Limfadenit: sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, bolalarda limfadenit

Limfadenit — bu limfa tugunlarining spetsifik yoki nospetsifik yallig’lanishi bilan tavsiflanadigan patologiya. Uning rivojlanishida limfa tugunlarining kattalashishi, palpatsiyalanganda og’rishi va umumiy holsizlik kuzatiladi. Yallig’lanish sababi infektsiya hisoblanadi. Qo’zg’atuvchining tabiati va uning antibiotiklarga sezuvchanligi darajasi shikastlangan tugunlardan olingan bioptat namunasini tahlil qilishda aniqlanadi. Limfadenit fonida yiringli asoratlar — abstsess yoki adenoflegmonalar rivojlanishi mumkin. Bunday o’choqlar albatta ochilishi va drenajlanishi kerak bo’ladi.

Limfadenit kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Limfadenit bosqichlari va tasnifi

Yiringli yallig’lanish jarayoni bitta tugunga yoki yaqin atrofda joylashgan limfa tugunlar guruhiga ta’sir qilishi mumkin.

Eng ko’p quyidagi tugunlar shikastlanadi:

  • Quloq yon;
  • Jag’ osti;
  • Bo’yin;
  • Qo’ltiq osti;
  • Chov.

Tirsak, tizza osti, chuqur yonbosh va tos limfa tugunlarining shiksatlanishi kamroq uchraydi.

Patogenning turiga qarab, limfadenitning spetsifik va nospetsifik turlari ajratiladi. Kechish tabiatiga ko’ra, kasallikning o’tkir va surunkali variantini ajratish qabul qilingan.

O’tkir yallig’lanish shakllari:

  • Kataral (oddiy yallig’lanish);
  • Giperplastik (limfoid hujayralarning faol o’sishi bilan);
  • Yiringli.

Dastlabki bosqichlarda limfa tugunlarining kattalashishi sodir bo’ladi. Turg’un giperemiya (qon to’planishi) rivojlanadi. Tugun to’qimalarini seroz singishi qayd qilinadi. Shikastlanish joyiga leykotsitlar faol ravishda migratsiya qiladi va limfoid to’qimada proliferativ hujayra o’sishi boshlanadi. Barcha patologik o’zgarishlar kapsula ichida lokalizatsiyalanadi. Kataral va giperplastik shakllarda infektsion yallig’lanish surunkali shaklga o’tishi mumkin.

Patologiyaning yanada rivojlanishida limfa tuguni yiringli o’choq shakllanishi bilan yiringli erish ta’siriga uchraydi. Abstsess paydo bo’ladi (kapsulda cheklangan yiring boylagan joy). Uning tarkibi hujayralar hududiga tushishi mumkin, bu esa adenoflegmona va yallig’lanish jarayonining atrof to’qimalariga tarqalishi — paralimfadenit rivojlanishiga olib keladi.

Muhim: limfadenitning ixoroz shakli eng og’ir kechadi. Bu tugun to’qimalarining chirishli parchalanishining natijasidir.

Limfa tugunlarining tez va massiv nekrozida parologiyaning nekrotik turi rivojlanadi.

Fibrinoz limfadenit ko’p miqdorda ekssudat ajralishi bilan parallel ravishda fibrin quyqalar tushishi bilan ajralib turadi.

O’lat va kuydirgi kabi xavfli infektsion kasalliklarda limfa tugunlari qon bilan infiltratsiyalanadi. Bunday hollarda limfadenitning gemorragik shakli haqida gapiriladi.

Sabablari

Odatda limfadenit birlamchi septik yallig’lanishning oqibati hisoblanadi. Patogen (piogen) mikroflora — streptokokklar va stafilokokklar va ular ishlab chiqaradigan toksinlar o’choqdan limfogen yo’l yoki qon oqimi bilan migratsiya qiladi. Shuningdek infektsion agentlar limfa tomirlariga jarohatlangan teri yoki shilliq qavatlar orqali kirishi mumkin (kontaktli yo’li).

Birlamchi o’choqlar quyidagilar bo’lishi mumkin:

  • Suyak panaritsiylari;
  • Infektsiyalangan yaralar;
  • Furunkullar va karbunkullar;
  • Saramasli yallig’lanish;
  • Abstsesslar;
  • Suyak va suyak iligining yallig’lanishi (osteomielit).

Limfadenit rivojlanishining keng tarqalgan sabablaridan biri — tish kasalliklari, shu jumladan, tish karieslari. Infektsiyaning surunkali o’chog’i uzoq vaqt davomida yallig’lanish jarayonini qo’llab-quvvatlashi mumkin.

Patologiya ko’pincha shuningdek tromboflebit fonida ham yuz beradi.

Spetsifik limfadenitgan olib keladigan kasalliklar:

  • Venerik kasalliklar — sifilis, gonoreya;
  • Aktinomikoz;
  • Tulyaremiya;
  • Tuberkulyoz;
  • O’lat;
  • Kuydirgi.

E’tibor bering: ba’zi hollarda birlamchi o’choq topilmaydi, chunki limfadenit rivojlanishi vaqtiga qadar u bartaraf etilishi mumkin (shu jumladan o’z-o’zidan).

Limfa tugunining yallig’lanishi bakteriyalarning keyingi tarqalishiga to’sqinlik qiluvchi to’siq hosil qiladi.

Ushbu patologiyada bemorning salomatligi va hayotiga jiddiy tahdid soladigan septik asoratlarning rivojlanishi istisno etilmaydi.

Limfadenit alomatlari

O’tkir nospetsifik limfadenitning birinchi namoyon bo’lishlari — mahalliy shishganlik va tugunning og’rishi. Paypaslab ko’rilganda uning konsistentsiyasi zich-elastik bo’ladi. Kataral va giperplastik shakllar fonida, organizmning intoksikatsiyalanishidan dalolat beradigan shikoyatlar zaif ifodalanadi yoki umuman bo’lmaydi. Tugunni paypaslab ko’rishda seziladigan og’riq kuchli emas. Ko’pincha mazkur patologiyaga limfangit — hududiy limfa tomirlarining yallig’lanishi hamrohlik qiladi.

Yiringli jarayonning namoyon bo’lishi:

  • Tugunning yuqori zichligi;
  • Yallig’lanish o’chog’i konturlarining noaniqligi;
  • Mahalliy giperemiya va shish;
  • Umumiy zaiflik;
  • Isitma va isitma reaktsiyasi (varaja qilish, qizish, terlash);
  • Bosh og’rig’i;
  • Ishtahaning pasayishi.

Bemor og’riq sindromi kuchayishini qo’zg’atmaslik uchun tananing muayyan qismlarida harakatni cheklashga majbur bo’ladi.

Yiringli erishda flyuktuatsiya kabi belgi paydo bo’ladi (yallig’lanish hududi palpatsiyasida suyuqlikning siljishi).

Adenoflegmona shakllanishli yiringli kapsulaning yorilishi alohida yumshoq fragmentlar bilan tarqoq zich infiltrat aniqlanishi orqali namoyon bo’ladi.

Palpatsiya vaqtida qirsillash mavjudligi (gazli krepitatsiya) yiringli shakldan darak beradi.

Tugunning septik erishi bilan umumiy intoksikatsiya belgilari keskin oshadi — o’rtacha yoki yuqori isitma va taxikardiya aniqlanadi.

Yiringli jarayonning mumkin bo’lgan asoratlari:

  • Tromboflebit;
  • Mediastinit;
  • Septikopemiya (qonning zararlanishi);
  • Limfatik fistulalar shakllanishi (abstsessning qizilo’ngach yoki bronxlarga kirib borishida).

Surunkali kechishda limfa tugunlari hajmi oshib, asta-sekin zichlashadi. Ammo ular ayni paytda aniq ajralgan va atrofdagi to’qima tuzilmalari bilan birlashib ketmagan bo’ladi. Vaqt o’tishi bilan limfa tugunlari bujmayadi, o’z to’qimasi chandiqlanadi va uning o’rnini biriktiruvchi to’qima egallaydi.

Jiddiy surunkali jarayonlar sezilarli shishlar bilan kechadi, natijada limfa aylanishininng buzilishi — dimlanishlar yuzaga keladi. Vaqt o’tishi bilan o’ziga xos namoyon — elefantiaz kuzatiladi.

Spetsifik limfadenitning ham o’ziga xos xususiyatlari bor:

  • Gonoreyali shaklda chov tugunlari juda og’riqli va kattalashgan bo’ladi;
  • Tuberkulyozli shakli kuchli zaiflik (intoksikatsiya tufayli) va uzoq vaqt davomida saqlanishi mumkin bo’lgan haroratning keskin ko’tarilishini ta’minlaydi, atrofdagi to’qimalar yallig’lanadi;
  • Yallig’lanishning sifilitik tabiati bir tomonlama jarayon ko’rinishida kechadi. Limfa tugunlari «zanjir»ni eslatadi. Paypaslanganda ular bo’sh, birikmagan va kamdan-kam hollarda yiringli bo’ladi.

Limfadenitning tashxis mezonlari

Kataral va asoratlanmagan limfadenitning rivojlanishini payqash qiyin emas. Oddiy ko’rik, shikoyatlarni to’plash va tugunlarni palpatsiya qilish dastlabki tashxis qo’yish imkonini beradi.

Patologiyaga periadenit hamrohlik qilishida, shuningdek adeoflegmona qo’shilishida, ayniqsa yallig’lanish jarayoni ko’ks oralig’i, qorinparda orti to’qimalariga tarqalganda kasallikni to’g’ri tashxislash qiyinroq bo’ladi. Bunday hollarda tashxis qo’yuvchi shifokorning vazifasi — birlamchi o’choqni topishdir, faqatgina shu holda kasallikni muvaffaqqiyatli davolash mumkin bo’ladi.

Tuberkulyozli limfadenitdan shubha qilinsa, tubrekulinli sinovlar va punktsion material tahlili o’tkazilishi kerak. Maqsad — ularni kashf etgan olimlarning familiyasi — Pirogov-Langxans hujayralari nomi bilan ataladigan o’ziga xos gigant hujayralarni aniqlash. Ko’krak qafasi a’zolarining rentgenografiyasida ham xarakterli o’zgarishlar kuzatiladi, xususan kaltsinatlar.

Sifilitik limfadenitda punktatni oqish treponema (sifilis kasalligi qo’zg’atuvchilari) mavjudligiga o’rganish talab etiladi.

Yanada aniq tashxis qo’yish uchun tor doira mutaxassislari — venereologlar, ftiziatrlar va boshqa shifokorlarni jalb qilgan holda bemorlarni kollegial tekshirish o’tkaziladi.

O’tkir limfadenitni osteomielit, gidradenit, flegmonoz o’choqlar, teri osti kletchatkasidagi yiringli jarayonlar, piogen infektsiya bilan asoratlangan ateromadan farqlash kerak.

Umumiy qon tahlilida leykositoz va ECHT`ning oshishi kuzatiladi.

Tashxisni aniqlashtirish uchun quyidagilar o’tkaziladi:

  • Tugunning biopsiyasi;
  • Limfa tomirlarining ultratovush diagnostikasi;
  • Kompyuter tomografiyasi;
  • Jarayon bilan shikastlangan zonalarning MRT`si;
  • Rentgenokontrast angiografiya (limfografiya).

Bolalarda limfadenitning xususiyatlari

Bolalarda limfadenitning ko’pincha uchraydigan sabablari:

  • LOR-a’zolari kasalliklari (tonzillit, otit);
  • O’RVI (shu jumladan, gripp);
  • Ekssudativ diatez;
  • Terining pustular yallig’lanishi (piodermiya);
  • Bolalarning o’ziga xos infektsiyalari (tepki, skarlatina, difteriya).

Bolalar limfadenitining asosiy farqi kasallikning o’ta tez boshlanishi, og’ir kechishi, tana haroratining yuqori ko’rsatkichlargacha ko’tarilishi, sezilarli intoksikatsiya. Tegishli davolanish boshlanmasa, jarayon ko’pincha umumiy shaklga o’tadi (sepsis).

Limfadenitni davolash

Davolash taktikasi kasallikning shakli, bosqichi va boshqa xususiyatlar asosida tanlanadi.

Konservativ terapiya quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Asosiy kasallikni davolash;
  • Mikroblarga qarshi preparatlar (antibiotiklar va sulfanamidlar) — mikroblar florasining sezuvchanligini aniqlagandan so’ng maksimal dozada buyuriladi. Antibiotik terapiyasi ham nospetsifik (stafilokokklar, streptokokklar), ham spetsifik patogenlarga (gonokokklar, treponemalar, tuberkulin tayoqchalari va boshqalar) yo’naltirilgan dori vositalaridan foydalanishni o’z ichiga oladi;
  • Dezintoksikatsiya (Gemodez, Reopoliglyukin, Reamberin);
  • Barcha asosiy turlarini o’z ichiga olgan kompleks vitaminlarni tayinlash;
  • Fizioterapiya — UYCH;
  • Tinchlikni ta’minlash;
  • Parhez tutish — sho’r, qovurilgan, dudlangan mahsulotlarni cheklash.

Terapevtik davolash og’ir asoratlarsiz kataral o’tkir limfadenit bo’lgan holda tavsiya etiladi.

Xirurgik davolash o’choqni ochish, abstsess va flegmona bo’shlig’ini sanatsiya qilish, mahalliy ravishda antimikrob preparatlar va antiseptiklar kiritish bilan yarani drenajlashni o’z ichiga oladi.

Limfadenit uchun profilaktika choralari va oqibati

Limfadenitning yakuni uning shakliga va o’z vaqtida to’g’ri belgilangan davolashga bog’liq. Kasallik o’tganidan so’ng limfa tugunlari sohasida chandiq to’qima hosil bo’lishi, limfa oqimining buzilishi va limfatik shish (limfadema) rivojlanishi mumkin.

Limfadenitning rivojlanishiga yo’l qo’ymaslik uchun mikrojarohatlar, yaralar, eroziv yuzalarni davolashni o’tkazish, tish kasalliklari, tomoq (angina, faringit), terining (furunkul, panaritsiyalar) yallig’lanish kasalliklarini o’z vaqtida davolash kerak.

1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz 1 ta baho berilgan
Загрузка...
yuklanmoqda...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *