Asal — foydasi, shifobaxsh xususiyatlari, zarari, tanlashning 7 oltin qoidasi

Asal — asalarilar gul nektarini qayta ishlashi natijasida olinadigan shirin mahsulot. Asalning hushbo’yligi, rangi va ta’mi nektar qaysi o’simliklardan to’planganligiga bog’liq. Odatda och rangli asal qimmatroq hisoblanadi.

Asal foydasi va zarari

Gul nektari 80% suvdan iborat. Asalarilar tomonidan qayta ishlanganidan keyin undagi suv miqdori 20% gacha kamayadi. Asaldagi suyuqlik uyada hosil bo’ladigan yelvizak natijasida bug’lanib ketadi. Yelvizak o’z navbatida asalarilar takror va takror qanot qoqishi jarayonida shakllanadi. Asal kerakli quyuqlikka yetganda, uyalar mum bilan yopiladi.

Asal qanday olinadi

Asalarilar uyasidan asal ikki usulda ajratib olinadi.

1-usul

Bu asalarilarni uxlatish yoki tutun yordamida uyasidan tashqariga chiqarishni nazarda tutadi. So’ng uyalar chiqarib olinadi, isitiladi va asali ajratib olinadi. Bunda asalda shuningdek mum, gul changi va achitqilar ham bo’lishi mumkin.

2-usul

Asalni markazdan qochma kuch ta’sirida uyalardan ajratib oladigan qurilmalardan foydalanishni o’z ichiga oladi. Bunday asalda boshqa qo’shimchalar bo’lmaydi, chunki asalari uyasi yaxlitligi buzilmaydi va u qayta ishlatilishi mumkin bo’ladi.

Asalning tarkibi

100 gramm asalning energetik qiymati — 300 kilokaloriya. Nektar to’plangan o’simlik turiga qarab, asalning tarkibi ham farq qilishi mumkin. 100 gramm asaldagi vitamin va minerallarning o’rtacha miqdori va ularning kunlik me’yorni qoplaydigan ulushi:

Vitamin Ulushi Mineral Ulushi
B1 1% Marganets 4%
B2 2% Temir 2%
B6 1% Mis 2%
C 1% Rux, Kaliy 1% dan

Asalning foydalari

Asal asrlar davomida odamlar tomonidan shifobaxsh vosita sifatida ishlatilgan. Undagi aminokislotalar organizmda suyak to’qimasining asosiy komponenti bo’lgan kaltsiyni samarali o’zlashtirilishiga yordam beradi. Kaltsiy suyaklarning mo’rtlashishini oldini oladi va zo’riqishlarga chidamli qiladi.

Asal yong’oqlar, quritilgan mevalar, donlar va tvorog bilan birgalikda qabul qilinsa ayniqsa foydali hisoblanadi.

Asal qandli diabet kasalligini davolashga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Uni shakarning o’rniga iste’mol qilish orqali kasallik rivojlanish xavfini kamaytirish mumkin. Biroq dastlab mutaxassis bilan maslahatlashib olish zarur.

Asaldagi C vitamini yurak ishemik kasalligi rivojlanishi ehtimolligini pasaytiradi. Uni muntazam ravishda qabul qilib borish qon bosimini me’yorlashtiradi, xolesterin miqdorini pasaytiradi va tomirlarda tromblar hosil bo’lishini bartaraf etishga yordam beradi.

Antioksidantlarga boy bo’lgan asal antidepressant va antikonvulsant ta’sirga ega. Ular markaziy asab tizimi faoliyatini me’yorga keltiradi, xotirani kuchaytiradi va diqqatni yaxshilaydi.

Asal ko’z bilan bog’liq muammolarni davolash vositasi sifatida ishlatiladi. Bunday oftalmologik kasalliklar qatoriga konyuktivit, blefarit, keratit va korneal jarohatlar kiradi. Asalning mahalliy qo’llash ko’zning termik va kimyoviy kuyishlarini tuzalishini tezlashtiradi, qizarishni ketkazadi, shishni kamaytiradi va bakteriyalarni o’ldiradi.

Tabiiy asal — tabiatning yo’talga qarshi in’omi. Yo’talish yuqori nafas yo’llarining infektsiyalanishi natijasida yuzaga keladi. Asaldagi moddalar yo’talni keltirib chiqaradigan sabablarni barataraf qiladi va o’pkalarni «tozalaydi». U shuningdek astma va bronxit alomatlarini yengillashtiradi. Buning uchun har kuni oz miqdorda asal tanovul qilish kifoya.

Asalni qo’llashning boshqa bir sohasi — og’iz bo’shlig’i kasalliklarini davolashdir. Asal stomatit, og’izdan noxush hid kelishi va milk kasalliklari alomatlarini bartaraf qiladi. Tish karashlari, og’izdagi yarachalar va gingivitdan qutilish uchun ishlatiladi.

Ich ketishiga qarshi qo’llanilganda ham samarali vosita hisoblanadi — u organizmdagi kaliy va suv zaxirarsini to’ldiradi.

Asal kislotaning oshqozondan qizilo’ngachga tushishi ehtimolini kamaytiradi, yallig’lanishlar rivojlanishini oldini oladi, jig’ildon qaynashiga qarshi yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Bundan tashqari ichaklarda viruslarni yo’q qilib, gastroenterit shakllanishiga to’sqinlik qiladi.

Asal iste’mol qilinganda me’da osti bezini himoyalaydi, qonda qand miqdorining 3,5 mmol / l dan pastga tushishini oldini oladi.

Gormonlarni me’yorga keltirish natijasida homilador bo’lishda foydali ta’sirga ega. Erkaklarda esa reproduktiv funktsiyani tiklaydi, gormonlar, xususan testosteron ishlab chiqarilishini ko’paytiradi. Sigareta chekish oqibatida yuzaga kelgan reproduktiv zaharlanishni bartaraf etadi.

Jarohatlar va kuyishlarni davolashda asal boshqa malhamlar kabi ishlatiladi. Biroq, afzalligi shundaki, uning nojo’ya ta’sirlari dori vositalaridagi kabi ko’p emas. Husnbuzarlarga qarshi kurashish uchun ishlatilganda u teri teshikchalarida ko’payadigan va yallig’lanish jarayonlarini keltirib chiqaradigan bakteriyalarni o’ldiradi, shuningdek bakteriyalar uchun oziq-ovqat hisoblangan teridagi ortiqcha yog’ni kamaytiradi.

Tez-tez nam salfetkalar yoki tagliklardan foydalanish oqibatida yuzaga kelgan psoriaz, ekzema yoki dermatitni davolash uchun tabiiy asaldan foydalanish tavsiya etiladi.

Asalning foydasi organizmga o’smaga qarshi ko’maklashishida ham o’zini namoyon etadi. Gullardan olingan asaldan foydalanish organizmda saraton hujayralarining ko’payishini oldini oladi va teri, bachadon bo’yni, jigar, prostata, sut bezlari saratoni, buyraklar va qovuq saratoniga qarshi yaxshi profilaktik chora hisoblanadi.

Asal immunitetni kuchaytirib, organizmni mustahkamlaydi, uni infektsiyalarga qarshi samarali kurashishiga ko’maklashadi.

Asal zararlari va qarshi ko’rsatmalar

Asalning foydasi talaygina bo’lishiga qaramasdan, quyidagi toifa kishilarga uni qabul qilish tavsiya etilmaydi:

  • 1 yoshgacha bo’lgan chaqaloqlar.
  • Asalga allergiyasi bo’lgan kishilar.

Uning zarari ortiqcha iste’mol qilishga bog’liq bo’lishi mumkin. Asal haddan tashqari ko’p qabul qilinganda kishida suvsizlanish, qand darajasining ortishi va oziq-ovqatdan zaharlanish qayd etilishi mumkin.

Homilador va emizikli chaqalog’i bo’lgan ayollarga shifokor maslahatisiz asal qabul qilish tavsiya etilmaydi.  Hatto onada ilgari umuman hech qanaqa allergik reaktisya kuzatilmagan bo’lsa ham, u chaqaloqda yuzaga kelishi rad etilmaydi.

Bu mahsulot juda kuchli allergendir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday reaktsiyalar ko’proq soxta va sifatsiz mahsulot qabul qilganda ko’proq kuzatiladi.

Shifobaxsh xususiyatlari

Asal organizm tomonidan 100% o’zlashtiriladi va buyraklarga ortqicha yuk tushirmaydi.

Asalning sutkalik me’yori — taxminan 3 osh qoshiq sanaladi. Bu ko’rsatkich ba’zi omillarni inobatga olganda sezilarli bo’lmagan darajada farq qilishi mumkin.

Uyqusizlikda

Uyqusizlikda — yotishdan 30-40 daqiqa oldin, 1 osh qoshiq asal qo’shilgan iliq sut yoki suv ichish tavsiya etiladi.
Tezda uxlab qolish uchun tavsiyalar→

Og’iz bo’shlig’i kasalliklarida

Shilliq qavatining yallig’lanishini tabiiy asal va moychechak aralashmasi bilan chayish bartaraf etadi.

  1. 1-2 osh qoshiq quritilgan moychechak guli olinadi va ustidan 400 ml qaynoq suv quyiladi.
  2. Suv hammomida 10-15 daqiqa isitiladi.
  3. Suzib olingan va sovutilgan damlamaga 1-2 choy qoshiq asal qo’shiladi va og’iz bo’shlig’i kuniga bir necha marta chayiladi.

Yurak-tomir kasalliklarida

Aterosklerozda asalga asoslangan quyidagi retsept ijobiy ta’sirga ega bo’ladi.

  1. 1 stakan yerqalampir qirg’ichdan chiqariladi va 1,5 kun tindirishga qoldiriladi.
  2. Bir osh qoshiq asal, lavlagi va sabzi va bitta limon sharbati olinadi.
  3. Barchasi aralashtirib, kuniga 2 marta ovqatdan 40-60 daqiqa oldin qabul qilinadi. Kurs davomiyligi 1,5 oy.

Bronxitda

Uzoq muddatli yo’talda sariyog’li vosita yordam beradi.

  1. 100 gramm sariyog’, eritilgan hayvon yog’i, asal, kakao va 15 gramm aloe sharbati aralashtiriladi.
  2. Qaynatmagan holda isitiladi.
  3. Har kuni ertalab va kechqurun 1 stakan sutga 1 osh qoshiq aralashmadan qo’shgan holda qabul qilinadi.

Bachadondan qon ketishi va og’riqli menstruatsiyalarda

Moychechak gullari, yalpiz va valeriana aralashmasidan damlama tayyorlab olinadi, so’ng damlama suzib olinadi, 2 osh qoshiq asal qo’shiladi va kuniga 2 marta 200 ml`dan qabul qilinadi.

Asalni qanday tanlash kerak

Insofsiz ishlab chiqaruvchilar tezroq daromad qilish maqsadida mahsulotni hech qanday ari, asalari uyasi va o’simliklar zarur bo’lmagan holda olish usulni o’ylab topishgan. Soxta asal shakar, glyukoza, limon kislotasi, tarvuz yoki qovun sharbatidan tayyorlanadi. Yopishqoqligini oshirish maqsadida un, patoka yoki boshqa moddalar qo’shilishi mumkin. Albatta bunday usulda olingan asal foydasi shubhalidir.

Tabiiy asalni tanlash qoidalari

Asal tanlash qoidalari:

  1. Soxta yoki suyultirilgan mahsulotni uning qay tarzda oqishi «sotib qo’yadi». Asalni qoshiqqa aylantirib o’rab olib, ko’tarib ko’ring: soxta mahsulot, tezda oqib tushadi, yoyilib ketadi. Tabiiy asal esa qalin ip hosil qilgan holda asta-sekin oqadi, tomchilamaydi va tushganda yuzada vaqtincha «tepalik» hosil qiladi.
  2. Hidini o’rganish: undan gul-o’simlik ifori kelishi kerak.
  3. Rangga e’tibor bermang — tabiiy asalning rangi ham och, ham to’q bo’lishi mumkin.
  4. Tatib ko’ring: haqiqiy asalda karamel ta’mi bo’lmaydi, yutganda tomoqda biroz qichishish chaqiradi va glyukoza tufayli tilda yengil achishish hissini keltirib chiqaradi.
  5. Bir tomchi mahsulotni barmoqlar bilan aylantirib ko’ring: teriga singib ketsa — oldingizda sifatli mahsulot; kichik to’pchaga o’ralib qolsa — soxta.
  6. Soxta mahsulotda cho’kma, xiralik va yot aralashmalar bo’lishi mumkin. Lekin bu har doim ham emas.
  7. Shakarlanib qolishdan cho’chimang. Asal yig’ib olinganidan so’ng 1-2 oy ichida tabiiy ravishda kristallanadi.

Quyidagi tajribalar mahsulotning tabiiyligini aniqlashga yordam beradi:

  • Asalni suvda eritib, bir necha tomchi yod yoki lyugol qo’shing: eritma ko’k rangga bo’yalsa — mahsulotda kraxmal yoki un mavjud bo’ladi.
  • Mahsulotga bir bo’lak non soling: non qattiqligicha qolsa — tabiiy; yumshab qolsa — mahsulot o’zida ko’p miqdorda shakar saqlaydi.
  • Qog’ozga bir tomchi tomizib ko’ring: soxta mahsulot oqib ketadi.
  • Asalga qizigan sim tushirib ko’ring — tabiiy mahsulot metallga yopishib qolmaydi.

Saqlash qoidalari

Asalni saqlash uchun eng yaxshi joy to’g’ridan-to’g’ri quyosh nurlaridan himoyalangan javon hisoblanadi. Juda yuqori va past haroratlar asal tarkibiga va konsistentsiyasiga zarar yetkazishi mumkin. Saqlash uchun optimal harorat 10-20 °C.

Uzoq muddatli saqlash uchun 5 °C atrofidagi harorat mos keladi, bu holda asal kristallizatsiyalanmaydi.

Faqat yangi mahsulot foydali jihatlarga ega sanaladi. Asal o’z shifobaxsh xususiyatlari bir yil saqlaydi. Noto’g’ri saqlangan bo’lsa, bu muddat mos ravishda yanada qisqaradi.

  • Asalni qorong’i joyda va shisha idishda saqlang.
  • Temir, qalay, rux bilan qoplangan va alyuminiy idishlarda saqlamang — bu oksidlanishga olib kelishi mumkin.
  • Asal gigroskopik mahsulot, shuning uchun yuqori namlikda uning 30 foiziga qadar qismi asalga o’tib oladi.
  • Mahsulot hidlarni o’ziga yutadi, shuning uchun uni aromatik mahsulotlar yaqinida saqlamang.

Agar asal shakarlanib qolsa nima qilish mumkin

Haqiqiy asal 3-4 hafta ichida shakarlanib qolishi mumkin. Istisnolik —  1 yil davomida suyuq holatda qoladigan veresk va akatsiyadan olinadigan asallar.

Shakarlanib qolgan mahsulot shifobaxsh xususiyatlarini yo’qotmaydi va uni suyuq holatiga qaytarish mumkin. Buning uchun uni suv hammomida 40 °C ga qadar isitib oling. Haroratni oshirmang, aks holda qimmatli moddalar «bug’lanib ketadi».

Asal organizmga ijobiy ta’sir ko’rsatadigan universal vositadir. U pazandalik, kosmetologiya va tibbiyotda ishlatiladi, shuningdek shakarning foydali va mazali o’rnini bosuvchisi hisoblanadi. Shunga qaramay, «Asalning ham ozi shirin» degan iborani unutmaslik kerak.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.