Qon aksariyat jonzotlar uchun hayotning asosi hisoblanadi. Organizmda sodir bo’ladigan jarayonlarning barchasi qonning sifati va tarkibiga bog’liq bo’ladi. Uning tarkibi buzilganda qon quyuqlashishi, oksidlanishi, unda «yomon» xolesterin miqdori oshishi qayd qilinadi.
Bunday o’zgarishlar ichki tizimlar va a’zolar faoliyatining bosqichma-bosqich buzilishiga olib kelishi mumkin. Qon tarkibining o’zgarishi va uning quyuqlashishi nafaqat yurak, balki buyraklar, miya va jigar kabi boshqa muhim a’zolarning faoliyatida jiddiy salbiy o’zgarishlarga olib keladi. Bunday destruktiv hodisalar yuzaga kelmasligi uchun qonning sifati va tarkibini kuzatib borish kerak.
Qon quyuqlashishi belgilari va alomatlari
Qonning yopishqoqligi oshgani yoxud quyuqlashganida kuzatiladigan asosiy alomatlar quyidagilar hisoblanadi:
- Charchoq;
- Uyquchanlik;
- Bosh og’rishi;
- Surunkali charchoq;
- E’tiborning kamayishi;
- Depressiv holatlar.
Qonning quyuqlashishi (agar bu muammoni bartaraf etilmasa) turli jiddiy va o’ta xavfli kasalliklar rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, miokard infarkti, tromboflebit, insult, oyoq venalarining varikoz kengayishi, stenokardiya, ateroskleroz, qon bosimining oshishi, vegetotomirli distoniya va boshqalar.
Qon quyuqlashishi sabablari
Normal holatda har qanday odam qonining 90% dan ko’prog’i suvdan iborat ekanligi ma’lum. Agar kishi muntazam ravishda gazlangan, xlorlangan yoki oddiy iflos suvlardan iste’mol qiladigan bo’lsa, organizm bunday suyuqlikni tozalash uchun ko’proq energiya sarflaydi. Bu esa qon sifatidagi jiddiy buzilishlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, shifokorlarning fikriga ko’ra, bunday holatga quyidagi omillar turtki bo’lishi mumkin:
- Og’ir jismoniy mashqlar paytida yoki issiq iqlimlarda inson tanasining kuchli suvsizlanishi, noto’g’ri ovqatlanish;
- Inson organizmining umumiy oksidlanishi;
- Fermentativ yetishmovchilik;
- Tez-tez «tez» uglevodlar va shakar iste’mol qilish;
- Selen, rux, vitamin C, lesitin, fermentlar va gormonlar ishlab chiqarishda faol ishtirok etadigan boshqa moddalar tanqisligi;
- Nurlanishning destruktiv ta’siri;
- Kapillyar va yirik tomirlarning destruktsiyasini keltirib chiqaruvchi qon aylanish tizimida zararli xolesterin hosil bo’lishi;
- Plazmaning zichligi va qonning yopishqoqligi oshishiga hissa qo’shuvchi jigar kasalliklari;
- Tarkibida yog’ ko’p bo’lgan ovqatlarni ortiqcha iste’mol qilish;
- Oshqozon-ichak traktida suyuqlik so’rilishining yomonlashishi;
- Taloq ishlashida buzilish va boshqalar.
Aksariyat odamlarda qon quyuqlashishining eng keng tarqalgan sababi organizmda suyuqlik yetishmasligi hisoblanadi. Kishi qancha ulg’aysa, u shuncha kam suyuqlik ichishi aniqlangan. Bu holda, qon asta-sekin quyuqlasha boshlaydi, bu ichki a’zolar va barcha muhim tizimlar faoliyatining sekinlashishi va yomonlashishiga olib keladi. Kishi turli kasalliklar va xastaliklarga duch kela boshlaydi, umumiy salomatligi yomonlashadi, hayotiy tonusi kamayadi.
Bundan tashqari, har qanday sababli qon quyuqlashganida, gipoksiya rivojlanishi mumkin, bu organizmda kislorodning yetishmasligi bilan tavsiflanadi.
Qonni suyultirishni ta’minlaydigan muolajalarni to’g’ri bajarish uchun bunday patologiyaning sababini aniqlash va shifokor bilan maslahatlashish kerak. Faqat mutaxassisgina so’rov va tahlillar natijasiga ko’ra qon quyuqlashishini davolash usulini tanlashi mumkin. Asosan bu holda qon suyultiruvchi Aspirin yoki shu kabi dori vositalari (tabletka yoki in’yektsiya shaklida) tayinlanadi.
Qonni suyultirish usullari
Keksalikda qonning quyuqlashishi keng tarqalgan holat. Hatto kishi sog’lom turmush tarzi tarafdori bo’lsa, zararli odatlari bo’lmasa ham bu xastalikka yo’liqishi mumkin. Bu holatda qanday yo’l tutish va qonni suyultirish uchun nima qilish qilish kerak?
Suv
Ushbu muammoni hal qilish uchun ko’plab tibbiy va xalqona vositalar mavjud. Ularning aksariyati samarali hisoblanadi. Shunga qaramay, agar bemor yetarli miqdorda suv ichmaydigan bo’lsa, hech bir vosita unga yordam bera olmasligini unutmaslik kerak. Bu birinchi raqamli qoida bo’lishi kerak: yetarli miqdorda suv ichish.
Katta yoshli kishi uchun bir sutkada 1,5-2 litr suv kerak bo’ladi. Bunda suv toza bo’lishi muhimdir. Uni qaynatishga hojat yo’q, shunchaki filtrdan o’tkazsa kifoya.
Qonni suyultirishga yordam beradigan mahsulotlar
Ushbu muammoni davolash ovqatlanish ratsionini tuzatish bilan boshlanadi. Parhez — muvaffaqiyatli davolanishning muhim qismidir. Qonni suyultirish uchun mo’ljallangan mahsulotlar nafaqat asosiy muammoni hal qilish, balki nozik tomirlarni mustahkamlash, ularning kengayib ketishini oldini olishga yordam beradi.
Taomnomada askorbin kislotasi, bioflavinlarga boy bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlari bo’lishi kerak. Bu moddalar yangi sabzavot va mevalarda (na’matak, shirin bulg’or qalampiri, qora smorodina, kivi, brokkoli, ukrop, qulupnay, apelsin, limon, ananas va boshqalarda) ko’pdir.
Ratsionda E vitamini bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlari bo’lishi kerak. Bu moddalar yong’oq, o’simlik moyi va donlar tarkibida ayniqsa ko’p. Biroq, ularni ko’p miqdordagi iste’mol qilish ham zararli hisoblanadi.
Foydali moddalar va minerallar manbai sifatida quyidagi mahsulotlar ayni muddao bo’ladi:
- Yog’siz go’sht;
- Skumbriya;
- Seld;
- Sarimsoq.
Qon quyuq bo’lsa, quyidagi mahsulotlar tavsiya etilmaydi:
- Shakar;
- Makaronlar;
- Tortlar;
- Oq non;
- Kofein;
- Qo’ziqorinlar;
- Konservalar;
- Tuzlamalar;
- Gazlangan ichimliklar;
- Ismaloq;
- Petrushka;
- Karam.
Qon suyultirishning medikamentoz usullari
Medikamentoz ya’ni dori-darmonlar bilan yordam ko’rsatish qonni suyultiruvchi turli xil preparatlarni qo’llashni nazarda tutadi.
Terapiyada fibrin hosil bo’lishini kamaytiradigan antikoagulyantlar qo’llaniladi. Geparin — bu to’g’ridan-to’g’ri ta’sirga ega bo’lgan qonni suyultiradigan modda, u darhol yordam beradi. Preparat qorin bo’shlig’iga in’yektsiya ko’rinishida kiritiladi.
Bilvosita ta’sirga ega dorilarga quyidagilar kiradi:
- Varfarin;
- Fenilin;
- Sinkumar.
Bunday tabletkalar uzoq muddatli davolash uchun hamda profilaktik maqsadlarda qo’llaniladi. Dori vositalarining boshqa vakillari antiagregantlar hisoblanadi. Ushbu dorilar trombotsitlarning yopishish jarayonini bloklaydi va ularning shakllanish ehtimolini kamaytiradi.
Ushbu vositalar ba’zi qarshi ko’rsatmalarga ega, ularni yuqoridagi boshqa vositalar singari faqat shifokor bilan maslahatlashgandan so’ng qabul qilish mumkin. Bunday dori turiga quyidagilar kiradi:
- Fenilin;
- Kurantil;
- Varfarin;
- Aspirin.
Aspirin, shuningdek Kardiomagnil, eng mashhur dorilar bo’lib qolmoqda — qonni suyultirish masalasiga kelganda ko’pincha aynan shu preparatlar buyuriladi.
Qonni suyultiruvchi tabiiy xalqona vositalar
Bunda fitoterapiya usullari qo’llaniladi. Eng yaxshi natijalarni tarkibida quyidagi o’simliklar mavjud bo’lgan damlamalar beradi:
- Yalpiz;
- Sariq donnik;
- Qizil sebarga;
- Melissa;
- Labaznik;
- Valeriana;
- Na’matak;
- Do’lana
Ushbu o’simliklarni uy sharoitida o’zini ham, choy, tindirma va damlamalar shaklida ham ishlatsa bo’ladi.
Ko’p yillar davomida tabiblar qon tarkibi sifatni yaxshilash uchun tol po’stlog’idan foydalanganlar. Ushbu vosita oshqozon shilliq qavatiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatmaydi. Shifobaxsh vositani tayyorlash uchun quyidagi bosqichlarni bajarish kerak:
- 1 osh qoshiq po’stloqqa 200 ml qaynoq suv quyiladi.
- Aralashma 10 daqiqa qaynatiladi.
- 30 daqiqadan ortiq tindiriladi.
- So’ng damlamaga dastlabki miqdoriga yetguncha qaynoq suv qo’shiladi.
- Har kuni 3 marta ovqatdan oldin 2 osh qoshiqdan ichiladi.
Sariq donnik o’simligi kuchli qon suyultiruvchi ta’sirga ega. Biroq, bu o’simlikni qo’llashdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish kerak, chunki uni qo’llashga ayrim qarshi ko’rsatmalar mavjud.
Zuluk va sport
Muammoni hal qilishning samarali usullari orasida girudoterapiya ham kiradi. Buning terapevtik ta’siri zuluk tishlashi vaqtida bemor organizmiga geparinga o’xshash bo’lgan girudin nomli moddalar chiqarilishi natijasi hisoblanadi.
Har qanday jismoniy faollik ham qonni suyultirishga yordam beradi. Mushaklarning qisqarishi davomida tomirlarda qon aylanishi kuchayadi va tromb hosil bo’lishiga to’sqinlik qiladi. Mashqlar qilish yetarli suyuqlik ichish bilan birgalikda olib borilishi kerak.