Yassi oyoqlik — belgilari, darajalari, davolash, oldini olish, uyda mashqlar bajarish

Yassi oyoqlik — oyoq panjasi shaklining o’zgarishi bo’lib, uning bo’ylama va ko’ndalang yoyining pasayishi bilan ifodalanadi. Ko’ndalang va bo’ylama yassiq oyoqlik ajratiladi, bu ikkala shaklning birgalikda kuzatilishi ehtimoli ham mavjud. Oyoq panjasining boshqa deformatsiyalari bilan birgalikda ko’ndalang yassi oyoqlik 55,23%, bo’ylama yassi oyoqlik — 29,3% hollarni tashkil etadi.
Yassioyoqlik kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Yassi oyoqlik alomatlari va belgilari

  • Oyoq, tizza, son va beldagi og’riq;
  • Notabiiy yurish va qomat;
  • Cho’kkalab o’tirishdan ko’ra egilish osonroq; o’tirgan holatda muvozanatni saqlash qiyinligi.
  • «Og’ir» yurish.
  • Yurish paytida maymoqlik.
  • Oyoq panjalarining deformatsiyalanishi (yassi oyoq, oyoq barmoqlarining nomutanosib uzunligi, qiyshiqligi, bosh barmoqdagi «suyak» yoki podagra (hallux valgus), oyoq panjasining o’ta kengligi), tizza bo’g’imlarining deformatsiyasi, oyoq mushaklarining nomutanosib rivojlanishi.
  • Yassi oyoqlik tirnoqlarning ichkariga o’sishiga olib keladi.

Yassi oyoqlik sabablari

Ko’pincha yassi oyoqlik orttirilgan bo’ladi, lekin asosan biriktiruvchi to’qimaning tug’ma yetishmovchiligi, noziklik fonida rivojlanadi. Bunday oyoq ko’pincha «aristokratik» deb ham ataladi.

Suyaklari nozikroq bo’lganligi sababli, ayollarda yassi oyoqlik erkaklarga qaraganda 4 marta ko’proq uchraydi.

Ushbu patologiya rivojlanishiga hissa qo’shadigan salbiy omillaridan biri — noto’g’ri tayyorlangan poyabzal hisoblanadi. Urf deya baland poshnali va uchi tor bo’lgan poyabzal kiyish natijasida yuk butun oyoq panjasiga emas, oyoq kafti suyaklarining boshchasiga tushadi, natijada yassi oyoqlik rivojlanadi.

Poshnasi 4 sm dan baland bo’lmagan poyabzal «sog’lom» deb hisoblanadi. Afsuski, ko’plab fabrikalar podiatr-shifokorlarning tavsiyalariga amal qilmagan holda poyabzal ishlab chiqarmoqda.

Oyoq panjasi yoyining to’g’ri shakllanishi uchun mushaklar va boylamlarni doimo stimulyatsiya qilish zarur. Stimulyatorlar sifatida qattiq o’t, toshlar, qum, tuproq bo’lishi mumkin (agar ularda yalang oyoq yurilsa).

Oyoq panjasi uchun parket, laminat va boshqa qattiq qoplamalar, shuningdek qattiq tagcharmli poyabzal agressiv hisoblanadi, bunda oyoq mushaklari faoliyat ko’rsatmaydi. Har bir inson ishlamaydigan mushaklar atrofiyaga uchrashini biladi. Kosmos kashshoflari o’z ona zaminlariga qaytib kelishganda yura olishmagan ekan (tortisish kuchi yo’qligining uzoq vaqt ta’sir qilishi tufayli). Shundan so’ng kosmosda mushaklar va boylamlarni trenajorlar yordamida zo’riqtirish kerakligi qabul qilingan.

Shu tariqa, yuk tushmagan oyoq panjasi yoylari ham dangasa bo’ladi va zaiflashadi: kishi umrini oxirigacha yassi oyoqlikni orttirib oladi. Biroq, ikki yil avval yosh yigit bir shifokor oldiga borib, otasi kabi zobit bo’lishni istashini, lekin oyoqlari yassi bo’lganligi tufayli tibbiy komissiya orqali o’tolmaganini bildirdi. Sakkiz oylik oyoq mushaklari va boylamlari ustida mashaqqatli mehnat qilib, oliy harbiy muassasa kursantiga aylandi.

Adabiyotga ko’ra, 65% va undan ko’p bolalar maktab yoshiga qadar yassi oyoq bo’lib qolishadi. Agar aholining aksariyati shifokorga murojaat qilmasligi va malakali podiatrlar yo’qligi hisobga olinsa, ko’pchilik bu patologiyani davolashga kirishmaydi. Demak bolalarning 65% dan ko’prog’i kattalik davriga yassi oyoqlik bilan o’tadi, keyinchalik esa (keksalikda) — bu oyoq og’rishi va shishiga sabab bo’ladi.

Boshqa birovning oyoq kiyimlarini kiyish ham kasallikning og’irlashishiga olib keladi. Ko’p kiyilgan poyabzal oyoqqa tushadigan yukni noto’g’ri taqsimlaydi. Shuning uchun kichkina bo’lib qolgan deya, urinib qolgan poyabzallarni boshqalarga berganda, biz bilmagan holda ziyon yetkazishimiz mumkin ekan. Bolalar poyabzallari kichikroq poshnali, orqasi qattiq va ressor supinator — oyoqlar ostida o’ziga xos «toshlar» va «bo’rtmalar» bilan bo’lishi kerak.

Kattalarda, ko’pincha, oyoqlarga ortiqcha yuk tushishi bilan bog’liq bo’lgan statik yassi oyoqlik bo’ladi. Buning asosiy sababi, eng avvalo, ortiqcha vazndir. Kasb-hunarlari uzoq vaqt oyoqda turishni talab qiladigan odamlar — sartaroshlar, sotuvchilar, stanok operatorlari ham bu kasallikka chalinishadi. Bu odamlar yassi oyoqlik orttirib olish xavfi yuqori bo’lgan guruhga kiradi, xuddi soatlab operatsiya stoli oldida turadigan jarroh kabi.

Yassi oyoqlik turlari

Ko’ndalang yassi oyoqlikda oyoqning ko’ndalang yoyi yassilanadi, uning old qismi barcha beshta kaft suyaklarning boshchalariga tayanadi, oyoq panjasi uzunligi kaft suyaklarning yelpig’ich shaklidagi tarqalishi, birinchi barmoqning tashqariga og’ishi va o’rta barmoqning bolg’acha shaklidagi deformatsiyasi tufayli kamayadi. Bo’ylama yassi oyoqlikda esa oyoq bo’ylama yoyi yassilanadi va oyoq yerga oyoq panjasining deyarli butun yuzasi bilan tegadi, oyoq uzunligi ortadi.

Yassilanish to’g’ridan-to’g’ri tana vazniga bog’liq: tana vazni, demakki oyoqlarga tushadigan yuk qanchalik katta bo’lsa, bo’ylama yassi oyoqlik shunchalik ko’proq aniqlanadi. Bu patologiya asosan ayollarda uchraydi.

Bo’ylama yassi oyoqlik ko’pincha 16-25 yoshli, ko’ndalang esa — 35-50 yoshli kishilarda aniqlanadi. Kelib chiqishi bo’yicha yassi oyoqlik tug’ma, travmatik. paralitik va statik turlarga bo’linadi.

Tug’ma yassi oyoqlik tashxisini 5-6 yoshdan oldin qo’yish qiyin, chunki ushbu yoshgacha bo’lgan bolalarda yassi oyoqlikning barcha elementlari aniqlanadi. Ammo, barcha holatlarning taxminan 3 foizida, yassiq oyoqlik tug’ma bo’ladi.

Travmatik yassi oyoqlik — to’piq, tovon, kaftoldi suyaklari sinishining natijasida rivojlanadi. Paralitik yassi oyoqlik — oyoq panjasi mushaklari va oyoqning pastki qismi mushaklari falajlanishi natijasidir (poliomielit oqibatida).

Raxitik yassi oyoqlik raxit natijasida oyoqning zaiflashgan suyaklarida tananing yuki tushishi oqibatida rivojlanadi.

Statik yassi oyoqlik (eng ko’p uchraydigan shakli, 82,1%) oyoq mushaklari, boylam apparati va suyaklarning zaifligi bilan bog’liq. Statik yassi oyoqlik rivojlanishining sabablari turlicha bo’lishi mumkin:

  • Tana vaznining oshishi;
  • Tik turgan holatda ishlash;
  • Fiziologik qarish tufayli mushaklar kuchining pasayishi;
  • O’tirib ishlaydigan kishilarda mashg’ulotlarning yetishmasligi va hokazo.

Oyoq panjasi deformatsiyalanishiga hissa qo’shadigan ichki sabablarga irsiy moyillik ham kiradi, tashqi sabablarga — kasb bilan bog’liq oyoqlarni ortiqcha zo’riqishi (oyoq panjasi normal bo’lgan ayol rasta oldida yoki to’qimachilik sexida 7-8 soatlab tik turganida, oxir-oqibat ushbu kasallikka duchor bo’lishi mumkin), uy xo’jaligini yuritish, noratsional poyabzal kiyish (tor, noqulay).

«Shpilkalar»da yurish paytida yukning qayta taqsimlanishi sodir bo’ladi: u tovondan ko’ndalang yoy sohasiga siljiydi, yoy uni ko’tara olmay, deformatsiyalanadi, natijada ko’ndalang yassi oyoqlik rivojlanadi.

Yassi oyoqlikni tashxislash

«Yassi oyoq» tashxisini qo’yish oyoqlarga yuk tushgan holda (tik turgan holatda) 2 proektsiyadagi rentgenografiya asosida amalga oshiriladi. Yassi oyoqlikning birlamchi tashxisi ortoped tomonidan jismoniy tekshiruv asosida qo’yilishi mumkin. Oyoq panjasi va oshiq-boldir bo’g’imining anatomik orientirlari to’g’ri joylashganligi, harakatlar hajmi va panja og’ishi burchagi, yoy va mushaklarning yuk tushishiga reaktsiyasi, yurishning o’ziga xos xususiyatlari, poyabzalning yemirilishi xususiyatlari o’rganiladi.

Ko’ndalang yassi oyoqlikning og’irlik darajasini aniqlash uchun olingan rentgenogrammalar tahlili o’tkaziladi.

To’g’ri proektsiyali rentgen tasvirlari bo’yicha ko’ndalang yassi oyoqlik darajasini aniqlash uchun I-II kaft suyaklarining bo’ylama o’qlariga va birinchi barmoqning bosh falangasiga mos keladigan uchta to’g’ri chiziq o’tkaziladi. Chiziqlar tahlili asosida quyidagilar tasniflanadi:

  • I darajali deformatsiyada I-II kaft suyagi orasidagi burchak 10-12 gradus, birinchi barmoqning og’ishi burchagi 15-20 gradus;
  • II darajada bu burchaklar tegishli ravishda 15 va 30 gradusga ko’tariladi;
  • III darajada — 20 va 40 gradusgacha;
  • IV darajada — 20 va 40 gradusdan ko’p.

Bo’ylama yassi oyoqlikning og’irligini aniqlash uchun yon proektsiyada oyoqning rentgenografiyasi qo’llaniladi. Tasvirda uchburchakni tashkil etuvchi uchta chiziq o’tkaziladi.

  • Birinchi chiziq gorizontal ravishda, tovon suyagi do’mbog’ining kaft yuzasida joylashgan nuqtadan va I kaft suyagi boshchasidagi nuqtaga qadar;
  • Ikkinchi chiziq — 1-chiziqning tovon do’mbo’gi bilan kesishgan nuqtadan ponasimon-qayiqsimon bo’g’imning bo’g’im teshigi pastki nuqtasiga qadar o’tkaziladi;
  • Uchinchi chiziq — 1-chiziqning I kaft suyagi boshchasi bilan kesishgan nuqtadan xuddi 2-chiziq o’tkazilgan nuqtaga qadar o’tkaziladi.

Odatda oyoqning bo’ylama yoyi burchagi 125-130 °, yoy balandligi > 35 mm ni tashkil etadi.

Bo’ylama yassi oyoqlikning 3 darajasi farqlanadi:

  • 1 daraja: yoy burchagi 131-140 °, yoy balandligi 35-25 mm, oyoq suyaklarining deformatsiyasi yo’q.
  • 2 daraja: yoy burchagi 141-155 °, yoy balandligi 24-17 mm, oshiq-qayiqsimon bo’g’imning deformatsiyalovchi artorzi belgilari bo’lishi mumkin.
  • 3 daraja: yoy burchagi > 155 °, balandligi 17mm dan past.

Yassi oyoqlikning 0 dan 3 darajasigacha bo’lgan oyoq izi:
yassi oyoqlik darajalari

Yassi oyoqlik va homiladorlik

Homiladorlik tanadagi turli o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Ayollarning aksariyati bir xilda shikoyat qilishadi. Bunday shikoyatlardan deyarli e’tiborga olinmaydiganlaridan biri, oyoqlardagi og’riqdir. Homiladorlik davrida tana vazning tabiiy oshishi tufayli tananing og’irlik markazi oldinga siljiydi. Bu esa oyoqlarga tushadigan yukni qayta taqsimlanishi va oyoq hamda tizza bo’g’imlariga tushadigan bosimning ortishiga olib keladi.

Homilador ayollarda oyoq panjasining ortiqcha pronatsiyasi yuzaga kelishi mumkin. Bu o’zgarishlar tovon, oyoq yoylari yoki kaftida og’riqlarga olib keladi. Ko’pchilik ayollar oyoq mushaklari tortishishi va oyoq tomirlarining varikoz kengayishi kuzatiladi. Shu sababli, barcha homilador ayollar o’z sog’lig’i va ayniqsa, oyoqlarning funktsiyasi haqida zarur ma’lumotlarga ega bo’lishlari kerak, shunda to’qqiz oylik homiladorlik davri imkon qadar qulaylik bilan o’tadi.

Yassi oyoqlikka hamrohlik qiladigan ortiqcha pronatsiya, oyoq yoyining o’sib borayotgan homila tufayli ayolning vazni ortib ketishi natijasida yassilanishi oqibatida paydo bo’ladi. Bu tovondan to barmoqlarga qadar cho’zilgan oyoq kafti fassiyalarining ortiqcha yuklanishi va yallig’lanishiga olib kelishi mumkin. Ortiqcha pronatsiya, boldir mushaklari va umurtqaga ko’p yuk tushishi tufayli qadam bosishning og’riqli bo’lishiga sabab ham bo’ladi. Ortiqcha pronatsiya nozik, yassi oyoqli va ortiqcha vaznli odamlarga xosdir.

Yassi oyoqlikni davolash

1. Oyoq yoyini ushlab turuvchi mushaklarni kuchaytirish kerak

Tanani tabiiy mustahkamlash oyoqni mustahkamlashga ham yordam beradi. Bolaga suzish juda foydali bo’ladi — bunda oyoqlar ishlashi katta ahamiyatga ega. Yalang oyoq yurish ham foydali — qum (issiq emas) yoki toshlar (o’tkir bo’lmagan) ustida. Tepaliklarga chiqish va tushish, kunda ustida yurish.

Jismoniy tarbiya, albatta, yassi oyoqli bolalarga foydali. Bu yerda cheklovlar bo’yicha tavsiyalar nisbiydir. Masalan, tog’ chang’isi, konkilar yoki og’ir atletika bilan shug’ullanish oyoqning yoyiga ortiqcha yuk tushiradi. Boshqa tomondan, ular kasallikning og’ir klinik ko’rinishlari — og’riq, shishish bo’lmasa, qarshi ko’rsatmaga ega emas. Shunday qilib, deyarli barcha konki uchuvchilarda vaqt o’tishi bilan yassi oyoqlik shakllanadi, bu esa ularning sportda yuqori natijalariga erishishiga to’sqinlik qilmaydi.

Yassi oyoqlikni davolash uchun mashqlar va massaj

Notekis sirtlarda yurish. Mashqlar 8-12 martadan, yalang oyoq bilan bajariladi.

  • Barmoqlarni egib, oyoq panjasining tashqi chetiga tayanib yalang oyoq qumda yurish (qum uchun 0.5 x 1 metr o’lchamli quti o’rnatish mumkin) yoki porolondan tayyorlangan gilamchada (yoki katta kiprikli) yurish;
  • Oyoq kaftining tashqi chetiga tayanib tekis sirt ustida yurish;
  • Qalin kunda bo’ylab yonchasiga yurish.

Gimnastika. Gimnastika yassi oyoq bo’lgan bemor uchun odatiy va kundalik faoliyatga aylanishi kerak. Uni kuniga bir marta emas, balki 2-3 marta bajarish yaxshiroqdir.
yassi oyoqlikni davolash uchun gimnastika

Homilador ayollarga quyidagi tavsiyalarni berish mumkin:

  • Oyoqlaringizni imkon qadar tez-tez ko’taring;
  • Agar siz uzoq vaqt o’tirgan holatda qolishingiz kerak bo’lsa, oyoqlaringiz ostiga kichikroq stulcha qo’ying;
  • Qon oqimini cheklab qo’ymaslik uchun tikuvsiz paypoq kiying, agar siz uzoq vaqt davomida mashina boshqarsangiz, oyoqlarini yozish uchun muntazam ravishda tanaffus qiling;
  • Umumiy ahvolni yaxshilash uchun muntazam ravishda mashqlar qiling; eng yaxshi mashq — yurishdir.
    Homilador ayollar uchun mashqlar→

Massaj. Massaj qadim zamonlardan beri ma’lum bo’lgan muolajadir. U mushaklarning charchog’ini bartaraf qiladi, modda almashinuvi va qon aylanishini yaxshilaydi. Tabiblar bemorni massaj qilayotib, «qonni tarqatish» kerak deya bejiz aytishmagan. Asosiy tavsiyalarni to’g’ri bajarib, mustaqil massaj usullarini o’rganish qiyin emas.

Massajni terapevtik gimnastikadan, mushaklarni to’liq bo’shashganindan so’ng amalga oshirish mumkin.

O’z-o’zini massaj qilishning asosiy usullari quyidagilardan iborat:

  • Boldirni uqalash, kaft bilan ishqalash, barmoq uchlari bilan urib chiqish kerak. Oyoqni oshiq-boldir bo’g’imidan tizza bo’g’imigacha, asosan boldirning ichki yuzasini massaj qiling;
  • Oyoq panjasini bukilgan barmoqlarni orqa yuzasi bilan uqalash va ishqalash kerak;  Oyoqning kaft yuzasi barmoqlardan to tovonga qadar massaj qilinadi;
  • Massaj uchun maxsus rezina gilamchalar va massaj bolishchalarini ishlatish foydalidir.

Kechki mashg’ulotdan so’ng, yotishdan oldin oyoqlarni vanna qilishh am foydali.

Ikkita tog’oracha oling: issiq (oyoq chiday olguncha) va sovuq suv bilan. Avval oyoqlarni issiq suvda qizdirib oling, so’ngra ularni sovuq suvga soling. Shu tarzda navbat bilan 2-3 marta bajaring. Teri qizaradi, oyoqlaringizda yoqimli yengillik paydo bo’ladi. Suvga biroz dengiz tuzi yoki iste’mol sodasi, o’t damlamalari — dorivor moychechak, mavrak, eman daraxti po’stlog’i, yalpiz qo’shish mumkin.

2. To’g’ri poyabzal tanlasg

Eng yaxshi oyoq kiyimlari — yumshoq teridan tayyorlangan, egiluvchan tagcharmli va past poshnali poyabzaldir. Krossovkalar ham (agar, albatta, bu yaxshi kompaniya mahsuloti bo’lsa, soxta emas).

Poyabzalni to’g’ri tanlashni chaqaloqlikdan boshlash kerak. Yumshoq to’qilgan paypoqchalar faqat emizikli bolalarga mos keladi. Agar bola yurishni boshlasa, poyabzal ham mos bo’lishi kerak. Afsuski, bugungi kungi bozorda qayerdan olib kelingani noma’lum ko’plab past sifatli, hatto zararli mahsulotlar mavjud.

Yaxshi poyabzal tanlash mezonlari

Mezonlar bolalar uchun ham, kattalar uchun ham bir xil:

  • Zarur — yuqori qismi charmdan bo’lishi;
  • Poshnasi baland emas, bolalar poyabzalida poshna uzunligi tovon va oyoq yoyining orqa qismini ushlab turish uchun tagcharm uzunligini uchun biridan kalta bo’lmasligi, ayollar uchun esa balandligi 4 sm dan oshmasligi kerak, poyabzal uchi keng bo’lishi zarur;
  • Charmning yaxshi sifati: yoqimsiz hid, tashqi qatlam to’kishili, yoriqlar bo’lmasligi kerak. Yaxshi tayyorlangan va bo’yalgan charm tanlayotganda qo’llaringizni va kiyilayotgan paytda paypoqlarni iflos qilmaydi. U allergiya, ishqalanishlar chaqirmaydi va ortopedik kasalliklarga olib kelmaydi;
  • Tagi egiluvchan degani, bu tanlash vaqtida nafaqat ona buka oladigan, balki yurish paytida bola ham uni egishga qodir ekanligini anglatadi.

Oyoq yoylarini maxsus poyabzal va ortopedik moslamalar yordamida qo’llab-quvvatlash — yassi oyoqlikni davolashning asosi ekanligini ta’kidlash kerak.

Oyoq yoylari amortizator yoki ressorlarga o’xshaydi. Lekin ular ishlamasa nima bo’ladi? To’g’ri, ularni tuzatish kerak. Buning uchun tuzatuvchi ichki pataklar yoki supinatorlar yordamga keladi.

Supinator so’zi — «supinatsiya» so’zidan olingan. Yassi oyoqlar — bu oyoq pronatsiyasi, demak unga qarshi yo’nalish berish kerak. Va bunda oyoq yoyini passiv qo’llab-quvvatlash juda muhim ahamiyatga ega. U to’g’ri amalga oshirilishi oyoq va boldir mushaklarining «faol hayotiy pozitsiyasi», har bir qadamning to’g’ri biomexanikasi, bizning umumiy ahvolimiz va sog’ligimizni ta’minlaydi. Shuning uchun, oyoqning biomexanik korrektori yoki ortezlar, oddiy aytganda — supinatorlar alohida e’tiborga loyiqdir.

3. To’g’ri supinatorlarni tanlash

Supinatorlar oyoqning tabiiy shaklini saqlab qolish va zaiflashgan mushaklarni mustahkamlash uchun mo’ljallangan (bu ideal holatda). Darhaqiqat, tibbiyot do’konlarida, shuningdek, boshqacha supinatorlarni topishingiz mumkin: oyoq yoyi ostidagi bo’sh joy, ba’zi materiallar bilan to’ldirilgan bo’ladi. Bunda shundoq ham oyoqning zaiflashib qolgan mushaklari ishlash imkoniyatdan mahrum bo’ladi. Bundan tashqari, juda qattiq materiallardan tayyorlangan supinatorlar ham zararlidir. Boshqa tomondan, yumshoq supinatorlar tezda shaklini yo’qotadi va ularni kiyish foydasizdir.

1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz 1 ta baho berilgan
Загрузка...
yuklanmoqda...

Fikr qoldirish

Sizning e-mail chop etilmaydi. To'ldirish zarur joylar * bilan belgilangan