Nefrit kasalligi — alomatlari, sabablari, tashxislash, davolash, oldini olish

Nefrit (buyrak yallig’lanishi) — koptokchali apparat shikastlanadigan yallig’lanishli buyrak kasalliklari guruhidir. Nefritda buyrak jom-chanoq tizimi, koptokchalari, tomirlar va kanalchalari shikastlanadi.

Tibbiy ma’lumotlarga ko’ra, nefrit ko’pincha bolalar (asosan qizlar) va yosh o’g’il bolalar orasida uchraydi.

Nefrit kasalligi - buyraklar

Yuzaga kelish sabablari

Nefrit turiga qarab, bu kasallikning sababi o’tkir respirator virusli infektsiya, skarlatina, angina, infektsiyaning surunkali o’chog’i (tonzillit, tish kariesi va boshqalar) bo’lishi mumkin. Qoida tariqasida nefrit o’tkir kasallik boshlanganidan keyin 10-20 kun ichida rivojlanadi.

Nefrit rivojlanishiga turtki omili bo’lib tananing umumiy zaifligi, immunitetning pastligi, vitamin yetishmovchiligi, ortiqcha charchoq, umumiy yoki mahalliy sovqotish bo’lishi mumkin. Sovqotish kuzatilganda, buyraklarda qon ta’minoti yomonlashadi, bu ulardagi yallig’lanish jarayonining rivojlanishiga hissa qo’shadi. Spirtli ichimliklarni suiste’mol qilish, autoimmun kasalliklar, zaharlanish, qandli diabet, onkologik kasalliklar bilan nefrit rivojlanish ehtimolligi ortadi.

Alomatlari va belgilari

Bemorning dastlabki shikoyatlariga charchashning kuchayishi, ishtahaning kamayishi, bel sohasidagi og’riqlar va bosh og’rig’i kiradi. Kasallik o’tkir tus olganida shish paydo bo’lishi va tana haroratining yengil ko’tarilishi kuzatiladi. Terining, ayniqsa yuz terisi oqimtir tus olishi mumkin. Bundan tashqari, nefritda ajraladigan siydik hajmining kamayishi kuzatiladi, ranggi esa loyqa yoki qizg’ish bo’ladi.

Ba’zi hollarda nefrit alomatlari sifatida ko’ngil aynishi, qusish, og’iz qurishi, chanqoq namoyon bo’ladi. Siydik va qon tahlillari o’tkazilganda, gematuriya, massiv proteinuriya, disproteinemiya, giperlipidemiya va giperxolesterinemiya aniqlanadi.

Tashxis

Agar nefritdan shubha qilinadigan bo’lsa, quyidagi tashxis usullari qo’llaniladi:

  • Anamnezni yig’ish;
  • Biokimyoviy qon tahlili;
  • Siydik tahlili;
  • Buyraklarning ultratovush tekshiruvi;
  • Nechiporenko bo’yicha siydik tahlili;
  • Buyrak biopsiyasi (ayrim hollarda talab etiladi).

Kasallik turlari

Kasallikning quyidagi turlari farqlanadi:

  • Pielonefrit — bu bakterial etiologiyaga ega bo’lgan buyraklarning yallig’lanishi.
  • Interstitsial nefrit — buyrak kanalchalari va interstitsial to’qimalari zararlanadigan buyraklarning yallig’lanishi.
  • Glomerulonefrit — glomerulaning yallig’lanishi bilan ifodalangan buyrak kasalligi.
  • Shuntli nefrit — buyrak koptokchalarining immunitet kompleksining asorati bilan ifodalanadigan kasallik turi hisoblanadi.

Bemorning harakati

Nefrit belgilari kuzatilganda urolog shifokorga murojaat qilishingiz kerak. Agar nefrit aniqlansa, siz dorilarni qabul qilish va parhez tutish borasida shifokorning tavsiyalariga amal qilishingiz kerak.

Davolash

Kerakli davolash buyrakdagi yallig’lanish jarayonining shakliga qarab tanlanadi. O’tkir nefritda maxsus parhez, suyuqlikning cheklangan iste’moli va yotoq tartibiga amal qilish buyuriladi. Terapiyaning asosi antibiotiklar bilan davolashdir. Ko’pincha kefzon, gentamisin, penitsillin, seporin asosidagi antibakterial preparatlar qo’llaniladi. Antibiotik terapiyasining jiddiyligi bemorning holatiga bog’liq.

Nefritni davolashda bemorning umumiy holatini kuzatish va qon bosimini muntazam ravishda o’lchash kerak. Qon bosimining oshishi va shishlar kuzatilganda bemorga diuretik (siydik haydovchi) preparatlar buyuriladi. Nefritni kompleks davolashda detoksifikatsiya qiluvchi preparatlar ham qo’llaniladi.

Agar nefritda konservativ davolash kerakli natijalarni bermasa, bu holda bu yiringli shishlarni ochish va buyraklar dekapsulatsiyasi qilish uchun jarrohlik operatsiyasini o’tkazish masalasi ko’rib chiqiladi.

Davolanishning muvaffaqiyatli yakun topishi asosan bemorning intizomi va barcha tibbiy tavsiyalarga amal qilishiga bog’liq.

Asoratlari

Kerakli davolanishsiz nefrit surunkali bosqichga o’tishi mumkin, bu esa buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi xavfini tug’diradi. Shunindek yurak-qon tomir va nafas olish tizimlari asoratlari rivojlanishi ham mumkin.

Oldini olish

Nefritning oldini olish barcha yuqumli kasalliklarni o’z vaqtida davolashga borib taqaladi. Chiniqish, sog’lom turmush tarzi, muvozanatli parhez va immunitet darajasini oshirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar ushbu kasallikning rivojlanish ehtimoli kamaytiradi.

Reklama

Ushbu mazvuda 3 ta fikr qoldirilgan

  1. Ассалому алайкум!
    Турмуш ўртоғимнинг бош қисмига (сочига) турли тошмалар тошиши кайси касалликнинг белгилари!

    1. Shunchaki toshma toshayotganini inobatga olib qanday kasallik ekanligini aytib bo’lmaydi. Dermatologiya bo’limida keltirilgan teri kasalliklari belgilari bilan taqqoslab ko’ring. Eng to’g’ri yo’l bu shifokor bilan uchrashish.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.