Podagra — alomatlari, xavf omillari, bosqichlari, tashxislash, davolash, oldini olish

Podagra — bo’g’imlarning kasalligi bo’lib, etiologiyasida modda almashinuvi buzilishi, purin bririkmalari almashinuvida muvozanatning buziishi va organizmda siydik kislotasining to’planishi yotadi. Surunkali podagraning belgilari bo’yicha birinchi ilmiy tavsif 1865 yilga borib taqaladi. 30 yil davomida bu kasallikdan azob chekkan Sindegam Tomas «Podagra qonunlari» degan kitob yozadi, kitobda podagra nima, podagraning surunkali bosqichining klinik belgilari, o’tkir podagra tavsifi batafsil yozib o’tilgan.

Yoshi katta erkakdagi podagra
Фото: Africa Studio/ Shutterstock.com

Turli yoshdagi insonlarda podagra

Podagradan odatda kattalar aziyat chekadi. Statistikaga ko’ra, sayyoramizdagi katta yoshdagi kishilarning 0,1% podagradan aziyat chekmoqda va rivojlangan mamlakatlarda (G’arbiy Evropa, AQSh) podagradan aziyat chekayotgan odamlar soni 2% ga yaqin. Lekin mutaxassislar kasallikning haqiqiy surati statistik ma’lumotlardan farq qiladi deb hisoblashadi, chunki bemorlarning kech tashxislanishi statistikani to’liq o’rganishni murakkablashtiradi.

Tadqiqotchilar shuningdek, XX asrgacha ba’zi bir istisnolar bilan faqat erkaklarning kasalligi deb hisoblangan podagra kasalligi hozirgi vaqtda har ikki jinsda kuzatilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Lekin bemor erkaklar va ayollar nisbati hali-hanuz bir xil emas: 20ta erkak bemorga 1 ta ayol bemor to’g’ri keladi. Ayollarda podagra tashxislanishi ortishining sababi hayot sifati yaxshilanishi hisoblanadi. Purin moddasiga boy oziq-ovqatlar muntazirligi va umumiy aholi o’rtasida alkogol iste’moli ko’payishi ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda.

Shuningdek podagra tashxisi «yosharishi» ham kuzatilmoqda: agar kasallik oldinlari 35-45 yoshli erkaklarda uchragan bo’lsa, hozirda ushbu chegara 30 yoshni tashkil etadi.

Erkaklardagi podagra

Ayollarga nisbatan podagra erkaklarda ko’proq uchrashi ikki omil bilan tushuntiriladi:

  • kasallikning qisman nasli surishi, u X xromosoma orqali nasldan-naslga uzatiladi, erkaklarda esa ushbu xromosoma bitta (XY) bo’lganligi tufayli boshqa variantlarning mavjud emasligi;
  • Erkaklar uchun odatiy bo’lgan noto’g’ri ovqatlanish odatlari va spirtli ichimlik iste’moli.

Erkaklardagi podagraning o’ziga xos xususiyati ushbu jins vakillarining shifokor huzuriga podagraning o’tkir xurujlari davrida yoki kasallik tashqi belgilari paydo bo’la boshlagach — bo’g’imlarning deformatsiyasi va tofuslar shakllangach borishidir.

Ayollarda podagraning xususiyatlari

Ayollarda yumshoq to’qimalarda siydik kislotasi darajasining oshishi va uratlarning, tuz kristallari to’planib qolishi bilan kechadigan jarayonlar klimaks davriga xosdir. Ushbu davrda podagra xavfi sezilarli darajada ko’payadi, ayniqsa irsiy moyillik mavjud bo’lsa, shuning uchun ayollardagi podagra ko’pincha 50-55 yoshlik davrda tashxis qilinadi.

Shu bilan birga, ayollarning genetik moyilligi erkak jinsidan farqli o’laroq faqat ehtimolli bo’ladi. Purin birikmalarining metabolizmi uchun zarur bo’lgan fermentlarni ishlab chiqarish uchun mas’ul bo’lgan gen X xromosomada joylashgan bo’lib, bunday xromosomalar ayollarida ikkita bo’ladi (XX). Shuning uchun, agar xromosomadagi bir genga zarar yetkazilgan bo’lsa, uning funktsiyasiyasi boshqa xromosomadagi genning intensiv faoliyati bilan qoplanadi.

Agar ikkala gen xam zararlangan bo’lsa, ayollarda podagra rivojlanish xavfi erkaklardagi bilan bir xil bo’ladi (deyarli 100%),  kasallik boshlanish yoshi ham sezilarli darajada kamayadi.

Bolalarda podagra kasalligi

Organizmda siydik kislota darajasining oshishi — giperurikemiya bolalik davrida birlamchi holat yoki kasallik fonidagi ikkilamchi disfunktsiya hisbolanadi va bu irsiyat tufayli emas.

Bolalarda podagra hujayralarning faol nobud bo’lishi oqibatida yuzaga keladi, bu esa o’z navbatida ko’p miqdorda purin ishlab chiqarilishiga olib keladi. Hujayralarning ko’p nobud bo’lishi suvsizlanganda, och qolganda, buyrak yetishmovchiligi yoki buyraklarning boshqa patologiyasida, turli xildagi o’simtalarning mavjudligida yuz berishi mumkin

Shuningdek, bolalikdagi podagra etiologiyasida to’liq yoki qisman gipoksantinguaninfosforiboziltransferaza yetishmovchiligi va fosforibozilpirofosfatsintetazaning o’ta faolligi ham mavjud.

Podagraning rivojlanishi sabablari

Tananing yumshoq to’qimalarida tuz kristallari shakllanishi va yig’ilib qolishiga sabab bo’ladigan qonda siydik kislotasining barqaror oshib borishi — podagra rivojlanishining yagona sababidir. Giperurikemiyaning boshlang’ich bosqichi, ya’ni sidyik kislota darajasining oshishi tuz kristallari shakllanishiga va yig’ilib qolishiga sabab bo’lmaydi, lekin modda almashinuvidagi jiddiy buzilishlardan dalolat beradi, bu esa ushbu kasallikning dastlabki belgisidir.

Siydik kislota konsentratsiyasining o’sishiga bir necha omillar ta’sir ko’rsatishi mumkin. Asosiylari — irsiy moyillik, organizmga oziq-ovqat bilan ko’p miqdorda purin birikmalari tushishi, purinlar katabolizmining (parchalanishining) ko’payishi, shuningdek, disfunktsional yoki yosh bilan bog’liq siydik orqali siydik kislotasini chiqarib yuborish jarayonining sekinlashuvi hisoblanadi.

Podagra rivojlanishi va siydik kislotasi kontsentratsiyasining o’sishi o’rtasidagi bog’liqlik

Oziq-ovqat bilan organizmga kirib keladigan purin asoslarini qayta ishlash yoki tana hujayralarining nobud bo’lishi natijasida siydik kislota hosil bo’ladi. Bu aralashma buyrak kanalchalarida filtrlanadi va odatda siydik bilan organizmdan chiqarib tashlanadi. Agar biron bosqichda buzilishlar yuz bersa (siydik kislotasini ko’p ishlab chiqarish, uni organizmdan chiqarib tashlay olmaslik) giperurikemiya rivojlanishi uchun sharoit paydo bo’ladi. Shuni yodda tutish kerakki, «giperurikemiya» tashxislanishi podagra mavjud degani emas, chunki siydik kislotasining oshishi boshqa kasalliklar bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Biroq giperurikemiya podagrali jarayonlarning rivojlanishiga sabab bo’lishi mumkin.

Podagrada siydik kislotasi kaltsiy, natriy, kaliy va boshqa elementlar bilan reaksiyaga kirishib, kristall birikmalar yoki uratlarga aylanadi. Uratlar asosan ikki hududdagi to’qimalarda to’planadi:

  • Siydik ajratish a’zolarida (buyrakdagi toshlar, siydik yo’li toshlari);
  • Bo’g’imlar yumshoq to’qimalari, bo’g’im atrofi to’qimalarida. Ushbu to’qimalarda qon aylanishining o’ziga xos xususiyatlari tufayli uratlar u yerga tushib, cho’kindi bo’lib to’plana boshlaydi.

Podagrani rivojlantiruvchi omil sifatida purin nukleotidlarining sintezi tezligi

Siydik kislota paydo bo’lishiga olib keladigan purin asoslarining parchalanishi odatda barqaror tezlik bilan kechadi, tezlikni ferment miqdori belgilaydi. Turli sabablarga ko’ra organizmdagi purin miqdorining ko’payishi kuzatilsa, sintez tezligi oshadi va qonda siydik kislotasi miqdori baland bo’lib ketadi.

Bu jarayon vaqtincha va qayta tiklanuvchi tabiatga ega bo’lishi yoki surunkali kasalliklar, ovqatlanish ratsionining barqaror emasligi tufayli uzoq davom etishi mumkin. Nuklein asoslar sintezining kuchayishiga sitostatiklarni uzoq vaqt qabul qilish, radio va kimyoterapiya, gemoliz usuli, jarrohlikning ayrim turlari ham sababchi bo’ladi.

Siydik kislotasining organizmdan chiqarilish tezligi

Podagra ikkilamchi kasallik sifatida buyrak faoliyati buzilishi fonida rivojlanadi. Buyrak naychalarida qayta ishlash va filtrlashdan keyin odatda siydik kislotasi tanadan siydik bilan birga chiqib ketadi. Surunkali buyrak kasalliklarida purin asoslari parchalanish jarayonida paydo bo’lgan mahsulotlarini chiqarib tashlash funktsiyasi buzilishi mumkin, bu esa qonda siydik kislotasi miqdorining oshishiga sabab bo’ladi.
Siydik kislotaning chiqib ketishiga to’sqinlik qiluvchi asosiy omillar — yallig’lanish yoki biriktiruvchi to’qimalarning o’sishi natijasida buyrak kanalchalarining qisman yoki to’liq yopilib qolishidir.

Purinlarni ortiqcha iste’mol qilish

O’z-o’zidan puringa boy oziq-ovqatlarni ortiqcha iste’mol qilish podagra rivojlanishiga sabab bo’lmaydi, bu vaziyat purinlarni qayta ishlash funktsiyasi yoki uning mahsulotlarini chiqarib yuborish jarayoni buzilganda kasallik rivojlanishi uchun optimal sharoit yaratadi. Maxsus parhez podagrani davolashning bir qismi va uning rivojlanishi yoki kuchayishini oldini olish chorasi sifatida qaraladi, ayniqsa genetik moyillik yoki boshqa xavf omillari mavjud bo’lganda.

Podagraning sababi sifatida genetik moyillik

Purinlarni qayta ishlashni ta’minlovchi fermentlar, oqsillar guruhi insonda ba’zi genlar borligi tufayli sintez qilinadi. Fermentopatiyada organizm sintez jarayonini ta’minlash, turli birikmalarni qayta ishlash uchun fermentlarni kerakli miqdorda ishlab chiqara olmaydi. Purinlarni qayta ishlash va siydik kislotani tanadan chiqarib tashlashni boshqaradigan maxsus oqsil yetishmaganda, qonda zaharli birikmalar konsentratsiyasi oshadi va podagra rivojlanishiga olib keladi. Ushbu patologiya nasl surib, ota-onadan bolalarga o’tadi.

Podagraning turtki omili hisoblanadigan ferment yetishmovchiligi umumiy genetik metabolik sindromga kiradi, u ortiqcha vazn, qandli diabet, gipertoniya, giperlipedemiyaga ham sabab bo’ladi.

Podagraning alomatlari, rivojlanish bosqichlari va kasallik shakllari

Qoida tariqasida ushbu kasallik aniq klinik tasvir, sezilarli belgilar va navbatma-navbat keladigan rivojlanish bosqichlari bilan tavsiflanadi. Biroq, ba’zi hollarda alomatlar yetarlicha aniq emas yoki boshqa kasalliklar belgilari ortida yashiringan bo’ladi.

Sog'lom va podagra bilan kasallangan bo'g'imlar

To’g’ri tashxisni faqat mutaxassis qo’yishi mumkin va podagraning birinchi alomatlari namoyon bo’la boshlagach unga murojaat qilish lozim. Davolash olib borilmasa, oziq-ovqatlarda cheklovlar bo’lmasa, tashxis kechiktirilsa og’riq xurujlari tez-tez bo’lib turadi, yallig’lanish ortadi, bo’g’imlar deformatsiyalanadi, siydiktosh kasalliklari rivojlanishi, organizmning tizimli shikastlanishlari, sog’liqning yomonlashuvi, bemorning nogiron bo’lib qolishi uchun sharoit yaraladi.

Podagraning bosqichlari

Podagraning bosqichlari quyidagi ko’rsatkichlarga qarab ajratiladi:

  • Kasallikning ma’lum bosqichlariga xos bo’lgan klinik tasviri;
  • Qonda siydik kislotasi darajasi;
  • Qattiq uratlar, kristalli birikmalar mavjudligi.

Ushbu ma’lumotlar asosida podagraning uch bosqichdan biri farqlanadi:

  • Boshlang’ich premorbid bosqich — giperurikemiya bilan tavsiflanadi, qonning biokimyoviy tahlili natijasida aniqlanadi. Bo’g’imlar va siydik chiqarish tizimi shikastlanishi belgilari kuzatilmaydi, lekin nomaxsus belgilari bo’lishi mumkin: vazn olishga moyillik, ovqat hazm qilish tizimidagi buzilishlar (tez-tez qabziyat, defakatsiyadagi qiyinchiliklar), terining qichishi va boshqalar;
  • Intermittilovchi yoki oraliq bosqich — bo’g’im atrofidagi to’qimalarda tuz kristallarining paydo bo’lishi, kam hollarda buyrak to’qimalarida ham. Bu bosqich og’riq boshlanishi, bo’g’imlarning o’tkir yallig’lanishi, podagra xurujlari bilan xarakterlanadi. O’tkir og’riq o’zidan-o’zi yo’qoladi va remissiya (oraliq yaxshilanish davri) boshlanadi, xurujlar 3-7 kun davom etadi. Podagra xurujlari boshlanishiga suvsizlansih, alkogolli ichimliklar ichish, noto’g’ri ovqatlanish, och qolish, sovqotish, o’tkir yuqumli kasalliklar, jarrohlik aralashuvi kabilar turtki bo’lishi mumkin;
  • Podagraning surunkali bosqichi xurujlar va remissiya davrlarining almashinuvi bilan kuzatiladi. Bu bosqich interval tofuslar shakllanishi va kichik tuz kristallari birikishi bilan tavsiflanadi. Kasallikga bo’lgan beparvolikka qarab tofuslar hajmi sezilarli darajada bo’lishi mumkin, og’riq berishi mumkin. Bu bosqich shuningdek shikastlangan bo’g’im sohasidagi terining qizarishi, bo’g’im harakatchanligining buzilishi, gipertermiya  va mahalliy to’qimalardagi yallig’lanishni ham o’z ichiga oladi. Podagraning surunkali bosqichida ko’pincha siydiktosh kasalligi ham rivojlanadi.

Podagradagi og’riqning lokalizatsiyasi va xususiyatlari

Intermittiv va surunkali bosqichlar o’tkir og’riqli xurujlar bilan kechadi. Ko’pincha og’riq kechki va tungi vaqtlarda boshlanadi, hududiyligi esa shikastlangan bo’g’imdan tortib, to tana qismining oxirigacha tarqalishi mumkin. Yumshoq to’qimalarda yig’ilgan qattiq uratlar, kristallar bo’g’imlarni, pay birikmalarini jarohatlaydi va kuchli og’riqqa sabab bo’ladi, yana bunga yallig’lanish tufayli kelib chiqadigan og’riq ham qo’shiladi.

Xurujlar vaqtida og’riq qoldiruvchi preparatlar qabul qilish odatda samarasizdir. Og’riq jarohatlangan sohaga yengil bosilganda ham kuchayadi.
Ko’pincha oyoq bosh barmog’ining bo’g’imlari — plyusnefalanga bo’g’imi shikastlanadi, bunga sabab ushbu sohaning o’ziga xos qon aylanishidir. Bunday joyda uratlarningning to’planishi podagraga chalingan bemorlarning 50 foizidan ko’prog’ida qayd etiladi. Shuningdek qo’ldagi barmoqlar, bilak, tirsak, tovon, tizza, son va boshqa tana qismlari bo’g’imlari shikastlanishi ham mumkin.

Podagra shakllari

Podagra bilan og’rigan bemorlarning 60-80 foizida klassik og’ir xurujlar va yaqqol klinik belgilar aniqlanadi. Surunkali kasallikning remissiyasi fonida qattiq og’riq boshlanadi, xurujdan keyin remissiya davri qaytadan boshlanadi.

Xurujning davomiyligi bemorning umumiy holatiga, terapiya turlariga va kasallikning bosqichiga bog’liq. Jarohatlangan bo’g’im sohasidagi o’g’riqqa qo’shimcha ravishda umumiy sog’lik holatining buzilishi, holsizlik, bosh og’rig’i, subfebril darajadagi isitma, shish, qizarish, bo’g’im atrofidagi terining ko’karishi (sianoz) kuzatiladi.

Podagraning shunindek quyidagi shakllari farqlanadi:

  • O’tkir osti shakli — sustroq namoyon bo’ladigan simptomatika bilan tavsiflanadi, yaqqol namoyon bo’ladigan og’riqlarsiz, shishlarsiz kechadi;
  • Psevdoflegmonoz shakli — podagraga xos klinik tasvirdan farqlanadi: periartikulyar (bo’g’im atrofi) to’qimalarning o’tkir yallig’lanishi, yuqori tana harorati (39 °C va undan baland), ahvolning yomonlashuvi, varaja, tananing umumiy intoksikatsiyasi alomatlari kuzatiladi;
  • Revmatoidga o’xshash podagra shaklida klinik tasvir revmatologik kasalliklariga o’xshash bo’ladi, masalan, surunkali artrit. Odatda bu shaklda alomatlar barmoqlar va bilaklarning bo’g’imlari hududida tez-tez uchraydi. Ushbu shakldagi podagra xurujlar davomiyligi bilan ajralib turadi, ular bir necha haftadan bir oygacha davom etadi;
  • Podagraning alohida shakli infektsion-allergik poliartrit bilan o’xshash alomatlar bilan birga keladi. Bemorlarning 5% da migratsiya qiluvchi poliartritning klinik ko’rinishi kuzatiladi, keyin tashxisga aniqlik kiritilgach, maxsus podagra deb ajratiladi;
  • Kam alomatli podagrada xira alomatlar, yengil og’riq, biroz shish, ta’sirlangan bo’g’im ustidagi terining qizarishi bilan kechadi.

Yuqoridagi shakllar podagra rivojlanishining dastlabki bosqichlariga xosdir.

Podagraning bo’g’imlarda namoyon bo’lishi

Turlicha nomlanuvchi — podagrik artrit yoki bo’g’imlar podagrasi turli xil tashqi belgilari bilan namoyon bo’ladi. Kasallikning o’tkir xurujida teri atrofi qizarishi kuzatiladi va u og’riq kuchayishi bilan yanada ko’proq qizarib boradi.
Podagrik artritining boshqa belgilari mavjud:

  • Bo’g’im atrofidagi yumshoq to’qimalarning yallig’lanishi tufayli ikkilamchi etiolgiyali bursit, tendinit, tenosinovit;
  • Ta’sirlangan bo’g’im harakatlanishi cheklanganligi, asosan, o’tkir xurujlar davrida namoyon bo’ladi, ammo remissiya davrida ayrim bemorlarda bu belgilar qayd etilgan;
  • Yallig’langan sohaning mahalliy gipertermiyasi, mahalliy haroratni 1-2 °C ga oshishi.

Kasallik rivojlanishining oxirgi bosqichlarida podagraning bo’g’imlardagi o’ziga xos namoyon bo’lishi tofuslar — teri osti va teri ichidagi shakllanmalar bo’lib, ular siydik kisloatsining qattiq kristalli birikmalaridan iborat. Tofus shakllanishining o’rtacha davri siydik kislota o’sishi boshlanganidan 3-5 yil o’tgach boshlanadi, lekin ayrim hollarda tofuslarning tezkroq shakllanishi kuzatiladi.

Kasallikning rivojlanishi tofusning kattalashishiga — diametri bir necha santimetr bo’lishiga olib keladi. Kristall shakllanmalar tufayli qon aylanishining buzilishi teshikchalar paydo bo’lishiga, ulardan quyuq oq massa yoki kukun ajralib chiqishi kzuatilishi mumkin.

Tofus eng keng tarqalgan sohalar bilak, tirsak, tizza, kaft va oyoq bosh barmog’i bo’g’imlaridir, shuningdek quloq suprasi va qoshlar usti yoyi ham. Podagra qo’l barmoqlari va boshqa ko’p uchramaydigan sohalarni shikastlasa, tofuslar paydo bo’lishi sezilarli tezlashishi mumkin.

Podagraga tashxis qo’yish usullari

Podagra kasalligining asosiy alomati bu bo’g’imlardagi og’riq bo’lganligi uchun ushbu kasallikni boshqa revmatologik kasalliklardan, jarohatlar va boshqa bo’g’im patologiyalaridan farqlash va tashxisni aniqlashtirish biroz qiyinchilik tug’dirishi mumkin.

Aniq tashxisni qo’yishda mutaxassis anamnezga tayanadi, shuningdek bu holatda o’tkaziladigan paraklinik tadqiqotlar va tahlillar (qonning biokimyoviy tahlili, umumiy siydik tahlili) yordam beradi. Tashxislashning vaqti va aniqligi kasallik darajasi, belgilarining yaqqolligi, umumiy ahvolning holati, bemorning sog’lig’i, birgalikda kechuvchi kasalliklar va buzilishlar bor-yo’qligiga bog’liq. Faqat siydikni tahlil qilish samarasizdir, chunki uning ko’rsatkichlari siydik tizimi organlarining kasalliklari mavjudligi yoki yo’qligi bilan katta darajalarda o’zgarishi mumkin.

Podagra tashxisini qo’yish uchun qo’shimcha tadqiqotlar yordamida quyidagi alomatlar mavjudligi tekshiriladi:

  • Giperurikemiya — venoz qonda siydik kislotasining barqaror ravishda ko’payishi, biokimyoviy tadqiqotlar usuli bilan aniqlanadi;
  • Organizmdagi uratlarni mavjudligi va to’planish jarayonining bosqichi;
  • Bo’g’im yon to’qimalariga bu kristalllarning birikishi;
  • O’tkir yallig’lanish jarayonlari, bo’g’imlarning harakatchanligi darajasi.

Kasallik rivojlanavergach, buyrak faoliyatining buzilishlari, siydiktosh kasalliklari yuzaga keladi, shuning uchun podagrani davolash jarayonida ushbu holatlarni boshqarish kerak.

Kasallikni tashxislashda instrumental usullar

Bo’g’im va bo’g’im atrofidagi to’qimalarning kasallikni namoyon qilish etiologiyasi diagnostika asboblari yordamida tekshiriladi. Shikastlangan bo’g’imlar UTT, kompyuter tomografiya, radiografiya va vena ichiga pirofosfat texnetsiy yuborilib, sintigrafik tadqiqot yordamida baholanadi. Oxirgi usul kasallikning ham kech, ham erta bosqichlarida samarali bo’ladi.

Podagraning dastlabki bosqichida boshqa keng tarqalgan instrumental tadqiqotlar unchalik ham ko’p ma’lumot bermaydi, chunki podagraning dastlabki bosqichlarida bo’g’imlar va ular atrofidagi to’qimalar hali sezilarli destruktiv alomatlar namoyon qilmaydi va ularni apparat diagnostika usullari bilan aniqlash mushkul. Biroq, ulardan foydalanish podagrik artritining boshqa turdagi revmatik kasalliklardan yuqori aniqlik bilan farqlashni ta’minlaydi.

Podagrani davolash va oldini olish usullari

Organizm tomonidan ishlab chiqariladigan yoki oziq-ovqat bilan tushadigan purin asoslarining parchalanishi murakkab jarayondir va bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Har qanday bosqichdagi buzilishlar siydik kislota to’planishiga va buzilish turiga qarab podagraning jadal yoki bosqichma-bosqich rivojlanishiga olib keladi. Yaqqol namoyon bo’ladigan alomatlar kasallikning o’tkir xurujlari davrida namoyon bo’ladi va ungacha bemor o’zida faoliyat buzilishlari, kasallik mavjudligi haqida bilmasligi mumkin.

Podagraning etiologiyasi davo tamoyillarini belgilaydi. Boshqa patologiyalar va kasalliklar tufayli yuzaga kelgan ikkilamchi etiologiyali podagrani faqat birlamchi kasallikni bartaraf etish orqali davolasa bo’ladi. Fermentopatiyali (ferment yetishmasligi) irsiy podagrada davolash alomatlarni bartaraf qilish uchun qaratilgan bo’ladi.

Podagra uchun ishlatiladigan preparatlar

Podagrani davolash uchun dori vositalarini tanlashda shifokor kasallikning shakli, bosqichi va sababi to’g’risidagi ma’lumotlarga asoslanadi. Podagrani uy sharoitida mustaqil davolash yo’lidagi urinishlar salomatlikni jiddiy yomonlashuvi, kasallikning tez rivojlanib ketishi va boshqa muammolarga sabab bo’lishi mumkin.

Podagra uchun tanlangan birinchi dorilar guruhlari podagraga qarshi va yallig’lanishga qarshi preparatlardir.

Antipodagrik preparatlar (urikodepressantlar va urikozuriklar) purinlarni qayta ishlashni jadallashtirish va purin asoslari parchalanishi natijasida paydo bo’lgan mahsulotlarni tezroq yuvib chiqarishga qaratilgan. Ba’zi hollarda mutaxassis aralash ta’sirga ega preparatlarni buyurishi mumkin, masalan o’tkir podagra xuruji boshlanishida kolxitsin in’yektsiyasi.

O’tkir davrlarda bo’lgani kabi, remissiya davrida ham yallig’lanishga qarshi preparatlarni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi. Podagrda eng ko’p ishlatiladigan yallig’lanishga qarshi dorilarga nosteroid dorilar (Indametatsin, Fenilbutazon va boshqalar) va glyukokortikosteroidlar (ko’pincha Prednizolon) kiradi. Ushbu preparatlarni qo’llash shikastlanish joyida yallig’lanish, og’riq va to’qimalarning shishishini kamaytiradi.

Podagraning shakli va bosqichiga qarab fizioterapevtik muolajalar buyurilishi mumkin: ultrabinafsha nurlanish, elektroforez, parafin va ozokerit bilan qizdirish va hokazo.

Podagrada ovqatlanish

Podagrada parhezga amal qilish faqat kasallik birlamchi etiologyali bo’lganda samarali bo’ladi. Parhez boshlanishining birinchi kuni va qat’iy parhezga amal qilingandan bir hafta o’tib qonning biokimyoviy tahlili o’tkaziladi, bu qondagi siydik kislota miqdorini aniqlash uchun kerak. Bunday hollarda podagra asosiy etiologiyali bo’lsa, qonda siydik kislotasi darajasi kamayadi, bu kasallikning sababini tashxislash va podagrani samarali davolash strategiyasini ishlab chiqishga ham yordam beradi.

Podagrada №6 parhez

Podagradan aziyat chekuvchi barcha bemorlarga individual xususiyatlariga qarab kichik o’zgarishlar bilan Pivzner bo’yicha parhez tayinlanadi. Ushbu ratsionga rioya qilish purin metabolizmiga ta’sir qilishi va shu orqali siydik kislotasi darajasini kamaytirish mumkin. Bu esa o’z navbatida bo’g’imlar va boshqa to’qimalarda tuz kristallari shakllanishini oldini oladi. To’g’ri tanlangan parhezga amal qilinganda birlamchi etiologiyali podagrali bemorlarda uzoq muddatli remissiyalar, boshlang’ich bosqichlarda esa to’liq klinik sog’ayish kuzatiladi. Podagrik xurujlarning tez-tez kuzatilishi ovqatlanish ratsionidagi buzilishlar belgisidir.

№6 parhezga va shifokor tavsiyalariga rioya qilganda ham tez-tez xurujlar uchrab turishi kasallikni undaydigan boshqa omillar qo’shilganligini yoki shifokor kasallik sababini noto’g’ri tashxislaganini bildiradi.
6-raqamli parhezning asosiy qoidalari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Kunlik ovqatlanishni 4-6 qismga bo’lib, shuncha marta ovqatlanish;
  • Go’sht, baliq, parranda go’shtini iste’mol qilishdan avval yaxshilab qaynatish, bu ularni maksimal miqdordagi purinlardan ozod qilishga olib keladi. Podagra bilan kasallangan, ayniqsa kasallikning og’ir darajalaridagi bemorlarga bulyonlar taqiqlanadi;
  • Go’sht yoki baliq miqdori haftasiga 2-3 martalik iste’mol oralig’i bilan 150 g dan oshmasligi kerak;
  • Har haftada bir kun faqat sut mahsulotlari, yangi meva va sabzavotlar bilan ovqatlanib, «yengillik» kunlarini tashkil etish kerak;
  • Ichimlik rejimiga amal qilish, kundalik suyuqlik miqdori 2,5 litr bo’lishi kerak, yaxshisi toza suv ichgan ma’qul.

Podagra xurujlari davrida №6 parhezidan barcha hayvvon mahsulotlari (sut mahsulotlari bundan mustasno) chiqarib tashlanadi. Ratsion tarkibiga sabzavotli sho’rvalar, bo’tqalar, kompotlar, mevali ichimliklar, kissellar, sharbatlar kiradi. Bunday ovqatlanishni remissiya boshlanguniga qadar saqlash kerak.

Podagrada mahsulot tanlash

Podagraga chalingan bemorlar uchun oziq-ovqat tanlashni osonlashtirish uchun mutaxassis mahsulotlarni uch guruhga — purin miqdori yuqori, o’rtacha va kam bo’lgan mahsulotlar ro’yhatidan foydalanishni tavsiya qiladi.

  • Birinchi, yuqori darajada purin saqlagan mahsulotlarga mol jigari, barcha dukkaklilar kiradi. Ularni iste’mol qilish qat’iyan tavsiya etilmaydi.
  • Ikkinchi, o’rtacha purin saqlagan mahsulotlar guruhiga barcha turdagi go’sht, qisqichbaqasimonlar (krevetkalar bundan mustasno) kiradi. Go’sht tanlashda qariroq hayvon go’shtini olgan ma’qul, yosh hayvonlar go’shitda purin miqdori ko’proq bo’ladi.
  • Podagraning har qanday bosqichida ham iste’mol qilish taqiqlanmagan, kam purin nukleotidlari saqlovchi mahsulotlarga sut va sut mahsulotlari, yormalar, sabzavotlar, mevalar, tuxum, yong’oqlar, asal, baliq ikrasi kiradi.

Podagra profilaktikasi

Podagrani oldini olish bu kasallikning paydo bo’lishi va rivojlanishi uchun moyilligi yoki irsiy xavfi mavjud bo’lgan odamlar uchun ayniqsa muhim hisoblanadi. Birlamchi podagra qonda purin asoslari konsentratsiyasining oshishi fonida rivojlanadi, shuning uchun ovqatlanishdagi cheklovlarga amal qilish nafaqat kasallikni davolash, balki oldini olish chorasi sifatida ham qaraladi.

So’g’lom turmush tarzi va muntazam shifokor ko’rigidan o’tib turish ham podagrani oldini olish chorasidir. Podagra rivojlanishiga turki bo’luvchi xavf omillariga doimiy ochlik (vazn tashlash yoki sog’lomlashtirish uchun bo’lsa ham), tezda vazn yo’qotish, ba’zi preparatlarni qabul qilish (sitostatiklar, har qanday shakldagi siydik haydovchi preparatlar [tabletkalar, o’tlar, choylar]), ko’p alkogol ichimliklari ichish, jarohatlar, depressiya, yuqumli kasalliklar va boshqalar kiradi. Kasallik tashxisi mavjud bo’lganda ham ushbu profilaktik choralar kasallikni yengillashtirishi, rivojlanishini sekinlashtirishi yoki to’xtatishi, umumiy ahvolni yaxshilashi mumkin.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.