A vitamini — xususiyatlari, ishlatilishi, saqlovchi mahsulotlar, gipo- va gipervitaminoz A

A vitamini — kimyoviy tuzilish bo’yicha yaqin bo’lgan moddalar guruhi, ular retinol (A1 vitamin A, akserofitol) va o’xshash biologik faollikka ega bo’lgan boshqa retinoidlar: degidratoretinol (vitamin A2 ), retinal (retinen, A1 vitamini aldegidi) va retin kislota. Provitamin A`ga A vitaminining metabolik o’tmishdoshlari bo’lgan karotinoidlar kiradi; ular orasida eng muhim β- karotin hisoblanadi. Retinoidlar hayvonotdan kelib chiqishli, karotinoidlar esa o’simlikdan kelib chiqishli oziq-ovqatlarda uchraydi. Bu moddalarning barchasi qutbsiz organik erituvchi (masalan, moylarda) juda yaxshi, suvda esa yomon eriydi. A vitamini jigarda zaxiralanadi, to’qimalarda to’planishi ham mumkin. Peredozirovka holatlarida zaharli hisoblanadi.

Vitamin A ga boy mahsulotlar

Vitamin A 1913-yilda kashf etilgan. 1931-yilda uning tuzilmasi tasvirlangan, 1937-yilda uni kristallashga muvaffaq bo’lingan.

A vitamini odamlar va hayvonlar organizmida ko’plab muhim biokimyoviy vazifalarni bajaradi. Retinal — bu asosiy ko’rish pigmenti — rodopsinning tarkibiy qismi hisoblanadi. Retin kislota shaklida vitamin o’sish va rivojlanishni rag’batlantiradi. Retinol hujayra membranlarining tuzilmaviy tarkibiy qismi bo’lib, organizmning antioksidant himoyasini ta’minlaydi.

A vitamini yetishmovchiligida epiteliyning turli shikastlanishlari rivojlanadi, ko’rish yomonlashadi va shox pardaning namlanishi buziladi. Shuningdek, immun funktsiyasining pasayishi va rivojlanishning sekinlashuvi ham kuzatiladi.

Kashf etilishi tarixi

1906-yilda ingliz biokimyogari Frederik Xopkins oziq-ovqatda oqsillar, yog’lar, uglevodlardan tashqari, inson organizmi uchun zarur bo’lgan boshqa moddalarni ham saqlanadi deb taxmin qildi va ularni «oziqlanishning qo’shimcha omillari» deb atadi. 1912-yilda Kazimir Funk ularga lotin so’zlari vita — hayot va amine — amin (u barcha vitaminlar o’z ichiga azot olgan deb xato hisoblagan) so’zlaridan olingan «vitamin» degan yangi nom berdi.

A vitaminining kashfiyoti 1913-yilda sodir bo’lgan. Ikki guruh olimlar — Viskonsin universitetidan Elmer Makkollum (1859-1929) va Margaret Devis (1887-1967) va Yels universitetidan Lafayette Mendel (1872-1935) bir-biridan mustaqil ravishda bir qator tadqiqotlar natijasida tovuq tuxumining sarig’i va sariyog’ normal hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan ba’zi muhim moddalarni o’z ichiga olgan degan xulosaga keldi. Tajribalarida faqat kazein, yog’, laktoza, kraxmal va tuzning kombinatsiyasi bilan oziqlangan sichqonlar ko’z yallig’lanishi va diareyadan aziyat chekib, taxminan 60 kundan keyin nobud bo’lgan. Ratsioniga sariyog’, treskaning jigari yog’i yoki tuxum kiritilganda, ular normal holatga qaytishgan. Bu hayot uchun faqat yog’ mavjudligi emas, balki boshqa moddalar ham kerakligini anglatardi. Makkolum ularni ikkita sinfga ajratdi — «yog’da eruvchan omil A» (aslida A, E va D vitaminlari) va «suvda eruvchan omil B».

1920-yilda Jek Sesil Drammond (1891-1952) vitaminlarning yangi nomenklaturasini taklif qildi va bundan keyin vitaminar zamonaviy nomga ega bo’ldi. Xuddi shu yili, Xopkins oksidlanish yoki kuchli isitish vaqtida A vitamini parchalanishini ko’rsatdi.

Shveytsariyalik kimyogar Paul Karrer (1889-1971) 1931-yilda A vitaminining kimyoviy tuzilishini tasvirlab berdi. Uning muvaffaqiyati 1937-yilda kimyo bo’yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi . 1937-yilda Garri Xolms (1879-1958) va Rut Korbet A vitamini kristallashdi. 1947-yilda David Adrian van Dorp (1915-1995) va Yozef Ferdinand Arens (1914-2001) vitamin A`ni sintezlashdi. Otto Isler (1920-1992) 1947-yilda sintez qilishning sanoat usulini ishlab chiqdi.

A vitaminining ko’rishda ishtirok etishi biokimyogar Jorj Uold (1906-1997) tomonidan kashf etilgan, bu uchun u 1967-yilda fiziologiya va tibbiyot bo’yicha Nobel mukofoti olgan.

Fizik-kimyoviy xususiyatlari

A vitamini guruhi moddalari kristall moddalardir. Ular suvda erimaydi, ammo organik erituvchilarda yaxshi eriydi.

Retinol havo kislorodi ta’sirida parchalanadi va yorug’likka juda sezgirdir. Barcha birikmalar sis-trans-izomerizatsiyaga moyil, ayniqsa 11 va 13 bog’lanishlar bo’yicha, ammo 11-sis-retinaldan tashqari barcha juft bog’lanishlar trans-konfiguratsiyaga ega.

A guruhiga kiruvchi moddalarning xususiyatlari
Birikma Molyar massasi Erish temperaturasi, °C λmaks (etanol), nm
Retinol 286,43 64 324—325
Retinal 284,45 61—64 375
Retion kislota 300,45 181 347
Retinolpalmitat 524,8 28—29 325—328
Retinolasetat 328,5 57—58 326

Tuzilishi va shakllari

A vitamini — β-iononli halqa va ikkita izopren qoldiqlari va birlamchi spirtli guruhdan tashkil topgan yon zanjirdan iborat siklik to’yinmagan spirt. Organizmda u retinal (vitamin A-aldegid) va retin kislotagacha oksidlanadi. Jigarda u retinilpalmitat, retinilasetat va retinilfosfat shaklida zaxiralanadi.

Vitamin A hayvonotdan kelib chiqishli mahsulotlarning barcha shakllarida mavjud, biroq sof retinol beqaror bo’lganligi sababli, uning asosiy qismi retinolning murakkab efirlari ko’rinishida saqlanadi (sanoatda asosan palmitat yoki asetat ko’rinishida ishlab chiqariladi).

O’simliklarda provitamin A — ba’zi karotinoidlar mavjud bo’ladi. Vitaminning o’tmishdoshlari tuzilishi jihatidan o’xshash bo’lgan ikki guruh moddalar: karotinlar (α-, β- va γ-karotinlar) va ksantofillar (β-kriptoksantin) bo’lishi mumkin. Karotinoidlar ham izoprenoid birikmalar bo’lib, α- va γ-karotin bittadan β-ionon halqa saqlaydi va oksidlanish jarayonida ulardan 1 ta molekula retinol hosil bo’ladi, β-karotinda esa ikkita iononli halqa bor, shuning uchun u ko’proq biologik faollikka ega va undan ikkita retinol molekulasi hosil bo’ladi.

Etxo’r hayvonlar, masalan mushuksimonlar 15-15′-monooksigenaza yo’qligi sababli karotonoidlarni retinalga aylantira olmaydi (natijada hech bir karotinoid turi bu hayvonlar uchun vitamin A shakli hisoblanmaydi).

A vitamini saqlovchi mahsulotlar

Retinol hayvonot va o’simlik manbali mahsulotlarda, ayniqsa, dengiz baliqlari va sutemizuvchilar jigarida ko’p miqdorda mavjud. Inson uchun vitaminning manbai karotinlar ham bo’lishi mumkin. Ular yuqori dozalarda toksik emas, lekin ular retinol o’rnini butunlay bosa olmaydi, chunki faqat cheklangan miqdori A vitaminiga aylanishi mumkin. β-karotinning eng katta miqdori har xil sabzi turlarida uchraydi, lekin uning kontsentratsiyasi naviga qarab keskin farq qilishi mumkin (100 g`da 8 dan 25 mg` gacha). Uning yaxshi manbalari qizil qalampir, ko’k piyoz, salat, qovoq va pomidor bo’ladi.

  • O’simlikli (karotinoidlar):
    • Yashil va sariq sabzavotlar — sabzi, qovoq, shirin qalampir, ismaloq, brokkoli, ko’k piyoz, petrushka;
    • Dukkaklilar — soya, no’xat;
    • Mevalar — shaftoli, o’rik, olma, uzum, tarvuz, qovun, na’matak, chakanda, gilos.
  • Hayvonotli (retinoidlar) — baliq yog’i, jigar (ayniqsa mol jigari), ikra, sut, sariyog’, margarin, smetana, tvorog, pishloq, tuxum sarig’i.

Tarkibida beta-karotin ko’p miqdorda mavjud bo’lgan genetik-modifikatsiyalangan tillarang guruch A vitamini tanqisligini bartaraf etish uchun potentsial yechimdir, ammo shunga qaramay, «oltin guruchning» hech bir navi iste’mol uchun mavjud emas.

Sintetik retinol (murakkab efirlar shaklida) juft bog’lanishlardan iborat zanjirni asta-sekin o’stirish orqali β-ionondan olinadi.

Vitamin A uchun sutkalik ehtiyoj

O’rtacha olganda, katta yoshli erkak uchun 900 mkg, ayol uchun 700 mkg A vitamini kerak. Kattalar uchun yuqori ruxsat eng maksimal miqdor sutkasiga 3000 mkg hisoblanadi.

A vitaminini tavsiya etilgan sutkalik is’temol miqdori
Yosh kategoriyasi Iste’mol me’yori, mkg/sutka Ruxsat etilgan maksimal miqdor, mkg/sutka
Chaqaloqlar 400 (0—6 oy),500 (7—12 oy) 600
Bolalar 300 (1—3 yosh),400 (4—8 yosh) 600 (1—3 yosh),900 (4—8 yosh)
Erkaklar 600 (9—13 yosh),900 (14 — >70 yosh) 1700 (9—13 yosh),2800 (14—18 yosh),3000 (19 — >70 yosh)
Ayollar 600 (9—13 yosh),700 (14 — >70 yosh) 1700 (9—13 yosh),2800 (14—18 yosh),3000 (19 — >70 yosh)
Homilador ayollar 750 (<19 yosh),770 (19 — >50 yosh) 2800 (<19 yosh),3000 (19 — >50 yosh)
Emizikli ayollar 1200 (<19 yosh),1300 (19 — >50 yosh) 2800 (<19 yosh),3000 (19 — >50 yosh)

Retinoidlar va karotinoidlarning vitamin qiymati

Oziq-ovqatdagi karotinoidlarining faqat bir qismi organizmda A vitaminiga aylanishi mumkinligi sababli, oziq-ovqat mahsuloti retinol shaklida organizmga so’rilgan A vitamini miqdori bilan taqqoslanadi.

2001-yilda AQSh tibbiyot instituti retinol faolligi ekvivalenti (RAE) deb nomlangan yangi birlikni taklif qildi. 1 RAE 1 mkg retinol, 2 mgk yog’da erigan β-karotin (farmatsevtik preparat shaklida), 12 mkg «oziq-ovqat» β-karotini yoki 24 mkg boshqa A provitaminiga teng.

Modda 1 mkg moddada RAE
retinol 1
yog’da erigan beta-karotin 1/2
oziq-ovqatdagi beta-karotin 1/12
oziq-ovqatdagi alfa-karotin 1/24
oziq-ovqatdagi gamma-karotin 1/24
oziq-ovqatdagi beta-kriptoksantin 1/24

O’zaro ta’sirlashuvi

A vitaminining sinergisti E vitamini bo’lib, u retinolni faol shaklda ushlab turishga, ichakda so’rilishiga va uning anabolik ta’siriga yordam beradi. Vitamin A ko’pincha vitamin D bilan birga buyuriladi. Gemeralopiyani davolashda u riboflavin, nikotin kislotasi bilan birgalikda qo’llanilishi kerak. A vitamini bilan bir vaqtda xolestiramin, faollashtirilgan ko’mirni belgilash mumkin emas, bu uning so’rilishini buzadi.

Genlarning transkriptsiyasi

Vitamin A va uning hosilalari hujayra yadrosidagi maxsus retseptor oqsillarga ta’sir qiladi: Retinoic acid recseptor, beta (RARB); Retinoid-Related Orphan Receptor-gamma (RORC); Retinoid X receptor, alpha (RXRA). Bunday yadroviy retseptorlarning kristall tuzilmalari kirstallografik usular bilan tadqiq qilingan. Bunday ligand-retseptor kompleks DNK qismlari bilan bog’lanib, genlar supressiyasini chaqiradi va shu tariqa oqsillar, fermentlar yoki to’qimalarning tarkibiy qismlari sintezini tartibga soladi, bu harakat ham embriogenez, ham morfogenezda namoyon bo’ladi. A vitaminining farmakologik ta’siri aynan ushbu xususiyati bilan aniqlanadi.

Vitamin A vazifalari

Vitamin A quyidagi farmakologik ta’sirlarga ega:

1. Quyidagilar sintezi uchun kerak bo’lgan fosfoadenozinfosfosulfatni faollashtiruvchi fermentlar sintezi:

  • Mukopolisaxaridlar, gialuron kislota, geparin;
  • Sulfoserbrozidlar;
  • Taurin;
  • Endogen va ekzogen moddalarning metabolizmida ishtirok etuvchi jigar fermentlari.

2. Mushak to’qimalarining oqsillarini sintezini rag’batlantiruvchi A1 , A2, B va C somatomedinlarning sintezi; fosfat va timidinning DNK`ga, prolinni kollagenga, uridinni RNK`ga kiritilishi.

3. Polipeptid zanjirlarining glikolizlanishi:

  • Qonning glikoproteinlarini (a1 — makroglobulin va boshqalar);
  • Hujayra va subhujayra (mitoxondrial va lizosomal) membranalarining tarkibiy qismlari bo’lgan glikoproteinlarni (bu fagotsitozni yakunlash uchun katta ahamiyatga ega);
  • glikoprotein — fibronektinni, u hujayralararo o’zaro ta’sirda ishtirok etadi va uning hisobiga hujayra o’sishi tormozlanadi.

4. Jinsiy gormonlar, shunindgek, interferon, immunoglobulin A, lizotsim sintezi.

5. Muddatidan oldin keratinezatsiyani oldini oluvchi epitelial to’qimalar fermentlari sintezi.

6. Kalsitriol (D vitaminining faol metaboliti) uchun retseptorlarning faollashuvi.

7. Shafaqli ko’rish uchun zarur bo’lgan to’r pardaning tayoqchalarida rodopsin sintezi.

Vitamin A guruhining birikmalari turli biologik faolliklarga ega. Retinol epitelial va suyak to’qimalarining o’sishi, differentsiyatsiyasi va funktsiyalarining saqlanishi, shuningdek ko’payishi uchun kerak. Retinal ko’rish mexanizmida muhimdir. Retin kislota hujayraviy differentsiatsiya jarayonlarida retinoldan 10 marta faolroq, lekin ko’payish jarayonlarida kamroq faol.

A vitaminining ko’rish mexanizmida ishtiroki

A vitamini retinal shaklida ko’rishda muhim rol o’ynaydi. 11-sis-retinal opsin oqsillar bilan bog’lanib, purpura-qizil rangli pigment rodopsin yoki uch turdagi yodopsinning bittasini hosil qiladi, ular ko’ruv signallarini hosil qilishda ishtirok etuvchi asosiy ko’rish pigmnetlari hisoblanadi.

Vitamin A`ni organizmning antioksidant himoyasida ishtirok etishi

Molekulada ikkita o’zaro bog’liq ikkitalik bog’lanishlarning mavjudligi tufayli retinol erkin radikallar, jumladan erkin kislorodli radikallar bilan o’zaro ta’sirlashishga qodir. Vitaminning bu muhim xususiyati uni samarali antioksidant deb hisoblashga imkon beradi. Retinol shuningdek vitamin E`ning antioksidant ta’sirini sezilarli darajada yaxshilyadi. Biroq, A vitamini o’zini porroksidant sifatida namoyon qilishi ham mumkin, chunki u juda zaharli perekis mahsulotlarini hosil qiladigan havo kislorodi bilan osongina oksidlanadi. Vitamin E retinol oksidlanishiga to’sqinlik qiladi.

Gipovitaminoz A

Dunyoda gipovitaminoz A besh yoshgacha bo’lgan bolalarning uchdan bir qismida uchraydi. U yiliga besh yoshgacha bo’lgan bolalardan 670 000 nafarinining hayotini olib ketadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda taxminan 250,000-500,000 bolalar A vitamini tanqisligi sababli har yili ko’r bo’lib qoladi (asosan Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrikada).

Vitamin A tanqisligi birlamchi yoki ikkilamchi yetishmovchilik tufayli yuzaga kelishi mumkin. Birlamchi A vitamini yetishmasligi, bolalar va kattalar orasida meva va sabzavotlardan yetarli miqdorda karotinoidlar yoki hayvon va sut mahsulotlaridan vitamin A iste’mol qilmaslik tufayli yuzaga keladi. Emizishni erta to’xtatish ham bolalarda A vitaminining yetishmasligi xavfini oshirishi mumkin.

Ikkilamchi A vitamini tanqisligi lipid absorbsiyasining, safro hosil bo’lishining  buzilishi, safro hosil bo’lishi, sigareta tutuni va surunkali alkogolizm kabi oksidlovchilarning surunkali ta’siri bilan bog’liq. Vitamin A yog’da eruvchi vitamin va ingichka ichakda dispersiya uchun mitselyar solyubilizatsiyaga bog’liq, bu esa A vitamini yog’ miqdori kam bo’lganda yomon so’rilishiga olib keladi. Rux yetishmovchiligi ham A vitamining so’rilishi, transporti va metabolizmini yomonlashtiriishi mumkin, chunki u transport oqsillarini sintez qilish va retinolni retinalga aylantirish uchun kofaktor sifatida zarur. Burkina-Fasoda o’tkazilgan tadqiqotda A vitamini va rux kombinatsiyasi ishlatilganda bolalar orasida bezgak bilan kasallanish sezilarli kamayishi aniqlangan.

Gipovitaminoz A`ning dastlabki alomati shabko’rlik (niktalopiya, gemeralopiya) — qorong’iga adaptatsiyaning keskin pasayishi hisoblanadi. Epitelial to’qimalarning shikastlanishlari xarakterlidir: teri (follikulyar giperkeratoz), ichak shilliq qavatlari (yara shakllanishigacha), bronxlar (tez-tez bronxitlar), siydik-tanosil tizim (yengil infektsiyalanish). Dermatitlar patologik proliferatsiya, keratinizatsiya va epitelial deskvamatsiya bilan birga kechadi. Ko’z yosh kanallari epiteliyining deskvamatsiyasi ularning tiqilib qolishi va shox parda namlanishining kamayishiga olib kelishi mumkin, u yaralar va leykoma hosil bo’lishi bilan quriy boshlaydi (kseroftalmiya) va yumshaydi (keratomalyatsiya). Shox pardaning shikastlanishi juda tez rivojlanishi mumkin, chunki epiteliy himoya xususiyatlarining buzilishi ikkilamchi infektsiyaga olib keladi. Vitamin yetishmovchiligida o’sishdan ortda qolish ham kuzatiladi.

Homiladorlikda vitamin A

Vitamin A`ning yetarli miqdorda bo’lishi (me’yordan ortqichaligi emas) homila va chaqaloqninig normal rivojlanishi uchun homilador va emizikli ayollar uchun ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Uning tanqisligi tug’ruqdan keyin qo’shimcha berish tomonidan qoplanmaydi.

Homiladorlik davrida spirtli ichimliklarni iste’mol qilish natijasida vitamin A metabolizmining ingibitsiyalanishi fetal alkogolli sindrom rivojlanishining mexanizmlaridan biri hisoblanadi va vitamin A tanqisligi bilan deyarli bir xil teratogenlik bilan xarakterlanadi.

Gipervitaminoz

A vitaminining 25 000 ME/kg dozasi o’tkir zaharlanish chaqiradi, 6-15 oy davomida sutkasiga 4000 EM/kg dozada iste’mol qilish surunkali zaharlanishga olib keladi.

Gipervitaminoz A uchun quyidagi alomatlar xarakterli:

  • Ko’z shox pardasining yallig’lanishi;
  • Ishtahaning yo’qilishi;
  • Ko’ngil aynishi;
  • Jigarning kattalashishi;
  • Bo’g’imlarda og’riq.

A vitamini bilan surunkali zaharlanish yuqori dozalarda vitamin, ko’p miqdorda baliq yog’i qabul qilishda kuzatiladi. Agar ko’p miqdorda karotinlar iste’mol qilinsa, kaft, oyoq panjasi va shilliq qavatlarning sarg’ayishi kuzatilishi mumkin, ammo intoksikatsiya alomatlari kuzatilmaydi. Hayvonlarda β-karotin dozasining 100 baravaridan ko’proqqa oshirilishi prooksidant ta’sirga olib keldi. Bu hodisa molekulani oksidlovchi destruktsiyadan himoya qiluvchi E va C vitaminlari mavjudligida kuzatilmadi.

O’tkir zaharlanish bilan o’lim holatlari ovqatga akula, oq ayiq, dengiz hayvonlari, xaski jigarini iste’mol qilishda mumkin. Yevropaliklar bu muammoga eng kamida 1597-yilda duch kelishgan, bu vaqt Barnetsning uchinchi ekspeditsiyasi oq ayiq jigarini yegandan keyin jiddiy kasallanib qolgan.

Zaharlanishning o’tkir shakli tutqanoqlar, falajlik shaklida o’zini namoyon qiladi. Peredozirovkaning surunkali shaklida kalla suyagi ichi bosimi oshadi, bu bosh og’rig’i, ko’ngil aynishi, qusish bilan birga kechadi. Shu bilan birga, sariq dog’ning shishishi va bu bilan bog’liq ko’rish buzilishlari kuzatiladi. Gemorragiya, shuningdek vitamin A`ning gepato- va nefrotoksik ta’siri belgilari namoyon bo’ladi. Spontan suyak sinishlari sodir bo’lishi mumkin. A vitaminining ortiqligi tug’ma nuqsonlarga olib kelishi mumkin va shuning uchun uning miqdori tavsiya etilgan kundalik me’yordan oshmasligi kerak.

Gipervitaminozni bartaraf etish uchun mannit belgilanadi. E vitamini ham hujayra membranlarini barqarorlashtiradi. Vitamin A katta dozalarda homilador ayollarga buyurilmasligi kerak (ayniqsa homiladorlikning erta davrlarida) va hatto homiladorlikdan olti oy oldin ham, chunki teratogen effekt sodir bo’lishi xavfi yuqoridir.

A vitamini almashinuvining tug’ma buzilishlari

Giperkarotinemiya

Kasallikning sababi karotinlardan retinol hosil qilish uchun reaktsiyani katalizlovchi ichak β-karotinoksigenazaning yo’qligi hisoblanadi. Asosiy alomatlar shabko’rlik va shox pardaning xiraligidir. Qonda retinol miqdori keskin kamaygan bo’ladi.

Daryening follikulyar keratozi

Irsiy kasallik, terining o’zgarishi bilan birga aqliy rivojlanishdan ortda qolish va psixozlar ham kuzatiladi. Tirnoqlarning uzunasiga chiqiz-chiziqligi va qirralanishi xarakterlidir. A vitamini yuqori dozalarda uzoq muddat belgilanishi samarali bo’ladi.

Tibbiyotda qo’llanilishi

Tibbiy maqsadlar uchun A vitamini preparatlarini qo’llash uchun quyidagi ko’rsatmalar mavjud:

  1. Gipovitaminozni oldini olish va bartaraf etish. Gipovitaminoz A ni aniqlashning aniq mezonlari mavjud emas. Shifokor klinikaga (anoreksiya, sekin o’sish, infektsiyalarga chidamlilikning pastligi, meningizm belgilarining paydo bo’lishi, shilliq qavatlarda yarali jarayonlarning paydo bo’lishi) va labaratoriya ma’lumotlariga (qonda vitamin A miqdori) asoslanishi mumkin.
  2. Infektsion kasalliklar (C vitamini bilan birga).
  3. Raxit (D vitamini bilan birga).
  4. Niktalopiya (riboflavin va nikotin kislotasi bilan birgalikda).
  5. Teri kasalliklari (psoriaz, pustulyoz dermatit va boshqalar).

Teri kasalliklarini davolash uchun A vitaminining maxsus preparatlari mavjud: izotretinoin (retin kislota) va etretinat (unig etil efiri). Ular retinolga qaraganda ancha faolroqdir.

A vitamini og’iz orqali qabul qilinadi yoki mushak ichiga yuboriladi. Mushak orqali u oral qabul qilish imkoni bo’lmaganda kiritiladi (anoreksiya, ko’ngil aynishi, qusish, operatsiyadan oldingi yoki keyingi sharoitlarda, malabsorbtsiyada).

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.