Raxit — D vitamini yetishmovchiligi va organizmdagi mineral almashinuvining buzilishi bilan bog’liq kasallikdir. Raxitdan ko’pincha bir yoshgacha bo’lgan bolalar aziyat chekadi va kasallar orasida eng ko’p uchraydigan toifa muddatidan oldin tug’ilgan va sun’iy ozuqalar bilan oziqlantiriladigan chaqaloqlardir.
Raxit bola hayoti uchun xavfli emas, lekin uni to’g’ri davolamaslik bola hayotida bir umrlik iz qoldirishi mumkin — skeletning sezilarli deformatsiyalari (qiyshayishlari), prikusning qiyshiqligi, yassi oyoqlik va boshqa shunga o’xshash kasalliklar.
Raxit rivojlanishi sabablari va mexanizmlari
Ma’lumki, suyakni to’laqonli shakllanishi uchun fosfor, kaltsiy va ichakda ularni to’g’ri so’rilishi uchun vitamin D kerak. Ushbu komponentlar bolaning organizmiga oziq-ovqat bilan birga tushadi (ona suti, tuxum, baliq, sabzavotlar, va hokazo), vitamin D esa shuningdek quyosh nuri ta’sirida teri ostida ham ishlab chiqariladi.
Yangi tug’ilgan chaqaloqlar hayotga kaltsiy, fosfor va vitamin D zaxirasi bilan birga keladi (bu moddalar bolaning ona qornidagi hayotining so’nggi haftalarda faol to’plana boshlaydi, albatta agar ona to’g’ri va muntazam ovqatlansa va quyosh ostida yursa), shuning uchun bola hayotining 1-2 oyida suyaklar normal rivojlanadi. Keyinchalik bola tez o’sib-rivojlanishi va zaxiralarning tugashi natijasida bolalar tanasi ko’proq «qurilish» materialiga muhtoj bo’ladi. Agar bu ehtiyoj qondirilmasa, kaltsiy va fosfor bola suyaklaridan yuvila boshlaydi. Shuning uchun suyak to’qimalarining zichligi kamayadi va osonlik bilan deformatsiya bo’ladi. Buning oqibatida skelet qismida raxitning yoqimsiz ko’rinishlari yuzaga keladi.
Fosfor-kaltsiy almashinuvining buzilishi suyak to’qimalariga salbiy ta’sir qilishidan tashqari, u shuningdek asab tizimi va mushaklarga ham o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bemorlarda psixomotor rivojlanishning sekinlashuvi, mushaklarning gipotoniyasi va boshqa patologik belgilar kuzatiladi.
Shunday qilib, raxitning asosiy sababi D vitamini yetishmovchiligidir, kasallikning rivojlanishida kaltsiy va fosfor yetishmovchiligi ham ma’lum bir rol o’ynaydi. Quyida keltirilgan holatlarda ularning yetishmasligi yuz beradi:
- Agar bola zarur bo’lgan moddalarni oziq-ovqat bilan qabul qilmasa. Misol uchun, bolaga ona suti o’rniga sun’iy aralashmalar yoki sigir suti berilsa, qo’shimcha oziqni kech joriy etish (6-8 oydan keyin), agar bola ratsionining ko’proq qismini bo’tqalar, ayniqsa manna bo’tqasi tashkil qilsa.
- Bolaning terisiga quyosh nuri uzoq vaqt davomida ta’sir qilmagan bo’lsa .
- Agar ichakda so’rilish va hazm qilish faoliyati buzilsa (bunday hollarda bolaga hatto eng to’yimli oziq-ovqat berish ham raxit xavfini kamaytirmaydi).
Raxit uchun xavf omillari
Raxitning aniq sabablaridan tashqari bir necha turtki bo’luvchi xavf omillari mavjud:
- Muddatidan oldin tug’ilganlik — birinchidan muddatidan oldin tug’ilgan chaqaloqlarda oziq moddalarini «zaxira» qilish vaqti bo’lmaydi, ikkinchidan ularda ko’pincha ichaklar bilan bog’liq muammolar va umuman ovqat hazm qilish tizimi bilan bog’liq buzilishlar mavjud bo’ladi.
- Yangi tug’ilgan chaqaloqning vazni (chaqaloq qanchalik og’ir bo’lsa, shunchalik ko’p oziq-ovqat va vitamin kerak).
- Ko’p farzandli homiladorlik. Bunday homiladorlikdan tug’ilgan chaqaloqlar qoida tariqasida kaltsiy va fosfor yetishmovchiligini his qilishadi. Bundan tashqari, bu chaqaloqlar ko’pincha muddatidan oldin tug’ilishi mumkin.
- Ovqat hazm qilish tizimining tug’ma kasalliklari.
- To’qroq teri rangi (qoracharoq bolalarda quyosh nuri ta’sirida kam vitamin D ishlab chiqariladi).
Raxitning alomatlari va belgilari
Raxitning dastlabki belgilari (ota-onalar ushbu belgilar mavjudligiga e’tibor berishlari kerak):
- Haddan tashqari terlash.
- Yomon uyqu, asossiz tashvishlanish, uchib tushishi.
- Ensa sohasida soch to’kilishi va kallik.
- Qabziyat (raxitda mushaklar gipotoniyasi rivojlanadi, ichak mushaklarida ham, buning oqibatida ichak peristaltik harakatlari buziladi va najas sekin harakatlanadi).
Ushbu alomatlar bola hayotining 3-4 oylaridayoq paydo bo’lishi mumkin. Agar kasallik ushbu bosqichda aniqlansa (boshlang’ich deb ataladi) va davolanadigan bo’lsa, bolaning salomatligi uchun salbiy oqibatlarga olib kelmaydi. Agar bu vaqt o’tkazib yuborilsa, kasallik rivojlanadi (u avj olish bosqichiga o’tadi) va bolada patologiyaning yanada jiddiy alomatlari rivojlanadi:
- Bosh suyagi, oyoq-qo’llari va tanasining deformatsiyalari. Ko’rsatkich xususiyati — tekis bo’yin, katta peshona, O yoki X shaklidagi oyoqlarning qiyshayishi va boshqalar.
- Mushaklar kuchsizligi, buning natijasida yana bir belgi — «qurbaqa qorni», ya’ni qorinning osilib qolishi, mushaklar tarangligi yo’qligi.
- Motorika rivojlanishida sustlik (bolaning boshini ushlab turishi, o’girilishi, o’tirishi kuzatilmaydi, garchi uning tengdoshlari allaqachon buni bajarayotgan bo’lsada).
- Tishlarning kech chiqishi.
- Ichki organlarning (birinchi navbatda oshqozon-ichak traktining) buzilishlari.
Asta-sekin, bola, albatta, yaxshilandi (tiklanish bosqichi kasallik boshlanganidan so’ng taxminan 6-7 oydan o’tib boshlanadi), lekin rivojlangan suyak deformatsiyalari butunlay yo’qolib ketmaydi, ba’zida butun umrga qolib ketadi. Bu tor tos suyagi, noto’g’ri prikus, yassi oyoqlik, ko’krak qafasining deformatsiyalanuvi (ikki yon tomondan qisilib, oldinga chiqib ketishi).
Tashxis
Raxitni tajribali shifokor shunchaki ko’rik otkazib qo’ya olishi mumkin, lekin tashxisni tasdiqlash uchun Sulkovcih bo’yicha siydik tahlili o’tkazilishi kerak. Bu ertalab ovqatlanishdan oldin chaqaloqdan olingan siydikda kaltsiy uchun sifat tahlilidir. Tahlilni o’tkazish uchun tayyorgarlik ko’rish kerak (siydik to’plagich olish kerak, ovqatlanishda ba’zi cheklovlar qo’yish va hokazo).
O’g’ir hollarda, shifokorlarga kalsiy-fosfor almashinuvining buzilganligi va suyak to’qimalarining shikastlanish darajasini aniqlash kerak bo’lganda, bemorlar yanada kengroq tahlillardan o’tishadi:
- Qonni elektrolitlarga tahlil qilish (kaltsiy va fosfor), ishqoriy fosfataza faolligi (suyak to’qimasi shikastlanishi ko’rsatkich) va vitamin D ning metabolitlari tahlili;
- Kunlik siydikda kaltsiy va fosforni aniqlash;
- Bilak suyaklarini ultratovush tekshiruvi.
- Rentgenografiya (oxirgi paytlarda kam qo’llaniladi).
Raxitni davolash
Bolalardagi raxitni davolashda kompleks — maxsus va maxsus bo’lmagan usullardan foyalanib (kasallikning sababini hisobga olgan holda) olib borilishi kerak.
No-maxsus usullari — bu ham to’g’ri ovqatlanish, ham bola kunining to’g’ri tartibi, ham turli umummustahkamlovchi muolajalar (massaj, gimnastika, o’simlik va tuzli vannalar va hokazo).
Maxsus usullari — vitamin D, kaltsiy va fosfor preparatlarni buyurish, teriga sun’iy ultrabinafsha nurlarini ta’sir qildirish.
Oziqlanish va kun tartibi
Raxitli bolalarni ovqatlanishini tanani zarur moddalar bilan ta’minlashga qaratilgan bo’lishi kerak. Bir yoshacha bo’lgan bolalar uchun eng yaxshi ozuqa — bu ona sutidir. Agar chaqaloqni emizish imkoni bo’lmasa, siz moslashtirilgan sut aralashmasidan foydalanishingiz mumkin, sigir va echki suti buning uchun mos kelmaydi.
Bundan tashqari qo’shimcha oziqlantirishni o’z vaqtida joriy etish ham muhim ahamiyatga ega, bola organizmining foydali moddalarga talabi o’sib boraveradi, ona sutida esa aksincha, oyma-oy foydali moddalar miqdori kamayadi. Shuning uchun pediatrlar bolani 6 oylikdan so’ng faqat emizish bilan oziqlantirishni tavsiya etmaydi.
Raxit bo’lgan bola uchun birinchi qo’shimcha oziqni 4 oyligidan boshlab joriy qilish mumkin va u sabzavotlar bo’tqasi bo’lsa yanada yaxshiroq bo’ladi. Keyinchalik tabiiy vitamin D manbalari — o’simlik yog’i, tuxum sarig’i va 7-8 oylikdaan boshlab — baliq va go’sht kiritish mumkin. Bundan tashqari, kasal bolaga meva pyuresi va sharbatlar, shuningdek tvorog va sut mahsulotlari ham kerak bo’ladi. Lekin bo’tqalardan, ayniqsa, manna bo’tqasini cheklash maqsadga muvofiq bo’ladi.
Kun tartibiga keladigan bo’lsak, har kuni bolani kamida 2 soat ko’chada bo’lishini tashkil qilish kerak. Bolani to’g’ridan-to’g’ri quyosh nurlari ostida ushlab turishning hojati yo’q (bu hatto zararli), daraxtlarning yashil barglari orqali o’tadigan yorug’lik ham yetarli bo’ladi.
Bundan tashqari, chaqaloq gimnastikasi bilan mashg’ul bo’lishingiz, massajga olib borishingiz (yoki mutaxassis maslahatiga ko’ra o’zingiz qilishingiz) kerak. Shuningdek, raxit bilan og’rigan bolalarga tuzli, ignabargli vannalar (qaysi biri tanlanishi shifokor aytadi) ko’rsatiladi. Bunday usullardan so’ng bola yaxshi oziqlanadi va uxlaydi.
Raxitni dori-darmonlar bilan davolash
Davolashning asosi — bu vitamin D qabul qilishdir. Qo’llaniladigan dori dozasini faqat pediatr shifokor ko’rsatadi, chunki oz miqdori ham (yordam bermaydi), ko’p miqdori ham (gipervitaminozga olib keladi) xavfli hisoblanadi.
Vitamin D dan tashqari bolaga kaltsiy va fosfor qo’shimchalari belgilanishi mumkin (vitamin D siz ularni qabul qilish samarasizdir) . Muddatidan oldin tug’ilgan chaqaloqlarga ko’pincha vitamin D dan tashqari boshqa vitaminlar, shuningdek, barcha zarur minerallar mavjud murakkab dorilar tavsiya qilinadi.
Bolalardagi raxitni oldini olish
Raxit ko’plab profilaktik chora-tadbirlar yordamida oldini olish juda oson bo’lgan kasalliklar sinfiga kiradi. Bunday choralar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- May-sentyabr oylaridan tashqari yil davomida har kuni vitamin D qabul qilish. Muddatidan oldin tug’ilgan chaqaloqlar uchun shifokor ko’p miqdorda vitamin D buyurishi mumkin.
- Ratsional ovqatlanish. Bola hayotining biinchi oylarida faqatgina ona suti, faqat 4 oydan keyin ba’zi qo’shimchalar kiritish.
- Har kuni toza havoda sayr qilish. Issiq, quyoshli oylarda bolani ko’p ham o’rantirib tashlash kerak emas, quyosh bilvosita (to’g’ridan-to’g’ri emas) ta’sir qilishi mukin bo’lgan ochiq teri sohalari qolsin.
Bundan tashqari, ona homiladorlik davrida ham farzandiga sog’lom kelajak uchun sharoit yaratib berishi mumkin. Buning uchun ayol muvozanatli ovqat iste’mol qilishi, toza havoda ko’proq yurishi va shifokor tavsiya qilgan bo’lsa vitamin va mineral komplekslarni qabul qilish kerak.
Assalomu alaykum. 2-3 yoshli bolalardagi raxitni ham davolash mumkinmi yoki davolash uchun kechmi
Agar kasallik hozirda faol bo’lsa, u vitamin D va kaltsiy qo’shimchalari yordamida davolanadi. Hech bir faol kasallikni davolash kech bo’lmaydi. Agar kasallik o’tmishda qolgan bo’lsa va uning asoratlari vujudga kelgan bo’lsa, hozirda bu asoratlarni tuzatishga qaratilgan davolash kursi olib borilishi mumkin.