Semizlik (lot. adipositas — «semizlik» va lot. obesitas — tom ma’noda «to’liqlik, semizlik, boqilganlik») — yog’ to’planishi, tana vaznining yog’ to’qimalari hisobiga ortishi. Yog’ to’qimasi ham fiziologik zaxiralarda, ham sut bezlari, son, qorin sohasida yig’ilib borishi mumkin. Hozirgi vaqtda semizlik har qanday yoshda kuzatiladigan surunkali metabolik kasallik hisoblanadi, tana vaznining asosan yog’ to’qimalari hisobiga ortishi sifatida namoyon bo’ladi, aholining umumiy kasallanish va o’limi holatlari ko’payishi bilan kechadi. Taraqqiy topgan jamiyatda genetikada o’zgarish bo’lmasa ham, ya’ni irsiy omillarga bog’liq bo’lmagan holda semizlik keskin ortib bormoqda.
Semizlikning rivojlanishi organizmdagi energiya qabul qilish va sarflash o’rtasidagi muvozanatning buzilishi natijasida yuzaga keladi. Tana og’irligi o’zaro bo’gliq tizimlar kompleksining murakkab munosabatlari orqali tartibga solinadi: qabul qilingan energiya (kaloriya) = sarflangan energiya. Semizlik rivojlanishiga kamharakatlik (gipodinamiya) va oson hazm bo’ladigan kaloriyalar (ularning ortiqchasi organizmda yog’ to’qimalarida triglitseridlar shaklida to’planadi) hissa qo’shadi.
Shuning uchun energetik muvozanatni saqlash uchun organizm gormon darajasini tartibga solishi, energiya sarflashni kamaytirishi, oziqa moddalarining so’rilishi samaradorligini oshirishi, ovqatlanish xulqini tartibga solishi (ishtahani pasaytirish), yog’li energetik depolardan yetishmayotgan energiyani safarbar qilishi kerak. Bularning har biri ma’lum genlar bilan tartibga solinadi.
Etiologiyasi
Semizlik uchun irsiy moyillik semizlikdan aziyat chekayotgan oilalardagi shaxslarda aniq namoyon bo’ladi. Tana massasini tartibga solish uchun mas’ul genlar insoniyatning kelib chiqishi va jamiyatning rivojlanish tarixi davomida evolyutsiya qilgan, lekin bir vaqtning o’zida oziqa moddalarini qabul qilish va odatiy jismoniy faollikni aniqlaydigan tashqi muhit omillari ham sezilarli darajada o’zgardi.
Semizlik quyidagi sabablar tufayli rivojlanishi mumkin:
- Oziq-ovqat qabul qilish va energiya sarflash o’rtasidagi muvozanatning buzilishi, ya’ni oziq-ovqat mahsulotlarini ko’p iste’mol qilish va energiyani kam sarflash;
- Me’da osti bezi, jigar, ingichka va yo’g’on ichaklar faoliyatida buzilishlar (noendokrin patologiyali semirish);
- Genetik buzilishlar.
Semirib ketishga turtki bo’ladigan omillar
- Kamharakat turmush tarzi;
- Genetik omillar, xususan:
- Lipogenez fermentlarining yuqori faolligi
- Lipoliz fermentlari faolligining pasayishi
- Ba’zi kasalliklar, xususan endokrin kasalliklar (gipogonadizm, gipotireoz, insulinoma);
- Oziq-ovqat iste’mol qilish buzilishlariga olib keladigan ovqatlanish xulq-atvorining psixologik buzilishlari (masalan, psixogen ko’p yeb yuborish);
- Stressga moyillik;
- Prader-Villi sindromi;
- Gipotalamusning disfunktsiyasi;
- Uyquga to’ymaslik;
- Psixotrop preparatlar;
- Tizimli glyukokortikosteroidlar;
- Gormonal kontratseptivlar;
- Insulin va insulin sekretsiyasi stimulyatori;
Evolyutsiya jarayonida inson organizmi ovqat tanqis bo’lganda yoki undan majburan bosh tortishga to’g’ri kelganda energiyani ta’minlash uchun oziq-ovqat to’kis bo’lganida oziqa moddalarni jamg’arishga moslashgan — bu evolyutsion afzallik bo’lib, insonlarga tirik qolish imkonini bergan. Qadim zamonlarda semizlik farovonlik, yetarlilik, hosildorlik va salomatlikning belgisi hisoblanardi. Misol uchun miloddan avvalgi 22-ming yillikda yasalgan «Venes of Willendorf» haykali (ehtimol, semizlikning eng qadimgi misoli).
Semizlikning tasnifi
Markaziy semizlik deb qorin sohasida yog’ zaxiralarining ortiqchaligi tushuniladi. Markaziy semizlik ortiqcha vaznlikning eng xavfli turi hisoblanadi, va, statistikaga ko’ra, yurak xastaligi, yuqori qon bosimi va qandli diabet xavfining ortishi bilan bog’liq. Markaziy semirish pivo iste’mol qilish bilan bog’liq degan keng tarqalgan tushuncha (pivoli qorin) tasdiq topmagan: na tana massasi indeksi, na bel va son aylanasi nisbati pivo iste’moli bilan bog’liq emas.
Bemor bel hajmining sonlar hajmiga nisbati ayollar uchun 0,8 va erkaklar uchun 0.95 dan ortiq bo’lsa markaziy semizlik bilan xastalangan hisoblanadi.
Semizlikning patologik turlari, qoida tariqasida, yog’ almashinuvining buzilishiga olib keladigan inson endokrin tizimdagi tartibsizliklar bilan bog’liq bo’ladi.
Semizlik darajalarga (yog’ to’qimalarining miqdori) va turlarga (uning rivojiga olib kelgan sabablargas ko’ra) bo’linadi. Semirib ketish qandli diabet, gipertoniya va ortiqcha vaznning mavjudligi bilan bog’liq boshqa kasalliklarga olib keladi. JSST tasnifiga ko’ra, bel hajmining erkaklarda 94 sm va ayollarda 80 sm dan ziyodligi semizlik bilan bog’liq kasalliklar xavfini oshiradi. Ortiqcha vazn sabablari shuningdek yog’ to’qimalarining tarqalishiga, yog’ to’qimasining tabiatiga (yumshoqlik, taranglik, suyuqlik saqlash foizi) hamda teri o’zgarishlarining mavjudligi yoki mavjud emasligiga ( «sellyulit» deb atalmish terining cho’zilishi, teshikchalarining kengayishi) ta’sir qiladi.
Tarqalganligi
2013-yilda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti semizlik haqida hisobot e’lon qildi. Hisobotni tuzish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2008-yil ma’lumotlaridan foydalanilgan. Quyida BMT hisobotining natijalariga ko’ra semirishdan eng ko’p aziyat chekadigan mamlakatlar jadvali ko’rsatilgan:
Mamlakat | Semizlikdan aziyat chekayotgan aholi foizi |
---|---|
Meksika | 32,8 |
AQSH | 31,8 |
Suriya | 31,6 |
Venesuela, Liviya | 30,8 |
Trinidad va Tobago | 30,0 |
Vantau | 29,8 |
Iroq, Argentina | 29,4 |
Turkiya | 29,3 |
Chili | 29,1 |
Chexiya | 28,7 |
Livan | 28,2 |
Yangi Zelandiya, Sloveniya | 28,0 |
Salvador | 27,9 |
Malta | 27,6 |
Panama, Antigua | 26,8 |
Isroil | 26,5 |
Avstraliya, Sent-Vinsent va Grenadina | 26,1 |
Dominikana | 26,0 |
Buyuk Britaniya | 24,9 |
Rossiya | 24,9 |
Vengriya | 24,8 |
2016-yilda «The Lancet» jurnali 2025 yilga kelib jahon aholisining deyarli 20 foizini semizlikdan aziyat chekishini ko’rsatadigan tadqiqot chop etdi.
Klinik tasvir
Semizlikning klinik namoyon bo’lishi tananing turli qismlarida oziq-ovqat bilan haddan tashqari kaloriya qabul qilish va kam energiya sarflash oqibatida yog’ to’planishi bilan tavsiflanadi.
Tashxis
Amaliy tibbiyotda semirishni aniqlash uchun ko’pincha tana massasi indeksi (TMI) ishlatiladi. Shuningdek, TMI dan farqli o’laroq insonning jismoniy qomatini ham hisobga oladigan Borngardt indeksi ham amalda qo’llaniladi.
Tana massasi indeksi
Ortiqcha vaznni aniqlash ko’rsatkichi tana massasi indeksidir (TMI).
Ortiqcha vaznni aniqlash ko’rsatkichi tana massasi indeksidir (TMI).
TMI = tana og’irligi / uzunligi2 (kg / m2).
2000 yilda JSST mongoloid irqi uchun ortiqcha vazn ostonasini 25 dan 23 kg / m2 gacha, semizlik ostonasini esa 30 dan 25 kg / m2 gacha tushirishni taklif etdi (ma’lumot o’rnida o’zbek millati mongoloid va yevropoid irq o’rtasidagi metis guruhdir). Buning sababi, mongoloidlar semizlik bilan bog’liq bo’lgan muammolardan TMIning ancha pastroq ko’rsatkichlarida ham aziyat chekishlarini ko’rsatadigan epidemiologik tadqiqotlardir. Shu bilan birga, ba’zi tadqiqotchilar negroid irq vakillari, shuningdek polineziy kelib chiqishli shaxslar uchun ortiqcha vazn ostonasini 25 dan 26 ga, semizlikni esa 30 dan 32 gacha ko’tarishni taklif etdilar.
Tana massasi indeksi yog’ / mushaklarning nisbati va tananing yog’ taqsimotini hisobga olmasligi uchun tanqid qilinadi. Zero, oz mushak massali keksa odam ideal og’irlikli deya tasniflanishi mumkin, yaxshi mushak massali sportchi esa ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan yoki semiz deya. Shunga qaramay, tana massasi indekslari ortiqcha vaznni baholash uchun tan olingan yagona xalqaro mezondir.
TMI 40 va undan yuqori bo’lsa, hatto semizlikning asoratlari bo’lmasa ham, unda morbid (kasallikli) semirib ketish haqida gapiriladi. Semizlikning 2-tur qandli diabet, gipertoniya, dislipidemiya va oyoq bo’g’imlari patologiyasi kabi asoratlari mavjudligida, TMI 35 va undan yuqori bo’lganida ham morbid semizlik deya tasniflanadi
Tana massasi indeksi yog’ / mushaklarning nisbati va tananing yog’ taqsimotini hisobga olmasligi uchun tanqid qilinadi. Zero, oz mushak massali keksa odam ideal og’irlikli deya tasniflanishi mumkin, yaxshi mushak massali sportchi esa ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan yoki semiz deya. Shunga qaramay, tana massasi indekslari ortiqcha vaznni baholash uchun tan olingan yagona xalqaro mezondir.
Magnit rezonans tomografiya
Tanadagi yog’ to’qimalarining miqdorini aniqlashning eng aniq usuli MRT hisoblanadi.
Kundalik hayotda inson organizmidagi yog’ to’qimalarining miqdori odatda bioimpedansometriya usuli orqali tana tarkibini tahlil qiluvchi kundalik tarozilar yordamida o’lchanadi.
Ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan odamlar o’z qomatlari kengligini bo’rttirib ko’rishga moyil bo’lishadi, bu esa sub’yektiv norozilikka olib keladi.
MRT haqida batafsil→
Semizlikni davolash
Semizlik va ortiqcha vaznni davolashning asosiy usullari
- Tarkibida ko’proq kletchatka, vitamin va boshqa biologik faol moddalar saqlagan mahsulotlar (bug’doydoshlar va yormalar, sabzavot, meva, yong’oq, ko’katlar va boshqalar) oshirilgan va organizm tomonidan tezda o’zlashtiriladigan uglevodlar (shakar, shirinliklar, pishiriqlar, oliy navli undan tayyorlangan non mashulotlari va makaronlar) kamaytirilgan parhezga rioya qilish, shuningdek, jismoniy mashqlar bajarish.
- Semizlikni davolashda umumiy yondashuv ortiqcha vaznni davolash uchun barcha ma’lum dori-darmonlarni sinab ko’rish hisoblanadi.
- Psixoterapevtik davolash (xulq-atvor terapiyasi) ham ishlatiladi.
- Agar dori-darmonli davolash samarasi ahamiyatsiz bo’lsa yoki umuman bo’lmasa, bunday davolashni to’xtatish kerak. Jarrohlik muolajalarining amalga oshirilishi ehtimolini ko’rib chiqish mumkin.
Semizlikning dietoterapiyasi (parhez tutish)
Ovqat ratsionining energetik qiymatini kamaytirishga asoslangan davolashning uzoq muddatli natijalari umidlarni puchga chiqaradi (bu tibbiy nazorat ostida yoki shifokor nazoratisiz o’tkazilishidan qat’iy nazar). Amerikalik psixolog Treysi Mann va uning hamkasblari tomonidan o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, parhez semizlikka qarshi kurashish vositasi sifatida umuman foydasizdir.
Biroq shuni ta’kidlab o’tish kerakki, ovqat kaloriyaligini to’g’ri nazorat qilmasdan semizlikni muvaffaqqiyatli davolab bo’lmaydi. JSST muvaffaqiyatli ozish uchun odatdagi kaloriya iste’molini hisoblash va keyin kerakli kaloriyadan 500 kkal kamroq ko’rsatkichka erishguncha har oyda uni 300-500 kkalga kamaytirishni tavsiya etadi. Faol jismoniy mehnat bilan shug’ullanmaydigan shaxslar uchun bu qiymat 1500-2000 kkalni tashkil etadi.
Tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, muntazam past yog’li sut mahsulotlarini iste’mol qialdigan kishilar kamroq ortiqcha vazn yig’ishadi va metabolik sindromdan aziyat chekishadi.
Psixoterapiya
Semizlikni davolashda ishlatiladigan xulq terapiyasi usullari o’z-o’zini nazorat qilish, oziqlanish va unga tegishli odatlarga munosabatni o’zgartirish, asta-sekin jismoniy mashqlarni joriy etish va ishonchli ijtimoiy qo’llab-quvvatlashni shakllanishini rivojlantirishga qaratilgan. Nazorat qilingan tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, bu usullar qo’llanilgan bemorlar boshqa usullar qo’llanilgan bemorlarga nisbatan keyinchalik yana avvalgi vaznlariga kamroq qaytishgan.
Kanadalik olimlar semizlik rivojlanishiga ota-ona bilan bo’lgan salbiy munosabatlardan ta’sir ko’rsatishi mumkinligini aniqladilar. Aksincha, yaxshi munosabatlar, xususan ota bilan, me’yoriy vaznni saqlashga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Semizlikning tibbiy muolajasi
Dori-darmonlar, qoida tariqasida, faqat qisqa muddatli yaxshilanishga erishish imkonini beradi, ammo doimiy va uzoq muddatli ta’sirga ega emas. Agar dorilar bilan davolash kursini tugatgandan keyin bemor o’zining turmush tarzini o’zgartirmasa va parhezli tavsiyalariga amal qilmasa, tana vazni yana ortadi. Ehtimol, bu ortiqcha tana massasi gipotalamusda tiklanmas yallig’lanish jarayonlarini keltirib chiqarishi, bu esa yog’ to’qimalarini tartibga solishni vazifasini buzishi sabablidir. Har bir dori shifokor tomonidan individual tarzda buyuriladi:
- Fentermin (adipeks-P, fastin, ionamin — amfetamin guruhi) — ishtahani kamaytiradigan neyromediator noradrenalin sifatida ta’sir ko’rsatadi. Asabiylik, bosh og’rig’i va uyqusizlikka olib kelishi mumkin.
- Orlistat (ksenical) — pankreatik lipaza ingibitori, yog’ so’rilishini taxminan 30% ga kamaytiradi, ochlik hissini bostirmaydi, biroq axlat ushlab tura olmaslikni chaqirishi mumkin.
- Sibutramin (meridia) — serotonin va noradrenalin qayta ushlanishi ingibitori. Preparat gipotalamusda joylashgan to’qlik va termogenez markazlariga ta’sir ko’rsatadi. Preparat nazoratsiz arterial gipertoniyali bemorlarga qarshi ko’rsatmaga ega!
- Fluoksetin (prozak) — antidepressant, ishtahani bostirish uchun ba’zi mutaxassislar tomonidan ishlatiladi, lekin uzoq muddatli samarasi haqida hech qanday ma’lumot yo’q.
- Lorkaserin (belvik) — 5-HT2C retseptorlari agonisti, ishtahani bostiradi.
- Bupropion (velbutrin, ziban) — noradrenalin va dofamin qayta ushlanishi ingibitori, ishtahani bostiradi.
- Kofein va efedrin birlashmasi — simpatomimetik, alfa va beta-adrenoretseptorlarni, noradrenalin ishlab chiqarishni rag’batlantiradi. U semizlikni davolash uchun Daniyada keng tarqalgan.
- Topiramat — antiepileptik preparat, tana vaznini noma’lum mexanizm orqali kamaytiradi.
- Naltrekson — opioid retseptorlari antagonisti, mazali taomga intilishni bostiradi.
- Liraglutid (viktoza, saksenda) GSP-1 retseptorlari agonisti. Ehtimol, leptin (to’qlik gormoni) ning ta’sirini uning eruvchan retseptorlari bostirilishi orqali kuchaytiradi.
Ozish uchun mavjud dorilarning ko’pligiga qaramay, ularning deyarli barchasi AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi tomonidan jiddiy nojo’ya ta’siri tufayli taqiqlangan. Ayni paytda ularning beshtasi tasdiqlangan: orlistat, lorkaserin, fentermine-topiramat, bupropion-naltrekson va liraglutid.
O’simlik kelib chiqishli preparatlar
Parhez va dori qabul qilish bilan birga choy yoki boshqa dori shaklida o’simlik vositalari ishlatilishi mumkin, lekin ularni tarkibini yaxshi bilish kerak.
Morbid semizlikni xirurgik davolash
Uzoq muddatli tadqiqotlar asosida aniqlanishicha, semizlikni davolashda maksimal ta’sirga jarrohlik operatsiyasi (bariatrik jarrohlik) ega. Faqat jarrohlik muolajasigina bu muammoni yakuniy hal qilish imkonini beradi. Hozirgi kunda semizlikni bartaraf qilish uchun dunyoda eng ko’p uch xil jarrohlik amaliyoti qo’llanilmoqda. Bu uch operatsiya bariatrik jarrohlikning ko’p yillik takomillashuvidan kelib chiqqan bo’lib, ortiqcha vazn bilan kurashishda maksimal samaraga ega va shu bilan nojo’ya ta’sirlar minimal darajada:
- Oshqozonni shuntirlash (gastric bypass) eng uzoq tarixga ega. U XX asrning 60-yillarida qo’llanila boshlandi. Bu operatsiyada oshqozon ikkiga bo’linadi — kichik va katta qismlarga, ular bir-biri bilan aloqa qilmaydi. «Kichik oshqozonga» ingichka ichak tikib qo’yiladi, shu tarzda oziq-ovqat qisqa yo’l orqali harakat qiladi. Bu operatsiya ikki ta’sir komponentiga ega: (1) kichik oshqozon hajmi 50 ml bo’ladi, demak, bemor oldingi miqdorda ovqat qabul qila olmaydi va (2) ovqat qisqa yo’ldan harakatlanganda oziqa moddalarining so’rilishi pasayadi.
Ta’riflab o’tilgan uchta standart operatsiyalardan tashqari, unchalik tez-tez ishlatilmaydigan juda ko’plab boshqa operatsiyalar taklif etilgan.
Hozirgi paytda barcha bariatrik operatsiyalar miniatyur optik tizim nazorati ostida laparoskopiya yo’li orqali (ya’ni teshiklar orqali, kesilmagan holda) amalga oshiriladi.
Ta’kidlab o’tish kerakki, plastik jarrohlikka taalluqli operatsiyalar, masalan liopsaktsiya yoki abdominoplastika semizlikka qarshi kurashish choralari emas, ular faqat mahalliy kosmetik nuqsonlarni tuzatishga qaratilgan bo’ladi. Rosti bunday operatsiyadan keyin yo’g miqdori va tana vazni kamayishi mumkin, ammo, britaniyalik olimlarning yaqinda o’tkazgan tadqiqotlariga ko’ra, salomatlik uchun bunday operatsiyalar foydasizdir. Aftidan, salomatlikka zararni teri osti yog’lari emas, charvida joylashgan vistseral yog’ va qorin bo’shlig’ida joylashgan a’zolar atrofidagi yog’lar yetkazadi. Ilgari vazn yo’qotish uchun bir martalik liposaktsiya qilishga urinishlar bo’lgan (10 kg gacha yog’ olib tashlanadigan megaliposaktsiya), lekin hozir u juda zararli va xavfli muolaja sanaladi va muqarrar ravishda ko’plab jiddiy asoratlarni beradi va tana yuzasi notekisligi shaklida jiddiy kosmetik muammolarga sabab bo’ladi . Bundan tashqari, teri osti liposaktsiyasini o’tkazish (masalan qorinda) salomatlik uchun zararli sanaladi; bu vistseral yo’gning kompensator o’sishiga olib kelishi to’g’risida ma’lumotlar jam mavjud. Shunday qilib, semizlik bilan kurashish uchun plastik emas, balki bariatrik jarrohlik ishlatiladi.
Semizlikning operativ davolash aniq ko’rsatmalarga ega, ular faqat qo’shimcha vaznga ega ekanligiga ishonadiganlar uchun mo’ljallanmagan. Xirurgik davolashga ko’rsatma TMI 40 va undan yuqori bo’lganida beriladi. Biroq, bemor 2-turdagi diabet, gipertoniya, venalarning varikoz kengayishi va oyoq bo’g’imlarga muammolar kabi xastaliklarga ega bo’lsa, ko’rsatma TMI 35 va undan yuqori bo’lganida beriladi. Yaqinda xalqaro adabiyotda TMI 30 va undan yuqori bo’lgan bemorlarda oshqozon bandajini samaradorligini o’rganish bo’yicha ishlar paydo bo’ldi. Bundan tashqari, 2011 yil fevral oyida FDA (AQShning litsenziyalash organi) TMI 30 dan boshlab gastrik bandajni qo’llashga ruxsat berishga qaror qildi. To’g’risi, bu ruxsat faqat LapBand atalmish bandaj modeliga taalluqli.
Semizlikning asoratlari
- Metabolik sindrom — yurak-qon tomir kasalliklarini rivojlanishi uchun xavf omillari bo’lgan metabolik, gormonal va klinik buzilishlar majmuasi. Metabolik sindrom to’qimalarning insulinga sezuvchanligining yo’qolishiga asoslangan.
- Gastroezofageal reflyuks kasalligi — oshqozon-ichak tizimining eng keng tarqalgan kasalliklaridan biri va uchrash tezligi bo’yicha oshqozon yarasi va o’t-tosh kasalligi bilan solishtirish mumkin. Nordon oshqozon tarkibining qizilo’ngachning pastki qismiga otilishidir.
Taxminan 10% hollarda nordon reflyuks ishqorli bilan bir vaqtning o’zida sodir bo’ladi, ya’ni qizilo’ngachga ham oshqozon tarkibi, ham o’n ikki barmoqli ichak tarkibi otiladi. Reflyuks semiz odamlarda, ayniqsa, kechalari ovqatni sevuvchilar, spirtli ichimliklar, qahva ichuvchilar, chekuvchilarda ko’proq rivojlanadi.
- 2-tur qandli diabet — me’da osti bezi hujayralari insulin sekretsiya qilishi buzilishi va insulinga rezistentlik (qarshilik) mavjudligi.
- Yurak ishemik kasalligi (YIK) — stenokardiya, miokard infarkti va aterosklerotik kardiosklerozni birlashtiradigan kasallik. YIK yurak toj arteriyalarning bo’shlig’i torayishi natijasida yetarli qon bilan ta’minlanmaganligi tufayli rivojlanadi.
- Miokard infarkti — yurakning ma’lum sohasidagi o’tkir qon aylanishining buzilishi oqibatida yurak mushaklarining nobud bo’lishi.
- Insult — miya qon aylanishining o’tkir buzilishi.
- Arteriyel gipertenziya — qon aylanish tizimining eng keng tarqalgan kasalligi, yuqori qon bosimi bilan ifodalanadi.
- Surunkali venoz yetishmovchiligi — venoz qonning qayta oqishi buzilishi bilan tavsiflanadigan sindrom, sohaviy mikrotsirkulyatsiya tizimining dezorganizatisyasiga olib keladi.
- Xolesistit — bu o’t pufagining yallig’lanishi.
- O’t-tosh kasalligi — o’t pufagida yoki safro yo’llarida toshlar shakllanishi.
- Artrit — autoimmun kasallik, bo’g’imlarning surunkali yallig’lanishiga sabab bo’ladi, bundan tashqari, bo’g’im atrofi va boshqa to’qimalar, a’zolar va organizm tizimlari ham shikastlanadi, shuning uchun bu kasallik tizimli kasalliklar sinfiga kiradi.
- Deformatsiya qiluvchi osteoartroz — bo’g’imlarning surunkali yallig’lanishsiz kasalligidir.
- Umurtqalararo disklar churrasi — umurtqa tanasini disk tomonidan qoplab turuvchi ingichka tog’ay plastinkada yoriq paydo bo’ladi, natijada disk moddasiga qon quyiladi va tezda uning churrasi rivojlanishiga hissa qo’shadi.
- Polikistoz tuxumdonlar sindromi — endokrin kasallik, bunda tuxumdonlar kattalashgan va unda suyuqlik bian to’lgan mayda pufakchalar bo’ladi.
- Onkologik kasalliklar — organizmning a’zolari va to’qimalarida epiteliya hujayralaridan kelib chiqqan xavfli o’smalar. Epitelial hujayralar tezlik bilan bo’linish va ko’payish qobiliyatiga ega. Onkologik kasalliklar odatiy hujayralarning o’simta hujayralariga aylanishida rivojlanadi.
- Pankreatit — me’da osti bezining yallig’lanishi.
- Jigarning yog’li distrofiyasi — jigar hujayralarida yog’ to’planishi.
- Alveolyar gipoventilyatsiyali semizlikning so’nggi darajasi — o’ta semizlik oqibatida odamlar alveolyar gipoventilyastsiyadan aziyat chekishi holati (bunda kishi chuqur va yetarli nafas ololmaydi), natijada qonda kam kislorod va yuqori karbonat angidrid bo’lishi qayd qilinadi.
- Erektil disfunktsiya — erkaklarda erektsiyaga erishish va uni saqlab qolish qobiliyatining yo’qotilishi. Bu semizlik tufayli rivojlanadigan gormonal kasalliklar va testosteron darajasining pasayishi tufayli yuzaga keladi, bu esa androgen yetishmovchiligiga olib keladi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko’ra, yurak-tomir kasalliklari dunyoda o’limning asosiy sabablaridan biri sanaladi. Faqatgina 2012-yilda YTK dan 17 milliondan ortiq kishi halok bo’lgan. Yurak kasalliklarining asosiy sabablari ortiqcha og’irlik, shu jumladan vistseral yog’ miqdorining oshishidir.
Yakun
Ko’p narsa semizlikning shakli, darajasi, asoratlari va birgalikda kechadigan kasalliklar mavjudligiga bog’liq.
Haddan tashqari og’irlik metabolik kasalliklar bo’lmagan holatlarda ham «sog’lom» holat emas — vaqt o’tishi bilan kuchayadigan boshqa xavf omillari ham mavjud; ortiqcha vazn har doim muqarrar ravishda u yoki bu yurak-tomir kasalliklarining paydo bo’lishiga olib keladi.
Assalomu alaykum.
Ushbu saytdagi ma’lumotlardan foydalanib insho yozishga ruhsat etasizlarmi? Javob uchun oldindan rahmat.
Vaaleykum assalom. Shaxsiy foydalanish maqsadlarida ma’lumotlarni ko’chirishga hech qanday taqiq yo’q. Faqat boshqa internet resurslarida chop etish uchun rozilik olish kerak. Insho yoki topshirilgan vazifalarni bajarishda ma’lumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin.