Bosh aylanishi — sabablari, tasnifi, tashxislash, davolash, oldini olish

Bosh aylanishi (vertigo) — atrofdagi fazoda o’z tanasining nazoratsiz harakatlanishi, tayanchning siljishi yoki ko’ruv zonasida joylashgan ob’yektlarning harakatlanishini his etish tuyg’usidir. Xo’sh, u nima sababdan aylanadi, bosh aylanganda nima qilish kerak?

Bosh aylanishi haqida

Evolyutsion taraqqiyot jarayonida inson tinch holati va harakatlanishida bu haqida o’ylamasdan ham muvozanatni saqlashni o’rgandi. Muvozanatni yo’qotish hissi odamlarda turli darajadagi vahima paydo bo’lishiga olib keladi. Ularning tasavvurida atrofdagi olam barqaror bo’lishdan to’xtaydi, atrofdagi borliqning aylanishi, tebranishi va qimirlashi tuyg’usi hosil bo’ladi. Boshi aylanayotgan odam goh u tomonga, goh bu tomonga ketib qoladi, hatto yiqilib tushishi mumkin, u o’zining boshidagi aylanish hissini yenga olmaydi. Bosh aylanishi bilan og’rigan bemorlar oyoqlarida zaiflik, «atrof muhitda suzib yurish» va nazoratsiz yiqilishlar hissi haqida gapirishadi.

Kattalarda bosh aylanishi xususiyatlari

Qariyalarda

Har bir inson, uning yoshidan qat’iy nazar, bosh aylanishi bilan to’qnash kelishi mumkin.  Biroq, keksa yoshli odamlar bu holatdan ko’proq aziyat chekishadi. Asta-sekin, yosh o’tishi sayin, kishi bosh aylanishidan fazoda o’z tanasining joylashuvini nazorat qilishni yo’qotish holati sifatida cho’chiy boshlaydi, bu uning hayot sifatini pasaytiradi, ijtimoiy kontaktlar qilish qobiliyatiga ta’sir qiladi, mustaqil harakatlanib yurish imkonini cheklaydi. Nihoyat, keksalikda bosh aylanishi ma’lum bir xavf tug’diradi: osteoporoz va boshqa yosh bilan bog’liq kasalliklar mavjud bo’lganda yiqilib ketish og’ir jarohatlarni va’da qiladi va uzoq muddatli reabilitatsiya davrini talab etadi.

Ayollarda bosh aylanishi

Ayollarning boshi aylanishi erkaklarnikiga qaraganda ko’proq uchraydi. Ayollarda bosh aylanishi sodir bo’ladigan tez-tez kuzatiladigan holatlar — hayz ko’rish va homiladorlik davrida gormonal tebranishlar, shuningdek, klimaks davrida gormonal muvozanatning o’zgarishidir. Ba’zi-ba’zida, epizodik bosh aylanishlari sog’liq uchun zararli emas. Ammo ular tez-tez sodir bo’ladigan bo’lsa, unda bosh aylanishi nima sababdan ekanligini va bu muammo tufayli oxir-oqibat kasalxonaga tushib qolmaslik uchun uni qanday hal qilishni aniqlash kerak.

Ayollarda bosh aylanishi gormonal sabablarga bog’liq bo’lmasligi ham mumkin. Bunday holda, u asabiy taranglik yoki boshqa ko’plab kasalliklarning alomati bo’lishi mumkin, jumladan:

  • Migren;
  • Ichki quloqning yallig’lanishi (otit);
  • Osteoxondroz;
  • Orqa miyaga ta’sir qiladigan kasalliklar;
  • Epilepsiya;
  • Miya o’smalari va boshqalar.

Ayollarda bosh aylanishiga olib kelishi mumkin bo’lgan yana bir xavf omili guruhi — bu noto’g’ri turmush tarzidir. Bu tushuncha ayol hayotining eng turli jabhalarini qamrab oladi.

Masalan, surunkasiga uyquga to’ymaslik organizmning jismoniy va hissiy jihatdan charchashiga olib keladi, bu esa asab tizimi kasalliklari fonida bosh aylanishiga sabab bo’lishi mumkin.

O’troq turmush tarzi va jismoniy faollikning tanqisligi uzoq vaqt davom etsa, bu holat ayolning yurak-tomir tizimi holatiga salbiy ta’sir qiladi, u esa o’z navbatida  ma’lum bir zo’riqishni talab qiladigan harakatlar paytida boshning aylanishiga olib kelishi mumkin.

Stresslar, asabiy taranglik, imtihon topshirish, omma oldida chiqish qilish yoki hatto uchrashuv oldidan tashvish oxir-oqibat bosh aylanishining potensial sababiga aylanadi. Bunday holda psixologlar stressli vaziyatlar bilan kurashishni o’rganish uchun autogen mashg’ulot qobiliyatlarini o’zlashtirishni tavsiya etadilar.

Va nihoyat, ayollarning vestibulyar apparati o’rtacha hisobda erkaklarnikiga qaraganda yomonroq rivojlangan bo’ladi. Attraktsionlarda uchish, ba’zi transport turlarida safar qilish ayollarda bosh aylanishini chaqirishi mumkin. O’ta og’ir holatlarda, kishida oddiy belanchakning tebranishiga qarash ham bu noxush alomatga olib keladi.

Homilador ayollarda

Yuqorida aytib o’tilganidek, homiladorlik davrida bosh aylanishi kamyob holat emas. Ko’plab bo’lajak onalar ushbu noxushlikdan aziyat chekishadi, bunda bosh aylanishi darajasi juda individual bo’ladi: ba’zilarida u biroz noqulaylik tug’dirib, o’tib ketsa, boshqalarida oxir-oqibat hushdan ketishga sabab bo’lishi mumkin. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, homiladorlikda bosh aylanishiga asosan homiladorlikdan oldin ham bu muammo bilan to’qnash kelgan ayollar duchor bo’ladi.

Ko’pincha bosh aylanishi toksikoz alomatlaridan biri hisoblanadi. Bu muammo masalan qayt qilish kabi unchalik xavfli bo’lmagan holatdir va aksariyat hollarda homiladorlikning ikkinchi trimestrida toksikoz bilan birgalikda keladi.

Agar bosh kamdan-kam hollarda aylanadigan bo’lsa va bu hech qanday salbiy oqibatlarga olib kelmasa, homilador ayollar bu haqida tashvishlanmasliklari kerak. Homiladorlik paytida organizmning gormonal balansi tubdan o’zgaradi. Bundan tashqari, onaning qon aylanish tizimi sezilarli stress ostida qoladi va har doim ham atrof-muhit ta’siriga qarshi tura olmaydi.

Homilador ayollar, shuningdek, tana holatining keskin o’zgarishlari va dimiq xonalarda behuzurlik xurujlariga va yengil bosh aylanishiga ko’proq moyil bo’lishadi.

Agar bosh aylanishiga holsizlik, koordinatsiyaning buzilishi, tushuntirib bo’lmas uyquchanlik va asossiz hushdan ketishlar hamrohlik qiladigan bo’lsa, shifokorga uchrashish tavsiya etiladi.

Bosh kuchli aylansa, buning sababi bo’lishi mumkin bo’lgan kasalliklar quyidagilar hisoblanadi:

Tug’ruqdan keyin

Tug’ruqdan keyin bosh aylanishi ham noyob holat emas. U ko’pincha kuchsizlik bilan kechadi va bu ikki belgi anemiya (kamqonlik) haqida gapirishi mumkin. Ushbu holat odatda tug’ruq davomida yoki undan keyingi qon ketishining fonida rivojlanadi. Tug’ruqdan keyin bosh aylanishi tug’ruqdan keyingi asteniya haqida ham gapirishi mumkin. Bu holat ko’pincha funktsional deb ataladigan, ya’ni ma’lum kasalliklar bilan bog’liq bo’lmagan toifaga kiritiladi. Asteniyada ko’pincha kuchsizlik, bosh aylanishi, apatiya, doimiy charchoq hissi kuzatiladi.

Agar tug’ruq jarayoni yaxshi o’tgan bo’lsa ham, ko’pincha yosh onalar tug’ruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirishlari mumkin, u ham bosh aylanishi shaklida namoyon bo’ladi.

Bolalarda bosh aylanishi

Bolalarda bosh aylansa

Bolalarning boshi aylanishi ko’pincha asab tizimi buzilishlari bilan bog’liq bo’ladi. Hammasidan ko’p kuzatiladigan holatlari quyidagilardir:

  • Yaxshi sifatli paroksizmal bosh aylanishi (YPB);
  • Migren;
  • Murakkab partsial tutqanoqlar.

YPB`dan 1-3 yoshli ham o’g’il bolalar, ham qizlar teng ehtimollik bilan aziyat chekishi mumkin. Shifokorlar bosh aylanishini keltirib chiqaruvchi omillarni aniq ajrata olmaydilar, ammo ko’pchilik hollarda yosh bemorning ayrim qarindoshlari migrendan aziyat chekadishi aniqlanadi. YPB xuruji bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha davom etadi. Xurujlar soni kamdan-kam hollarda oyiga 1-4 marotabadan oshadi.

Xuruj vaqtida bola oqarib ketadi, yiqilib tushishi, ko’p terlashi mumkin. Ko’pincha nistagm — bemor o’zi nazorat qila olmaydigan ko’zning tez-tez harakatlanishi kuzatiladi. Bolalar kamdan-kam hollarda ko’ngil aynishi va qayt qilishga chaqiriqdan shikoyat qiladi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, yuqorida qayd etilgan barcha belgilarga qaramasdan, bola odatda bosh aylanishida hushini yo’qotmaydi, ammo birinchi xurujdan qo’rqqan ota-onalar buning aksini ta’kidlashlari mumkin.

Afsuski, bu yoshdagi bolalar YPB holatida o’zlarining ahvolini tushunarli ta’riflab berishi deyarli imkonsiz, chunki bu vaqtda ularning nutqi yetarli darajada rivojlanmagan bo’ladi. Biroq sergak ota-ona bir qator xarakterli belgilarni sezib qolishi mumkin:

  • Bolada bosh aylansa, xuruji vaqtida u nimanidir ushlashga intiladi;
  • Ba’zan u boshini bitta, noodatiy bo’lgan holatda ushlab turishga harakat qiladi.

Bir yilgacha bo’lgan chaqaloqlarda YPB xuruji fonida paroksizmal tortikollis (spastik qiyshiq bo’yinlik, ya’ni bo’yin mushaklarining beixtiyor spazmi) kuzatilishi mumkin. Ammo, kattaroq bolalardan farqli o’laroq, bir yoshgacha bo’lgan go’daklarda xuruj bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Bunday holda, bola har qanday harakatlar qilishdan qochadi, nistagm odatda kuzatilmaydi. Bolaning normal holatida u bosh aylanishiga moyil ekanligi hech qanday namoyon bo’lmaydi va bu eshitish yoki boshqa sezgi a’zolariga ta’sir qilmaydi.

Ko’pincha bolalarda bosh aylanishi hayotining birinchi 4 yilligida kuzatiladi va shundan keyin asta-sekin yo’qolib ketadi. Bunday bolalarda keyinchalik migrendan aziyat chekishi ehtimoli yuqoriroq bo’ladi. Bolaning yaqin qarindoshlari orasida migren mavjud bo’lsa, YPB`ni uning erta yoshdagi ekvivalenti ekanligini aytish mumkin.

Va, albatta, agar transportda bolalarda bosh aylanishi kuzatilsa, unda, ehtimol, bu dengiz kasalligi belgisidir.

Bosh aylanishi belgilari va alomatlari

Behuzurlik — kishi ko’pincha hushidan ketishdan oldingi holatda sezadigan tuyg’u. Behuzurlik ham ko’pincha bosh aylanishi deb ataladi, ammo aslida u butunlay boshqacha hissiyot to’plamidir. Ahamiyatli farqi shundaki, behuzur bo’lish vaqtida odam atrofdagi makonning harakatlanishini sezmaydi, garchi uni «olib qochsa» va uning «boshi aylangandek» tuyulsa ham. Bunday vaziyatda xayoliy bosh aylanishining o’tib ketishi uchun biroz yotish yetarli bo’ladi. Ko’pincha behuzurlik holatiga bosh aylanishi va ko’ngil aynishi hamrohlik qiladi, hatto qayt qilishgacha borishi mumkin. Vaziyat yomonlashsa, bemor hushini yo’qotishi mumkin.

Haqiqiy bosh aylanishida esa odam o’tirsa ham, yotsa ham, ya’ni harakatlanishni butunlay to’xtatsa ham, uning atrofidagi makon harakatlanayotgani hissi to’xtamaydi. Organizm mavjud bo’lmagan harakanlanish fonida yo’nalish topa olmaydi va u o’zining fazodagi orientatsiyasini yo’qotadi. Kishi uchun bu muvozanatni yo’qolishi, yiqilib ketish qo’rquvi, yolg’onchi egilganlik hissi bilan ifodalanadi. Kuchli bosh aylanishi ham ko’ngil aynish bilan birga kechadi, bu esa qayt qilishga olib kelishi mumkin. Boshi aylanayotgan kishi tanasini nazorat qilishdan mahrum bo’ladi va yiqilib tushishi mumkin.

Shunday qilib, bosh aylanishiga o’xshash holatlar haqida gapirib, bir narsani ta’kidlash kerak: behuzurlik — vaqtincha holat bo’lib, u biron-bir kasallikning namoyon bo’lishi yoki tashqi sharoitning yomonlashishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Muntazam bosh aylanishi esa fiziologik buzilishlardan gapiradi va o’z-o’zidan tashxis bo’lib xizmat qiladi. Ushbu kasallik «vertigo» deb nomlanadi. Bu kasallik bosimning keskin tushib ketishi, o’tirish yoki yotish holatidan tezda ko’tarilishda kuzatilishi mumkin. Vertigoni davolash uchun nevrolog-shifokorga murojaat qilish kerak.

Bosh aylanishi shakllari

Namoyon bo’lishiga ko’ra bosh aylanishining quyidagi shakllari ajratiladi:

  • Taktil: bunda kishi oyoqlari ostidagi tayanch beqarorligini, tebranish, harakatlanishni sezadi;
  • Proprioseptiv: bemorga uning o’z tanasi aylanayotganligi seziladi;
  • Vizual: bemor atrof muhit harakatlanishini «ko’radi».

Bundan tashqari, bosh aylanishining bir-biridan tubdan farq qiluvchi ikki shakli farqlanadi:

  • Markaziy: ular aniqroq ifodalanadi, asta-sekin rivojlanadi va ko’pincha markaziy asab tizimining kasalliklari namoyonlari bilan birga kechadi;
  • Periferik: bosh aylanishi o’tkir rivojlanadi va bir necha kungacha davom etadi. Muvozanatning buzilishi shu qadar jiddiyki, bemor harakatlanish va hatto boshini keskin burishga qiynaladi.

Bosh aylanishi turlari: tizimli va tizimsiz

Bosh aylanishi turlarining yana bir tasnifi mavjud — tizimli va tizimsiz. Birinchi holda, bosh aylanishi atrofdagi ob’yektlar va bemor tanasining fazodagi joylashuvining o’zgarishi, ularning aylanishi, u yondan bu yonga egilishi bilan tavsiflanadi. Hamrohlik qiluvchi belgilarga vahima, eshitish qobiliyatining pasayishi, nistagm, qayt qilish, ko’ngil aynishi, ko’p terlash (gipergidroz) kabilar kiradi. Odatda, bosh aylanishining bunday shakli inson vestibulyar apparatining zararlanishi fonida rivojlanadi. Masalan, infektsion labirintitlarda, posttravmatik va pozitsion bosh aylanishi, vestibulyar neyronit yoki Menier sindromida. Bunday turdagi tizimli bosh aylanishlari ko’pincha xurujlar bilan, epizodik tarzda rivojlanadi.

Ba’zi ototoksik, ya’ni vestibulyar retseptorlarga nojo’ya ta’sir ko’rsatuvchi dorilar qabul qilish fonida bosh aylanishi doimiy xarakter olishi mumkin. Doimiy bosh aylanishi ba’zan kalla-miya asablari VII juftlarining maxsus tolalari yoki muvozanat hissiga javob beruvchi labirintning jarohatlanishi yoki infektsion shikastlanishlarida ham kuzatiladi.

Tizimli guruhidagi bosh aylanishining uch xil shakli ajratiladi:

Lipotomik holatlar

Lipotomiyani ko’proq bosh aylanishi emas, balki hushdan ketish reaktsiyasi, aniqrog’i hushdan ketishning eng zaif turi deb atasa bo’ladi. Ushbu turdagi bosh aylanishining xarakterli alomatlari orasida — hushdan ketishdan oldingi holat: inson hozi hushdan ketib qolishini sezadi, uning rangi oqarib ketadi, u kuchsizlik, vahima qo’zg’ashi, ko’zlari qorong’ulashishi, ko’p terlashi va ko’ngil aynishini his qiladi. Ushbu turdagi bosh aylanishi ko’pincha quyidagi hollarda rivojlanadi:

  • Yuqori yoki past bosim fonida;
  • Yurak-tomir (aortal poroklar, aritmiya, qorinchali stenoz) va nafas olish tizimi kasalliklari;
  • Anemiya;
  • Gipovolemiya (qon hajmining kamayishi);
  • Gipoglikemiya (qonda glyukoza darajasining keskin pasayishi);
  • Qon yopishqoqligining oshishi;
  • Vegetativ asab tizimi buzilishlari va hatto miopiyada;

Lipotomik bosh aylanishidan ko’proq homilador ayollar va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar aziyat chekadi. Keksa kishilarda yosh o’tishi bilan yurakning funktsional buzilishlari rivojlanadi, past yurak chiqarilimi sindromi (sistolik qon hajmining sezilarli kamayishi) kuzatilishi mumkin. Bu a’zo va to’qimalarga (shu jumladan miyaga ham) boradigan kislorod va oziqa moddalarining kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, keksa odamlarda miyaga qon yetkazib beradigan arteriyalar devorlarida aterosklerotik to’planmalar ham lipotimik bosh aylanishiga olib keladi.

Aralash tabiatli bosh aylanishi

Olimlar vertigoning ushbu guruhiga uning sababi shifokorlar va olimlar tomonidan to’liq tushunilmagan shakllarini kiritadi. Aralash tabiatli bosh aylanishining sabablari ro’yxatiga tug’ma anomaliyalar (Arnold-Kiari sindromi), osteoporoz, osteoxondroz va boshqa umurtqa pog’onasining bo’yin bo’limi kasalliklari kiradi. Bunda mazkur sohada to’qimalarning degenerativ o’zgarishlari yuz beradi va bu u yerdan o’tuvchi umurtqa arteriyalarining qisilishiga olib keladi.

Psixogen bosh aylanishlari

Bunday turdagi boshning aylanish sabablari orasida turli xil ruhiy buzilishlar mavjud: tushuntirib bo’lmas o’tkir qo’rquv bilan birga kechuvchi vahima xujumlari, tashvishlar.

Kuchli bosh aylanishi

To’satdan kuchli bosh aylanishi bosimning pasayib ketishi tufayli rivojlanishi mumkin. Ko’pincha bu hol yurak-tomir tizimi tashqi sharoit o’zgarishlariga tezda moslasha olmaydigan keksa odamlarda rivojlanadi.

Ko’p hollarda kuchli bosh aylanishi zaif vestibulyar apparatga ega shaxslarda kuzatiladi — transportda ketishda, attraktsionlarda uchishda va hokazo. Kishiga tashqi omil ta’sir qilishi to’xtagach, mazkur holat ham tezda o’tib ketadi.

Asta-sekin rivojlanadigan kuchli vertigo vestibulyar asab shikastlanishi yoki miya kasalliklarida kuzatilishi mumkin.

Keskin bosh aylanishi

Boshning birdan aylanishi hisob sanoqli daqiqalarda olib boriladigan jiddiy kasalliklar alomati bo’lishi mumkin. Misol uchun, miyacha infarktida qon quyulish rivojlanadi, bu keskin bosh aylanishiga olib keladi. Ko’pincha bunday holda ko’zlarning qorong’ilashuvini, ko’ngil aynishi, kuchsizlik, yurak urish chastotasinining kuchayishi yoki aksincha, sekinlashishi ham rivojlanadi.

Shunga qaramay, keskin vertigo, og’ir patologiyalar bilan bog’liq bo’lmagan, masalan, kuchli charchash, qizib ketish yoki to’yib ovqatlanmaslik kabi funktsional buzilishlar haqida ham gapirishi mumkin.

Bosh aylanib, ko’ngil aynishi

Ko’ngil aynishi — bu qayt qilish — oshqozondagi tarkibni shoshilinch tarzda tashqariga chiqarib tashlashga reflektor chaqiruvdir. Ko’ngil aynishi sabablarining bir necha asosiy guruhlari mavjud:

  • Serebral — miya to’qimasida kislorod tanqisligi fonida yuzaga keladi;
  • Mahalliy — organizmning intoksikatsiyasida (oziq-ovqatdan zaharlanish, ichak infektsiyasi va boshqalar) rivojlanadi. Bunday holda, organizm qayt qilish orqali oshqozonni toksinlardan xalos etishga harakat qiladi;
  • Mos kelmaydigan ovqatlarni iste’mol qilish yoki ortiqcha yeb yuborish;
  • Dorilarning nojo’ya ta’siri.

So’nggi ikki holatda bosh aylanishi kuzatilmaydi. Agar u va ko’ngil aynishi bir vaqtning o’zida kuzatilsa, shifokorlar quyidagi qoidadan foydalanadi: agar ko’ngil aynishi organizmning zaharlanishi bilan bog’liq bo’lmasa, u ham bosh aylanishini chaqirgan kasallik tufayli yuzaga kelgan bo’ladi.

Yuqoridagi ikki alomat birgalikda turli xil holatlar va kasalliklarda kuzatilishi mumkin:

  • Insult, kalla-miya jarohatlari, o’smalarda markaziy asab tizimining shikastlanishi;
  • Stress, depressiya, ortiqcha charchoq;
  • Migren;
  • Borrelioz;
  • Meningit;
  • Qon bosimining oshishi va boshqalar.

Osteoxondrozda

Osteoxondroz — bu kasallikda umurtqa arteriyasi ko’pincha bo’yin umurtqalari tomonidan qisilishi kuzatiladi, bunda miyaga boradigan qon tanqisligi yuzaga keladi. Miya to’qimalariga, xususan miyaning koordinatsiya va muvozanatni saqlashga ma’sul bo’lgan qismlariga ham qon borishi kamaygach, gipoksiya — kislorod yetishmovchiligi yuzaga keladi.

Osteoxondrozda bosh aylanishi quyidagi harakatlardan so’ng rivojlanishi mumkin:

  • Boshni sekin oldinga egib, uni shu holatda ushlab turishda yoki yon tomonga egishda;
  • Yotganda juda tez o’rnidan turishda;
  • Boshni o’ngga va chapga tez aylantirishda;
  • Boshni orqaga tashlashda.

Quloqlarda shovqin bilan

Quloqda shovqin tinnitus deb ataladi. Ushbu tushuncha inson «eshitadigan» turli xil shovqinlarni uyg’unlashtiradi. Tinnitus muntazam yoki vaqti-vaqti bilan kuzatilishi, u jarangsiz yoki tiniq bo’lishi mumkin. Quloqlardagi shovqin bemorlarga ayniqsa tunda, ularni boshqa turdagi shovqinlar bezovta qilmaydigan vaqtda eng ko’p noqulaylik yetkazadi. Tunngi tinnitus uyqusizlik, surunkali uyquga to’ymaslik va bularning natijasida ikkinchi darajali ruhiy buzilishlar va boshqa salomatlik muammolarini rivojlanishiga sabab bo’ladi. Quloqdagi shovqinga odatda qo’zg’aluvchanlik, depressiv holatlar, bosh og’rig’i, eshitish buzilishi va hatto fobiyalar hamrohlik qiladi. Ushbu ro’yxatga bosh aylanishi ham kiradi.

Tinnitusda kishida makonda atrofdagi predmetlarni hisobga olgan holda orientatsiya olish qobiliyati buziladi, uning harakatlari beqaror va ishonchsiz bo’ladi. Osteoxondroz holatida bo’lgani kabi, quloqda shovqin bo’lganda keskin bosh aylanishining triggeri sifatida o’rnidan tezda turish, tana yoki boshni keskin burishlar xizmat qiladi.

Bosh og’rig’i va bosh aylanishi

Har doim ham bosh aylanishi jiddiy muammolarning belgisi hisoblanmaydi. Ko’pincha bosh og’rig’i, vertigo va boshqa alomatlarning kombinatsiyasi — tananing yosh bilan bog’liq kuchsizlanishi yoki turli tashqi ta’sirlarga fiziologik reaktsiya hisoblanadi. Bosh og’rig’i fonida bosh aylanishi sog’liq uchun jiddiy tahdid solmaydigan vaziyatlarni ko’rib chiqamiz.

Shunday qilib, bosh og’rig’i, bosh aylanishi va kuchsizlanish rivojlanishi mumkin bo’lgan vaziyatlar ro’yxati quyidagilarni o’z ichiga oladi:

Stress

Bu holatda qonda adrenalin va noradrenalin gormonlari miqdori keskin ravishda ko’tariladi, natijada qon tomirlari torayadi. Shu sababli miyaga kislorod va oziq moddalar borishi kamayadi, bu bosh og’rig’i va yengil bosh aylanishiga olib keladi. «Stress» tushunchasi har qanday kuchli hissiyotni, jumladan, ijobiy hissoytlarni ham boshdan kechirishni o’z ichiga oladi. Stress shunisi bilan xavfliki, analogik hodisalar — bosh og’rig’i, bosh aylanishi va zaiflik — kuchli hissiyotlar bilan bog’liq hollarda keyinchalik adrenalinli turtkisiz ham sodir bo’lishi mumkin.

Tana holatini tezda o’zgartirish

Ayniqsa yotgan holatdan tezda tik turgan holatga ko’tarilganda, shuningdek tez burilish va egilishlarda.

Bu holatda keskin bosh aylanishining sababi zaif qon tomirlar bo’lib, keksalar fiziologiyasi va o’smirlarda ulaning mushak, skelet va tomirlari nomutanosib ravishda o’sishi davri uchun xosdir.

Muayyan ozuqa moddalarining yetishmasligi

Bunday holatlarning sababi ovqatlanish tartibi yo’qligi, moliya yetishmasligi, shuningdek, oshqozon-ichak trakti kasalliklari va modda almashinuvi buzilishlari bo’lishi mumkin.

Ko’zlarning toliqishi

Ofis ishi nafaqat o’troq turmush tarzi bilan, balki ko’zlarning ortiqcha toliqishi bilan ham xavflidir. Hozirgi zamonda insonning ko’zlariga qo’shimcha ravsishda ishdan keyin uyga ketayotganida transport, ko’chalardagi reklama bannerlari ekranlariga qarash ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ko’zning ortiqcha zo’riqishi bosh og’rig’i va boshning aylanishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ko’p hollarda muntazam jismoniy faollikning yo’qligi sharoitida rivojlanadigan orqa va bo’yin mushaklarining surunkali haddan ziyod zo’riqishi ham vaziyatni og’irlashtiradi. Spazm bo’lgan mushaklar miyaga qon olib ketuvchi tomirlarni qisadi, bu esa o’z navbatida bosh aylanishiga sabab bo’ladi.

Shuningdek, bosh og’rig’i va bosh aylanishiga olib kelishi mumkin bo’lgan bir qator kasalliklar va holatlar mavjud (migren, gipertenziya, infektsion labirintit), ammo ular har doim ham oddiy sabablarga ega bo’lmaydi.

Va nihoyat, bosh og’rig’i va bosh aylanishining sababi jiddiy va hayotga xavf tug’diruvchi bir nechta kasalliklar bo’lishi mumkin. Ularni zudlik bilan davolashni boshlash kerak. Bu ro’yxatga meningit, borrelioz, insult va miya o’smalari kiradi.

«Bo’yinli» deb atalmish bosh aylanishi

Ushbu turdagi bosh aylanishi bo’yin kasalliklari (spondiloz) yoki jarohatlarida uchraydi. Zararlangan bo’yin mushaklarining proprioretseptorlari boshni burganda bosh aylanishi, muvozanatning buzilishi va koordinatsiyani yo’qotishni keltirib chiqaradigan noto’g’ri impulslar hosil qiladi.

Quloq og’rishi bilan

Quloq og’rishi va boshning aylanishi — tez-tez uchrab turadigan juftlik. Bosh aylanishiga olib keladigan quloq kasalliklari ro’yxati o’z ichiga quyidagilarni oladi:

  • Menier kasalligi — quloqda suyuqlik to’planishi va bosim tushishi tufayli rivojlanadi;
  • Labirintit (shuningdek, vestibulyar nevrit deb ham ataladi) — ichki quloqdagi asablarning yallig’lanishiga olib keladigan infektsiya tufayli rivojlanadi.

Ba’zida quloq bitishi va bosh aylanishiga odatiy «oltingugurtli tiqin» sabab bo’ladi. Katta miqdordagi oltingugurtli tiqin quloq nog’ora pardasiga bosim o’tkaza boshlaydi va og’ir hollarda vertigoga olib keladi.

Bosh aylanishining sabablari

Bosh aylanishi kuzatilishi mumkin bo’lgan kasalliklar ro’yxati juda keng. Shunday qilib, bosh aylanishi sababchilariga:

  • Bosh yoki umurtqa jarohati;
  • Turli xil labirintitlar (ichki quloqning yallig’lanishi) va labirint jarohatlari;
  • Infektsion otit. Otitda quloq shovqini va bosh aylanishi eshitish pasayishi fonida rivojlanadi;
  • Otolitiaz — bu otolit membrana bo’lakchalari (otolitlar) yarimaylana kanallar ichiga kirishi kuzatiladigan holatdir;
  • Migren. Migrendan aziyat chekuvchi bemorlarning 70 foizi xuruj paytida bosh aylanishidan shikoyat qilishadi;
  • Epilepsiya;
  • Insult. Agar bosh aylanishi ko’ngil aynishi va qayt qilish, nutq buzilishi, koordinatsiya va orientatsiyaning buzilishi, oyoq-qo’llardan kuchning qochishi va ba’zi holatlarda hushdan ketish bilan kechadigan bo’lsa, ushbu holatda barchasining sababi insult deb aytish mumkin;
  • Umurtqaning bo’yin bo’limi osteoxondrozi;
  • Vestibulyar nevrit. Ushbu kasallikda bemor o’rnidan turganida yoki boshini harakatlantirganida bosh aylanishi kuchayadi. Tuzalishdan bir necha kun o’tgach ham, bemor transportda va liftda bo’lganida hali ham harakatlanishni his etishi mumkin;
  • Agorafobiya — ochiq makondan qo’rqish.  Bosh aylanishi bemor uyini tark etishini o’ylaganidayoq rivojlanishi mumkin;
  • Perilimfatik fistula. Bosh aylanishi va quloqlarda shovqin ko’ngil aynishi va qayt qilish bilan kechadi, shuningdek, to’satdan bir tomonlama karlik qayd etilishi mumkin;
  • Menier kasalligi. Ichki quloqda ortiqcha suyuqlik paydo bo’lsa, ko’ngil aynishi, tinnitus, eshitishning pasayishi va boshning aylanishi kuzatilishi mumkin;
  • Eshitish nervining yaxshi xulqli o’smasi (neyroma) — nafaqat quloqning shovqinlanishi va eshitish qobiliyatini yo’qotishiga, balki muvozanat hissini yo’qotish va natijada bosh aylanishiga olib kelishi mumkin;
  • Depressiya va boshqa ruhiy kasalliklar;
  • Nojo’ya ototoksik ta’sirga ega dorilar: ayrim antibiotiklar, diuretiklar, nosteroid yallig’lanishga qarshi preparatlar, o’smaga qarshi dorilar, anestetiklar, antidepressantlar, kaltsiy kanallari blokatorlari, bezgakka qarshi vositalar.

Tashxislash

Bosh aylanganda uni tashxislash usullari

Bosh aylanishini tashxislash nevrolog yoki terapevt tomonidan amalga oshiriladi. Ular tibbiy tekshiruv natijalariga ko’ra bemorni endokrinolog, otorinolaringolog, kardiolog, ginekolog, onkolog, neyroxirurg, narkolog va boshqa turdagi shifokorga yo’naltirishi mumkin.

Bosh aylanishini tashxislash uchun ko’pincha quyidagi muolajalar buyuriladi:

  • Posturografiya — muvozanatni saqlashga jalb qilingan barcha tizimlar — vizual, vestibulyar va mushaklar tizimining o’zaro ta’sirini baholash;
  • Aylanishli vestibulyar sinovlar va kalorik proba;
  • Ichki quloqning tovushni qabul qilish tizimi ishlashi tahlil qilinadigan tonal audiometriya;
  • Akustik impedansometriya — o’rta quloqning funktsional xususiyatlarini baholashga imkon beradigan bir qator muolajalar kompleksi;
  • UTT;
  • Elektroensefalografiya;
  • Kompyuter tomografiyasi va boshqalar.

Bosh aylanishini davolash

Bosh aylanishi — vahima qilishga sabab bo’lmaydi. Avvalo, to’xtab, o’tirish uchun joy topish, shundan so’ng nazarni bironta qimirlamaydigan jismga jamlashga harakat qilish kerak. Bu holatda ko’zni yopish mumkin emas. Vaziyat yomonlashsa, ya’ni bosh aylanishi hissi o’tmasa, oyoq-qo’llar uvishsa, ko’krak qafasida yoki qorin sohasida og’riqlar yuzaga kelsa, nutq bilan bog’liq muammolar paydo bo’lsa, shoshilinch ravishda shifokorni chaqirish kerak. U kelguniga qadar, bosh aylanishini to’xtatish uchun gorizontal yuzaga yotib, boshni biroz balandroq qilish (kiyimni qatlab qo’yish, yostiq yordamida), imkon qadar harakatlar va qo’shimcha boshni aylantirishlarni istisno qilish lozim. Iloji bo’lsa, dimiq kiyimlarni yechib, tanaga toza havo tegishini ta’minlash kerak. Stressni kamaytirish uchun peshonaga suv yoki sirka kislotasizning suvdagi zaif eritmasiga namlangan sochiq qo’yish mumkin.

Bosh aylanishi va ko’ngil aynishi

Buni yengish uchun, birinchi navbatda, ko’ngil aynishi hamrohlik qiluvchi bosh aylanishining sababini aniqlash kerak. Sababiga ko’ra, odatda preparatlar buyuriladi. Qusish kuzatilganda birinchi navbatda hal qilinishi kerak bo’lgan asosiy muammo — suvsizlanish hisoblanadi.

Qayt qilish fonida bosh aylanishida buyurilgan dorilar ro’yxati quyidagilardan iborat:

  • Vestibulolitik preparatlar;
  • Qayt qilishga qarshi preparatlar;
  • Tananing suvsizlanishini oldini olish uchun vositalar;
  • Dengiz kasalligiga qarshi kurashadigan dorilar.

Osteoxondrozda bosh aylansa

Osteoxondrozda asosiy chora-tadbirlar bevosita kasallikning o’zini davolashga, ya’ni bo’yin umurtqalarining harakatchanligini va bu hududda yaxshi qon aylanishini tiklashga qaratilgan. Bunday chora-tadbirlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Medikamentoz terapiya;
  • Osteoxondrozning lazerli terapiyasi;
  • Akupunktura;
  • Elektrostimulyatsiya;
  • Magnitoterapiya;
  • Manual terapiya;
  • Vakuum terapiya va boshqalar.

Osteoxondrozda bosh aylanishini davosida qo’llaniladigan dori-darmonlarga qo’shimcha ravishda terapevtik mashqlar buyuriladi.

Shu kabi yondashuv bo’yinli bosh aylanishida ham qo’llaniladi.

Bosh aylanib, quloqda shovqin bo’lsa

Quloq salomatligi va bosh aylanishi bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Tinnitus odatda qandaydir kasallikka hamrohlik qiladi. Shuning uchun, bu holda, birinchi navbatda, bosh aylanishi sababini to’g’ri aniqlash kerak.

Agar gap gipertenziya, ateroskleroz yoki qon tomir tizimining boshqa kasalliklari haqida boradigan bo’lsa, umumiy qo’llab-quvvatlovchi terapiya amalga oshiriladi. Modda almashinuvi jarayonlarni barqarorlashtirish va miya to’qimalarining kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilash uchun nootrop preparatlar ishlatiladi.

Agar bosh aylanishi va quloqdagi shovqin Menier kasalligining natijasi bo’lsa, unda davolanishni kechiktirmaslik kerak. Vaqt o’tishi bilan o’z vaqtida davolanmagan kishi umuman eshitish qobiliyatini yo’qotishi mumkin. Ushbu holatda vertigo kasalligini davolash faqat shifokor nazorati ostida amalga oshiriladi, chunki preparatlar juda zaharli. Lazeroterapiya o’tkazilishi ham mumkin.

Quloqda shovqin va bosh aylanishi quloqning yallig’lanishi tomonidan chaqirilgan bo’lsa, otitni davolash sayin ular ham yo’qolib ketadi. Yallig’lanish bilan kurashish uchun virusga qarshi (agar kasallikning sababi viruslar bo’lsa) yoki antibakterial (bakterial infektsiyalarda) preparatlar qo’llaniladi. Shuni esda tutish kerakki, bir qator dori vositalari (shu jumladan antibiotiklar) ototoksik ta’sirga ega bo’lib, o’zlarini bosh aylanishini chaqirishi mumkin. Shuning uchun mutaxassis bilan oldindan maslahatlashish majburiydir.

Vertigo va tinnitusni uyg’unlashtirgan boshqa jiddiy kasalliklar — yomon sifatli o’smalar, markaziy asab tizimi kasalliklari, insult — mutaxassis nazoratini talab qiladi.

Bosh og’rishi bilan kechsa

Bosh aylanishi va og'rishi

Bosh og’rig’i va bosh aylanishi fiziologik reaktsiyalar yoki yoshga bog’liq xususiyatlar bilan bog’liq bo’lsa ham, baribir shifokorga tashrif buyurish kerak:

  • Birinchidan, u jiddiy kasalliklar yo’qligini tasdiqlaydi;
  • Ikkinchidan, sizga qanday vitaminlar ichish va hayotingizni qanday qilib o’zgartirish mumkinligi haqida tavsiyalar beradi.

Ko’pincha vestibulyar apparatni chiniqtirish uchun maxsus mashqlar va medikamentoz terapiya kompleksi ko’rsatiladi.

Agar tizimli bosh aylanishi va uning fonidagi og’riq haqida gapiradigan bo’lsak, unda birinchi navbatda ularni chaqirgan kasallikni aniqlash kerak.

Asoratlari

Bosh aylanishning asoratlari birinchi navbatda, odam makonda orientatsiya olish va tashqi qo’zg’atuvchilarga adekvat reaktsiya qaytara olmasligi bilan bog’liq. U shuningdek hushni yo’qotishga olib kelishi mumkin. Natijada, bu mumammoning eng ko’p uchraydigan asorati — jarohatlanishdir. Kishining yiqilishi boshga, oyoq-qo’llarga va turli a’zolarga jiddiy jarohat yetkazishi mumkin.

Bundan tashqari, tez-tez bosh aylanishiga olib keladigan kasalliklar eshitish qobiliyatini yo’qotish shaklida ham jiddiy asoratlar qoldirishi mumkin. Ushbu holat ba’zi holatlarda bosh aylanishi bilan uzviy bog’liq bo’lganganligi sababli, ularni ham asorat deb hisoblash kerak.

Bosh aylanishini oldini olish

Kattalarda bosh aylanishining oldini olish

Kattalarda vertigo profilaktikasi quyidagi asosiy choralarni o’z ichiga oladi:

  • Zararli odatlardan voz kechish: spirtli ichimliklar va chekish qon tomirlariga salbiy ta’sir ko’rsatadi va mos ravishda miyaga kislorod borishini kamaytiradi;
  • Jarohatlardan keyin bosh aylanishini oldini olish uchun darhol shifokor bilan maslahatlashish;
  • Jismoniy faollikni oshirish — ayniqsa, bosh aylanishi bilan og’rigan kishi kamharakat turmush tarziga rioya qilsa;
  • Stressdan qochish va stressni yengish bo’yicha texnikalarni qo’llash;
  • Ortopedik matrasdan foydalanish — u tunda miyani qon bilan ta’minlovchi tomirlarning qisilishiga olib kelishi mumkin bo’lgan bo’yin sohasi mushaklari va boylamlarini zo’riqtirishga emas, balki haqqoniy dam olishga yordam beradi.

Tug’ruqdan keyin bosh aylanishini oldini olish uchun ginekolog huzurida muntazam ko’rikdan o’tib turish, to’g’ri ovqatlanish va yetarlicha dam olish kerak, oxirgi tavsiyani amalga oshirish uchun yosh onaning yaqinlari ko’proq ma’suldirlar.

Va eng muhim maslahat: sog’liq uchun xavfsiz bo’lgan sabablar bilan tushuntirib bo’lmaydigan bosh aylanishida, shuningdek, agar u qisqa vaqt ichida ikki marta va undan ortiq takrorlangan bo’lsa, darhol nevrologga murojaat qilish kerak. Bosh aylanishini o’z vaqtida davolash — uning mumkin bo’lgan asoratlarini oldini olishning eng yaxshi usuli hisoblanadi.

Bolalarda bosh aylanishini oldini olish

Bolalarda bosh aylanishiga sabab bo’lgan ko’pgina holatlar yosh o’tishi bilan o’z-o’zidan o’tib ketadi. Biroq, bosh aylanishi alomatlari ota-onalar tomonidan e’tiborsiz qoldirmasligi kerak. Bolaning eshitish qobiliyatini kuzatib borish, bosh og’rig’i va migren xurujlarini qayd etish, shuningdek, me’yordan og’ishda eng kichik shubha bo’lganda ham bolalar nevrologiga murojaat qilish kerak.

Bolalarda bosh aylanishi vestibulyar apparat zaifligi tufayli kelib chiqqan bo’lsa,  bunday sharoitda bolani sport to’garagiga berish mumkin. Transport vositalarida safar qilayotganda, dengiz kasalligiga qarshi vositalardan foydalanish yordam beradi.

O’smirlik davrida bosh aylanishi mushaklar, skelet va yurak-tomir tizimining rivojlanishi nomutanosibligi sababli yuzaga kelishi mumkin. Tomirlar tez o’sib borayotgan o’smir organizmini qon bilan to’laqonli ta’minla olmay qoladi, bu o’smirlarda bosh aylanishining tez-tez uchraydigan sababidir. Vaqt o’tishi bilan bu holat o’tib ketadi.

Qizlarda o’z qomatiga yuqori darajada e’tibor qaratish davrida bosh aylanishi qat’iy cheklovli parhezlardan gapirishi mumkin.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.