Otit yoki quloqning yallig’lanishi — shakllari, alomatlari, tashxislash, davolash va oldini olish

Otit — quloqning yallig’lanishidir. Kasallik surunkali yoki o’tkir, yiringli yoki kataral bo’lishi mumkin. Patologik jarayonning jiddiyligi butunlay mikroorganizmlarga bog’liq va bunda inson immunitetining holati juda katta rol o’ynaydi.

Statistik ma’lumotlariga ko’ra, barcha otorinolaringologik kasalliklarning 30% otitning o’tkir shaklidir. Maktabgacha yoshdagi bolalar kattalarga qaraganda bu kasallikka ko’proq duchor bo’lishadi. Uch yoshgacha bo’lgan bolalarning 80% o’rta otit bilan hech bo’lmaganda bir marta kasallanishgan.

Otit - quloqning yallig'lanishidir

Eshitish organini yallig’lantirib, otitga olib keladigan mikroblarga:

  • Pnevmokokklar;
  • Streptokokklar;
  • Stafilokokklar;
  • Gemofil tayoqchalari va boshqa mikroorganizmlar kiradi.

Har qanday quloq yallig’lanishi o’ta xavflidir va kasallik alomatlari (quyida ta’riflangan) kuzatilganda shifokorga murojaat etishingiz kerak.

Otitning alomatlari va belgilari

O’rta o’tkir otit mavjudligini bildiradigan alomatlar quyidagilardan iborat:

  • Quloqdagi kuchli og’riq;
  • Isitma;
  • 1-3 kundan so’ng quloq kanalidan yiring oqishi.

Yiring chiqib ketganidan keyin bemorning ahvoli yaxshilanadi, tana harorati pasayadi, og’riq sezilarli darajada kamayadi yoki yo’qoladi.

Yiring quloq nog’ora pardadagi hosil bo’lgan tirqishdan chiqadi. Kasallikning bunday natijasi ijobiy hisoblanadi va to’g’ri davolash bilan quloq nog’ora pardasi eshitish qobiliyatiga ta’sir qilmasdan asta-sekin tiklanadi.

Kasallikning salbiy rivojlanishi bu yiringning chiqib ketishi iloji yo’qligi va bu yiringning bosh suyagi ichiga tarqalib ketishi mumkinligi bilan xavflidir. Bunday otit menengitga, shuningdek miya abstsessgia sabab bo’la oladi. Bunday daxshatli oqibatlarning oldini olish uchun otitning birinchi alomatlari bilan maslahat va davolanish uchun otorinolaringologga murojaat qiling.

Yallig’lanishning joylashuviga qarab tasniflanishi:

  • Tashqi otit;
  • O’rta otit;
  • Ichki otit.

Ko’pincha tashqi otit kasalligi suzuvchilarda rivojlanadi. Yallig’lanish tashqi quloq yo’lining yoki quloq suprasining shikastlanishi tufayli boshlanadi. Himoya qavatining buzilishi o’sha joyga patogen mikroorganizmlarning tushishiga va ko’payishiga olib keladi, keyin bu joyda furunkul hosil bo’ladi.

Agar tegishli davolash amalga oshirilmasa, tashqi otit og’ir shaklga o’tadi va yallig’lanish quloq yon paylari va suyakka o’tadi. Bunday hollarda bemorda kuchli lo’qillovchi og’riq, quloqning shishishi va tana haroratning o’rtacha darajada ko’tarilishi kabi alomatlar kuzatiladi.

O’rta otitda yallig’lanish jarayoni quloqning nog’ora pardadan keyin joylashgan o’rta quloqning havo yo’li bo’shlig’iga tarqaladi: nog’ora bo’shlig’i, eshitish naychasi va mastoid o’simtaga.

O’rta otit ko’pincha kataral shakldan yiringli shaklga o’tadi.

O’rta quloqning o’tkir kataral otitlari O’RVI (shamollash) ning asorati sifatida ham shakllanishi mumkin, bu patogen infektsiyaning nog’ora bo’shlig’iga kirganidan so’ng yuzaga keladi. Dastlabki bosqichda eshitish darajasi pasayishi, quloqda shovqin eshitilishi mumkin, ammo harorat normal yoki biroz ko’tarilgan bo’ladi.

Agar bu alomatlar e’tiborga olinmasa, unda kataral otit yanada rivojlanib, birdaniga kuchli isitma va quloqdagi og’riq bilan namoyon bo’ladi. Og’riq keyinchalik ko’zga, bo’yinga, tomoqqa yoki tishlarga tarqalishi mumkin. Bunday otitni davolash uchun faqatgina infektsiyani bartaraf etish kerak, buning uchun esa tezda shifokorga murojaat qilish kerak.

O’rta quloqning o’tkir yiringli otiti —  bu kasallikning o’tib ketgan kataral shaklidir. Kasallik nog’ora pardasining yorilishi va yiringning chiqib ketishi, keyin esa tana haroratining pasayishi bilan kechadi. Davolash infektsiyaga qarshi kurashish bilan birga, faqatgina shifokor tomonidan bajarilishi mumkin bo’lgan quloqdan doimiy ravishda yiringni chiqarib tashlashni o’z ichiga olishi kerak.

Bundan tashqari, yiring har doim o’z-o’zidan chiqib keta olmaydi. Agar quloqning nog’ora pardasi juda mustahkam bo’lsa, uni teshish uchun jarrohlik talab qilinadi. Ushbu amaliyot «parasentez» deb ataladi va mahalliy og’riqsizlantirish yordamida amalga oshiriladi: eng qulay nuqtada maxsus vosita bilan teshik hosil qilinadi va yiring butunlay chiqib ketadi.

Yiring chiqib ketgach, nog’ora parda qayta tiklanadi va eshitish sifati buzilmaydi.

O’rta quloqdagi o’tkir otit davolanmasa, yiring bosh suyagi ichiga tarqaladi. Natijada ichki otit rivojlanadi, u vestibulyar apparatga ta’sir qiladi, bu miyaning abstsessiga va hech bo’lmaganda qisman yoki to’liq eshitish qobiliyatini yo’qotilishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun otitning dastlabki alomatlari kuzatilganda quloqqa hech narsa tomizmasdan yoki spirtli yoki boshqa antiseptiklar bilan tampon qo’ymasdan, darhol shifokorga borishingiz kerak!

Otitning kelib chiqishi sabablari

Har bir LOR-kasalliklar ko’p miqdorda shilliq ishlab chiqarish bilan birga kechadi. Shilliq miqdori ko’payib borayotgani sayin ko’ngilsiz vaziyatlarda shilliq Evstaxiy kanali ichiga kirib qoladi va nog’ora bo’shlig’ining ventilyatsiyasini buzadi. Nog’ora bo’shlig’i hujayralari yallig’lantiruvchi suyuqlik ajratib chiqara boshlaydi. Evstaxiy kanalining tiqilib qolishidan tashqari, odatda mahalliy mikrofloraning bir qismini tashkil etuvchi patogen mikroorganizmlar ham yallig’lanishning kuchayishiga hissa qo’shadi.

Otitning sabablari quyidagilardir:

  • Boshqa LOR organlaridan infektsiyaning kirishi — boshqa infektsion-virusli kasalliklarning asoratlanishi;
  • Burunning turli kasalliklari, jumladan uning sinuslari va halqumning. Bunga rinitning barcha turlari, burun ichki devorining qiyshayishi va bolalarda — adenoidlar kiradi;
  • Quloq suprasi jarohatlari;
  • Sovqotish va immunitetning pasayishi.

Otitning asoratlari va oqibatlari

Otitda faqat quloqning og’rishi kuzatilsada, bu kasallik to’gri davolanmasa yoki umuman davolash olib borilmasa, u bilan bog’liq bo’lgan asoratlar juda ko’p boshqa a’zolarga ta’sir qilishi mumkin. Otit kasalligiga e’tibor bermaslik o’ta daxshatli oqibatlarga — pastki jag’ suyagining chirishi, so’lak beziga ta’sir qilishi va ko’pincha nogironlikka olib keladi.

Ammo otitni undan ham xavfliligi — bu kasallikni aniqlash har doim ham oson emasligidir. Misol uchun, ayrim hollarda kasallik quloqlardagi og’riq bilan kechmaydi. Ko’pincha otit sababli oshqozon-ichak trakti faoliyati buziladi. Buning sababi shundaki, qorin bo’shlig’i va quloq bitta nerv bilan o’zaro bog’liq. Shuning uchun otit davrida, ayniqsa bolalarda, qorin damlanishi, qusish, ich qotishi mumkin. Ba’zida bu alomatlar kuzatilganda appenditsitdan shubhalanish mumkin, bu holatda jarrohga murojaat qilinadi. Ammo yosh bolalarda quloq yallig’lanishi kasalliklarini tashxisi har doim LOR shifokori tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Agar ona bolaning faqat oshqozon-ichak trakti faoliyatining buzilishini aniqlasa va davolashni mustaqil davom ettirsa, u holda otit yanada jiddiy kasallik — otoantritga aylanishi mumkin. Bu yiringni quloq orqasiga o’tishidir, bunda mavjud yallig’lanishga yana boshqa yallig’lanish qo’shiladi, natijada quloqlarda shish paydo bo’ladi va harorat yanada yuqoriroq ko’tariladi. Bu asorat kasallik boshlanishining keyingi kunlarida ham, bir oydan keyin ham yuz berishi mumkin. Agar otitning bu belgilari ham aniqlanmasa, unda bir necha oy ichida meningit rivojlanadi, shuning uchun bu kasallikka jiddiy e’tibor berish kerak.

Otitning boshqa keng tarqalgan asoratlariga kasallikni surunkali bosqichga o’tishi, vestibulyar apparatning shiksatlanishi va karlik kiradi.

Bundan tashqari, otitning asoratlari quyidagilarni o’z ichiga olishi mumkin:

  • Menengit va boshqa bosh suyak ichi asoratlari (miya abstsessi, entsefalit, gidrotsefaliya) — otoantritdan keyingi bosqich, agar chora-tadbirlar o’z vaqtida bajarilmasa;
  • Yuz nervlarning parezi;
  • Nog’ora pardaning yorilishi va quloqni yiring bilan tiqilib qolishi;
  • Xolesteatoma — o’simtaga o’xshash kista shaklida hosil bo’lgan epiteliya va keratindan iborat kaspulasimon o’smani quloq kanaliga tiqilib qolishi;
  • Mastoidit — mastoid o’smaning yallig’lanishi, bu o’rta quloq ichidagi eshitish suyakchalarini shikastlashga olib keladi;
  • Oshqozon-ichak trakti faoliyatining buzilishi — qorin damlashi, qayt qilish, ich ketishi;
  • Eshitish qobiliyatiningning pasayishi yoki butunlay karlik.

Surunkali otitni davolash juda qiyin va kasallik hayot sifatini sezilarli darajada yomonlashtiradi — eshitish buziladi, quloqlarda doimo yallig’lanish jarayoni va yiring paydo bo’ladi. Ko’pincha kattalardagi surunkali otitni davolash uchun konservativ usullar yetarli emas va jarrohlik amaliyoti talab qilinishi mumkin.

Otitni tashxislash

Malakali shifokor maxsus vositalarsiz va innovatsion texnologiyalarsiz o’tkir otitni aniqlay oladi. Kasallik eshitish kanalining oddiy tekshiruvi va otitni tashxislash uchun bosh reflektori (markazdagi tuynukli ko’zgu) yoki otoskop yordamida aniqlanadi.

Tashqi otit qanday tashxislanadi?

Tashqi otitda shifokor quloq suprasining terisini, eshitish kanalining kengligini va undagi ajralmalarni e’tiborga oladi. Agar tashqi quloq kanali toraygan bo’lsa, ayniqsa nog’ora parda ko’rinmaydigan darajada bo’lsa, teri qizargan va quloq ichida suyuq ajralmalar ko’rinsa, bu shifokorga «tashqi otit» tashxisini qo’yishga imkon beradi.

O’rta otit qanday tashxislanadi?

O’tkir otitga ham tashxis tashqi ko’rik orqali qo’yiladi. Shifokor ushbu kasallikning ayrim o’ziga xos belgilarini tekshiradi: qizarib ketgan nog’ora parda, uning harakatchanliginining kamayishi va yoriq mavjudligi.

Bu alomatlar osongina tekshirilishi mumkin — bemor og’zini ochmasdan yonoqlarini shishiradi. «Quloqlarni shishirish» — Valsalva manevrasi deb ataladigan usul, quloqdagi bosimni to’g’irlash uchun doimo sho’ng’uvchilar va g’ovvoslar tomonidan qo’llaniladi. Havoning nog’ora bo’shlig’iga kirib borishi bilan membrana sezilarli darajada bukiladi. Agar nog’ora bo’shlig’i suyuqlik bilan to’lgan bo’lsa, u holda hech qanday bukilish bo’lmaydi.

Nog’ora parda yorig’i nog’ora bo’shlig’ida yiring to’lganidan so’ng yiringning chiqib ketishi natijasida paydo bo’ladi va uni qurollanmagan ko’z bilan ham kuzatsa bo’ladi.

«Ichki otitning tashxisi» o’ziga xos xususiyati: audiometriya

Eshitishni maxsus apparatda tekshirish audiometriya deyiladi. Shuningdek, quloq ichidagi bosimni o’lchash — timpanometriya surunkali otitni tashxislash uchun ishlatiladi.

Agar eshitish qobiliyati pasaysa, tez-tez bosh aylansa ichki otit (quloq labirintining yallig’lanishi)ga asosli shubha paydo bo’ladi. Bunday holatda audiometriyadan foydalaniladi va otorinolaringolog va nevrolog tekshiruvdan o’tish kerak bo’ladi.

Rentgen va kompyuter tomografiyasi

O’tkir otitda rentgenografiya kasallikning mavjud asoratlarini — og’ir miya yallig’lanishlari yoki mastoiditni tasdiqlash uchun ishlatiladi. Xavfli asoratlarga shubha mavjud bo’lsa, bosh miyaning tomirlari suyagining kompyuter tomografiyasi kerak bo’ladi.

Otit muhitida bakteriyalar florasini aniqlash

Otitda bakteriyalar ekish, birinchi qarashda, befoyda kabi ko’rinadi. Axir bakteriyalarni yetishtirish uchun vaqt kerak bo’ladi va tahlil natijasi faqat 6-7 kundan so’ng ko’rinadi, bu vaqtgacha davolash olib borilsa, kasallik tuzalib ketishi kerak. Ammo otitning barcha holatlari odatiy antibiotiklarni qo’llash bilan yechim topmaydi va agar shifokor qanday mikroorganizmlar otitni keltirib chiqarishini bilib olsa, u ma’lum dori-darmonlarni belgilaydi.

Otitda (quloq og’riganda) nima qilish kerak?

Quloqlarda noqulay his-tuyg’ular paydo bo’lganidan so’ng, hoh vaqti-vaqti bilan quloqlarning bitishi yoki og’rig’i bo’lsin, darhol to’g’ri davolanish uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak. Aks holda, o’tkir otit surunkali shaklga o’tishi va nog’ora pardada chandiqlar, yupqaliklar, botiqlar qoldirishi mumkin, bu esa tez-tez yallig’lanishga duchor bo’lishga sababchi bo’lishi mumkin.

Agar quloq og’rigan kunning o’zidayoq shifokorga murojaat eta olish imkoni bo’lmasa, siz qila oladigan yagona narsa bu og’riqni pasaytirishdir. Antigistamin preparatlar og’riq qoldirishga yordam berishi mumkin (ular tufayli quloq ichida bosim pasayadi va og’riq kamayadi). Agar og’riq juda kuchli bo’lsa, og’riq qoldiruvchi dorilar qabul qilish yordam berishi mumkin.

Eslatma: kamfora moyi, moychechak damlamasi, borli spirt, piyoz va sarimsoq sharbati kabi otitni davolovchi «dorivor» preparatlarni qo’llash umrbod karlikka olib kelishi mumkin. Xuddi shu narsa qum, tuz yoki grelka yordamida issiq qo’yishga ham taaluqli. Bu xalq tabobati muolajalari qo’llanilganda quloqda yallig’lanish yanada kuchayadi va yiring ko’proq to’planadi, chunki bu «dorilar» mikroblar uchun ozuqa vazifasini o’tashi mumkin. Issiq qo’yish esa mavjud yiringni kengayishiga olib keladi, agar yiring ko’p to’plangan bo’lsa, u kengaygan vaqtda quloqning ichiga o’tib ketishi va jiddiy asoratlarga sabab bo’lishi mumkin. Spirt asosli antiseptiklar yupqa va nozik shilliq pardalari bo’lgan bolalar uchun juda xavflidir.

Ammo eng yomoni — miyadan yiringni chiqarib bo’lmaydi va bu juda yomon oqibatlarga olib keladi — inson abadiy nogiron bo’lib qolishi mumkin!

Otit qanday davolanadi?

Otitning qanday shaklda bo’lishidan qat’iy nazar, bemorga og’riq qoldiruvchi muolajalar kerak, chunki kuchli og’riqqa toqat qilib bo’lmaydi.

Tashqi otit qanday davolanadi?

Agar tashqi otit kattalarda aniqlangan bo’lsa, asosiy davolashda quloq tomchilaridan foydalanadi. Normal immunitetli sog’lom odamda tashqi otit faqat tomchilardan foydalanishning o’zi bilan shifo topadi, inyektsion yoki tabletkalar shaklidagi antibiotiklardan foydalanish zarurati yo’q. Tomchilar faqat antibakterial preparatdan iborat bo’lishi yoki o’zida antibiotik va yallig’lanishga qarshi vositani birlashtirishi mumkin. Tashqi otit o’rtacha bir hafta davomida davolanadi.

Umuman olganda, tashqi otitni davolash uchun quyidagilar tayinlanadi:

  • Antibiotiklar — norrofloksatsin (normaks), siprofloksatsin gidroxloridi (Siproks), rifamitsin (Otofa);
  • Kortikosteroidli antibiotiklar — Kandibiotik (beklometazon, lidokain, klotrimazol, xloramfenikol), Sofradeks (deksametazon, framitsetin, gramitsidin);
  • Antiseptiklar (Miramistin);
  • Mikroblarga qarshi malhamlar — klotrimazol (Kandid), natamitsin (Pimafutsin, Pimafukort) — agar tashqi otitning sababchisi zamburug’lar bo’lsa.

Yaqinda tasdiqlangan, normal teri mikroflorasiga patologik ta’siri bo’lmagan, ammo zamburug’larga qarshi samarali bo’lgan «mupirosin» faol moddasini saqlagan malham ham o’z samarasini ko’rsatmoqda.

Katta yoshdagi bemorlarda o’rta quloq o’tkir otiti va eshitish labirinti yallig’lanishini davolash qanday olib boriladi?

Antibiotiklar

O’rta otitni davolashda odatda antibakterial preparatlar qo’llaniladi. Lekin kattalardagi otitni davolash bolalardagi otitni davolashdan biroz farq qiladi — kattalarda kasallik o’zidan-o’zi tuzalib ketishi ehtimoli 90% ni tashkil etadi va antibiotiklar qo’llash ehtiyojini «yo’q»ga chiqarib yuboradi. Ammo qolgan 10% holatlar juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun kasallikning dastlabki ikki kunidan keyin yaxshilanish kuzatilmasa, antibiotiklar buyuriladi.

Antibiotiklarni qabul qilish malakali shifokor tomonidan tayinlanishi kerak, chunki bunday moddalarning nojo’ya ta’sirlari xavfli bo’lishi mumkin. Biroq, otit asoratlari sabab o’lim hollari yiliga 28 000 kishiga yetadi, shuning uchun, odatda, davolanish o’zini oqlaydi. Odatda antibiotiklar tabletkalar ko’rinishida belgilanadi, ammo agar bemor dorini icha olmasa, inyektsiya qo’llaniladi.

Katta yoshdagi bemorlarda o’rta quloq otitlarni davolash uchun quyidagilardan foydalaniladi:

  • Amoksitsillin (Flemoksin Solyutab, Ekobol, Ospamoks yoki Amosin);
  • Klavunal kislotasi bilan amoksitsillin birikmasi (Flemoklav, Augmentin, Ekoklav);
  • Sefuroksim (Sefurus, Aksetin, Zinnat, Zinatsef).

Ehtimol, boshqa dori-darmonlar tayinlanishi mumkin, ammo antibiotiklar bilan davolashning asosiy talablariga rioya qilish muhimdir: davolash davomiyligi kamida bir haftaga cho’ziladi. Agar mikroorganizmlar antibiotiklarning uzilishi sababli butunlay yo’q bo’lib ketmasa, bakteriyalar bu dorilar guruhiga qarshilik ko’rsatadi va antibiotiklar ularga boshqa ta’sir qilmaydi.

Otitda quloq uchun tomchilar

O’rta quloq otitini kompleks davolash odatda tomchilardan foydalanishni o’z ichiga oladi. Barcha quloq tomchilari bir xil emasligini tuayli, agar quloq og’rig’i boshlansa, uni davolash uchun har qanday tomchilar ham to’gri kelavermaydi. Farq shundaki, nog’ora pardaga zarar yetgunigacha va uning teshilishdan keyin otitni davolash uchun faol moddalar butunlay boshqa-boshqa.

Agar nog’ora parda butun bo’lsa, og’riq qoldiruvchi tomchilardan — Otipaks, Otinum yoki Otizol — lidokain, benzokain, yoki xolin salisilat qo’llaniladi. Kattalardagi o’rta otitning kataral shaklida antibiotik tomchilar umuman yordam bermaydi, chunki yallig’lanish nog’ora pardasi orqasida — modda yallig’lanish markaziga yetib bormaydi.

Yiring chiqib bo’lgan va nog’ora pardada yoriq hosil bo’lgan bo’lsa, aksincha, og’riq qoldiruvchi ta’sirli tomchilar foyda bermaydi, chunki ular istalmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ularning keragi ham bo’lmaydi, chunki yiring chiqib ketishi bilan og’riq so’nadi.

Qayta yiringlashni va yiringni ichki quloqga kirib borishini oldini olish uchun antibiotiklar — bu «Normaks», «Tsiprofarm», «Miramistin» va boshqalar buyuriladi, ularni shifokor tayinlaydi. Ototoksik antibiotiklarni, spirtli eritmalarni, fenazon yoki xolin salitsillatini qo’llash qat’iyan taqiqlanadi.

Nog’ora pardaning parasentezi — oxirgi chora

Dori-darmonlar bilan davolash samarasiz bo’lsa, nog’ora pardaning orqasida katta miqdorda yiring to’planadi. Bu juda kuchli og’riqning paydo bo’lishiga va qonga bakteriyalar hayotiy faoliyatining mahsulotlarini singib ketishiga olib keladi. Tananing umumiy intoksikatsiyasi kuzatiladi. Bunday belgilar paydo bo’lgandan keyin shifokorlar paratsentez o’tkazishni favqulodda holat deb hisoblashadi, bu amaliyot otitning jiddiy asoratlari rivojlanishigaga yo’l qo’ymaydi.

Operatsiya mahalliy narkoz ostida amalga oshiriladi. Parasentez minimal shikast yetkazilishi ko’zlanib, nog’ora pardaning eng yupqa joyida maxsus ingichka igna yordamida teshik hosil qilinadi va u teshik orqali yiring chiqib ketadi. Bundan tashqari, nozik jarohatlangan yara tabiiy teshilish sababli hosil bo’lgan yoriqqa nisbatan ancha tezroq bitadi va parasentezdan so’ng minimal chandiq shakllanadi.

Ertasi kuni salomatlik holati keskin yaxshilanadi va bemorning tiklanishi tezlashadi. Bu ayniqsa bolalarda otitni davolash uchun qo’llanilgan parasentezga taaluqlidir.

Quyidagi hollarda darhol parasentez o’tkazishga ko’rsatma beriladi:

  • Ichki quloqning yallig’lanishi;
  • Miya pardasining shikastlanishi (bosh og’rig’i va ko’ngil aynishi kabi namoyon bo’ladi);
  • Yuz nervlarning shikastlanishi;
  • Antibakterial davolash boshlanishidan uch kun o’tgach og’riq kamaymasa va yiring chiqib ketmasa.

Tashqi yoki o’rta otitdan farqli o’laroq, eshituv labirinti yallig’lanishini davolash kompleks amallarni o’z ichiga oladi va nevropatolog va otolaringolog shifokor doimiy nazorati ostida tibbiy muassasalarida olib boriladi. ichki otitni davolash uchun nafaqat antibiotiklar, balki ichki quloqdagi mikrosirkulyatsiyani yaxshilash uchun neyroprotektorlar va boshqa dori-darmonlar ham kerak.

Otit kasalligini oldini olish

Kattalardagi otit profilaktikasining asosiy maqsadi Evstaxiy kanalchalarining shilliq bilan tiqilib qolishini oldini olishdir. Bu oson vazifa emas. Masalan o’tkir rinit suyuq shilliq ajralishi bilan birga kechadi, lekin davolash davomida shilliq ancha quyuqlashadi va ko’p miqdorda to’planib qoladi.

Yiring turib qolishi sababli rivojlangan otitni oldini olish uchun tegishli kasalliklarni o’z vaqtida davolash kerak, ular hammaga ma’lum shamollash, gaymorit va boshqa kasalliklardir.

Otit shaklidagi LOR kasalliklarining asoratlarini oldini olish uchun nima qilish kerak:

  • Burundagi shilliq qavatining shishini kamaytirish uchun tomir toraytiruvchi preparatlardan foydalaning;
  • Tanada suyuqlik muvozanatini saqlab, ko’proq suv iching;
  • Juda yuqori haroratda (38,5°C dan yuqori) o’z vaqtida tana haroratini tushiruvchi preparatlarni qabul qiling, tana haroratini uzoq vaqt davomida baland saqlanishiga yo’l qo’ymang;
  • Uydagi havo haroratini 18-20°C atrofida saqlang;
  • Xonadagi namlikni saqlab turing, havoni tozalash va muntazam namlik bilan (ho’l mato bilan artish) tozalash ishlarini olib boring;
  • Burinni qoqishda qoidaga rioya qiling — kuchli bosim eshituv naychalarini zararlanishiga va shilliqni tarqab ketishiga sabab bo’ladi. Har bir burun teshigini alohida-alohida qoqing, bir burini qoqayotganda ikkinchisini barmoq bilan qisib, yopib turing.

Ammo kasallikni eng muhim oldini chorasi birinchi alomatlar kuzatilishi bilan o’z vaqtida shifokorga murojaat qilishdir.

Reklama

Ushbu mazvuda 4 ta fikr qoldirilgan

  1. Salom. Mening qulog’im hozir juda ham og’riyapti. Og’riq kechasi, ertalabga yaqin boshlandi. Og’riq kuchli. Xuddi qulog’im bitib qolgandek bo’lgan, faqat o’ng qulog’im. Bitib qolishi bilan birgalikda juda qattiq og’riyapti. Bir ikki kun oldin tomog’im og’rib yurgandi dori ichdim qolgandek bo’ldi. Quloq og’rish sababini topolmayapman nimadan ekanligini. Yoshligimdan buyon biror marotaba o’grimagan. Yoki shamollashim sabab bo’lganmi bilmadim. Nima qilsam bo’lada maslahat bersangiz.Javob uchun oldindan rahmat.

    1. Salom. Quloq og’rig’ining sabablarini ushbu maqolada o’qishingiz mumkin. Hozirda og’riq qoldiruvchi iching va imkon qadar tezroq otorinolaringologga murojaat qiling. Shifokor quloq og’rig’ining sababini aniqlab, tegishli davolashni buyuradi.

  2. O’sha kuni shifokorga bordim. Shifokor har xil turdagi dori va quloq uchun kislota yozib berdi. Hammasini shifokor aytganidek qilyapman, og’riq qoldi, lekin qulog’im hali ochilmadi, xuddi qulog’imni o’rtasida bir narsa turgandek, oldingiday eshitmayapman hali. Dorilarni hammasini qo’llasam ochilib ketadimi qulog’im? Javob uchun rahmat.

    1. Shifokor qulog’ingizni tekshirib, uyda qo’llash uchun dorilar yozib bergan bo’lsa, demak og’riq sababi yallig’lanish ekan. Davolash kursini oxirigacha yetkazing, shunda xulosa qilasiz.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.