Ko’ngil aynishi — bu turli sabablarga ko’ra yuzaga kelgan ko’plab kasalliklar belgisi. U epigastriya — qorinning yuqori qismidagi yoqimsiz tuyg’u bo’lib, qizilo’ngach va og’iz bo’shlig’iga tarqalishi mumkin. Ushbu holatning tabiati ko’p omilli. Ko’ngil aynishi miya qayt qilish markazi asablari (qorin va adashgan) orqali kelgan signallar qo’zg’atishi natijasida yuz beradi. Ko’pincha ko’ngil aynishi bilan birga bemorlar gipersalivatsiya — ya’ni ko’p so’lak ajralishi, taxikardiya, tananing zaifligi, teri oqarishi, gipotoniya, oyoqlar sovqotishidan shikoyat qilishadi.
Ko’ngil aynishi sabablari
Ko’ngil aynishi turli omillar va kasalliklar natijasida yuzaga keladi. Agar ko’ngil aynishi uzoq va uzluksiz (bir necha kun davomida) davom etsa yoki tez-tez bezovta qilib tursa, qo’shimcha alomatlar bilan namoyon bo’lsa, hayot sifatini buzsa, shifokorga murojaat qilish zarur.
Ko’ngil aynishiga quyidagilar sabab bo’lishi mumkin:
- Xolesistit. O’t pufagida yallig’lanish jarayoni yoki bu a’zoda hosil bo’lgan toshlar odatda ovqat iste’moli paytidayoq boshlanadigan ko’ngil aynishiga sabab bo’ladi. Qorinning kengayib og’rishi bilan birga og’izdan achchiqlik yoki metall ta’mi kelishi, meteorizm, o’ng qovurg’a ostida og’riq sezilishi bilan birga kechadi.
- Ba’zi dorilar qabuli. Ko’p dori vositalarining nojo’ya ta’siri orasida ko’ngil aynishi ham mavjud. Odatda bularga temir preparatlari, antivirus, antigelmint vositalar, antibiotiklar, yallig’lanishga qarshi dorilar kiradi.
- Zaharlanish. Bu eng oddiy, lekin eng keng tarqalgan sabablardan biri. Ko’ngil aynishining etiologik omillaridan biri — noto’g’ri saqlangan, saqlanish muddati tugagan, eski mahsulotlarni iste’mol qilishdir.
- Gastrit. Oshqozon shilliq qavatining yallig’lanishi ko’ngil aynishiga (ayniqsa ovqatlanishdan so’ng kuzatiladi) sabab bo’ladi. Bu epigastriyadagi og’riq, kengayish hissi bilan birga kechadi. Uni bartaraf etish uchun to’g’ri ratsionga rioya qilish va bevosita gastritni davolash tavsiya etiladi.
- Migren. Surunkali bosh og’rig’i ko’ngil aynishi va bosh aylanishi bilan birga kechishi mumkin.
- Pielonefrit. Buyraklarning yallig’lanishi ko’ngil aynishini keltirib chiqaradi, ba’zan qayt qilishgacha olib boradi. Muhim farqlovchi alomatlarga bel og’rig’i, siydik chiqarish vaqtidagi og’riqlari kiradi.
- Gipertoniya. Qon bosimining doimiy yuqori bo’lishi ko’pincha ertalab ko’ngil aynishi, shuningdek, bosh aylanishi, tanadagi shishishlar, yuzning qizarishi bilan kechadi.
- Miya jarohati. Miya chayqalishi, miya jarohatlari nevrologik tabiatli ko’ngil aynishiga olib kelishi mumkin.
- Oftob urishi. Quyosh ositda ko’p vaqt qolib ketish, ayniqsa yozning jazirama kunlarida, oftob urishiga olib keladi. Issiq va nam sharoitlarda ko’p jismoniy zo’riqish, suvsizlanish kabi omillar ham issiq urishiga va ko’ngil aynishiga sabab bo’lishi mumkin.
- Appenditsit. Ushbu holatda ko’ngil aynishi qayt qilishgacha olib boradi, qorin og’rig’i kuzatiladi, og’riq dastlab qorinning yuqori qismida kuzatiladi,so’ng pastki o’ng sohaga tushadi.
- Yurak xuruji, yurak muammolari. Bu holatda ham ko’ngil aynishi qayt qilishgacha boradi va yengillik bermaydi, qorin og’rig’i, hiqichoq tutishi, terining oqarib ketishi va bo’g’ilish hissi kuzatiladi.
- Meningit. Bunda ko’ngil aynishi nevrologik tabiatga ega, u bilan birga yuqori isitma, yorug’likdan qo’rqish va ensada bosim hissi seziladi.
- Parazitar invaziya. Ba’zi gijja turlari ovqatlanish bilan bog’liq bo’lgan yoki bog’liq bo’lmagan ko’ngil aynishiga olib kelishi mumkin.
- Transportda chayqalish. Zaif vestibulyar apparat ko’pincha transportga minib ketayotganda chayqalish tufayli ko’ngil aynishini chaqirishi mumkin.
- Ichak infektsiyasi. Qayt qilish bilan kechadigan ko’ngil aynishi kuzatiladi, qorin bo’shlig’ida og’riq, harorat ortishi, kuchsizlik qayd etiladi. Bunday hollarda davolanishni kechga qoldirmasdan, darhol boshlash kerak, chunki ichak infektsiyalari odatda ich ketishiga, u esa o’z navbatida hayot uchun xavfli bo’lgan suvsizlanishga olib keladi.
- Ochlik. Ochlik ham ko’ngil aynishiga sabab bo’lishi mumkin.
- Shirinliklar. Epigastriyadagi yoqimsiz tuyg’ular och qoringa bir bo’lak shirinlik yoki tort iste’molidan so’ng paydo bo’lishi mumkin.
- Stress. Kuchli hayajon va hissiy zo’riqish ko’pincha ko’ngil aynishiga sabab bo’ladi, bu qonda adrenalin darajasining oshishi bilan bog’liq.
- Pankreatit. Me’da osti bezi yomon oziq-ovqat, spirtli ichimliklar, yog’li ovqatlarga juda sezgir. Uning yallig’lanishi ham ko’ngilni aynitadi, chap tomondagi og’riq, qorin dam bo’lishi bilan birga kechadi.
- Gipotireoz. Qalqonsimon bez gormonlari yetishmasligi biroz ko’ngil aynishi, shuningdek ishtaha yo’qolishi, seruyqulik bilan kechishi mumkin.
- Hazm qilish traktidagi o’smalar. Ular yaxshi va yomon tabiatli o’smalar bo’lishi mumkin.
- Homiladorlik. Birinchi trimestr (12 haftaga) qadar, toksikozning asosiy belgilari — ko’ngil aynishi — uyg’onishdan so’ng darhol namoyon bo’ldi.
Agar biron narsa iste’mol qilgan tufayli ko’ngil aynishi kuzatilsa, kun davomida nimalar iste’mol qilganingizni eslang. Ko’ngil aynish cho’g’i sababchi mahsulotni eslash noxushlikni yanada kuchaytiradi. Agar shunday bo’lsa, qayt qilib tashlash lozim.
Boshqa alomatlar bilan birga kechadigan ko’ngil aynishi
Turli xil sharoitlarda va kasalliklarda ko’ngil aynishi hissi boshqa ba’zi belgilar bilan birga kechadi. Bir nechta belgilarning birgalikda namoyon bo’lishi shifokorga o’xshash klinik ko’rinishdagi o’nlab boshqa kasalliklardan birini ajratishga imkon beradi.
Bosh aylanishi bilan
Ikkala belgilar ko’plab kasalliklar bilan namoyon bo’lishi mumkin, shuning uchun eng muhimni ta’kidlab o’tish maqsadga muvofiqdir. Ko’ngil aynishi va bosh aylanishi (kuchsizlik) sabablari ko’pincha:
- Ko’z mushaklari patologiyasi;
- Bo’yin umurtqasi sohasining osteoxondrozlari;
- Bosh jarohatlari;
- Vestibulyar nevrit;
- Homiladorlik;
- Orqa miya jarohati;
- Insult;
- Dengiz kasalligi;
- Hayz ko’rish;
- O’rta quloq yallig’lanishi — labirintit;
- Ba’zi dori-darmonlarni qabul qilish;
- Migren;
- Fistula (perilmofatik);
- Miya o’simtasi;
- Yurak-tomir kasalliklari;
- Ayollarda menopauza;
- Stress;
- Menyer kasalligi;
- Anemiya;
- Gipertoniya;
- Gipotoniya;
- Alkogolli ichimliklar bilan zaharlanish;
- Qarilik;
Muhim: Ko’ngil aynish va bosh aylanishining haqiqiy ildizini aniqlash uchun keng qamrovli tekshiruvlardan o’tish kerak.
Zaiflik bilan
Agar ko’ngil aynishi tanada holsizlik va umumiy charchoqlik bilan birga bo’lsa, buning sababi quyidagi holatlar bo’lishi mumkin:
- Miya o’simtasi;
- Qarilik;
- Yuqori qon bosimi (bu holatda bosh aylanishi paroksismal bo’ladi);
- Homiladorlik;
- Insult;
- Pankreatit;
- Vegeto-tomir distoniyasi;
- Giperglikemiya — bemorlar ko’z qorong’ulashishidan shikoyat qilishadi, hushini yo’qotishadi;
- Migren xuruji;
- Nevrologiya — tananing holati o’zgarganda ko’ngil aynishi va bosh aylanishi yo’qolsa, demak asosiy sabab nevrologik tabiatga ega;
- O’tkir zaharlanish;
- Gepatit.
Eslatma: Agar bosh aylanishi ko’ngil aynishi bilan kechadigan bo’lsa, uzoq yoki og’riqli xususiyatlarga ega bo’lsa, darhol shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.
Ertalab ko’ngil aynishi
Ertalab oshqozon sohasidagi noqulaylik hissi paydo bo’lishi quyidagi holatlarga xosdir:
- Gipertoniya (qon bosimi oshishi). Ushbu holatda ertalablari ko’ngil aynishi doimiy kuzatiladi, shu bilan parallel ravishda bosh aylanishi, shishlar, sababsiz charchoq, yuzning qizarishi ham qayd etiladi.
- Homiladorlikning birinchi trimestri. Buni bartaraf qilish uchun uyg’ongach, to’shakdan turmasdan biron narsa yeb olish kerak (olma, pechenye).
Ovqatdan keyin
Ovqatlanishdan so’ng quyidagi hollarda ko’ngil aynishi kuzatilishi mumkin:
- Gastrit;
- Oshqozon yarasi;
- Pankreatit;
- Xolesistit;
- Yurak kasalliklari;
- Yog’li ovqatlar iste’moli;
- Appenditsit;
- Buyrak yetishmovchiligi;
- Me’yoridan ortiq yeb yuborish;
- Vahima, tashvish;
- Gijjalar;
- Sifatsiz oziq-ovqat iste’moli.
Ro’yxatdan ko’rinib turibdiki, ovqatdan keyingi ko’ngil aynishining asosiy sabablari hazm qilish tizimi bilan bog’liq. Shu bilan birga, bemorlar ko’pincha qorindagi og’riq, o’ng va chap qovurg’a ostidagi og’riqlardan, meteorizmdan shikoyat qilishadi.
E’tibor bering: «Psixogen ko’ngil aynish» kabi tushuncha bor — bu yoqimsiz narsalarni ko’rish yoki hidlash natijasida refleksli ko’ngil aynishidir. Bunday holat ko’pincha nevrozli odamlarga xosdir.
Isitma bilan
Bu ikki simptom ko’pincha oshqozon-ichak trakti va nafas olish a’zolarining yuqumli kasalliklarida namoyon bo’ladi:
- Dorilar, asoslar, oziq-ovqat, kislotalar bilan zaharlanish oqibatidagi o’tkir gastrit;
- Qizilcha;
- Salmonellyoz;
- Qizamiq;
- Meningit;
- Angina;
- Gepatit;
- Oshqozon grippi;
- Skarlatina;
- Bronxit;
- Ingichka ichak diskineziyasi;
- Oshqozon va qizilo’ngach shilliq qavatidagi eroziv jarayon;
- Jarrohlik aralashuvlari.
Ko’ngil aynishi va ich ketishi
Bu belgilar oshqozon-ichak trakti faoliyatidagi odatiy buzilishlarning namoyon bo’lishi sanaladi. Xususan, ular quyidagi holatlarda birga kuzatiladi:
- Virusli infektsiyalar;
- Bakterial infektsiyalar;
- Pankreatit;
- Yuvilmagan sabzavot va mevalarni iste’mol qilish;
- Dori-darmonlarning nojo’ya ta’siri;
- Noto’g’ri parhez.
Muhim: ich ketishi — kurashish kerak bo’lgan patologiya. Bu tananing suvsizlanishiga olib kelishi mumkin, bu ham kattalar, ham bolalarga salbiy ta’sir qiladi. Bu holda muammo sababini bartaraf etish bilan bir qatorda yetarli suyuqlik ichish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalarda ko’ngil aynishi
Bolalarda ko’ngil aynishi nafaqat oshqozon-ichak muammolari, balki boshqa omillar mavjud bo’lgan bir qator sabablarga bog’liq. Quyidagilarga alohida e’tibor berish kerak:
- Kalla ichi bosimining oshishi. Bosh og’rig’i ham kuzatiladi.
- Ko’p yeb yuborish. Oziq-ovqat mahsulotlarining ortiqcha iste’mol qilish ko’ngilni aynitadi va bo’kib qolganlik tuyg’usini keltirib chiqaradi.
- Zaif vestibulyator apparati. Ko’pincha transport vositalarida harakatlanish davomida bolalarda ko’ngil aynishi kuzatiladi. Shu sababli safardan oldin bolaga ko’p ovqat yoki ichimlik bermaslik tavsiya etiladi.
- Suvsizlanish. Ko’p hollarda bolalarda ko’ngil aynishi ular yugurib, terlaganidan so’ng yuz berishi mumkin. Bunday hollarda bolaga shunchaki suv ichirish kifoya.
- Stress. Bolalar ko’pincha hayajonlanganda, stress, asabiy taranglikda ko’ngil aynishini boshdan kechiradi. Buning oldini olish uchun bolani tinchlantirish, nafas olish mashqlarini bajartirish kerak.
- Allergiya (oziq-ovqat, dorilarga). Bolaning muayyan mahsulot yoki preparatga nisbatan allergiyasi mavjud bo’lganda kuzatilishi mumkin. Allergenini aniqlash uchun allergologga murojaat qilish kerak.
Ko’ngil aynishini davolash
Bu alomat turli xil sabablarga ko’ra yuzaga kelishi bois ko’ngil aynishini davolash — sababchi bo’lgan birlamchi kasallikni davolash deganidir. Mustaqil ravishda dori-darmonlarni qabul qilish bu holda og’ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, shuning uchun shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Turli hollarda ko’ngil aynishini bartaraf etish uchun beriladigan tavsiyalar:
- Ko’p yeb yuborganda ovqat miqdorini kamaytirish, yog’li va achchiq ovqatlardan tiyilish kerak.
- Ko’ngil aynishiga qarshi tabletkalari transportdagi chayqalish holatlarida yordam beradi. Dengiz kasalligida skopolamin saqlagan plastir ishlatiladi va u sayohatdan 6 soat oldin yopishtiriladi.
- Psixoterapiya kursi stress yoki ruhiy kasalliklar tufayli yuzaga kelgan ko’ngil aynishi qoldirishda foydali bo’ladi.
- Homiladorlik davrida ko’ngil aynishi yalpizli konfetalar yoki uyg’onishdan oldin biror narsa yeb olish orqali bartaraf etiladi.
Bosh aylanishi va ko’ngil aynishini davolash quyidagilarni nazarda tutadi:
- Gorizontal (yotgan) holatni qabul qilish;
- Toza havo kelishini ta’minlash;
- Hushdan ketgan bo’lsa burun yaqiniga nashatir spirti bilan namlangan paxtani olib kelish;
- Past qon bosimi sabab bo’lsa, qahva yoki shirin choy ichish;
- Tinchlantiruvchi dorilar — asabiy zo’riqishlarda belgilanadi;
- Vestibulolitik moddalar — ko’ngil aynishi xurujlarini yengillashtiradi (lorazepam, diazepam, prometazin);
- Metoklopramid — uzoq va og’riqli hollarda ko’rsatiladi.
Ko’ngil aynishiga qarshi dorilarni faqatgina shifokor tayinlashi mumkin. Ko’ngil ayniganda faqatgina alomatni emas, balki asosiy kasallikni davolash muhimdir.