Brutsellyoz — sabablari, turlari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish

Brutsellyoz (lot. brucellosis), qora oqsoq — zoonoz infektsiya, kasallangan hayvonlardan odamlarga yuqadi va inson organizmining a’zolari va tizimlariga ko’plab shikast yetkazishi bilan tavsiflanadi. Mikroblar — bu kasallikning qo’zg’atuvchilari — 1886 yilda ingliz olimi Devid Bryus tomonidan aniqlangan. Olimning sharafiga mikroblar brutsella, ular chaqiradigan kasallik esa brutsellyoz deb nomlangan.

Brutsellyoz kasalligi haqida to'liq ma'lumot
Brutsellyoz qo’zg’atuvchilari

Brutsellyoz sabablari va epidemologiyasi

Brutsellyozning qo’zg’atuvchilari — brucella avlodiga mansub, hujayra ichida parazitlik qila oladigan grammanfiy bakteriyalardir. Brutsellyozning 6 tur qo’zg’atuvchisi va 17 ta biovari aniqlangan. Odamlar uchun uchtasi patogen hisoblanadi:

  • Mayda shoxli mollar: echki, qo’ylar brutsellyozi qo’zg’atuvchisi (Brucella melitensis);
  • Yirik shoxli qoramollar: sigir brutsellyozi qo’zg’atuvchisi (Brucella abortus);
  • Cho’chqalar brutsellyozi qo’zg’atuvchisi (Brucella suis).

Ba’zi manbalarda itlar brutsellyozi qo’zg’atuvchilari (Brucella canis) ham inson uchun xavfli deb ko’rsatilgan.

Hayvonlar bakteriyalarni sut, siydik, amniotik suyuqlik orqali tarqatadi, shuningdek, Stomaxys calcitrans pashshasi ham brutsellyoz tashuvchisi hisoblanadi. Inson zararlanishi kasallik tashuvchi hayvonlar bilan bevosita kontakt qilishda yoki zararlangan oziq-ovqatlar — xom sut, pasterizatsiyalanmagan sutdan tayyorlangan pishloq iste’mol qilishda sodir bo’ladi.

Patogenez

Bakteriyalarning kirish darvozasi — terining, ovqat hazm qilish a’zolari va nafas yo’llarining shilliq qavati mikrojarohatlari hisoblanadi. Darvoza hududida va regionar limfa tugunlarining limfa yo’llarida hech qanday o’zgarish bo’lmaydi. Brutsellyozda limfadenopatiya yalpi hisoblanadi, bu mikroblarning gematogen tarqalishini ko’rsatadi. Ko’payishi va to’planishi limfa tugunlarida, ba’zan esa qonda sodir bo’ladi. Qo’zg’atuvchidan tozalanganidan keyin ham uzoq vaqt davomida organizmning sezilarli allergik reorganizatsiyasi, keskin sezilarli sekinlashgan tipdagi gipersezuvchanligi saqlanib qoladi. Brutsellyoz surunkali kechishga moyilligi bilan ajralib turadi. Kasallanishdan keyin immunitet shakllanadi, lekin uzoq saqlanmaydi (3-5 yildan so’ng qayta infektsiyalanish mumkin). Brutsellyozning klinik ko’rinishiga kasallikka sabab bo’lgan brutsella turi ham sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi. Brutsellyozning eng og’ir kechishi — melitensis, qolganlari kasallikning yengil shakllarga olib keladi.

Patologik anatomiya

Brutsellyoz bilan shikastlangan a’zolar va to’qimalar mikroskop ostida tekshirilganda, sil kasalligiga juda o’xshash xarakterli granulyomalar ko’rinadi, kamdan-kam hollarda esa kazeoz nekrozga uchraydi. Mustasnolik B. suis infektsiyasi bo’lib, unda ko’pincha abstsesslar kuzatiladi.

Brutsellyoz alomatlari va belgilari

Kasallikning inkubatsion davri 1-2 haftani tashkil etadi. Kasallik asta-sekin rivojlanadi va o’ziga xos xususiyatlarga ega emas. Ammo bemorlarda odatda to’rtta asosiy shikoyat mavjud:

  • Bo’g’imlardagi intervalli og’riqlar, ba’zida juda kuchli va azobli.
  • Uzoq subfebril (38 °C gacha) yoki to’lqinli tipdagi keskin ko’tarilish va pasayish ko’rinishida isitma.
  • Kuchli terlash, tanani ter qoplashi, ba’zida kechki terlash.
  • Keskin zaiflik va quvvatni yo’qotish.

Tizimli shikastlanishlar turli xil va deyarli barcha a’zolarga ta’sir qiladi. Bunda quyidagilar kuzatiladi:

  • Tayanch-harakat apparati. Septik monoartrit, tizza, tos-son, yelka-sakrolileal va to’sh-o’mrov birikmalarning assimetrik poliartriti, umurtqa osteomieliti, mialgiya;
  • Yurak. Endokardit, miokardit, perikardit, aorta ildizi abstsessi, tromboflebit, bunda endokardit ilgari o’zgarish bo’lmagan klapanlarda ham rivojlanishi mumkin;
  • Nafas olish tizimi. Bronxit va pnevmoniya;
  • Ovqat hazm qilish tizimi. Sariq kasalliksiz gepatit, anoreksiya va vazn yo’qotish;
  • Siydik-tanosil tizimi. Epididimit, orxit, prostatit, tuboovarial abstsess, salpingit, servitsit, o’tkir pielonefrit.
  • Markaziy asab tizimi. Meningit, ensefalit, meningoensefalit, mielit, serebral abstsesslar, Giyen-Barr sindromi, ko’rish nervi atrofiyasi, III, IV va VI juftning zararlanishi.
  • Limfa tugunlari, taloq. Limfadenit, taloqning kattalashishi
  • Ko’zlar. Keratit, shox parda yarasi, uveit, endoftalmit.

Brutsellyoz bilan kasallangan bemorlarda anamnezning va ayrim belgilar / shikoyatlarning taxminiy chastotasi (%)

Anamnez bemorlar %
Hayvonlar bilan kontakt 74
Yangi sut va pishloq iste’mol qilish 70
Xom jigar iste’mol qulish 29
Brutsellyozning oilaviy anamnezi 38
Alomat/shikoyat bemorlar %
Isitma 93
Varaja qilish, sovuq hissi 82
Terlash 87
Tarqoq og’riqlar 91
Kuchsizlik, zaiflik 95
Bel va boylamardagi og’riqlar 86
Artrit 40
Bosh og’rishi 81
Ishtaha yo’qolishi 78
Vazn yo’qotish 65
Qabziyat 47
Qorin og’rishi 45
Ich ketishi 7
Yo’tal 24
Epididimit/orxit 21
Terida toshma toshishi 14
Uyqu buzilishi 37
Kasalmand tashqi ko’rinish 25
Oqarib ketish 22
Limfadenopatiya 32
Splenomegaliya 25
Gepatomegaliya 19
Sariq kasallik 1
Markaziy asab tizimi
funktsiyasining buzilishi
4
Yurakda shovqin (endokardit) 3
Pnevmoniya 1

N. I. Ragoza brutsellyozning 4 fazasini ajratadi:

  • Kompensatsiyalangan infektsiya fazasi (birlamchi-yashirin);
  • Mahalliy shikastlanishlarsiz o’tkir sepsis bosqichi (dekompensatsiya);
  • Mahalliy shikastlanishlar shakllanishi bilan o’tkir osti va surunkali qaytalanuvchi kasallik fazasi (dekompensatsiya yoki subkompensatsiya);
  • Qoldiq hodisalar yoki ularsiz kompensatsiyaning tiklanish bosqichi.

Brutsellyozning klinik shakllari:

  1. Birlamchi-yashirin (latent) shakl;
  2. O’tkir-septik shakl;
  3. Birlamchi-surunkali metastatik shakl;
  4. Ikkilamchi-surunkali metastatik shakl;
  5. Ikkilamchi-yashirin shakl.

Birlamchi-latent (yashirin) shakli deyarli salomatlik holatidir. Organizmning himoya kuchlari zaiflashishi bilan u o’tkir-septik yoki surunkali metastatik shaklga aylanishi mumkin. Ba’zida mikrosimptomlar: periferik limfa tugunlarining biroz kattalashishi, ba’zan tana haroratini subfebril ko’rsatkichlargacha ko’tarilishi, jismoniy kuch ishlatishdada terlash ko’payishi kuzatiladi. Bemor o’zini sog’lom deb hisoblab, mehnatni davom ettiradi.

O’tkir-septik shakl isitma (39-40 °C), harorat egrisi to’lqinli, noto’g’ri (septik) tipli katta kundalik o’zgarishlar bilan, takroriy varaja va terlash bilan tavsiflanadi. Kishi o’zini yaxshi his qiladi (tana harorati 39 °C va undan yuqori bo’lganda kitob o’qish, shaxmat o’ynash, televizor tomosha qilish mumkin). Umumiy intoksikatsiyaning boshqa belgilari ham kuzatilmaydi. Bemorning hayotiga tahdid qilmaydi, hatto etiotropik davolashsiz ham sog’ayish bilan yakunlanadi. Limfa tugunlarining barcha guruhlari o’rta darajada kattalashgan, ba’zilari esa sezgir. Birinchi haftaning oxiriga kelib jigar va taloq kattalashadi. Umumiy qon tahlilida leykopeniya, ECHT oshmaganligi aniqlanadi. Asosiy farq — o’choqli o’zgarishlarning yo’qligi (metastazlar). Antibiotiklar bilan davolashsiz, isitma davomiyligi 3-4 hafta yoki undan ortiq bo’ladi.

Surunkali shakllari ba’zida o’tkir shaklni chetlab o’tib birdan rivojlanadi, ba’zan o’tkir-septik shakldan keyin biroz vaqt o’tgach. Klinikasi bo’yicha birlamchi va ikkilamchi surunkali metastatik shakllar farq qilmaydi.  Farq — anamnezda o’tkir-septik shakl mavjudligi yoki yo’qligida. Klinikasi: uzoq muddatli subfebril isitma, zaiflik, asabiylashish kuchayishi, yomon uyqu, ishtahaning yo’qolishi, mehnat qobiliyatining pasayishi. Yalpi limfadenopatiya palpatsiya vaqtida yumshoq, sezgir yoki og’riqli. Kichik, juda zich, og’riqsiz, sklerozlangan limfa tugunlari (diametri 0,5-0,7 sm) qayd etiladi. Jigar va taloq kattalashadi. Buning fonida a’zolar shikastlanishi aniqlanadi, ko’pincha tayanch-harakat tizimi tomonidan, keyingi o’rinlarda asab va reproduktiv tizim.

Mushaklar va bo’g’imlardagi og’riqlar, asosan, yiriklarida, poliartrit, kasallikning yangi kuchayishida boshqa lokalizatsiyali metastazlar hosil bo’ladi. Periartrit, paraartrit, bursit, eksostozlar. Osteoporozlar qayd qilinmaydi. Bo’g’imlar shishadi, ularning harakatchanligi cheklanadi, ustki teri normal rangda bo’ladi. Harakatning cheklanishi va deformatsiyalar suyak to’qimalarining o’sib ketishi bilan bog’liq. Umurtqa shikastkanadi, ko’pincha kamar sohasida. Eriksen, Naxlas, Larrey, Djon-Ber alomatlari aniqlanadi.

Shikastlangan mushaklardagi miozitlar. Og’riq o’tmas, uzoq muddatli, ularning intensivligi ob-havoning o’zgarishi bilan bog’liq. Palpatsiya yordamida yanada og’riqli joylar aniqlanadi va mushaklarda turli shakl va o’lchamdagi og’riqli zichlanishlar seziladi. Kichik boldir, bilak, orqa va beldagi teri osti kletchatkasida fibrozit (sellyulit) aniqlanadi. O’lchami 5-10 mm dan 3-4 sm gacha, yumshoq, oval tuzilishga ega, og’riydigan yoki sezgir. Keyinchalik ular kichrayadi, butunlay so’rilib ketishi yoki sklerozga uchrab, uzoq vaqt davomida og’riqsiz kichik zich shakllanma bo’lib qolishi mumkin.

Asab tizimining shikastlanishida nevrit, polinevrit, radikulitlar rivojlanadi. Kamroq hollarda markaziy asab tizimi shikastlanadi (mielit, meningit, ensefalit, meningoansifalit) va ular uzoq, o’gir kechadi.

Erkaklar jinsiy tizimidagi o’zgarishlar — orxit, epididimit, jinsiy funktsiyaning pasayishi. Ayollarda salpingit, metrit, endometrit. Amenoreya kuzatiladi, bepushtlik rivojlanishi mumkin. Homilador ayollarda ko’pincha abort, o’lik tug’ilish, muddatidan oldin tug’ish, bolalarida tug’ma brutsellyoz qayd qilinadi.

Ikkilamchi-surunkali shakli xuddi shu kabi kechadi. Ikkilamchi yashirin shaklning birlamchi latent shakldan farqi — u ko’pincha manifest shaklga o’tadi (qaytalanadi).

Kechish shakllari

  • O’tkir — davomiyligi 3 oygacha;
  • O’tkir osti — davomiyligi 3-6 oy;
  • Surunkali — davomiyligi 6 oydan ortiq.

Brutsellyozni tashxislash

  • Anamnez ma’lumotlari: hayvon bilan aloqa qilish, termik ishlov berilmagan chorvachilik mahsulotlarini iste’mol qilish, bemorning kasbi, endemik o’choqlar.
  • Klinik tasvir.
  • Laboratoriya diagnostikasi:
    • Brutsellyoz bilan kasallanganlar orasida 50-70% hollarda ozuqa muhitiga qon ekish ijobiy natija beradi:
    • Rayt reaktsiyasi — 10-kuni ijobiy bo’ladi;
    • Kumbs reaktsiyasi — surunkali brutsellyoz tashxisi uchun;
    • 2-merkaptoetanol-aglyutinitli sinov;
    • Xeddlson reaktsiyasi;
    • Byurne teri sinamasi;
    • Brucella spp. DNK`sini nuklein kislotalarni amplifikatsiyalash usullari (PZR) yordamida aniqlash.

Brutsellyozni davolash

Antibiotiklar bilan davolash: Tetratsiklin, streptomitsin, doksisiklin, rifampitsin, gentamitsin preparatlaridan ikki yoki uchtasi — faqat o’tkir brutsellyozda, hujayra ichiga kiradigan preparatlar bilan birga (biseptol , netilmitsin). Odamlarda brutsellyozni davolashda eng samarali antibiotik ftorxinolonlar (siprofloksatsin, norfloksatsin, ofloksatsin) sanaladi, ularning eng samaralisi — fleroksatsin.

Mumkin bo’lgan davolash sxemalari:

  • Doksitsiklin 45 kun + streptomitsin yoki gentamisin 14 kun;
  • Doksitsiklin + netilmitsin (ba’zi mualliflar eng samarali sxema deb hisoblashadi);
  • Doksitsiklin + rifampitsin;
  • Ftorxinolonlar + doksitsiklin yoki netilmisin yoki rifampitsin;
  • Monoterapiyada ftorxinolonlar;
  • Trimetoprim / Sulfametoksazol (Biseptol) + rifampitsin;

Brutsellyoz 37-80% holatlarda surunkali shaklga o’tadi, ayniqsa kech yoki noto’g’ri davolansa.

Oqibati

Brutsellyoz kamdan-kam hollarda o’limga olib keladi. Hatto antibiotiklar paydo bo’lishidan oldinlari ham o’lim darajasi 2 foizdan oshmagan va asosan endokardit tufayli sodir bo’lgan. Biroq, brutsellyoz ko’pincha nogironlik bilan yakunlanadi. Asoratlarning jiddiyligi qo’zg’atuvchi turiga bog’liq. Brucella melitensis tomonidan chaqirilgan brutsellyoz eng og’ir oqibatlarga olib keladi. Nogironlikning sabablaridan biri — nevrologik buzilishlar, shu jumladan orqa miya shikastlanishi va paraplegiya. Meningoensefalit va streptomitsin bilan davolashning asoratlari sifatida neyrosensor qulog’i og’irlik rivojlanishlari qayd qilingan.

Oldini olish

  • Sutni pasterizatsiya qilish yoki qaynatish;
  • Hayvonlarni veterinariya nazoratidan o’tkazib turish;
  • Hayvonlar va ularning mahsulotlari bilan ishlaydigan aholini sanitariya-gigiena qoidalari bilan tanishtirish;
  • Kasallanish xavfi yuqori bo’lgan kishilarni profilaktik emlash (qisqa muddat — taxminan 2 yil);
  • Hayvonlarni ommaviy ravishda emlash kutilgan natijani bermagan.

Reklama

Ushbu mazvuda 2 ta fikr qoldirilgan

  1. Assalomu Alaykum
    Saytingizda ma’lumotlar juda aniq va londa tushuntirilgan. Ko’rinishi va rasmlari ham juda zo’r. RAHMAT

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.