Bel deb orqaning ko’krak qafasi pastki qismidan dumg’azaga qadar bo’lgan bo’limiga aytiladi. Bel og’rig’i juda keng tarqalgan holatdir. Statistikaga ko’ra, 90% odamlar vaqti-vaqti bilan bel sohasidagi og’riqlarni his qiladi. Ba’zan og’riqning sababi ortiqcha zo’riqishdir — masalan, juda intensiv mashg’ulotlardan yoki uzoq vaqt keyin noqulay vaziyatda qolishdan so’ng. Ammo ba’zi hollarda bel og’rishi organizmda jiddiy buzilishlardan darak beradi.
Belga juda katta yuk tushadi. Yotgan holatda umurtqalararo disklarga 50 kg bosim tushadi, tik turgan holatda 100 kg, tayanchsiz, gavdani tik ushlab o’tirganda — 150 kg, bukchayib o’ritganda esa — 220 kg. Bel sohasidagi umurtqalararo disklar ayniqsa himoyasiz va umurtqa pog’onadagi boshqa disklarga qaraganda tezroq «eskiradi». Shuning uchun, orqa tarafda qanday noqulay his-tuyg’ular sezilganda umurtqaning jiddiy muammolarni yuzaga kelishiga yo’l qo’ymaslik uchun zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.
Bel og’rishining umumiy sabablari
Agar sizda bel og’rig’i bo’lsa, bu hali muammo umurtqada ekanini anglatmaydi. Beldagi og’riqlar chap yoki o’ng tomonda aniqlanishi, oyoqqa tarqalishi, bu ichki a’zolar, ayniqsa oshqozon-ichak trakti kasalliklarining natijasi bo’lishi mumkin. Ba’zida og’riq buyraklar va jinsiy a’zolar kasalliklarida his etiladi, ko’pchilik ayollar hayz paytida bel og’rishidan shikoyat qilishadi.
Biroq, bel og’rig’ining eng ko’p tarqalgan sababi — bu umurtqa va mushaklarning turli kasalliklari va jarohatlaridir. Erkaklarga bel og’rishi ortiqcha zo’riqish tufayli yuzaga kelganligi ko’proq xos bo’lsa, ayollarga homiladorlik davrida bel og’rig’i xosdir.
Bel og’rishiga ayniqsa ko’pincha osteoxondroz sabab bo’ladi, bu kasallikda umurtqalararo disk elastikligi va mustahkamligini yo’qotadi.
Bel sohasida keskin, to’satdan yuzaga keladigan og’riq umurtqalararo disk churrasi yoki radikulitning alomati bo’lishi mumkin. Bunday holatlarda chuqur nafas olish va faol harakatlar bajarishda og’riq kuchayishi qayd qilinadi.
Ko’pincha bel og’rig’i umurtqalararo disklar siljishi, umurtqaning qiyshayishi (skolioz) va qomatning boshqa kasalliklari bilan og’rigan kishilarda yuzaga keladi.
Revmatoid artrit va Reyter sindromi kabi turli yallig’lanishlar, shuningdek, umurtqa pog’onasi va umurtqalararo disklarga ta’sir qiluvchi infektsion kasalliklar (sil, brusellyoz, epidural abstsess) belda kuchli og’riqlarga olib keladi.
Og’riqning sababi shuningdek umurtqa pog’onasi yonida yoki orqa miya ichida joylashgan o’sma bo’lishi ham mumkin.
Beldagi og’riq va bezovtalikka olib keladigan asosiy kasallikni aniqlash uchun to’liq tibbiy ko’rikdan o’tish kerak.
Bel og’riganda nima qilish kerak
Konservativ terapiya belgilanishida uchta asosiy maqsad ko’zlanadi: og’riqdan xalos bo’lish, davolash dasturini tayyorlash va og’riq keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi terapevtik-profilaktik chora-tadbirlar ko’rish hamda bemorning normal hayotga imkon qadar tez qaytishini ta’minlash.
Beldagi og’riq sababi nima bo’lishidan qat’iy nazar, asosiy kasallikni davolash uchun ko’pincha dori-darmonlar ishlatiladi. Bundan tashqari, shifokor og’riq qoldiruvchi dorilar buyurishi mumkin — tabletka yoki malham, kuchli og’riqlarda esa — in’yektsiya (ukol) shaklida.
Ularga qo’shimcha sifatida (agar dorilar bilan davolash qarshi ko’rsatmalarga ega bo’lsa muqobil sifatida) terapevtik massaj yoki manual terapiya kursi belgilanadi. Albatta, massajni yuqori malakali mutaxassislar amalga oshirishi kerak, chunki u noto’g’ri qilinsa, foydadan ko’ra ko’proq zarar yetkazishi mumkin.
So’nggi yillarda, bel og’rishi bezovta qiladigan bemorlarga ko’pincha ignarefleksoterapiya (akupunktura) kursini olish tavsiya etilmqoda. Ushbu usul og’riqni yengillashtirishda va mushaklarning zo’riqishini bartaraf etishda juda samaralidir.
Umurtqaning ko’pchilik kasalliklarda terapevtik mashqlar va yoga yaxshi ta’sir ko’rsatadi, ammo bunday mashqlar o’z bilgancha bajarilmaydi — dastur mutaxassis tomonidan tuzilgan bo’lishi kerak.
Rejimga rioya qiish va belni zo’riqtirmaslik lozim. Bel og’rig’i bo’lgan bemorlar og’irliklarni keskin ko’tarmasliklari kerak, lekin o’rtacha jismoniy harakat talab etiladi. Ish kuni davomida imkon qadar ko’proq piyoda yurishga harakat qilish va bir nechta oddiy mashqlar bajarish va qizinish uchun kichik tanaffuslar olish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Bel sohasidagi og’riq — doim ham o’z-o’zidan o’tib ketmaydigan kasalliklar belgisidir. Og’riq qoldiruvchi tabletkalar bu muammoni faqat yashiradi, lekin uni bartaraf qilmaydi.
To’g’ri davolanish bilan, bemorning ahvoli yaxshilanishi sayin og’riq o’zidan-o’zi o’tib ketadi, ammo to’liq davolanish vaqt talab etadi. Og’riqni yengillashtirish uchun faqatgina ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida amalga oshirilishi mumkin bo’lgan butun boshli muolajalar kursi zarur.
Ammo beldagi og’riqlarni sababini aniqlash juda muhim. Agar shifokor uni uzoq vaqt aniqlay olmasa va faqat og’riq qoldiruvchilarni buyuradigan bo’lsa, vaziyatni chuqurlashtirib yuborish xavfi mavjud. Keyinchalik og’riq surunkali shaklga o’tishi, og’riq qoldiruvchilarga nisbatan esa o’rganib qolish rivojlanishi mumkin.
Bel og’rig’ini davolash
Zamonaviy klinikalarda surunkali og’riqni davolashning samarali usullaridan biri bu Pain Management texnikasidir. Ushbu usulning mohiyati bel sohasiga bir qator in’yektsiyalar qilib, yallig’lanish sohasidagi asab oxirlarini vayron qilish oqibatida og’riqni bloklashdir, uning ta’siri 1,5-2 yilgacha saqlanib turadi.
Og’riqni yengillashtirish uchun boshqa dasturlar, shu jumladan, dori vositalari va fizioterapiya usullari — terapevtik gimnastika, massaj, akupunktura, elektrostimulyatsiya, shuningdek, ozon bilan davolash, botoks terapiyasi va boshqalar ham qo’llaniladi.
Fizioterapiya
Agar bel keskin xurujlar bilan emas, balki doimiy og’risa, terapevtik jismoniy tarbiya kompleksi, massaj kurslari, loy va parafin bilan davolash og’riqni qoldirish uchun eng yaxshi vositalar bo’ladi.
Gimnastika
Terapevtik gimnastika og’riqni qoldirish, mushak to’qimasini mustahkamlash va qaytalanishlarni oldini olishga qaratilgan bo’ladi. Murakkab bo’lmagan mashqlar kompleksi quyidagilardan iborat:
Massaj
Bel og’rig’ini uy sharoitida bartaraf etish uchun massaj qilish ham yordam beradi. Massaj uchun moylardan foydalanish tavsiya etiladi. Buning uchun mayoran, tog’rayhon, archa, lavanda, mavrak moylari va asos moy (o’simlik, kungaboqar, zaytun moyi) aralashmasidan foydalanish mumkin. Massajda bajariladigan amallar ketma-ketligi:
- Bemor beli 2-3 daqiqa davomida uqalab qizdiriladi;
- Bosh barmoq uchlari yoki kaftning asosi bilan aylana harakatlar qilib bel terisi pastdan yuqori tomon uqalanadi;
- Zo’riqqan mushaklar ikki qo’llab bo’shashtiriladi: bitta kaft bosish bilan, ikkinchisi esa askincha, yengil uqalab harakatlantiriladi. Yonlardan yelkaga ko’tarilib, bo’yinni massaj qilish bilan yakunlanadi.
Bel og’rishini parafin bilan davolash
Qon ta’minlanishi buzilgan to’qimalarda qon aylanishini kuchaytirish va tomirlarni kengaytirishga qaratilgan bel og’rig’iga davo muolaja — parafinoterapiya ham yengillashtiradi. Bu kursni uy sharoitida qo’llash qiyin emas. Muolajaning mohiyati: eritilgan issiq parafin xasta sohaga bir necha qavat qilib surtiladi. Qavatning o’rtacha qalinligi 1 sm. Shuningdek, matoni parafin bilan shimdirish va kompress qilib qo’yish, ustidan esa polietilen bilan yopish ham mumkin. Bu joyni issiq qilib o’rash lozim. Davolash kursi o’rtacha 10 kundan 30 kungacha davom etadi.
Loyli terapiya
Loydan kompresslar og’riq va yallig’lanishni oladi, o’simtalarni so’rilib ketishiga yordam beradi. Loyni har qanday kosmetik do’konlardan sotib olish va sanatoriya va kurortlarga bormasdan, uy sharoitida muolajalarni qo’llash mumkin. Faqat dastavval qarshi ko’rsatmalar bilan tanishib chiqish va shifokor bilan maslahatlashish kerak, chunki bunday terapiya har kimga ham mos kelavermaydi.
Bitta muolaja uchun 100 gramm loy bir osh qoshiq asal bilan aralashtiriladi. Suv hammomida 40 darajagacha qizdiriladi, bir xil massa hosil bo’lguncha aralashtiriladi. Aralashma xasta joyga qo’yiladi, o’raladi va 4 soatga qoldiriladi, so’ng yuvib tashlanadi. Davolash kursi 10 kun.
Xalqona vositalar
Uy sharoitida tayyorlasa bo’ladigan xalqona vositalar tabiiy masalliqlar va o’simliklardan tayyorlanadigan damlamalar, tindirmalar va malhamlardan iborat. Bel og’rig’iga qarshi xalqona vositalar belni qizdirishga qaratilgan:
- Xantalli vanna: vannaga 200 gramm xantal kukuni solinadi va bemor vanna qabul qiladi, so’ng issiq kiyinadi;
- Asal va sirka asosli kompress: 2 choy qoshiqdan sirka kislotasi va asal aralashtiriladi. Aralashma karam bargiga qo’yilib, so’ng barg bilan belga qo’yiladi. Kompress issiq sharf yoki belbog’ bilan fiksatsiyalanadi.
- To’qilgan xaltachaga solingan qizdirilgan tuz yoki qum bilan issiq qo’yish bel og’rig’ini yengillashtirishga yordam beradi.
Bel og’rig’ini oldini olish
- Qomatni nazorat qilish. Gavdani tik tutish umurtqaga tushadigan yukni sezilarli darajada kamaytiradi;
- Og’irliklarni ko’tarishdan qochish. Agar baribir og’ir jismlarni ko’tarish zarurati bo’lsa, bunda tizzalarni bukish va orqani tekis ushlash muhimdir;
- O’troq ish vaqtida orqani qo’llab-quvvatlovchi qulay stul yoki kreslodan foydalanish;
- Tana vaznini me’yorga keltirish. Tana vaznining ortiqchaligi umurtqaga tushadigan yukni oshiradi;
- Baland joylardan narsani olish uchun cho’zilmaslik, aksincha, oyoq ostiga stul qo’yish yoki narvondan foydalanish kerak;
- Ayolarga umurtqaga tushadigan yukni kamaytirish uchun baland poshnalar va platformalarda bo’lgan poyafzallardan voz kechish tavsiya etiladi;
- Kamroq egilishga harakat qilish.