Bosh miya saratoni — dastlabki alomatlari, bolalarda kasallik xususiyatlari, davolash

Bosh miya saratoni — boshlang’ich joylashuvi bosh miya to’qimasi bo’lgan va hujayralar tuzilmasi, kelib chiqishi sabablari, klinik kechishi va terapiya natijalari bilan farq qiluvchi yomon sifatli o’smalarni o’z ichiga oluvchi umumlashtirilgan nomdir.

Bosh miya saratoni (raki)

Markaziy asab tizimida birlamchi paydo bo’ladigan bosh miya saratoni juda kam uchraydigan kasallikdir. Odatda, 8 yoshgacha bo’lgan bolalik davrida kuzatiladi. Bolalarda tarqalganligi bo’yicha miya saratoni qon hosil qilish tizimining yomon sifatli patologiyalaridan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Katta yoshdagi bemorlarning yoshi — 65-80 yosh. Erkaklar biroz ko’proq kasallanishadi, ammo meningiomalar asosan ayollarda kuzatiladi.

Bosh miya saratoni sabablari

Miya o’smalari rivojlanishining asosiy sababi tashqi omillar deb hisoblanadi: radiatsiya, kanserogenlar, gormonal buzilish, virusli infektsiyalar. Ushbu qo’zg’atuvchilar hujayralardagi genlar shikastlanishini keltirib chiqaradi va ularning mutatsiyasiga olib keladi.

Miya saratonining yagona isbotlangan sababi radiatsiya hisoblanadi. Bundan tashqari, hujayralarning yomon sifatliga aylanishiga quyidagilar ta’sir qiladi deb hisoblanadi:

  • Aspartam — shakar o’rnini bosuvchi modda;
  • Xlorli vinil — plastmassa ishlab chiqarishda ishlatiladigan kuchsiz shirin hidli rangsiz gaz;
  • Mobil telefonlarning elektromagnit radiatsiyasi;
  • Yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari.

Ba’zi o’sma turlari genetik anomaliyalar bilan bog’liq. Pilositar astrositoma irsiy kasallik — neyrofibromatozdan (fon Reklingxauzen kasalligi) kelib chiqadi.

Umumiy klinik alomatlar va miya saratonining dastlabki belgilari

Miya saratoni bosh og’rig’iga sabab bo’ladi. Bu patologiyaning keng tarqalgan belgisidir va erta bosqichlarda u dastlabki signal sifatida xizmat qiladi. Bosh og’rig’i xuddi yorib yuboradigandek. U ertalab, uyg’ongandan so’ng, boshni egish vaqtida, qorin mushaklarini kuchantirish holatida, keskin harakatlar qilishda paydo bo’ladi. Uning paydo bo’lishidan oldin og’irlik, ko’ngil aynishi, boshda bosim seziladi. Vaqt o’tishi bilan og’riq doimiy tus oladi, unga ko’ngil aynishi va qayt qilish hamrohlik qiladi.

Kasallikning qolgan belgilari patologiya paydo bo’lgan miya qismi bilan bog’liq. Odatda turli xildagi ruhiy buzilish belgilari namoyon bo’ladi. Ular qariyalar uchun xos hisoblanadi:

  • Har xil turdagi ong buzilishlari;
  • E’tiborning kamayishi;
  • Idrok qilish, atrofda nima yuz berayotganini tushunish qiyinligi;
  • Asta-sekin tempda suhbat qilish, bemorning so’zlarni tanlashi qiyinligi;
  • Boshqa ruhiy buzilishlar.

Kasallik mahalliy alomatlar bilan ham aniqlanadi, bunda harakat funktsiyalarining buzilishi kuzatiladi: tananing chap yoki o’ng tomoni harakatsizligi, konvulsiv xarakterli tortishishlar, eshitish, ko’rish buzilishi. Kalla suyagi ichidagi bosim oshsa, alomatlar ham kuchayib boradi, bemorning komaga tushib qolishi tahdidi paydo bo’ladi.

Bolalarda miya saratoni. Patologiya belgilari

Bolalardagi miya saratoni alomatlari, ayniqsa ularning yoshligida, o’z xususiyatlariga ega: o’smaning yashirin o’sishi davridan so’ng kalla suyagining hajmi kattalashishi, bola miyasining moslasha olish qobiliyati tufayli kasallik alomatlarining tezda progressiyasi xarrakterlidir.

Ko’pincha qorin bo’shlig’idagi adashgan og’riq erta bosqich deyiladi. To’lqinsimon holda umumiy alomatlar o’sishi kuzatiladi: bolaning boshi og’riydi, ko’ngli ayniydi, qayt qiladi. Psixika jarayonlarining tormozlanishi kuzatiladi, ayniqsa yosh bolalarda. Davriy ravishda alomatlar zaiflashadi. Vaqt o’tishi bilan o’choqli nevrologik buzilishlar o’zlarini namoyon etadi, bu ma’lum miya to’qimalarining zararlanganligidan dalolat beradi.

Miya saratoni hosil bo’lgan joyga qarab, patologiyaning belgilari quyidagicha bo’lishi mumkin:

  1. Agar neoplazmalar katta miya yarimsharlarida miya chodiridan yuqorida rivojlansa, erta bosqichlarda patologiyaning belgilari lokal epileptik tutqanoqlar sezilishi, kamroq hollarda mushaklarning qisman falajlanishi, nutq buzilishlari hisoblanadi.
  2. Orqa miya suyuqligi siqilishi sayin bosh suyagi ichi bosimi oshishi belgilari — qusish, bosh og’rig’i, ko’ngil aynishi, bosh aylanishi, ko’z olmasining ichki yuzasida dimlanishlar kuzatiladi.
  3. Yon qorinchalarda miya saratoni vegeto-tomir buzilishlari (periferik vegetativ asab tizimi shikastlanishi bilan bog’liq buzilishlar) va gidrosefaliya rivojlanishi bilan birga kechadi.
  4. Subkortikal-trunkal miya bo’limlari uchun mezуnsefal-to’rt tepali sindromli saraton xarakterlidir — miyaning gidrosefaliyasi rivojlanishi fonida ko’zlarning bir-birga yaqinlashishi buzilishi, ko’zlarning yuqoriga sinxron ko’tarilishi buzilishi (yuqoriga qarash parezi).
  5. Xiazma gliomalari ko’rish buzilishlari bilan namoyon bo’ladi — ko’z tubi ko’rigi vaqtida nerv atrofiyasi hodisalari bilan ko’rish o’tkirligining pasayishi va ko’rish maydonlarining buzilishi, o’sma gipotalamus tuzilmalarini shikastlashi natijasida gormonal o’zgarishlar.
  6. Epifiz neoplaziyasida erta jinsiy va jismoniy rivojlanish qayd etiladi, ko’zni harakatlantirish buzilishlari rivojlanadi.
  7. Miyacha va uzunchoq miyani shikastlaydigan o’smalar gidrosefaliya rivojlanishiga olib keladi, chunki u likvor — orqa miya suyuqligining qayta oqishiga to’sqinlik qiladi. Klinik jihatdan, bu gipertenzion-gidrosefal miyachalarli krizlar bilan kechadi — boshda kuchli keskin og’riq, boshning o’ziga xos pozitsiyasini qabul qilish, mushaklarning uzoq muddat qisqarishi. Koordinatsion buzilishlar, ko’z olmasining ko’z kosasida tez-tez tebranishi, bosh nervlarining faoliyati buzilishi qayq qilinadi.

Saraton kasalligiga chalingan barcha bemorlar nevropatolog tomonidan tekshiriladi, u kasallikning kelib chiqishi, o’smaning joylashuvi, o’sish tabiatini aniqlash uchun qo’shimcha tekshiruv usullaridan foydalanadi.

Gliomalar

Epitelial hujayralardan tashkil topgan bosh miya saratoni (gliomalar, glial neoplazmalar) eng ko’p uchraydiganlari hisoblanadi. Gliomalar orasida kuzatuvlarning 60 foizida astrositomalar uchraydi va ular to’rtta asosiy turda bo’ladi. Har bir astrositomaning nomi va kechishi xususiyatlari quyidagi jadvalda keltirilgan.

 Tipi Turlari Tavsifi Malignizatsiya darajasi
Cheklangan astrositoma
  • pilositar astrositoma;
  • pleomorf ksantoastrositoma;
  • subependimal giganthujayrali astrositoma
O’sma yaxshi chegaralangan konturlar bilan. Asosan bolalar va yoshlar kasallanadi. Astrositomaning ushbu tipi yangi tomirlarni hosil qilmaydi, nekrozsiz va ba’zan qon ketishi bilan kechadi, kista shakllantiradi. Kuzatuvlarning 20% hollarida kaltsiy tuzlarining o’choqli to’planmalari (kalsifikatlar) mavjud bo’lib, ular keyinchalik suyak to’qimasiga aylanishi mumkin. I daraja
Diffuz astrositoma
  • fibrillyar– eng ko’p uchraydi;
  • protoplazmatik – ko’p hollarda kistoz yoki yuzaki;
  • gemistositar – agressiv kechuvchi
Ushbu astrositoma tipi asosan past darajada yomon sifatli bo’ladi. Sekin o’sadi. O’smalarning taxminan 10 foizi agressivroq turlarga aylanadi. Kuzatuvlarning 20 foizida kalsifikatlar mavjud bo’ladi. Miya shishi kam hollarda kuzatiladi. II daraja
Anaplastik astrositoma Kechishi bo’yicha oldigni astrositoma tipiga o’xshaydi, ammo bosh miya shishlari bilan kechadi. III daraja
Multishaklli glioblastoma Ushbu miya saratoni keng tarqalgan (barcha astrositomalarning taxminan 50%). Tashqi alomatlar debyuti ko’pincha qisqa — patologiyaning aniqlanishigacha 3 oydan kamroq vaqt ketadi. Yakuni ijobiy emas, patologiya ko’pincha yangidan davom etadi. Qon ketishi, nekrozlar bilan kechadi, miya po’stlog’iga tarqaladi. IV daraja

Oligodendroglioma bilan 40-60 yoshli kattalar kasallanadi, ba’zida u bolalikda ham aniqlanadi. O’sma nekroz o’choqlari, kistalar va kalsinatlar mavjud bo’lgan miya tuzilmalaridan ajralib turuvchi tugundan iborat bo’ladi. Bosh miya saratoni po’stlog’iga tarqalib, turli xil chuqurlikda o’sib kiradi, retsidivlarga moyil bo’ladi.
Malignizatsiya salohiyati past bo’lgan saraton yaxshiroq kechish prognoziga ega.

Kalla suyagining orqa chuqurchasi o’smalari

Ensa suyagi, chakka suyaklari piramidalari va ponasimon suyak tanasi bilan hosil qilingan kalla suyaginig ichki asosi qismi ko’pincha bolalarda saraton kasalligiga chalinadi. Ushbu joyda paydo bo’lgan patologiyalar miyacha astrositomalari va medulloblastomlari, miya poyasining ependimomalari va gliomalaridir.

Ushbu joylashuvli o’sma bilan og’rigan bemorlarda miyacha funktsiyalari buzilganligi belgisi bo’lgan klinik alomatlar ustunlik qiladi: uyqusizlik, harakatlar muvofiqligi buzilishlari, ko’ngil aynishi, qusish, bosh suyagining kengayishi, ko’rish buzilishi, konvulsiyalar, boshning majburiy holati, yurish buzilishi, Romberg holatida tura olmaslik.

Medulloblastoma

Medulloblastoma — yomon sifatli miya embrional o’smasi. Ko’pincha bolalik va o’smirlik davrida kuzatiladi. Ko’pchilik bolalarda neoplazma hayotning birinchi o’n yillik davrida klinik jihatdan namoyon bo’ladi, eng yuqori cho’qqisi — 5 yosh.

Ushbu saraton asosan miyachaning chuvalchangsimon qismida joylashadi,  ko’pincha qo’shni to’qimalarga o’sib kiradi, eng ko’p to’rtinchi qorincha bo’shlig’ga. Kistoz o’zgarishlar, shish, nekroz bilan kechadi, kam hollarda kalsinatlar mavjud bo’ladi. Qon ketishlari kam uchraydi.

Qorinchalar tizimi bilan aloqasi uning orqa miya suyuqligi bo’ylab metastazlanishi bilan bog’liq. Bemorlarning uchdan bir qismida, ayniqsa kichik yoshda, tashxis vaqtidayoq metastaz aniqlanadi. Taxminan 5% hollarda u asab tizimidan tashqarida, odatda suyak iligi, suyak, o’pka va limfa tugunlarida aniqlanadi.

Pilositar astrositoma

Pilositar astrositomalar bolalik davridagi eng keng tarqalgan o’sma bo’lib, qo’shni to’qimalardan yaxshi ajralgan, sekin o’sadi. Birinchi daraja malignizatsiyali saraton kasalligi deb tasniflanadi, kamdan-kam hollarda retsidivlanadi va tarqaladi.

Bu nafaqat miyaning pastki qismi, balki boshqa tuzilmalarini, ko’pincha gipotalamus, ko’rish asablariga (ko’rish nervi gliomasi) ta’sir qilishi mumkin. Kasallikning ilk belgilari namoyon bo’lishi saraton hosil bo’lgan joyga bog’liq.

Ependimomalar

Ependimomalar barcha birlamchi rivojlanayotgan miya saratoni o’smalarining taxminan 8 foizini tashkil qiladi. Ko’pincha bolalar va o’smirlar kasallanadi, ikkinchi yosh cho’qqisi — 30-40 yosh. O’sma miya qorinchalari devorlari va orqa miyaning markaziy kanalini qoplab turuvchi hujayralardan rivojlanadi.

Bu miya saratoni sekin o’sadi. O’sma zich bo’lib, kistoz bo’shliqlarni o’z ichiga olmaydi, yaxshi chegaralangan. Neoplazma miya atrofidagi to’qimaga o’sib kirishidan ko’ra uni ko’proq siljitadi. Ko’p uchraydigan belgilar qon ketishlari, katta kalsifikatsiya sohalari.

Ependimoma II daraja malignizatsiyali saratoni sifatida baholanadi. Neoplazma qorincha tizimi va orqa miya qobiqlari orqali metastaz qiladi.

Bosh miya poyasi gliomalari

Bosh miya poyasi gliomalari — mutlaqo geterogen neoplazmalardir. Kuzatuvlarning 60 foizida poya gliomalari past darajada malignizatsiyali o’smalar deb ta’riflanadi, lekin ba’zan hatto bir xil o’sma doriasida ham tuzilmaviy geterogenlik kuzatiladi.

Alomatlar kalla-miya nervlarning yadrosi patologik jarayonga qanchalik jalb etilganligiga qarab o’zini namoyon qiladi. Gliomalar tarqoq, fokuslangan va aralash bo’lishi mumkin.

Metastatik hosilalar

Bosh miyaning metastatik shikastlanishi — saraton kechishining jiddiy asoratlanishidir. Ularning chastotasi yuqori. Markaziy asab tizimida birlamchi paydo bo’ladigan o’smalardan ko’ra metastazlar ancha ko’proq uchraydi.

Ikkilamchi markazlarning paydo bo’lishi har qanday yoshda kuzatiladi, lekin ko’pincha 45-75 yoshli bemorlarda bo’ladi. Shikastlanishning asosiy manbalari:

  • o’pka saratoni — 50%;
  • sut bezlari saratoni — 18-30%;
  • melanoblastoma (pigment hujayralaridan rivojlanadigan teri saratoni);
  • qalqonsimon bez saratoni.

Bosh miya metastazlari — o’sma rivojanishining IV bosqichidir. A’zo ko’plab shikastlanadi.
Ikkilamchi xarakterli miya saratonining birinchi belgilari turlicha bo’ladi:

  • O’smaga o’xshash variant — saraton alomatlari ma’lum (qisqa) vaqt ichida o’sib boradi;
  • Apopleksik variant, insultga o’xshash — alomatlar o’tkir namoyon bo’ladi va odatda ikkilamchi o’choqqa qon ketishi yoki miya tomirining o’sma bilan tiqilib qolishi bilan bog’liq;
  • Remittirlovchi variant — klinik belgilar to’lqinsimon kechadi, tomirli yoki yallig’lanishli rivojlanishni imitatsiya qiladi.

Kasallik kechishi mahalliy va tizimli alomatlarning kombinatsiyasi bilan belgilanadi va ikkilamchi o’choqning hosil bo’lish joyi, o’choq yaqinidagi shikastlanishining namoyon bo’lish darajasi, shish bilan bog’liq. Boshda og’riq, mushaklarning qisman falajlanishi, psixikaning buzilishi, konvulsiv tutqanoqlar yuzaga keladi. Ba’zi bemorlarda kasallik alomatlarsiz kechadi.

Miya o’smalarini tashxislash

O’sma kalla suyagi ichida joylashgani sababli, ushbu kasallikni o’z vaqtida tashxislash qiyin bo’ladi. Ba’zan katta o’lchamdagi o’simtalar zaif alomatlar bilan namoyon bo’ladi, kichik o’lchamdagilari esa yorqin alomatlar bilan. Kasallik alomatlari zaif ifodalanar ekan, bemorlar kamdan-kam hollarda shifokorga murojaat qilishadi, faqatgina bemorning ahvoli jadal ravishda yomonlashib borayotgandagina bunga e’tibor qaratiladi.

Miya o’smalarini tashxislash turlicha usullarida amalga oshiriladi.
Noinvaziv usullar:

  • Nevrologik tekshiruv;
  • Patopsixologik tekshiruv;
  • Neyrooftalmologik tekshiruv;
  • Otonevologik tekshiruv;
  • Kompyuterli tomografiya;
  • Exoensefalografiya (ultratovush);
  • Elektroensefalografiya.

Invaziv usullar:

  • Likvorni tekshirish: likvorning bosimi, likvorda oqsil mavjudligi, sitologik tekshiruv, likvor sitoskopiyasi, likvorni B- glyukuronidaza faollik predmetiga tekshirish, likvorni izoferment tarkibini tekshirish.
  • Vena ichiga kontrast modda yuborish bilan KT;
  • Stsintigrafiya;
  • Endoskopik tekshiruv;
  • Immunogostiokimyoviy diagnostika;
  • Tashxisni yakuniy aniqlashtirish uchun bevosita operatsiya oldidan punktsion biopisya.

Miya saratonini davolash

Ko’pchilik miya o’smalari uchun asosiy davolash usuli jarrohlikdir — o’smani olib tashlash va uning nurli va kimyoviy terapiyasi uchun tuzilishini aniqlash kerak. Jarrohlik aralashuvida, o’sma uning o’lchami, joylashuvi va miyaning muhim neyronal va tomir tuzilmalari bilan bog’liqligi yo’l qo’yadigan darajada imkon qadar maksimal olib tashlanadi.

Konservativ davolash usullari orasida yetakchi rol radiatsion onkologiyaga to’g’ri keladi — miya saratoni nurlanishga javob qaytaradi. Dori-darmonli terapiyadan foydalanish tajribasi to’plangan. Bolalarda kombinatsion davolash immunitetni kuchaytirishning turli usullari bilan to’ldiriladi.

Kasallikning yakuni

Davolash muvaffaqiyati ikki omilga bog’liq — o’z vaqtida va to’g’ri tashxis qo’yishga. Agar davolanish erta bosqichlarda boshlansa, bemorlarning besh yil davomida yashovchanligi ko’rsatkichi 60-80% ni tashkil etadi. Ammo davolanishning kech boshlanishi va operativ davolash imkoni yo’qligida besh yillik yashovchanlik 30-40% dan oshmaydi.

1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz 1 ta baho berilgan
Загрузка...
Matnda xatolik aniqladingizmi? Uni ajratib, Ctrl+Enter tugmasini bosing.
Загрузка...

Izoh qoldirish

E-mail manzilingiz oshkor etilmaydi. To'ldirish majburiy bo'lgan maydonlar * bilan belgilangan

yuklanmoqda...