G’ilaylik — sabablari, alomatlari, tasnifi, tashxislash, davolash, oldini olish

G’ilaylik (strabizm, qad.yun. στρᾰβής — qiyshiq yoki geterotropiya, qad.yun ἕτερος — boshqa, τροπή, τροπά — burilish) — ko’zni ko’rish o’qining fiksatsiya nuqtasidan doimiy yoki vaqti-vaqti bilan og’ishi, bu binokulyar ko’rishning buzilishiga olib keladi. G’ilaylik o’zini tashqi nuqson sifatida namoyon qiladi — ko’zlarni/ko’zni burun yoki chakka tomonga, yuqoriga yoki pastga og’ishi. Bundan tashqari, g’ilay bemorda ikkilangan ko’rish, bosh aylanishi va bosh og’rig’i, ko’rishning pasayishi, ambliopiya kuzatilishi mumkin. G’ilaylikni tashxislash oftalmologik (ko’rish o’tkirligini tekshirish, biomikroskopiya, perimetriya, oftalmoskopiya, skiaskopiya, refraktometriya, ko’zning biometrik tekshiruvi va h.k.), nevrologik tekshiruvni o’z ichiga oladi. G’ilaylikni davolash ko’zoynakli yoki kontaktli tuzatish, apparatli muolajalar, pleoptik, ortoptik va diploptik usullar, xirurgik tuzatish yordamida amalga oshiriladi.

G'ilaylik haqida to'liq ma'lumot

G’ilaylik

Bolalar oftalmologiyasida g’ilaylik (geterotropiya yoki strabizm) bolalarning 1,5-3 foizida, qizlar va o’g’il bolalar bilan bir xilda kuzatiladi. Qoida tariqasida, g’ilaylik ko’zlarning birgalikda ishlashi rivojlanadigan 2-3 yoshlikda yuzaga keladi; ammo tug’ma g’ilayliklar ham kuzatilishi mumkin.

G’ilaylik faqat kosmetik nuqson emas: bu kasallik vizual analizatorning deyarli barcha bo’limlarining faoliyati buzilishiga olib keladi va ko’plab vizual buzilishlar bilan birga kechishi mumkin. G’ilaylikda bir yoki ikkala ko’z joylashuvining markaziy o’qidan og’ishi shunga olib keladiki, o’qlar fiksatsiyalangan ob’yektda kesishmaydi. Bunday holda, miya po’stlog’ining ko’rish markazlarida chap va o’ng ko’z bilan alohida ko’riladigan monokulyar tasvirlar bir vizual tasvirga birlashmaydi va ob’yektning ikkilangan tasviri paydo bo’ladi. Ikkilangan tasvirdan himoya qilish uchun markaziy asab tizimi vaqt o’tishi bilan g’ilay ko’zdan olingan signallarni bostiradi, bu esa ambliopiyaga — ko’rish qobiliyatining funktsional pasayishiga olib keladi, bunda g’ilay ko’z ko’rish jarayonida deyarli yoki butunlay ishtirok etmaydi. G’ilaylik davolanmasa, ambliopiya rivojlanishi va ko’rishning pasayishi bolalarning taxminan 50 foizida kuzatiladi.

Bundan tashqari, g’ilaylik psixikaning shakllanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, yopiqlik, negativlik, qo’zg’aluvchanlik rivojlanishiga yordam beradi va kasb tanlash va inson faoliyati doirasini cheklaydi.

G’ilaylik tasnifi

Yuzaga kelish muddatiga ko’ra, tug’ma (infantil — tug’ilganida mavjud bo’lishi yoki dastlabki 6 oyda rivojlanishi) va orttirilgan (odatda 3 yoshgacha rivojlanadi) g’ilaylik ajratiladi. Ko’z og’ishining barqarorligi bo’yicha davriy va doimiy g’ilaylik farqlanadi.

Jalb qilingan ko’z hisobga olinsa, u bir tomonlama (monolateral) va o’zgaruvchan (alternizatsiyalovchi) bo’lishi mumkin — oxirgisida navbati bilan u yoki bu ko’z og’adi.

Jiddiylik nuqtai nazaridan yashirin (geteroforiya), kompensatsiyalangan (faqat oftalmologik tekshiruv vaqtida aniqlanadi), subkompensatsiyalangan (faqat nazorat zaiflashganda yuzaga keladi) va dekompensatsiyalangan (nazorat qilib bo’lmaydigan) g’ilaylik farqlanadi.

G’ilay ko’zning og’ishi yo’nalishga qarab, gorizontal, vertikal va aralash g’ilaylik farqlanadi.

  • Gorizontal g’ilaylik yaqinlashuvchi (ezotropiya, konvergent strabizm — bu holda g’ilay ko’z burun tomon og’adi) va uzoqlashuvchi (ekzotropiya, divergent strabizm — g’ilay ko’z chakkaga tomon og’adi) bo’lishi mumkin.
  • Vertikal g’ilaylikda ham ikki shakl ajratiladi: ko’zning yuqoriga (gipertropiya, supravergent g’ilaylik) va pastga (gipotropiya, infravergent g’ilaylik) og’ishi.
  • Ba’zi hollarda siklotropiya — vertikal meridian chakka (eksiklotropiya) yoki burunga (insiklotropiya) og’adigan torzion geterotropiya kuzatiladi.

Yuzaga kelish sabablari nuqtai nazaridan hamdo’st va paralitik hamdo’st bo’lmagan g’ilaylik farqlanadi. 70-80% hollarda hamdo’st g’ilaylik yaqinlashuvchi bo’ladi, 15-20% esa uzoqlashuvchi. Torzion va vertikal og’ishlar, qoida tariqasida, paralitik g’ilaylikda kuzatiladi.

Hamdo’st g’ilaylikda ko’z olmalarining turli yo’nalishlardagi harakatlari to’la hajmda saqlanib qoladi, diplopiya kuzatilmaydi, binokulyar ko’rishning buzilishi qayd qilinadi. Hamdo’st g’ilaylik akkomodatsion, qisman akkomodatsion va noakkomodatsion bo’lishi mumkin.

Akkomodatsion hamdo’st g’ilaylik o’rta va og’ir darajadagi gipermetropiya, miopiya, astigmatizm mavjudligi sabab ko’pincha 2,5-3 yoshlikda rivojlanadi. Bunday holda, tuzatuvchi ko’zoynaklar yoki kontaktli linzalardan foydalanish, shuningdek, apparatli davolash ko’zlarning simmetrik holatini tiklashga yordam beradi.

Qisman akkomodatsion va noakkomodatsion g’ilaylik belgilari 1-2 yoshli bolalarda kuzatiladi. Hamdo’st g’ilaylikning bunday shakllarida refraktsiya anomaliyasi geterotropiyaning yagona sababi emas, shuning uchun ko’z olmalarining joylashuvini tiklash uchun jarrohlik aralashuvi talab etiladi.

Paralitik g’ilaylik rivojlanishi mushaklar, nervlar yoki miyaning o’zida patologik jarayonlar tufayli ko’zni harakatlantiruvchi mushaklarining shikastlanishi yoki falaji bilan bog’liq. Paralitik g’ilaylikda og’gan ko’zning harakatchanligi shikastlangan mushaklar yo’nalishi bo’yicha chegaralanadi, diplopiya paydo bo’ladi va binokulyar ko’rish buziladi.

G’ilaylik sabablari

Tug’ma (infantil) g’ilaylikning kelib chiqishi sabablariga:

  • Geterotropiyaning oila anamnezi bilan bog’liq bo’lishi — yaqin qarindoshlarda g’ilaylik mavjud bo’lishi;
  • Genetik kasalliklar (Kruzon sindromi, Daun sindromi );
  • Ba’zi tibbiy preparatlar, giyohvand moddalar va alkogolning homilaga teratogen ta’siri;
  • Muddatidan oldin tug’ilish va bolaning kam vazn bilan tug’ilishi;
  • Bolalar serebral falajligi, gidrosefaliya, tug’ma ko’z nuqsonlari (tug’ma katarakta).

Orttirilgan g’ilaylik rivojlanishi o’tkir yoki asta-sekin sodir bo’lishi mumkin. Bolalarda ikkilamchi hamdo’st g’ilaylik paydo bo’lishining sabablari:

  • Amitropiya (astigmatizm, gipermetropiya, mipoiya) — bunda miopiyada ko’pincha yaqinlashuvchi, gipermetropiyada esa uzoqlashuvchi g’ilaylik shakllanadi;
  • Stress;
  • Yuqori vizual zo’riqish;
  • Yuqori isitma bilan kechuvchi umumiy kasalliklar (yuvenil revmatoid artrit), bolalar infektsiyasi (qizamiq, skarlatina, difteriya, gripp);
  • Psixik jarohatlar (qo’rquv).

Kattaroq yoshda, shu jumladan kattalarda ham, orttirilgan g’ilaylik katarakta, leykoma, ko’rish nervi atrofiyasi, to’r parda ko’chishi, makula degeneratsiyasi fonida rivojlanishi mumkin.

Paralitik g’ilaylik rivojlanishi uchun xavf omillari:

  • O’smalar (retinoblastoma);
  • Kalla-miya jarohatlari;
  • Kalla-miya nervlarning falajlanishi;
  • Neyroinfektsiyalar (meningit, ensefalit);
  • Insult;
  • Ko’z kosasi devori va tubining sinishlari;
  • Tarqoq skleroz, miasteniya.

G’ilaylik alomatlari

Rangdor parda va ko’z qorachig’ining ko’z chuquriga nisbatan assimetrik joylashuvi har qanday g’ilaylikning ob’yektiv belgisi bo’lib xizmat qiladi. Boshqacha qilib aytganda, shox pardaning qovoq burchagi va chetlariga nisbatan nosimmetrik joylashuvi.

Paralitik g’ilaylikda og’gan ko’zning falajlangan mushak tomonga harakatchanligi cheklangan yoki butunlay yo’q bo’ladi. Ko’z yumilganda o’tib ketadigan diplopiya va bosh aylanishi kuzatiladi, ob’yektning joylashishini to’g’ri baholash imkoni yo’q. Paralitik g’ilaylikda birlamchi og’ish burchagi (g’ilay ko’zning) ikkilamchi og’ish burchagidan (sog’lom ko’z) kichikroq, ya’ni nuqtani g’ilay ko’z bilan fiksatsiyalashga uringanda, sog’lom ko’z ancha kattaroq burchakka og’adi.

Paralitik g’ilayligi bo’lgan bemor ko’ruv buzilishlarni bartaraf etish uchun boshini egish yoki burishga majbur bo’ladi. Ushbu adaptiv mexanizm ob’yektning tasvirini to’r pardaning markaziy chuqurchasiga passiv o’tkazilishini ta’minlaydi, bu esa ikkilangan ko’rishni bartaraf etadi va to’liq mukammal bo’lmagan binokulyar ko’rishni ta’minlaydi. Paralitik g’ilaylikda boshni majburan burish yoki egishni qiyshiq bo’yinlik, otitdagi holatdan farqlash kerak.

Ko’zni harakatlantiruvchi nervlarning shikastlanishida ko’z qovoqlarining ptozi, qorachiqning kengayishi, ko’zning tashqi tomon va pastga qarab og’ishi, qisman oftalmoplegiya va akkomodatsiyaning falajlanishi yuzaga keladi.

Paralitik g’llaylikdan farqli o’laroq, hamdo’st geterotropiyada odatda diplopiya kuzatilmaydi. G’ilay va fiksatsiyalovchi ko’zlarning harakatlanish hajmi taxminan bir xil va cheklanmagan, birmlamchi va ikkilamchi og’ishlarning burchagi teng, ko’zni harakatlantiruvchi mushaklarning funktsiyalari buzilmagan. Nigohni predmetga fiksatsiyalashda bir yoki navbati bilan ikkala ko’z ham biron tomonga og’adi.

Hamdo’st g’ilaylik gorizontal (yaqinlashuvchi yoki uzoqlashuvchi), vertikal (suprevergent yoki infravergent), torzion (siklotropiya), kombinativ; monolateral yoki alternizatsiyalovchi bo’lishi mumkin; .

Monolateral g’ilaylikda og’gan ko’zning ko’ruv funktsiyasi vizual analizatorning markaziy bo’limi tomonidan bostiriladi, bu shu ko’z ko’ruv o’tkirligining pasayishi va turli darajadagi disbinokulyar ambliopiya rivojlanishi bilan birga kechadi. Alternizatsiyali g’ilaylikda ambliopiya, odatda, rivojlanmaydi yoki zaif ifodalangan bo’ladi.

G’ilaylikni tashxislash

G’ilaylikda sinovlar o’tkazish bilan keng ko’lamli oftalmologik tekshirishlar, biometrik tekshiruvlar, ko’z tuzilmalarini tekshirish, refraktsiyani o’rganish kerak bo’ladi.

Anamnezni yig’ishda g’ilaylik yuzaga kelgan vaqt va uning boshdan o’tkazilgan kasalliklar va jarohatlar bilan bog’liqigi aniqlanadi. Tashqi ko’rik vaqtida boshning majburiy holati (paralitik g’ilaylikda), yuz va ko’z chuqurlarining simmetriyasi, ko’z olmalarining joylashuvi (enoftalm, ekzoftalm) baholanadi.

Shundan so’ng ko’rish o’tkirligi tuzatishsiz va sinov linzalaridan foydalanilgan holda tekshiriladi. Skiaskopiya va kompyuterli refraktometriya yordamida optimal korrektsiyani aniqlash uchun klinik refraktsiya tekshiriladi. Agar sikoplegiya fonida g’ilaylik yo’qolsa yoki kamaysa, bu patologiyaning akkomodatsion xarakterli ekanligini ko’rsatadi. Ko’zning old qismlari, shaffof muhit va ko’z tubi biomikroskopiya, oftalmoskopiya yordamida tekshiriladi.

Binokulyar ko’rishni tekshirish uchun ko’zni yopish bilan sinov o’tkaziladi: g’ilay ko’z bunda yon tomonga og’adi; sinoptofor apparat yordamida fuzion qobiliyat (tasvirlarni birlashtira olish qobiliyati) baholanadi. G’ilaylik burchagi o’lchovi (g’ilay ko’z og’ishi kattaligi), konvergentsiyani o’rganish, akkomodatsiya hajmini aniqlash amalga oshiriladi.

Paralitik g’ilaylik aniqlanganda, nevropatolog bilan maslahatlashuv va qo’shimcha nevrologik tekshiruv (elektromiografiya, elektroanurografiya, chaqirilgan potensiallar, EEG va boshqalar) ko’rsatiladi.

G’ilaylikni davolash

Hamdo’st g’ilaylikda davolashning asosiy maqsadi — binokulyar ko’rishni tiklash, bunda ko’zning assimetriyasi bartaraf etiladi va ko’rish funktsiyalari normallashtiriladi. Chora-tadbirlar optik tuzatish, pleoptik-ortoptik davolash, g’ilaylikni jarrohlik yordamida tuzatish, pre- va postoperativ ortoptoptodiplotik davolashni o’z ichiga olishi mumkin.

G’ilaylikni optik tuzatish jarayonida ko’z nurini tiklash, shuningdek, akkomodatsiya va konvergentsiya nisbatlarini me’yorlashtirish ko’zlanadi. Bunday maqsadda ko’zoynaklar yoki kontakt linzalar tanlanadi. Akkomodatsion g’ilaylikda bu geterotropiyani bartaraf etish va binokulyar ko’rishni tiklash uchun yetarli bo’ladi. Ayni paytda, ametropiyani ko’zoynakli yoki kontaktli tuzatish har qanday shakli uchun zarur.

Pleoptik davolash ambliopiyada g’ilay ko’zning ko’ruv yukini oshirish uchun ko’rsatiladi. Bunday maqsadda fiksatsiyalovchi ko’z okklyuziyasi, penalizatsiya ishlatilishi, ambliopik ko’zni apparatli stimulyatsiya qilish (Ambliokor, Ambliopanorama , dasturiy-kompyuterli davolash, akkomodatsiyani shug’ullantirish, elektrookulostimulyatsiya, lazerstimulyatsiya, magnitostimulyatsiya, fotostimulyatsiya, vakuumli oftalmologik massaj) qo’llanilishi mumkin. G’ilaylikni davolashning ortoptik bosqichi ikkala ko’zning muvofiqlashgan binokulyar faoliyatini tiklashga qaratilgan bo’ladi. Buning uchun sinoptik apparatlar (Sinoptofor), kompyuter dasturlari qo’llaniladi.

G’ilaylikni davolashining yakuniy bosqichida diploptik davolash amalga oshiriladi, u tabiiy sharoitilarda binokulyar ko’rishni ishlab chiqishga yo’naltirilgan bo’ladi (Bagolini linzalari, prizmalar bilan mashq qilish); ko’zning harakatlanishini yaxshilash uchun gimnastika, konvergentstrenerda mashg’ulotlar buyuriladi.

Konservativ davolashning ta’siri 1-1,5 yil davomida kuzatilmasa, g’ilaylikni xirurgik yo’l bilan bilan davolash mumkin. G’ilaylikni operatsiya yordamida tuzatishni 3-5 yoshda amalga oshirish optimal hisoblanadi. Oftalmologiyada g’ilaylik burchagini kamaytirish yoki bartaraf etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. G’ilaylikni tuzatish uchun ikkita operatsiya turi qo’llaniladi: ko’zni harakatlantiruvchi mushaklar vazifasini zaiflashtiruvchi va kuchaytiruvchi. Mushaklar nazoratini zaiflashtirish mushaklarning ko’chirib o’tkazish  (retsessiya) yoki payni kesish yo’li bilan, mushakning ta’sirini kuchaytirish esa rezektsiya (qisqartirish) yo’li bilan amalga oshiriladi.

G’ilaylikni tuzatish operatsiyasidan oldin va keyin qoldiq deviatsiyani bartaraf etish uchun ortoptik va diploptik davolash ko’rsatiladi. G’ilaylikni jarrohlik yordamida tuzatishning muvaffaqiyati 80-90% ni tashkil qiladi. Jarrohlik aralashuvining asoratlari giperkorrektsiya va g’ilaylikni yetarli darajada tezatmaslik bo’lishi mumkim; kamdan-kam hollarda — infektsiya, qon ketish, ko’rish qobiliyatini yo’qotish.

G’ilaylik davosi mezonlari ko’zlar joylashuvining simmetriyasi, binokulyar ko’rishning barqarorligi va yuqori ko’rish o’tkirligidir.

Hozirda g’ilaylikni botoks bilan davolash sinalmoqda.

Prognoz va shikastlanishning oldini olish

G’ilaylikni davolashni iloji boricha tezroq boshlash kerak, shunda bola maktabga borishni boshlagunigacha ko’rish funktsiyalari yetarli darajada tiklanadi. Deyarli barcha hollarda g’ilaylik doimiy, izchil va uzoq muddatli kompleks davolanishni talab qiladi. G’ilaylikni tuzatishni kech boshlash yoki tuzatishning noto’g’ri bo’lishi ko’rishning qaytarib bo’lmas yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Hamdo’st akkomodatsion g’ilaylik eng muvaffaqqiyatli tuzatiladi; kech aniqlangan paralitik g’ilaylikda to’laqonli ko’rish funktsiyasini tiklash prognozi salbiy.

G’ilaylikni oldini olish uchun bolalarni oftalmolog tomonidan muntazam tekshirilib turishi, ametropiyalarni o’z vaqtida optik tuzatish, ko’rish gigienasi talablariga rioya qilish, ko’ruv zo’riqishini cheklash kerak. Har qanday ko’z kasalliklari, infektsiyalarni erta aniqlash va davolash, bosh suyagi jarohatlarini oldini olish kerak. Homiladorlik paytida homilaga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi omillardan qochish lozim.

Reklama

Ushbu mazvuda 1 ta fikr qoldirilgan

  1. G’ilayliknicuy sharoitida davolasa buladimi
    2 yoshlik bolada

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.