Bronxit bronxial shilliq qavatdagi yallig’lanish jarayoni bilan tavsiflangan pastki nafas yo’llarining keng tarqalgan kasalligi hisoblanadi. Bronxit belgilari va davolash usullari kasallikning shakliga bog’liq: o’tkir yoki surunkali, shuningdek kasallikning bosqichi.
Bronxitni davolash barcha shakllari va bosqichlarida zudlik bilan boshlanishi kerak va to’liq tugatilishi kerak: bronxlardagi yallig’lanish jarayoni nafaqat hayot sifatiga, balki xavfli og’ir asoratlar, pnevmoniya, surunkali obstruktiv o’pka kasalligi va yurak-qon tomir tizimi funktsiyasi buzilishi va kasalliklariga sabab bo’ladi.
1-rasm. Bronxlarning anatomik tuzilishi
Kasallikning rivojlanishi sabablari
Bolalarda ham, kattalarda ham bronxit ko’pincha birlamchi infektsiyali kasallikidir. Kasallik ko’pincha infektsion agent ta’sirida rivojlanadi. Birlamchi bronxitning eng ko’p uchraydigan qo’zg’atuvchilari orasida quyidagi patogenlar mavjud:
- Viruslar: paragripp, gripp, adenovirus, rinovirus, enterovirus, qizamiq;
- Bakteriyalar (stafilokokklar, streptokokklar, gemofil tayoqcha, mikoplazmaning respirator shakllari, ko’k yo’tal qo’zg’atuvchisi agenti, xlamidofillar);
- Zamburug’lar (kandida, aspergilla).
85% hollarda viruslar infektsiya jarayonining sababchisi bo’lib qoladi. Biroq, ko’p hollarda immunitetning pasayishi, virusli infektsiyalarning mavjudligi sabab patogen floraning (organizmda mavjud stafilokokklar, streptokokklar) faollashishiga olib keladi va natijada aralash florali yallig’lanish jarayoni rivojlanishi kuzatiladi. Patogen floraning asosiy va faol qismlarini aniqlash kasallikni samarali davolash uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Zamburug’ etiologiyali bronxit nisbatan kamroq tarqalgan: normal immunitet bo’lganda bronxlarda zamburug’li floraning rivojlanishi deyarli imkonsiz. Bronxial shilliq qavatning zamburug’lar bilan shikastlanishi immun tizimining sezilarili buzilishlarida kuzatiladi: tug’ma yoki orttirilgan immunotanqislik, radiatsiya yoki kimyoterapiya, saratonga uchragan bemorlarning sitostatik preparatlar qabul qilishi.
Kasallikning o’tkir va surunkali shakllarini rivojlantiruvchi boshqa omillar:
- Yuqori nafas yo’llarida surunkali infektsiya o’choqlari;
- Uzoq vaqt ifloslangan havodan nafas olish (chang, sochiluvchi materiallar, tutun, bug’lar, gazlar), shu jumladan tamaki mahsulotlarini chekish;
- Bronx-o’pka tizimi organlari patologiyasi.
Bronxitni tasniflash
Kasallikning tasnifida ikkita asosiy shakl ajratiladi: o’tkir va surunkali. Bu ikki shakl ko’rsatkichlar, belgilar, simptomlar, kasallikning davomiyligi va davolash usullari bilan farqlanadi.
O’tkir bronxit: alomatlari va xususiyatlari
O’tkir shakldagi bronxit birdan paydo bo’ladi, shiddat bilan davom etadi va to’g’ri davolash qo’llanganda o’rtacha 7-10 kun davom etadi. Undan keyin bronxial devorlarning shikastlangan hujayralari tiklana boshlaydi (regeneratsiya), virusli va / yoki bakterial yallig’lanishidan so’ng to’liq sog’ayish 3 haftadan keyin kuzatiladi.
Kasallikning kechish tabiati bo’yicha yengil, o’rtacha va og’ir darajalari farqlanadi. Tasniflash quyidagilarga asoslangan:
- Nafas yetishmovchiligining og’irligi;
- Qon tahlili va balg’am natijalari;
- Yallig’langan bronx hududning rentgenologik tekshiruvi.
Yallig’lanish ekssudatining tabiatiga ko’ra turlari:
- Kataral;
- Yiringli;
- Aralashgan, kataral-yiringli;
- Atrofik.
Bu tasnif balg’am tahlilining natijalariga asoslangan: yiringli bronxit eksudatida ko’p miqdorda leykotsitlar va makrofaglar mavjud bo’ladi.
Bronxial qisilish (obstruktsiya) darajasi o’tkir obstruktiv va noobstruktiv bronxit kabi kasalliklar shakllarini aniqlaydi. 1 yoshgacha bo’lgan bolalarda o’tkir obstruktiv bronxit bronxiolit shaklida yuzaga keladi va chuqur va boshlang’ich bronxlari qisilishi bilan o’tadi.
O’tkir noobstruktiv shakl
O’tkir noobstruktiv(obstruktiv emas) yoki oddiy shakldagi bronxit va katta va o’rta kalibrdagi bronxial naychalarda kataral yallig’lanish jarayonining rivojlanishi va yallig’lanish tarkibidagi bronxial to’siqning yo’qligi bilan ajralib turadi. Ushbu shaklning eng keng tarqalgan sababi virusli infeksiya va noinfektsion moddalardir.
Kasallik muvofiq davolash bilan rivojlanishda davom etar ekan, balg’am bronxlarni yo’talish jarayonida tark etadi, nafas olish etishmovchiligi rivojlanmaydi.
Bronxitning o’tkir obstruktiv shakli
Havo yo’llarining torligi va balg’amning oz miqdori bilan bronxospazmga moyilligini hisobga olgan holda, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ushbu shakl ayniqsa xavflidir.
Yallig’lanish jarayoni, asosan, yiringli yoki kataral-yiringli tabiatan bo’ladi, o’rta va kichik kalibrli bronxlarni o’z ichiga oladi, bronxlar ekssudat bilan tiqilib? yopilib qoladi. Mushak devorlari refleksiv tarzda qisqaradi va bu spazmga olib keladi. Tanada kislorod ochligiga olib keladigan nafas olish yetishmovchiligi paydo bo’ladi.
Kasallikning surunkali shakli
Surunkali shaklda bronxlar devoridagi yallig’lanish jarayonining alomatlari uch ot yoki undan ko’p vaqt davomida kuzatiladi. Surunkali bronxitning asosiy alomati — odatda ertalab, uyqudan keyin samarasiz, yengillik bermaydigan yo’tal. Jismoniy mashqlar bajarish natijasida kuchayadigan hansirash ham kuzatilishi mumkin.
Yallig’lanish surunkali bo’lib, kuchayish va remissiya (chekinish) davrlar bilan kechadi. Ko’pincha surunkali shaklning sababi doimo tajovuzkor omillarining ta’sir qilishini o’z ichiga oladi: kasb-hunar xavf-xatarlari (tutun, bug’lar, gaz, kimyoviy bug’lanish). Eng keng tarqalgan qo’zg’atuvchi — faol yoki passiv chekish bilan ta’sir qiluvchi tamaki tutunidir.
Surunkali shakl kattalar uchun xosdir. Bolalarda u faqat immunitet tanqisligi, pastki nafas olish tizimining tuzilishidagi anomaliyalar, og’ir surunkali kasalliklar mavjud bo’lganda rivojlanishi mumkin.
Bronxitning turli shakllari: alomatlari va belgilari
Simptomatika kasallikning shakliga va bemorning yoshiga bog’liq.
Kattalardagi simptomlar
Nafas olish tizimining rivojlanganligi, immun tizimi mustahkamroqligi va salbiy omillar uzoqroq ta’sir qilishi natijasida kasallikning o’tkir va surunkali shakllari belgilari bolalardagi bronxitdan ancha farqliroq bo’ladi.
Kattalardagi o’tkir bronxit
Ko’pincha (85% hollarda) o’tkir respirator virusli infektsiyalar (O’RVI) oqibatida yuzaga keladi. Kasallik birdan yuzaga kelishi bilan farqlanadi, avval ko’krak qafasidagi bezovtalik yuzaga keladi, keyin kechasi yotgan holatda samarasiz yo’tal kuzatiladi, yo’talganda ko’krak va diafragma mushaklarida og’riq paydo bo’ladi.
O’RVI fonida yuzaga kelgan bronxitda umumiy intoksikatsiya (zaharlanish) alomatlari (mushaklardagi og’riq, holsizlik, bosh og’rig’i, bo’g’imlarning og’rig’i), isitma, kataral alomatlarini ustma-ust yuzaga kelishi (to’mov, tomoq og’rig’i, ko’zlarning yoshlanishi va hokazo) kuzatiladi.
Bronxitda yo’tal bronxlar yallig’lanishi natijasida hosil bo’lgan ekssudatni chiqarib tashlashga yordam beradigan himoya mexanizmi hisoblanadi. To’g’ri davolash qo’llanilganda, 3-5 kun o’tib, samarali yo’tal yuzaga keladi, balg’am ajralishi natijasida biroz yengillik hissi paydo bo’ladi. Nafas olganda ko’krak qafasida stetoskop bilan yoki instrumental tekshiruvsiz ho’l xirillash eshitiladi.
O’tkir respirator virusli infektsiyalarda samarali yo’tal odatda O’RVIdan tiklanish boshlanishi bilan birga kuzatiladi: intoksikatsiya alomatlarini kamayadi, normal tana harorati kuzatiladi (yoki subfebril doirasida bo’ladi). Agar kasallik boshlangach, 3-5 kun o’tib yaxshilanish kuzatilmayotgan bo’lsa, ehtimol qo’shimcha bakterial infektsiya va / yoki asoratlar mavjud.
Yo’talning umumiy davomiyligi — 2 haftaga qadar, bu vaqt davomida bronxlarni balg’amdan tozalanadi. Yo’tal to’xtaganidan keyin taxminan 7-10 kun davomida bronx devorlarining epitelial hujayralari regeneratsiyasi kuzatiladi. Kattalarda kasallikning o’tkir shakli o’rtacha davomiyligi 2-3 haftadir. Asoratlarsiz hollarda va illatlarsiz, sog’lom odamlarda pastki nafas yo’llarining to’liq tiklanishi bilan yakunlanadi.
O’tkir obstruktiv shakl
Kattalarda o’tkir obstruktiv bronxit bolalarda nisbatan kamroq uchraydi va nafas yo’llarining tuzilishi tufayli nisbatan kamroq xavf tug’diradi, lekin kasallik og’irligi nafas yetishmovchiligining namoyon bo’lishiga bog’liq.
O’tkir obstruktiv shakldagi nafas yetishmovchiligi bronxlar va bronxlarning ekssudat bilan tiqilib qolish darajasiga bog’liq.
O’tkir obstruktiv shakl asosan bronxial astma, chekuvchilar, keksalar, o’pka va yurak kasalliklarining surunkali shakllariga ega bo’lgan shaxslar uchun xosdir.
Birinchi alomatlar kislorod yetishmasligi tufzayli yuzaga keladigan sezilarli hansirash (tinch holatda ham), uzoq va og’ir samarasiz yo’tal, nafas olayotganda ko’krak qafasida xirillash eshitilishidir.
O’rta va og’ir nafas yetishmovchiligi darajasida bemor suyangan, o’tirgan, yarim o’tirgan holatni egallashga intiladi. Nafas olish jarayoniga ko’krak qafasining yordamchi muskullari jalb qilinadi, nafas qisilishda burun qanotlarining sezilarli kengayishi kuzatiladi. Sezilarli gipoksiyada burun-lab uchburchagi sianozi (ko’karishi), qo’llar va oyoqlar tirnoq plastinkalari ostidagi to’qimalarining qoramtir tus olishi. Har qanday harakat hansirashga olib keladi, jumladan gapirish ham.
To’g’ri davolash choralari bilan 5-6 kun davomida yengillik yuzaga keladi, balg’am ko’chishi boshlanadi. Umuman olganda, kasallik noobstruktiv shaklga qaraganda ko’proq vaqt davolanadi, davolash jarayoni 4 haftagacha davom etadi.
Surunkali kasallik shaklining belgilari va bosqichlari
Kamida uch oy davomida bronxial yo’tal bo’lganda surunkali bosqich tashxislanadi, shuningdek anamnezda (kasallik tarixida) kasallikning rivojlanishi uchun ma’lum xavf omillari mavjudligi ham undan shubha qilinadi. Eng keng tarqalgan xavf omili — chekish, ko’pincha faol, lekin passiv chekish (tutundan nafas olish) ham bronxlar devorlarining yallig’lanishiga olib kelishi mumkin.
Surunkali shakl sezilmaydigan shaklda yoki kasallikning kuchayishi va remissiyasi navbatlanishi bilan kechishi mumkin. Kasallikning kuchayishi asosan virusli yoki bakterial infektsiyalar fonida yuzaga keladi.
Kasallikning kuchayishi iqlim sharoiti o’zgarganda, masalan sovuqda yoki nam muhitda kuzatilishi mumkin.
Tegishli davolanishsiz kasallikning surunkali shakli o’sib boradi, nafas olish yetishmovchiligi kuchayadi, kasallikning kuchayish davrlari tobora qiyinlashadi.
Kasallikning dastlabki bosqichlarida remissiya davrida bemorni tungi uyqudan keyin epizodik yo’tal bilan bezovta qilishi mumkin. Kasallik rivojlanishi bilan klinik tasvir kengayadi, jismoniy mashqlar qilganda hansirash, ko’p terlash, charchoq, kechalari va dam davrida kuchli yo’tal paydo bo’lishi kuzatiladi.
Kasallikning keyingi bosqichlari ko’krak qafasi shaklining o’zgarishi, vaqti-vaqti bilan nafas olganda o’ziga xos nam xirillash alomatlari kuzatiladi. Yo’tal yiringli ekksudat ajralishi bilan kechadi, teri rangi qoralashadi, lab-burun uchburchagida sianoz kuzatiladi. Oxirgi bosqichlarda surunkali bronxitni davolash qiyin, davolashsiz surunkali obstruktiv o’pka kasalligi shakliga o’tadi.
Bolalarda bronxit alomatlari va belgilari
Bolalarda kasallik rivojlanishi sabablari orasida nafaqat patogen mikrooganizmlar, balki allergenlar ham ajratiladi. O’tkir bronxit shuningdek qizamiq, ko’kyo’tal, qizilcha kabi bolalik kasalliklarining asoratlari sifatida ham rivojlanishi mumkin.
Bolalarda bronxit rivojlanishining xavf omillariga quyidagilar kiradi:
- Muddatidan oldin tug’ilganligi;
- Tug’ilgan vaqtda tana vaznining kam bo’lishi;
- Tabiiy ona sutini sun’iy qo’shimchalar bilan almashtirish;
- Bronx-o’pka tuzilishining anomaliyalari;
- Immunitet tanqisligi holatlari;
- Burun to’sig’ining qiyshayishi natijasida nafas olishning o’zgarishi (masalan og’iz orqali nafas olish);
- Burunda turli o’simtalar bo’lishi;
- Nafas olish organlari va / yoki og’iz bo’shlig’ida infektsiya o’choqlari bo’lishi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar orasida kasallikning o’tkir shakli juda keng tarqalgan va bu bolalardagi barcha o’tkir respirator kasalliklarning 10% ni egallaydi, bu bola nafas olish tizimining o’ziga xos anatomik tuzilishi uchun tufaylidir.
Bolalarda o’tkir bo’lmagan obstruktiv shakl
O’tkir noobstruktiv bronxit bolalarda kattalardagi kabi kuzatiladi: quruq yo’tal va intoksikatsiya belgilari bilan boshlanadi, kasallikning 3-5 kunida balg’am ajralishi boshlanadi. Asoratlar bo’lmaganda kasallikning umumiy davomiyligi 2-3 hafta bo’ladi. Bu shakl sog’ayish bashorati bo’yicha eng yaxshisi hisoblanadi, lekin maktab bolalar va o’smirlarda keng tarqalgan hisoblanadi.
Bolalarda o’tkir obstruktiv bronxit: kasallikning belgilari va bosqichlari
O’tkir obstruktiv bronxit uch yoshgacha bo’lgan har to’rtta bolaning bittasida hech bo’lmaganda bir marta tashxilangan bo’ladi. Bolalar ham kasallikning qaytalanishiga moyil. Yil davomida bronxlarning ba’zi obstruktiv yallig’lanish jarayonlari astmadan dalolat berishi mumkin. Kasallikning tez-tez takrorlanishi kasallikning surunkali shakli, bronxoektatik kasallik yoki o’pka emfizemasi rivojlanishi ehtimolini oshiradi.
O’tkir obstruktiv shakli chuqur nafas yo’llarida ekssudat to’planib qolishi natijasida kichik va o’rta kalibrdagi bronxlarning shikastlanishi, bronxlarning tiqilishi va bronxospazm fonida shakllanadi. Obstruksiya rivojlanishining ko’proq rivojlanishi anatomik tor bronxlar va bolalardagi bronx muskullarining qo’zg’atuvchi (masalan balg’am) tufayli tezda qisqarishi tufayli kuzatiladi.
Bolalarda obstruktiv bronxit birinchi navbatda nafas qisilishi, gapirganda, jismoniy faoliyat natijasida hansirash, nafas chiqarishning qiyinlashuvi bilan namoyon bo’ladi.
Yo’tal har doim ham kuzatiladigan alomat emas, u chaqaloqlar yoki zaif gavdali bolalarda yo’q bo’lishi mumkin. Nafas yetishmovchiligi burun-lab uchburchagida va qo’l-oyoqlardagi tirnoqlarda siyanoz (terining ko’kimtir tus olishi) kabi alomatlar paydo bo’lishiga olib keladi. Nafas olganda qovurg’alararo hududlarning tortilishi, burun qanotlarining kengayishi seziladi. Tana harorati, odatda, subfebril darajada, 38 °C dan yuqori bo’lmagan oraliqda saqlanadi. Virusli infektsiya mavjud bo’lganda kataral alomatlar kuzatilishi mumkin: to’mov, tomoq og’rig’i, ko’zlar yoshlanishi va hokazo.
Bronxitning shakli sifatida bolalardagi bronxiolit: alomatari va davolash
O’tkir bronxiolit — bolalik davrida bronxial to’qimalarning yallig’lanishli kasalliklarning eng xavfli turi. Kasallik yuqori o’lim ko’rsatkichlari bilan xavflidir (bemorlarning 1%) Ko’pincha bronxiolit uch yoshgacha bo’lgan bolalarda tashxislanadi. Nafas olish va yurak tizimlari tug’ma kasalliklarga chalingan sun’iy oziqlantirish bilan oziqlantiriladigan, zaif, muddatidan oldin tug’ilgan bolalar, 5-7 oylik bolalar kasallanishga ko’proq moyil bo’lishadi.
Bronxiolitning tarqalganligi bir yoshli bolalarda 3% ga teng. Eng katta xavf virusli infektsiya hisoblanadi: kichik bronxlar to’qimalarining shilliq qavatini shikastlaydigan PB-viruslar, bolalarda bronxiolitning muhim qismini keltirib chiqaradi.
Quyidagi patogenlar ham aniqlanadi:
- Sitomegalovirus;
- Inson gerpesi virusi;
- Suvchechak virusi (suvchechak);
- Xlamidiya;
- Mikoplazma.
Ko’pincha infektsiya ona qornida yoki tug’ruq jarayonida yuqadi, kasallik immunitetning pasayishi natijasida rivojlanadi, ayniqsa emizilmaganda.
Kasallik tanadagi shartli-patogen mikroorganizmlar (streptokokklar, stafilokokklar) faollashganda asoratlar qoldirishi mumkin.
Kasallikning to’satdan yuzaga keladi va jadal rivojlanadi. Umumiy intoksikatsiya, biroz tana haroratining ko’tarilishi, burun oqishi bilan namoyon bo’ladi.
Kasallikning 2-3 kuniga kelib nafas olganda xirillash qo’shiladi, bola inmjiq bo’lib qoladi, ovqat yeyishdan bosh tortadi, onasini ema olmaydi. Nafas olish tezligi daqiqada 80 borga yetib boradi, yurak urish tezligi esa 160-180 tagacha tezlashadi. Lab-burun uchburchagining sianozi, barmoqlar va oyoq barmoqlari uchlarida ko’karishlar kuzatiladi. Sezilarli holsizlik, uyquchanlik, reaktsiyaning sustlashishi yuzaga keladi.
Emizikli bolalarda bronxolit kasalligi tibbiy yordamni tezkor boshlashni talab qiladi.
Kasallik diagnostikasi
Kasallikka tashxis qo’yish, uning sabablarini, rivojlanish bosqichini va asoratlar mavjudligi aniqlash quyidagi tadqiqot usullarini o’z ichiga oladi:
- Anamnez to’plash, bemorlarning shikoyatlarini tahlil qilish, vizual tekshirish, stetoskop bilan nafas olish tuslarini tinglash;
- Umumiy qon tahlili;
- Balg’amni tahlil qilish;
- Bronxitning asoratlari sifatida pnevmoniyani inkor etish yoki uni tasdiqlash uchun rentgen tekshiruvi;
- Spirografik tekshiruv obstruktsiya va nafas olish yetishmovchiligi darajasini aniqlash uchun;
- Bronxoskopiya — anatomik rivojlanish anomaliyalari, bronxda yot jism mavjudligi, o’simta bo’lishi shubha qilinganda;
- Ko’rsatma bo’yicha kompyuter tomografiyasi.
Bronxitning turli shakllari uchun davolash usullari
Kasallikning rivojlanishi sababiga qarab birinchi navbatda patogenga ta’sir qiluvchi dori buyuriladi: virusga qarshi dorilar, antibiotiklar, zamburug’larga qarshi va hokazo.
Etiotrop davolash usuliga qo’shimcha sifatida simptomatik davolash usullari ham qo’llaniladi: isitma tushirvuchi dorilar, mukolitik preparatlar (yo’talga qarshi, asetilsistein, ambroksol), bronxolitik preparatlar.
Ham umumiy, ham mahalliy (ingalyatorlar orqali, burunga tomchi tomizish) dori vositalari qo’llaniladi.
Dori-darmonli terapiyaga qo’shimcha sifatida fizioterapiya, gimnastika va massaj buyuriladi.
Surunkali bronxitni davolashda avvalo xavf omillarini bartaraf etish kerak bo’ladi, masalan chekish, ekologik ta’sir, kasb bilan bog’liq zararli omillar. Ushbu omillar bartaraf etilgach, mukolitik, bronxolitik preparatlar bilan uzoq muddatli davolanish boshlanadi, organizmni qo’llab-quvvatlovchi ta’sir ko’rsatadigan dorilar buyuriladi. Kislorodli terapiya, sanatoriyalardan foydalanish mumkin.