Qorin tifi (ich terlama) — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish

Ich terlama, qorin tifi — o’tkir siklik kechuvchi ichak antroponoz infektsiyasi, Salmonella typhi (Salmonella enterica, typhi serotipi) bakteriyalari tomonidan qo’zg’atiladi. Alimentar yuqadi, isitma, tifoz holat rivojlanishi, umumiy intoksikatsiya, terida rozeoloz toshmalar toshishi, gepato- va splenomegaliya va ingichka ichak quyi qismi limfa tizimining o’ziga xos shikastlanishi bilan xarakterlanadi.

Qorim tifi yoxud ich terlama kasalligi

Qorin tifining birinchi tarixan ma’lum bo’lgan epidemiyalardan biri Afina vabosi sanaladi. 2000-yilda dunyoda 21,6 million kishi ich terlama bilan kasallangan, ularning taxminan 1 foizi kasallik tufayli vafot etgan.

Etiologiyasi

 Salmonella_enterica_serovar_typhi
Kasallik qo’zg’atuvchilari mikropreparati surati

Kasallik qo’zg’atuvchisi — Salmonella enterica, Salmonella avlodi, Enterobacteriaceae oilasiga mansub Typhi serovari. Ushbu bakteriya haqida birinchi qaydnoma Syurixda 1880-yilda Ebert tomonidan nashr etilgan ma’ruzada keltirilgan. Ebert bilan bir vaqtda Kox, Klebs va Meyer ham bakteriyani o’rganish bilan mashg’ul bo’lishgan.

1884-yilda qo’zg’atuvchi toza shaklda Koxning o’quvchisi Gaffka tomonidan ajratib olingan va unga «Ebert-Gaffka qorin tifi tayoqchasi» nomi berilgan.

Bakteriya harakatchan, grammanfiy, oxirlari dumaloq, barcha alinin bo’yoqlar bilan yaxshi bo’yladi. Ekzotoksini yo’q. Nobud bo’lganidan keyin u faqatgina odamlar uchun patogen sanaladigan endotoksin chiqaradi. Spora hosil qilmaydi.

Ich terlama bakteriyalari tashqi muhitda ancha barqaror: toza suv omborlarida ular bir oygacha, sabzavot va mevalarda 10 kungacha saqlanishi, sut mahsulotlarida esa ko’payishi va to’planishi ham mumkin.

Xloraminning 3% eritmasi, karbol kislotasining 5% eritmasi, simobli xlorid (1: 1000), 96% etil spirti ta’sirida ular bir necha daqiqadan so’ng nobud bo’lishadi.

Epidemiologiya

Qo’zgatuvchi rezervuarlari va manbalari: bemor yoki tashuvchi odam (vaqtinchalik, o’tkir yoki surunkali).

Kasallikning 1-5 haftasida patogenning najas bilan ajralishi eng ko’p kuzatiladi. Bu ko’rsatkich 3-haftada maksimal darajaga yetadi. Siydik bilan ajralish kasallikning 2-4 haftasi davomida kuzatiladi.

Rekonvalestsentlar ko’pincha patogenlarni 14 kun davomida tashqi muhitga ajatishda davom etadi (vaqtincha tashuvchanlik). Bu jarayon kasallikni boshdan o’tkazganlarning 10 foizida 3 oygacha davom etadi (o’tkir tashuvchanlik). Ularning 3-5 foizi esa surunkali tashuvchiga aylanib, bir necha yil davomida qorin tifi bakteriyasini tashqi muhitga ajratishda davom etishlari mumkin.

Surunkali tashuvchida qorin tifi qo’zg’atuvchisi ajralishining o’zgaruvchan tabiati uni aniqlashni qiyinlashtiradi va ularning epidemiologik xavfini oshiradi.

Patogenning yuqish mexanizmi fekal-oral sanaladi. Asosiy yo’l ko’p hollarda suvdir, ammo oziq-ovqat (kefir, smetana, sut, qatiq, qiyma go’sht va boshqalar) va kundalik sharoitda yuqish ham qayd etib turiladi.

Odamlarning tabiiy sezuvchanligi yuqori, ammo kasallikning klinik belgilari sezilmas darajadan jiddiy shakllarga qadar farq qilishi mumkin. Kasallik boshdan o’tkazilgach organizmda barqaror immunitet saqlanib qoladi.

Asosiy epidemiologik belgilar

Kasallik ubikvitar tarqalishga ega, ammo suv ta’minoti va sanitariya darajasi past bo’lgan hududlarda ko’proq uchraydi. Suv orqali zararlanishda ko’pincha o’smir va kattalar, sut mahsulotlari orqali zaralanishda esa ko’proq yosh bolalar kasallanadi. Kasallik yoz-kuz faslida nisbatan ko’proq kuzatilishi xarakterlidir.

Alomatlari

Inkubatsion davr 6 kundan 30 kungacha, o’rtacha 2 hafta davom etadi. Kasallik davomining umumiy zanjiri: Qo’zg’atuvchi — og’iz — ichak — peyer blyashkalari va solitar follikullar (limfadenit va limfangit) — qon oqimi — bakteriemiya — birinchi klinik tasvirlar.

Qonda aylanib yuradigan mikroorganizmlar qisman nobud bo’ladi va o’zlaridan intoksikatsiya sindromini keltirib chiqaradigan endotoksin ajratishadi, massiv endotoksemiyada esa infektsion-toksik shokka olib keladi.

Boshlang’ich davr (isitma boshlanganidan boshlab uning doimiy saqlanib turishigacha bo’lgan vaqt) 4-7 kun davom etadi va intoksikatsiya alomatlari kuchayishi bilan tavsiflanadi. Teri rangining ochligi, zaiflik, bosh og’rig’i, ishtahaning pasayishi, bradikardiya kuzatiladi. Til ustini oq karash qoplashi, ich qotishi, meteorizm, ich ketishi xarakterlidir.

Avj olish davri — 9-10 kun. Tana harorati doimiy ravishda yuqori darajada saqlanib turadi. Intoksikatsiya belgilari yaqqol namoyon bo’ladi. Bemorlar tormozlangan, atrofdagilarga salbiy munosabatda. Ko’rik davomida oqargan teri fonida oqish-pushti toshma elementlari — rozeolalarni aniqlash mumkin, ular teri sathidan biroz bo’rtib turadi, bosilganda yo’qoladi, asosan qorinning yuqori qismi, ko’krakning pasti, gavdaning yon yuzalari, qo’llarning bukilish yuzalarida joylashadi.

Yurak tovushlarining jarangsizligi, bradikardiya, gipotenziya qayd etiladi. Til jigarrang karash bilan qoplanadi, chetlarida tish izlari aniqlanadi. Qorin dam bo’lishi, ich qotishi moyilligi mavjud. Jigar va taloq kattalashadi. Tifoz holat — keskin tormozlanganlik, ongning buzilishi, delerioz, gallyutsinatsiyalar qayd qilinadi. Kasallik og’ir darajasining yana bir namoyon bo’lishi infektsion-toksik shokdir.

Kasallikning bartaraf bo’lish davri. Harorat keskin ravishda yoki tezlashgan lizis bilan pasayadi, intoksikatsiya belgilari yo’qoladi — ishtaha paydo bo’ladi, uyqu normallashadi, zaiflik asta-sekin tark etadi va bemor o’zini yaxshi his qila boshlaydi.

Rekonvalestsensiya davrida bemorlarning 3-10 foizida kasallik retsidivi kuzatilishi mumkin. Retsidiv elchilari — haroratning subfebril darajadaligi, jigar va taloq hajmini normallashmasligi, ishtahaning pasayishi, zaiflikning davom etishidir. Retsidivga asosiy kasallik bo’lgani kabi klinik tasvirlar hamrohlik qiladi, ammo qisqaroq muddat davom etadi.

Qorin tifi yengil, o’rtacha va og’ir shakllarda nanmoyon bo’lishi mumkin. Kasallikning atipik: abortiv va xira shakllari ajratiladi.

Hozirgi kunda ich terlama klinik ko’rinishi katta o’zgarishlarga duch kelgan. Buning sababi antibiotiklarni keng qo’llash, shuningdek, immunoprofilaktika sanaladi. Natijada kasallikning abortiv va xira shakllari ustunlik qila boshladi. Isitma 5-7 kungacha (ba’zan 2-3 kun) davom etishi mumkin. Ko’pincha kasallikning o’tkir boshlanishi qayd qilinadi (prodromal davrsiz — 60-80% hollarda).

Qon tahliliga kelganda, 50% hollarda normotsitoz saqlanib turadi, eozinofillar normal darajada. Qorin tifi kasalligiga serologik reaktsiyalar kasallikning davomida salbiy natija berishi mumkin.

Tashxislash

Laboratoriya diagnostikasi birinchi navbatda qon, najas, siydik, safro suyuqligini bakteriologik tekshirishdan iborat. Qon madaniyati usuli kasallikning dastlabki kunlaridan boshlab istima davri oxirigacha amalga oshirilishi mumkin, biroq davolanishni boshlashdan oldin tavsiya etiladi. Buning uchun bemor tirsak venasidan 5-10 ml qon olinib, 20 foizli safroli bulyon yoki Rapoport muhitiga, 1% glyukoza qo’shilgan go’sht-pepton bulyoni yoki hatto sterillangan distillangan suvga ekiladi. Muhitning hajmi 50-100 ml ni tashkil qiladi. Materialning muhitga nisbati 1:10 bo’lishi kerak.

Najas, siydik, duodenal materiallarni kasallik boshlangan kundan 2-hafta o’tgach, Ploskirev, Levin, Myuller va boshqa muhitlarga ekib tekshiriladi. Tahlillarning dastlabki natijasi 2 kundan so’ng, yakuniy — 4 kundan keyin olinadi.

Najas, siydik va o’n ikki barmoqli ichak tarkibida qorin tifi tayoqchasini aniqlash uchun O — va ​​Vi-antigenlar uchun belgilangan zardob bilan IFR ishlatiladi. Dastlabki javobni 1 soat ichida, yakuniy javobni 5-20 soat ichida olish mumkin.

Serologik usullardan RA (Vidal) va sistein bilan RPGA ishlatiladi:

  • Vidal reaktsiyasi kasallikning 7-9-kuni H- va O-antigenleri bilan qo’yiladi va titr o’sishini aniqlash uchun kasallikning 3-4- haftasida yana takrorlanadi.
  • PGAR o’rnatishda natijalar plastinalarning 37 °C haroratda 1,5-2 soat davomida va ikkinchi marta xona haroratida 24 soatdan keyin inkubatsiyalashdan so’ng hisobga olinadi. 1:40 va undan yuqori titrlarda reaktsiya ijobiy deb hisoblanadi.

Davolash

Gospitalizatsiya

Kasallikning o’tkir davrida va tana harorati 10 kun davomida me’yorda bo’lganda yotoq tartibi, asoratlar kuzatilganda qat’iy yotoq tartibi buyuriladi. Tartibga o’zgartirishlar kiritish tavsiya etilmaydi: to’satdan harakatlar qilmaslik, og’irliklar ko’tarmaslik, defakatsiya paytida haddan ortiq kuchanmaslik.

Oshqozon-ichak traktining shilliq qavatini mexanik va kimyoviy qo’zg’atish xususiyatiga ega bo’lgan, ichakda achish va chirish jarayonlarini kuchaytiradigan har qanday mahsulotlarni keskin cheklash talab etiladi. Asoratlanmagan shakllarda stol №4a, uyga ruxsat berishdan 5-7 kun oldin esa 15-stol tavsiya etiladi. Vitaminlar kompleksini qabul qilish (askorbin kislotasi — kuniga 900 mg, B1 va B2 vitaminlari — 9 mg, PP — 60 mg, P — 300 mg / kun) buyurilishi mumkin.

Terapiya kursi bemor ahvolining og’irligi va klinik tiklanish tezligidan qat’iy nazar normal tana harorati saqlanayotganining 10-kunigacha davom etadi. Agar 4-5 kun ichida salomatlikda o’zgarishlar sezilmasa kurs bekor qilinadi va boshqasi tayinlanadi.

Medikamentoz terapiya

Levomitsetin (xloramfenikol). Kattalar, ovqatdan 20-30 daqiqa oldin, kuniga 50 mg / kg, 4 marta. Tana harorati normallashgandan keyin — kuniga 30 mg / kg. Og’iz orqali yuborishning iloji bo’lmaganda (ko’ngil aynishi, qusish, epigastral og’riqlar) — parenteral yo’l orqali xloramfenikol suksinat kuniga 3 g yoki ampitsillin: kattalar uchun 1-1,5 g dan sutkasiga 4-6 marta. Boshqa preparatlar orasidan trimetoprim (80 mg tabletkalar) va sulfametoksazol (400 mg tabletka), biseptol, baktrim, septrin, kotrimoksazolni ajratib ko’rsatish mumkin. Qabul tartibi kattalarga kuniga 2 tabletkadan 2 marta ovqatdan so’ng 3-4 hafta davomida.

Og’ir, murakkab va birlashgan shakllarni davolashda amitsitsillin (kuniga 6-8 g) va gentamitsin (kuniga 240 mg) kombinatsiyasi samarali hisoblanadi. Yengil holatlarda detoksikatsiya qilish uchun ko’p miqdorda suyuqlik ichish, ovqatdan 2 soat o’tgach enterosorbentlar qabul qilish, burun kateterlari orqali kislorod ingalatsiyasi tayinlanishi mumkin.

Ich terlama va paratif bilan kasallangan barcha bemorlarga leykopoez va reparativ jarayonlar stimulyatorlari, angioprotektorlar buyuriladi.

Bemorlarni dispanser kuzatuvi

Bakteriyalarni tashqi muhitga ajratishning to’xtashi vaqtinchalik bo’lib, bir muncha vaqt o’tgach (bir necha yilgacha) qayta tiklanishi mumkin. Rekonvalestsentlarni kasalxonadan chiqarish to’liq klinik tiklanish, laboratoriya ko’rsatkichlarining normallashishi, najas va siydik namunalarida bakteriyalar mavjudligini 3 marta, safroda bir marta o’rganganda natija salbiy bo’lishi fonida amalga oshiriladi.

Kasalxonadan chiqqandan keyin bemorlar dispanser kuzatuv ostida bo’ladilar, 3 oydan keyin najas, siydik va safroning bakteriologik tekshiruvi o’tkaziladi. Agar natijalar salbiy bo’lsa, kuzatuv to’xtaydi.

Загрузка...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *