D vitamini yetishmovchiligi — bu organizmda D vitamini miqdorining me’yordan pasayib ketishi. Bu holat, asosan, suyaklar va mushaklar bilan bog’liq muammolarni keltirib chiqaradi.
Vitamin D organizm uchun zarur bo’lgan muhim vitaminlardan biridir. U suyaklarning normal rivojlanishi va mustahkamligini ta’minlaydi. Bundan tashqari u asab tizimi, tayanch-harakat tizimi va immun tizimining faoliyatida ham muhim rol o’ynaydi.
Mundarija:
- 1 Nima uchun D vitamini juda muhim?
- 2 D vitamini yetishmovchiligi kimlarda uchraydi?
- 3 Belgilari va sabablari
- 4 D vitamini yetishmovchiligi nimadan kelib chiqadi?
- 5 Sabablari
- 6 Tashxis va tekshiruvlar
- 7 Vitamin D yetishmovchiligi qanday davolanadi?
- 8 Asoratlari
- 9 Oldini olish
- 10 D vitamini yetishmovchiligi bo’yicha qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
- 11 Ko’p beriladigan savollar
- 12 Muhim tavsiya
Nima uchun D vitamini juda muhim?
D vitamini organizm sog’lom bo’lishi uchun zarur bo’lgan vitaminlardan biridir. U qondagi va suyaklardagi kalsiy muvozanatini saqlash, suyaklarni hosil qilish hamda ularni mustahkam saqlashda asosiy rol o’ynaydi. Aniqroq aytganda, organizm suyaklarni qurish va sog’lom to’qimalarni saqlash uchun kalsiy va fosforni o’zlashtira olishi kerak. Buning uchun esa D vitamini zarur.
Agar D vitamini uzoq vaqt davomida yoki og’ir darajada yetishmasa, ichaklarda kalsiy va fosforning so’rilishi kamayadi. Natijada gipokalsemiya (qonda kalsiy miqdorining pasayishi) rivojlanadi. Bu esa ikkilamchi giperparatireozga olib keladi. Bunda qalqonsimon bez ortidagi bezlar qondagi kalsiy miqdorini me’yorda ushlab turishga harakat qilib, ortiqcha faoliyat ko’rsatadi.
Og’ir gipokalsemiya va giperparatireoz quyidagi belgilarni keltirib chiqarishi mumkin:
- Mushaklar kuchsizligi.
- Mushaklar tortishishi (spazmlar).
- Tez charchash.
- Depressiya.
Qondagi kalsiy miqdorini me’yorda saqlash maqsadida organizm suyaklardan kalsiyni ajratib oladi. Natijada suyaklar mineral moddalardan tezroq mahrum bo’la boshlaydi va ularning mustahkamligi pasayadi. Bu esa quyidagi kasalliklarga olib kelishi mumkin:
- Osteomalatsiya — kattalarda suyaklarning yumshashi.
- Raxit — bolalarda suyaklarning noto’g’ri rivojlanishi.
Osteomalatsiya va osteoporoz suyak sinish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Raxit osteomalatsiyaning bolalarda uchraydigan shakli hisoblanadi. Bola suyaklari hali o’sishda bo’lgani sababli mineral yetishmovchiligi oyoqlarning qiyshayishi va suyaklarning deformatsiyasiga olib keladi.
D vitamini yetishmovchiligi kimlarda uchraydi?
D vitamini tanqisligi har qanday yoshdagi insonlarda kuzatilishi mumkin. Bu holat butun dunyoda keng tarqalgan muammo hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra:
- dunyo bo’yicha taxminan 1 milliard odamda D vitamini yetishmovchiligi mavjud;
- aholining qariyb 50% ida esa D vitamini miqdori me’yoridan past.
Belgilari va sabablari
Kattalarda D vitamini yetishmovchiligi belgilari har doim ham yaqqol namoyon bo’lmaydi. Biroq mushaklarning tortishishi, kayfiyatning o’zgarishi, charchoq va boshqa belgilar kuzatilishi mumkin.
Bolalarda D vitaminining og’ir yetishmovchiligi raxit kasalligini keltirib chiqaradi. Buning belgilari:
- Oyoq va boshqa suyaklarning qiyshayishi tufayli noto’g’ri o’sish.
- Mushaklarning kuchsizligi.
- Suyak og’rig’i.
- Bo’g’imlarning deformatsiyasi.
Yengil holatlarda faqat mushaklar zaifligi, ulardagi og’riq va sezgirlik kuzatilishi mumkin. Kattalarda esa ushbu holatning belgilari har doim ham sezilmaydi. Kuzatiladigan belgilar orasida quyidagilarni ajratib ko’rsatish mumkin:
- Doimiy charchoq.
- Suyaklarda og’riq.
- Mushaklar kuchsizligi.
- Mushak og’rig’i.
- Mushaklar tortishishi.
- Kayfiyatning pasayishi yoki depressiya.
Shuni ham unutmaslik kerakki, vitamin D tanqisligida ayrim insonlarda umuman hech qanday alomat bo’lmasligi ham mumkin.
D vitamini yetishmovchiligi nimadan kelib chiqadi?
Asosan D vitamini tanqisligining ikkita asosiy sababi mavjud:
- Oziq-ovqat yoki quyosh nurlari orqali D vitamini yetarli miqdorda olinmasligi.
- Organizm D vitaminini to’g’ri so’ra olmasligi yoki undan foydalana olmasligi.
Bundan tashqari, quyidagi omillar ham D vitamini yetishmovchiligiga sabab bo’lishi mumkin:
- Ayrim kasalliklar.
- Vazn kamaytirish bo’yicha jarrohlik amaliyotlari.
- Ba’zi dori vositalari.
- Yoshning kattalashishi.
- Teridagi melanin miqdorining yuqori bo’lishi.
Sabablari
Quyidagi kasalliklar D vitamini so’rilishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin:
- Mukovitsidoz (kistali fibroz) — ichaklarda D vitaminining yetarli darajada so’rilishiga to’sqinlik qiladi.
- Kron kasalligi — ovqat hazm qilish tizimi shikastlangani sababli D vitamini yomon so’riladi.
- Seliakiya — davolanmagan holatlarda ichak D vitaminini yetarli darajada o’zlashtira olmaydi.
- Semizlik — tana massasi indeksi (BMI) 30 dan yuqori bo’lgan odamlarda D vitamini darajasi odatda past bo’ladi. Yog’ hujayralari D vitaminini o’zida ushlab qoladi va uning qon oqimiga chiqishini kamaytiradi. Shuning uchun semizlikda D vitamini qo’shimchalarining yuqoriroq dozasi talab qilinishi mumkin.
- Buyrak va jigar kasalliklari — bu kasalliklar D vitaminini faol shaklga aylantiruvchi fermentlar miqdorini kamaytiradi. Natijada organizm faol D vitamini yetishmovchiligiga uchraydi.
Vazn kamaytirish operatsiyalari va D vitamini yetishmovchiligi
Oshqozon hajmini kichraytiruvchi yoki ingichka ichakning bir qismini chetlab o’tuvchi operatsiyalar organizmning vitaminlar, minerallar va boshqa oziq moddalarning so’rilishiga salbiy ta’sir qiladi. Bunday operatsiyani boshdan kechirganlar shifokor nazoratida muntazam ravishda D vitamini va boshqa vitaminlar darajasini tekshirtirib turishi tavsiya etiladi. Ko’p hollarda D vitamini va boshqa qo’shimchalarni umr bo’yi qabul qilish talab etiladi.
D vitamini yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin bo’lgan dori vositalari
Ba’zi dori vositalari organizmdagi D vitamini miqdorini kamaytirishi mumkin. Ularga quyidagilar kiradi:
- Ich suruvchi dori vositalari (laksatiflar).
- Kortikosteroidlar (masalan, Prednizolon).
- Xolesterin miqdorini pasaytiruvchi dorilar (masalan, Xolestiramin va Kolestipol).
- Tutqanoq (epilepsiya)ni davolash uchun qo’llaniladigan dorilar (masalan, Fenobarbital va Fenitoin).
- Rifampitsin (sil kasalligini davolash uchun).
- Orlistat (vazn kamaytirish uchun qo’llaniladi).
Shu sabab shifokorga qabul qilayotgan barcha dori vositalari, vitaminlar va o’simlik qo’shimchalari haqida ma’lumot berish muhim.
Tashxis va tekshiruvlar
D vitamini yetishmovchiligi qanday aniqlanadi?
Shifokorlar odatda barcha bemorlarga D vitamini darajasini muntazam tekshirishni tavsiya etmaydi. Ammo quyidagi holatlarda qon tahlili buyurilishi mumkin:
- D vitamini yetishmovchiligi xavfi mavjud bo’lsa.
- Ushbu holatga olib keladigan kasalliklar aniqlangan bo’lsa.
- D vitamini tanqisligi belgilari kuzatilsa.
D vitamini miqdorini aniqlash uchun qon tahlili o’tkaziladi. Eng ko’p qo’llaniladigan tahlil: 25-gidroksivitamin D (25(OH)D). Aynan ushbu ko’rsatkich organizmdagi D vitamini zaxirasini baholash uchun xalqaro standart hisoblanadi.
Vitamin D yetishmovchiligi qanday davolanadi?
Davolashning asosiy maqsadi organizmda D vitamini miqdorini me’yoriy darajaga yetkazish va uni uzoq muddat davomida saqlab turishdir. Shifokor quyidagilarni tavsiya qilishi mumkin:
- D vitaminiga boy mahsulotlarni ko’proq iste’mol qilish.
- Quyosh nuri ostida me’yorida bo’lish.
- D vitamini qo’shimchalarini qabul qilish.
D vitamini ikki asosiy shaklda mavjud:
D2 vitamini (Ergokalsiferol)
- O’simlik manbalaridan olinadi.
- Ko’pincha shifokor retsepti asosida beriladi.
D3 vitamini (Xolekalsiferol)
- Hayvon manbalaridan olinadi.
- Dorixonalarda retseptsiz sotiladi.
- Organizm tomonidan D2 vitaminiga qaraganda yaxshiroq so’riladi.
Shuning uchun ko’p hollarda mutaxassislar D3 vitaminini tavsiya etadilar. Ularni qay dozada va qancha muddat qabul qilish kerakligini faqat shifokor belgilashi lozim.
Asoratlari
D vitamini tanqisligi davolanmasa, quyidagi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin:
- Gipokalsemiya — qonda kalsiy miqdorining pasayishi.
- Gipofosfatemiya — qonda fosfor miqdorining pasayishi.
- Raxit — bolalarda suyaklarning yumshashi va deformatsiyasi.
- Osteomalatsiya — kattalarda suyaklarning yumshashi.
Bu kasalliklarning barchasini davolash mumkin. Ammo raxitni imkon qadar erta aniqlash juda muhim. Davolanmagan yengil raxit ham kelajakda suyaklarning noto’g’ri rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Og’ir va davolanmagan raxit esa quyidagi oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin:
- tutqanoq (epilepsiya);
- yurak faoliyatining buzilishi;
- o’ta og’ir hollarda bemorning o’limigacha borishi.
Yaxshi tomoni shundaki, bugungi kunda D vitamini bilan boyitilgan bolalar aralashmalari va sigir suti keng qo’llanilgani sababli rivojlangan mamlakatlarda buning raxit kabi oqibatlari juda kam uchraydi.
Oldini olish
Kimlarda D vitamini yetishmovchiligi xavfi yuqori?
Ba’zi biologik va tashqi omillar D vitamini tanqisligi rivojlanish xavfini oshiradi.
Yosh
Yosh o’tishi bilan terining D vitamini ishlab chiqarish qobiliyati kamayadi. Shu sababli 65 yoshdan oshgan insonlar va chaqaloqlar eng yuqori xavf guruhiga kiradi. Faqat ona suti bilan oziqlanadigan chaqaloqlarda ham D vitamini yetishmovchiligi kuzatilishi mumkin, chunki ona sutida D vitamini miqdori unchalik ko’p emas.
Teri rangi
To’q rangli terida quyosh nuri ta’sirida D vitamini sintezi sekinroq kechadi. Shuning uchun terisi to’q rangli insonlarda D vitamini tanqisligi xavfi yuqoriroq bo’ladi.
Kam harakat qilish
Uyda ko’p vaqt o’tkazadigan yoki deyarli tashqariga chiqmaydigan insonlar (masalan, qariyalar uyida yashovchilar) quyosh nuridan yetarli foydalana olmaydi. Natijada ularda D vitamini yetishmovchiligi rivojlanish xavfi ortadi.
Vitamin D yetishmasligini oldini olishning eng samarali usuli — organizmni D vitamini bilan muntazam ta’minlashdir. Buning uchun:
- D vitaminiga boy mahsulotlarni iste’mol qilish.
- Quyosh nurlaridan me’yorida foydalanish.
- Zarurat bo’lsa, shifokor tavsiyasiga binoan D vitamini qo’shimchalarini qabul qilish tavsiya etiladi.
Quyosh ostida uzoq vaqt himoya vositalarisiz qolish tavsiya etilmaydi, chunki bu teri saratoni rivojlanish xavfini oshiradi
Yosh bo’yicha tavsiya etilgan D vitamini miqdori
| Yosh / Hayot davri | Tavsiya etilgan kunlik miqdor |
|---|---|
| 12 oygacha bo’lgan chaqaloqlar | 10 mkg (400 IU) |
| 1–70 yosh | 15 mkg (600 IU) |
| 71 yosh va undan katta | 20 mkg (800 IU) |
| Homilador va emizikli ayollar | 15 mkg (600 IU) |
Qaysi mahsulotlarda D vitamini mavjud?
Quyidagi oziq-ovqat mahsulotlari tabiiy ravishda D vitaminiga boy hisoblanadi:
- Yog’li baliqlar (losos, orkinos, skumbriya, sardina).
- Mol jigari.
- Qo’ziqorinlar.
- Tuxum sarig’i.
- Baliq yog’i.
D vitamini qo’shilgan mahsulotlar
Ko’plab oziq-ovqat mahsulotlariga ishlab chiqarish jarayonida qo’shimcha D vitamini qo’shiladi. Mahsulot tarkibini tekshirish uchun yorliqdagi oziqlanish qiymatini o’qish tavsiya etiladi. Ko’pincha quyidagi mahsulotlar D vitamini bilan boyitiladi:
- Sigir suti.
- Soya suti.
- Bodom suti.
- Suli suti.
- Nonushta uchun donli mahsulotlar.
- Apelsin sharbati.
- Yogurt va boshqa sut mahsulotlari.
Bundan tashqari, D vitamini ko’plab multivitamin komplekslari tarkibiga ham kiradi. Shuningdek, dorixonalarda alohida D vitamini qo’shimchalari ham mavjud.
D vitamini yetishmovchiligi bo’yicha qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Quyidagi holatlarda shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi:
- D vitamini tanqisligiga shubha bo’lsa.
- Organizm D vitaminini yaxshi o’zlashtirishiga to’sqinlik qiluvchi omillar mavjudligida.
- D vitamini yetishmovchiligi belgilari kuzatilsa.
- Xavf guruhi mansub bo’lishda.
Aga D vitamini tanqisligi rivojlanish xavfi yuqori bo’lsa, shifokor uning darajasini muntazam tekshirib turishni tavsiya qilishi mumkin. Bu organizmdagi vitamin miqdorini sog’lom darajada ushlab turishga yordam beradi.
Ko’p beriladigan savollar
D vitaminini me’yoridan ortiq qabul qilish mumkinmi?
Ha. Agar D vitamini qo’shimchalari tavsiya etilgan me’yordan ko’p miqdorda qabul qilinsa, organizmda D vitamini ortiqcha to’planishi mumkin. Ammo quyosh nurlaridan D vitaminini ortiqcha miqdorda olishning imkoni yo’q.
D vitamini toksikligi kam uchraydi, biroq u giperkalsemiya (qonda kalsiy miqdorining ortishi)ga olib kelishi mumkin.
D vitamini ortiqcha bo’lishining belgilari
- Ko’ngil aynishi.
- Kuchli chanqash.
- Tez-tez siyish.
- Ishtahaning pasayishi.
- Qabziyat.
- Mushaklarning kuchsizligi.
- Ong chalkashishi.
- Muvozanat va harakat koordinatsiyasining buzilishi (ataksiya).
- Nutqning noaniq bo’lishi (dizartriya).
Muhim tavsiya
Shifokor bilan maslahatlashmasdan D vitaminini tavsiya etilgan me’yordan yuqori dozada qabul qilmaslik zarur. Shuningdek, baliq yog’i kabi qo’shimchalarda uchraydigan A vitamini miqdoriga ham e’tibor berish kerak. Chunki A vitaminining ortiqcha miqdori ham organizm uchun zaharli bo’lishi va jiddiy sog’liq muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.
