O’ta xavfli yuqumli kasalliklar — tasnifi, turlari, infektsiyalar tashxisi va profilaktikasi

O’ta xavfli yuqumli kasalliklar (O’XYK), o’ta xavfli infektsiyalar (O’XI) — alohida epidemik tahdid uyg’otadigan infektsion kasalliklarning shartli guruhi. O’XYKni oldini olish choralari va tartibi 1969-yil 26-iyul kuni JSSTning Jahon sog’liqni saqlash assembleyasining 22-sessiyasida qabul qilingan Xalqaro mediko-santiar qoidalarda (XMSQ) tasdiqlangan. 1970-yilda JSST 23-assambleyasi karantinli infeksiyalar ro’yxatidan toshmali va qaytalanma (rekurrent) terlama chiqarib tashladi. 1981-yilgi tuzatishlar bilan ro’yxatda faqat uchta kasallik: o’lat, vabo va kuydirgi mavjud edi.

O'ta xavfli yuqumli kasalliklar

2005-yilda JSST Jahon sog’liqni saqlash assambleyasining 58-sessiyasida juda ko’p va muhim o’zgarishlar kiritilgan yangi XMSQ qabul qilingan. Xususan, ushbu qoidalarga ko’ra, JSST mamlakatda muayyan kasalliklarning holatini nafaqat ushbu davlatlarning rasmiy hisobotlariga ko’ra, balki ommaviy axborot vositalaridan olingan ma’lumotlar asosida ham baholash huquqiga ega bo’ldi. JSST ushbu qoidalarga muvofiq O’XI tomonidan kelib chiqqan yuqumli kasalliklarning xalqaro tibbiy nazorat qilish uchun katta imkoniyatni qo’lga kiritdi.

Tavsifi

O’XI`ning xarakterli jihatlari:

  • To’satdan paydo bo’lishi, tezda va keng miqyosda tarqalib ketishi;
  • Og’ir kechishi va o’lim bilan yakunlanish ehtimoli yuqoriligi.

Hozirgi kunda o’ta xavfli yuqumli kasalliklar ro’yxati kengaymoqda. XMSQ-2005 №2 ilovasiga muvofiq, bunday infektisyalar ikki guruhga bo’linadi.

1. Noodatiy sanalgan va aholi salomatligiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin bo’lgan kasalliklar:

  • Chechak;
  • Poliomielit;
  • Yangi virus turi bilan chaqirilgan inson grippi;
  • Og’ir o’tkir respirator sindrom yoxud SARS.

2. Ular bilan bo’lgan har qanday hodisa xavfli deb baholanadigan, chunki bu infektsiyalar aholi salomatligiga jiddiy ta’sir qilishi va xalqaro miqyosda tezda tarqalishi mumkin bo’lgan kasalliklar:

  • Vabo;
  • O’latning pulmonar shakli;
  • Sariq isitma;
  • Gemorragik isitmalar — Lass, Marburg, Ebola, G’arbiy Nil isitmasi.

O’zbekistonda o’ta xavfli yuqumli kasalliklar ro’yxatiga kuydirgi va tulyaremiya ham kiritiladi.

Bu guruh XMSQ-2005 «maxsus milliy yoki mintaqaviy tahdid tug’diradigan kasalliklar«ni ham o’z ichiga oladi, masalan denge isitmasi, Rift-Valli isitmasi, meningokokkli kasallik.

Tropik mamlakatlar uchun denge isitmasi jiddiy muammo hisoblanadi, aholi orasida gemorragik, ba’zan esa o’lim shaklida namoyon bo’ladi. Yevropaliklarda esa bu kasallik bu qadar jiddiy bo’lmaydi, gemorragik alomatlar kuzatilmaydi, tashuvchi yo’qligi sababli esa tarqalmaydi ham. Markaziy Afrikada shu tariqa meningokokkli kasallik qayd qilinadi.

O’ta xavfli yuqumli kasalliklar tasnifi

Barcha O’XYK uch turga ajratiladi:

1. Konventsion kasalliklar. Bunday infektsiyalarga xalqaro sanitariya normalari tarqaladi. Bular:

  • Bakterial patologiyalar (o’lat va vabo);
  • Virusli kasalliklar (maymunlar o’lati, gemorragik virusli isitmalar).

2. Xalqaro nazoratni talab qiladigan, lekin qo’shma choralar ko’rilmaydigan infektsiyalar:

  • Bakterial (toshmali va qaytalanma terlama, botulizm, qoqshol);
  • Virusli (OIV, poliomitelit, gripp, quturish, oqsim);
  • Protozoal (malyariya).

3. JSST nazoratida emas, balki mahalliy nazorat ostida bo’lgan infektsiyalar:

Bugungi kunda

Shuni ta’kidlash kerakki, JSST XMSQ-2005`ga o’latning faqatgina bitta — o’pka shakli kiritilgan, chunki bunday holda infektsiya bir kishidan ikkinchisiga havo-tomchi yo’li orqali juda tez tarqaladi. Agar o’z vaqtida tegishli choralar ko’rilmasa, kasallik juda katta miqyosdagi aholini zararlashi mumkin. O’latning boshqa shakllarida bunday yuqumlilik qayd etilmaydi.

Bugungi kunda yangi XMSQ-2005`ni qo’llash sohasi faqatgina yuqumli kasalliklar bilan chegaralanib qolmaydi, balki «kelib chiqishi yoki manbaidan qat’iy nazar, odamlar uchun jiddiy zarar yetkazadigan yoki yetkazishi mumkin bo’lgan kasallik yoki tibbiy holatni» qamrab oladi.

Garchi 1981-yilda JSST Jahon sog’liqni saqlash assambleyasining 34-sessiyasida qirilib ketishi natijasida chinchechak o’ta xavfli kasalliklar ro’yxatidan chiqarib tashlangan bo’lsa ham, XMSQ-2005 da kasallik chechak shaklida yana ro’yxatga kiritildi. Buning sababi chinchechak virusi haligacha ba’zi mamlakatlarning biologik quroli shaklida saqlanayotgan bo’lishi ehtimoli, shuningdek Sovet olimlari 1973-yilda Afrikada batafsil ta’riflab bergan maymunlar chechagining tabiiy yo’l bilan tarqashi mumkiniligidir. Uning klinik ko’rinishlari chinchechakka o’xshash va ayni paytda gipotetik ravishda o’lim va yuqori darajada nogironlik xavfini tug’diradi.

Eng keng tarqalgan O’XYK`lar

O’lat

Zoonoz bakterial infektsiya, Yevropada o’rta asrlarda millionlab odamlar o’limiga sabab bo’lgan. Qo’zg’atuvchilari o’lat tayoqchalari (Yersinia pestis) deb nomlanadi. Tashuvchilari asosan kemiruvchilar.

Kasallikning xarakterli alomatlari:

  • Yuqori isitma (harorat 40 °C gacha ko’tarilishi mumkin);
  • Chidab bo’lmas darajada bosh og’rig’i;
  • Tilning oq karash bilan qoplanishi;
  • Yuz giperemiyasi;
  • Aqldan ozish (kasallik kerakli tarzda davolanmagan og’ir hollarda);
  • Gemorragik toshmalar.

O’lat antibiotiklar bilan davolanadi. Qo’llaniladigan antibiotiklarga, masalan, Siprofloksatsin, Streptomitsin, Gentamitsin (garamitsin) va Doksisiklin (Vibramitsin, Filiz, atridoks) kiradi.
O’lat haqida batafsil→

Vabo

Vabo — o’tkir infektsion kasallik bo’lib, vabo vibrioni (Vibrio cholere) bakteriyalari tufayli rivojlanadi va odatda og’riqsiz va suvsimon ich ketishiga olib keladi. Kasallik asosan zararlangan suv orqali yuqadi.

Alomatlari:

  • To’satdan kuchli ich ketishi;
  • Ko’p miqdorda qayt qilish;
  • Suvsizlanish oqibatida siydik miqdorining kamayishi;
  • Og’iz shilliq qavati va til qurishi;
  • Tana haroratining pasayishi.

Davolashning muvaffaqiyatli bo’lishi ko’proq tashxisning o’z vaqtida qo’yilishiga bog’liq. Terapiya antibiotiklar qabul qilish va organizmdagi yo’qotilgan suv va tuzlar o’rnini qoplash uchun vena ichiga ko’p miqdorda maxsus eritmalar kiritishni nazarda tutadi.
Vabo haqida batafsil→

Chinchechak

Sayyoradagi eng yuqori yuqumli bo’lgan infektsiyalardan biri. Antropoz infektsiyalarga oid, u bilan faqat insonlar kasallanadi. Tarqalish mexanizmi — havo-tomchi yo’llari. Virus manbai kasallangan odam hisoblanadi. Infektsiya onadan homilaga o’tishi ham mumkin.

1977-yildan buyon chechak bilan kasallanish hollari umuman qayd etilmagan. Infektsiya alomatlari:

  • Tana haroratining to’satdan ko’tarilishi;
  • Bel va dumg’aza sohasida keskin og’riqlar;
  • Sonlarning ichki yuzasi, belda toshmalar toshishi.

Chechakni davolash bemorni zudlik bilan izolyatsiya qilish bilan boshlanadi, terapiyaning asosi — gamma-globulin.

Sariq isitma

O’tkir gemorragik transmissiv infektsiya. Kasallik manbai — maymunlar, kemiruvchilar. Tashuvchilari chivinlar hisoblanadi. Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlarida tarqalgan.

Kasallik alomatlari:

  • Kasallikning birinchi bosqichida yuz va bo’yin terisining qizarishi;
  • Qovoq va lablarning shishishi;
  • Tilning qalinlashishi;
  • Ko’z yoshlanishi;
  • Jigar va taloqda og’riq, ushbu a’zolar o’lchamining kattalashishi;
  • Teri va shilliq qavatlarning qizarishi bir muddat o’tgach sariqlik bilan almashadi.

Agar o’z vaqtida tashxis qo’yilmasa, bemorning ahvoli kundan-kunga og’irlashib boradi. Burun, milklar, oshqozondan qon ketishi qayd qilinadi. Kasallikni davolashdan ko’ra oldini olish yengilroq, shu sababli patologiya holatlari tez-tez aniqlanadigan aholi punktlarida vaktsinatsiya olib boriladi.

Kuydirgi

Zoonoz tabiatli infektsiya, ommaviy qirg’in quroli sifatida qaraladi. Barcha turdagi qishloq xo’jaligi va yovvoyi hayvonlar, shuningdek odamlar uchun ham o’ta xavfli infektsion kasallikdir.

Qo’zg’atuvchisi — Bacillus anthracis tayoqchasi. Kasallikning asosiy tashuvchisi yirik shoxli qoramollar hisoblanadi. Yuqish yo’llari — havo-tomchi va alimentar. Kasallikning teri, oshqozon-ichak va o’pka shakllari ajratiladi.

Davolash antibiotiklar qabul qilish orqali olib boriladi. Biroq muhimrog’i — kasallanishga to’sqinlik qiladigan vaktsinatsiyadir.
Kuydirgi kasalligi haqida batafsil→

Tulyaremiya

Bakterial zoonoz infektsiya. Manbai — kemiruvchilar, yirik shoxli qoramol, qo’ylar. Qo’zg’atuvchisi — grammanfiy tayoqcha. Inson organizmiga kirish mexanizmi — kontaktli, alimentar, aerozolli, transmissiv.

Alomatlari:

  • Yuqori isitma;
  • Umumiy holsizlik;
  • Bel va kichik boldir mushaklarida og’riq;
  • Teri giperemiyasi;
  • Limfa tugunlarining shikastlanishi;
  • Dog’li yoki petixial toshmalar.

Boshqa O’XI`lardan farqli o’laroq, tulyaremiya 99% hollarda davolasa bo’ladigan kasallikdir.

Gripp

O’ta xavfli yuqumli kasalliklar qatoriga parranda grippi — virus tabiatli og’ir infektsiya kiritiladi. Infektsiya manbai — kelib-ketar suzuvchi parrandalar. Inson zararlangan parrandalarni noto’g’ri parvarishlash yoki kasallangan parranda go’shtini iste’mol qilish natijasida zararlanishi mumkin.

Alomatlari:

  • Yuqori isitma (bir necha hafta saqlanib turishi mumkin);
  • Kataral sindrom;
  • Virusli pnevmoniya (bemorlar o’limining 80% shu holat sababli sodir bo’ladi).

Parranda grippi haqida batafsil→

Karantinli infektsiyalar

«Karantinli infektsiyalar» atamasi hozirgi kunda «O’XYK» tushunchasiga teng emas, chunki «karantinli infektsiyalar» karantin qo’llaniladigan yuqumli kasalliklarning shartli guruhi hisoblanadi. To’liq karantin davlat tomonidan butun viloyat, shahar, tuman yoki alohida muassasa darajasida belgilanishi mumkin.

O’XYK aniqlanganda o’ta qat’iy karantin e’lon qilinadi, ba’zan harbiy kuch ishtirokida ehtimoliy kasallangan bemorlar harakati cheknaladi, o’choq himoyaga olinadi. Darhaqiqat ba’zi istisnolar mavjud — JSST so’ngi yillarda u yoki bu mamlakatda vabo aniqlanganda qat’iy karantin e’lon qilish, savdoni to’xtatish maqsadga muvofiq emasligini bir necha bor ta’kidlamoqda.

Tashxislash usullari

O’XI`ni tashxislashning quyidagi usullari ajratialdi:

1. Klassik:

  • Mikroskopiya;
  • Polimerazali zanjirli reaktsiya (PZR);
  • Agglyutinatsiya reaktsiyasi (AR);
  • Immunoflyuorestsentsiya reaktsiyasi (RIF, Kuns usuli);
  • Bakteriofag bilan sinov;
  • Immuniteti sun’iy ravishda pasaytirilgan hayvonlarda biosinov.

2. Tezlashtirilgan:

  • Qo’zg’atuvchi indikatsiyasi;
  • Qo’zg’atuvchi antigenlari;
  • Teskari passiv gemagglyutinatsiya reaktsiyasi (TPGAR);
  • Koagglyutinatsiya reaktsiyasi (KAR);
  • Immunofermentli tahlil yoxud analiz (IFA).

Profilaktika

O’ta xavfli infektsiyalar profilaktikasi infektsiya mamlakat bo’ylab tarqalib ketmasligi uchun juda yuqori darajada o’tkaziladi. Birlamchi profilaktik choralar sirasiga quyidagilar kiradi:

  • Kasallangan bemorni gospitalizatsiya qilib, vaqtincha izolyatsiyada saqlash;
  • Tashxis qo’yish, konsilumni chaqirtirish;
  • Anamnezni yig’ish;
  • Bemorga birinchi yordam ko’rsatish;
  • Laborator tahlillar uchun material yig’ish;
  • Aloqa qilingan shaxslarni aniqlash, qayd etish;
  • Aloqa qilingan shaxslarni ularning kasallanganligi istisno etilguncha vaqtincha izolyatsiyda saqlash;
  • Joriy va yakuniy dezinfektsiyani amalga oshirish.

Bundan tashqari, infektsiyaning turiga qarab boshqa maxsus profilaktik choralar qo’llanilishi mumkin.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.