Chaqaloqlarda qorin dam bo’lishi — sabablari, alomatlari, davolash usullari

Сhaqaloqlarda qorin dam bo’lishi butun oila uchun haqiqiy muammo bo’lishi mumkin. Bu bolaning bezovtalanishi, ota-onalarning uyqudan qolishi va stressidir. Meteorizm nima sababdan yuzaga keladi, qanday qilib yordam ko’rsatish mumkin va kelajakda bu muammoni oldini olish uchun nima qilish kerak?

Chaqaloqlarda qorin dam bo'lishi

Chaqaloqlarda qorin dam bo’lishi sabablari

Bolalarda ichak meteorizmi chiqib ketishi qiyin bo’lgan gazlar to’planib qolishi natijasida yuzaga keladi, bu holga og’riq, qorin qurillashi hamrohlik qiladi. Buning sababi bola organizmi ona qornidan tashqaridagi hayotga moslashishining murakkab jarayonlaridir.

Emizikli chaqaloqda uning ichagi ko’piksimon massa bilan to’la bo’lganda qorin dam bo’lishi kuzatiladi. Ushbu substantsiya ichakni ichidan kengaytirishga harakat qiladi, uning devorlarini qoplab va bo’shliqni to’ldirib oladi. Natijada oziq-ovqatning so’rilishiga to’sqinlik qiladi va hazm qilish jarayonini buzadi. Bularning hammasi qorinda og’riqlar keltirib chiqaradi. Bu holda chaqaloq bezovtalanadi, oyoqlari bilan keskin harakatlar qiladi, uni qorniga tortib olishga intiladi. Bunday holat chaqaloq hayotning birinchi oyida paydo bo’lishi va unga 3-4 oygacha aziyat yetkazishda davom etishi mumkin.

Bolalarda qorin damlanishining boshqa sabablari:

  • Bolaning yoshi va oshqozon-ichak yetukligiga mos kelmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari — sutli aralashmani o’zgartirish, ortiqcha ovqatlantirish, qo’shimcha ovqatlarni kerakli vaqtdan oldin kiritish, muvozanatsiz oziqlantirish;
  • Ko’pincha yangi tug’ilgan chaqaloqlarda qorin dam bo’lishi ular iste’mol qiladigan oziq-ovqatlarda emas, balki yig’lashi, noto’g’ri ovqatlantirish natijasida havo aralashmasini yutishi natijasida yuzaga keladi;
  • Meteorizmning yana bir muhim sababi — bolaning haddan tashqari qo’zg’alishi, bezovtalanishi, har qanday sababga ko’ra beqaror hissiy holatga tushishi;
  • 1 yoshgacha bo’lgan emizikli chaqaloqlarda onasi iste’mol qilayotgan ovqat ham ularning qorni damlanishiga sabab bo’lishi mumkin. Yangi mevalar, sharbatlar, dukkaklilar (no’xat, loviya), oq karam, yong’oq, quyultirilgan sut, qora non, kvas, xamirturushli pishiriqlar kabi mahsulotlar shular jumlasidan;
  • Chaqaloqlarning oshqozoni kattalarnikiga qaraganda yuqoriroq va gorizontal joylashgan, oshqozon va ichak mushaklari kamroq rivojlangan bo’ladi. Bu esa oziq-ovqat mahsulotlarining harakatlanishini qiyinlashtiradi;
  • Bolalarda meteorizm laktaza yetishmovchiligi, disbakterioz va sigir sutidagi oqsillariga allergiya bo’lishi tufayli ham yuz beradi.

Alomatlari

Bir oylik kichkintoyda qorin damlanishi kekirish, gaz chiqishi, og’riq tufayli baqirib yig’lash ko’rinishida namoyon bo’ladi. Qoida tariqasida, bola oziqlantirishdan bir necha daqiqa o’tib oyoqlarini qorniga tortgan holda yig’lay boshlaydi. Ko’pincha, bu xurujlar kechga yaqin, ba’zan esa har kuni bir vaqtning o’zida sodir bo’ladi. Bolaning qorni damlanib qoladi, tashqi tomondan yumaloqroq ko’rinadi, tegib ko’rilganda qattiqligi seziladi.

Bolalarda qorin dam bo’lishini davolash

Chaqaloqlarda qorin dam bo’lishini yengillashtirish uchun davolash turli usullar bilan amalga oshiriladi.

Gazlarni turli xil usullardan tozalashga yordam beradigan o’simlik (zira, oddiy fenxel, shivit, kashnich) asosli bir qator tibbiy vositalar, shuningdek yel haydovchi vositalar, ichak spazmini oldini olish uchun spazmolitiklar, ichak motorikasini faollashtiruvchi preparatlar, disbakteriozga qarshi lakto- va bifidobakteriyalar mavjud. Medikamnetoz davolash to’g’risida qaror qabul qilish uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Chaqaloqning holatini yengillashtirish uchun mashhur xalqona usullardan foydalanish mumkin:

  • Bolaning qornini qizdirish: qoringa issiq qo’l qo’yish, ona chaqaloqni o’z qorniga qo’yishi yoki bolaning qornini issiq choyshab bilan yopish;
  • Kindik atrofini aylana harakatlar bilan biroz bosgan holda massaj qilish;
  • Gimnastika mashg’ulotini bajarish — bolaning oyoqlari tizzasidan bukilib, qorniga tomon itarish va yana to’g’rilash;
  • Qorin qismini mahkamroq qilib yo’rgaklash.

Meteorizmda gimnastika

Chaqaloqlarda gazlar chiqib ketishini osonlashtiradigan umumiy tavsiyalar ham mavjud:

  • Har bir ovqatlantirishdan oldin bolani 5 daqiqaga qorni bilan yotqizish tavsiya etiladi. Buni kunning istalgan vaqtida amalga oshirish mumkin — qorin massajlanadi, mushaklari esa chiniqadi;
  • Qorinni soat yo’nalishi bo’yicha uqalash ham muntazam muoalajaga aylanishi kerak;
  • Har bir oziqlantirishdan so’ng chaqaloqni tik qilib 10-15 daqiqa ushlash kerak. Shunda ortiqcha havo chiqib ketadi, ovqat esa oshqozonga yetib boradi;
  • Kundalik hayotda bola oyoqlarini erkin harakatlantirishiga imkon berish uchun qattiq qilib yo’rgaklashdan saqlanish lozim;
  • Sut bilan birga havo ham ketmasligi uchun chaqaloqni ko’krakka to’g’ri qo’yishni o’rganish. Emizish davrida taomnomani kuzatib borish maqsadga muvofiq bo’ladi;
  • Sun’iy oziqlantirishda aralashmalarning tez-tez o’zgarishi tufayli bolaning oshqozon-ichak traktini shikastlamaslik uchun prebiotik saqlovchi turini olishga harakat qilish zarur.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.