Homiladorlikda varikoz: sabablari, davolash va oldini olish

Varikoz kasalligi, eng og’ir bosqichlardan tashqari boshqa holatlarda homiladorlikka qarshi ko’rsatma emas. Homilador ayollarda varikoz yuzaga kelishi organizmning bir qator o’zgarishlariga bog’liq bo’ladi.

Homiladorlikda varikoz

Homilador ayollarda varikoz rivojlanishi sabablari

Venalarning varikoz kengayishi sababi vena klapanlarining noto’g’ri ishlashida va vena devorlarning zaifligidadir, shu sababli tomirlar kengaygan va shishgan ko’rinadi. Varikoz homiladorlik davrida, ayniqsa bu patologiyaga irsiy moyil bo’lgan ayollarda keng tarqalgan. Homiladorlik davrida varikoz odatda oyoqlarda kuzatiladi, biroq, varikoz venalar tashqi jinsiy a’zolarda ham chiqishi mumkin. Venalarning varikoz kengayishi ko’pincha faqat kosmetik nuqson bo’lsa-da, homiladorlik davrida varikozli venalar og’riqli bo’lishi mumkin. Agar siz varikoz alomatlariga ega bo’lsangiz yoki rivojlanishiga moyil bo’lsangiz, flebolog shifokorga murojaat qiling. Varikozning asoratlari xavfi homiladorlik muddati bilan birga ortib boradi. Tug’ruq paytida yoki tug’ruqdan keyingi davrda tromboflebit (varikozning asoratlaridan biri) rivojlanishi, afsuski, noyob hodisa emas va onaning va homilaning hayotiga tahdid soladigan vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin.

Homiladorlikda varikoz tomirlarini rivojlanishiga nima turtki bo’ladi?

  • Irsiy moyillik;
  • Homiladorlikdan oldingi varikoz va / yoki kapillyar to’rlarning mavjudligi;
  • Tana vaznining tezda ortishi yoki ortiqcha vazn;
  • Kamharakat hayot tarzi;
  • Quyosh ostida uzoq vaqt davomida qolish;
  • Qayta homiladorlik.

Homiladorlik davrida ayolning organizmida gormonal o’zgarishlar ro’y beradi, bachadon o’sishi tufayli oyoqdan qaytayotgan qon o’tadigan venalarga bosim o’tkazadi, bu oyoqlarda venoz qonining qaytishida qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Ayolning qo’shimcha og’irligi, shu jumladan ko’p homilalikning natijasida, oyoqlarning chuqur venalariga yanada katta yuk tushiradi. Oyoqlarning chuqur tomirlariga bu qo’shimcha yuk oyoqlardagi yuzaki tomirlar kengayishi va shishishiga olib kelishi mumkin, ular ham bo’yi, ham eni bo’ylab cho’ziladi. Homilador ayollarda varikozga moyillik bo’lsa yoki venalarning varikoz kengayishi rivojlanib bo’lgan taqdirda xavfsiz bo’lgan profilaktik va davolash choralari qo’llanilishi kerak.

Homilador ayollarda varikozning oldini olish

Birinchidan, homiladorlik paytida uzoq vaqt turish yoki o’tirishdan qochish kerak. Iloji boricha ko’proq va tez-tez yonboshlab yotib dam olish kerak. Bu kichik tos va oyoq venalaridagi bosimini kamaytiradi va qon oqimini me’yorlashtiradi.

Ikkinchidan, o’tirgan yoki yotganingizda imkon qadar ko’proq oyoqlaringizni balandroq ushlang. Natijada yerning tortish kuchi qonni oyoqdan qayta oqishiga yordam beradi.

Uchinchidan, homiladorlik paytida varikozning rivojlanishini oldini olish uchun tibbiy kompression trikotaj kiyimlarini (chuloklar) kiyish kerak. Maxsus tayyorlangan siquvchi chuloklar venoz qonning oyoqlardagi chuqur venalardan yuzaki venalariga o’tishini oldini olish va ularning cho’zilib ketishini bartaraf qilish uchun mo’ljallangan. Kompression trikotajlarni ixtisoslashgan tibbiy dorixonalardan shifokorning ko’rsatmasi bo’yicha olish mumkin yoki do’kon xodimi maxsus jadval bo’yicha o’zi to’g’ri o’lchamdagi kompression trikotajni tanlab berishi mumkin.

Siquvchi trikotaj kiyilganda, venoz qon shikastlanmagan venalar bo’ylab bir tekisda tarqatiladi. Bundan tashqari, chuloklar nafaqat kengaygan yuzaki venalarni, balki oyoqlardagi chuqur venalarni ham qisadi, kichik tomirlardagi qon oqimi yaxshilanadi, terining va teri osti to’qimalarining oziqlanishi normallashadi. Barcha holatlarda ham ularni kiyish qonning tromb hosil qilish qobiliyatini sezilarli darajada kamaytiradi. Ushbu kompressor chulkilarning oyoq venalariga ta’siri ana shunday, ularning oyoqni qisish kuchi sinflarga bo’lib standartlashtirilgan va barcha rivojlangan mamlakatlarda deyarli bir xil.

Maxsus trikotajning bosimi kuchi oyoqlarda pastdan yuqoriga qarab passayib boradi, bu qonni yurakka qayta oqishini yaxshilashtirish uchun kerak. Siquvchi kiyimlar — chulki, golflar, kolgotkalarni butun homiladorlik davrida va tug’ruqdan keyingi 6-8 hafta davomida kiyib yurish kerak.

To’rtinchidan, homiladorlikda varikozni bartaraf qilish va olidni olish, oyoqlarda qon aylanishini yaxshilash uchun muntazam ravishda homilador ayollar uchun mashqlarni bajarish kerak . Homiladorlikdan oldin jismoniy mashqlar qilmagan bo’lsangiz ham, venalardagi qon oqimini yaxshilaydigan oddiy mashqlarga e’tibor bering. Me’yorda, shifokor tavsiyasi asosida bajaraladigan yengil jismoniy mashqlar qomatni saqlanib qolishga va varikoz rivojlanishini oldini olishga yordam beradi.

Homilador ayollarda varikozni davolash

Faqat og’ir hollardagina homiladorlik davrida venalarning varikoz kengayishini davolash uchun oqilona usul jarrohlik aralashuvi yoki varikoz venalarga maxsus dorilar yuborish qo’llaniladi.

Tug’ruq jarayonida ham varikoz rivojlanishini oldini olish bo’yicha chora-tadbirlarga rioya qilish kerak, ya’ni maxsus siquvchi chuloklar qo’llanilishi kerak. Tug’ruq davrida va tug’ruqdan keyingi davrda maxsus antitromboembolik paypoqlar kiyish trombozning oldini oladi. Zamonaviy yuqori sifatli tibbiy trikotaj kiyimlari odatdagilardan sezilarli darajada farq qilmaydi va har kuni kiyilganda taxminan olti oy davomida o’z xususiyatlarini saqlab qoladi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, homiladorlikdan so’ng, varikoz kengaygan venalar doimo o’zlarining eski o’lchamlariga qaytmaydi.

Agar sizda varikoz tomirlari bo’lsa — homiladorlik davrida flebolog nazoratida bo’lish tavsiya etiladi.

Reklama

Ushbu mazvuda 2 ta fikr qoldirilgan

  1. салом. менда варикоз пайдо булди. хомиладорман. табиий ё бирор бир дори воситалари билан варикозни даволаб булмайдими. илтимос билганлар ёрдам берворин

    1. Salom, ushbu mavzu bilan ham tanishib chiqing Venalarning varikoz kengayishi, davolash qanday tarzda amalga oshirilishi ham keltirilgan. Mustaqil ravishda choralar ko’rish kasallikni og’irlashtirib yuborishi mumkin, barcha ko’rsatmalar shifokor tomonidan berilishi kerak.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.