Duduqlanish — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish, asoratlari

Duduqlanish (tutilib gapirish) — ko’pincha nutqning boshida (kam holalrda, o’rtasida) paydo bo’ladigan artikulyatsion va hiqildoq mushaklarining spazmatik (toritishishli) harakatlaridir, natijada bemor bir tovushda (yoki tovushlar guruhida) tutilib qolishga majbur bo’ladi. Duduqlanishning ushbu alomatlari klonik va tonik spazmlar bilan juda o’xshash. Klonik duduqlanishda so’z, bo’g’in va ohanglarni takroriy shakllanishi kuzatiladi. Tonik duduqlanish tovush chiqarish to’xtashi bemor boshqa tovushni artikulyatsiya qilishga o’tishiga imkon bermaydi.
Bolalarda duduqlanish haqida to'liq ma'lumot

O’zining rivojlanishida duduqlanish 4 bosqichdan o’tadi, vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan tutilishdan tortib, insonning aloqa qilish qobiliyatini cheklaydigan jiddiy shaxsiy muammoga qadar.

Tasnifi

Duduqlanishning nevrotik va nevrozga o’xshash shakli mavjud. Nevrotik duduqlanish sog’lom bolalarda stress va nevroz natijasida paydo bo’ladi. Nevrozga o’xshash duduqlanish asab tizimi kasalliklariga chalingan bolalarga xosdir (ham tug’ma, ham orttirilgan, masalan bolalar serebral falajligi).

Boshqa manbalarda duduqlanishning yuqorida aytilgan tonik va klonik shakllari ajratiladi.

Sinonimlari:  logonevroz, lalonevroz, logokloniya, battarizm, balbutsio.

Etiologiya va patogenezi

Duduqlanishning ikki sababi bor: turki bo’luvchi va provokatsiyalovchi. Duduqlanish rivojlanishiga turtki bo’luvchi sabablar orasida quyidagilarni ajratish kerak:

  • Irsiy moyillik;
  • Ensefalopatik oqibatlarga olib keladigan kasalliklar;
  • Bachadon ichida, tug’ilish davomidagi jarohatlar;
  • Asab tizimining ortiqcha ishlashi va charchashi (yuqumli kasalliklar natijasida).

Duduqlanish paydo bo’lishiga yordam beradigan shart-sharoitlar:

  • Motorika rivojlanishi va ritm hissining buzilishi;
  • Emotsional rivojlanishning yetishmasligi;
  • Atrofdagilar bilan munosabatlarning anormalligi sababli reaktivlikning oshishi;
  • Yashirin ruhiy kasalliklar.

Yuqorida keltirilgan shartlarning aqalli bittasi mavjudligi asab buzilishi uchun yetarli bo’ladi va natijada duduqlanish rivojlanadi. Duduqlanish kelib chiqishini provokatsiyalovchi sabablar: bir vaqtli ruhiy travma (qo’rquv); oilada ikki yoki undan ortiq tilda so’zlashish; taxilaliya (tez gapirish).

Duduqlanishning patogenezi subkortikal dizartriya mexanizmiga o’xshaydi. Uning tarkibi — nafas olish jarayoni, artikulyatsiya va ovoz chiqarishni boshqarish koordinatsiyasining buzilishi. Shu bois, duduqlanish ko’pincha dizritmitik dizartriya deb ham ataladi. Miya po’stlog’i va subkortikal tuzilmalarning induktsion o’zaro ta’sirining buzilishi po’stloq regulyatsiyasi buzilishiga olib keladi. Shu sabab, harakat uchun»oldindan tayyorgarlik»ga mas’ul bo’lgan striopallidal tizimning faoliyatida o’zgarishlar sodir bo’ladi.

Harakatda ikki guruh mushaklari ishtirok etadi — biri qisqaradi, boshqalari — yoziladi. Mushak tonusining to’g’ri va izchil qayta taqsimlanishi orqali tez, aniq va qat’iy farqlanuvchi harakatlarni amalga oshirish mumkin. Mushaklar tonusini oqilona qayta taqsimlanishini boshqarish striopallidar tizimga to’g’ri keladi. Emotsional giperqo’zg’alish yoki miyaning anatomo-patologik shikastlanishlari natijasida striopallidar regulyatorini bloklanishi klonik takrorlash (tutilish) yoki tonik spazmga olib keladi.

Vaqt o’tishi bilan patologik refleks — nutq avtomatizmi buzilishi va nutq apparati mushaklarining gipertonusi — shartli refleksga aylanadi.

Alomatlari va belgilari

Nafas olish. Duduqlanishda nafas olish jarayonining buzilishlari orasida nafas olish va chiqarish vaqtida juda ko’p havo sarflanishi qayd qilinadi, bu artikulyatsiya sohasidagi qarshilikning buzilishi tufayli kelib chiqadi. Duduqlanishda nutqiy nafas olish buzilishi bemor tomonidan inspirator-unli va protorli tovushlarni hosil qilishda yotadi. Boshqacha qilib aytganda, ovoz boylamlarining harakati va protor shovqinni shakllantirish uchun bemor olingan nafas havosini qo’llaydi.

Qisqa nafas chiqarish nafaqat nutq vaqtida, balki dam olish paytida ham kuzatiladi.

Ovoz. Tovushni talaffuz qilishga harakat qilish ovozning paydo bo’lishiga to’sqinlik qiladigan ovoz teshigining spazmatik tarzda yopilishi bilan birga kechadi. Xuruj vaqtida hiqildoq tez va keskin yuqoriga, pastga va oldinga qarab harakatlanadi. So’zni maromida talaffuz eta olmaganligi sababli, bemorlar unlilarni qattiq tarzda gapirishga harakat qilishadi. Shivirlab gapirish va kuylashda alomatlarning yumshalishi qayd qilinadi, ba’zan nutqning to’liq normallashishiga qadar.

Artikulyatsiya. Artikluyatsiya apparatidagi funktsional buzilishlar bilan bir qatorda, duduqlanishda somatik buzilishlar ham kuzatiladi. Masalan, tanglayning chuqur bo’lishi, tilni chiqarishda uni bir tomonga og’ganligi, burun bo’shlig’ida — burun to’sig’ining qiyshayganligi, chig’anoqlarning gipertrofiyasi.

Birgalikda kechuvchi harakatlar — bu duduqlanib qolish vaqtida yuzaga keladigan harakatlardir, ular zaruriy emas, ammo ayni paytda bemor tomonidan ongli harakat sifatida amalga oshiriladi. Duduqlanish xuruji paytida bemorlar boshini orqaga tashlashi, oldinga egishi, ko’zlarini yumishi, mushtlarini qisishi, yelka qisishi, oyoq bilan yerni urishi, bir oyoqdan ikkinchi oyoqqa o’tishlari mumkin. Bir so’z bilan aytganda, tonik yoki klonik tortishishlar deb ataladigan harakatlar qilish.

Psixika. Duduqlanish rivojlanishi bilan ma’lum ruhiy buzilishlar yuzaga kelishi muqarrar. Eng ko’p uchraydiganlari harflar, bo’g’inlar va so’zlar oldidagi qo’rquv, ya’ni ularni talaffuzidan. Duduqlanish bilan og’rigan bemorlar, nutq davomida bunday harflar va so’zlardan qasddan qochishadi, iloji bo’lsa, ular boshqalariga almashtirishga harakat qilishadi. Xuruj davrida mutloq gunglik paydo bo’lishi mumkin. Normal so’zlasha olmaslik haqidagi fikrlar boshqalardan kamlik va butun «men»i nuqsonli ekanligini anglashgacha olib borishi mumkin.

Duduqlanish rivojlanishi fazalari

1-faza. Duduqlanishning kichik epizodlari, ravon nutq davrlari qisqarishi kuzatiladi. Duduqlanishni birinchi bosqichining oxiri quyidagi belgilar bilan belgilanadi:

  • Talaffuzdagi qiyinchiliklar ko’pincha jumlaning dastlabki so’zlarida uchraydi;
  • Duduqlanish epizodlari bog’liq gaplar, ko’makchi so’zlar va nutqning boshqa qisqacha qismlarini so’zlashda paydo bo’ladi;
  • «Kommunikativ bosim» duduqlanishni og’irlashtiradi;
  • Bola so’zlashish bilan bog’liq qiyinchiliklariga munosabat bildirmaydi, u xijolat bo’lmasdan gapiradi. Hech qanday tashvish, nutqdan qo’rqish yo’q. Bir zumdagi emotsional chaqnash duduqlanishni chaqirishi mumkin.

2-faza. Aloqa qilishda muammolar, birgalikda kechiuvchi harakatlar yuzaga kela boshlaydi. So’zlashishdagi qiyin vaziyatlar soni asta-sekin oshib boradi.

  • Muammo surunkali tus oladi, ammo xurujlarning og’irligi farq qiladi;
  • Talaffuz bilan bog’liq muammolar ko’pincha qiyin so’zlardan iborat bo’lgan paglarni tez talaffuz qilishda yuzaga keladi, nutqning qisqa qismlarida esa kamroq uchraydi;
  • Bola nutqining buzilishidan xabardor, ammo o’zini duduq deb hisoblamaydi. Har qanday vaziyatda erkin gapiradi.

3-faza. Spazmatik sindromning mustahkamlanishi. Biroq, bemorlar nutqdan qo’rqishmaydi va noqulaylik sezishmaydi. Ular muloqot qilish uchun har bir imkoniyatdan foydalanadilar. Davolash taklifi bemor tomonidan qo’llab-quvvatlanmaydi yoki g’ayratga undamaydi. Ular o’zlarini xotirjam tutishadi.

  • Bemorlar duduqlanishlari tufayli ba’zi vaziyatlarda so’zlashish qiyin bo’lishini anglab yetadilar;
  • Muayyan tovushlar, so’zlar bilan bog’liq qiyinchiliklar paydo bo’ladi;
  • «Muammoli» so’zlarini boshqalar bilan almashtirishga urinishlar qayd qilinadi.

4-faza. Ushbu fazada duduqlanish — katta shaxsiy muammodir. Duduqlanishga yorqin emotsional reaktsiyalar paydo bo’ladi, natijada bemor gapirishdan qochishga harakat qiladi. Agar ilgari bemor vaqti-vaqti bilan «muammoli» tovushlarni (so’zlarni) boshqasiga almashtirishga harakat qilgan bo’lsa, endi bu doimiy tus oladi. Bemor o’zining duduqlanishiga boshqalarning munosabatini diqqat bilan tinglashni boshlaydi.

Duduqlanishni 4-fazasining xarakterli xususiyatlari:

  • Duduqlanishni kutish (antisipatsiya);
  • Muayyan tovushlarni (so’zlarni) talaffuz qilishdagi qiyinchiliklar surunkali xarakterga ega bo’ladi;
  • Logofobiya (nutqdan qo’rquv);
  • Savollarga javob berishdan qochishga harakatlar.

Asoratlari

Duduqlanish mavjudligi bolani so’zlashuv vaziyatlaridan qochishga majbur qiladi, natijada uning muloqot doirasi va natijada umumiy rivojlanish darajasi qisqaradi. Shubha, ehtiyotkorlik, o’zi va tengdoshlari o’rtasidagi farq mavjudligi hissi yuzaga keladi. Bola va ota-onasi (sinfdoshlar, tengdoshlar) o’rtasidagi tushunmovchilik tufayli, ajralganlik va kamsitilganlik hissi paydo bo’ladi. Ta’sirchanlik oshadi, qo’rquv paydo bo’ladi, bu ruhiyatning tushkunligiga va duduqlanishni yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Duduqlanish bola o’zini noqulay his qilishi, uyatchanligi va odamoviligi tufayli maktabda o’zlashtirishning yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Muammoning rivojlanishi kasb tanlash hamda oila yaratishga xalaqit berishi mumkin.

Tashxislash

Duduqlanib gapirishni tashxis qilinish uchun quyidagi alomatlar mavjud bo’lishi kerak:

  • Nutq ritmining buzilishi (so’zlar, iboralar uzilishi, takrorlanishi, ma’lum tovushlarni cho’zish);
  • Nutq boshida qiyinchiliklar va tutilishlar;
  • Boshqa harakatlar yordamida duduqlanish bilan kurashishga urinishlar (masalan grimasa).

Yuqoridagi buzilishlarning davomiyligi 3 oydan ortiq bo’lsa, duduqlanish tashxisi qo’yiladi. Bunday bemorlarga nafaqat nevrolog, balki logoped maslahati ham kerak. Asab tizimining organik kasalliklarini istisno qilish uchun reoensefalografiya, bosh miya EEG,  MRT-diagnostika o’tkaziladi.

Duduqlanishni davolash yo’llari

Duduqlanishni davolashning barcha usullari uslubiy yondashuv va terapevtik ta’sir turlari bilan farqlanadi. Umuman olganda, ularni quyidagilarga bo’lish mumkin:

  • Logopedik;
  • Psixologik;
  • Psixoterapevtik;
  • Logopsixoterapevtik;
  • Ijtimoiy reabilitatsiya;
  • Medikamentoz (dorilar bilan);
  • Fizioterapevtik;
  • Kompleks;
  • Noan’anaviy.

Nevrotik duduqlanishni yo’qotish uchun davolash muvaffaqiyati tashxisning o’z vaqtida qo’yilishiga bog’liq. Duduqlanishni davolashning an’anaviy psixoteraptevtik usullari (xulq-atvorli, gipnotik va hokazo) samarasi past bo’lganligi sababli, zamonaviy tibbiyot o’ziga bir nechta elementlarini olgan maxsus terapevtik yondashuvlarni afzal ko’rmoqda. Tutilib gapirshni davolashning bunday kombinativ psixoterapevtik usullari ham individual, ham guruh shaklida qo’llaniladi. Nutq buzilishlarini tuzatish duduqlanishni va tez gapirishni tuzatishga qaratilgan logopedik mashg’ulotlar orqali amalga oshiriladi.

Yosh bolalarda duduqlanishning nevrotik shakli logopedik bolalar bog’chalari va guruhlarida yaxshi davolanadi. Bu yerda kollektiv o’yinli psixoterapiya, logopedik ritmga e’tibor qaratiladi. Oilaviy psixoterapiyaga ham diqqatni qaratish kerak, bunda bolani ishontirish, qo’llab-quvvatlash, hayolini chalg’itish, relaksatsiya muhimdir. Bolalarga barmoqlarning ritmik harakatlari bilan bir taktda gapirish yoki kuylash o’rgatiladi. O’z-o’zini boshqarish usulining asosi shundaki, duduqlanish — o’zgartirsa bo’ladigan ma’lum xulq ekanligini o’rnatishdir. Uning tarkibi — desensibilizatsiya, autogen mashg’ulotlar.

Yordamchi dori vositalarining maqsadi — qo’rquv, xavotir va depressiya belgilarini bartaraf qilishdir. Sedativ (jumladan, fitoterapevtik) va umumiy mustahkamlovchi vositalarni tayinlash tavsiya etiladi.

Bosh miyaning organik shikastlanishi bilan bog’liq bo’lgan spazmolitiklar (tolperizon, benaktizin), ehtiyotkorlik bilan trankvilizatorlar (minimal dozalarda) qo’llaniladi. Suvsizlanish kursi o’tkazish samaradorligi isbotlangan. Klonik duduqlanish holatida gopanten kislotasining bir necha kursini (1 oydan 3 oygacha) belgilash tavsiya etiladi. Bundan tashqari duduqlanishni kompleks davolashga fizioterapiya, shuningdek, massajni (umumiy va logopedik) kiritish tavsiya etiladi.

Bolalar o’rtasida duduqlanish davolanilganda barcha holatlarning 70% dan ko’prog’i yaxshi yakunlanadi.

Oldini olish

Duduqlanishni oldini olish usullari ikki guruhga bo’linadi. Ulardan biri bolaning sog’lig’ini saqlash va mustahkamlash, ikkinchisi — bolaning nutq taraqqiyotini tashkil etishdir. To’laqonli ovqatlanish, doimo parvarish qilish, kun tartibiga va gigiena qoidalariga rioya qilish bolaning aqli va nutqi rivojlanishining, sog’lig’ini saqlash va mustahkamlashning muhim tarkibiy qismidir. Asab tizimining normal ishlashi va uni ortiqcha yuklamaslikning oldini olish tetiklik va uyquning to’g’ri almashinuvi bilan ta’minlanadi.

Bolalarning ruhiy holatini haddan ortiq ma’lumot yukidan («kattalar» teleko’rsatuvlarini ko’rish, yotishdan oldin o’ta kuchli emotsiyali hikoyalar o’qish), qo’rqishiga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan vaziyatlardan himoya qilish kerak.

Bolaning nutqi to’liq rivojlanishi uch yo’nalishni o’z ichiga olishi kerak.

  • Birinchisi, dunyoqarash, tushunchalar va atrof-muhit haqidagi qarashlar, hodisalar va narsalar (o’yinlar, yurishlar, kitoblarni o’qish)ni kengaytirish.
  • Ikkinchisi — bolaning nutqida tutilishni oldini olish va kuzatilganda choralar ko’rish, ravon va sekin gapirishni, fikr va istaklarni mantiqiy va izchil tushuntirishga o’rgatish kerak.
  • Uchinchisi — ovozning to’g’ri talaffuz qilinishi, ritmi va tempini shakllantirish. Biroq, bolani yangi axborot bilan me’yorida, asta-sekin tanishtirish kerak.

Duduqlanishini tuzatib, uning qaytalanishini oldini olish uchun qulay psixologik muhitni ta’minlovchi shart-sharoit yaratish kerak.

Reklama

Ushbu mazvuda 5 ta fikr qoldirilgan

  1. Salom yoshim 20 da men duduqlanib gapiriwdan qiynalaman avval umuman duduqlanmasdim hozir hayajonlansam kuchayadi gapiriwga qiynalaman davolash haqida maslahat bering

    1. Salom, buning uchun autotrening qilib, hayajonni nazorat qila olish qobiliyatini rivojlantirish kerak. Nevropatologga uchrashish tavsiya etiladi, ehtimol buning sababi asab tizimidadir. Agar jiddiy muammolar aniqlanmasa, shifokor psixolog yoki logopedga yo’llanma berishi mumkin.

  2. salom man 17 yoshdaman. 5yoshimdan beri duduqlanib gapiraman. davolash usullari yoki yo’llari bolsa etvorila. oldindan raxmat

  3. Ismim Mahmud yoshim 19 da duduqlanishdan aziyat chekayabman. O’zimni to’laqonli imkoniyatlarimdan foydalana olmayabman, imkoniyatlarimni 80% ini cheklab qo’yayabdi. Iltimos maslahatlaringizni beringizlar. Hamma tekshiruvlardan o’tdim. Tana a’zolarim soppa sog’ chiqyabdi. Kimga murojat qilishim kerak. Psixologga borsam bo’ladimi?

    1. Sizda mavjud muammolar keng tarqalgan. Bunday holatda nutqni yaxshilash uchun logoped shifokorga uchrashish, o’zingizga bo’lgan ishonchi oshirish uchun esa psixolog konsultatsiyalarini olish tavsiya etiladi.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.