Gripp va shamollashga qarshi dorilar — turlari va tanlash usullari

«Gripp yoki shamollashga qarshi dori bering» — dorixona xodimiga kuz-bahor faslida ko’pincha aynan shunday murojaat qilinadi. Gripp epidemiyasi mavsumida shamollashni uy sharoitida davolash usullari aholining deyarli yarmi tomonidan esga olinadi: ko’pchilik tezda va iloji bo’lsa, ko’p harajatsiz shifo topishni istaydi. Albatta, shamollash va grippga qarshi dorilar tanlashning eng yaxshi usuli — shifokor bilan maslahatlashishdir. Biroq, u yoki bu sabablarga ko’ra buning imkoni bo’lmasa, qanday davolanish usullari mavjudligini, grippga qarshi tabletkalarning qay holatda ishlatilishi va bir-biridan qanday farq qilishi haqida bilish ortiqchalik qilmaydi.

Gripp va shamollashga qarshi dori vositalari

Gripp va shamollashga qarshi dori vositalari: qanday davolash usullari mavjud?

Birinchidan, ko’pincha «shamollash» deb nomlanadigan bakterial yoki virus etioligiyali respirator infektsiyani gripp bilan adashtirmaslik kerak. Gripp, o’tkir respirator infektsiyadan farqli o’laroq, umuman boshqacha boshlanadi va davom etadi va ancha jiddiyroq asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Yengil darajasida ikkalasi ham organizmni qo’llab-quvvatlovchi va alomatlarni yengillashtiruvchi terapiya, yotoq tartibi va parhezga amal qilish yordamida, shamollashga qarshi (antibiotiklar) va grippga qarshi (antivirus) kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni qo’llamagan holda davolanadi.

Kuchli va samarali vositalarni tanlashdan oldin, kasallikning shaklini aniqlab olish kerak. Yengil va o’rtacha og’irlikdagi (surunkali bo’lmagan) bakterial infektsiyalar antibiotiklardan foydalanishni talab qilmaydi. Kasallikning og’ir shakllari, uzoq muddat davom etadigan «shamollashlar»ni shifokor nazorati ostida davolash shart. Shifokor kasallikning ehtimoliy qo’zg’atuvchilarini aniqlash uchun tegishli tahlillarni belgilab, laboratoriya tahlillari natijasi asosida aniqlangan patogen mikroorganizmlarning antibiotiklarga sezuvchanligini baholaydi va mos ravishda tegishli dori-darmonlarni tayinlaydi.

Gripp, klinik tasvirining jiddiyligiga qarab uch darajaga bo’linadi. Eng og’iri — uchinchisi bo’lib, aksariyat hollarda kasallikni keltirib chiqargan virus shtammiga qarshi antivirus preparatlarni qo’llashni talab etadi. Bundan tashqari, virusga qarshi dorilar bemor xavf guruhida bo’lsa (kasalliklar, yosh, boshqa davolash choralari tufayli zaiflashgan bo’lsa), kasallikning yengil darajasida ham qo’llanilishi mumkin. Boshqa holatlarda gripp va shamollashga qarshi vositalarni qo’llash tavsiya etilmaydi: moddalarning nojo’ya ta’siri terapevtik ta’sirdan ustun kelishi mumkin.

Virusga qarshi preparatlar

Shamollash va grippga qarshi dorilar tibbiyot mutaxassislari tushunchasida — bu klinik jihatdan isbotlangan samaradorlikka ega bo’lgan dori hisoblanadi, shuning uchun biologik faol qo’shimchalar, gomeopatik vositalar bu tushunchaga kiritilmaydi.

Gripp va O’RVI`ni davolashda qo’llaniladigan va tasdiqlangan samaradorlikka ega bo’lgan preparatlar orasida bir necha guruh ajratiladi:

  • Vaktsinalar, grippga qarshi emlas. Vaktsinaning asosiy komponenti kuchsizlantirilgan yoki inaktivatsiyalangan («o’lik») turli shtammdagi gripp viruslari hisoblanadi, ularni inson organizmiga kiritish ular immunitetining mos antitanalarini ishlab chiqarishga olib keladi. Ushbu guruh vositalari kasallikning oldini olish va asoratlar yuzaga kelishi ehtimolini kamaytirishga qaratilgan;
  • Maxsus antivirus preparatlar va keng spektrli ta’sirga ega antivirus vositalar — terapevtik ta’sirga viruslarni zararsizlantirish va ularning ko’payish qobiliyatini bostirish yo’li bilan erishiladi;
  • Immunostimulyator vositalar — organizmning himoya kuchlarini qisqa muddatga kuchaytirish imkonini beradi;
  • Kasallik alomatlari jiddiyligini kamaytirishga qaratilgan dori-darmonlar — xususan varaja, bosh og’rig’i, isitma, shilliq qavatlarning shishishi va boshqalarni.

Virusga qarshi va immunostimulyator dori-darmonlarni ehtiyotkorlik bilan qo’llash kerak: ushbu guruh vositalari kashf qilinganiga hali ko’p bo’lmagan va viruslar bilan kurashish oqibatlari hali to’liq o’rganilmagan. Immunostimulyator vositalarni o’zboshimchalik bilan qabul qilish jiddiy autoimmun reaktsiyalar va kasalliklar, onkologik kasalliklar kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shamollash va grippga qarshi vaktsina guruhi

Bevosita «shamollash» va O’RK`ga qarshi vaktsina mavjud bo’lmasa ham,  organizmga bakterial etiologiyali respirator kasalliklarning ma’lum patogenlariga qarshi antitanalarni ishlab chiqarishga yordam beradigan vaktsinalar mavjud. Ularning samaradorligi patogen organizmning tarqalganligi va bemorni infektsiya tashuvchisi bilan kontakt qilish miqdoriga bog’liq.

Grippga qarshi emlashlar yaxshi tanilgan va ularning samaradorligi isbotlangan. Ushbu vaktsina majburiy emlash guruhiga kirmaydi, lekin JSST mutaxassislari va shifokorlar kishilarga o’zini grippdan oldindan himoya qilish imkoniyatidan foydalanishni tavsiya etadilar.

Bugungi kunda farmakologik bozorda asosan inaktivatsiya qilingan vaktsinalar mavjud bo’lib, ular preparatni qo’llashdan keyin asoratlarni keltirib chiqarmaydi. Eng keng tarqalganlari orasida quyidagilar ajratiladi:

  • Inflyuvak;
  • Grippol;
  • Agrippal;
  • Fovariks.

Shunisi e’tiborga loyiqki, vaktsinalarning tarkibi kelgusi mavsum uchun tadqiqotchilarning prognozi natijalariga qarab har yili o’zgarib turadi. Inson organizmi uchta eng tarqalgan gripp virusi shtammi: A, B va C bilan infektsiyalanishga moyil bo’ladi. Yaqinlashib kelayotgan sovuq mavsumda qaysi gripp shtammi faol bo’lishiga qarab, farmatsevtika kompaniyalari o’sha mavsum uchun mos bo’lgan emlashni yaratadilar.

Vaktsina va shtamm turining mos kelmasligida kasallanish sodir bo’lishi mumkin, ammo «noto’g’ri» emlanish holatida ham gripp ancha yengil kechadi.

Virusga qarshi preparatlar guruhi

Antivirus preparatlar guruhi davolanishning erta boshlanishida eng yuqori terapevtik samaradorlikni ta’minlaydi. Gripp aniq namoyon bo’ladigan kasalliklardan biri hisoblanadi, virus shtammiga qarab, infektsiyalanishdan kasallikning birinchi alomatlari kuzatilgungacha bo’lgan vaqt oralig’i bir necha soatdan 2 kungacha bo’lishi mumkin.

Birinchi alomatlar odatda tana haroratining keskin ko’tarilishi, varaja, bosh og’rig’i, bo’g’imlar, mushaklarning og’rig’i, umumiy ahvolning keskin yomonlashuvi bilan namoyon bo’ladi. Ushbu bosqichda virusga qarshi preparatlarni qabul qilish eng samarali bo’ladi, virus faolligini bostiradi va uning keyingi ko’payishiga to’sqinlik qiladi. Kasallikning keyingi bosqichlarida, qon va to’qimalarda ko’p sonli viruslar mavjud bo’lganda, ushbu dori vositalarining ta’siri sezilarli darajada kamayadi.

Virusga qarshi dorilarning o’ziga xosligi shundaki, hozirgi kunda gripp virusining barcha turlarini yengish uchun mo’ljallangan universal vosita mavjud emas. A va B viruslarining eng ko’p uchraydigan turlariga qarshi kurashadigan preparatlar ishlab chiqilgan, ammo tegishli tahlillarsiz infektsion agent turini aniqlash imkonsiz sanaladi.

Eng mashhur va topish oson bo’lgan virusga qarshi preparatlar orasida quyidagilar mavjud:

  • Remantadin (analogi Rimantadin) — A tipli gripp virusiga qarshi samaradorligi va arzonligi sababli eng mashhur vosita hisoblanadi. Virus A — gripp epidemiyasining eng ko’p uchraydigan sababchilaridan biri bo’lib, uning faolligi har 2-3 yilda bir marta qayd etiladi. Qabul qilish qoidalariga rioya qilinganda, tasdiqlangan yuqori samaradorlik va minimal nojo’ya ta’siri sababli epidemiologik xavf davrida Remantadin talab yuqori bo’ladigan vositaga aylangan.  Mazkur preparatni o’z vaqtida qabul qilishni boshlash og’ir asoratlarni kamaytirishga yordam beradi (bronxitni 3 marta, pnevmoniyani 6 martagacha). Preparat virusning faolligini pasaytiradi, bu esa tiklanishni tezlashtiradi va kasallik alomatlarini yengillashtiradi. U epidemiyalar davrida profilaktika chorasi sifatida qo’llanilishi ham mumkin. Chiqarilish shakli — tabletkalar va bolalar uchun sirop;
  • Tamiflyuparranda grippi epidemiyasidan keyin mashhurlikka erishgan medikement, shunga qaramay u bozorda 1996-yildan buyon mavjud. Eng keng tarqalgan A va B tipdagi gripp virusiga qarshi samarali. Ko’plab qarshi ko’rsatmalar va nojo’ya ta’sirlarga ega;
  • Ingavirin — A va B tipdagi grippi viruslari, shunindek paragripp, adenovirus va ba’zi respirator infektsiya qo’zg’atuvchilariga qarshi yuqori samaradorlikka ega bo’lgan dori vositasi. Preparat nafaqat antivirus, balki qisqa muddatli immunomodulyator ta’sirga ham ega bo’lib, organizm tomonidan interferonlarning o’z-o’zidan ishlab chiqarilishini rag’batlantiradi. Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar: preparat tarkibiy qismlariga yuqori sezuvchanlik va bolalar (18 yoshgacha);
  • Kagotsel — virusga qarshi va immunitetni kuchaytiruvchi kompleks ta’sirli vosita, o’z vaqtida qabul qilish boshlanganda samarali hisoblanadi (kasallikning birinchi alomatlari sezilishidan boshlab 24 soatgacha). Bundan tashqari, gripp bilan kasallangan bemor bilan kontaktda bo’lganda favqulodda profilaktika uchun qo’llansa ham bo’ladi. Preparatning tarkibiy qismlariga allergik reaktsiya mavjudligida ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak, 3 yoshgacha bo’lgan bolalar va homilador ayollar uchun tavsiya etilmaydi;
  • Sitovir 3 — siklovir guruhiga mansub kombinativ dori vositasi. Virusga qarshi kurashish, tabiiy immunitetni mustahkamlash, gripp va shamollash belgilari jiddiyligini kamaytirish uchun qo’llaniladi. Tarkibida timogen, bendazol va C vitamini mavjud. Preparat qon bosimining pasayishiga olib kelishi mumkinligi sababli, gipotonik bemorlar ehtiyotkorlik bilan foydalanishlari kerak. 1 yoshgacha bo’lgan bolalar, homilador ayollar, qandli diabet bilan og’rigan, oshqozon yarasi bo’lgan, tarkibiy qismlariga yuqori sezuvchanlikka ega bemorlarga qarshi ko’rsatiladi;

Yangi avlod antivirus preparatlar — Ozeltamivir va Zanamivir — yaqinda ishlab chiqilgan. Ularning maqsadi — gripp virusining A va B shtammlari tomonidan chaqirilgan virusli infektsiyalarni oldini olish va davolashdir. Preparat shifokor ko’rsatmasiga binoan qabul qilinadi, o’z vaqtida boshlangan terapiya isitma, varaja qilish, umumiy holsizlik, tomoq og’rishi, bo’g’im va mushakdagi og’riqlar kabi alomatlarni tezda bartaraf qilishga yordam beradi. Preparat asoratlar rivojlanishi ehtimolini kamaytirishda samarali bo’ladi. Chiqarilish shakli: tabletka va ingalyatsiya uchun eritma. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Interferon saqlovchi moddalar

Interferon preparatlari guruhiga quyidagi dorilar kiradi:

  • Viferon, alfa interferon, genetik muhandislik natijasida hosil bo’lgan. Preparat grippga va shamollashga qarshi dori vositasi sifatida samaradorligini isbotlagan. Organizmga so’rilishini yengillashtiradigan kattalar va bolalar uchun mo’ljallangan dozada anal shamchalar shaklida chiqariladi. Tarkibiy qismlariga allergik reaktsiya bo’lmaganida preparatni tug’ilishdanoq 5 kungacha bo’lgan muddat ichida tavsiya etilgan dozalarda (kuniga 2 marta 1 ta suppozitoriya) qo’llash mumkin. Preparatning tarkibiy qismlariga individual sezuvchanlikdan tashqari boshqa qarshi ko’rsatmalarga ega emas, nojo’ya ta’sirga olib kelmaydi;
  • Sikloferon, tasdiqlangan immunomodulyator, yallig’lanishga qarshi, antivirus xususiyatlarga ega bo’lgan dori. Ta’sir qiluvchi moddaning faolligi bemorning organizmida interferon sintezi jarayonlarini boshlashiga asoslanadi. Gripp, o’tkir respirator virusli infektsiyalar, virusli gepatit, virus va bakterial etiologiyali siydik yo’llari kasalliklari, xlamidiozni davolashda ishlatiladi.Preparat bozorda malham, tabletka, in’yektsiya uchun eritma shaklida mavjud. 4 yoshgacha bo’lgan bolalar, homilador va laktatsiya davridagi ayollar, shuningdek, preparatning tarkibiy qismlariga nisbatan individual sezuvchanligi bo’lganlar uchun qarshi ko’rsatmaga ega;
  • Grippferon (analogi Inferon) — insonning qon tarkibiy qismlaridan foydalanmasdan yaratilgan preparat. Asosi — virusli infektsiyalarni, jumladan grippning turli xil turlari, o’tkir nafas yo’llari infektsiyalari va boshqalarni davolashda ishlatiladigan rekombinant interferon alfa-2 hisoblanadi.Gripp va O’RVI`ni davolash uchun burun yo’llariga tomiziladigan eritma shaklida chiqariladi. Terapevtik ta’siri viruslar faolligini bostirishga, havo-tomchi yo’li bilan yuqadigan infektsion agentlar kirishiga to’siq yaratishga, mahalliy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan. Grippferon va uning sertifikatlangan analoglaridan foydalanishga qarshi ko’rsatmalar mavjud emas, shu jumladan, bolalar, homiladorlik va laktatsiya davrlarida bo’lgan ayollarga ham;
  • Neovir — bu ham interferon guruhiga tegishli yangi vosita bo’lib, grippoz va boshqa respirator virusli infektsiyalarda, shuningdek, gerpes virusiga qarshi kompleks terapiyada ishlatiladi. Chiqarilish shakli — in’yektsiya uchun eritma.

Yuqoridagi barcha vositalardan foydalanishdan avval mutaxassis bilan maslahatlashish zarur.

Simptomatik terapiya

Simptomatik terapiya — kasallik belgilarining namoyon bo’lish jiddiyligini kamaytirishga qaratilgan davolash, bu organizm patogenga qarshi kurashish uchun qo’shimcha kuch beradi. Gripp va shamollashni davolash uchun ushbu guruh vositalariga analgetik dori-darmonlar, antipiretiklar (isitma tushiruvchi vositalar), yallig’lanishga qarshi, mukolitik va mukokinetik preparatlar hamda umumiy qo’llab-quvvatlovchi dori-darmonlar kiradi. Ularning asosiy vazifasi -kasallikning salbiy namoyon bo’lishi: bosh og’rig’i, mushak og’rig’i, titroq va isitma kabi alomatlarni bartaraf etish, burun bitishini kamaytirish, balg’am ko’chishini yaxshilash va hokazo.

Preparatlar monokomponent bo’lishi yoki kompleks shaklda taklif etilishi mumkin. Masalan, parasetamol — antipiretik, shuningdek og’riq qoldiruvchi ta’sirga ham ega. So’nggi yillarda keng tarqalgan, suyuqlikda eritib ichiladigan polikomponentli preparatlar (ko’pincha kukunlar shaklida) odatda o’zida antibiotik, analgetik, antigistamin (shishga qarshi) va umumiy qo’llab-quvvatlovchi (ko’pchilik hollarda askorbin kislotasi tufayli) vositalar ta’sirini birlashtirib, shamollash va gripp belgilarini tezda bartaraf etishga yordam beradi.

Eng ko’p uchraydigan isitma tushiruvchi va yallig’lanishga qarshi dorilarga quyidagilar kiradi:

  • Koldreks;
  • Parasetamol;
  • Asetilsalitsil kislotasi (Aspirin) turli shakllarda va C vitamini qo’shimchalari bilan;
  • Ibuprofen (nurofen);
  • Teraflyu, Antigrippin va boshqalar.

Ta’kidlash kerakki, polikomponentli, qabul qilish qulay bo’lgan kukun shaklidagi vositalarning narxi qimmatlik qiladigan bo’lsa, ularning o’rnini monokomponentli analoglari bilan bosish mumkin. Masalan Koldreks vositasida isitma tushiruvchi sifatida parasetamol ishlatiladi, parasetamolni alohida xarid qilganda narxi ancha pastroq bo’ladi.

Gripp va o’tkir respiratorli virusli infektsiyalarni samarali davolashning asosiy qoidalaridan biri ichimlik tartibiga rioya qilishdir. Ichimlik shaklidagi preparatlar yuqori biologik o’zlashtiruvchanlikka ega, bundan tashqari issiq ichimlik sifatida ham ham yordam beradi. Har qanday holda ham, respirator kasalliklarda ko’p miqdorda suyuqlik ichish shart hisoblanadi.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.