Ko’p terlash — sabablari, uy sharoitida davolash usullari, ter hidi va kasalliklar bog’liqligi

Butun tananing ko’p terlashi (gipergidroz) turli kasalliklar tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkin. Tungi terlash yoki ter hidining noodatiy bo’lishi ko’pincha salomatlik bilan bog’liq muammolarning belgisi hisoblanadi. Masalan saraton, qandli diabet, sil kasalligi yoki gipertireoz kabi jiddiy kasalliklarda terlashning ortiqchaligi kuzatiladi.

Ko'p terlashni sabablari va davolash

Ko’p terlash sabablari

Atrof-muhit harorati yuqori bo’lganda ter ajralishi kuchayishi bu fiziologik holatdir, bunday holat barchaga ma’lum. Ba’zi dori vositalarini qabul qilishning nojo’ya ta’siri ter ajralishining kuchayishi bilan namoyon bo’ladi, bunday vositalarga antidepressantlar, NYQP, antigipertenziv, o’smalarga qarshi va qandli diabetda qo’llaniladigan ba’zi dorilar kiradi.

Ayollarda homiladorlik va klimaks davrida gormonal fon o’zgarishi tufayli me’yordan ortiq terlash kuzatilishi mumkin. Ba’zi manbalarda qizlarda ko’p terlash sevib qolish bilan bog’liq bo’lishi mumkinligi keltiriladi.

Lekin ortiqcha terlash ba’zi bir kasalliklar alomati sanalishi mumkin, bunday hollarda boshqa alomatlar ham kuzatilsa, tezroq shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Ortiqcha terlash bilan bog’liq kasalliklar

Kuchli terlash ko’plab kasalliklar uchun umumiy alomatdir. Ammo bu kasallikning faqat bitta alomati, quyida ko’p terlash bilan kechadigan ma’lum bir kasalliklarning boshqa alomatlari ham keltirilgan, bu kuchli ter ajralishi sababini aniqlashtirishga yordam berishi mumkin.

  • Isitma bilan kechuvchi kasalliklar — ya’ni tana haroratining ko’tarilishi va organizmga pirogenlar tushishi (ko’pincha viruslar) bilan kechadigan kasalliklar. Tananing terlashi organizmning issiqlikka javob reaktsiyasi bo’ladi — u bu orqali o’zini sovutishga harakat qiladi. Tana harorati qanchalik yuqori bo’lsa, kishi shuncha ko’p terlaydi. Tana harorati tushayotganda eng ko’p terlash kuzatiladi.
  • Semizlik. Ortiqcha vaznli odamlarda har bir harakat ko’p kuch talab qiladi. Tana osonlikcha qizib ketadi va terlaydi.
  • Gipertireoz. Terlash kun davomida kuchayadi. Bundan tashqari, kasallik ishtaha pasayishi va vazn yo’qotish, zaiflik, asabiylashish, yurak urishi, qo’llar titrashi, ba’zan ko’zlarini bo’rtib chiqishi kuzatilishi bilan kechadi.
  • Limfa tizimi o’smalari. Leykoz va limfoma zaiflik va ishtaha yo’qolishidan boshlanadi. Teri rangi oqarib ketadi, limfa tugunlari esa kattalashadi. Kechasi butun badanning kuchli terlashi kuzatiladi.
  • Tuberkulyoz. Tungi terlash, doimiy yo’tal, vazn yo’qotish, zaiflik, haroratning yengil ko’tarlishi yoki uning o’zgarib turishlari.
  • Qandli diabet. Qonda qand darajasi keskin pasayganda (gipoglikemiya) kuchli terlash namoyon bo’ladi. Bemor rangi oqarib ketadi, yurak urishi tezlashadi, mushaklari titraydi. Bosh aylanishi, zaiflik va ochlik kuzatiladi.
  • Me’da osti bezi saratoni. Gipoglikemiyadagi kabi belgilar mavjud: terlash, zaiflik, ochlik xurujlari, mushaklarda titroq, asabiylik.
  • Markaziy asab tizimi buzilishlari. Terlash muvozanatli bo’lmaydi, bunda tananing bir tomoni ko’proq terlaydi. Tananing ba’zi qismlarida alopesiya — soch to’kilishi kuzatilishi mumkin.
  • Parkinson kasalligi. Harakatlarning sekinlashishi va sezilarli hid bilan kuchli terlash. Mushaklarning progressiv kuchanishi va titrashi qayd qilinadi. Yuzning ter bilan qoplanishi va unda seboreya belgilari (ugrilar, yog’li teri, qizarishi) kuzatiladi.
  • Akromegaliya — bu gipofiz funktsiyasining buzilishi tomonidan chaqirilgan asta-sekin rivojlanadigan kattalar kasalligi. Barmoqlarning qalinlashishi, oyoqlar, pastki jag’, qosh yoyining uzunlashishi va ko’p terlash kuzatiladi.
  • Infarkt. To’sh orqasida yonish hissi bilan og’riq, terlash, tashvish, nafas qisilishi va ba’zan ko’ngil aynishi.

Terning hidi qanday kasallik haqida gapiradi?

Ko’p terlash bilan birga kechadigan kasalliklar ko’pincha organizmdagi kimyoviy jarayonlarni buzadi. Natijada, terning hidi o’zgaradi, bu esa kasallikni tashxislash imkonini beradi.

Ter hidi Mumkin bo’lgan kasallik
Siydik Buyrak yetishmovchiligi
Yangi jigar Jigar yetishmovchiligi
Sichqon Fenilketonuriya
Eskirgan, qolib ketgan pivo Tuberkulyoz
Achigan mevalar yoki aseton Qandli diabet
Yangi non Qorin tifi

Terlashni yo’qotish uchun nima qilish kerak

Agar ko’p terlash muasmmosi jiddiy kasallik tomonidan chaqirilmagan bo’lsa va shifokor xavotirga o’rin yo’q desa, ortiqcha terlashni uy sharoitida davolash mumkin.

Issiq kunlarda kiyiladigan kiyim matosiga alohida e’tibor berish kerak. Mato havo o’tkazishi va teri u orqali «nafas olishi» kerak. Paxtali matodan tayyorlangan kiyimlar ayni muddao.

Agar faqat tananing ba’zi qismlari ko’p terlayotgan bo’lsa, alohida maqolalarda keltirilgan tavsiyalarga amal qilish mumkin, bular oyoq terlashi va qo’ltiq terlashi. Agar ko’p ter ajralishi tunda bezovta qilayotgan bo’lsa, tungi terlashga oid tavsiyalar bilan tanishish mumkin.

Ko’p terlashdan xalos bo’lish uchun umumiy tavsiyalarga esa quyidagilar kiradi:

  • Antiperspirantlar achchiq taomlarni xush ko’radiganlar uchun juda mos kelmaydi. Xushbo’y ziravorlardagi moddalar nafaqat til va tanglay ta’m retseptorlarini, balki terining boshqa joylarini ham qo’zg’atadi. Antiperspirant bilan qoplangan ter bezlariga kirib, ular kuchli yallig’lanishiga olib kelishi mumkin. Achchiq taomlar iste’mol qilinishi kutilayotgan kunda antiperspirantlardan foydalanmagan ma’qul. Shuningdek, ko’p terlash bezovta qilmasin desangiz, piyoz, sarimsoq, ziravorlarni kamroq iste’mol qiling.
  • «Quruq qonun» ga amal qiling. Sovuq suv (lekin muzdek emas) chanqoqni bartaraf etish va terlash orqali yo’qotilgan suyuqlik o’rnini to’ldirish uchun eng yaxshi vosita hisoblanadi. Alkogolli ichimliklar esa teriga qon kelishini rag’batlantiradi, shuning uchun hatto muz solingan alkogolli kokteyl ham tezda terlashga sabab bo’ladi.
  • Qahva va koladan voz keching. Ular tarkibida mavjud bo’lgan kofein yurakning qisqarishini kuchaytirib, uni mehnat qilayotgan vaqtdagi kabi ishlashga majbur qiladi.
  • Ortiqcha vazndan xalos bo’ling. To’lacharoq kishilar ko’proq terlaydi, issiqda har qanday jismoniy yuk ular uchun qiyin bo’ladi — yurak qon aylanishini uddalay olmaydi.
  • Tinchlaning. Bezovta kishilarda hatto arzimas tashvish ham ko’p terlashga sabab bo’ladi. Behudaga asabiylashmaslikni o’rganish kerak, buning uchun tinchlantiruvchi vositalar, autotrening, nafas gimnastikasi yordam beradi.

Xalqona vositalar orasidan yalpizni ajratish mumkin. U tinchlantiruvchi xususiyatga ega, asabiylik va qo’zg’alganlikni barataf etadi, uyquni yaxshilaydi, yurak urishi xurujlarini kamaytiradi. Vositani tayyorlash uchun 1 choy qoshiq yalpiz barglari bir stakan qaynoq suvga solinadi va 20 daqiqaga qoldiriladi. Tindirma nonushtadan 40 daqiqa oldin qabul qilinadi.

 

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.