Tungi terlash — ko’pchilikni hech bo’lmasa bir marta bezovta qilgan muammo bo’lib, u har doim ham kasallikning biron bir belgisi hisoblanmaydi. Biroq, ter tufayli namlangan choyshab va kiyimlar uyquda normal dam olishga xalaqit beradi. Erkaklar, ayollar va bolalardagi tungi terlashning sabablari, kechki terlashni xalqona va medikamentoz davolash usullari maqolada batafsil.
Kechasi ko’p terlashning sabablari
Bu kabi hodisa ko’pincha terapevtga tashrif buyurishga sabab bo’ladi. Shifokorga borishdan oldin, siz uxlayotgan xonaning sharoitini tahlil qiling. Ehtimol, ko’p terlashning sababi xonadagi yuqori haroratdir.
Tungi terlashning tashqi sabablari
Albatta, ayol va erkaklarda kechki terlash gormonal muvozanat buzilishi tufayli kelib chiqishi mumkin. Ammo gipergidrozni chaqiruvchi umumiy sabablar bor.
Nimaga odamlar kechqurun ortiqcha terlashdan aziyat chekishini ko’rib chiqamiz:
- Issiq adyol va choyshablar. Uyqu uchun bunday buyumlarni tanlashda, tabiiy to’qima va to’ldirgichlarga afzallik berish kerak. Sintepon, silikon yoki xollofayber kabi sun’iy to’ldirgichlar havo o’tkazmaydi. Bunday adyollar ostida teri «bo’g’ilib qoladi». Qalin choyshabni yupqasiga, sun’iy choyshabni esa tabiiy matodan tayyorlanganiga almashtiring.
- Tungi kiyim. Ko’pchilik qizlar uyquda ham jozibali ko’rinishni xohlashadi, shuning uchun ular ipak, shifon, atlasli penyuar va pijamalar sotib olishadi. Bular sun’iy to’qimalar bo’lib, ularda tana kuchli terlaydi. Uyqu uchun paxtadan tayyorlangan kiyimlar, ko’ylaklar va pijamalarni tanlang.
- Yotoq xonasidagi harorat. Uyqu uchun tavsiya etiladigan harorat +16-20 °C. Bundan yuqori qiymatlarda odam havoning quruqligi va terlash tufayli normal dam ololmaydi. Yotishdan oldin xonani shamollating. Tunda konditsionerni yoniq qoldirmaslik tavsiya etiladi. Bu shamollashni keltirib chiqarishi mumkin.
- Oziq-ovqat va alkogol. Uyquga ketishdan oldin achchiq va sho’r ovqatlar iste’mol qilmang. Bunday oziq-ovqatlar qon aylanishini yaxshilaydi, natijada organizm ter ajratish orqali tananing haroratini pasaytirishga intiladi. Alkogolli ichimliklar ham kechki terlashni keltirib chiqaradi. Uyquga ketishdan oldin kuchli alkogolli ichimliklar ichmaslikka harakat qiling.
Kechasi terlashning ichki sabablari
Gipergidrozni keltirib chiqaradigan ichki omillar ro’yxati:
- Tuberkulyoz. Shifokorga tashrif buyurganingizda, o’tish kerak bo’ladigan birinchi test rentgenografiya hisoblanadi. Tuberkulyoz (sil kasalligi) ko’pincha kechki terlashga sabab bo’ladi.
- O’smalar. Yomon sifatli neoplazmalar hujayra termoregulyatsiyasi markaziga yolg’on signallar yuboradi. Buning oqibatida juda kuchli ter ajralishi mumkin.
- Infektsion kasalliklar. Ko’plab infektsion kasalliklar isitma bilan kechadi. Ehtimol, tungi terlash organizmning infektsiyaga qarshi kurashi tufayli haroratning oshishi bilan bog’liq. Kasallikka chalingan paytda yotishdan oldin tana haroratini o’lchab, zarur bo’lsa, isitma tushiruvchi dorilar qabul qiling.
- Gormonal kasalliklar. Ko’pincha terlash qandli diabet yoki gipotireoz tomonidan chaqiriladi. Bu me’da osti va qalqonsimon bezdagi buzilishlar bilan bog’liq kasalliklardir. Bu holat gormonlar yetishmovchiligi yoki tanqisligiga olib keladi, natija esa tunda kuchli terlash bilan namoyon bo’ladi.
- Yurak va nafas olish tizimi patologiyasi. Shifokorlar gipertoniklar va yurak kasalliklari bo’lgan bemorlar sog’lom odamlarga nisbatan ko’proq terlashlarini payqashgan.
- Stress va depressiya. Odatda psixologik xarakterdagi muammolar adrenalin o’sishiga olib keladi. Agar siz kechqurun ishda bo’lgan muammoni unuta olmasangiz yoki ortiqcha asabiylashsangiz, tunda terlab ketgan holda uyg’onishingiz ehtimoli yuqori. Adrenalin terlashga olib keladi.
Ayollar kechqurun terlashi sabablari
Ko’pincha ayollarda tungi terlashni gormonal muammolar keltirib chiqaradi, chunki umr davomida ma’lum gormonlar nisbati o’zgarib turadi. Agar siz homilador bo’lmasangiz va gormonal muvozanatning buzilishiga sabab bo’lmasa, terlash tashqi omillar tufayli kelib chiqqan bo’ladi.
Gipergidrozga olib keladigan ayol organizmi xususiyatlari:
- Homiladorlik. Homiladorlikning dastlabki trimestrida endokrin tizimda o’zgarishlar yuz beradi. Ayni paytda qo’llar va oyoqlar kuchli terlaydi. Boshqa tana qismlari quruqlikdan aziyat chekadi, teri biroz qipiqlanishi mumkin. Ikkinchi trimestrda qon aylanishi 30-40 foizga oshadi. Bu esa kechalari terlashga sabab bo’ladi. Faqat endi butun tana terlaydi. Homiladorlikning oxirgi trimestrida ayolning vazni sezilarli darajada oshadi. Yurish qiyinlashadi, suyuqlik organizmda ushlanib qolishi oyoq-qo’llar shishi paydo bo’lishiga olib keladi. Bularning barchasi terlashga sabab bo’ladi.
- Menopauza. Klimaks vaqtida ham ayollarda o’zgarishlar kuzatiladi. Tana gormonal disbalans tufayli o’zini isitishga harakat qiladi. Natijada, tomirlar issiq havoda ham kengayadi. Shundan so’ng tomirlar torayib ketadigan teskari jarayon yuz beradi. Klimaks davrida ko’p terlash — psixologik bezovtalikka olib keladigan keng tarqalgan muammo hisoblanadi.
- PMS. Hayzdan oldin ayollar qonida progestinlar keskin kamayadi. Aynan shu gormon terlash sababi bo’ladi. Gormonal disbalansda kechki terlash bilan birga, qorin va ko’krakda og’rig’qlar sezilishi, kayfiyatning keskin o’zgarishi kuzatilishi mumkin. Agar o’zingizni juda yomon his qilsangiz, shifokor bilan maslahatlashing. Agar hayzdan oldin qorin pastida tortilish va ko’p terlashdan boshqa muammolar bezovta qilmasa, shifokorga borishning hojati yo’q.
Erkaklar kechki terlashi sabablari
Erkaklarda ham tashqi omillar giperidrozga sabab bo’ladi: xonadagi yuqori harorat, issiq adyol va alkogolli ichimliklarni iste’mol qilish. Ehtimol, kechasi terlash qandli diabet va ichki a’zolarning boshqa kasalliklari natijasida yuzaga kelgan. Biroq, ayollar kabi, kuchli jins vakillari ham gormonal sabablarga ko’ra gipergidrozdan aziyat chekishlari mumkin.
Kechasi terlashni keltirib chiqaradigan erkak organizmi xususiyatlari:
- Andropauza. Bu moyaklar jinsiy gormonlar ishlab chiqarishini kamaytirishi. Umuman olganda, bu ayollardagi menopauzaga o’xshaydi. Ushbu davrda jinsiy intilish (libido) kamayib, bosh og’rig’i kuzatilishi mumkin. Odatda erkaklarda 45 yoshdan keyin uchraydi.
- O’rta yosh inqirozi bilan bog’liq psixologik muammolar. 45 yoshda, erkak sochlarni oqarishini, qorinda ortiqcha yog’lar to’planganini seza boshlaydi. U endi oldingi kabi jozibali ko’rinmasligini tushunadi, shuning uchun kimgadir kerak ekanligini isbotlashga harakat qiladi. B’azan bunday paytda erkaklar jazman topadi yoki ichkilikka beriladi. Doimiy qo’rquv va hissiy tashvishlar tungi terlashni keltirib chiqaradi.
Bola kechasi ko’p terlashi sabablari
Bolalarda termoregulyatsiya 5-6 yoshga kelib kattalardagi kabi bo’ladi. Ko’pincha ko’p terlash bir yoshgacha bo’lgan bolalarda kuzatiladi. Bu ter bezlari tuzilishining o’ziga xos xususiyatlari bilan bog’liq.
Kechalari bolalar gipergidrozga olib keladigan omillar:
- D vitamini va kaltsiy yetishmasligi. Buni raxit oldi holati deb hisoblash mumkin. Bolaning oyoqlari egilgan, ko’krak qafasida botiq mavjudligi aniqlanishi shart emas. Bu raxitning yaqqol ko’rinishi. Dastlabki bosqichda bola tunda kuchli terlaydi, ter hidi yoqimsiz bo’ladi.
- Muddatidan oldin tug’ilgan chaqaloq. Odatda, muddatidan oldin tug’ilgan bolalarda, tunda terlash oziqlantirish vaqtida kuzatiladi. Bola ko’krakdan sut emishi qiyin bo’ladi. U buni amalga oshirish juda ko’p kuch sarflaydi.
- Giperfaollik. Kun davomida haddan tashqari faollik markaziy asab tizimidagi buzilishlar tufayli kelib chiqadi. Bu tufayli hujayra markazlari issiqlikning yetishmasligi haqida noto’g’ri signallar yuboradi.
- Tishlari chiqishi. Bu davrda tananing himoya funktsiyalari kamayadi. Milklar shishadi, tana haroratining ko’tarilishi kechki terlashni keltirib chiqarishi mumkin.
- Vegetotomirli distoniya. Bolalarda bu xastalik kattalardagi kasallikdan farq qiladi. Balog’atga yetish davrida vegetativ tizim a’zolarida muvozanat buzilishi kuzatiladi. Jinsiy yetilishdan keyin kasallik va kechki terlash belgilari yo’qolib ketadi.
- Shamollash. Burun bitishi va yo’tal paydo bo’lishidan 2-3 kun oldin bola tunlari terlashi mumkin. Bu ona uchun chaqalog’i shamollaganining birinchi «qo’ng’irog’i» bo’ladi. Kasallikni to’xtatish uchun barcha choralarni ko’rish kerak.
Tungi terlashni davolash usullari
Avvalo, ortiqcha terlashga olib kelgan sababni bartaraf etish lozim. Shunga ko’ra, onkolog, nevropatolog va endokrinologga murojaat qilish kerak.
Mutaxassislar sog’liqda muammolar aniqlamasa, unda birlamchi gipergidroz haqida gapirish mumkin. Bu mustaqil kasallik bo’lib, u bilan alomatlarni bartaraf etish orqali kurashiladi. Agar terlash tananing ma’lum bir qismida kuzatilsa, aynan shu qismlar davolanadi.
1 yoshgacha bo’lgan bolalarga qish mavsumida raxitning oldini olish uchun D vitamini berish tavsiya etiladi. Bolalarda yopishqoq va noxush hidli ter ajralishi aynan shu jiddiy kasallikning belgisi hisoblanadi. Kunduzi chaqaloq bilan ko’proq sayr qilish kerak. Chaqaloq faol harakatlanishi darkor, bu kunduzi ortiqcha suyuqlik organizmdan teri orqali chiqib ketishiga yordam beradi. Kechasi bola kamroq terlaydi.
6 yoshgacha bo’lgan bolalar haddan tashqari terlashda medikamentoz davolanishga muhtoj emas. Olti yoshga qadar ter ishlab chiqaradigan bezlar endi shakllanayotgan bo’ladi. Ammo agar sizning farzandingiz semizlikdan aziyat cheksa va buning oqibatida terlasa, uni dietologga ko’rsating. Ehtimol, to’g’ri ovqatlanish va jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish bolani terlashdan qutqaribgina qolmasdan, vaznini me’yorlashtirishga ham yordam beradi.
Kattalarda gipergidrozni davolashning eng keng tarqalgan usullari:
- Botoks. Qancahlik ajablanarli bo’lmasin, bu in’yektsiyalar qo’l, oyoq va qo’ltiq osti terlashini davolash uchun muvaffaqiyatli ishlatiladi. Jarayon davomida botulotoksin to’g’ridan-to’g’ri muammoli hududlarga kiritiladi. Ushbu modda nerv impulslarini bloklashi natijasida ter bezlarining sekretsiyasini kamaytirishi mumkin. Ta’sir 6-10 oy davom etadi. Esingizda bo’lsin, Botoks — zaharli moddadir.
- Lazerli muolaja. Muolaja jarayonida teri og’riqsizlantiriladi va optik tolalar kiritiladi. Keyinchalik ter hujayralarining membranalariga zarar yetkazadigan lazer nuri ishlatiladi. Ba’zi hujayralar nobud bo’ladi. Muolajadan so’ng terlash sizni 1-2 yil bezovta qilmaydi.
Uy sharoitida kechasi terlashga qarshi kurashish — xalqona vositalar
Xalqona tibbiyot kechqurun terlash muammosini hal qilish uchun ko’plab usullarni taklif etadi. Ichga qabul qilish va mahalliy qo’llash uchun mo’ljallangan vositalar mavjud.
Ortiqcha terlashdan xalos etuvchi ichga qabul qilish uchun damlamalar
Yalpi terlash butun tana bo’ylab ter ajralishining ko’payishi bilan namoyon bo’ladi. Buning oldini olish uchun muntazam ravishda maxsus damlamalar qabul qilish tavsiya etiladi.
Ichish uchun damlamalar retsepti:
- Qichitqi o’t va mavrak. Buning uchun 20 gramm qichitqi o’t va mavrak barglariga 500 ml qaynoq suv quying va plita ustida 10 daqiqa qizdirishga qoldiring. Sovuting va suzib oling. Kuniga 3-4 marta 120 ml dan qabul qiling.
- Arslonquyruq va valeriana tindirmasi. Ular stressni bartaraf etish va shu bilan adrenalin ishlab chiqarishni kamaytirishga yordam beruvchi sedativ moddalardir. Dorixonadan sotib olingan tindirmani ichish kerak. Kuniga 4 marta 25 tomchidan ichish kifoya. Davolash kursi 1 oy.
- Dalachoy damlamasi. Sirli idishga 30 gr dalachoy o’tidan solib, ustidan 1 litr suv quying. Idishni olovga qo’yib, 10 daqiqa qaynating. So’ng olovdan olib, doka orqali suzib oling. Har 2-3 soatda 100 ml dan qabul qiling. Damlamani tabiiy asal bilan shirinroq qilishingiz mumkin.
- Bodringli tindirma. Kattaroq bodring olib, uni po’stidan tozalang. Sabzavotni qirg’ichdan o’tkazing va 100 ml tibbiy spirt qo’shing. Uni 12 kunga sovuq joyda qoldiring. Tindirmani ertalab nonushtadan keyin 15 ml dan qabul qiling. Davolash kursi 20 kun.
Kechki gipergidrozga qarshi mahalliy vositalar
Ko’pincha, tananing ayrim qismlari terlashi holatlari kuzatiladi. Agar shunday bo’lsa, unda siz pasta, kompress yoki suyuq dorilardan foydalanishingiz mumkin.
Mahalliy terlashni davolash uchun retseptlar:
- Eman daraxti po’stlog’idan losyon. Undan suyuq dori yoki malham tayyorlash mumkin. Damlama tayyorlash uchun 1000 ml sovuq suvga 40 g eman daraxti po’stlog’i soling va olovga qo’ying. 10-15 daqiqa davomida qaynating. Bu vaqt ichida suyuqlikning yarmi bug’lanib ketishi kerak. Damlamani sovutib, unda matoni namlang. Ko’p terlaydigan joylarga 20 daqiqa davomida qo’llang. E’tibor bering, agar mato qurib qolsa, uni damlamada yana namlab olish kerak.
- Eman daraxti po’stlog’idan malham. Malham tayyorlash uchun 30 g quruq eman po’stlog’ini kostryulkaga solib, 120 g tabiiy asal qo’shing va 2-3 daqiqa qaynating. Malhamni sovutib oling va idishni muzlatgichga qo’ying. Dush qabul qilgandan so’ng, uyquga ketishdan oldin malhamni 10 daqiqa davomida qo’llang. Davolash kursi 10 kun.
- Glitserinli eritma. Agar siz qo’l va oyoq terlashidan aziyat cheksangiz, surtish uchun eritma tayyorlang. Idishda 5 g limon sharbati va 30 g glitserinni aralashtiring. Yog’li aralashmaga 15 g spirt qo’shing. Aralashmani og’zi yopiladigan kichik idishchaga solib, yaxshilab silkiting. Ushbu suyuqlikni qo’llaringiz va oyoqlaringizga imkon qadar tez-tez surtib turing.
- Formidon eritmasi. Terlashni favqulodda davolash uchun foydalaniladi. Dorixonadan formidon eritmasini sotib olib, oyoq va qo’llar kaftiga har 2 soatda surtib turing. 24-36 soatdan keyin terlash yo’qoladi. Ammo bu vosita qisqa muddatli ta’sir ko’rsatadi. Bir sutkadan keyin muammo yana qaytadi.
- Olma sirkasi. Bu qo’l va oyoq terlashini davolash uchun tabiiy vositadir. Eritma tayyorlash uchun idishga 100 g sirka va 2000 ml iliq suv soling. Kechasi terlaydigan tana qismlarini 15 daqiqa davomida eritmada ushlab turing. Ikki hafta davomida har kuni takrorlang.
Kechki terlashda xalqona vositalarni qo’llashga shoshilmang. Avval shifokor bilan maslahatlashing va gipergidrozning haqiqiy sababini bilib oling. Terlash juda og’ir kasallik belgisi bo’lishi mumkinligini unutmang.