Xotirani kuchaytirish, e’tiborni yaxshilashning turli usullari mavjud. Xotira ham shakllarga ajraladi. Turli ma’lumotlarni, his-tuyg’ularni va taassurotlarni eslab qolish qobiliyatini asabli yoki nevrologik xotira ta’minlaydi. Ko’pincha odam telefon raqami yoki kimningdir tug’ilgan kuni sanasini eslashi qiyinlashayotganini seza boshlaydi. Agar jarayon yanada rivojlansa, hatto muhim uchrashuv haqida ham unutib qo’yish mumkin.
Xotira pasayishining sabablari
Eslab qolish qobiliyatining pasayishi ko’proq katta va keksa yoshdagi odamlar uchun xosdir, bu bosh miya faoliyatining yosh o’tishi bilan sodir bo’ladigan o’zgarishlariga bog’liq. Biroq, oxirgi paytlarda xotiraning pasayishi yoshlar orasida ham ortib bormoqda.
Umuman, xotira va miya faoliyatini sezilarli darajada yaxshilashning bir qator usullari mavjud. Ular orasida xotiraning muntazam ravishda shug’ullantirilishi (autotrening), farmakologik vositalardan foydalanish va taomnomaga ba’zi mahsulotlarni kiritish o’rin tutadu. Xotirani yaxshilaydigan vositalarni ishlatishdan oldin uning buzilishiga olib kelgan sabablarni tushunish muhimdir. Xotirani mustahkamlash uchun universal uslub yo’q. Har bir holatda davolash usullari shifokor — nevropatolog, psixiatr yoki boshqa mutaxassis tomonidan belgilanadi.
Xotirada jiddiy «bo’shliqlar», shuningdek, amneziya uzoq muddatli jiddiy davolashni talab qiladi, ko’pincha bemor kasalxonaga yotqizilishi kerak bo’ladi. Kichik buzilishlarda xotirani uy sharoitida kuchaytirish ham mumkin.
Bugungi kunda jiddiy kasalliklar bilan bog’liq bo’lmagan xotira buzilishining asosiy sabablari quyidagilardir:
- Surunkali charchoq (surunkali charchoq sindromi);
- Psixoemotsional zo’riqishlar (stress);
- Zararli odatlar;
- Noto’g’ri ovqatlanish.
Xotirani va e’tiborni qanday yaxshilash mumkin?
Xotirani dorilarsiz mustahkamlash
Agar muammo surunkali charchoq va stress bilan bog’liq bo’lsa, unda ko’pincha xotirani yaxshilaydigan dorilarsiz ham uni hal etish mumkin. Bunday hollarda, birinchi navbatda, dam olish va kun tartibiga rioya qilish muhimdir. Muntazam uyquga to’ymaslik va salbiy emotsiyalardan qochish kerak. Bo’sh vaqtlarda televizor qarshisida yotmasdan, mantiqiy masalalarni yechish tavsiya etiladi, ular miya faoliyatini yaxshilaydi.
Xotirani yaxshilash uchun neyrobika ham yaxshi samara beradi. Neyrobika — aql uchun gimnastikadir. Buning uchun:
- Odatiy harakatlarni chap qo’lda bajarishga harakat qiling (chapaqaylar o’ng qo’lda). Bu miya yarimsharlari orasidagi aloqani kuchaytiradi.
- Kundalik yumushlarni yopiq ko’z bilan amalga oshirib ko’ring (ovqatlanish, dush qabul qilish). Miya sezgi a’zolaridan olingan ma’lumotlarni chuqurroq tahlil qilishga to’g’ri keladi.
- Bir xilda bajaradigan ishlaringizga yangilik kiriting (masalan har kuni qiladigan ish tartibini o’zgartiring).
- «Aql ozuqasi»ga bee’tibor bo’lmang. Ratsionga mevalar, choy va ko’katlarda ko’p bo’lgan antioksidantlarni kiriting.
- Stol o’yinlari o’ynang. Turli yo’llarni tanlash va qadamlarni oldindan hisoblab chiqish miyaga «zanglab» qolmaslikka yordam beradi.
- Neyrobiolog mutaxassislar xotirani yaxshilash uchun yangi til o’rganishni tavsiya qiladilar.
Edinburg universiteti olimlari 60 yoshdan keyin xotirani aqliy gimnastika emas, aksincha jismoniy gimnastika yaxshilashishini ta’kidlashgan, chunki aynan jismoniy faollik qarish jarayonini sekinlashtirishda muhim o’rin tutadi. Buning uchun zo’r berib mashqlar bajarish kerak emas, kuniga 2-3 kilometr piyoda yurish yetarli bo’ladi, ortiqchasi yurak va bo’g’imlarga yuk tushirishi mumkin.
Tabiatda faol dam olish maqsadga muvofiq bo’ladi; ochiq havoda sayr qilishlar miyada qon aylanishini yaxshilaydi, bu esa ko’pincha diqqatsizlik va unutuvchanlikni yengish imkonini beradi. Xotira chekish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish sababli zaiflashgan bo’lishi mumkin. Yomon odatlardan voz kechish kerak. Nikotin psixostimulyator hisoblanadi, bu esa ba’zi kishilarga e’tiborni bir joyga to’plashga yordam beradi. Ammo u miya tomirlarining ahamiyatli spazmini keltirib chiqaradi, bu esa esda saqlash qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Etanol ham yurak-qon tomir tizimiga, shu jumladan miya qon tomirlariga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Spirtli ichimliklar iste’mol qilish vaqt o’tishi bilan odam xotirasida haqiqiy «bo’shliqlarga» olib keladi, unda odam mast bo’lganidan boshlab sodir bo’lgan voqealarni umuman eslay olmaydi.
Ovqatlanishni kuzatib borish juda muhimdir. Miya asosiy funktsiyalarining buzilishi ko’pincha gipovitaminoz (foliy kislotasi , PP va B guruhi vitaminlari bo’yicha), temir tanqisligi va ratsionda polito’yinmagan yog’ kislotalari yetishmasligi bilan bog’liq. Fast-fuddan qochishga harakat qiling: ularda xotirani zaiflashtiradigan va sog’liqqa salbiy ta’sir ko’rsatadigan moddalar juda ko’p.
Xotira va miya faoliyatini yaxshilaydigan mahsulotlar
Agar «uy sharoitida xotirani kuchaytirish mumkinmi?» degan savol siz uchun ham o’rinli bo’lsa, taomnomangizga e’tibor bering. Unda albatta olma bo’lishi kerak. Olma temir kabi muhim makroelement yetishmasligini to’ldirishga yordam beradi. Meva tarkibida miya hujayralarini erkin radikallarning salbiy ta’siridan himoya qiluvchi moddalar mavjud. Muntazam ravishda olma iste’mol qilinsa, organizmda xotirani yaxshilaydigan neyromediatorlar sintezi rag’batlantiriladi.
Polito’yinmagan yog’ kislotalarini o’z ichiga olgan mahsulotlarni ko’proq iste’mol qiling. Ushbu modda dengiz baliqlarida, urug’lar, yong’oqlar, bug’doy, o’simlik moylari, shuningdek, bargli sabzavotlarda (ismaloq ayniqsa foydalidir) ko’p miqdorda mavjud. Miya faoliyatini yaxshilash uchun topinambur (yernok) ildizmevasi juda foydali sanaladi. Unda ko’p miqdorda B guruhi vitaminlari, murakkab uglevodlar va antioksidant faollikka ega moddalar mavjud.
Xotirani yaxshilash uchun, albatta, uglevodlar kerak, lekin shirinliklar va oq nonda bo’lgan «tez» uglevodlar emas, dukkaklilar, yormalar, shirin bo’lmagan mevalar va kartoshkada ko’p bo’lgan murakkab uglevodlar zarur. Oq non o’rniga javdari non iste’mol qilish yaxshiroqdir. Suli, guruch va makkajo’xori ham juda foydali.
Bug’doyning qattiq navlaridan tayyorlangan makaron mahsulotlari ham tavsiya etiladi. Pishirishda ishlatiladigan mashhur ziravorlar orasidan mavrak va rozmarin xotiraga ijobiy ta’sir qiladi.
Shuningdek ichimlik tartibiga rioya qilish kerak, ya’ni tananing suvsizlanishidan (degidratatsiyas) saqlaning. Bosh miyaning 80 foizdan ko’prog’i suvdan tashkil topgan, shuning uchun suyuqlik yetishmasligi yodlab olish va e’tiborni jamlash qobiliyatini sezilarli darajada pasaytiradi. Iste’mol miqdori kuniga 1,5 litrdan boshlab (kattalar uchun). Mineral suv bo’lsa undan ham yaxshi. Oddiy ko’k va qora choy ham ichimlik sifatida tavsiya etiladi.
Yod mikroelementi ham muhim sanaladi, uning yetishmasli T3 va T4 gormonlari ishlab chiqarilishida bevosita ishtirok etadi, o’rtacha yoshdagi kishiga kuniga 150 mkg, homilador ayollarga esa 200 mkg yod kerak.
Xotirani kuchaytirish uchun dorilar
Xotirani yaxshilaydigan vitaminlardan, foliy kislotasi (B9) va B guruhidagi boshqa birikmalar, shuningdek nikotinik kislota (PP) ayniqsa muhimdir. Vitamin komplekslarini qabul qilishni faqat shifokor bilan oldindan maslahatlashgandan so’ng boshlash tavsiya etiladi. Ba’zi hollarda xotirani yaxshilaydigan dorilar talab qilinishi mumkin.
Eng samarali va keng tarqalgan preparatlar orasida:
- Glitsin;
- Aminalon;
- Fenibut;
- Pantogam;
- Pirasetam;
- Fenotropil.
Glitsin sublingval (til ostiga) tabletkalar shaklida ishlab chiqariladi. Preparatning faol moddalari uyquning me’yorlashishiga, modda almashinuvini yaxshilashga va asabiy taranglikni pasaytirishga yordam beradi. Aminalon miya faoliyatini rag’batlantiradi, xotira, e’tibor va bilim olish qobiliyatini yaxshilaydi.
Fenibut sedativ xususiyatlarga ega. U asabiy taranglikni bartaraf etish va asab tizimiga yaxshi dam olish imkonini beradi.
Sirop va tabletkalar shaklidagi pantogam miya faoliyatini rag’batlantirish uchun ko’rsatiladi. Preparat epilepsiya va fikrlash funktsiyalari buzilishlarida buyuriladi. Pirasetam kapsulalarda, shuningdek, in’yektsiya uchun eritmalar shaklida sotiladi. Preparat miya qon ta’minoti darajasini sezilarli darajada yaxshilaydi, modda almashinuvini rag’batlantiradi va organizmga energiya to’plashga yordam beradi. Fenotropil tabletka shaklida chiqarliadi. Terapevtik ta’siri Pirasetam bilan bir xil, ammo qo’shimcha ravishda psixostimulyator ta’siri ham bor.
Bola xotirasini qanday kuchaytirish mumkin?
Bolalarning xotirasini yaxshilash uchun bir qator tavsiyalar mavjud. Ko’pincha bolalarda xotiraning pasayishi charchash bilan bog’liq bo’ladi. Boshlang’ich maktab yoshida charchoqqa maktab o’quv dasturini o’zlashtirish qiyinchiligi sabab bo’lishi mumkin. Bugungi kunda asab tizimini haddan tashqari yuklab yuborish ko’pincha teledasturlarini tomosha qilish va kompyuter o’yinlari o’ynash bilan ham bog’liq. Bola charchamasligi va televizor oldida emas, balki toza havoda tengdoshlari bilan o’ynab, dam olishiga e’tibor bering.
Xotirasida nuqsoni bo’lgan va hatto rivojlanishdan kechikayotgan bolalarga, sirop va tabletkalar shaklida mavjud Intellan preparati ko’rsatiladi. Miya faoliyatini rag’batlantirish uchun ushbu vosita 3 yoshdan boshlab belgilanishi mumkin. Pediatriya amaliyotida Aminalon (tabletka) va Pantogam (sirop shaklida) ham keng qo’llaniladi. Charchoqni yo’qotish va e’tiborni kuchaytirish uchun Biotredin vositasi buyurilishi mumkin, uning faol komponentlari piridoksin va L-treonin hisoblanadi. Organizmda bu tarkibiy qismlar glitsinga aylanadi, u esa miya to’qimalarida modda almashinuvini yaxshilaydi.
Bola xotirasini mustahkamlash uchun uning fikrlash doirasini kengaytirish kerak. Masalan, bola sher yod olayotganida «olma» so’zi uchrab qolsa, uning fikrida bu jumla nafaqat yumaloq shakldagi meva bilan, balki bozor rastalaridagi mevalar, filmdagi qip-qizil olma, sharbat qutisidagi rasm, turli brend logotoplari, umuman olganda boshqa narsalar bilan bog’lanishi kerak, ana shunday bog’lamlar qanchalik ko’p bo’lsa, esda tutish qobiliyati shunchalik kuchli bo’ladi. Masalan, telefon raqamdagi sonlarni ma’lum hayotiy hodisalar bilan bog’lash, har bir sonning bosh harfini ketma-ket qo’yib, hosil bo’lgan so’zni eslab qolish mumkin (ba’zan kulgili so’zlar hosil bo’ladi, ularni esda tutish qiyinchilik tug’dirmaydi). Bunday bog’liqliklarni cheksiz amalga oshirsa bo’ladi, bu xotirani kuchaytirishning eng muhim siri.
Xotira pasayishini oldini olish
Xotira pasaymasligi uchun bir qator tavsiyalarga amal qilish mumkin. Ular asab tizimini sog‘lom holatda saqlashga va xotirani kuchaytirishga yordam beradi. Profilaktik chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:
- Kuniga kamida 2 litr suv ichish (suyuq taomlardan tashqari);
- Taomnomaga e’tibor qaratish;
- Har kuni xotirani mustahkamlash uchun mashqlarni bajarish;
- Har kuni toza havoda sayr qilish;
- Zararli odatlarni (ichish, chekish) bartaraf etish;
- Sutkasiga kamida 8 soat uxlash;
- Dam olish tartibiga rioya qilish;
- Stressli vaziyatlarga tushib qolishdan qochish.
Yuqorida nomi keltirilgan dorilarni shifokor nazoratisiz mustaqil ichsa bo’ladimi bazan menda xotira sustlashganday seziladi lekin hali yoshman maslahat berib yuboring . Javobiz uchun oldindan minnatdorman!!!
Yo’q, dorilarni shifokor tavsiyasisiz ichmaslik kerak, ayniqsa miyaga ta’sir qiluvchi preparatlarni. Xotiraning pasayishi balki e’tiborsizlik bilan bog’liqdir. Agar bunday deb hisoblamasangiz, nevropatologga uchrashing, u sizga keyingi ko’rsatmalarni beradi.
Assalomu alaykum menda ham eslab qolish qobilyati yoq bir narsani eslab qolishga qiynalaman javob uchun oldindan raxmat.
O’zingizni yaxshilab o’rganing — siz eslab qolishga qiynalasizmi yoki bu ma’lumot sizga umuman qiziq emas, lekin uni yodlashga majburligingiz uchun ko’p chalg’ib, diqqatni jamlay olmaysizmi? Birinchi holatda shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Ikkinchi holatda esa iroda yoki o’qish va dam olish nisbatiga o’zgartirish yordam beradi. Matematikani sevadigan o’quvchiga ona tilidan qancha kitob o’qi demang, eslab qolishga qiynaladi, to’g’rirog’i uning shijoati sust bo’ladi. Formulalarni esa bir o’qishdayoq tushunib, yodlab oladi. Ma’lumotni yodlash emas, uning mohiyatini tushunish kerak, shunda u umuman esdan chiqmaydi, xuddi qo’shish-ayirishni esdan chiqarmaslikdek.
Salom. Men rus tilini oʻrganyapman xotiram judayam sust qancha harakat qilmay foydasi boʻlmayapti iltimos qaysi dorini maslahat berasiz…
Javob uchun oldindan rahmat.
Salom. Dori vositasini faqatgina tegishli tekshiruvlardan so’ng shifokor belgilashi kerak. Til o’rganishda qiyinchiliklar bo’ladigan bo’lsa, kompleks yondashishga harakat qiling: filmlarni ruscha subtitrlari bilan tomosha qilish, audio kitoblar tinglash va albatta olinayotgan bilimlarni amalda qo’llash. Rus tilida erkin gaplasha oladigan do’st toping, muammo aynan xotirada deb o’ylasangiz, shifokor konsultatsiyasini oling.
Salom menda ham xotira sustligi kuzatiladi bu esa ruhiyatga ozini tasirini korsatmay qolmaydi albatta biror kitobni oqib eslab qolishga harakat qilmang yoki biror malumotni eslab qolishga qancha istak bolmasin iloji bolmayapti qanday maslahat berasiz