Chaqaloq parvarishi — qoidalari, tavsiyalar, oylik go’dak parvarishi asoslari, muolajalar

Ba’zi yosh onalar chaqaloq bilan uyda yolg’iz qolishganda haqiqiy vahimaga tushishadi. Bunday vaziyatga yo’liqmaslik uchun, homiladorlik paytidayoq onalar tug’ruqxonadan chiqishganidan keyin yangi tug’ilgan chaqaloq parvarishi qanday olib borilishi va nimalar qilish kerakligini aniq bilishlari, tasavvur qilishlari kerak.

Chaqaloq parvarishi

Chaqaloq parvarishi asoslari va zaruriy muolajalar

Yangi tug’ilgan chaqaloqning terisi juda nozik, zaif va sezgir bo’ladi, shuning uchun terini noto’g’ri parvarishlash ko’pincha tezda uning infektsiyalanishiga va infektsion-yallig’lanishli kasalliklari rivojlanishiga olib keladi.

Kichkintoylarda terining eng ko’p yallig’lanishi — yo’rgakli dermatitidir (qizarib, achishi), lekin agar teri ta’sirlanishiga infektsiya ham qo’shilsa, vezikulopustuyloz (yiringli toshmalar, ko’pincha issiqlik toshishi, yo’rgakli dermatitga stafilokokk infektsiyasi qo’shilishi fonida teri qatlamlari, bo’yin, dumbada rivojlanadi), po’rsildoq yara (pemfigus, ko’plab yiringli elementlar paydo bo’lishi bilan xarakterlanadi va gavda, oyoq-qo’llar terisi va yirik teri qatlamlarida turli toshmalar paydo bo’ladi) kabi kasalliklar yuzaga kelishi mumkin.

Jiddiy davolashni talab etadigan bunday noxushliklardan qochish uchun, chaqaloq terisi parvarishi qoidalariga rioya qilish kerak.

Chaqaloqni ertalab yuvintirish

Ertalab go’dakni yuvintirish (yuzini yuvish, ko’zi, burni, quloqlarni tozalash) kerak. Yangi tug’ilgan chaqaloqning burun yo’llari juda tor bo’ladi va burundan nafas olishning buzilishi uchun juda kam miqdordagi shilliq yoki qobiq to’planishi yetarli sanaladi. Shuning uchun, onaning vazifasi — chaqaloq burnini har kuni tozalab turishdir. Kichkintoyning ko’zlari ham kundalik parvarishni talab qiladi. Agar gigiena qoidalariga rioya qilinmasa, konyuktivit — ko’z shilliq qavatining yallig’lanishi rivojlanishi mumkin, bunda ko’z shox pardasining qizarishi, uyqudan keyin kipriklar «yopishib» qolishi, ko’zning ichki burchagida ajralmalar ajralishi kuzatiladi.

Elementar gigiena qoidalariga rioya qilmaslik chaqaloqlar dakriosistiti — tug’ilish vaqtigacha burun-ko’z yosh yo’lining to’liq ochilmasligi va infektsiya qo’shilishi oqibatida ko’z yosh xaltasining yallig’lanishi rivojlanishiga turtki bo’lishi mumkin.

Go’dak tagini yuvish

O’g’il bolalar jinsiy olat boshchasini butunlay qoplab turadigan teri qatlami — chekka kertmak bilan tug’iladi. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda chekka kertmak toraygan bo’ladi, bu fiziologik fimoz deb ataladi va bola 3-5 yoshga yetganida o’z-o’zodan o’tib ketadi. Chekka kertmak ichida maxsus ajralma ishlab chiqaradigan yog’ bezlari mavjud. Agar ona go’dak tagini yetarlicha tez-tez yuvib turmasa, chekka kertmak ostida bakteriyalar to’planishi mumkin, ular o’z navbatida jinsiy olat boshchasi yallig’lanishi — balanopostit rivojlanishiga sabab bo’ladi.

Biroq diqqat qiling: gigienik muolajalar jarayonida chekka kertmakni siljitmaslik kerak, chunki bu jinsiy olat boshchasi va chekka kertmakning bir-biriga birikib ketishiga olib kelishi mumkin. Bolani bunday noxushliklardan himoya qilish uchun, chaqaloqni har safar hojat chiqarganidan keyin yuvib turish kerak, agar hojat chiqarish bo’lmasa, har 2-3 soatda.

Ushbu gigiena qoidalari qizlarga ham tegishlidir. Yangi tug’ilgan qizlar jinsiy a’zosi tuzilishining o’ziga xos xususiyatlari shundaki, jinsiy lablar qinga kirish qismini yaxshi qoplamaydi va qin ishqoriy muhitga ega, bu esa infektsiyani osonlik bilan kirishiga yordam beradi. Bundan tashqari, qizlarda siydik chiqarish kanali (uretra) juda kalta, agar gigiena qoidalariga rioya qilinmasa, u yerga patogen mikroorganizmlar kirishi mumkin, yallig’lanish osonlikcha yuqoriga ko’tariladi va chaqaloqda uretrit (siydik yo’llarining yallig’lanishi), sistit (qovuqning yallig’lanishi) rivojlanadi.

Go’dakni jo’mrak suvi ostida yuvishda qo’rqmaslik uchun yaxshisi oldindan jarayonning nazariyasini o’rganib olish, hatto qo’g’irchoqda amaliyot o’tkazib ko’rish mumkin.

Taglikni almashtirish

Birinchi qarashda, taglikni almashtirishni hech qanday qiyin tomoni yo’q, ayniqsa, ushbu amaliyotni tajribali ona yoki bolalar hamshirasi bajarsa. Biroq, birinchi marta taglikni almashtirishga urinib ko’rish yosh onaga qiyin bo’lishi mumkin, natijada, bolada taglik bo’lsa-da, uning kiyimlari namlanadi. Va tajriba bo’lmasa, ona o’zini va chaqaloqni bulg’amasdan, defakatsiyadan keyin tagliklarni yechib olishi ancha qiyin bo’ladi.

Kindik yarasiga ishlov berish

Yangi tug’ilgan chaqaloqqa g’amxo’rlik qilishda kindik yarasi alohida e’tiborni talab qiladi. Bitib ketmagan kindik yarasi parvarish qilish qoidalariga rioya qilinmaganda nafaqat kindikning infektsiyalanishiga (omfalit), balki infektsiyaning qon va organizm to’qimalariga tarqalishiga (sepsis) ham olib kelishi mumkin. Kindik yarasiga har kuni to u to’liq yopilib ketmagunicha va unga ishlov berilganda ajralma chiqishi to’xtamagunicha ishlov berish kerak. Qoida tariqasida, kindik yarasi hayotning 10-19-kuniga kelib butunlay bitib ketadi.

Go’dak parvarishi: cho’miltirish texnikasi

Chaqaloqni cho’miltirish — bolalar parvarishi qoidalarining eng muhim gigienik muolajalardan biridir va bolaning yengil chiniqishini ta’minlaydi. Go’dakni har kuni cho’miltirish kerak. Cho’miltirish bolani shuningdek yallig’lanishli teri kasalliklaridan chaqaloqni himoya qiladi, ular esa chaqaloq davridagi bolalarda eng tez-tez uchib turadigan kasalliklardan biri. Bu chaqaloqning teri va shilliq qavatining to’siq vazifalari yetilmaganligi, bakterial infeksiyaga chidamliligining pastligi bilan bog’liq.

Teri tozaligiga alohida e’tibor berilishi kerak, chunki chaqaloqlarda terining tashqi qatlami (epidermis) kattalarnikiga qaraganda yupqa va ifloslanishga ancha sezgirroq bo’ladi. Bundan tashqari, kichik bolalarda epidermis va dermis (terining asosiy qatlami) o’rtasidagi birikish bo’shroq bo’ladi va terining bunday tuzilishi infektsiyaning tezroq tarqalishiga sabab bo’ladi. Shuningdek, teri orqali, to’g’rirog’i, organizmning ter bezlari orqali ma’lum modda almashinuvi mahsulotlar chiqarib tashlanadi. Cho’milish jarayoni onaga ham, bolaga ham noqulaylik tug’dirmasligi uchun, ko’p narsani oldindan tayyorlab olish kerak: kerakli hamma narsani tayyorlash, o’z o’rniga qo’yish, xonada to’g’ri haroratni ta’minlash, cho’milish uchun tog’oracha va aftobadagi suvning haroratini me’yorga keltirish. Agar barcha harakatlar algoritmlarni oldindan ko’rib chiqsangiz, bola erkin haraktlanishi uchun uni qanday to’g’ri ushlash kerakligini bilsangiz, yanada yaxshi bo’ladi, shuningdek xavfsizlik qoidalarini esdan chiqarmaslik kerak.

Chaqaloqni yo’rgaklash

Ba’zi tug’ruqxonalarda, chaqaloqqa hayotining dastlabki kunlaridan boshlab uydan olib kelingan kiyim-kechaklarni kiydirishga ruxsat beriladi. Shuning uchun ham savol tug’iladi: chaqaloqni to’g’ri yo’rgaklashni o’rganish kerakmi? Ko’plab yangi tug’ilgan chaqaloqlarga katta fazoga moslashish uchun vaqt kerak, shuning uchun yo’rgaklangan holda harakatlardagi ba’zi cheklovlar chaqaloqqa ona qornida bo’lganidagi holatni eslatib turadi. Bunday holatda bola tezda tinchlanib, uxlab qoladi.

Yo’rgak bola qo’llari va oyoqlari qimirlata olishi va o’zi uchun qulay holatga o’tishini ta’minlaydigan darajada erkin bo’lishi kerak. Erkin yo’rgaklashning ikki turi bor: birinchisida bolaning qo’llari tashqarida qoladi, ikkinchisida — qo’llari bilan birga yo’rgaklanadi. Birinchi haftalarda bolani kechalari qo’llari bilan qo’shib yo’rgaklagan yaxshi, chunki ko’pchilik chaqaloqlar uyqusida qo’llarini silkitib, uyg’onib ketishadi.

Chaqaloqni to’g’ri emizish texnikasi

Yosh onaning tug’ruqxonada o’rganishi kerak bo’lgan yana bir vazifasi — chaqaloqni emizishdir. Agar onaning go’dakni emizish bo’yicha tajribasi bo’lmasa, unda hamshira yoki shifokor chaqaloqni ko’krakka qanday qilib to’g’ri joylashtirishni, qaysi holatda oziqlantirish qulay bo’lishini tushuntirishi va ko’rsatishi kerak. Ba’zi ayollarga ona suti (laktatsiya) ishlab chiqarish uchun bir necha kun kerak bo’ladi. Shu kunlarda chaqaloqni imkon qadar tez-tez ko’krakka qo’yib, emishga undash kerak. Bolani to’g’ri uslubda emizish onaga amalda bunga tezroq o’rganib ketishga, shuningdek sut turib qolishi va ko’krakning yorilishlarini oldini olish imkonini beradi.

Bola parvarishini onalarga kim o’rgatadi?

Yangi tug’ilgan chaqaloqqa qanday g’amxo’rlik qilishni qayerdan bilib olasiz?

Ko’pchilik homilador ayollar bo’lajak onalar uchun maktablarga qatnaydi. U yerda tug’ruqqa tayyorgarlik ko’rish va yangi tug’ilgan go’dak parvarishi bo’yicha nazariy va amaliy mashg’ulotlar kurslari o’tkaziladi. Akusher-ginekolog shifokorlar tug’ruq bilan bog’liq bo’lgan barcha masalalarga oydinlik kiritadi, onaga ma’lumotlar beradi, pediatrlar esa bo’lajak onalarga yangi tug’ilgan chaqaloqni parvarishlashni, emizishni yo’lga qo’yishni, chaqaloq hayotining dastlabki kunlarida qanday xavfli vaziyatlar yuzaga kelishini va ular bilan qanday kurashish mumkinligini aytib o’tadi.

Bundan tashqari, yangi tug’ilgan chaqaloq parvarishi haqida yosh ota-onalar uchun maxsus jurnallarda, bola parvarishi bo’yicha kitob va qo’llanmalarda savollarga javob topish mumkin.

Ammo bo’lajak onaning asosiy yordamchilari, albatta, tug’ruqxonadagi pediatr-hamshira va pediatr shifokor hisoblanadi. Tug’ruqxonani tanlashda, ona va bola birgalikda bo’lishi ta’minlanadigan muassasalarga afzallik berish kerak. Agar tug’ruqdan keyin ona va chaqaloq bitta palatada bo’lsa, birinchi kuni hamshira onaga oylik chaqaloq parvarishi uchun kerak bo’ladigan barcha ko’nikmalarni aytadi va eng muhimi — ko’rsatib beradi, ona esa tajribali murabbiy nazorati ostida «amaliyot» o’tkazish imkoniyatiga ega bo’ladi. Bola terisini birinchi tozalash muolajalari odatda hamshira tomonidan amalga oshiriladi, keyin bu jarayonni tibbiy xodimlarning nazorati ostida onaning o’zi amalga oshirishga harakat qiladi. Agar ona shifoxonada chaqaloqqa qarash uchun eng muhim gigienik muolajalarni amalga oshirishni o’rgansa, uyga ketganida, muammolar bilan kamdan-kam hollarda to’qnashadi.

Tug’ruqxonalarda ishlaydigan hamshiralar ko’krak suti bilan emizish borasida katta tajribaga ega bo’lib, kerak bo’lganda, har bir ona ularga maslahat va yordam so’rab murojaat qilishlari mumkin. Ular sut bezlarini shikastlamasdan, ehtiyotkorlik bilan sutni qanday sog’ib olishni ko’rsatadilar, tegishli maslahat beradilar.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. Juda qiziqarli.Shu tobda bitta savolim bor yangi chaqalogimni tagi pishib toshmalar toshgan nima qilsa ketadi qizarishi kuchli nima yordam beradi?

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.