Og’izdan noxush hid kelishi — sabablari, og’iz hidlanishini davolash usullari, xalqona vositalar

Og’izdan noxush hid kelishi — bu dunyodagi har ikkinchi odam duch keladigan muammodir. Yoqimsiz hid ko’pincha o’ziga bo’lgan ishonchi yo’qotishga sabab bo’ladi va muloqot qilishga to’sqinlik qiladi. Og’izdan badbo’y hid kelishi doimiy ravishda mavjud bo’lishi yoki vaqti-vaqti bilan paydo bo’lishi mumkin, masalan, och qoringa. Ushbu hodisa odatda stomatologik muammolar va ichki a’zolar kasalliklarining birinchi belgisidir. Tibbiyotda og’izdan yomon hid kelishi «galitoz» atamasi bilan nomlanadi.

Og'izdan noxush hidni tezda yo'qotish

Og’iz bo’shlig’i shilliq qavati va milk yallig’lanishini o’z vaqtida davolash juda muhim, chunki bu og’izdan noxush hid kelishining eng ko’p uchraydigan sabablaridir.

Galitoz turlari

  1. Fiziologik. Ushbu turdagi galitoz og’iz bo’shlig’ining fiziologik xususiyatlari va tilning orqa qismidagi karash mikroflorasi tarkibining ko’proq chirituvchi bo’lishi bilan bog’liq. Bunday holda, tish va milklar butunlay sog’lom bo’lishi mumkin.
  2. Patologik. Bunday holda og’izdan yoqimsiz hid kelishining sababi turli yallig’lanishlar yoki ichki a’zolarning kasalliklari bo’lishi mumkin.
  3. Psevdogalitoz. Ushbu turdagi galitozda og’izdan ozgina hid keladi, u boshqalar tomonidan sezilmaydi va faqat bemorning o’zini tashvishga soladi. Ushbu holatlar oldinlari chin galitozdan aziyat chekkan insonlar uchun ko’proq xos bo’lib, ular hid kelishini muvaffaqiyatli davolashgan, lekin noxush nafasdan tashvishlanishda davom etishadi.

Og’izdan noxush hid kelishi sabablari

Yoqimsiz hidlarning mahalliy sabablari

  • Stomatologik muammolar. Yomon hid kelishi sabablaridan biri karies va uning asoratlaridir. Tishlar parchalanishida hosil bo’ladigan bo’shliqlarida oziq-ovqat zarralari to’planadi va u joyda bakteriyalar faol ko’paya boshlaydi, bu esa yoqimsiz hid ajralishiga olib keladi. Bu bolalarda og’izdan yoqimsiz hid kelishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri.
  • Milk kasalliklari. Milk va og’iz bo’shlig’i shilliq qavatining yallig’lanishi ham galitoz chaqirishi mumkin.
  • Og’iz bo’shlig’i gigienasining yetishmasligi. Tishlar, milk, til, shuningdek ortodontik va ortopedik qurilmalarga (protezlar, apparatlar, kapalar va boshqalar) yetarlicha e’tibor bermaslik og’izdan yoqimsiz hid kelishiga sabab bo’ladi. Kundalik gigienaga befarq bo’lishda tishlar orasida, til orqasida, milklar atrofida va protez elementlarida ovqat zarralari to’planib qoladi, bu bakteriyalarning ko’payishi uchun qulay muhitga aylanadi. Ushbu mikroorganizmlarning hayotiy faoliyati jarayonida og’iz hidlanishiga sabab bo’ladigan uchuvchan oltingugurtli birikmalar ajraladi.
  • «Og’iz bo’shlig’i quruqligi» sindromi. Ushbu sindrom nafas chiqarishda yomon hid kelishining keng tarqalgan sababidir. So’lakning sekin va oz miqdorda ishlab chiqarilishi tufayli og’iz bo’shlig’ining tabiiy tozalanish jarayoni buziladi va patogen bakteriyalarning ko’payishi uchun oziqa muhiti hosil bo’ladi. Og’iz quruqligi quyidagilar tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkin:
    • So’lak bezlarining kasalliklari;
    • Qandli diabet;
    • Avitaminoz;
    • Nurlanishli shikastlanish;
    • Botulizm;
    • Og’iz orqali nafas olish;
    • Ba’zi dori-darmonlarni qabul qilish.

Og’iz hidlanishining umumiy sabablari

  • Ovqatlanish xarakteri. Og’izdan badbo’y hidlar kelishining rivojlanishiga oqsilga boy go’sht va sut mahsulotlarini iste’mol qilish yordam beradi. Ular qayta ishlanganida, og’iz bo’shlig’ida kislota-ishqor muvozanatini o’zgartiradigan ishqoriy birikmalar hosil bo’ladi. Buning oqibatida yoqimsiz hid chaqiradigan mikroorganizmlar faol ravishda ko’payishni boshlaydi. Tarkibida yuqori miqdorda uglevodlar bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish, aksincha, hidning sezilarligini kamaytirishga yordam beradi.
  • Somatik kasalliklar. Noxush hidning paydo bo’lishi sabablari:
  • Gormonal buzilishlar. Organizmda jinsiy gormonlar nisbati va kontsentratsiyasi o’zgarishi so’lak xususiyatlariga ham ta’sir qiladi. So’lak qanchalik yopishqoq bo’lsa va odatdagidan ko’ra kamroq ajralsa, unda kislorod miqdori kamayadi. Bu badbo’y hidning paydo bo’lishiga olib keladigan uchuvchi birikmalar hosil bo’lishiga yordam beradi.
  • Chekish. Tamakining yonishi natijasida o’ziga xos hidga ega bo’lgan moddalar hosil bo’ladi. Chekish vaqtida og’iz bo’shlig’ining shilliq qavati haddan tashqari quriydi va uning tabiiy tozalanishi jarayoni buziladi. Chekishda og’izdagi kislorod miqdori kamayadi va anaerob bakteriyalar (yashashi uchun kislorod kerak bo’lmagan mikroorganizmlar) soni ko’payadi. Bu zararli odat, shuningdek, tishda tosh hosil bo’lishiga va milkning yallig’lanishiga olib keladi.

Og’izdan keladigan yoqimsiz hidni qanday aniqlash mumkin

Qoshiq yoki salfetka bilan sinov

Qoshiq bilan. Tilning orqa uchdan bir qismidan plastik qoshiq yordamida karash to’planib olinadi. 1 daqiqadan so’ng, uning hidi bemorning o’zi yoki sinov o’tkazadigan ishonchli shaxs tomonidan baholanadi.

Salfetka bilan. Tilning orqa qismidan karashni olish uchun gigienik salfetkadan ham foydalanish mumkin. Buning uchun tilning orqa uchdan bir qismi toza salfetka bilan artilib, 40-45 soniyadan keyin uning hidi baholanadi. Bunday test natijalari nafaqat galitozni aniqlabgina qolmay, balki uni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar manbai — karashni ham aniqlashga imkon beradi.

Tish iplari bilan sinov

Yuqori va pastki jag’ tishlar (molyarlar) orasidagi bo’shliqlar hidsiz va mum bilan shimdirilmagan tish iplari bilan tozalanadi.

Keyin ishlatilgan ip qismi qanday rangga bo’yalgani ko’riladi. Sariq rang tish karashini, qizil — milklarning qonashini ko’rsatadi. Har ikkala belgi ham galitoz rivojlanishiga hissa qo’shadigan omillardir.

Tishlararo makonni tozalashdan keyin 30-40 soniya o’tib, ipning hidi baholanadi.

Nafas hidini organoleptik o’lchash

Og’izdan keladigan hidning intensivligi va xususiyatini baholash tish shifokori tomonidan amalga oshiriladi. Sinov arafasida aniq test natijalarini olish uchun bemor va tadqiqotchi antibakterial preparatlardan, achchiq oziq-ovqat, ziravorlar, piyoz va sarimsoq (sinovdan 2 kun oldin), aromatik kosmetika vositalaridan (sinovdan bir kun oldin) foydalanmasliklari kerak. Sinov o’tkazilishidan oldingi 12 soat ichida bemor chekmasligi, tishlarini cho’tka bilan tozalamasligi, chayqashi, nafasni hushbo’y qiluvchi vositalar va saqich chaynashdan saqlanishlari kerak.

Qanday qilib og’izdan noxush hid kelishini yo’qotish mumkin

Muntazam og’iz gigienasi. Muntazam og’iz bo’shlig’i parvarishi — yoqimsiz hidga qarshi kurashishning asosiy usullaridan biridir. Muammoni bartaraf etish uchun quyidagilarni bajarish kerak:

  • Tishlarni kuniga kamida 2 marta tozalash;
  • Har bir taom tanovulidan so’ng tish uchun ipdan yoki chayqash uchun eritmalardan foydalanish;
  • Og’iz bo’shlig’ini tozalashda nafaqat tishlarga, balki tilga ham e’tibor berish kerak. Tilni karashdan tozalash og’izdagi hidni yo’qotishga yordam beradi, chunki karash mikroorganizmlar rivojlanishi uchun asos hisoblanadi.

Ota-onalar bolalari og’zidan yomon hid kelishini sezishganida, ularni og’iz gigienasiga muntazam amal qilishini nazorat qilishlari kerak, bu shuningdek bolalarda karies va boshqa stomatologik kasalliklarni oldini olishda ham muhim.

Bakteriyalar og’iz qurib qolganida ayniqsa faollashadi, shu sababli, uy sharoitida og’iz hidlanishidan xalos bo’lish uchun yetarlicha suyuqlik ichib turish kerak.

Og’izdagi noxush hidni tezda yo’qotish uchun qisqa muddat ta’sir qiluvchi yalpizli konfetalar yoki hushbo’y hidga ega saqich chaynash mumkin, lekin bular faqatgina hidni yashiradi, asosiy sababini bartaraf etmaydi.

Stomatologik muammolarni bartaraf etish. Yoqimsiz hidning sababi og’iz bo’shlig’idagi turli xil yallig’lanishlar va tish bilan bog’liq muammolar bo’lishi mumkinligi sababli, og’iz bo’shlig’i kasalliklarini o’z vaqtida aniqlash va ularni davolash uchun stomatologga muntazam ravishda tashrif buyurib turish kerak. Shifokor shilliq qavatni, paradont va tishlarni diqqat bilan ko’radi, so’lak bezlari kanallarini tekshiradi. Zarur bo’lganda, og’iz bo’shlig’ining professional sanatsiyasi amalga oshiriladi, bunga tish karashlari va toshlarini olish, karies va uning asoratlarini davolash, infektsiya o’choqlarini bartaraf etish va hokazolar kiradi. Ba’zida protezlarni zamonaviy standartlarga javob beradigan yangilariga almashtirish zarur bo’lishi mumkin.

Ovqatlanish ratsionini tuzatish. Og’izdan yoqimsiz hid paydo bo’lishiga turtki bo’ladigan piyoz, sarimsoq, qalampir, pishloq, salyami va shunga o’xshash mahsulotlarni cheklash tavsiya etiladi. Ularning tarkibida sistein moddasi bo’lib, mikroorganizmlar ishtirokida u vodorod sulfidga aylanadi. Vodorod sulfid esa o’z navbatida og’izda yomon hid hosil qiladi.

Zararli odatlardan voz kechish. Noxush hidni yo’q qilish uchun chekishni va alkogolli ichimliklar ichishni to’xtatish tavsiya etiladi.

Og’izdan yomon hid kelishini davolash

Asosiy kasalliklarni davolash. Ba’zida galitoz organizmning qandaydir tizimli kasalligi alomati bo’lishi mumkin. Ertalab og’izdan noxush hid kelishi quyidagi hollarda ham kuzatilishi mumkin:

  • Oshqozon-ichak trakti funktsiyalarining buzilishi;
  • Jigar va buyrak yetishmovchiligi;
  • LOR-kasalliklar;
  • Bronxopulmonar tizim bilan bog’liq muammolar va boshqalar.

Bunday holda, galitozni bartaraf etish uchun asosiy kasallikni tashxislash va davolash (konservativ, fizioterapevtik va boshqalar) amalga oshiriladi.

Og’iz hidlanishini xalqona vositalar yordamida bartaraf etish

  • Agar og’izdan piyoz yoki sarimsoq hidi kelishidan tezda xalos bo’lish kerak bo’lsa, biroz botqoq igiri ildizi yoki petrushka chaynash mumkin. Bu o’simliklar hidni yashirishga qodir.
  • Chayish uchun dalachoy (qizilpoycha) o’ti asosidagi spirtli tindirma ishaltiladi. Yarim stakan suvga 30 tomchi tindirma solib, og’iz yaxshilab chayiladi.
  • Yalpiz tindirmasi va seldereyning spirtli tindirmasi (bir-ikki choy qoshiq o’simlik bir stakan 40% li spirt eritmasida ikki hafta tindiriladi) ham chayish uchun qo’llansa bo’ladi. 20 tomchi tindirma 500ml qaynatib sovutilgan suvga qo’shilib, hosil bo’lgan aralashma bilan og’iz chayiladi.
  • Og’izdagi hidlarni yo’qotish uchun qandag’och barglaridan tayyorlangan tindirma ham yordam beradi. 20 gramm qandag’och barglari yarim litr qaynoq suv bilan damlanadi. Kuniga kamida 6 marotaba chayish kerak.
  • Eman po’stlog’i, dalachoy o’ti, qayin barglari, moychechak va qichitqio’t aralashmasi ham yoqimsiz hidlarni bartaraf etishda samaralidir. Masalliqlar teng qismdan olinib, choy sifatida damlanadi va u bilan og’iz chayiladi.
  • Og’izdan noxush hid kelishini uy sharoitida davolash uchun bir osh qoshiq o’simlik moyi olib (zaytun, kungaboqar, zig’ir, raps moyi), u bilan taxminan o’n daqiqa og’iz yaxshilab chayiladi. Muolajadan keyin moy oqaradi va til, milk va lunjning ichki tomonini o’lik hujayralardan va tish karashidan tozalaydi.
  • Ichga qabul qilish uchun qulupnay mevalaridan tindirma tayyorlash mumkin. Buning uchun 3 osh qoshiq meva 250 ml suvda 4 soat tindiriladi, so’ng ovqatdan oldin chorak stakandan qabul qilinadi.
  • Og’izdan yoqimsiz hid kelishi bilan bog’liq muammoli vaziyatlarda oddiy qovurilgan kungaboqar pistasi ham yordam beradi.
  • Bolalarda og’izdan noxush hid kelishiga qarshi kurashishda olmaning foydasi katta.
  • Har kuni zarang yoki qayin shirasini ichish yaxshi samara beradi.
  • Har kuni ertalab yog’osh qoshiq yordamida til ildizida mavjud karash tozalanadi, so’ng iliq suvda biroz tuz eritilib, og’iz chayiladi.

Tish kasalliklarini davolash

  • Shikastlangan tishlarni plombalash;
  • Agar tishni davolash imkoni bo’lmasa, uni olib tashlash;
  • Milkning yallig’lanish kasalliklarini davolash.

Mahalliy ta’sirga ega dorilarni qo’llash. Bugungi kunda yomon hidni bartaraf etishga yordam beradigan keng tanlovdagi vositalar mavjud:

  • Tish pastalari;
  • Stomatologik gellar;
  • Shimish uchun tabletka va boshqalar.

Ularni ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.