Shamollash (O’RVI) — belgilari, sabablari, tashxis, davolash, uyda davolanish

Shamollash — yuqori nafas yo’llarining virusli yuqumli kasalligi bo’lib, nafas yo’llarini qoplagan shilliq qavatni yallig’lanishiga olib keladi. Kasallikni chaqiradigan virus balg’am, so’lak, burundan ajraladigan shilliq va boshqa ajralmalarda mavjud bo’ladi. Virus havo-tomchi yo’li orqali yuqadi. Shamollash tibbiyotda O’RK (o’tkir respirator kasalliklar) yoki O’RVI (o’tkir respirator virusli infektsiya) deb ataladi. An’anaviy nomlanishiga esa kasallik ko’pincha organizmning sovqotishidan keyin kuzatilishi sabab bo’lgan.

Shamollash, yuqori nafas yo'llarining virusli yuqumli kaalligi bo'lib, bu nafas yo'llarini qoplagan shilliq qavatni yallig'lanishiga olib keladi

Shamollash sabablari

O’RVI o’zi davolanib ketadigan yuqumli kasallik bo’lib, u turli xil virus shtammlari (200 dan ortiq) tomonidan chaqiriladi. Tibbiyot nuqtai nazaridan shamollash deganda yuqori nafas yo’llarining virusli infektsiyasi tushuniladi.

Kattalarda shamollash sabablarining 10-40 foizi (turli manbalarda turlicha) rinovirus zimmasiga to’g’ri keladi. Boshqa keng tarqalgan viruslar orasida koronavirus, adenovirus, respirator sinditsial virus va paragripp viruslari ajratiladi.

Viruslar doimo rivojlanib, o’zgarib borayotganligi uchun organizm ularga qarshi doimiy immunitet hosil qila olmaydi. Shu sababli, umumiy shamollash tez-tez uchraydigan va takrorlanuvchi kasallik hisoblanadi. Statistikaga ko’ra, maktabgacha va boshlang’ich maktab yoshida bo’lgan bolalar yiliga 6-12 marta shamollashlari mumkin, yoshlar va kattalarda esa odatda bu ko’rsatkichi yiliga 2-4 marta. Kasallik kuz, qish va bahor oylarida avj oladi.

Umumiy shamollashning kechishi

Shamollash infektsiyalangan sekretsiya (ajralma) bilan bevosita aloqa qilish orqali yoki bemorlar yo’tali, aksa urishi orqali tarqaladi. Bemorning virus saqlovchi sekretsiyalari turli buyum va jismlarga turli yo’llari orqali tushib qoladi. Keyinchalik bu sekretsiyalar bilan bevosita aloqada bo’lgan sog’lom odam burun, ko’zlar, og’izga zararlangan qo’llari bilan tekkanidan keyin kasallanib qolishi mumkin.

Virus qalam, kitob, telefon, kompyuter klaviaturasi va qahva chashkasi kabi narsalarda bir necha soat davomida saqlanish hususiyatiga ega.

Shamollash necha kun davomida yuqimli hisoblanadi

O’rtacha olinganda, shamollash kasallik alomatlari boshlanishidan bir-ikki kun oldin va uning belgilari to’liq yo’q bo’lib ketguniga qadar yuqumli bo’lishi mumkin. Virus kasallikning dastlabki ikki-uch kunida eng yuqumli hisoblanadi.

Shamollashni keltirib chiqaruvchi xavf omillari

Shamollash ehtimolini oshiradigan turli xil xavf omillari mavjud, jumladan:

  1. Yosh: Bolalar va yoshlarning shamollab qolish ehtimoli yuqoriroq, chunki ularda hali ko’plab viruslarga qarshi immunitetni rivojlanmagan.
  2. Mavsum: odamlar odatda kuzda, qishda yoki yomg’irli mavsumda (iliqroq iqlim sharoitida) kasallikka duchor bo’lishadi. Chunki bunday vaqtda kishilar yopiq joylarda ko’proq vaqt o’tkazishadi va havo orqali viruslar tarqalishi ham kuchayadi. Gipotermiya esa mahalliy immunitetning pasayishiga olib keladi.
  3. Immun tizimining zaiflashuvi: sust immun tizimiga ega bo’lgan toifa kishilar odatda ko’proq shamollashadi. Charchoq yoki hissiy tuyg’ular girdobida bo’lganlarda kasallanishga moyillik yuqoriroq bo’lishi mumkin.

Kasallik rivojlanishiga qulay zamin yaratadigan omillar:

  • Teridagi qon tomilarining qonga to’lishi — qizingan kishining shamollab qolishi osonroq bo’ladi.
  • Ter bilan namlangan teri qoplami orqali issiqlik quruq teri qoplamiga nisbatan tezroq sovish kuzatiladi.
  • Yelvizak — bunday holatda havo oqimi kiyimlar orasiga osonroq kiradi, teri yuzasida hosil bo’ladigan ingichka iliqroq havo qatlami tezda «uchib ketadi», natijada organizm ko’proq issiqlik yo’qotadi.

Shamollash alomatlari va belgilari

O’RVI alomatlari ko’pincha infektsiya yuqganidan keyin 2-3 kun o’tib (inkubatsiya davri) yuzaga kela boshlaydi. Bu muddat infektsiyaga sabab bo’lgan virus turiga qarab biroz farq qilishi mumkin. Kasallik belgilari ham infektsiya uchun javobgar bo’lgan virusga bog’liq bo’lib, quyidagilarni o’z ichiga olishi mumkin:

Kichkintoylar va bolalarda shamollashning belgi va alomatlari kattalarnikiga o’xshash bo’ladi.

Sovuq havoning shamollashga ta’siri

Umumiy shamollash odatda qish oylarida kuzatilishi mumkin bo’lsa-da, sovuq havoning o’zi bu kasllikka olib kelmaydi. Darhaqiqat, sovuq ob-havo kuzatiladigan davrlarda odamlar bir-biriga yaqin bo’lib, yopiq joylarda ko’p vaqt o’tkazishadi va shu holat virusni tez tarqalishiga yordam beradi. Bitta bemordan chiqadigan viruslar 7 metr uzoqlikkacha tarqalishi mumkin, ular 2-9 soat davomida faol bo’lishadi. Aynan shu sababli, bog’chalar va maktablarda kasallik bir o’quvchidan boshqasiga tezda yuqib qoladi.

Rivojlanish bosqichlari

Umuman olganda, simptomlar virus bilan yuqganidan so’ng 2-3 kun o’tib rivojlanadi. Ba’zi odamlarda kasallik simptomlari zaifroq namoyon bo’lsa, boshqalarda kasallik belgilari o’ta jiddiy tus oladi.

Shamollash belgilari odatda 7-10 kun ichida to’liq bartaraf bo’ladi, lekin kasallik inson salomatligi holati va virus turiga qarab kamroq yoki ko’proq muddat davom etishi mumkin.

Shamollash va gripp farqi

Ko’pchilik shamollashni gripp bilan adashtiradi. Shamollash va gripp simptomlarining bir qismi o’xshash bo’lsa-da, shamollagan bemorlarda grippga duchor bo’lgan bemorlarga nisbatan kasallik jadalligi nisbatan ancha pastroq bo’ladi. Gripp bilan og’rigan bemorlarda odatda isitma, titroq, bosh og’rig’i, sezilarli mushak og’rig’i, quruq yo’tal, qusish va o’ta zaiflik kuzatiladi.

Tashxis

Tashxis qo’yish kasallik belgilari, jismoniy ko’rik va bemorning shikoyatlaridan kelib chiqqan holda qo’yiladi. Agar bakterial kasallik yoki mazkur kasallikka hamrohlik qiluvchi og’ir asoratlardan shubha qilinmasa, odatda laborator tekshiruvlar va tahlilar tayinlanmaydi.

Shamollash odatda umumiy amaliyot shifokori, oilaviy shifokor, terapevt yoki pediatr tomonidan tashxislanadi va davolanadi.

Shamollashni davolash

Shamollashni umuman olganda davolash talab etilmaydi. U o’z-o’zidan cheklanadigan kasallik bo’lib, vaqt o’tib organizmning tabiiy qarshiligi tufayli bartaraf bo’ladi. Uy sharoitida shamollashga qarshi vositalar va tibbiy protseduralar kasallik bilan bog’liq bo’lgan alomatlarni yengillashtirishga qaratilgan bo’ladi, infektsiyaga qarshi esa immunitetning o’z kuchlari yetarli bo’ladi.

Shamollashni dori-darmonsiz davolashning eng samarali usuli — ko’p suyuqlik ichish (iliq yoki issiq), tinchlik va dam olishdir. Katta yoshli bolalar va kattalardagi shamollashda pastilkalar, tomoq uchun spreylar, yo’talga qarshi siroplar kabi an’anaviy vositalar kasallik davomiyligini qisqartirmasada, uning alomatlarini yengillashtiradi. Iliq sho’r suv bilan tomoqni chayish ham yaxshi samara beradi.

Burun uchun tomchilar burun bitishini bartaraf etish uchun ishlatilishi mumkin. Shunisi e’tiborga loyiqki, burun bitishiga qarshi dori-darmonlar uzoq vaqt davomida ishlatilganda teskari ta’sirga olib kelishi mumkin, shu sababli ular ehtiyotkorlik bilan va maqsadga muvofiq ravishda ishlatilishi kerak. Homilador ayollarga u yoki bu vositani qo’llashdan oldin shifokorlari bilan buni maslahatlashish tavsiya etiladi.

Antibiotiklar shamollashga qarshi samara beradimi

Yo’q, bunday emas. Antibiotiklar bu kasallikni davolashda hech qanday foyda bermaydi. Bu turdagi vositalar faqat bakteriyalar keltirib chiqargan kasalliklarga qarshi samaralidir, shamollashga esa viruslar sabab bo’ladi.

Antibiotiklar nafaqat yordam bermaydi, balki kamdan-kam hollarda va shifokor tavsiyasisiz qabul qilinganda jiddiy allergik reaktsiyaga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, antibiotiklarni zaruriy bo’lmagan hollarda qo’llash muayyan antibiotiklarga chidamli bo’lgan umumiy bakteriyalarning bir nechta yangi avlodlari paydo bo’lishiga olib keldi. Ushbu va boshqa bir qator sabablarga ko’ra antibiotiklardan foydalanishni cheklash muhim.

Ba’zida kasallikdan keyin sinusit, gaymorit yoki otit (o’rta quloq infektsiyasi) kabi bakterial infeksiya rivojlanishi mumkin, shunda antibiotiklarni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi. Davolash haqidagi qaror tibbiy baholashdan so’ng shifokor yoki tibbiy xodim tomonidan qabul qilinishi kerak.

Shamollashda shifokorga murojaat qilish kerakmi

Odatda, kasallikni uy sharoitida davolash mumkin. Agar titroq, isitma (39°C dan yuqori), qattiq bosh og’rig’i, qayt qilish, qorin og’rig’i, nafas qisilishi, ko’krak og’rig’i kabi jiddiy alomatlar kuzatilsa yoki kasallik 10 kundan keyin ham tuzalmasa shifokor huzuriga borgan ma’qul. Shamollash 3 oylikkacha bo’lgan chaqaloqlarda kuzatilganda shifokorga murojaat qilish zarur.

Agar tomoq og’rig’i va isitma boshqa shamollash alomatlarisiz kuzatilsa, u holda shifokor ko’rigidan o’tish kerak. Chunki bu kasallik streptokok infektsiyasi bo’lishi ham mumkin, u antibiotiklar bilan davolanishni talab qiladi va o’z vaqtida davolanmasa, jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Asoratlari

Umumiy shamollash natijasida yuzaga kelishi mumkin asoratlari o’rta quloq yallig’lanishi (o’rta otit) yoki bakterial sinusit rivojlanishini o’z ichiga oladi. Astma yoki surunkali obstruktiv o’pka kasalligi bo’lgan bemorlarga shamollash kasallikning yanada avj olishiga sababchi bo’lishi mumkin. Kamdan-kam hollarda ikkinchi darajali kasallik sifatida pnevmoniya rivojlanishi qayd qilinadi.

Homiladorlik paytida paydo bo’lgan shamollash homilaga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun kasallikni oldini olishga e’tibor qaratish lozim: immunitetni oshirish, vitamin komplekslarini qabul qilish, iloji bo’lsa homiladorlikdan bir oy oldin grippga qarshi emlanish. Bundan tashqari, tashrif buyuradigan joylarni qisqartirish kerak.

Shamollash surunkali bronxit, astma, emfizema, o’pkaning surunkali kasalliklariga, yurak xastaligiga chalingan va chaqaloqlar, qariyalar uchun eng xavfli hisoblanadi.

Kasallikni oldini olish

Kasallikni oldini olish uchun tanani chiniqtirish, immunitetni oshirish tavsiya etiladi. Eng muhim usuli kasallangan odamlar bilan aloqa qilishni oldini olishdir. Umumiy tavsiylar esa quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Qo’llarni tez-tez va yaxshilab yuvish — bu ifloslangan sirtlarga tegib ketgan qo’llarni viruslardan halos qiladi;
  • Potensial ifloslangan sirtlarni yoki shaxsiy buyumlarni dezinfektsiya qilish, sochiq yoki boshqa shaxsiy narsalarni umumiy qilib ishlatmaslik;
  • Oila a’zolaridan biri shamollagan bo’lsa, idishlarini alohida qilish;
  • Turmush tarzini o’zgartirish, masalan, chekishni to’xtatish va stressni nazorat qilish shamollashga nisbatan sezgirlikni kamaytirishi mumkin.

Hozirgi vaqtda bu kasallikka qarshi samarali vaktsina kashf qilinmagan.

Загрузка...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *