Quloq tuzilishi murakkabligi bobida takrorlanmas a’zodir. U uchta qismdan iborat — tashqi, o’rta va ichki quloq. Tashqi qismi quloq suprasi va tashqi eshitish yo’lidan iborat (maxsus asboblardan foydalanmagan holda tekshirish mumkin bo’lgan qismlar). O’rta quloq — bu chakka suyagi ichida joylashgan eshitish suyakchalari bo’lgan nog’ora bo’shlig’i. Va nihoyat, ichki quloq tovush to’lqinlarining asab impulslariga aylanishi va organizmning muvozanati uchun javob beradigan suyak kanallari tizimini o’z ichiga oladi.
Bu qiziq
Ichki quloqning yana bir nomi — labirint — bu organ tuzilishining murakkabligi bilan bog’liq. Tashqi tomondan u haqiqatan ham chigal kanallarga o’xshaydi, uning yordamida ko’zlar yumilgan taqdirda ham miya organizmning holati to’g’risida ma’lumot olishga qodir.
Quloq kasalliklari kam uchraydigan patologiya emas. JSST ma’lumotlariga ko’ra, eshitish qobiliyatining keskin pasayishi dunyo aholisining 5 foizida kuzatiladi. Ammo bunda faqat eshitish va muvozanat organlariga jiddiy zarar yetishi haqida gap bormoqda, holbuki o’rtacha og’irlikdagi kasalliklar hayot davomida har qanday yosh va kasb egalarida bir necha marta kuzatilishi mumkin.
Shu bilan birga, ba’zi kishilar boshqalarga qaraganda quloq muammolari shikoyatlari bilan LOR shifokorga ko’proq murojaat qilishadi. Xususan kasbi baland ovozlar ta’siri bilan bog’liq bo’lganlar (qurilish, tungi klublar ishchilari va boshqalar), surunkali immunitet tanqisligi bo’lgan bemorlar, suzuvchilar va oilasida irsiy quloq kasalligi bo’lganlar xavf guruhiga kiradi.
Quloq kasalliklari juda keng qamrovli ro’yxatdan iborat, shuning uchun mumkin bo’lgan muammo tashxisini shifokorga ishonib topshirish va internetdan yoki professional qo’llanmalardan foydalanib, mustaqil javob izlamaslik juda muhimdir.
Quloq kasalliklari turlari
- Tug’ma — tashqi, o’rta yoki ichki quloq rivojlanishining anatomik yoki fiziologik nuqsonlari bilan bog’liq patologiyalar. Irsiy yoki rivojlanish buzilishi bilan namoyon bo’ladigan murakkab sindromning bir qismi bo’lishi mumkin. Ushbu turdagi patologiya tug’ma neyrosensor karlik, mikrotiya, Goldenxar sindromi va boshqalarni o’z ichiga oladi;
- Shikastlanish va mexanik ta’sir tufayli — baxtsiz hodisa yoki ishlab chiqarishdagi shikastlanish natijasida yuzaga keladi. Masalan, nog’ora pardaning yorilishi baland tovush tufayli yoki hatto quloqlarni ehtiyotsizlik bilan tozalash natijasida sodir bo’lishi mumkin;
- Infektsion kasalliklar viruslar, bakteriyalar yoki zamburug’larning patogen ta’siriga javoban yuzaga keladigan yallig’lanish jarayoni bilan bog’liq. Infektsiya qo’zg’atuvchisi quloqqa tashqi eshitish kanali yoki boshqa jiddiy kasalliklar (masalan angina yoki sil kasalligi) bo’lganda qon orqali kirishi mumkin.
Kasallikning shakliga qarab quyidagilar farqlanadi:
- O’tkir quloq kasalliklari — ular alomatlarning keskin o’sishi bilan ajralib turadi va qoida tariqasida bemorni darhol tibbiy yordamga murojaat qilishga majbur qiladi;
- Surunkali quloq kasalliklari — ko’pincha kasallikni noto’g’ri yoki o’z vaqtida davolmaslik natijasida rivojlanadi, ammo ba’zi sabablarga ko’ra (irsiy moyillik, asosiy kasallikning kechish xususiyatlari) bemorga ko’p yillar davomida hamrohlik qilishi mumkin.
Ichki quloq kasalliklari
Ushbu kasalliklar guruhiga vestibulyar yoki eshitish apparati shikastlanishi bilan bog’liq patologiyalar kiradi. Natijada bemorda eshitish qobiliyati yoki muvozanatni saqlash bilan bog’liq muammolar paydo bo’ladi (ba’zan ikkalasi ham). Ichki quloq kasalliklarining alomatlari:
- Quloqlarda shovqin mavjudligi;
- Eshitish qobiliyatining pasayishi;
- Ko’ngil aynishi;
- Bosh aylanishi va zaiflikdir.
Agar kasallik sababchisi infektsiya bo’lsa, unda klinik tasvirga yallig’lanish jarayoni belgilari ham qo’shiladi.
Ichki quloqning eng ko’p uchraydigan kasalliklari labirintit, neyrosensor karlik, Menyer kasalligi va otosklerozdir. Ba’zi patologiyalarni konservativ davolash eng maqbul usul sanalsa, boshqalarida eshitish va muvozanat organlarining faoliyatini tiklash uchun yagona imkoniyat bu jarrohlik operatsiyasini amalga oshirish yoki eshitish protezidan foydalanish bo’ladi.
Qizig’i shundaki
Koxlear implantatsiya quloqning jiddiy patologiyalarida eshitish qobiliyatini tiklaydigan eng noyob operatsiyalardan biridir. Ushbu aralashuv paytida ichki quloqdagi eshitish nervi elektrodga ulanadi, u esa bemor bo’ynining orqa tomoniga o’rnatilgan mikrofondan ovozli ma’lumotlarni oladi. So’nggi o’n yillikda ushbu turdagi jarrohlik dunyo bo’ylab yuz minglab odamlarga eshitishni qaytarishga (yoki birinchi marta ovozni idrok etish quvonchini his etishga) yordam berdi.
O’rta quloq patologiyalari
O’rta quloq nafaqat ichki quloq va tashqi eshitish kanali bilan, balki burun-halqum bilan ham anatomik aloqada bo’lganligi sababli, organning bu qismi turli sabablarga ko’ra patologik jarayonga jalb qilinishi mumkin. Shu bilan birga, o’rta quloq kasalliklari boshning boshqa a’zolari va to’qimalariga ham ta’sir qiladi. Masalan surunkali o’rta otit yuz asabi parezi (falajligini) keltirib chiqarishi yoki meningit rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
O’rta quloq kasalliklari bolalarda ko’p kuzatiladi: o’rta otit ko’pincha surunkali tumov natijasi sanaladi. Ammo, aksariyat kattalar ham quloqlarini «shamollatib» olishlari mumkin, bunda og’riq va pulsatsiya hissi, shuningdek o’tkir respirator kasallik rivojlanganidan ko’p o’tmay eshitish qobiliyati pasayishi kuzatiladi. Otitning yana bir xarakterli alomati autofoniya — quloqlardan biri bemorning o’z ovozini g’ayrioddiy ravishda kuchli qabul qilishi sanaladi.
O’rta quloq bo’shlig’ida yiring to’planib qolsa (o’tkir infektsiya tufayli sodir bo’ladi), suyuqlikning oqib chiqishi bilan nog’ora pardaning egrilanishi yoki yorilishi qayd etilishi mumkin.
O’rta quloqning yallig’lanish yoki o’sma kasalliklari oqibati ba’zida eshitish suyakchalarining qaytarib bo’lmaydigan deformatsiyalari yuz beadi. Bunday holatda, shifokorlar bemorga ularni protezlash bo’yicha operatsiya o’tkazishni taklif qilishlari mumkin.
Tashqi quloq patologiyalari
Fiziologik jihatdan odamning qulog’i tashqi omillar ta’siriga moslashgan va agar immunitet tizimi faoliyati me’yorda bo’lsa, u holda infektsiya yallig’lanish jarayoniga olib kelishi ehtimoli yuqori emas. Ammo katta shaharlardagi noqulay ekologik vaziyat, antibiotiklarni suiste’mol qilish va quloqlarni tozalash uchun noto’g’ri gigienik vositalardn foydalanish tashqi otit — tashqi eshitish kanalining yallig’lanishiga olib kelishi mumkin. Bu kasallik qichishish va jag’ni harakatlantirganda va quloq suprasiga teginilganda kuchayadigan og’riq billan namoyon bo’ladi.
Noxush alomatlar paydo bo’lishining yana bir sababi — quloq suprasi sohasida furunkul (chipqon) chiqishi. Ushbu kasallik ko’pincha metabolik kasalliklar, masalan, qandli diabet bilan og’rigan bemorlarda kuzatiladi. Furunkulni siqish yoki uni noto’g’ri davolash patologik jarayonni sezilarli darajada og’irlashtirishi mumkin.
Bilish muhim
Tashqi otit ko’pincha suzuvchilar kasalligi deb ataladi, chunki aynan ularda quloqlar infektsiyaning mumkin bo’lgan manbai — suv bilan doimiy aloqada bo’lib, suvga sho’ng’ish paytida bosim o’zgarishiga duchor bo’ladi. Shu sababli, basseynlarda mashq qilishni xush ko’radiganlarga quloq uchun maxsus tiqinlardan foydalanish va ularni doimiy ravishda antiseptik eritmalar bilan yuvib turish tavsiya etiladi.
Oldini olish
Dunyoda hali hech kim eshitish a’zosi o’rnini to’liq bosa oladigan protezini ishlab chiqara olmagan, shuning uchun har birimizga berilgan inomga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish juda muhimdir.
Quloq kasalliklaridan saqlanish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- Sovuq va yomg’irli ob-havoda bosh kiyim, sharf yoki kapyushon kiyganga ishonch hosil qilish;
- Quloq kanalini tozalash uchun gugurt, qalam, skrepka, paxtali tayoqchalar va boshqa buyumlarni ishlatmaslik — bu faqat quloq oltingugurti ishlab chiqarilishini ko’paytiradi, quloqdagi tiqin mavjud bo’lsa uni yanada ichkariroqqa siljitib yuboradi va tashqi quloqning tabiiy o’zini-o’zi tozalash jarayonini murakkablashtiradi. Bundan tashqari, quloq kanali va nog’ora pardasining shikastlanishi xavfi mavjud. Agar lozim bo’lsa, ushbu muammo bilan LOR shifokorga murojaat qilish kerak;
- Agar mehnat faoliyati yoki sevimli mashg’ulot baland tovushlar yoki musiqa bilan bog’liq bo’lsa, maxsus ovoz o’tkazmaydigan tiqinlar taqishni unutmaslik;
- Burun-halqum va tomoqning o’tkir va surunkali kasalliklarini e’tiborsiz qoldirmaslik — ular quloqlarga tarqalishi mumkin. Davolanayotganda, birinchi navbatda, an’anaviy tibbiyotga emas, balki shifokorning tavsiyalariga tayanish kerak;
- Profilaktik tekshiruvlar uchun muntazam ravishda otorinolaringologga tashrif buyurib turish: u quloqdagi har qanday o’zgarishlarni erta bosqichlarda sezishi mumkin.
ma’lumotlar uchun katta rahmat sizlarga