Yurak yetishmovchiligi — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish

 

Yurak yetishmovchiligi — miokard qisqarish qobiliyatining zaiflashuvi va katta yoki kichik qon aylanishi doirasida dimlanish hodisalari tomonidan chaqirilgan o’tkir yoki surunkali holat. Tinch holatda yoki biroz faollikda hansirash, tez charchash, shishlar, tirnoqlar va lab-burun uchburchagi sianozi (ko’karishlari) bilan namoyon bo’ladi.

O’tkir yurak yetishmovchiligi o’pka shishi va kardiogen shokning rivojlanishi bilan xavfli, surunkali yurak yetishmovchiligi esa a’zolarning gipoksiyasi rivojlanishiga olib keladi. Yurak yetishmovchiligi — inson o’limining eng ko’p uchraydigan sabablaridan biridir.

Yurak yetishmovchiligi haqida to'liq ma'lumot

Yurak yetishmovchiligi

Yurak yetishmovchiligida yurakning qisqaruvchi (nasos) funktsiyasining pasayishi organizmning gemodinamik talablari va yurakning bu ehtiyojni qondira olishi orasidagi muvozanat buzilishiga olib keladi. Bu disbalans yurakni qonni arteriyalar tizimiga o’tkazish qobiliyatidan yurakka keladigan venoz oqim va miokard qonni tomirlarga haydash uchun yengib o’tishi kerak bo’lgan qarshilikning ustun bo’lishi bilan namoyon bo’ladi.

Yurak yetishmovchiligi mustaqil yurak kasalligi hisoblanmaydi va tomirlar va yurakning turli patologiyalari asorati sifatida rivojlanadi: yurakning klapan poroklari, ishemik kasallik, kardiomiopatiya, arterial gipertoniya va boshqalar.

Ba’zi kasalliklarda (masalan, arterial gipertoniyada) yurak yetishmovchiligi namoyon bo’lishining ortishi yillar davomida asta-sekin o’sib boradi, ammo boshqa (o’tkir miokard infarktida), funktsional hujayralarning bir qismi nobud bo’lishi bilan kechadigan hollarda esa bu vaqt kun va soatlargacha qisqaradi. Yurak yetishmovchiligining keskin rivojlanishida (daqiqalar, soatlar, kunlar) uning o’tkir shakli haqida gapiriladi. Boshqa hollarda yurak yetishmovchiligi surunkali deb hisoblanadi.

Surunkali yurak yetishmovchiligidan aholining 0,5% dan 2% gacha qismi aziyat chekadi, 75 yoshdan kattalarda uning tarqalganligi taxminan 10% ni tashkil qiladi. Yurak yetishmovchiligi muammosining dolzarbligi undan aziyat chekuvchi bemorlar sonining faqat ortib borishi, yuqori o’lim va nogironlik ko’rsatkichlari bilan belgilanadi.

Rivojlanishi sabablari va xavf omillari

Yurak yetishmovchiligining eng ko’p uchraydigan sabablari orasida (bemorlarning 60-70 foizida) miokard infarkti va YIK ajratiladi. Ulardan keyingi o’rinlarda revmatik yurak kasalliklari (14%) va dilatatsion kardiomiopatiya (11%) turadi. 60 yoshdan oshgan guruhda YIK`dan tashqari, yurak yetishmovchiligi gipertonik kasallik tomonidan (4%) ham chaqiriladi. Keksa bemorlarda yurak yetishmovchiligining tez-tez uchraydigan sababi bo’lib 2-toifa qandli diabet va uning arterial gipertoniya bilan kombinatsiyasi xizmat qiladi.

Provokatsiya qiluvchi omillar yurak yetishmovchiligining namoyon bo’lishini yurakning kompensator mexanizmlari pasayishida chaqiradi. Sabablardan farqli o’laroq, xavf omillari potensial qaytariladigan hisoblanadi va ularning kamaytirilishi yoki bartaraf qilinishi yurak yetishmovchiligining og’irlashishini sekinlashtirishi va hatto bemorning hayotini saqlab qolishi mumkin. Bularga quyidagilar kiradi:

  • Jismoniy va psixoemotsional imkoniyatlarning ortiqcha zo’riqishi;
  • Aritmiyalar, o’pka arteriyasi tromboemboliyasi (O’ATE), gipertonik krizlar, yurak ishemik kasalliklarining (YIK) kuchayishi;
  • Pnevmoniya, O’RVI, anemiya, buyrak yetishmovchiligi, gipertireoz;
  • Suyuqlik ushlanib qolishiga hissa qo’shadigan (NYQP, estrogenlar, kortikosteroidlar), arterial bosimni oshiradigan (izadrin, efedrin, adrenalin) dorilar, kardiotoksik preparatlar qabul qilish;
  • Tana vaznining sezilarli va tezda ortishi, alkogolizm;
  • Massiv infuzion terapiyada aylanib yuruvchi qon hajmining keskin ortishi;
  • Miokardit, revmatizm, infektsion endokardit;
  • Surunkali yurak yetishmovchiligini davolash bo’yicha tavsiyalarga rioya qilmaslik.

Yurak yetishmovchiligining rivojlanish mexanizmlari

O’tkir yurak yetishmovchiligining rivojlanishi ko’pincha miokard infarkti, o’tkir miokardit, og’ir aritmiyalar (qorincha fibrillyatsiyasi, paroksizmal taxikardiya va boshqalar) fonida kuzatiladi. Bunda daqiqalik qon haydalishi va arterial tizimga qon kelishining keskin pasayishi kuzatiladi. O’tkir yurak yetishmovchiligi klinik jihatdan o’tkir tomir yetishmovchiligiga o’xshaydi va ba’zida o’tkir yurak kollapsi deb ataladi.

Surunkali yurak yetishmovchiligida yurakda rivojlanayotgan o’zgarishlar uzoq vaqt davomida qon tomir tizimining intensiv ishi va adaptiv mexanizmlari bilan kompensatsiyalanadi, ularga:

  • Yurak qisqarishi kuchining ortishi;
  • Ritmining tezlashishi;
  • Kapillyarlar va arteriolalarning kengayishi hisobiga diastoladagi bosimning kamayishi (bu sistolada qon haydalishini yengillashtiradi);
  • To’qimalarning perfuziyasi ortishi.

Yurak yetishmovchiligi hodisalarining yanada ortishi qon haydalishi hajmining kamayishi, qorinchalarda qoldiq qon miqdorining oshishi, diastola paytida ularning to’lib ketishi va miokard mushaklari tolasining ortiqcha cho’zilishi bilan tavsiflanadi. Qon aylanishini ta’minlash va qonni tomirlarga haydashga urinadigan miokardning doimiy zo’riqishi uning kompensator gipertrofiyasiga olib keladi. Biroq, ma’lum muddatga kelib miokardning zaiflashuvi, unda distrofiya va sklerozlanish jarayonlari rivojlanishi tufayli dekompensatsiya bosqichi boshlanadi. Miokardning o’zi qon va energiya ta’minotida yetishmovchilik seza boshlaydi.

Ushbu bosqichda patologik jarayonga neyrogumoral mexanizmlar qo’shiladi. Simpatiko-adrenal tizim mexanizmlarining faollashishi qon haydalishi hajmi kamayganda katta qon aylanish doirasida normal arterial bosimni saqlab qolishi uchun periferiyadagi tomirlarning torayishiga olib keladi. Bunda buyrak vazokonstriksiyasi rivojlanishi buyrak ishemiyasiga olib keladi, bu esa to’qimalar ichida suyuqlikni ushlanib qolishiga sabab bo’ladi.

Gipofiz tomonidan antidiuretik gormon sekretsiyasining ortishi suvning reabsorbtsiyasi jarayonlarini kuchaytiradi, bu esa aylanib yuruvchi qon hajmini oshiradi, natijada kapillyar va venoz bosim oshadi, to’qimalarda suyuqlik transsudatsiyasi kuchayadi.

Shunday qilib, jiddiy yurak yetishmovchiligi tanada qo’pol gemodinamik buzilishlarga olib keladi:

Gaz almashinuvi buzilishi

Qon oqimi sekinlashganda, to’qimalarning kapillyarlardan kislorod yutishi miqdori me’yoriy 30%dan 60-70% gacha ko’tariladi. Qonni kislorod bilan to’yinganligining arteriovenoz farqi oshadi, bu esa atsidoz rivojlanishiga olib keladi. Qonda oksidlanmay qolgan metabolitlarning to’planishi va nafas olish mushaklari ishining kuchayishi asosiy metabolizmning faollashishiga olib keladi. Bunda yopiq doira hosil bo’ladi: organizmning kislorodga bo’lgan ehtiyoji oshadi, qon aylanish tizimi esa uni qondira olmaydi.

Kislorod tanqisligi rivojlanishi sianoz va hansirashga olib keladi. Yurak yetishmovchiligida sianoz markaziy (kichik qon aylanishi doirasida dimlanish va qon oksigenatsiyasi buzilishida) va periferik (qon oqimining sekinlashuvida va to’qimalarda kislorod utilizatsiyasining ortishida) bo’lishi mumkin. Yurak yetishmovchiligi periferiyada nisbatan ko’proq namoyon bo’lishi sababli, yurak yetishmovchiligi bo’lgan bemorlarda akrosianoz kuzatiladi: qo’l-oyoq uchlari, quloq, burun uchi ko’kimtirligi.

Shishlar

Shishlar bir qator omillar natijasida rivojlanadi:

  • Kapillyar bosimning ortishi va qon oqimining sekinlashuvida to’qimalar ichida suyuqlik ushlanib qolishi;
  • Suv-tuz almashinuvi buzilishida suv va natriyning ushlanib qolishi;
  • Oqsillar almashinuvi buzilganida qon plazmasining onkotik bosimi buzilishi;
  • Jigar funktsiyasi pasayishida aldosteron va antidiuretik gormonni inaktivatsiyalash darajasining pasayishi.

Yurak yetishmovchiligida shishlar dastavval yashirin bo’ladi va tana vaznining tezda ortishi va siydik miqdorining kamayishi bilan ifodalanadi. Ko’rinuvchan shishlar agar bemor yursa, oyoqlardan, agar yotgan bo’lsa, dumg’azadan boshlanadi. Keyinchalik bo’shliqlarda suyuqlik to’planishi boshlanadi: astsit (qorin bo’shlig’ida), gidrotoraks (plevra bo’shlig’i), gidroperikard (perikardial bo’shliq).

A’zolarda dimlanishli o’zgarishlar

O’pkadagi dimlanish hodisalar kichik qon aylanishining gemodinamikasi buzilishi bilan bog’liq. U o’pka rigidligi, ko’krak qafasining nafas olish ekskursiyasining pasayishi, o’pka chetlarining cheklangan harakatlanishi bilan tavsiflanadi. Katta qon aylanishi doirasida dimlanish hodisalari gepatomegaliya (o’ng qovurg’a ostidagi og’riqlar bilan namoyon bo’ladi), kardial jigar fibrozini chaqiradi.

Yurak yetishmovchiligda yurak qorinchalari va bo’lmachalari bo’shlig’ining kattalashishi bo’lmacha-qorincha klapanlarning nisbiy yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin, bu bo’yin venalarining bo’rtishi, taxikardiya, yurak chegaralarining kengayishi bilan namoyon bo’ladi. Dimlanishli gastrit rivojlanishida ko’ngil aynishi, ishtaha yo’qolishi, qusish, ich qotishi va meteorizmga moyillik, tana vaznining pasayishi kuzatiladi. Progressiv yurak yetishmovchiligida holdan toyishning og’ir darajasi — kardial kaxeksiya rivojlanadi.

Buyraklarda dimlanish hodisalari oliguriya, siydik nisbiy zichligining ortishi, proteinuriya, gematuriya, silindruriyani chaqiradi. Yurak yetishmovchiligida markaziy asab tizimining buzilishi tez charchash, aqliy va jismoniy faollikning pasayishi, bezovtalanishning kuchayishi, uyqu buzilishi, depressiv holatlar bilan tavsiflanadi.

Tasnifi

Dekompensatsiya belgilarining ortishi tezligi bo’yicha o’tkir va surunkali yurak yetishmovchiligi ajratiladi.

O’tkir yurak yetishmovchiligining rivojlanishi ikki turga bo’linadi:

  • Chap tur bo’yicha (o’tkir chap qorincha yoki chap bo’lmacha yetishmovchiligi);
  • O’tkir o’ng qorincha yetishmovchiligi.

Vasilenko-Strajesko tasnifiga ko’ra, surunkali yurak yetishmovchiligining rivojlanishida uch bosqich ajratiladi:

  • I (boshlang’ich) bosqich — yurak yetishmovchiligi belgilari yashirin, faqat jismoniy zo’riqish davomida hansirash, ortiqcha charchoq bilan namoyon bo’ladi; tinch holatda gemodinamik buzilishlar kuzatilmaydi.
  • II (sezilarli) bosqich — uzoq muddatli qon aylanishi yetishmovchiligi va gemodinamik buzilishlar (kichik va katta qon aylanish doiralarida dimlanishlar) tinch holatda ham ifodalanadi; mehnat qobiliyatining keskin cheklanishi:
    • II davr A — yurakning bitta qismida o’rtacha gemodinamik buzilishlar (chap yoki o’ng qorincha yetishmovchiligi). Hansirash normal jismoniy faoliyatda rivojlanadi, ish qobiliyati keskin kamayadi. Ob’yektiv belgilari — sianoz, kichik boldirning shishishi, gepatomegaliyaning dastlabki belgilari, qiyin nafas olish.
    • II davr B  — butun yurak-qon tomir tizimini qamrab olgan chuqur gemodinamik buzilishlar (katta va kichik doira). Ob’yektiv belgilari — tinch holatda ham hansirash, jiddiy shishlar, sianoz, astsit; mehnat qobiliyatining to’liq yo’qotilishi.
  • III (distrofik, yakuniy) bosqich — qon aylanishining va modda almashinuvining jiddiy yetishmovchiligi, a’zolar tuzilmasining morfologik qaytarib bo’lmaydigan buzilishlari (jigar, o’pka, buyraklar), holdan toyish.

Alomatlari

O’tkir yurak yetishmovchiligi belgilari

Bu yurakning bitta bo’limi funktsiyasining zaiflashuvi tomonidan chaqiriadi: chap bo’lmacha yoki qorincha, o’ng qorincha. O’tkir chap qorincha yetishmovchiligi yuk asosan chap qorinchaga tushadigan kasalliklarda (gipertonik kasallik, aortal porok, miokard infarkti) rivojlanadi. Chap qorincha funktsiyalarining zaiflashuvida o’pka venalarida, arteriolalar va kapillyarlarda bosim ko’tariladi, ularning o’tkazuvchanligi ortadi, buning oqibatida qonning suyuq qismi sizib chiqa boshlaydi va natijada avval interstitsial, so’ngra alveolyar shish rivojlanadi.

O’tkir chap qorincha yetishmovchiligining klinik ko’rinishi kardial astma va o’pkaning alveolyar shishidir. Kardial astma xuruji, odatda, jismoniy yoki neyro-psixik stress tomonidan chaqiriladi. Keskin bo’g’ilish hollari ko’pincha tunda kuzatilib, bemorni qo’rquvdan uyg’onishiga olib keladi. Kardial astma havo yetishmayotganligi hissi, yurak urishi, qiyin ko’chuvchi balg’amli yo’tal, keskin zaiflik, sovuq terlash bilan namoyon bo’ladi.

Bemor ortopnoe holatiga o’tadi — oyoqlarini tushirib o’tirish. Ko’rik chog’ida terining rangi oqargan biroz kulrang tusli, sovuq ter, akrosianoz, kuchli hansirash qayd qilinadi. Zaif, aritmik puls, yurak chegaralarining chapga kengayishi, jarangsiz yurak ohanglari, ot yugurishi ritmi aniqlanadi; arterial bosim ko’pincha pasaygan bo’ladi.

Kichik qon aylanish doirasi dimlanishlarining kuchayishi bilan o’pka shishi rivojlanadi. Keskin bo’g’ilish ko’p miqdorda pushti rangli ko’pikli balg’am ajralishi bilan kechadi. Masofadan nam xirillashli nafas olish eshitiladi. Bemorning joylashuvi ortopnoe holatida, yuzi ko’kargan, bo’yin venalari bo’rtib qolgan, teri sovuq ter bilan qoplangan. Puls ipsimon, aritmik, tez-tez, qon bosimi pasaygan, o’pkada har xil xirillashlar eshitiladi. O’pka shishi o’limga olib kelishi mumkinligi sababli intensiv davolanishni talab qiladigan favqulodda vaziyat hisoblanadi.

O’tkir chap bo’lmachali yurak yetishmovchiligi mitral stenozda (chap bo’lmacha-qorincha klapani) uchraydi. Klinik ko’rinishi bo’yicha o’tkir chap qorincha yetishmovchiligi bilan bir xil. Ko’pincha o’ng qorinchaning o’tkir yetishmovchiligi o’pka arteriyasi yirik shoxlarining tromboemboliyasida yuzaga keladi. Katta qon aylanish doirasida dimlanish rivojlanadi, bu oyoqlar shishishi, o’ng qovurg’a ostidagi og’riq, bo’yin venalarining bo’rtishi va pulsatsiyasi, hansirash, sianoz, yurak sohasidagi og’riq va bosim bilan kechadi. Periferik puls tez va zaif, arterial bosim keskin pasaygan, markaziy venoz bosim ko’tarilgan, yurak o’ng tomonga kengaygan.

O’ng qorinchaning dekompensatsiyasiga olib keladigan kasalliklarda yurak yetishmovchiligi chap qorincha yetishmovchiligiga qaraganda ancha oldin namoyon bo’ladi. Bu yurakning eng qudratli qismi bo’lgan chap qorinchaning katta kompensatorlik imkoniyatlari bilan izohlanadi. Biroq, chap qorincha funktsiyasi pasayishida yurak yetishmovchiligi katastrofik sur’at bilan o’sib boradi.

Surunkali yurak yetishmovchiligi alomatlari

Surunkali yurak yetishmovchiligining dastlabki bosqichlari chap va o’ng qorincha, chap va o’ng bo’lmacha turlarda rivojlanishi mumkin. Aortal porok, mitral klapan yetishmovchiligi, arterial gipertenziya, koronar yetishmovchilikda kichik qon aylanishi doirasi tomirlarida dimlanish va surunkali chap qorincha yetishmovchiligi rivojlanadi. Bu o’pkada tomir va gaz almashinuvi o’zgarishlari bilan tavsiflanadi. Hansirash, bo’g’ilishlar (odatda tunda), sianoz, yurak urishi xurujlari, yo’tal (quruq, ba’zida qon ajralishi bilan), tez charchash kuzatiladi.

Kichik qon aylanish doirasida yanada jiddiyroq dimlanish hodisalari mitral klapan stenozi bo’lgan bemorlarda surunkali chap bo’lmacha yetishmovchiligida kuzatiladi. Hansirash, sianoz, yo’tal, qon yo’talish kuzatiladi. Kichik doira tomirlarida uzoq muddatli venoz dimlanishda o’pka va tomirlar sklerozlanishi rivojlanadi. Kichkina qon aylanish doirasida qon aylanishi uchun qo’shimcha — o’pka to’sig’i hosil bo’ladi. O’pka arteriyasi tizimida yuqori bosim o’ng qorinchaga tushadigan yukni oshirib, uning yetishmovchiligiga olib keladi.

O’ng qorinchaning shikastlanishida (o’ng qorincha yetishmovchiligi) dimlanish hodisalari katta qon aylanish doirasida rivojlanadi. O’ng qorincha yetishmovchiligi mitral yurak poroklari, pnevmoskleroz, o’pka emfizemasiga hamrohlik qilishi mumkin. Qovurg’alar (o’ng taraf) ostidagi og’riqlar, shishlar paydo bo’lishi, diurezning kamayishi, qorinning kattalashishi, harakatlar bajarishda hansirashdan shikoyatlar paydo bo’ladi. Sianoz (ba’zan sarg’ish-ko’k tusli), astsit rivojlanadi, bo’yin va periferik venalar bo’rtib qoladi, jigar o’lchami kattalashadi.

Yurakni faqat bitta qismining funktsional yetishmovchiligi uzoq vaqt davomida alohida saqlanib tura olmaydi va oxir-oqibat kichik va katta qon aylanish doiralarida venoz dimlanishli total surunkali yurak yetishmovchiligi rivojlanadi. Bundan tashqari, surunkali yurak yetishmovchiligining rivojlanishi yurak mushagining shikastlanishida ham qayd qilinadi: miokardit, kardiomiopatiya, yurak ishemik kasalligi, intoksikatsiyalarda.

Yurak yetishmovchiligini tashxislash

Yurak yetishmovchiligi ma’lum kasalliklar oqibatida rivojlanadigan ikkilamchi sindrom bo’lganligi sabab, tashxisiy chora-tadbirlar aniq belgilar bo’lmasa ham, birlamchi kasallikni erta aniqlashga yo’naltirilishi kerak.

Klinik anamnezni yig’ishda yurak yetishmovchiligining dastlabki belgilari sifatida charchoq va dispnoega e’tibor berish kerak, keyingi o’rinlarda bemorda YIK, gipertenziya, o’tkazilgan miokard infarktlari va revmatik shikastlanishlar, kardiomiopatiya mavjudligiga. Kichik boldir shishlari, astsitlar, tezlashgan past amplitudali yurak urishi, III yurak ohangini tinglash va yurak chegaralarining siljishi yurak yetishmovchiligining o’ziga xos belgilari bo’lib xizmat qiladi.

Agar yurak yetishmovchiligi shubha qilinsa, qonning elektrolit va gaz tarkibi, kislota-asos balansi, mochevina, kreatinin, kardiospetsifik fermentlar va oqsil-uglevod almashinuvi ko’rsatkichlarini tekshirish o’tkaziladi.

EKG ma’lum o’zgarishlar bo’yicha miokard ishemiyasi va gipertrofiyasini, shuningdek aritmiyani aniqlashga yordam beradi  Elektrokardiografiya asosida turli mashqlar bajarilish davomida sinovlar o’tkaziladi, bunda velotrenajor (veloergometriya) va yugurish yo’lakchasidan (tredmil-test) foydalanish mumkin. Yuk darajasini bosqichma-bosqich oshirib boruvchi bunday sinovlar yurak funktsiyasining rezerv qobiliyatini aniqlashga imkon beradi.

Ultratovushli exokardiografiya yordamida yurak yetishmovchiligining sababini aniqlash, shuningdek, miokardning nasos funktsiyasini baholash mumkin. Yurak MRT`si yordamida YIK, tug’ma yoki orttirilgan yurak poroklari, arterial gipertenziya va boshqa kasalliklar muvaffaqiyatli tashxislanadi. Yurak yetishmovchiligida o’pka va ko’krak qafasi a’zolarining rentgenografiyasi kichik qon aylanish doirasida dimlanish jarayonlari, kardiomegaliyani aniqlaydi.

Bemorlarda radioizotop ventrikulografiya qorinchalarning qisqaruvchanlik qobiliyatini baholash va ularning hajmini aniqlash uchun yuqori aniqlikdagi natijalarni olish imkonini beradi. Kasallikning og’ir shakllarida, ichki a’zolarning shikastlanishi darajasini aniqlash uchun qorin bo’shlig’i, jigar, taloq, oshqozon osti bezining ultratovush tekshiruvi qo’llaniladi .

Yurak yetishmovchiligini davolash

Terapiya birlamchi sababni (YIK, gipertoniya, revmatizm, miokardit va boshqalarni) bartaraf etishga qaratilgan bo’ladi. Yurak nuqsonlari, yurak anevrizmasi, yurakning ishiga mexanik to’siqni keltirib chiqaruvchi yopishqoq perikarditlar mavjudligida ko’pincha jarrohlik aralashuviga murojaat qilinadi.

O’tkir yoki og’ir surunkali yurak yetishmovchiligida yotoq tartibi, to’liq ruhiy va jismoniy dam olish belgilanadi. Boshqa holatlarda ahvolni yomonlashtirmaydigan o’rtacha yukka amal qilish kerak. Suyuqlik iste’moli kuniga 500-600 ml, tuz — 1-2 g bilan cheklanadi. Vitaminlarga boy, oson hazm bo’ladigan parhezga amal qilish tayinlanadi.

Yurak yetishmovchiligining farmakoterapiyasi bemorlarning ahvolini va hayot sifatini yaxshilashga imkon beradi.

Ushbu patologiyada quyidagi dori guruhlari buyuriladi:

  • Yurak glikozidlari (digoksin, strofantin va boshqalar) — miokard qisqaruvchanligini kuchaytiradi, uning nasos funktsiyasini va diurezni oshiradi, jismoniy zo’riqishlarga bardoshlilikni qoniqarli qiladi;
  • Vazodilatatorlar va AAF ingibitorlari (enalapril, kaptopril, lizinopril, perindopril, ramipril) — qon tomir tonusini pasaytiradi, vena va arteriyalarni kengaytiradi va buning oqibatida yurak qisqarishlari vaqtida tomirlar qarshiligini kamaytiradi;
  • Nitratlar (nitrogliserin va uning uzoq muddat ta’sirli shakllari) — qorinchalarning qon bilan to’lishini yaxshilaydi, yurak haydashini oshiradi, toj arteriyalarni kengaytiradi;
  • Diuretiklar (furosemid, spironolakton) — organizmda ortiqcha suyuqlik ushlanib turishini kamaytiradi;
  • β-adrenoblokatorlar (karvedilol) — yurak qisqarishlari tezligini pasaytiradi, yurakni qon bilan to’lishini yaxshilaydi, yurak haydashini oshiradi;
  • Antikoagulyantlar (asetilsalitsil kislota, varfarin) — tomirlarda tromb hosil bo’lishini oldini oladi;
  • Miokardning metabolizmini yaxshilaydigan preparatlar (B guruh vitaminlari, askorbin kislotasi, inozin, kaliy preparatlari).

O’tkir chap qorincha yetishmovchiligi xuruji rivojlanishida (o’pka shishida) bemorlar shifoxonaga yotqiziladi va ularga shoshilinch terapiya ko’rsatiladi: diuretiklar, nitrogliserin, yurak haydashini oshiradigan preparatlar (dobutamin, dofamin) kiritiladi, kislorodning ingalyatsiyasi o’tkaziladi. Astsit rivojlanishida qorin bo’shlig’idan suyuqlikni punktsion olib tashlash, gidrotoraks paydo bo’lganda plevral punktsiya amalga oshiriladi. Yurak yetishmovchiligi bo’lgan bemorlarga to’qimalarning og’ir gipoksiyasi mavjudligi tufayli kislorodli terapiya buyuriladi.

Oqibati va oldini olish

Bemorlarda besh yillik yashovchanlik darajasi 50% ni tashkil qiladi. Undan keyingi prognoz o’zgaruvchan bo’lib, unga yurak yetishmovchiligining og’irligi, hamrohlik qiluvchi patologiyalar, davolash samaradorligi, turmush tarzi va boshqalar ta’sir ko’rsatadi. Boshlang’ich bosqichlardagi yurak yetishmovchiligini davolash bemorlarning ahvolini to’liq qoplaydi; eng yomon oqibat III bosqich yurak yetishmovchiligida kuzatiladi.

Profilaktika masqadida patologiyani chaqiruvchi kasalliklar (YIK, gipertoniya, yurak nuqsonlari va boshqalar) hamda uning paydo bo’lishiga ko’maklashadigan omillarni oldini olish choralarini ko’rish kerak. Rivojlanib bo’lgan yurak yetishmovchiligining kuchayishini oldini olish uchun jismoniy faoliyatni optimal qilish, belgilangan preparatlarni qabul qilish va doimiy ravishda kardiolog nazoratida bo’lish kerak.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.