Gingivit — xavf omillari, tasnifi, sabablari, tashxislash, davolash, oldini olish

Gingivit, milk yallig’lanishi (lot. gingivitis) — tish-milk birikmalari yaxlitligi buzilmasdan milklarning yallig’lanishi. O’z vaqtida davonlanilmasa gingivit paradont kasalligining destruktiv shakli — parodontitga o’tishi mumkin. Milk yallig’lanishi ko’pincha milklarning shishishi yoki qonashi bilan namoyon bo’ladi.

Gingivit - milk yallig'lanishi

Gingivit etiologiyasi

Actinomyces israelii
Actinomyces israelii — gingivit sababchilaridan biri bo’lgan mikroorganizm turi

Gingivit odatda og’iz gigienasiga rioya qilmaslik natijasida tishlarda mikrobli karash to’planishi tufayli yuzaga keladi. Gingivit rivojlanishiga shuningdek noto’g’ri ortodontik davolash ham sabab bo’lishi mumkin, bu og’iz bo’shlig’i va tishlarni yaxshi parvarish qilmaslik bilan birga patogen mikroorganizmlarning intensiv rivojlanishiga turtki bo’ladi. Bakteriyalar (kamroq hollarda viruslar, zamburug’lar) milk yallig’lanishining bevosita sababchisi hisoblanadi (Streptococcus oralis, Bacteroides gingivalis, Porphyromonas gingivalis, Actinomycetes comitans, Prevotella intermedia, Actinomyces israelii).

Xavf omillari

  • Tamaki chekish;
  • Og’iz gigienasining buzilishi;
  • Immunodepressiv holatlar;
  • Adekvat stomatologik yordamga murojaat qilish imkoni yo’qligi;
  • To’yib ovqatlanmaslik;
  • Tish toshlari;
  • 3 yoshdan 6 yoshgacha bo’lgan bolalar;
  • Qandli diabet;
  • Homiladorlik;
  • Vitamin C yetishmasligi;
  • Depressiyalar;
  • O’RVI, gripp, angina, OITS, sil kasalligi va boshqa kasalliklar;
  • Organimzning og’ir metallar bilan zaharlanishi (simob, vismut, qo’rg’oshin);
  • Og’zaki kontratseptivlaridan foydalanish;
  • Prikus patologiyasi;
  • Muammoli plombalar;
  • Burundan nafas olishning buzilishi.

Patogenezi

Bioplyonkalar (asosan Aktinomitset, Tannerella forsythia, Fusobacterium nucleatum, Spiroxetalar, Synergistetes) tish karashi paydo bo’lishi va gingivit rivojlanishi, karies, parodontit rivojlanishi uchun mas’uldir.

Epidemiologiya

Gingivit erkaklarda ayollarga qaraganda ko’proq uchraydi. Kasallik noqulay ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda bo’lgan, shuningdek adekvat stomatologik yordam olish imkoni bo’lmagan va ruhiy chekinishlari bo’lgan kishilar guruhida keng tarqalgan.

Gingivitning alomatlari, belgilari, tasnifi

O’tkir

Kataral gingivit kasallikning eng keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Asosiy alomatlari — milklarning qizarishi, ozgina shishganligi, ko’pincha tishlarda yumshoq va qattiq qatlamlar hosil bo’lishi. Tishlarni yuvishda milk yallig’langanligi va qon ketishi kuzatilishi mumkin.

Surunkali

Surunkali gingivit bemorda og’riq chaqirmasligi, biroq yallig’lanish uzoq va zaif davom etishi bilan ajralib turadi. Shuning uchun surunkali gingivit ko’p hollarda tish shifokorining profilaktik tekshiruvlarida tashxislanadi.

Surunkali gingivitda vaqti-vaqti bilan tish yuvish paytida qonash, og’izdan noxush hid kelishi, milning qizarganligi va shishganligi qayd qilinadi. Kasallik o’tkirlashganida, milk yorqin tus oladi, shishadi va ​​qonaydi. Tishda qatlam to’planishi qayq qilinadi, ba’zan ular tishning qattiq to’qimalariga zarar yetkazadi.

Deskvamativ gingivit

Milk epiteliyining intensiv qizarishi va mo’l deskvamatsiyalanishi (bir qavatining ko’chishi) bilan ajralib turadi.

Giperplastik gingivit

Gipertrofik (giperplastik) gingivit kamdan-kam hollarda uchraydi va ko’pincha organizmdagi endokrin o’zgarishlar bilan bog’liq. Ushbu turdagi kasallik o’smirlarda (yuvenil gingivit), homilador ayollar va qandli diabet bilan kasallangan kishilarda kuzatilishi mumkin. Gipertrofik gingivitda tish-milk so’rg’ichlar hajmi oshadi.

Kasallikda milklar qonashi, yiring ajralishi kuzatiladi, milklar qo’ng’ir-ko’kimtir tusga kiradi, og’izdan noxush hid keladi, tishda qatlam to’planadi, soxta-patologik cho’ntaklar shakllanadi.

Gipertrofik gingivitning og’irlik darajasi milk giperplaziyasining yaqqolligi bilan aniqlanadi: yengil darajada tish tojining — 1/3 gacha, o’rta darajada — 1/2 gacha, og’ir darajada — 1/2 dan ko’proq qismi.

Oddiy marginal

Ko’pincha bolalikda kuzatiladi va og’iz gigienasi buzilishi bilan bog’liq.

Yarali

Milkning kuchli qichishi, achishi, qonashi va yara hosil bo’lishi bilan tavsiflanadi.

Atrofik gingivit

Milk to’qimasi hajmining kamayishi bilan tavsiflanadi.

O’tkir nekrotizatsiyali yarali gingivit

KXT-10 da alohida tasniflanadi. Kasallikning sababchilari bakterial infektsiya hisoblanadi, asosan P. intermedia, fuzobakteriyalar kabi anaeroblar, shuningdek Borrelia va Treponema kabi spriroxetalar. Og’izning shilliq qavati yallig’lanadi, qonashi, yoqimsiz hid kelishi qayd qilinadi, tishlararo so’rg’ichlarning nekrozi paydo bo’ladi. Kasallik yoshlarda (17-30 yosh) og’iz gigienasiga yetarli rioya qilmaslik tufayli kelib chiqadi. O’RVI, gripp, angina, OITS, sil kasalligi va boshqa kasalliklarda paydo bo’lishi mumkin.

Gingivitni davolash

Kasallikning kechishidan kelib chiqib, tegishli davolash o’tkaziladi: u og’iz bo’shlig’ini professional tozalash yoki jarrohlik yordamida davolash bo’lishi mumkin. Jiddiy yoki uzoq muddatli gingivitda penitsillin, tetratsiklin, doksitsiklin, metronidazol, siprofloksatsin, klindamitsin kabi antibiotiklardan tizimli foydalanish mumkin. Milkdagi og’riqni qoldirish uchun paratsetamol yoki ibuprofen buyuriladi.

Yakuni

Odatda to’liq shifo topishi bilan yakunlanadi, chunki tish-milk birikmasi buzilmaydi.

Gingivitni oldini olish

  • Og’iz gigienasiga rioya qilish (tish pastalari, gellar, chayqash);
  • Chekishni tashlash;
  • Elektrik tish cho’tkalarini qo’llash;
  • Metronidazolli tish gellari qo’llash, masalan, «Metrogil Denta»;
  • Ambazone, 2,4-dixlorobenzilli spirt, amilmetakrezol kabi tabletkalar shaklida shimish uchun dorilar;
  • Xlorgeksidin, vodorod peroksidi, etanol, timol, sineol, metilsalitsilat, mentol, metilparaben, benzalkoniy xlorid, ftorid yoki ksilit saqlagan eritmalar bilan og’izni chayish. So’nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar efir moylar saqlagan og’izni chayish uchun eritmalar foydali ta’sir ko’rsatishini aniqladi;
  • Triklozan saqlagan tish pastalarini qo’llash;
  • Kaltsiy preparatlarini qabul qilish.

Yuqorida keltirilgan profilaktik choralar milk yallig’lanishini davolash uchun ham qo’llaniladi. Tish iplaridan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Asoratlari

  • Parodontit va keyinchalik tishlarni tushib ketishi;
  • Apikal periodont va jag’ suyaklarining infektsiyalanishi;
  • Kasallikning yarali-nekrotik shakliga o’tishi;
  • Gematogen infektsiyalar — infektsiyali endokardit, glomerulonefrit.

Differentsial tashxislash

Gingivitni parodontit va parodontozdan farqlash kerak. Gingivitni parodontning boshqa kasalliklardan ajratib turuvchi asosiy xususiyati bu yallig’lanishi faqat milk to’qimalari ta’sir qilishidir, boshqa tuzilmalar (tishni jag’da ushlab turuvchi periodontal boylamlar, suyak to’qimasi) o’zgarishsiz qoladi. Normada tish-milk birikmasining chuqurligi 1-1,5 mm ni tashkil etadi, tish-milk birikmasining destruktsiyasida parodontal cho’ntaklar (4 mm va undan chuqurroq) kuzatiladi va bu parodontit alomati hisoblanadi. Gingivitda parodontal cho’ntaklar bo’lmaydi, lekin gingivitning gipertrofik shakli va umuman milk yallig’lanishlarida soxa parodontal cho’ntaklar paydo bo’lishi mumkin. Bu belgilar bilan bir qatorda, gingivit uchun parodontal cho’ntaklar, tish bo’yinlarining ochilib qolish, ularning qimirlashi xarakterli emas — bu belgilar suyak apparatining shikastlanganligini ko’rsatadi. Differentsial tashxislash maqsadida rentgenografiya qo’llaniladi — intraalveolyar to’siqlar balandligining o’zgarishi gingivitga xos emas.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. Juda ajoyib sayt va ajoyib maqolalar, barcha ijodiy jamoaga, vrachlarga katta raxmat, doimo salomat bo‘linglar. Har qanday kasallik borasida batafsil ma’lumot berilgan, beminnat yordamingiz uchun minnatdorman.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.