlantiruvchi kremlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Ko’p hollarda ekzema asab buzilishlari fonida rivojlanishi tufayli kun tartibiga rioya qilish va imkon qadar stressli vaziyatlardan va psixoemotsional stressdan qochish kerak.

Kompleks davolanish jarayonida yaxshi natijalarga erishishda kurort-sanatoriyali davolash, loy manbalari, galoterapiya, talassoterapiya yordam beradi. Ayrim hollarda lazeroterapiya, fitoterapiya va xalqona tabobat retseptlari ham yaxshi naf beradi.

Nimadan saqlanish kerak?

Ekzemali bemorlar maxsus parhezga amal qilib, o’zlarida allergik reaktsiyani keltirib chiqaradigan mahsulotlar iste’molini cheklashlari kerak. Bunday mahsulotlarga quyidagilar kiradi: pishiriqlar, kremli pirojnoelar, yog’li go’sht, qizil rezalar (malina, qulupnay, gilos) va sabzavotlar. Ko’pincha allergik reaktsiyalar sitrus, shokolad, asal, konserva va marinadlarni iste’mol qilgandan keyin yuzaga keladi.

Ekzema bilan kasallangan bemor taomnomasida ishlov berilmagan donlar, kletchatkaga boy o’simlik asosli ovqatlar, yogurt va boshqa past yog’li sut mahsulotlari bo’lishi kerak. Ovqatlanishni kuniga kamida besh marta teng bo’lingan qismlarda olib boring. Bir kun davomida suyuqlik miqdori ikki litrdan oshmasligi kerak, ishqorli mineral suvlar va sabzavot sharbatlari ichish tavsiya etiladi.

Ekzema o’tkirlashishida tushirish kunlari, ikki kun ochlik saqlash va uch kun davomida tuzsiz parhez yaxshi naf beradi.

Gigienik maqsadlardan tashqari qo’shimcha ravishda suvli muolajalar ekzema bilan og’rigan bemorlarga qarshi ko’rsatiladi, shuningdek, tananing haddan tashqari qizib ketishi, masalan, saunaga borish holatlaridan qochish kerak.

Shifokor qanday yordam berishi mumkin?

O’zingizda ekzema belgilarini aniqlasangiz, darhol dermatolog bilan bog’laning. Ekzemaga to’g’ri tashxis qo’yish qiyin, chunki uning namoyon bo’lishi boshqa kasalliklarning namoyon bo’lishiga juda o’xshaydi.

Ekzamani kontaktli dermatit bilan adashtirish mumkin. Kontaktli dermatit —  terining tashqi qo’zg’atuvchiga bo’lgan reaktsiyasi, masalan, atir yoki kremga.

Shifokor huzuriga tashrif buyurganingizda, u oddiy savollar beradi: Shikoyatingiz nima, avval qanaqa kasalliklar bilan kasallangansiz?

Bundan tashqari, shifokor sizga qo’zg’alish manbalarini aniqlashga yordam berishi mumkin, chunki ko’pincha shunday alomatlar yangi dush uchun gel yoki sovun ishlatganda yuzaga kelishi ehtimollidir.

Agar dermatolog sizdan atrofdagilar bilan o’zaro munosabatlaringiz va sizning emotsional holatingiz haqida so’ray boshlasa, hech ham ajablanmang, chunki hayajon va stress ham ekzema bilan xastalanishga olib kelishi mumkin

Ekzemani davolash

Ekzema kasalligini davolash — uzoq jarayon, chunki kasallik ko’pincha o’tkir shakldan surunkali shaklga o’tadi hamda retsidiv va o’tkirlashishlarga moyil bo’ladi. Kompleks terapiya tarkibi bemorning individual xususiyatlari, uning yoshi va oldingi davolash samaradorligi, shuningdek ekzema turi, jiddiyligi va yallig’lanish og’irligiga bog’liq bo’ladi.

Ekzemani davolash uchun patogenetik terapiya vositalari qo’llaniladi, bu shifobaxsh kompleks chora-tadbirlar bo’lib, shikastlangan a’zolarning normal vazifasini tiklash, immun reaktivlikni va tashqi muhitining salbiy omillariga organizmning chidamliligini oshirishga qaratiladi. Bundan tashqari, organizmning sensibilizatsiyasini kamaytirishga qaratilgan shifobaxsh muolajalar belgilanadi, bunga gemotransfuziya, girudoterapiya, autogemoterapiya va boshqalar tegishli. Shifokor in’yektsiya orqali biostimulyatorlar kursini belgilashi mumkin, eng keng tarqalgan preparatlar — platsenta va aloe ekstrakti.

Ekzemaning og’ir shaklini plazmafarez, gemosorbtsiya va enterosorbtsiya bilan davolash mumkin.

Agar kasallikning nevrologik tarkibiy qismi kuchli namoyon bo’lsa, shifokor buzilishni tuzatuvchi preparatlar belgilyadi — o’simlikli sedativlar (Persen, Sedasen, Novopassit, Valeriana), ichish uchun bromkamfora va natriy bromid, 10 kun muddatga kichik dozalarda trankvilizatorlar (Xlozepid, Fenozepam).

Enterosorbentlar

Ekzemani davolash uchun enterosorbentlardan foydalaniladi, ular toksik moddalarni o’zlariga biriktirib, organizmning intoksikasiyasini kamaytiradi. Bu guruhdagi mashhur vositalar — Polisorb, Multisorb, Atoksil, Enterosgel va Polifepan, ularni qabul qilish kursi 10 kun.

Kaltsiy xlor va natriy tiosulfat vena ichiga, kaltsiy glyukonat — mushak ichiga in’yektsiya qilish belgilanadi. Mikoz ekzema shakli geksametilentetramin eritmasi bilan davolanadi.

Gormonal terapiya

Gormonal vositalar ehtiyotkorlik bilan, qisqa kurslar va faqatgina shifokor nazorati ostida qo’llaniladi, chunki ulardan nazoratsiz foydalanish jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin, masalan yallig’lanish jarayonining chuqurlashishi, immunitetning pasayishi, surunkali kasalliklarning o’tkirlashishi, infektsion jarayon.

Terining ekzema bilan shikastlanishlari kichik bo’lsa, mahalliy ta’sir ko’rsatuvchi gormonal malhamlar va boshqa vositalardan foydalanish mumkin. Peroral vositalar yalpi yallig’lanish jarayonida 10-15 kunlik kurs bilan belgilanadi, preparatlar orasida deksametazon, kortikotropin, triamtsinolon, prednizolon mavjud.

Vitaminoterapiya

Vitamnilarni ekzemaning har qanday turini davolashda ishlatish mumkin, chunki ular allergik reaktsiyalar rivojlanishini oldini oladi va yallig’lanishni kamaytiradi, shikastlangan teri qoplamlari regeneratsiyasini tezlashtirishga yordam beradi. Ekzema boshlanishiga omega-3 va omega-6 metabolizmi buzilishi ta’sir ko’rsatishi mumkin, vitamin E ning yog’li eritmasi esa bu yog’li kislotalarning o’zlashtirilishini yaxshilab, antioksidant ta’sir ko’rsatadi.

Vitaminoterapiya shuningdek foliy, askorbin va nikotin kislotalari, vitamin B in’yektsiyalarini o’z ichiga oladi

Antigistamin preparatlar

Antigistaminlar ekzemaning har qanday turida belgilanishi mumkin, preparat va chiqarilish shakli kasallikning kechishiga qarab o’zgaradi. Ekzemaning o’tkir bosqichida prometazin, xloropiramin va difengidramin tayinlanadi. Yallig’lanish kamayib, kasallik yengilroq shaklga o’tgach, xuddi shu preparatlar tabletka shaklida buyuriladi.

Bundan tashqari, ekzemani davolashda keyingi antigistamin preparatlar ham qo’llaniladi — Ketotifen, Klarisens, Setrin, Kestin, Lordestin, Zodak.

Immunomodulyatorlar

Ekzema o’tkir shakldan surunkali shaklga o’tishida, immunitet buzilishari bo’lgan bemorlarga shifokor nazorati ostida immunomodulyator vositalar qabul qilish mumkin. Asoratlarni oldini olish uchun immunomodulyatorlar ehtiyotkorlik bilan qabul qilinadi, ulardan kasallikning o’tkir bosqichida foydalanish mumkin emas.

Bu guruh preparatlari — fagotsitoz stimulyatorlari (Likopid, Polioksidoniy) Timomitetiklar (Timalin, Immunofan) va Plazmol, gumizol eritmasi va platsenta ekstrakti.

Disbakterioz, ovqat hazm qilish buzilishlarida

Me’da osti bezi yallig’lanishi, gastroduodenit va ovqat hazm qilish tizimining boshqa patologiyalarida shifokor kompleks terapiya tarkibiga fermentli preparatlar kiritadi: o’t kislotasi tuzlari, pepsin (Enzistal, Kreon, Pankreatin, Gastenor va boshqalar), shuningdek nomral ichak florasini tiklovchi preparatlar (Laktobakterin, Bifiform, Hilak Forte).

Mikrobli ekzemada

Mikrobli ekzema, uning qo’zg’atuvchisini nobud qilish bilan davolanadi, shuning uchun tegishli davolashni boshlashdan avval, mikrobning turi, shtammi, antibiotiklarga qarshiligi darajasini aniqlash uchun surtma tahlili topshirish kerak. Bu ma’lumotlar bilan qurollangach, shifokor yuqori ehtimollik bilan to’g’ri davolash choralarini belgilaydi va makrolidlar, sefalosporinlar, aminoglikozidlar va ftorxinolonlar qatoridagi preparatlardan foydalanib, birinchi urinishdayoq ekzema tarqalishini to’xtatishga erisha oladi.

Laboratoriya tahlili shuningdek zamburug’li organizmlar mavjudligini ko’rsatish mumkin. Ulardan qutilish uchun, tashqi qo’llashga mo’ljallangan zamburug’larga qarshi krem ​​va malham yoki tegishli dori tabletkasi buyuriladi.

Mikrobli ekzemani mahalliy medikamentoz davolash o’z ichiga turli shakldagi dori vositalarini oladi: upalar, eritmalar, pastalar, krem va malhamlar. Kerakli dorini tanlash ekzema turi, tarqalganlik darajasi, lokalizatsiyasi va teri shiksatlanishi og’irligiga asoslanib shifokor tomonidan amalga oshiriladi.

Turli po’stloqli shakllanmalar va pustulalar usti quyidagi vositalar bilan qoplanadi:

  • Bo’yoqlar: brilliant yashili, metilviolet, gentsianviolet.
  • Aerozol va kremlar: pantenol, polkortolon, levovinizol.
  • Rezortsin yoki laktat etakaridin eritmalari bilan suyuq dori.

Tananing alohida qismlarida ekzema bilan shikastlanish hududlarini cheklash ancha konsentratlangan va kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni qo’llash imkonini beradi, ular qichishni tezda va kasallik rivojlanishini tezda to’xtatadi.

Ular suyuq dori va bog’lam yordamida terida fiksatsiyalanadi:

  • Qo’rg’oshinli suv;
  • Rezortsin eritmasi — 1%;
  • Mis yoki rux kuporosi (sulfat) — 0,1%;
  • Burov suyuqligi;
  • Kumush nitrat — 0,25%;
  • Mentol eritmasi — 0,5 — 1%;
  • Limon kislotasi — 1%;
  • Dimedrolli pasta;
  • Qo’l uchun ixtisoslashgan ekzemaga qarshi podofillinli malham.

Ekzema o’tkir bosqichda turli sepmalar yordamida bostiriladi:

  • Oq gildan kukun;
  • Rux oksidi;
  • Bug’doy kraxmali.

Bular patologik jarayon biroz so’nishiga hissa qo’shadi, shundan so’ng yuqorida aytilgan tashqi qo’llash uchun preparatlardan foydalaniladi, shuningdek yana bir qator qo’shimcha malham va kremlardan foydalanish mumkin:

  • Ruxli pasta;
  • Lassar pastasi;
  • Naftalanli pasta;
  • Ixtiolovaya va borat-ruxli pasta.

O’ziga xos ko’rsatmalar va shifokor belgilashiga ko’ra, kortikosteroidli malhamlardan foydalanish mumkin:

  • Elokom;
  • Skin-kap (qo’llanmada ko’rsatilmagan bo’lsa-da, kuchli kortikosteroidni o’z ichiga oladi);
  • Advantan;
  • Flutsinar;
  • Selestoderm.

Mikrobli ekzemaga nisbatan eng yaxshi variant tarkibida zamburug’larga qarshi moddalar, antibiotiklar va antiseptik moddalar saqlagan gormonal malhamlarni qo’llash bo’ladi:

  • Trimistin;
  • Travokort;
  • Kremgen;
  • Garamitsin bilan selestoderm;
  • Lorinden S.

Fizioterapevtik muolajalar

Ekzemani davolash uchun juda ko’p turdagi fizioterapevtik muolajalar ishlatiladi.

Ular yordamida davolash jarayonida eng samarali natijaga erishish mumkin, ammo har bir individual holat uchun munosib usulni topish kerak:

  • Parafinli applikatsiyalar;
  • Ignalar bilan refleksoterapiya;
  • Lazerli tuzatish;
  • Ozonoterapiya — in’yektsiyalar, ozonli kamera;
  • Loyli vannalar;
  • Quyoshli vannalar (UB nurlantirish);
  • Ultratovushli ishlov;
  • Galvanizatsiya;
  • Elektroson;
  • Diadinamoterapiya;
  • Radon va mineralli vannalar;
  • Aeroterapiya;
  • Dimedrol bilan ingalyatsiya.

Parhez bilan davolash

Ekzemada parhez tutish kasallikni davolash va oldini olish jarayonida muhim qismlardan biridir, chunki ushbu kasallik rivojlanishida hazm qilish tizimining bevosita ishtiroki mavjudligini ko’rsatuvchi bir qator tadqiqotlar mavjud.

Zamonaviy shifokorlarning fikriga ko’ra, oshoqozon va ichakning doimiy ta’sirlanishi teri salomatligiga o’z ta’sirini o’tkazadi, shuning uchun ekzema bilan og’rigan bemor qovurilgan, ziravorli, dudlangan va achchiq, oqsil miqdori yuqori bo’lgan taomlar (shu jumladan tuxumli), konservalangan oziq-ovqat, kolbasa mahsulotlari, shuningdek shokolad, qahva va albatta, spirtli ichimliklarni rad qilishi kerak.

Ekzema bilan xastalangan bemorlar o’simlik va sut mahsulotlarili parhezga o’tganlarida (don, sabzavot, meva, ko’katlar, tvorog, sut, qaymoq) kasallik alomatlari sezilarli darajada yengillashganini ta’kidlashadi.

Antiretsidiv davolash va o’tkirlashishlarni oldini olish

Remissiyaga erishilganda ham ekzemani davolash to’xtatilmaydi. Qo’shimcha ravishda gistoglobulinlar kursi belgilanadi, shuningdek individual gigienaga e’tibor berish tayinlaydi. Bunda tashqari, interkurrent kasalliklarga ham tezda munosabat bildirish kerak, ularni tezda davolash ekzema retsidiviga yo’l qo’ymaslik uchun zarur. Kasallikning remissiyasi parhez tutish hisobiga uzaytiriladi, shuningdek terini ultrabinafsha nurlanish, sovuq, namlik, agressiv kimyoviy moddalar va jarohat ta’siridan himoya qilish kerak.

1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz 1 ta baho berilgan
Загрузка...
yuklanmoqda...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *