Teridagi oq dog’lar — paydo bo’lishi sabablari, alomatlari, davolash usullari

Teridagi oq dog’lar uning pigmentatsiyasi yo’qotilganligini ko’rsatadi, turli o’lchamlarda ayollarda ham, erkaklarda ham tananing har qanday qismida paydo bo’lishi mumkin. Oq dog’lar shaklidagi terining gipopigmentatsiyasi (rangi yo’qolishi) ko’plab tug’ma va orttirilgan kasalliklar va sindromlarning natijasi bo’lishi mumkin.

Teridagi oq dog'lar haqida ma'lumot

Teri ustida oq dog’lar paydo bo’lishi nafaqat estetik tomondan kishiga noqulaylik tug’diradigan yoqimsiz kosmetik nuqson, balki bu kasallik alomati bo’lishi mumkin va kasallik har doim ham xavfsiz bo’lmaydi. Aksariyat hollarda teridagi oq dog’lar paydo bo’lishi tezkor davolanishni talab qiluvchi xavfli kasalliklar bilan bog’liq bo’lmaydi. Ammo terida oqimtir nuqtalar kabi bunday hodisa e’tiborga olinmasa ham bo’ladi degani emas. Mustaqil tashxis qo’yish va davolash nafaqat bemorga, balki uning atrofidagilarga ham zarar yetkazishi mumkinligi sabab har qanday dog’lar aniqlanishi bilan malakali dermatologning konsultatsiyasi talab etiladi.

Terida oq dog’lar nima uchun va qanday paydo bo’ladi?

Pigmentning kamayishi yoki yo’qolishi natijasida terining pigmentatsiyasi buzilishi, teri gipopigmentatsiyasi shuningdek leykoderma deb ham ataladi. U terining rangidan ko’ra ochroq rangga ega bo’lgan turli o’lcham va shakllardagi dog’lar ko’rinishida namoyon bo’ladi. Uning rivojlanishi terida melanin pigmentining kamayishi bilan bog’liq.

Leykodermaning turlari

Tug’ma leykoderma

Albinizm. Agar melanotsitlar soni tug’ilish paytidan boshlab kam bo’lgan bo’lsa, unda bunday bemorlarda tug’ilishi paytidayoq albinizm belgilariga kuzatiladi, ushbu kasallik natijasida ularning terisi quyosh nuri spektridagi ultrabinafsha nurlariga nisbatan himoyasiz bo’lib qoladi, terining bunday o’zgarishi bemorning butun hayoti davomida saqlanib qoladi.

Tuberoz skleroz (Tuberous sclerosis) — teri sirtida, shuningdek bosh miya va boshqa a’zolarda bir nechta kichik blyashkalar yoki o’smalar paydo bo’lishi bilan xarakterlanadigan irsiy kasallik.

Immun leykoderma

Vitiligo — terining autoimmun kasalligi bo’lib, uning natijasida terida joylashgan melanotsitlar vayron bo’ladi, oqibatda teri sirtida oq yoki och-pushti rangli dog’lar paydo bo’ladi. Har qanday yosh va jinsdagi odamlarga ta’sir qiladi. Oq dog’larning joylashishi odatda qo’l bilagi, tizza, yuzda qayd qilinadi. Dog’larning paydo bo’lishi deyarli hech qanday sub’yektiv hissiyotlarsiz kechadi, ularning yuzasida qipiqlanish kuzatilmaydi. Vaqt o’tishi bilan dog’lar o’sishi va bir-biri bilan birlashishi mumkin, ta’sirlangan joydagi tuklar ham rangsizlanadi. Hozirda kasallikning sababi nima ekanligi aniq emas, lekin vitiligo rivojlanishi xavfini oshiradigan bir qator omillar mavjud:

  • Irsiy moyillik (bemorlarning 1/3 qismida oilaviy anamnez mavjud);
  • Organizmning og’ir virusli kasalliklari va ularning fonida yuzaga keladigan immunitetning buzilishi;
  • Autoimmun kasalliklar (qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari — giper va gipotiroidizm, Addison kasalligi, tizimli skleroz, o’choqli alopesiya va boshqalar);
  • Gipofiz va gipotalamus faoliyatining buzilishi va uning natijasida yuzaga keladigan organizmda gormonal muvozanat buzilishi;
  • Stress, jismoniy va ruhiy charchoq;
  • Parazitar intoksikatsiyalar;
  • Professional faoliyat — odatda kasbi bo’yicha fenol, formaldegid, sintetik smolalar, og’ir metallar bilan ishlaydigan odamlarda uchraydi.

Halo-nevus (Setton nevusi) — qizildan to’q qizil ranggacha bo’lgan 4-5 mm diametrli tuguncha, teri yuzasidan bir oz ko’tarilib turadi. Shakli aylana yoki oval bo’lib, tugunchaning o’zidan 2-3 barobar kattaroq bo’lgan depigmentlangan teri bilan o’ralgan. Ko’p hollarda u gavda va qo’llarda, kamroq hollarda yuzda joylashgan bo’ladi. Ko’pincha Halo-nevus o’z-o’zidan regressga uchraydi — u spontan ravishda yo’qoladi.

Yallig’lanishdan keyingi leykoderma

Teridagi oq dog’lar ba’zi yallig’lanishli kasalliklarda toshma toshishidan keyin qolishi mumkin, masalan psoriaz, ekzema, qizil yugurik, kuyishlar va hokazo. Buning sababi quyosh nurlari ta’sirida toshma atrofidagi terida pigment miqdori ortadi, usti qobiq bilan yopilgan terida esa pigmentlar kamroq bo’ladi.

Infektsion leykoderma

Oq temiratki (Pityriasis alba) — faqat bolalarda kuzatiladi. Asimptomatik, chetlari aniq bo’lmagan, yengil qipiqlanadigan oq dog’lar kabi namoyon bo’ladi, ko’pincha yonoqlarda, yelka va sonning yon tomonlarida joylashadi. Yozda yoki quyoshda toblangandan keyin namoyon bo’ladi. Ko’proq atopik dermatit bilan og’rigan bemorlarda uchraydi. Davolashning hojati yo’q, chunki dog’lar bir muncha vaqt o’tib o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketadi.

Turli rangli temiratkiPityriasis orbicularis, Malassezia furfur zamburug’lari tomonidan chaqiriladi va teri, boshning sochli qismiga ta’sir qiladi. Zamburug’lar ishlab chiqaradigan fermentlarning bir qismi melanotsitlarga shunday ta’sir qiladiki, ular melanin ishlab chiqarishni to’xtatadi. Melanin yetishmovchiligi natijasida terining ta’sirlangan joylari ultrabinafsha nurlari ta’sirida qoraymaydi. Teridagi oq dog’lar ayniqsa quyoshda toblanishdan keyin seziladi. Dastlabki bosqichlarda dog’lar pushti rangda bo’lishi mumkin, ammo keyinchalik teri rangsizlanadi va qipiqlanadi. Ko’pincha gavdaning yuqori qismida joylashadi (yelkalar, ko’krak, belning yuqori qismi). Oq dog’lar qichishi mumkin, lekin ko’pincha alomatlarsiz bo’ladi.

Qizil yassi temiratki — surunkali kasallik bo’lib, teri, shilliq qavatni shikastlaydi. Klinik jihatdan atrofdagi teridan keskin ajralib turuvchi yaltiroq yuzali kichik tugunchalar paydo bo’lishi xarakterli. Papulalar rangi qizg’ish, ko’kimtir va ba’zan jigarrang bo’ladi.

Moxov (lepra) — Mycobacterium leprae va Mycobacterium lepromatosis mikobakteriyalari tomonidan chaqiriladigan surunkali infektsion kasallik. Kasallik asosan teri, periferik asab tizimi, ba’zan ko’zning old kamerasini, yuqori nafas yo’llarini, moyaklar, bilak va oyoq panjasini shikastlaydi. Moxov uchun xarakterli bo’lgan dastlabki belgilar — terida to’q yoki och rangli dog’lar paydo bo’lishi. Ularning o’ziga xosligi sezuvchanlikning yo’qolishi yoki uning buzilishidir. Bundan tashqari, dog’lar uchun qalinlashish va infiltratsiya joylari mavjudligi ham xarakterli alomat hisoblanadi, bularning barchasi yirik qatlamlar shakllanishiga olib keladi, ayniqsa, yuzda.

Sifilis — surunkali tizimli infektsion kasallik bo’lib, u odatda jinsiy aloqa orqali yuqadigan oqish treponema tufayli kelib chiqadi. Bir santimetrgacha bo’lgan oq dog’lar yon tomondan tushadigan nurda yaxshi ko’rinishi ikkilamchi retsidivli sifilisning xarakterli alomatidir va ko’pincha bo’yin (Venera marjoni), kam hollarda qo’llar va gavdada, ba’zan orqa, bel va qorinda joylashadi. Yorqin dog’lar jismoniy noqulayliklar tug’dirmaydi va bir necha yillar davomida ketmasligi mumkin.

Professional / kimyoviy leykoderma. Tanadagi oq dog’lar to’g’ridan-to’g’ri ta’sir qiladigan yoki tana ichiga kirib, melanin pigmentini parchalaydigan kimyoviy moddalar bilan ishlaydigan ishchilarda kuzatilishi mumkin.

Dorili leykoderma — dori vositalaridan foydalanish oqibatida, masalan, steroidlarning nojo’ya ta’siri tufayli teri quruqlashishi va uning ustiga oq dog’lar paydo bo’lishi mumkin.

Teridagi oq dog’larni davolash va yo’qotish

Davolashning samaradorligi bevosita depigmentatsiyaga olib kelgan sababga bog’liq. Yodda tutish kerakki, faqatgina malakali dermatolog aniq tashxis qo’yishi va dog’larni samarali davolashi mumkin.

Agar sabab — zamburug’ infektsiyasi bo’lsa, davolash kompleksli bo’ladi. Zamburug’larga qarshi malham, shampun va sovunlardan foydalanish mumkin.

Agar sabab vitiligo bo’lsa, hozirgi vaqtda bu kasallikni to’liq davolashni ta’minlaydigan dori-darmonlar va davolash usullari mavjud emas. Davolash ancha uzoq jarayon bo’lishi mumkin, bemordan sabr-toqat talab etiladi. Jigar va endokrin tizimning ishi sozlanadi, PUVA terapiya qo’llaniladi (bemor fotosensibilizatsiyalovchi preparatlar va ultrabinafsha nurlanish seanslarini oladi), kortikosteroid gormonlar kursi belgilanishi, immunomodulyator, askorbin kislotasi va mis saqlagan tibbiy preparatlar qo’llanilishi mumkin. Afsuski, zamonaviy tibbiyot bu kasallikni davolash uchun samarali dori-darmonlarni taklif qila olmaydi, chunki uning rivojlanish sabablari aniqlanmagan, alomatlarni kamaytirishi, patologik jarayonni sekinlashtirish va ortga qaytarish mumkin, ammo 100 foizga emas.

Professional leykodermada pigmentni parchalaydigan kimyoviy moddalar bilan aloqani to’xtatish kerak.

Yallig’lanishli teri kasalliklari tufayli yuzaga kelgan leykoderma o’ziga xos davolanishni talab qilmaydi va pigmentatsiya darajasini pasaytiradigan teri kasalligining davolanishi natijasida yo’qolib ketadi.

Sifilitik leykoderma maxsus antisifilitik terapiyani talab qiladi, bemorlar keyinchalik shifokor nazorati ostida bo’ladi. Sifilis venereolog tomonidan belgilanadigan penitsillin guruhi antibiotiklar va boshqa zamonaviy dorilar yordamida davolanadi.

Har qanday holatda, teridagi dog’lardan qutilish uchun o’z vaqtida shifokorga murojaat qilish va bunga nima sabab bo’lgani aniqlangach, to’g’ri davolash belgilanishiga bog’liq. Faqatgina mutaxassis bunday noxush kasallikdan samarali va sog’likka ziyon yetkazmasdan xalos bo’lishga yordam berishi mumkin.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. Assalomu alekum kòzni oldida tuģma doģ bor uni qanaqa qilib yòqotsa bòladi

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.