Soch to’kilishiga qarshi uy sharoitida tayyorlanadigan samarali niqoblar

Soch to’kilishi jiddiy muammo bo’lib, uy sharoitida tayyorlangan soch to’kilishiga qarshi niqoblar sizning ishonchli himoyangiz bo’ladi. Keling, mustaqil tayyorlangan soch to’kilishga qarshi niqobning eng samaralilarini ko’rib chiqaylik.

Soch to'kilishiga qarshi niqoblar

  • Soch to’kilishiga qarshi niqoblarni 8-12 bor qo’llash (bu bir kurs bo’ladi), so’ngra 2 hafta davomida tanaffus qilish va kursni yana takrorlash kerak;
  • Niqobni haftasiga 2-3 marta qo’llang;
  • Ko’proq samaraga erishish uchun niqoblarning turli retseptlarni almashtirib qo’llash tavsiya etiladi;
  • Sochlar to’kilishiga qarshi niqoblar tarkibida achituvchi masalliqlar mavjud, shuning uchun dastlabki 2-3 ta niqoblarda bunday masalliqlar — qalampir, xantal (gorchitsa), dolchin miqdorini ikki marta kamaytiring.;
  • Niqob qo’llaganingizdan keyin 2-3 soat tashqariga chiqmaslik kerak;
  • Kurs davomida soch uchun multivitaminlar qabul qilish tavsiya etiladi.

Soch to’kilishiga qarshi piyozli niqob

Soch to’kilishiga qarshi kurashishda piyozli niqob uy sharoitida tayyorlanadigan niqoblar orasida eng mashhuridir. Ushbu niqob soch ildizlarini mustahkamlaydi, qon oqimini keskin ravishda faollashtiradi va bizga kerakli bo’lgan sohada modda almashinuvini yaxshilaydi. Soch to’kilishiga qarshi eng oddiy niqob — shunchaki piyozni qirg’ichdan o’tkazib, sochlaringizni yuvishdan bir soat oldin soch ildizlariga yumshoq qilib surting. Agar sizda bosh terisi sezgir bo’lsa, siz bu niqob retseptini biroz o’zgartirish va unga birga-bir nisbatda tabiiy yogurt qo’shishingiz mumkin.

Soch to’kilishini to’xtatish uchun aloeli niqob

Aloe — sochlarni to’kilishini to’xtatishda qo’llaniladigan an’anaviy o’simlikdir. Avvallari bunday maqsadlar uchun aloe maxsus o’stirilib, barglarini qirg’ichdan o’tkazib, hosil bo’lgan bo’tqani bosh terisiga surtishardi. Siz ham huddi shunday qilishingiz mumkin, lekin agar sizda bu o’simlik mavjud bo’lmasa, siz dorixonadan tayyor aloe sharbatini sotib olishingiz mumkin. Narxi qimmat emas, soch to’kilishiga qarshi ta’siri esa juda katta. Uy sharoitida soch to’kilishini to’xtatish uchun aloe sharbatini bir xil nisbatda asal bilan aralashtirib, bosh terisiga surtish tavsiya etiladi.

Soch to’kilishiga qarshi qichitqi o’tidan vitaminli niqob

Soch to’kilishiga qarshi ushbu niqobni tayyorlash uchun  1 choy qoshiq jojoba moyi, yarim stakan qichitqi o’t (krapiva) damlamasi va bitta tuxum sarig’i kerak bo’ladi. Jojoba moyini dorixonadan sotib olishingiz mumkin. Qichitqi damlamasini o’zingiz tayyorlang — 1 osh qoshiq quritilgan qichitqi o’t (buni ham dorixonadan topish mumkin) ustiga yarim stakan qaynoq suv solib, 30 daqiqa davomida qoldiring, keyin faqat suyuqligini tindirib oling. Agar qichitqi yangi bo’lsa, sizga bir stakan yangi barglar kerak bo’ladi. Qichitqi o’t damlamasiga bir choy qoshiq jojoba moyi va tuxum sarig’ini qo’shib, bir xil massa hosil bo’guniga qadar aralashtiring. Tayyor bo’lgan aralashmani boshga va sochning butun uzunligiga qo’llang. Niqob turishi vaqti 40 daqiqa. Ushbu uch mahsulotlarda ko’p miqdorda vitaminlar mavjud bo’lib, ular soch follikullarini oziqlantiradi, sochni mustahkamlaydi va o’sishini rag’batlantiradi.

Soch to’kilishini oldini olishda avokadodan foydalanish

Ushbu niqob piyoz va xantal kabi achituvchi nioqblarni hush ko’rmaydiganlarga mos keladi. Bitta avokado mevasini oling, agar u qattiq bo’lsa, shunchaki bir-ikki kunga yorug’ joyda qoldiring. Yumshagach, avokadoni ikkiga bo’ling va bir bo’lagini yaxshilab ezib, bir choy qoshiq asal qo’shing va bosh terisi va butun soch uzunligi bo’ylab surtib chiqing. Juda yumshoq ta’sirga ega, hech qanday achishish bo’lmaydi.

Sochlarning to’kilishga qarshi shifobaxsh gilli niqob

Gil (loy) soch to’kilishini to’xtatish va ildizlarini mustahkamlash uchun o’ta zarur bo’lgan mikroelement va minerallarga boydir. Bir paketcha havorang gil oling (dorixonalarda sotiladi), u taxminan 3 osh qoshiq bo’ladi. Uni iliq mineral suv bilan (agar sochlaringiz quruq bo’lsa, sut yoki qaymoqdan foydalaning) pastasimon massa hosil qilib aralashtiring. Niqobni sochlarni ajratib-ajratib bosh terisiga qo’llang. Yengil aylana harakatlar bilan massaj qiling va boshingizni polietilen va issiq sharf bilan o’rang. Ushbu niqob 40 daqiqacha ushlab turiladi, shundan so’ng uni shampun bilan yuvib tashlash kerak.

Soch to’kilishiga qarshi mo’jizaviy niqobi

Ushbu niqob ayollar tomonidan juda ko’p marotaba ijobiy baholangan, niqob sochlarni mustahkamlaydi, ularning o’sishini rag’batlantiradi va zaiflashgan soch ildizlarini oziqlantiradi. Ushbu uyda tayyorlanadigan soch to’kilishga qarshi niqobning retsepti juda oddiy — 1 osh qoshiq piyoz sharbati va suyuq asal, 2-3 osh qoshiq chakamug’ moyi (repeynoe maslo) va bitta tuxum sarig’ini yaxshilab aralashtiring. Tayyor bo’lgan niqobni 5-10 daqiqa davomida bosh terisiga surting, so’ngra polietilen va sochiq bilan kompress qiling. Niqobni 40 daqiqa ushlab turing, keyin sochlaringizni shampun bilan yuvib tashlang.

Soch to’kilishida samarali tuzli niqob

Ko’p kishilar tuz qadim zamonlardan buyon sochlarning to’kilishini to’xtatish uchun ishlatilganligini bilishmaydi. Soch to’kilishiga qarshi tuzli niqob oddiy ishlaydi va mukammal ta’sir ko’rsatadi. Birinchidan, boshni yaxshilab yuvish kerak, keyin tuz (yaxshisi yodlangan tuz) oling, biroz iliq suv bilan aralashtiring, nayijada tuzli bo’tqa hosil bo’lsin. Tayyor bo’lgan bo’tqani bosh terisi va soch ildizlariga ehtiyotkorlik bilan, bosmasdan surtib chiqing. Ushbu niqobni 15 daqiqa ushlab turing, so’ngra iliq suv bilan yuvib tashlang. Haftada 1-2 marta bajaring. Oddiy tuz o’rniga dengiz tuzini qo’llasa ham bo’ladi.

Kivili soch to’kilishga qarshi niqob

Kivi keng tarqalgan mamlakatlarda undan tayyorlanadigan niqoblar juda mashhurdir, ulardan soch to’kilishi bilan kurashish maqsadida ham faol foydalaniladi. Boshqalarga yordam beradigan vositani biz ham ishlatsak bo’ladi, bu mevaning katta vitaminli zaxirasi hammaga yaxshi ma’lum va uni sotib olish juda oson. Shunday qilib, kivini po’stidan tozalang, mag’zini yaxshilab aralashtiring va unga yarim choy qoshiq spirt qo’shing, aralashtiring. Tayyor bo’lgan aralashmani 5-7 daqiqa davomida bosh terisiga surting, so’ngra sochingizni polietilen bilan o’rab, yana 15 daqiqa kuting. Usbu niqob soch to’kilishiga qarshi juda samarali ekanligi ko’p ayollar tomonidan aytib o’tilgan.

Soch to’kilishiga qarshi xantalli niqoblar

Sochlarning to’kilishga qarshi xantal (gorchitsa) li niqoblar odatda eng umidsiz vaziyatlarda ham yordam beradigan qutqaruvchiga aylanadi. Niqob faqat soch to’kilishini to’xtatibgina qolmay, balki ularning faol o’sishiga ham yordam beradi. Xantal mahsulot sifatida juda faol bo’lganligi uchun, u terini jiddiy kuydirishi  mumkin, shuning uchun bu niqobni tayyorlashda nisbatni qat’iy saqlang. Niqobni tayyorlash uchun bir choy qoshiq xantal kukunini qora choy damlamasi bilan pasta holatiga keltiring, keyin bir choy qoshiq shakar va bitta tuxum sarig’ini qo’shing, tayyor bo’lgan aralashmani bosh terisiga surtib chiqing. Agar sizning sochlaringiz yorqin rangda bo’lsa, qora choy o’rniga moychechak damlamasini qo’shishingiz mumkin.

Soch to’kilishiga qarshi retinol bilan kurashamiz

Retinol — bu hammaga ma’lum vitamin A bo’lib, uni har qanday dorixonalardan topsa bo’ladi. Retinolli niqob soch to’kilishiga qarshi juda samarali hisoblanadi, juda ko’p ayollar buning samarasi haqida aytib o’tgan. Buning uchun 2 osh qoshiq qaymoq, 1 osh qoshiq retinol, va 1 osh qoshiq limon sharbati kerak bo’ladi. Barchasi biroz isitilib, yaxshilab aralashtiriladi. Uni bosh terisiga surtib, bosh 15 daqiqa davomida o’rab qo’yiladi, keyin uni iliq suv bilan yuvib tashlash kerak.

Xinali niqob

Agar sochlaringiz juda ko’p to’kilayotgan bo’lsa, unda sizga oddiy xina yordam beradi. Ushbu kosmetik vosita hozirda biroz unutilgan, ammo undan bizning onalarimiz va buvilarimiz sochlarini davolashda foydalanishgan. Xinaning bir qator foydali xususiyatlari bor — u sochlarga jilov bag’ishlaydi, quruqligidan, qichishidan, qazg’oqdan halos qiladi, soch ildizlarini mustahkamlaydi va soch o’sishini rag’batlantiradi. Agar sochingizni rangi o’zgarishini hohlamasangiz, unda rangsiz xinadan foydalanishingiz mumkin. Niqob tayyorlash uchun 3 osh qoshiq xinani iliq suv bilan aralashtiring, 15 daqiqaga qoldiring va bosh terisi va sochlarga surting.

Soch to’kilishiga qarshi uy sharoitida tayyorlanadigan shampun

Shampun soch to’kilishini oldini olish uchun tanlangan eng foydali masalliqlarni o’z ichiga oladi. Uning tarkibida ko’plab minerallar, oziqa moddalari va vitaminlar mavjud. Uni tayyorlash uchun o’zingiz foydalanadigan shampundan 1 osh qoshiq oling, bitta tuxum sarig’i va 2 osh qoshiq limon sharbati bilan aralashtiring. Ushbu aralashmani sochlarga va bosh terisiga qo’llang va 40 daqiqaga qoldiring. Shundan so’ng, sochingizni odatdagidek yuving. Soch to’kilishini to’xtatish uchun har safar boshni yuvishdan oldin qo’llang, oldini olish uchun esa oyiga 2-3 marta.

Soch to’kilishiga qarshi qora non bilan tayyorlanadigan niqob

Qora nonda sochlarning mustahkamligi, ularning go’zalligi va saqlanib qolishi uchun javobgar bo’lgan B guruhi vitaminlari mavjud. Samarali uy niqobi tayyorlash uchun ikki bo’lak qora nonni oling va sutga iviting. Sizda qaymoq kabi quyuqlikdagi aralashma hosil bo’lishi kerak. Tayyor aralashmani boshning sochli qismiga surting, sochlaringizni yig’ing va boshingizni polietilen paket bilan o’rang, ustidan esa sochiq bilan. Niqobni 40 daqiqadan bir soatgacha ushlab turing. Shundan so’ng, sochni yaxshilab yuvib tashlang.

Soch to’kilishida yog’li niqoblar

Soch to’kilishi muammosini bartaraf qilishda eng yaxshi natijalarni chakamug’ va kanakunjut moyi ko’rsatdi. Ushbu moylardan tayyorlanadigan niqoblar retsepti juda ko’p. Ulardan biri — 1 osh qoshiqdan chakamug’, kanakunjut, kamfora va bodom moyini aralashtiring, aralashmaga bir kapsula suyuq vitamin A va bir ampula vitamin B (dorixonalarda mavjud) soling. Yaxshilab aralashtiring va hosil bo’lgan aralashmani bosh terisiga surting, biroz massaj qiling, so’ngra taroq yordamida aralashmani butun soch uzunligi bo’ylab yoying. Boshingizni polietilen paket bilan, ustidan esa sochiq bilan o’rang va bir soatlarcha ushlab turing. Bunday niqobni 8 marotaba qo’llash soch to’kilishini samarali to’xtatadi.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. Yaxshi barchasi ucun raxmat menga yoqdi. Barini sinab ko‘raman va natijasini yozib qoldiraman… ?

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.