Qovuq og’rishi — sabablari, erkak va ayollarda farqi, davolash usullari

Qovuq (siydik pufagi) — organizm ayirish tizimining asosiy a’zolaridan biridir, u suyuqlik saqlovchi qop vazifasini bajaradi desa ham bo’ladi. Qovquq og’rig’i ko’plab turli xil omillar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Misol uchun, buyrak kasalliklari, jinsiy a’zolarning noto’g’ri ishlashi, dumg’azada yallig’lanish jarayoni. Bunday og’riqlar nafaqat siydik pufagida, balki unga yaqin joylshgan a’zolarda ham jiddiy kasalliklar mavjudligidan gapirishi mumkin.

Qovuq og'rishi haqida

Qovuq og’rishi

Siydik pufagining og’rishi — qorinning pastki qismidagi turli tabiatli og’riq his-tuyg’ularining paydo bo’lishi bilan tavsiflangan patologik alomatdir. Unga har doim peshobning sifat va miqdoriy buzilishlari hamrohlik qiladi. Bularning barchasi uni og’riq sindromi deb atashga imkon beradi, chunki bu holda u o’ziga xos xususiyatlariga ega, uning tafsiloti og’riq paydo bo’lishining sababini aniqlashga imkon beradi. Darhaqiqat, og’riq mustaqil kasallik emas va ko’plab kasalliklarda uchrashi mumkin bo’lgan alomatdir, u xavotirlanish kerakligini anglatuvchi signal vazifasini bajaradi. Davolanishning adekvatligi bu ma’lumotlar qanchalik to’g’ri talqin etilishiga bog’liq bo’ladi.

Qovuq og’rig’ining xususiyatlari quyidagilarni o’z ichiga oladi: og’riq tabiati, intensivligi, yuzaga kelish shartlari, nima tomonidan chaqirilishi, nima qilganda kamayishi, qancha vaqt davom etishi, aniq lokalizatsiyasi va tarqalishi, hamrohlik qiluvchi boshqa alomatlar. Bundan tashqari, hozirda mavjud patologiyalar va boshdan kechirilgan kasalliklar, tibbiy va boshqa manipulyatsiyalarni hisobga olish kerak.

Qovuq yallig’lanishi belgilari

Ayollarda

Statistikaga ko’ra, bunday og’riqlar ko’proq ayollarda kuzatiladi va bu ular organizmining muayyan tuzilishi bilan bog’liq. Ayollarda siydik yo’llari tanada shunday joylashganki, ularning infektsiyalanishi nisbatan osonroq. Ayniqsa, ko’pincha bunday kasalliklar homilador ayollarda rivojlanadi, chunki bu holatda organizmning himoya tizimida sezilarli o’zgarishlar yuz beradi va infektsiyaga qarshi kurashish qiyinlashadi.

Odatda, sistit turli stafilokokklar va bakteriyalar tomonidan qo’zg’atiladi yoki qovuq membrana shikastlanishi tufayli yallig’lanadi. Og’riq tuyg’usi tibbiy manipulyatsiyalar, kimyoviy yoki termal tabiatli kuyishi natijasi bo’lishi mumkin. Homilador ayollarda o’tkir yoki surunkali sistit aniqlanishi mumkin. Agar kasallik davolanmasa, yallig’lanish tarqala boshlaydi va buyrak va siydik yo’llariga ta’sir qiladi.

Erkaklarda

Erkaklarda bu kabi og’riqlar reproduktiv va ayirish tizimning ishlarida muammolarning mavjudligi natijasidir. Buyraklarda toshlar yoki yallig’lanishlar mavjud bo’lsa, qo’shimcha alomatlar  — varaja qilish, tana haroratining ko’tarilishi va isitma kuzatilishi mumkin. Bunday holda shifokor ko’rigidan o’tish kerak. Agar buyrakda tosh mavjudligi aniqlanmasa, bu holda qovuqdagi og’riqlar sababi siydik chiqarishning kechikishi bo’ladi. Muammoni hal qilish uchun ushbu kechikishga sabab bo’lgan omilni aniqlash kerak.

Ko’pincha qorinning pastki qismidagi og’riqlar ko’rinishida prostata adenomasi ham o’zi haqida bildiradi. Odatda erkaklar bu kasallikning mavjudligini darhol anglamaydilar, chunki u yashirin shaklda kechadi. Kasallik qon tomir tizimidagi muammolar, qon aylanish tizimida buzilishlar,  stress vaqtida bemorni bezovta qilishi mumkin. Og’riq ham qorinning pastkida qismida, ham chov sohasida, ham moyaklarda lokalizatsiyalanishi mumkin, siydik chiqarish esa doimo og’riq bilan birga kechadi. Bunday holatda tezkor tashxis qo’yish va to’g’ri davolash usullarini tayinlash talab etiladi.

Qovuq og’rishi sabablari

Birinchi marta shifokorga borishda doimo ham qovuq nimaga og’riydi degan savolga aniq javob olish imkoni bo’lmaydi. Ushbu alomat ostida juda ko’p kasallik yashiringan bo’lishi mumkin.

Siydik pufagidagi og’riqlar sabablari orasida quyidagi kasalliklarni ajratib ko’rsatish mumkin:

  • O’tkir va surunkali sistit — qovuq devorlarining yallig’lanishli shikastlanishi.
  • Uretrit — siydik yo’llarining yallig’lanishi.
  • Siydik pufagida lokalizatsiyalangan toshlar.
  • Qovuq devorida klimakterik tabiatli disgormonal qon aylanishi buzilishlari.
  • Qovuq devorining o’smasi va poliplari.
  • Siydik pufagi va uretral bo’limning jarohatli shikastlanishi.
  • Urolitiaz — buyrakdan siydik yo’llari orqali toshning siydik pufagiga ko’chishi vaqtida buyrak kolikasi bilan birga kechadi.
  • Prostatit va prostataning yaxshi sifatli giperplazisiyasi (adenoma).
  • Bachadon va ortiqlarining yallig’lanishi va o’smali kasalliklari.
  • Qov simfizi, ichak va umurtqa pog’onasining shikastlanishlarida tarqalgan og’riq.

Bemorda mavjud bo’lgan alomatlarni muayyan kasallik alomatlari bilan solishtirish jarayoni differentsial tashxis deb ataladi. Oddiy so’rovdan olingan ma’lumotlarni to’g’ri talqin qilish juda muhimdir. Shu bilan birga, muayyan jins va yosh guruhidagi shaxslarda u yoki bu patologiyaning kelib chiqishi to’g’risida tibbiyotning asosiy qoidalariga amal qilish kerak. Bunga quyidagilar kiradi:

  • Qovuq devorlarining shikastlanishi bilan bog’liq bo’lgan yallig’lanishli kasalliklar asosan yosh ayollarda uchraydi.
  • Uretra bilan bog’liq kasalliklar ko’proq prostatit va uretritda yosh erkaklarda uchraydi.
  • Prostata bezi adenomasi va u tufayli siydik pufagida kuzatiladigan diskomfort ko’proq katta yoshli erkaklar uchun xosdir.
  • Siydik pufagining o’smali shikastlanishi ko’proq erkaklarda uchraydi.
  • Jinsdan qat’iy nazar, o’smalar asosan 40-45 yoshdan oshgan insonlarda ko’proq aniqlanadi.

Ushbu qonuniyatlar asosida diagnostik izlanishini qaysi yo’nalishda davom ettirishni taxmin qilish mumkin.

Shunday qilib, ko’pincha qovuq og’rishidan shikoyat qiladigan bemorlarning aksariyatida quyidagi kasalliklar aniqlanadi.

Siydik chiqarish a’zolari yallig’lanishi (sistit, uretrit)

Bu og’riqning eng ko’p uchrayidan sababchisi hisoblanadi. Bu holatda uning tabiati sanchuvchi og’riq va tez-tez siydik chiqarishga undashlar va siydik chiqarishdan keyin to’liq bo’shalmaganlik hissi qolishi bilan namoyon bo’ladi. Siydik chiqarish og’riqli bo’ladi va butun uretral kanal bo’ylab sanchishlar bilan kechadi. Erkaklarda og’riq olatning boshiga tarqalishi mumkin. Bunday alomatlarning paydo bo’lishi deyarli har doim sovqotish (qovuq shamollashi) bilan bog’liq. Og’riqning intensivligi issiq o’tiruvchan vanna va siydik pufagi sohasiga issiq qo’yishdan so’ng kamayadi.
Erkak va ayollarda sistit kasalligi haqida batafsil→

Urolitiaz

Kuzatilish soni bo’yicha ikkinchi o’rinda turadi. Buyrak toshlarining ko’chishida avval belda kuchli og’riq yuzaga keladi, so’ng u qorinning yonlari bo’ylab qovuq sohasiga siljiydi, tez-tez siydik chiqarishga undashlar kuzatiladi. Shundan so’ng deyarli doimo toshlar bir necha kundan keyin siydik chiqarish vaqtida uretra orqali chiqib ketadi. Bu jarayon ham sanchish va og’riq bilan kechadi. Agar toshlar birlamchi ravishda siydik pufagining o’zida hosil bo’lgan bo’lsa, bunday og’riqlar davriy xarakterga ega bo’ladi va keskin harakatlar yoki notekis yo’lda ketayotgan transportda o’tirib ketish chog’ida kuchayishi mumkin. Ular vaqti-vaqti bilan umuman sezilmaslik davrlari bilan bemorni uzoq vaqt davomida bezovta qilishi mumkin.

Prostatit yoki prostata adenomasi

Ushbu holatda og’riq kuchli bo’lmaydi. U simillovchi tabiatli bo’ladi va qorinning pastki qismi yoki oraliqda seziladi, ko’proq tarqalgan og’riqqa o’xshaydi. Bu holda qovuq og’rishining yuzaga kelishi yoki yo’qolishiga javobgar bo’lgan hech qanday shartlar mavjud emas, chunki og’riq monoton va doimiydir. Qoida tariqasida, ushbu patologiya bemorni tunda bir necha bor peshob chiqarishga undaydi. Siydik chiqarish jarayoni og’riqsiz, ammo qiyin kechadi, uning chiqish bosimi kam bo’ladi.

Qovuqning o’smali shikastlanishi

Ko’pincha bu adenokarsinomalardir, ular qovuqdagi simillovchi davriy og’riqlar sifatida namoyon bo’ladi. Qoida tariqasida, og’riq bir nuqtada joylashadi va boshqa joylarga tarqalmaydi. U o’z-o’zidan yuzaga kelishi va xuddi shu tarzda o’tib ketishi mumkin. Ushbu tashxisni aniq qiladigan yana bir belgi — siydikda qon aralashgan yoki uning rangi «go’sht yuvindisi» kabi bo’lishi.

Siydik pufagi jarohatlari

Qovuqdagi og’riqlar sababi sifatida ko’p ham kuzatilmaydi. Qorinning yopiq jarohati vaqtida og’riqning o’tkir va juda kuchli bo’lishi, ayniqsa siydik pufagi to’la bo’lganida, uning yorilganligidan dalolat berishi mumkin. Agar bu holatda uzoq vaqt siydik chiqarish bo’lmasa, bu holat tashxisni aniq qiladi.

Chanoq suyaklarining sinishida uretraning yorilishi kuzatilishi mumkin. Bu vaziyatda bemor qanchalik hojat chiqarishni istamasin, buni amalga oshira olmaydi. Uretradan qon ajralishi mazkur tashxisning aniq emasligiga bo’lgan barcha shubhalarini yo’qqa chiqaradi.

Qovuqdagi bosha kam kuzatiladigan og’riqlar, masalan ginekologik kasalliklar, klimaks davrida qon aylanishining disgormonal buzilshlari, umurtqaning shikastlanishlari ushbu kasalliklarning asosiy alomat bo’lib xizmat qiladi. Bunday og’riqlar faqatgina ikkilamchi tabiatga ega va birlamchi kasallika ta’sir o’tkazish orqali davolanishi kerak.

Qovuq og’rishini davolash

Qovuq og’risa, uning davosi holatni chaqirgan kasallik bilan aniqlanadi. Masalan sistitda qat’iy parhez va ichimlik ichish tartibi belgilanadi. Bundan tashqari, kasallikni qo’zg’atuvchi patogenlarga qarshi samarali kurashadigan antibakterial vositalarni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi. Shuningdek, siydik pufagi spazmini tezda bartaraf etadigan farmakologik vositalar tayinlanishi mumkin.

Shuni ta’kidlash kerakki, homiladorlik davrida antibiotiklar faqat o’ta muhim holatlarda buyuriladi. Davolashni boshlashdan oldin bemor peshobning bakteriologik tahliliga yuboriladi. Uning natijalariga ko’ra, davolanish patogenlarning muayyan dorilarga bo’lgan sezuvchanligini hisobga olgan holda tuziladi. Surunkali yallig’lanishni davolash kasallik sababchilarini bartaraf etish bilan boshlanadi — masalan, toshlar, qovuq divertikuli, adenoma.

1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz 3 ta baho berilgan
Загрузка...
Matnda xatolik aniqladingizmi? Uni ajratib, Ctrl+Enter tugmasini bosing.
Загрузка...

Izoh qoldirish

E-mail manzilingiz oshkor etilmaydi. To'ldirish majburiy bo'lgan maydonlar * bilan belgilangan

yuklanmoqda...