Ateroskleroz nima?
Ateroskleroz — bu qon tomirlarning surunkali kasalligi bo’lib, bunda tomirlar ichki devorida karash va blyashka shaklida xolesterin va ZPLP (zichligi past lipoproteinlar) to’planib qoladi, devorlarining o’zi esa qalinlashadi va elastikligini yo’qotadi. Qon tomir devorlari yog’ va cho’kindilar to’planishi natijasida qattiqlashib boradi, tarangligini yo’qotadi va natijada torayadi, bu esa a’zolarga qon borishini qiyinlashtiradi. Oxir-oqibat, qon tomiri to’liq yopilib qolishi mumkin. Agar bu kasallik qon ivishi buzilishlari bilan birga kechsa, tromboz va organlarning ishemik zararlanishiga moyillik ortadi.
Ateroskleroz o’limga olib keladigan eng xavfli kasalliklardan biri hisoblanadi. Kasallik ko’pincha miya, yurak, qo’l-oyoqlarda qon aylanishi buzilib bo’lganidan keyin tashxislanadi, ya’ni kech. Ateroskleroz yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy sababchisidir: yurak ishemik kasalligi va miokard infarkti.
Ateroskleroz bilan kasallanganlarning soni ularning yoshiga qarab ortib boraveradi, ya’ni bu kasallik ko’proq qari kishilarga xosdir. Shuning uchun shifokorlar buni qarilik kasalligi deb hisoblashadi, lekin kasallik yildan-yilga yosharib bormoqda, bu zamonaviy hayot tarzi bilan bog’liq.
Aterosklerozning alomatlari va belgilari
Ateroskleroz tizimli kasallik bo’lib, u odatda organizmning barcha asosiy qon tomirlariga ta’sir qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, alomatlari ham har xil bo’ladi. Asosan yurak, miya, oyoqlar aziyat chekadi. Alomatlari o’ziga xosdir, ammo aterosklerozni qo’shimcha usullarsiz ham tashxislasa bo’ladigan darajada ravshan namoyon bo’lmaydi.
Uning belgilari qaysi a’zo qon aylanishi yetishmovchiligidan ko’proq aziyat chekayotganiga bog’liq. Har qanday ateroskleroz shaklida ikki simptomatik davr farqlanadi. Klinikgacha davrda jarayon endi boshlanayotgan bo’ladi, shuning uchun kasallikning muayyan ko’rinishi kuzatilmaydi. A’zolarning qon bilan ta’minlanishi va faoliyati bilan bog’liq asosiy muammolar arteriya bo’shlig’ining yarimidan ko’prog’i yopilganda boshlanadi.
Yurak
Yurakdagi og’riq 75% holatlarda namoyon bo’ladi. Ateroskleroz toj tomirlarga ta’sir qiladi va miokardga kislorod va ozuqa moddalari borishini yomonlashtiradi. Yurak oziqlanish intensivligining o’zgarishiga o’ta sezgir bo’lgan organlardan biridir. Bu hususiyat bo’yicha faqat miya undan ustun turadi. Kasallik alomatlari darhol rivojlanadi, bemorning his-tuyg’ularini to’g’ri talqin qilish muhimdir.
Yurakda normal qon aylanishining buzilishi stenokardik sindrom bilan namoyon bo’ladi. Alomatlar davriy ro’y beradi va quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Ko’krak sohasidagi og’riq. Bosadigan, o’tmas, kuchayib-so’nadigan yoki yonish hissi kabi bo’ladi (bu ishemik jarayon uchun xos alomatlar). Og’riq kurak, chap yelka, bilak va barmoqlarga tarqaladi (qon aylanish tizimining butun uzunligi bo’ylab);
- Ko’krak qafasida bosim hissi (go’yoki ko’krak qafasiga og’ir yuk qo’yilgandek);
- Nafas olish paytida og’riqli hislar (nafas chiqarishda ham);
- Nafas olish buzilishlari.
Aterosklerozga xos xususiyat sifatida stenokardiya paroksimal (xurujlar bilan) namoyon bo’ladi. Xurujlar vaqtida qon bosimi darajasida beqarorlik kuzatiladi.
Kamdan-kam hollarda yurak toj tomirlarning aterosklerozi quyidagi alomatlar bilan namoyon bo’ladi:
- Chap tomon pastki jag’, quloq, bo’yin sohasida og’riq;
- Yelkalarda og’riq;
- Qo’l-oyoqlarda zaiflikni his qilish;
- Sovqotish, terlash va varaja qilish (teri junjikishi) hissi;
- Taxikardiya yoki bradikardiya (yurak ritmining buzilishi);
- Qayt qilish va ko’ngil aynishi;
- Hushning chalkashishi yoki qisqa muddatga uni yo’qotish.
Alomatlarning intensivligi va davriyligi bevosita tananing kuchlanish darajasiga bog’liq (stress, ortiqcha ovqatlanish, psixoaktiv moddalarni suiste’ml qilish va boshqalar).
Oyoq va qo’llarda
Alomatlar quyidagicha:
- Qo’lda yoki oyoqlarda sovuqlik his qilish;
- Qo’llar yoki oyoqlar uzoq vaqt davomida bir xil noqulay vaziyatda bosilib qolgani kabi, ya’ni oyoq-qo’llarning uyushib qolishi;
- Terining oqimtirligi: teri oqimtir tusda bo’ladi va tomir naqshlari aniq ko’rinadi (terining marmar rangi).
Oyoq-qo’l tomirlari aterosklerozining so’nggi bosqichlarida alomatlar yanada og’irroq namoyon bo’ladi:
- Kerakli moddalarni yetarli miqdorda olmayotgan to’qimalar degeneratsiyasi (yog’ qatlamining ingichkalashi, tuklarining to’kilishi);
- Oyoq-qo’llarda og’riq. Oyoqlarning arteriyalarida shikastlanish mavjud holatlarida «davriy cho’loqlanish» kuzatiladi. Og’riqlar son, dumba va kichik boldirlarda kuzatiladi va paroksismal xususiyatga ega bo’lib, natijada bemor cho’loqlanib qoladi;
- Oyoqlarda yaralar paydo bo’lishi (to’qimalarning oziqlanishi yetishmasligi bilan bog’liq bo’lgan trofik yaralar);
- Oyoq yoki qo’llardagi barmoqlarning qizarishi, doimiy shishlar rivojlanishi;
- To’qimalarning nekrozi (gangrena).
Bosh miya
Bu a’zo oziqlanish kasalliklariga eng sezgirdir, ammo asosiy alomatlar nafaqat aterosklerozga xos bo’lishi mumkin. Masalan miyaning qon aylanishi bilan bog’liq muammolar osteoxondroz, vertebrobazilyar yetishmovchilik va boshqa kasalliklarda kuzatiladi.
Alomatlar asta-sekin paydo bo’ladi va kuchayib boradi:
- Sefaliya (yoki aniq bo’lmagan bosh og’rig’i). Og’riq butun boshni qamrab oladi va uning aniq joylashuvi qayerda ekanligini aniqlab bo’lmaydi. Bosadigan yoki kengayadigan tabiatga ega;
- Quloqda shovqin va qo’ng’iroq;
- Uyqu muammolari. Kishi uyqusizlikdan aziyat chekadi, yoki aksincha, uni doimo uyqu bosadi. Uyqu vaqtida ko’pincha bosinqirash yoki qo’rqinchli tushlar ko’rish sodir bo’ladi (miyaning faolligi va qon aylanishi yetishmovchiligi tufayli diffuz o’zgarishlar natijasi);
- Shaxsning fe’l-atvori yomonlashishi (shaxsiyatning o’zgarishi);
- Asabiylashish, yuqori qo’zg’aluvchanlik, tashvishlanishning kuchayishi;
- Holsizlik va charchoq;
- Organizm asosiy funktsiyalarining buzilishi: nafas olish, nutq, ovqatlanish. Kishi tushunarsiz gapirishi mumkin, ko’pincha oziq-ovqat bilan tiqilib qoladi va hokazolar.
- Harakatlar koordinatsiyasining buzilishi, mustaqil harakatlanish bilan va turgan joyida orientatsiya olish bilan bog’liq muammolar (miyachaning shikastlanishi tufayli).
Aterosklerozning sabablari
Ateroskleroz rivojlanishining sabablari yuqori qon bosimi, chekish, qandli diabet, qondagi yuqori xolesterin miqdori kabi omillardir. Ammo aterosklerozning asosiy sababi — xolesterin almashinuvining buzilishidir. Aterosklerozning shakllanishi tabiiy jarayon bo’lib, u 10-15 yoshdan boshlanadi. Yosh o’tishi bilan uning shakllanishi sekinlashishi yoki tezlashishi mumkin.
Ateroskleroz uchun quyidagi xavf omillari ajratiladi:
- Jins. Erkaklar ateroskleroz rivojlanishiga ayollarga nisbatan ko’proq moyil bo’lishadi. Ushbu patologiyaning dastlabki belgilari 45 yoshda, hatto undan ham oldin boshlanishi, ayollarda esa 55 yoshdan keyin kuzatilishi mumkin. Ehtimol, bu xolesterin va zichligi past va juda past lipoproteidlar almashinuvida estrogenlarning faol ishtiroki etishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin;
- Yosh. Bu tabiiy xavf omilidir. Yosh o’tishi bilan aterosklerotik jarayonlar kuchayadi;
- Irsiyat. Albatta, bu ham ateroskleroz paydo bo’lishining sabablaridan biridir. Aterosklerozga sabab bo’luvchi omillar ko’p qirralidir. Shuning uchun gormonal fon darajasi, irsiy dislipoproteinemiya (plazma lipid profilining buzilishi), immun tizimining faoliyati aterosklerozning rivojlanishini tezlashtirish yoki sekinlashtirishda muhim rol o’ynaydi;
- Zararli odatlar. Chekish — tana uchun zaharidir. Bu odat ateroskleroz rivojlanishining yana bir sababchisi. Sog’lom qon tomirlarni xohlaysizmi — chekishni to’xtating! Spirtli ichimliklarga kelsak, qiziqarli bog’liqlik bor: kichik miqdordagi spirtli ichimliklar — har kuni 50 gramm aroq, 100 gramm sharob yoki 0,5 litr pivo aterosklerozning oldini olishni yaxshi usuli hisoblanadi. Shu bilan birga, bu miqdor jigar sirrozi rivojlanishiga hissa qo’shadi. Shunday qilib, birini davolab, ikkinchisini shikastlaymiz. Umuman olganda spirti ichimliklarni hatto juda oz miqdorda iste’mol qilish ham tavsiya etilmaydi, bular bir qator patologiyalar rivojlanishini kafolatlaydi;
- Ortiqcha vazn. Bu omil ateroskleroz yuzaga kelishi ehtimolligini oshiradi. Semirib ketish qandli diabetga olib kelishi mumkin, bu patologiya esa ateroskleroz tomon to’g’ri yo’ldir;
- Noto’g’ri ovqatlanish. Yog’li, zararli taomlar asosiy xavf omilidir. Ovqatlanish hayotimizda juda muhim fiziologik jarayondir. Kelajakdagi sog’ligimiz mahsulotlarning qanchalik foydali ekanligiga bog’liq bo’ladi. Juda kam kishilar biladi, ammo shifobaxsh va muvozanatli parhezdan tashqari boshqa barcha parhezlar Jahon oziq-ovqat gigienasi kengashi tomonidan tasdiqlanmagan. Ovqatlanish ehtiyojlaringiz va energiya sarf-xarajatlaringizga qarab to’g’ri va oqilona bo’lishi kerak.
Yaponiyadagi o’rtacha umr davomiyligi 84 yil, O’zbekistonda esa 68,5 yilga yaqin. Bu farq nimadan? Javob oddiy: Yapon va boshqa sharqiy xalqlarning ovqatlanishlarini ko’rib chiqing. Ularning taomnomasi turli donli mahsulotlarni, sabzavotlarni, o’tlarni, dukkaklilar va yangi baliqlarni o’z ichiga oladi. Har kuni Tokio bozori qimmatbaho yog’ kislotalari mavjud bo’lgan dengiz mahsulotlari bilan to’ldiriladi. Kasallikni davolab nima qilishadi, axir oldini olib bo’lsa. Keksalik paytida o’zingizga minnatdorchilik bildirish uchun yoshlikdanoq to’g’ri ovqatlanishni boshlang.
Aterosklerozning turlari
- Yurak tomirlari (koronar arteriyalar) aterosklerozi. Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya va infarkt rivojlanishiga turtki beradi;
- Aortal shakli. Aorta organizmdagi eng katta arteriyadir. Uning ateroskleroz bilan shikastlanishi barcha organlarga va tizimlarga sezilarli ta’sir qiladi;
- Buyrak tomirlarining aterosklerozi. Qon aylanishining yetishmasligi buyraklar vazifalarining buzilishi va og’ir arterial gipertenziyani keltirib chiqaradi;
- Miyani qon bilan ta’minlovchi tomirlarning aterosklerozi;
- Oyoq va qo’llar tomirlarining aterosklerozi.
Kasallik shakllari mustaqil namoyon bo’lishi mumkin, ammo ko’pincha tizimli ravishda yuzaga kerladi.
Xolesterin darajasi va ateroskleroz
Xolesterin maxsus kimyoviy birikma bo’lib, tabiati bo’yicha — yog’li spirt. Xolestirinning hujayra tuzilmasi va organoidlari sintezida ishtirok etishi isbotlangan (xolesterin hujayra qobig’i shakllanishida ishtirok etishi barchaga ma’lum). Biroq, qonda bu modda darajasining oshishi aterosklerotik kasallik va boshqa yurak qon-tomir kasalliklari yuzaga kelishi xavfini oshiradi, chunki bu organizmda lipid va lipoprotein modda almashinuvini buzilishidan dalolat beradi.
Ushbu kasallik rivojlanishini oldini olish uchun faqatgina yomon odatlardan voz kechish va qonda yog’li spirt kontsentratsiyasini doimo bir xil darajada saqlab turish kerak. Biroq, xolesterin faqat me’yoridan ortiqcha bo’lganidagina aterogendir.
Uning normal miqdorda kerakligi faqat tuzilma vazifasini bajarilishi uchun emas, balki:
- Normal hazm qilish uchun. Jigarda yog’li spirtining ishtiroki bilan tarkibidagi yog’ saqlagan birikmalarni qayta ishlash uchun zarur bo’lgan hazm qilish shirasi sintezlanadi;
- Jinsiy gormonlar va me’da osti bezi gormonlari barqaror sintezi uchun.
Xolesterin qon oqimiga turli yo’llar bilan kiradi:
- Jigar tomonidan sintez qilinadi. Jigar xolesterinni eng ko’p ishlab chiqaradi. Odatda uning faol ishlab chiqarilishi xolesterinning iste’mol qilinayotgan ovqat tarkibida yetishmovchiligi bilan bog’liq. Jigar funktsiyasi buzilgan taqdirda, qonda bu modda darajasini tartibga solish bilan bog’liq muammolar ham yuzaga kelishi mumkin;
- Ovqat bilan tushadi. Bunday xolesterin miqdori 25 foizdan oshmaydi. Xolesterin hayvon yog’larini o’z ichiga olgan ovqatlarda mavjud. Eng katta kontsentratsiyasi tuxum sarig’i, yon go’sht mahsulotlari (miya, jigar, buyrak), margarinda mavjud. Ular tarkibidagi xolesterin organimzga erkin holatda tushadi va shundan keyin xilomikronlar yordamida jigarga olib boriladi, u yerda organizmning funktsional xususiyatlari va odatiy ratsioniga qarab ikki turdagi lipoprotein komplekslarga aylanadi: «yaxshi» (zichligi yuqori lipoprotein, ZYLP) va «yomon» (zichligi past lipoprotein, ZPLP). Birinchisi, tomirlar devorlarini yog’ qatlamidan tozalaydi, ikkinchisi esa ularni hosil qiladi.
Xolesterin organizmda faol ravishda sintezlanishidan tashqari, organizmdan chiqarib ham yuboriladi. Birikmalarning aksariyati oshqozon-ichak trakti orqali tabiiy ravishda chiqarilib yuboriladi. Kamroq qismi esa teri va ichak shilliq yuqori qatlamlarining nobud bo’lishi orqali.
Qonda xolesterin miqdori mutanosib ravishda ateroskleroz xavfini oshiradi — bu iborani ko’pincha eshitish mumkin, ammo haqiqatan ham shundaymi? Yo’q. Qondagi xolesterin miqdori me’yorda bo’lishi ushbu patologiya rivojlanmasligiga kafolat bermaydi.
Ateroskleroz birga kechadigan kasalliklar (gipertoniya, semizlik, gipotalamik sindromning neyroendokrin shakli, qandli diabet, psixoaktiv moddalarga qaramlik va boshqalar) mavjudligi bilan bevosita bog’liq. Ular kasallikning rivojlanishi uchun munosib xavf omillari sifatida harakat qilishadi.
Qanday bo’lmasin, xolesterin baribir ateroskleroz rivojlanishida muhim rol o’ynaydi. Xatarni kamaytirish uchun gipoxolesterin parhezga rioya qilish va moddaning konsentratsiyasini bir xil, me’yoriy darajada ushlab turish kerak.
Ateroskleroz va qandli diabet kasalligi
Xolesterin me’da osti bezi hazm qildiruvchi shirasi va gormonlari sintezida faol ishtirok etadi va u qandli diabet rivojlanishining sababchisi bo’lmasa ham, uning kechishiga sezilarli darajada ta’sir o’tkazadi.
Qandli diabet qon tomirlarining aterosklerozi xavfini oshiradi (rivojlanish ehtimoli yarim baravar ortadi). Bundan tashqari tomirlarning aterosklerozi diabet kechishini og’irlashtiradi. Qandli diabet ishtirokida ateroskleroz kasalligi rivojlanishi xavfi erkaklarda ham, ayollarda teng darajada belgilanadi (agar diabet kasalligi bo’lmasa, ko’pincha erkaklar aziyat chekadi).
Qandli diabet, o’z navbatida, aterosklerozning kechishini jiddiy ravishda murakkablashtiradi:
- Ateroskleroz diabet bilan og’rigan bemorlarda kichik yoshda ham paydo bo’lishi mumkin. Odatda esa kasallik 45-50 yoshdan keyin rivojlanadi.
- Anevrizmalarning paydo bo’lishi ehtimoli katta;
- Tomirlar nafaqat yopilib qoladi, balki juda nozik holga keladi, bu esa insult ehtimolligini oshiradi;
- Bu jarayon ham yurak, ham miya va ham oyoq-qo’llarga ta’sir qiladigan tizimli xususiyatga ega bo’ladi.
Ateroskleroz diabetning birinchi turida ham, ikkinchi turida ham boshlanadi. Diabet hazm qilish va lipidlar almashinuvi buzilishi bilan bog’liq bo’lib, bu normal modda almashinuvini to’xtashiga sabab bo’ladi. Tomir devorlari yog’ fraksiyalari uchun haddan tashqari yuqori o’tkazuvchan bo’lib qolib, qon oqimiga juda ko’p «yomon xolesterin» kiradi. Katta arteriyalar devorlarida yog’lar asta-sekin to’planib borib, tomir bo’shlig’ini yopib qo’yadi.
Vaqt o’tishi bilan yog’ qatlamlari biriktiruvchi to’qima bilan qoplanadi va kaltsiy cho’kindilari ta’sirida kristallanadi. Bu tuzilma «tosh» ga aylanadi va arteriya bo’shlig’i yanada yopiladi. Arteriya sinuvchan bo’lib qoladi va o’z o’tkazuvchanligini yo’qotadi. Natijada zararlangan hududda qon aylanishining buzilishi, ishemiya, tomirning yorilishi va nekrozi kuzatiladi.
Qandli diabeti bo’lgan bemorlar gipertoniya, ishemik yurak kasalliklari va stenokardiya kabi yurak-qon tomir kasalliklaridan odatdagiga nisbatan 4 marta ko’proq aziyat chekishadi. Bundan tashqari, diabetiklarda ateroskleroz bilan birga oyoqlar nekrozi (gangrenasi) rivojlanishi ehtimolligi deyarli yetti marta yuqoriroqdir. Ushbu omillar davolashda ko’rib chiqilishi kerak.
Ateroskleroz nimasi bilan xavfli? Rivojlanish bosqichlari
Statistika ma’lumotlariga ko’ra, ateroskleroz yurak-qon tomir tizimining eng keng tarqalgan kasalligi va butun dunyo bo’ylab aksariyat bemorlar o’limining asosiy sababchisidir. Ateroskleroz o’zgaruvchan bo’lib, kasallikning mohiyati qon tomirlari bo’shlig’ining torayishi yoki to’silishi bo’lishiga qaramasdan, u butun organizmga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Qon aylanishining yetishmasligi yurak, miya, qorin bo’shlig’i organlari, oyoqlar va qo’llarga (kamdan-kam) ta’sir qiladi. Arteriyalarda qon aylanishining buzilishi kichik qon tomirlariga ham ta’sir qiladi, bu esa ikkinchi darajali ishemiyaga sabab bo’ladi.
Ateroskleroz — bu polietiologik kasallikdir. Haligacha kasallikning muayyan sabablari noma’lum, ammo mexanizmi lipid almashinuvining buzilishiga asoslangan. Bu buzilish xavfli kasallikning boshlanishi uchun turtkidir.
Patologiya rivojlanishida bir necha bosqichlar ajratiladi:
- Yog’ dog’lari (yoki lipid dog’lar) shakllanishi bosqichi. Ushbu bosqichda aniq alomatlar kuzatilmaydi va bemor aterosklerozning mavjudligiga shubha qilmaydi. Ushbu bosqichning mohiyati arteriya devorlarida diffuz o’zgarishlardadir (lipoproteid komplekslarining molekulalari arterial devorning tuzilmasiga kirib, ingichka qatlam hosil qiladi). Tashqi tomondan, bu o’zgarishlar tomirning zararlangan qismi bo’ylab sarg’ish-jigarrang chiziqlar kabi ko’rinadi. Arteriyaning barcha to’qimalari shikastlanmaydi, faqatgina alohida qismlari. Jarayon juda tez rivojlanadi. Mavjud yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet jarayonni yanada tezlashtiradi;
- Lipid qatlamining paydo bo’lish bosqichi. Lipid chiziqlari ostidagi to’qima yallig’lanadi. Organizm shu tariqa ehtimolli buzuvchiga qarshi kurashishga harakat qiladi. Uzoq muddatli surunkali yallig’lanish markazlari shakllanadi. Doimiy yallig’lanish lipid qatlamining parchalanishiga va to’qima o’sishiga olib keladi. Natijada, yog’li to’planma usti qoplanadi va arteriya devorining ichi ko’tarilib qoladi;
- Asoratlarning rivojlanish bosqichi. Bu aterosklerozning shakllanishidagi so’nggi bosqich. Ushbu bosqichda asoratlar rivojlanadi va alomatlar eng ravshan namoyon bo’ladi. Asoratlarning ikkita asosiy varianti mavjud: birinchisi yog’ to’planmalarining (blyashkalar) yorilishi, natijada qon ketishi kuzatiladi va ikkinchisi, tromb hosil bo’lishi. Tromb blyashka mahsuloti bilan birga qon tomir bo’shlig’ida tiqilib qoladi va uni to’liq yopib qo’yadi. Bunday vaziyatda insult rivojlanishi mumkin. Agar tromblar qo’l-oyoqlarning kerakli oziqlanishini ta’minlaydigan katta arteriyalarni yopib qo’ysa, ehtimol to’qimalar nekrozi va gangrena yuzaga keladi.
Aterosklerozning rivojlanish vaqti va tezligini oldindan aytish qiyin. Gap yillar yoki bir necha oy haqida borishi mumkin. Barchasi modda almashinuvi xususiyatlari va tezligi, aterosklerozga moyillik mavjudligi va uning rivojlanishi xavfini oshiradigan kasalliklar va boshqa ko’plab omillarga bog’liq.
Ateroskleroz tashxisi
O’tib ketgan aterosklerozni tashxislash juda oson. Jarayonning joylashuvini aniqlashtirish va shikastlanish markazini aniqlash — ana shu qiyin masala. Buning uchun ancha ish qilish kerak. Bunday qiyin vazifani faqat tajribali shifokor bajara olishi mumkin.
Diagnostik chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
- Anamnez yig’ish;
- Bemorni maxsus funktsional testlardan foydalangan holda dastlabki tekshirish;
- Laboratoriya tahlillari va instrumental tadqiqotlar. Ularning yordamida kasallik mavjudligini, jarayon bosqichini va joylashuvini aniqlash, bemorning umumiy holatini baholash imkoni mavjud bo’ladi.
Anamnez yig’ish
Bemorning ahvolini dastlabki tahlil qilish uning shikoyatlariga va irsiyatini so’rashdan boshlanadi.
Birinchidan, ushbu patologiyada anamnezda kamida uchta o’ziga xos alomatlar bo’ladi, shuningdek, aterosklerozni keltirib chiqargan birlamchi kasallik alomatlari yaqqol ko’zga tashlanishi ehtimolligi mavjud.
Ular orasida:
- Arterial gipertenziya;
- Avval boshdan kechirilgan miokard infarkti yoki insult;
- Stenokardik sindrom, ishemik yurak kasalligi;
- Buyraklar patologiyasi.
Bunday tashxis to’liq tasvir bermaydi, biroq organizm holatini umumiy baholash va keyingi diganostik chora-tadbirlar rejasini tuzib chiqishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ateroskleroz uchun xavf omillarini aniqlash ham muhim, ular: qandli diabet, gipertoniya, psixoaktiv moddalar qabul qilish, semizlik.
Dastlabki ko’rik
Oyoq-qo’llar qon ta’minoti darajasini baholashga qaratilgan funktsional testlardan tashqari, tajribali shifokor quyidagi omillarga e’tibor qaratadi:
- Oyoq-qo’llardagi sochlarning to’kilib ketganligi;
- Tana vaznining to’satdan yo’qolishi;
- Yurakdagi shovqinlar, qon bosimining ko’tarilganligi, yurak ritmining buzilishi;
- Ter va yog’ bezlarning giperfunktsiyasi;
- Tirnoqlar deformatsiyasi;
- Buyrak kasalligi bo’lmaganida ham doimiy shishlar mavjudligi.
Laboratoriya va instrumental usullar
- Umumiy xolesterin, aterogenlik koeffitsienti kabi ko’rsatkichlarni baholash uchun venoz qon topshirish;
- Rentgen tekshiruvi va angiografiya. Rentgen nurlari aortaning holatini baholashi mumkin, chunki blyashkalar tasvirda aniq ko’rinadi. Angiografiya qon oqimiga maxsus kontrast modda kiritish va uni keyingi kuzatishdan iborat;
- UTT. Arteriyaning u yoki bu qismida qon oqimining tezligini baholash imkonini beradi. Ushbu usul yordamida kichik o’zgarishlarni ham, shuningdek, qon ta’minoti yetishmasligi darajasini aniqlash mumkin.
Tashxisning boshqa usullari mavjud. Ularning muayyan turini klinik ko’rinishga asoslangan holda shifokor belgilaydi.
Zamonaviy davolash usullari
Odatda, 80% hollarda, ateroskleroz sababini va uning zararli ta’sirini bartaraf etish uchun dori-darmonlar bilan davolash yetarli bo’ladi. Maxsus dorilar bilan davolanish parhez tutish va jismoniy faoliyatning optimal tartibini tayinlash bilan birlashtiriladi.
Aterosklerozga qarshi preparatlar orasida bir nechta guruh dori-darmonlari ajratish mumkin:
- Statinlar. Eng mashhur statinlar guruhi preparatlari hali ham qo’llanilmoqda. Ularning ta’siri jigarni xolesterin ishlab chiqarish faoliyatini bostirishdir. Statinlar bilan parallel ravishda ateroskleroz bilan og’rigan bemorlarga yurak va ovqat hazm qilish tizimi faoliyatini qo’llab-quvvatlovchi dorilar buyuriladi (chunki statinlar aynan shu a’zolarga eng salbiy ta’sir ko’rsatadi). Zamonaviy tibbiyot olamining nufuzli olimlar va mutaxassislari statinlarning foydasini, shuningdek aterosklerozning rivojlanishida xolesterin rolini shubha ostiga qo’yishmoqda.
- Safro kislotasi sekversantlari. Jigarning safro kislotasi sintezi vazifasini sezilarli darajada pasaytiradi. Buning natijasida organizm normal va barqaror hazm qilish uchun ko’proq xolesterin sarflashi kerak bo’ladi. Uzoq muddatli qo’llanilganda ovqat hazm qilish tizimida buzilishlarga sabab bo’lishi mumkin. Kasallikning dastlabki bosqichida yoki patologiyaning oldini olish uchun tayinlanadi;
- Fibratlar. Neytral yog’li tuzilmalarni — triglitseridlarni parchalaydi. Aterosklerozga qarshi kurashda yetarli darajada samarali, ammo jigar muammosi bo’lgan shaxslarga qat’iy ravishda qarshi ko’rsatiladi;
- Nikotin kislotasi preparatlari. Ular xolesterin bilan kurashmasligiga qaramay, tomir kengaytiruvchi va spazmolitik ta’sirga ega. Ular boshqa dorilar bilan birgalikda qo’llaniladi va medikamentoz terapiyaning muhim qismini tashkil qiladi. Biroq, qandli diabet, jigar va o’t pufagi kasalligi bo’lgan odamlarga nikotinlar qarshi ko’rsatiladi. Ularning o’rniga boshqa tomir kengaytiruvchi va spazmolitik preparatlar buyuriladi.
Konservativ davo shuningdek fizioterapiyani ham o’z ichiga oladi. Bu usul tana oxirlari ateroskleroziga uchragan shaxslar uchun ko’rsatiladi.
Jarrohlik bilan davolash
Zamonaviy tibbiyot amaliyotida aterosklerozning jarrohlik yo’li bilan davolashning uchta asosiy usuli mavjud.
Juda invaziv:
- Shuntlash. Shuntlashning mohiyati shikastlangan tomir sog’lom tomirga ulanadi, buning natijasida yangi qon oqimi hosil bo’ladi va to’qimalarning qon ta’minoti asta-sekin tiklanadi;
- Qon tomir protezlari. Zamonaviy materiallar shikastlangan tomirni to’liq almashtirib, qon ta’minoti vazifasini tiklash imkonini beradi.
Kam invaziv:
- Angioplastika. Usulning mohiyati shundaki, son arteriyasiga maxsus kateter kiritiliadi va kamera nazorati yordamida, endoskopist tomonidan qon tomiri bo’ylab shikastlangan hudugacha olib boriladi. Shundan so’ng tomir devorini tozalash yoki kengaytirish uchun kerakli manipulyatsiyalar qilinadi.
Shunday qilib, ateroskleroz juda ziddiyatli va murakkab kasallikdir, bu hayotga va sog’liqqa xavf soladigan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo’lganligi sababli, maksimal e’tibor talab qiladi. Kasallikning alomatlari yetarlicha ravshan va yaxshi tayyorgarlik darajasidagi shifokor uni muammolarsiz aniqlay oladi va shikastlanish joylashuvini aniqlaydi, samarali davolanishni belgilaydi. Buning uchun shifokorga bir qator vositalar va usullar yordam beradi, ular aterosklerozni hatto dastlabki bosqichlarida aniqlay olishadi.
Tibbiyotning hozirgi bosqichida aterosklerozni davolash qiyin emas. Agar konservativ usullar samara bermasa, jarrohlik aralashuviga murojaat qilinadi.
Samarali va malakali tashxislash va davolash kursi kasallikning ijobiy yakun topishi kaliti hisoblanadi.
Aterosklerozning oldini olish
Avvalo chekishni tashlash, vaznni tartibga solish, ovqatlanishga ayrim cheklovlar kiritish, jismoniy faollikni oshirish kerak.
- Organizmni qo’llab quvvatlash va aterosklerozni oldini olish uchun tarkibida tuz va xolesterin bo’lgan ovqatlarni kamroq yeyish kerak. Ko’proq yormalar, sabzavotlar, qaynatilgan baliq, qatiq, kungaboqar moyi va, albatta, har qanday mevalarni iste’mol qiling.
- Aterosklerozda tana vaznini tartibga solish zarur chora hisoblanadi, chunki semizlik qon tomir asoratlarni keltirib chiqaradi va lipid almashinuvining buzilishi bilan tavsiflanadi. Vaznni kamaytirish uchun optimal yog’ miqdori bo’lgan past kaloriyali parhezlar va jismoniy faollik tavsiya etiladi;
- Jismoniy faoliyat sog’lik va yoshning umumiy holatini hisobga olgan holda oshirilishi kerak. Uni eng xavfsiz bo’lgan jismoniy faoliyat turi — yurishdan boshlash mumkin. Mashg’ulotlar haftasiga kamida uch-to’rt marta, 35-40 daqiqa davomida bo’lishi kerak.
Men mana shu og’riqlardan aziyat chekayapman, qo’l va oyoq muzlaydi, 2 daqiqa ham bukib tura olmayman, og’riydi, bosh og’rig’i boshning chap tarafida, chap bo’ynim, chap kurak va chap qo’l oyoqlarimda og’riq bor, qon yaxshi aylanmayotganini sezaman, lekin kasalimni aynan ateroskleroz diyshim qiyin chunki yoshim 24 da. Buni aniqlash uchun kimga murojaat qilay, oldindan raxmat.
Terapevtga, u sizni ko’rikdan o’tkazib, tegishli yo’llanma beradi.
Yaxshi malumotlar bor ekan.