Sariq kasallik — alomatlari va belgilari, sabablari, turlari, davolash, parhez, oldini olish

Sariq kasalligi (lot. icterus) — teri va ko’rinarli shilliq qavatlarning sariq tus olishi bo’lib, qon va to’qimalarda bilirubin miqdorining ortib ketishi natijasida yuzaga keladi. Ko’pchilik ushbu atama ostida gepatit A yoki Botkin kasalligini tushunishadi. Darhaqiqat, bu so’z bilan nafaqat jigar, balki boshqa a’zolarga ham ta’sir ko’rsatadigan bir qator patologik o’zgarishlarni atash qabul qilingan. Shunga qaramay, sariq kasalligi har doim turli sabablarga ko’ra yuzaga kelishi mumkin bo’lgan bilirubin metabolizmining buzilishi bilan bog’liq.

Sariq kasallik haqida to'liq ma'lumot

Sariq kasalligi nima?

Sariq kasallik bu bir qator alomatlar majmui bo’lib, biluribin ortishi natijasida teri, ko’z sklerasi, shilliq qavatlar sarg’imtir bo’lib qoladi. Normada bilirubin taloqda kechadigan eritrotsitlarning parchalanishi jarayonida chiqariladi. So’ngra u jigarga o’tadi va metabolik jarayonlarda ishtirok etgach, organizmni tark etadi.

Yuqoridagi bosqichlarning birontasida buzilish bo’lsa, bilirubin birikmasi qonda to’planib, u skleralar va shilliq qavatlarni sariq rangga bo’ylishiga sabab bo’ladi. Nima uchun bunday bo’ladi? Gemoglobin parchalanishi paytida organizmda sariq pigment hosil bo’ladi. Normal holatda u organizmni defakatsiya jarayonida tark etadi. Jigar yetishmovchiligi va safro yo’llari o’tkazuvchanligining buzilishi bilan kechadigan sariq kasalligi rivojlanishida juda ko’p bilirubin qonda qoladi. Bu holda, ushbu moddaning biroz miqdori teri yoki buyraklar orqali chiqariladi.

Ushbu kasallik eng keng tarqalganlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sariq kasallik ko’pincha iqlimi issiq va sanitariya sharoitlari yomon bo’lgan mamlakatlarda ko’p qayd qilinadi. Masalan, Markaziy Osiyoda deyarli har bir bola ushbu kasallikni boshdan kechiradi. Sharqiy Yevropada virusli kasallikning tarqalganligi yiliga 100 ming aholi boshiga 250 kishini tashkil etadi.

Sariq kasallik qanday gepatit hisoblanadi?

Xalq orasida sariq kasallik deb ko’pincha «gepatit A» yoki «Botkin» kasalligi aytiladi. Bu virusli patologiya organizmning umumiy intoksikatsiyasi va jigar faoliyatining buzilishi bilan birga kechadi. Bundan tashqari, virusli gepatit B va gepatit C, shuningdek, kasallikning autoimmun, mononukleoz, toksik, bakterial, dorivor shakllari mavjud.

Sariq kasallik rivojlanishida inkubatsiya davri bir necha oyga cho’zilishi mumkin. Kasallik davomiyligiga qarab o’tkir, uzoq muddatli yoki surunkali bo’lishi mumkin.

Sariq kasallik alomatlari va belgilari

Kattalarda kasallikning umumiy belgilari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Terining sariqligi;
  • Jigar va taloq o’lchamining kattalashishi;
  • Qonda eritrositlarning ortishi;
  • Qorin sohasida venoz to’r paydo bo’lishi.

Katta yoshlilarda sariq kasalligi terining kuchli qichishi, siydik va najas rangining o’zgarishi bilan namoyon bo’lishi mumkin. Organizmda bilirubinning yuqori kontsentratsiyasi tufayli najas kulrang, siydik esa juda to’q rangga kiradi. Kishi ishtahani yo’qotadi va ko’pincha o’ng qovurg’a ostida spazmatik yoki tortuvchi tabiatli sezilarli og’riqlar tuyadi.

Sariq kasallik rivojlanishi sabablari

Kattalarda sariq kasallikka olib kelishi mumkin bo’lgan ko’plab omillar mavjud:

  • Jigarda yaxshi yoki yomon sifatli o’sma shakllanishi;
  • Safro yo’llarining tug’ma patologiyalari;
  • Parazit mikroorganizmlar bilan kasallanish;
  • Jigar va o’t pufagi patologiyalari;
  • Operatsiyadan keyingi asoratlar;
  • Ayrim dori guruhlaridan foydalanish.

Agar virusli gepatit A bilan kasallanish xavfi haqida gapiradigan bo’lsak, u holda xavf guruhiga aholining quyidagi toifalari kiradi:

  • Yaqin qarindoshlari virus bilan kasallangan kishilar;
  • Infektsiyalangan shaxs bilan jinsiy aloqada bo’lgan kishilar;
  • Ushbu virusning tarqalganligi yuqori bo’lgan davlatga borishni rejalashtirgan kishilar;
  • Giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar.

Sariq kasalligi turlari

Sariq kasallikning alomatlari va davolash usullari to’g’ridan-to’g’ri kasallikning turi va bosqichiga bog’liq. Bu patologiyaning keltirib chiqargan sababiga qarab farq qiladigan ko’plab shakllari mavjud.

Kon’yugatsion sariq kasallik

Sariq kasallikning bu shakli mustaqil kasallik emas — u bevosita bilirubin konversiyasining buzilishi bilan bog’liq bo’lib, uning organizmdagi miqdorining keskin o’sishiga olib keladi. Bu hodisa yangi tug’ilgan chaqaloqlar uchun odatiy holdir, chunki ulardagi modda almashinuvi jarayonlari hali nomukammal bo’ladi. Biroq, ba’zida kattalarda ham sariq kasallikning bu shakli tashxislanadi. Odatda bu jigarga salbiy omillar ta’siri, masalan, dori vositalarini qabul qilish oqibatida rivojlanadi. Bundan tashqari, kon’yugatsion sariq kasalligi tug’ma  patologiyalarning natijasi bo’lishi mumkin, bular orasida Gilbert-Meilengracht sindromi ham bor.

Gemolitik sariq kasallik

Ushbu turdagi buzilish rivojlanishiga eritrotsitlarning patologik parchalanishi, ortiqcha bilirubin to’planishi va organizmdan uning chiqarilishi bilan bog’liq murakkabliklar sabab bo’ladi. Bu holatni turli kasalliklar va patologiyalar keltirib chiqarishi mumkin: anemiya, limfoleykoz, tropik bezgak, limfosarkoma. Bundan tashqari, gemolitik sariq kasallik dori moddalarining tanaga toksik ta’siridan kelib chiqishi mumkin.

Fiziologik sariq kasallik

Sariq kasalligining bu turi yangi tug’ilgan chaqaloqlarga xos bo’lib, bolaning yangi hayot sharoitlariga moslashishi bilan bog’liq. Ko’p hollarda kasallikning fiziologik shakli ferment tizimining yetilmaganligi bilan tushuntiriladi. Bundan tashqari, bu bilirubin metabolizmining buzilishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Aksariyat hollarda sariq kasalligi muddatidan oldin tug’ilgan va zaif bo’lgan bolalarda kuzatiladi. Ushbu holat uchun teri va shilliq qavatlar sariqligi, shuningdek, yuqori uyquchanlik xarakterlidir.

Neonatal sariq kasalligi

Kasallikning bu shakli ham yangi tug’ilgan chaqaloqlarda qayd qilinadi va qonda yuqori miqdorda bilirubin to’planishi bilan bog’liq. Bu buzilish juda keng tarqalgan va u gepatotsitlarning fermentativ nomukammalligi, bilirubin ishlab chiqarishning ko’payishi va zardobning ushbu moddani biriktirib olish qobiliyati zaifligi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Ba’zi hollarda patologiya darhol davolashni talab qiladi. Bilvosita bilirubin neyrotoksik zahar hisoblanadi va ba’zan bosh miya po’sti va po’st osti yadrolariga zarar yetkazishi mumkin.

Parenximal sariq kasallik

Kasallikning bu turi juda keng tarqalgan hisoblanadi. U gepatotsitlar — jigar hujayralarining tuzilishi va faoliyatining buzilishi bilan bog’liq. Parenximal sariq kasalligini keltirib chiqaradigan asosiy kasalliklar o’tkir virusli gepatit va jigar sirrozidir. Natijada, bemor jigarining o’lchami kattalashadi, teri dastlab sariq, keyin qizg’ish tus oladi. Shu bilan birga, tanada telangiektaziyalar hosil bo’ladi, ular o’zlari bilan tomirlarli yulduzchalarni taqdim etadi.

Jigarli shakli

Bu kasallik qonda bevosita bilirubin miqdori ortishi bilan chaqirilgan jigar hujayralari faoliyatining buzilishining natijasi hisoblanadi. Jigarli sariq kasalliK rivojlanishiga virusli gepatit, jigarni dorilar bilan shikastlanishi, sirroz, alkogolli gepatit, jigarda yomon sifatli o’sma shakllanishi sabab bo’lishi mumkin. Ko’pincha kasallikning bu shakli terining sariq rangga bo’yalishi, ishtaha yo’qolishi, ko’ngil aynishi, o’ng qovurg’a osti sohasida og’riq, siydik va najas ranglarining o’zgarishi bilan birga kechadi. Davolash taktikasini tanlash kasallik rivojlanishiga sabab bo’lgan omilga qarab amalga oshiriladi.

Sariq kasalligini tashxislash

Kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Zamonaviy tibbiyot vositalaridan foydalangan holda, ushbu kasallikni tezda bartaraf etish mumkin.

To’g’ri tashxis qo’yish uchun mutaxassis quyidagilarni tayinlaydi:

  • Qonning umumiy va biokimyoviy tahlillari.
  • Qonda bilirubinni aniqlash uchun tahlillar.
  • Jigar faoliyatini tadqiq qilish.
  • Jigar biopsiyasi — kasallikning tabiatini aniqlash va a’zoning shikastlanish darajasini baholash imkonini beradi.

Hech bir yagona test sariq kasallikning turini farqlab bera olmaydi, lekin ba’zi test kombinatsiyalari bunga erishish imkonini beradi.

 
Gemolitik Parenximatoz Mexanik
Umumiy bilirubin Norma / oshgan Oshgan Oshgan
Konyugatsiyalanmagan bilirubin Oshgan Norma / Oshgan Norma
Konyugatsiyalangan bilirubin Norma Oshgan Oshgan
Uribilinogen Oshgan Norma/ Oshgan Oshgan / Manfiy
Siydik rangi To’q-sariq To’q To’q ( ko’pikli, pivo rangida)
Najas rangi To’q Rangsizlangan Rangislangan
Ishqorli fosfataza Norma Oshgan Oshgan
ALT va AST Norma Oshgan Norma

 

Sariq kasallikni davolash

Patologiyani davolash usullari bevosita uning shakli va rivojlanish bosqichiga bog’liq. Davolash imkon qadar samarali bo’lishini ta’minlash uchun kasallikning sababini aniqlash kerak. Har qanday holda ham sariq kasallik alomatlarini bartaraf qilish uchun konservativ davolash belgilanishi mumkin, o’ta og’ir hollarda esa jarrohlik o’tkaziladi va u jigar ko’chirib o’tkazishni nazarda tutadi.

Konservativ davo quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:

  • Dori vositalaridan foydalanish — antigistaminlar, steroidlar.
  • Plazmaferez.
  • Fototerapiya.
  • Parhez tutish.

Davolashning maqsadi virusni yo’qotish, jigar sirrozini oldini olish va kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfini kamaytirishdir. Agar kishida gepatitning surunkali autoimmun shakli rivojlangan bo’lsa, kortikosteroidlar bilan davolash belgilanadi.

Davolash o’z vaqtida boshlanmasa, patologik jarayonlar shunchalik avj olishi mumkinki, shifokorlar remissiya davriga erisha olishmaydi. Bu holda, jigar transplantatsiyasisiz bartaraf qilib bo’lmaydigan xavfli asoratlar yuzaga keladi.

Ba’zan kishida safro chiqishining buzilishi bilan bog’liq bo’lgan mexanik sariq kasallik rivojlanadi. Agar u yaxshi tabiatga ega bo’lsa va safro chiqish buzilishi tosh shakllanishi natijasida yuzaga kelgan bo’lsa, endoskopik papillosfinkterotomiya qo’llaniladi — bu jarayon safro yo’lidagi toshlarning taxminan 90 foizini yo’qotishga yordam beradi. Agar mexanik sariq kasallik yomon sifatli o’sma shakllanishi bilan bog’liq bo’lsa, bemorga radikal davolash choralari ko’rsatiladi. Odatda bunday bemorlarda xolestaz darajasini pasaytirishga yo’naltirilgan palliativ operatsiyalar o’tkaziladi.

Virusli gepatit A rivojlanishida bemorlar davolashsiz ham shifo topadilar. Bunday holatda antivirus preparatlar belgilanmaydi va zamonaviy tibbiyotda ishlatiladigan dorilar virus bilan kurashishga emas, balki jigar faoliyati buzilganligi oqibatida paydo bo’lgan zararli moddalar konsentratsiyasini kamaytirish va organizmni ulardan tozalashga qaratilgan bo’ladi.

Bunday holda bemorlarga dezintoksikatsion eritmalar, glyukoza, vitaminlar kiritilishi mumkin. Bundan tashqari, jigar hujayralarini himoya qilish uchun mo’ljallangan gepatoprotektorlar ham belgilanadi. Bularga sirepar, silibor, silibinin kabi preparatlar kiradi. Bu dori-darmonlarga qo’shimcha ravishda spazmolitiklar — papaverin, no-shpa, remidon kabi preparatlar tayinlanishi mumkin.

Murakkab holatlarda davolash tamoyillari yuqoridagilar kabi bo’ladi, ammo simptomatik terapiyaga ko’proq e’tibor qaratiladi. Odatda, jigar funktsiyasi vaqt o’tib to’liq tiklanadi.

Tuzalish jarayonini tezlashtirish va eritrositlarning normal metabolizmini tiklash uchun maxsus parhezga rioya qilish kerak. Kishi, albatta, oqsil, temir, B guruh vitaminlari bo’lgan mahsulotlarni iste’mol qilishi kerak, bu toifaga baliq va parranda go’shti, tuxum va sut mahsulotlari kiradi.

Qon hosil bo’lish jarayonini tiklash uchun foliy kislotasi kerak. Uning manbalari yashil sabzavotlar, jigar, karam, loviya hisoblanadi. Bodring, pomidor, sabzi, karam, qovoqni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Sariq kasallik turiga qaramasdan, spirtli ichimliklar, yog’li va achchiq ovqatlardan voz kechish kerak — bularning hammasi zaiflashib qolgan jigarga qo’shimcha yuk tushiradi.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. yaxshi narsalar bor lekini qanday paxezda bo`linishini chuquroq keltirsangiz

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.