Isitma (lot. febris) pirogenlarning (harorat ko’tarilishiga olib keladigan moddalar) ta’siri ostida termoregulyatsiya tizimining dinamik qayta tashkil etilishi sababli tana haroratining vaqtinchalik ko’tarilishi bilan tavsiflanadigan nospetsifik patologik jarayon. Tana harorati 37 °C dan oshganida holat isitma deya ta’riflanadi.
Isitma evolyutsiyasida yuksak hayvonlar va odam organizmining infektsiyaga qarshi himoya-moslashuvchanlik reaktsiyasi sifatida paydo bo’ldi, shuning uchun tana haroratining ko’tarilishidan tashqari bu jarayonda infektsion patologiyaga xos bo’lgan boshqa hodisalar ham kuzatiladi. Odatda isitma isib ketish bilan birga kechadi.
Bir qator nozologik birliklarning zamonaviy nomlarida «isitma» (rus. лихорадка) atamasini uchratish mumkin, ular tana haroratining ko’tarilishi bilan bo’gliq emas, shunchaki shunday nom berilgan, masalan, pappatachi isitmasi, Ebola gemorragik isitmasi va boshqalar.
Isitmaning mohiyati yuqori gomoyotermiyali hayvonlar va insonlar termoregulyatsiya apparatining spetsifik moddalarga (pirogenlarga) javobi bo’lib, bu harorat gomeostazi nuqtasini vaqtincha yuqoriroq darajaga siljishi bilan tavsiflanadi va bunda termoregulyatsiyaning o’z mexanizmlari saqlanib qoladi, aynan shu isitma va gipertermiya orasidagi asosiy farq sanaladi.
Pirogenlar
Pirogenlar — organizmga tashqi tomondan tushadigan yoki uning ichida hosil bo’ladigan isitmaga olib keladigan moddalardir. Ekzogen pirogenlar ko’pincha infektsion qo’zg’atuvchilarning komponentlari hisoblanadi. Ularning eng kuchlilari gram-manfiy bakteriyalarning kapsulali termostabil lipopolisaxaridlari sanaladi. Ekzogen pirogenler bilvosita, gipotalamusdagi termoregulyatsiya markazida o’rnatilgan nuqtaning siljishini ta’minlaydigan endogen pirogenlar orqali ta’sir qiladi.
Ko’pgina endogen pirogenlar leykositar kelib chiqishga ega, bular, masalan, 1 va 6 interleykinlar, o’sma nekrozi omillari, interferonlar, makrofagli yallig’lanishli 1α-oqsil, bularning ko’pchiligi pirogen (prostaglandin sintezini keltirib chiqarish qobiliyati tufayli) ta’sirdan tashqari boshqa bir qator muhim ta’sirlar ko’rsatadi. Endogen pirogen manbai, asosan, immun tizimining hujayralari (monositlar, makrofaglar, T- va B- limfotsitlar) va granulositlar hisoblanadi. Pirogenlarning bu hujayralar tomonidan shakllanishi va chiqarilishi har qanday etiologiyali yallig’lanish, pirogen steroidlar va boshqalar ta’sirida sodir bo’ladi.
Isitma rivojlanishi mexanizmi
Isitma bosqichlari
O’zining rivojlanishida isitma har doim 3 bosqichdan o’tadi:
- Birinchi bosqichda harorat ko’tariladi (stadia incrementi);
- Ikkinchi bosqichda u bir muncha vaqt davomida yuqori darajada saqlanib turadi (stadia fastigi yoki acme);
- Uchinchi bosqichda u boshlang’ich haroratgacha kamayadi (stadia decrementi).
Haroratning ko’tarilishi
Termoregulyatsiyani qayta tashkil etilishi bilan bog’liq bo’lib, bunda issiqlik ishlab chiqarilishi issiqlik uzatilishidan (sarflanishi) oshib ketadi. Katta yoshli kishilarda haroratning ko’tarilishi issiqlik ishlab chiqarishning ortishi emas, balki issiqlik uzatilishini cheklash bilan bog’liq. Bu energiya sarfini oshirishni talab qilmagani bois organizm uchun juda ham tejamli. Bundan tashqari, bu mexanizm tanani tezroq qizishini ta’minlaydi. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda, aksincha, issiqlik ishlab chiqarishning o’sishi ustun bo’ladi.
Issiqlik uzatishni cheklash periferik tomirlarning torayishi va to’qimalarga issiq qon oqimi kamayishi bilan bog’liq. Eng muhimlari teri osti tomirlarining spazmi va simpatik asab tizimining ta’siri ostida terlashning to’xtatilishi. Teri rangi oqaradi, uning harorati pasayib, nurlanish tufayli issiqlik uzatilishi (emissiyasi) cheklanadi. Ter ajralishining kamayishi bug’lanish orqali issiqlik yo’qotilishini cheklaydi. Soch ildizlari mushaklarining qisqarishi hayvonlar junining ko’tarilishiga olib keladi va natijada issiqlikni izolyatsiya qiluvchi qo’shimcha havo qatlami hosil bo’ladi, odamlarda bu «g’oz terisi» fenomeni bilan namoyon bo’ladi.
Varaja qilish sub’yektiv tuyg’usi bevosita teri haroratining pasayishi va teri sovuq termoretseptorlarining qo’zg’alishi bilan bog’liq, termoretseptorlardan chiqqan signal termoregulyatsiyaning integrativ markazi hisoblanmish gipotalamusga boradi. Shundan so’ng gipotalamus vaziyat haqida miya po’stlog’iga xabar yuboradi va natijada tegishli xatti-harakatlar yuzaga keladi: o’ranib olish, tanani ma’lum bir holatga keltirish. Teri haroratining pasayishi natijhasida mushaklar titrog’i boshlanadi.
Modda almashinuvining faollashishi tufayli mushaklarda issiqlik ishlab chiqarish (qisqaruvli termogenez) ortadi. Shu bilan birga, miya, jigar, o’pka kabi ichki a’zolarda qisqaruvsiz termogenez oshadi.
Yuqori harorat saqlanib turishi
Belgilangan nuqtaga yetib kelganida harorat bir darajada ushlab turilishi boshlanadi va bu qisqa (soat, kun) yoki uzoq (hafta) davom etishi mumkin. Shu bilan birga, issiqlik ishlab chiqarish va issiqlik uzatish muvozanatga keladi va harorat ortiq ko’tarilmaydi, termoregulyatsiya normada bo’lganidagi mexanizmlar bo’yicha faoliyat ko’rsatishda davom etadi. Teri tomirlari kengayadi, oqarishi ketadi va tegib ko’rilganda issiq bo’ladi, titroq va varaja yo’qoladi. Bemor isib ketayotganini seza boshlaydi. Sutkalik harorat o’zgarishlari saqlanib qoladi, ammo ularning amplitudasi me’yoriy darajadan oshib ketadi.
Ikkinchi bosqichda harorat ko’tarilishining darajasiga qarab, isitma: quyidagi turlarga bo’linadi
- Subfebril (38 °C gacha);
- Zaif (38,5 °C gacha);
- Febril (o’rtacha) (39 °C gacha);
- Piretik (yuqori) (41 °C gacha);
- Giperpiretik (haddan tashqari yuqori) (41 °C dan yuqori). Giperpiretik isitma hayot uchun xavflidir, ayniqsa bolalarda.
Haroratning pasayishi
Harorat asta-sekin yoki keskin pasayishi mumkin. Haroratning pasayish bosqichi tashqi pirogen zahiralarining tugashi yoki endogen (tabiiy) yoki ekzogen (dorilar) antipiretik omillar ta’siri ostida endogen pirogenlarning hosil bo’lishi to’xtashi bilan boshlanadi. Pirogenlarning termoregulyatsiya markaziga ta’sir qilishi to’xtatganidan so’ng, belgilangan nuqta me’yoriy darajaga tushadi va harorat gipotalamus tomonidan yuqori deb hisoblana boshlaydi. Bu teri tomirlarining kengayishiga olib keladi va organizm uchun ortiqcha bo’lgan issiqlik endi chiqib keta boshlaydi. Bemor juda ko’p terlaydi, diurez va perspiratsiya kuchayadi. Ushbu bosqichda issiqlik uzatish issiqlik ishlab chiqarishdan keskin o’zib ketadi.
Sutkalik temperaturadagi o’zgarishlarning tabiati bo’yicha isitma turlari:
- Doimiy isitma (febris continua) — tana haroratining uzluksiz ko’tarilishi bo’lib, sutkalik o’zgarish 1 °C dan oshmaydi.
- Remittirlovchi isitma (febris remittens) — tana haroratining 1,5-2 ° C gacha bo’lgan sutkalik o’zgarishi. Biroq, harorat normal qiymatlargacha kamaymaydi.
- Intermittirlovchi isitma (febris intermittis) — haroratning keskin va sezilarli darajada ko’tarilishi, bir necha soat saqlanib turgach, tezda normal qiymatgacha tushadi.
- Gektik isitma (holdan toydiruvchi) (febris hectica) — sutkalik o’zgarish 3-5 °C ga yetadi, ko’tariladigan va tezda pasayadigan harorat kun davomida bir necha marta takrorlanishi mumkin.
- Teskari isitma (febris inversa) — sutkalik ritmning o’zgarish, ertalablari haroratning ancha yuqoriroq bo’lishi bilan tavsiflanadi.
- Noto’g’ri isitma (febris athypica) — ma’lum bir tartibsiz sutka davomida haroratning o’zgarishi bilan tavsiflanadi.
- Qaytaruvchi isitma (febris recurrens) — yuqori haroratning normal harorat bilan almashinib turuvchi davrlari bilan tavsiflanadi va bir necha sutka davom etishi mumkin.
Ba’zi manbalarda isitmaning 8-turi — to’lqinsimon isitma ham keltirib o’tilgan. Bu haroratning bir necha kun davomida bosqichma-bosqich ko’tarilishi va shu tarzda pasayishi bilan tavsiflanadi.
Etiologiya
Isitma deyarli barcha o’tkir infektsion kasalliklar va kuchayish davrida surunkali kasalliklarning doimiy belgisi bo’lib, bu holatlarda qo’zg’atuvchi ko’pincha qonda mavjud bo’ladi (bakteriemiya) va hatto ko’payadi (sepsis, septikopiemiya). Shuning uchun isitma qondan qo’zg’atuvchini ajratib olish bilan (gemokultura) etiologik aniqlanishi mumkin, huddi birlamchi lokalizatsiyali o’choqdan ajratib olingani kabi. Shartli-patogen mikroblardan tomonidan chaqirilgan kasalliklarda, ayniqsa patogenning asosiy joylashuvi «yashirin» bo’lganida, isitma etiologiyasini aniqlash ancha qiyin bo’ladi. Bunday holatlarda qonni qo’zg’atuvchilarga keng spektrli tahlil qilish bilan birga burun, halqum, burun sinuslari shillig’i, siydik, bronxlar suvi, balg’am, safro, bachadon bo’yni tarkibi va boshqalar tahlil qilinadi. Shu bilan birga noinfektsion genezli isitma holatlari ham tez-tez uchrab turadi (o’sma kasalliklari, gemolitik anemiya…)
Isitmani davolash
Isitmani uy sharoitida davolash organizmning hayotiy kuchlarini saqlab qolish, tana haroratini nazorat qilish, suv-tuz balansini to’ldirishga qaratiladi. Bemor dam olishi va yengil ovqatlar iste’mol qilishi, ko’proq suyuqlik ichishi, issiq kiyinmasligi, hammom qabul qilmasligi va kuniga 4-6 marta tana haroratini o’lchashi kerak. Agar harorat 38 darajadan oshsa, bemorga isitma tushiruvchi (antipiretik) preparatlar buyuriladi.
Pediatriyada tana haroratini me’yorlashtirish uchun yoshga bog’liq dozalarda parasetamol, ibuprofen yoki nimesulid qo’llaniladi. Aspirin ishlatilishi taqiqlanadi, chunki u bola hayoti uchun xavfli bo’lgan gepatoserebral sindrom rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek isitmani tushirish uchun bemor tanasiga spirt, sirkaning suvli eritmalarini surtish mumkin.
Tibbiy tekshiruvlar doirasida bemor tana haroratining oshishi sababi aniqlanadi va tegishli davolash belgilanadi. Ba’zi hollarda bemorni shifoxonaga yotqizish yoki ambulatoriya sharoitida qo’shimcha tekshiruvlar o’tkazish kerak bo’lishi mumkin.