Yo’tal — organizmning o’ziga xos bo’lmagan himoya reaktsiyasidir. Uning vazifasi nafas olish yo’llarini balg’am, chang yoki yot narsalardan tozalashdir. Agar yo’tal kuzatilsa, kishi birinchi navbatda nafas olish tizimi kasalliklari haqida o’ylaydi. Aslida bu alomat boshqa a’zolar shikastlanganda ham sodir bo’lishi mumkin.
Nima uchun odamlar yo’taladi?
Nafas yo’llarining shilliq qavati yuzasida yo’tal retseptorlari joylashgan. Qo’zg’atuvchi omil ta’siri ostida bu hujayralar faollashadi. Olingan ma’lumot retseptorlardan asab tolalari bo’ylab uzunchoq miyada joylashgan yo’tal markaziga yetib boradi. Bu yerda olingan ma’lumotlar tahlil qilinadi. Keyinchalik, undan chiqadigan asab tolalari orqali qovurg’alararo, diafragmal, qorin mushaklariga signal yuboriladi. Mushaklar qisqarishi yot moddalarni nafas yo’lidan chiqarib yuborishga olib keladi.
Yo’tal davomiyligi
Yo’tal shamollash fonida yuzaga kelishi va bir haftadan so’ng yo’qolishi mumkin. Ba’zida yo’talish insonni uzoq vaqt davomida bezovta qiladi va bu alomatning sababi aniq bo’lmaydi. Yo’talning davomiyligi juda muhim xususiyatdir. Uning davom etishi vaqtiga qarab, uchta yo’tal turi tasniflanadi:
- O’tkir — uch haftagacha;
- O’tkir osti — to’rt-sakkiz hafta davom etadi;
- Surunkali — sakkiz haftadan ko’p davom etadi.
Aksariyat holatlarda o’tkir yo’tal O’RVI sabab paydo bo’ladi. Odam sog’ayib ketganidan keyin bu alomat yo’qoladi. Ta’kidlash joizki, bolalarda ko’pincha infektsiyadan keyingi (postinfektsion) yo’tal kuzatiladi, bu deyarli davolanishga taslim bo’lmaydi. Ushbu sindrom bir yoki ikki oy kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda shifokorlar o’tkir osti (subo’tkir) yo’tal haqida gapirishadi.
Ununmli | Unumsiz |
---|---|
|
Ununmli | Unumsiz |
---|---|
|
|
Uzoq muddatli yo’talish nafaqat nafas olish tizimining yallig’lanish kasalliklari bilan, balki yurak-qon tomirlari yetishmovchiligi, o’pkada va ko’ks oralig’idagi o’smalar bilan chaqirilgan bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, surunkali yo’talning sabablari bronxial astma, gastroezofagial kasallik, shuningdek postnazal oqishish sindromi bo’lishi mumkin.
Yo’tal turlari
Yo’talni unumsiz va unumli shakllarga ajratish qabul qilingan. Unumsiz (quruq) yo’tal O’RVIning boshlang’ich bosqichi uchun xosdir. Asta-sekin balg’amning xususiyatlari o’zgaradi va bemor yo’tal nam bo’lib borayotganini payqaydi. Shu yo’l orqali organizm bronxial sekret yordamida nafas yo’llaridan virusni chiqarib tashlashga harakat qiladi.
Unumli yo’tal o’tkir va surunkali bronxit, pnevmoniya, bronxektatik kasallik, bronxial astma, sil kasalligi, mukovistsidoz, shuningdek turg’un chap qorincha yetishmovchiligi uchun xarakterlidir.
Yo’talning sababini aniqlash uchun faqat uning davomiyligi va turini emas, balki balg’amning xususiyatini ham o’rganish muhimdir. Balg’am quyidagicha bo’lishi mumkin:
- Seroz (suyuq, osonlikcha ko’piradi);
- Shilimshiq (rangsiz yoki oqimtir, quyuq);
- Yiringli (sariq-yashil yoki jigarrang tusda, qaymoq quyuqligida);
- Aralash (shilimshiq va yiringli balg’amning xususiyatlarini birlashtiradi);
- Qonli (qon bilan aralashgan).
Yo’talga olib keladigan sabablar
Yo’talishning sababini aniqlash juda muhimdir. Bu tashxisni shakllantirishga yordam beradi va samarali davolash usulini belgilaydi. Ko’pincha yo’tal o’z vaqtida aniqlash muhim bo’lgan xavfli kasallik alomati hisoblanadi.
Nafas olish tizimining yuqumli kasalliklari
O’tkir respirator virusli infektsiya (O’RVI) fonida yo’tal bir-ikki kun ichida yuzaga keladi. Ushbu tashxis qo’yilgan bemorlarda umumiy zaiflik, isitma, tumov, bosh og’rig’i aniqlanadi. Virusli infektsiya nafas yo’llarining turli qismlariga ta’sir qilishi mumkin. Faringit tomoq qichishi va og’rig’i bilan ajralib turadi.
Ushbu alomatlar insonga noqulaylik tug’diradi. Yo’talib, odam tomoq ichida to’plangan shilliqdan qutulishga harakat qiladi. Laringit azob beradigan, quruq, uzuq-yuluq yo’tal bilan birga kechadi. Halqumning yallig’lanishida ovoz qaqragan bo’ladi. Bolalarda O’RVI fonida yolg’onchi (soxta) bo’g’ma rivojlanishi mumkin. Bu holat halqum devorining shishishi va spazmlari tufayli kelib chiqadigan halqum stenozi bilan tavsiflanadi. Bo’g’ma uchun quyidagilar xos:
- Uzuq-yuluq, jarangdor yo’tal;
- Ovozning qaqirlashi;
- Shovqinli, notinch nafas (stridor);
- Inspirator hansirash (nafas olish paytida yuz beradi);
- Bemor bolaning qo’zg’aluvchanligi va bezovtalanishi.
Soxta bo’g’ma to’rtinchi darajali halqum yo’lining torayishida asfiktsiya tufayli o’limga olib kelishi mumkin.
Eslatma: chin bo’g’ma halqumning difteriyali shikastlanishida kuzatiladi. Kasallik asta-sekin rivojlanadi. Zaharlanish zaif ifodalangan, tana harorati biroz ko’tarilishi mumkin. Chin bo’g’mada ovozning butunlay yo’qotilishi kuzatiladi. Tekshiruv davomida halqum va bodomsimon bezlarni qoplab turgan oqish fibrinoz pardalar mavjudligi aniqlandi. Chin bo’g’maning xavfi shundaki, intensiv terapiya o’tkazilishidan qat’iy nazar, halqumning bo’shlig’i torayishi kuchayadi. Xavf guruhiga difteriyaga qarshi emlanmagan bolalar kiradi.
O’RVI, ko’pincha, traxeit sifatida namoyon bo’ladi. Traxeyani yallig’lanishi baland, chuqur yo’tal bilan ifodalanadi, shuningdek ko’ks ortida og’riq bilan kechadi. Bronxitda esa ko’krak qafasidagi og’riq kuzatilmaydi. Bronxning yallig’lanishida yo’tal baland, ko’krakda seziladi. Ba’zan, hatto masofadan turib, fonendoskopdan foydalanmasdan ham xirillash ovozi eshitiladi.
Asoratlangan O’RVI (ayniqsa gripp) bakterial pnevmoniyaning rivojlanishi bilan xarakterlanadi. O’pkaning yallig’lanishida quyuq sarg’ish-yashil balg’amli chuqur yo’tal qayd qilinadi. Agar patologik jarayonlar plevrani ham qamrab olsa, nafas olishda ancha kuchayadigan ko’krakdagi og’riqlar kuzatiladi. Emlashdan voz kechish fonida, ko’pincha ko’kyo’tal kabi yuqumli kasalliklar yuzaga keladi. Kasallik asta-sekin rivojlanadi, harorat biroz ko’tariladi, quruq yo’tal va tumov paydo bo’ladi. Ammo yo’tal kengayadi va spazmatik bo’ladi. Xuruj davrida chuqur hushtakli nafas olingandan so’ng, nafas chiqarishda ketma-ket bir nechta yo’talishlar kuzatiladi. Ko’pincha yo’tal qayt qilish yoki shilliq ajralishi bilan kechadi. Bunday xurujlar kuniga 20-30 martagacha bo’lishi mumkin.
O’pka tuberkulyoziga to’xtalib o’tmay bo’lmaydi. Bu kasallik ko’pincha qonli balg’am ajralishi bilan birga kuzatiladigan nam yo’tal bilan kechadi. Sil kasalligi bilan og’rigan bemorlarda vazn yo’qotish, zaiflik, kechqurun varaja qilish, kechki terlash alomatlari kuzatiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, yo’tal ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida kuzatilsa, birinchi navbatda, sil kasalligini istisno qilish kerak.
Nafas olish tizimining yuqumli bo’lmagan kasalliklari
Agar bola uzoq vaqt yo’talsa, ammo unda infektsiya belgilari bo’lmasa, bronxlarning tug’ma kasalliklarini istisno qilish kerak. Bunday kasalliklarga quyidagilar kiradi:
- Bronxoektatik kasallik;
- Mukovistsidoz.
Bronxoektatik kasallik bronxlarning kengayishi va deformatsiyasi va ular ichida yiringli balg’am to’planishi bilan tavsiflanadi. Kasallikka, ayniqsa, ertalab, yiringli balg’am ajralishi qayd qilinadigan unumli yo’tal xosdir. Ko’pincha bolalarni mashqlar paytida hansirash bezovta qiladi. O’tkirlashish paytida tana harorati biroz ko’tarilishi mumkin.
Mukovistsidoz — endokrin bezlarning shikastlanishi va quyuq, yopishqoq shilliq ishlab chiqarilishiga sabab bo’ladigan kasallikdir.
Kasallikning quyidagi shakllari ajratiladi:
- O’pka;
- Ichaklar;
- Aralashgan;
- Atipik.
Bolalarda kasallikning kechalari kuchayadigan bo’g’ilish xurujlari, yopishqoq balg’amli, doimiy yo’tal kuzatiladi. Bronxda doimiy shilliq yig’ilib turishi fonida ko’pincha bakterial flora qo’shilib, bu uzoq muddatli pnevmoniyaga olib keladi. Mukovistsidozning aralash shakli ovqat hazm qilish tizimining shikastlanishiga xos belgilarning qo’shilishi bilan tavsiflanadi.
Qaytalanuvchi yo’tal bronxial astma haqidagi fikrga olib kelishi kerak. Bu yallig’lanishli immuno-allergik kasallikdir. Bunday xurujni har qanday: ham tashqi, ham ichki omillar qo’zg’atishi mumkin.
Kasallik quyidagicha ifodalanadi:
- Azob beradigan, doimiy yo’tal, ko’proq tunda qayd qilinadi. Yo’talgandan keyin shishasimon balg’am ajraladi;
- Masofada turganda ham eshitiladigan xirillash;
- Bo’g’ilish xurujlari.
Bolalarda yo’tal haqida gapirganda, yot jismlarning havo yo’llariga kirib qolishi ehtimoli haqida unutmaslik kerak. Bunday holatlarda yo’tal birdaniga boshlanadi (kichik narsalarni yutib yuborganidan keyin) va juda kuchli bo’lishi mukin, hatto nafas qisilishigacha.
Agar kattalarda yo’tal kuzatilsa, bu surunkali obstruktiv o’pka kasalligidan dalolat berishi mumkin, ayniqsa bemor sigaret chekadigan bo’lsa. Sigaret chekuvchilarning yo’tali nochor, unumsizdir. Ayniqsa, bu alomat ertalab uyg’onganda namoyon bo’ladi va sigaret chekkanidan keyin yo’qoladi. Yo’tal shunigdek o’pka va ko’ks oralig’ining saratoni belgisi bo’lishi mumkinligini esadan chiqarmaslik kerak.
Saraton kasalligi bilan og’rigan bemor yo’tali ko’pincha unumsiz, keyinchalik qonli balg’amning qo’shilishi bilan namoyon bo’ladi. Onkologik jarayon mavjudligidan vazn yo’qotish, zaiflik, ko’krak qafasidagi og’riq dalolat berishi mumkin. Surunkali yo’talish mavjud bo’lsa, bunda postnazal oqish sindromi haqida gapirish mumkin.
Ushbu sindrom burun bo’shlig’ida, paranasal sinuslarda, shuningdek, halqumdagi yallig’lanish va allergiya jarayonlari fonida rivojlanadi. Bunday sharoitlar mavjud bo’lganda, shilliq faol ravishda ishlab chiqariladi, u halqum bo’ylab oqadi va keyinchalik halqum-hiqildoqda to’planadi. Agar kishi gorizontal holatda bo’lsa, shilliq pastga to’siqlarsiz oqa boshlaydi. Shuning uchun bu kasallik bilan og’rigan bemorlarda yo’tal uyqu vaqtida kuchayadi.
Nafas kasalliklari tufayli kelib chiqmagan yo’tal
Yo’tal birinchi qarashda aniq bo’lmagan sabablar tufayli kelib chiqishi mumkin. Masalan, yurak-qon tomir yetishmovchiligida jismoniy faollikdan so’ng kuchayadigan quruq yo’tal va nafas qisilishi kuzatiladi. Bundan tashqari, yurak-qon tomir tizimining zararlanishini belgilovchi alomatlarga:
- Qon bosimining ko’tarilishi;
- Zaiflik, tezda charchash;
- Yurak sohasidagi bosuvchi og’riqlar.
Aytgancha, gipertoniyani davolashda bemorlarga ko’pincha ACE-ingibitorlari guruhi dori-darmonlari buyuriladi. Ushbu guruh dori-darmonlarini qabul qilish quruq surunkali yo’talga olib kelishi mumkin.
Isitmasiz yo’tal gastroezofagial reflyuks kasalligi tufayli ham sodir bo’lishi mumkin. Bu, yuqori ehtimollik bilan, oshqzon tarkibining mikroaspiratsiyasi tufayli yuzaga keladi. Kasallik shuningdek, jig’ildon qaynashi, kekirish, yutinish qiyinligi, ko’ks ortidagi og’riq bilan tavsiflanadi.
Yo’talni uy sharoitida davolash
Yo’talni davolash uchun dorilar
Muhim! Yo’tal himoya reaktsiyasi bo’lganligi sababli, davolash vaqtida uni yo’qotish uchun emas, balki uni yengillashtirish uchun harakat qilish kerak. Dori vositalarini shifokor tayinlashi kerak. Markaziy ta’sirga ega yo’talga qarshi preparatlar yo’tal markazini zaiflashtiradi. Ularning ishlatilishi, birinchi navbatda, yo’tal unumsiz bo’lgan, ikkinchidan, yo’talish xurujlari qayt qilish va bemorni charchatadigan holatlarda oqlanadi.
Davolashni boshlashdan oldin yo’tal quruq yoki nam ekanligini aniqlash kerak. Qiyin ajraladigan balg’amli nam yo’talda shifokorlar mukolitik preparatlarni buyuradilar. Ushbu dorilar guruhining eng mashhur vakillari orasida:
- Bromgeksin;
- Ambroksol;
- Mukaltin;
- Plyush barglari ekstrakti;
- Atsetiltsistein.
Kam miqdorda balg’am ajralishi bilan kechayotga yo’talda balg’am ko’chiruvchi dorilar buyuriladi. Ushbu dori-darmonlarni qo’llash bronxial bezlar tomonidan shilliq ajralishini rag’batlantiradi, bu uni suyuqroq qiladi. Bundan tashqari, bronxni yanada samarali tozalashga yordam beruvchi yo’tal refleksi kuchayadi. Balg’am ko’chiruvchi dori vositalariga quyidagilar kiradi:
- Mukaltin;
- Gulxayri (altey) ildizi;
- Qizilmiya ildizi;
- Kaliy yodid;
- Bronxolitin;
- Pertussin.
Agar yo’tal infektsiya tufayli kelib chiqsa, etiotropik preparatlar (antivirus, antibakterial, silga qarshi va boshqa) preparatlar qo’llanilishi kerak.
Yo’talni uy sharoitida davolash bo’yicha ko’proq ma’lumot→
Yo’tal uchun bug’li ingalyatsiya
Uy sharoitida grippdan keyin yo’talni qanday davolash mumkin? Bunday usullardan biri bug’ ingalyatsiyasidir.
E’tibor bering: 2 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun bunday muolajalar to’g’ri kelmaydi, nafas yo’llari spazmi xavfi mavjud.
Damlamani tayyorlash uchun balg’am ko’chirish xususiyatiga ega bo’lgan o’tlardan foydalanish kerak. Misol uchun, idishga ikki osh qoshiq timyan yoki mavrak (shalfey) soling va qaynoq suv quying. Damlamaga bir necha tomchi evkaltipt yoki mentolning efir moylarini qo’shishingiz mumkin. Qaynatmani qozonga yoki boshqa idishga quyib, yoniga o’tirib, boshini sochiq bilan yopish mumkin. 5-10 daqiqa og’iz bilan nafas oling. Bundan tashqari, yo’talni davolash uchun nebulayzerlardan ham foydalanish mumkin.
Yo’talni xalqona vositalar bilan davolash
Yo’talga qarshi kurashda yordam beradigan ko’plab xalq tabobati retseptlari mavjud. Ularni ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
Eng mashhur retseptlardan biri — turp bilan davolashdir. Vositani tayyorlash uchun siz qora turp olib, uni yuving, so’ng yuqori uchini kesib oling va kesib olingan tomonidan mag’zini olib tashlang. Bunda kosacha hosil bo’lishi kerak, kosachani asal bilan to’ldiring. Keyin turpni ustini qog’oz bilan qoplash, tepasidan kesib olingan qismini qo’yish kerak. 5 soat o’tgach, asalni boshqa idishga solib o’tkazish mumkin. Suyuqlikni ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichish kerak.
Anjirdan foydalanib, qanday qilib bolalarda yo’talni davolash mumkin? Idishga sut solib, 3-4 ta kesilgan anjir mevasini qo’shing, olovga qo’ying. Sutni qaynatib olish kerak. So’ngra sut qopqog’ini yoping va uni tindirishga qo’ying. Suyuqlik soviganida siz uni qabul qilishingiz mumkin. Sutni har kuni bir stakandan, issiq holatda ichish kerak.
Yo’taldan qutulishga igir (air) ildizi yordam beradi. Damlamani tayyorlash uchun 200 mililitr qaynoq suvga bir osh qoshiqcha o’tlarni soling. O’n daqiqa davomida qaynatib aralashtirib turing, so’ng olovni o’chirib, uni yopib qo’ying. Qaynoq suv soviganda, uni yaxshilab suzib oling. Ovqatdan yarim soat oldin bir stakandan qabul qiling. Bir kunda 500 ml damlama ichish kerak.