Nevroz — rivojlanish sabablari va mexanizmlari, alomatlari, davolash, oldini olish

Nevroz, psixonevroz, nevrotik buzilish, nevroz kasalligi (qadimgi yunon. νεῦρον «asab» dan yangi lot. neurosis) — uzoq davom etadigan funktsional psixogen buzilishlar majmuasi. Bunday buzilishlarning klinik tasviri astenik, o’rnashib qoladigan fikrlar yoki jazava belgilari, shuningdek, aqliy va jismoniy mehnat qobiliyatining vaqtinchalik pasayishi bilan ta’riflanadi.

Nevroz kasalligi belgilari

Barcha hollarda psixogen omillar bu nizolar (ichki yoki tashqi), psixologik travmaga olib keladigan vaziyatlar ta’siri, stress yoki uzoq vaqt mobaynida psixika hissiy va aqliy sferasining zo’riqishi bo’ladi.

«Nevroz» tushunchasi tibbiyotga 1776-yilda shotlandiyalik shifokor Uilyam Kallen tomonidan kiritilgan. Terminning mazmuni qayta-qayta boshqatdan ko’rib chiqilgan, lekin hozirgacha uning umume’tirof qilingan ta’rifi yo’q. Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, tibbiyot va biologiyada oliy asab faoliyatining turli funktsional buzilishlari ham «nevroz» deb nomlanadi.

«Nevroz» termini hozirda Amerika Qo’shma Shtatlarida professional psixiatrik hamjamiyat tomonidan ishlatilmaydi. Amerika psixik buzilishlar diagnostik va statistik qo’llanmasining 1980 yilda DSM-III uchinchi nashridan boshlab «nevrozlar» bo’limi bekor qilindi. Misol uchun, depressiv nevroz o’rniga distimik buzilish, obessiv-kompulsiv nevroz o’rniga obessiv-kompulsiv buzilish, ipoxondrik nevroz o’rniga ipoxondriya kiritildi.

Nevroz rivojlanishining sabablari va mexanizmlari

I. P. Pavlov o’zining fiziologik ta’limoti doirasida nevrozni noadekvat kuch va tashqi qo’z’g’atuvchilar ta’siri tufayli miya po’stlog’ida o’ta zo’riqish natijasida oliy nerv faoliyatining surunkali uzoq vaqt buzilishi deb belgilangan. XX asr boshlarida «nevroz» klinik atamasini nafaqat odamlarga, balki hayvonlarga nisbatan ham qo’llash ko’p bahs-munozaralarga olib keldi.

Psixoanalitik nazariyalar nevrozni va uning alomatlarini asosan chuqur psixologik nizo natijasi sifatida ifodalaydi. Bunday nizo insonning asosiy ehtiyojlarini qondirishga to’sqinlik qiladigan va uning kelajagiga tahdid soladigan, inson unga qarshi kurashadigan, lekin yenga olmaydigan uzoq vaqt saqlanadigan ijtimoiy vaziyatlar sharoitida shakllanadi deb taxmin qilinadi.

Zigmund Freyd bunday nizolarni «Id»ning instinktiv talablarni jamiyatdagi odob-axloq va me’yorlarni nazarda tutadigan «Super-Ego» tomonidan bostirilishidagi fundamental qarshiliklarda ko’rgan.

Karen Xorni hisoblashicha, nevrozning fundamental nizosi — shaxsning mos kelmaydigan himoya tendentsiyalari o’rtasidagi qarama-qarshilikning natijasidir. Xorlik, ijtimoiy izolyatsiya, ota-onalarning mutlaq boshqaruvchi mehr-muhabbati, beparvo va tajovuzkor munosabat kabi noqulay ijtimoiy omillardan himoyalanish uchun, bola «odamlar tomon», «odamlarga qarshi» va «odamlardan nari» yo’nalishlarga asoslangan himoya usullarini shakllantiradi.

  • Odamlar tomon harakat qilish, asosan, bo’ysunish, sevish, himoya qilishni ifodalaydi.
  • Odamlarga qarshi harakatlar odamlar ustidan hokimiyat o’rnatishga, shuhratga, tan olinishga, muvaffaqiyatga, kuchli bo’lishga va hayot bilan kurashishga intilishni ifodalaydi.
  • Odamlardan nari harakati mustaqillik, erkinlik, odamlardan holi bo’lish zaruriyatini ifodalaydi.

Nevrotik bemor bir vaqtning o’zida barcha uch tendentsiyalarga ham moyil bo’ladi, lekin ulardan biri ustunroq bo’ladi, shuning ustun nevrotiklarni «bo’ysunuvchi», «tajovuzkor» va «ajralgan» turlarga tasniflash mumkin. Karen Xorni himoya tendentsiyalari o’rtasidagi qarama-qarshiliklarning sababi bo’lgan muammolarga katta e’tibor bergan.

Umuman olganda, bugungi kunda ham psixologik omillar (shaxsning xususiyatlari, uning kamolotga yetishi va tarbiya topishi sharoitlari, jamiyat bilan aloqalarni o’rnatish shartlari, intilishi darajasi), ham biologik omillar (muayyan psixogen ta’sirlarga nisbatan zaifroq qiladigan ma’lum neyromediator yoki neyrofiziologik tizimlarning funktsional tanqisligi) nevroz rivojlanishiga turtki bo’ladigan omillar sifatida qaralmoqda.

Ajratish mezonlari

Nevrotik buzilishlarni umuman psixik buzilishlardan ajratishning asosiy mezonlari quyidagilardir:

  • Og’riqli namoyonlarning boshlanishi va dekompensatsiyasida psixogen omillarning yetakchi roli;
  • Psixik buzilishning funktsional (tiklanadigan) xarakteri;
  • Psixotik alomatlar, shaxs o’zgarishlari, aqli zaiflikning yo’qligi;
  • Psixopatologik namoyonlarning egodistonik (bemor uchun azobli) xarakteri, shuningdek, bemorlarning o’z ahvoliga tanqidiy munosabatda bo’lish.

Nevroz alomatlari va belgilari

Ruhiy alomatlar

  • Emotsional tushkunlik (ko’pincha aniq sabablarsiz).
  • Ikkilanish.
  • Ijtimoiy aloqa qilish muammolari.
  • Noadekvat o’zini baholash: past yoki haddan ziyod ortiqcha.
  • Tez-tez tashvish, qo’rquv hissi, «biron narsaning tashvishli kutilishi», fobiya,
  • vahima hujumlari, vahimali buzilishlar.
  • Qiymat tizimining, hayotiy istaklar va afzalliklar, kishining o’zi, boshqalar va umuman hayot to’g’risidagi fikrlarining noaniqligi yoki qarama-qarshiliklari. Ko’pincha sinizm qayd qilinadi.
  • Kayfiyatning nobarqarorligi, tez-tez va keskin o’zgaruvchanligi.
  • Qo’zg’aluvchanlik (nevrastenyia).
  • Stressga nisbatan yuqori sezuvchanlik — ahamiyatsiz stressli voqeaga odamlar umidsizlik yoki tajovuzkorlik bilan munosabat bildirishadi.
  • Yig’loqilik.
  • Hafachanlik, zaiflik.
  • Tashvishlanish.
  • Psixotravmatik vaziyatga ko’p to’xtalib qolish.
  • Ishlamoqchi bo’lganda tezda charchab qolish — xotira, e’tibor va fikrlash qobiliyatlari kamayadi.
  • Baland tovushlarga, yorqin nurlarga, harorat o’zgarishiga sezgirlik.
  • Uyquning buzilishi: odamning ortiqcha qo’zg’alganligi sababli uxlab qolish qiyin kechadi; uyqu yuzaki, tashvishlantiruvchi, tetiklik bermaydigan bo’ladi; ertalab ko’pincha uyquchanlik kuzatiladi.

Jismoniy alomatlar

  • Bosh, yurak og’rig’i, qorin sohasidagi og’riq.
  • Tez-tez kuzatiladigan charchash hissi, charchoqning kuchayishi, mehnat qobiliyatining umumiy pasayishi.
  • Xavotirlar, qon bosimining pasayib ketishi tufayli bosh aylanishi va ko’z qorong’ulashishi.
  • Vestibulyar apparatlarning buzilishi: muvozanatni saqlash qiyinchiliklari, bosh aylanishi.
  • Ishtahaning buzilishi (ortiqcha yoki kam ovqatlanish, ochlik hissi mavjudligi, lekin ovqat paytida tez to’yib qolish).
  • Uyqu buzilishi (uyqusizlik): uxlab qolish qiyinligi, erta uyg’onish, tunda uyg’onib ketishlar, uyqudan keyin tetiklik tuyg’usi yetishmasligi, qo’rqinchli tushlar ko’rish.
  • Jismoniy og’riqni psixologik boshdan kechirish (psixalgiya), ipoxondriyagacha olib boradigan o’z sog’lig’iga haddan ortiq g’amxo’rlik.
  • Vegetativ buzilishlar: ko’p terlash, yurak urishi, arterial bosimning o’zgarishlari, me’da faoliyatining buzilishi, yo’tal, tez-tez siyish, axlatning suyuqligi.
  • Ba’zan — libido va erektsiyaning pasayishi.

Nevrozning boshqa kasalliklar va alomatlar bilan aloqasi

Bosh og’rig’i

Bosh og’rig’i turli xil aqliy holatlarda va kasalliklarda uchraydi. Odatda u emotsional zo’riqish yoki o’z his-tuyg’ularni bostirish (masalan g’azabni) hollarida paydo bo’ladi. Bundan tashqari, bosh og’rig’i gallyutsinator (psixalgiya) bo’lishi mumkin.

Vegetotomirli distoniya

Vegetotomirli distoniya — bu vegetativ asab tizimi faoliyatining buzilishidir. Aqlga bo’ysunadigan va mushaklarni boshqaradigan somatik nerv tizimidan farqli o’laroq, vegetativ asab tizimi avtomatik ravishda ishlaydi va organizmning a’zolari va tizimlari faoliyatini ta’minlaydi.

Xavf tug’ilganda vegetativ asab tizimi xavfni yengish uchun organizmning kuchlarini safarbar qiladi (masalan, qon bosimini oshiradi). Agar odam tez-tez xavfli deb hisoblangan vaziyatga faol javob qaytara olmasa (masalan, ijtimoiy omillar tufayli) va o’zining xavotirini bostirishga majbur bo’lsa, shuningdek, xavfli bo’lmagan ko’p vaziyatlar unda qo’rquv hissini uyg’otsa (yoki u panik xujumlardan aziyat chekayotgan bo’lsa), avtonom asab tizimi noto’g’ri ishlay boshlaydi, xatolar to’planib boradi va muvozanatning yo’qolishi yuzaga keladi, bu VTDning bevosita belgilari bilan bir qatorda turli a’zolar ishining buzilishiga sabab bo’ladi.

Panik buzilishlar, fobiya, tashvish hissi

Turli xavotirli buzilishlar (panik xujumlar, fobiya, doimiy tashvish) odatda nevroz bilan birga kechadi.

Nevroz kasalligini davolash

Nevrozlarni davolashning ko’p usullari va nazariyalari mavjud. Nevrozni davosi antidepressantlar va trankvilizatorlar yordamida psixoterapiya va medikamentoz terapiyaga asoslanadi.

Nevroz va nevrotik reaktsiyalarni davolashning asosiy usuli psixoterapiya hisoblanadi. Hozirgi vaqtda psixoterapevtik yordamning ko’plab yo’nalishlari va usullari mavjud. Ular patogenik (nevrozning sabablari va uni shaxsda ushlanib turishi jarayoniga ta’sir ko’rsatadigan) va simptomatik yoki yordamchi (ular faqat patogenik uslublar bilan birgalikdagina samarali bo’lib, o’zlari faqat alomatlarni yengillashtiruvchi vaqtinchalik ta’sir ko’rsatadi) turlarga bo’linadi.

  • Patogenetik uslubi psixodinamik, ekzistentsial, interpersonal, kognitiv, tizimli, integrativ, geshtalt-terapiyani o’z ichiga oladi.
  • Simptomatik usublarga esa xulq-atvor, gipnoz, tana-yo’naltirilgan, ekspozitsion terapiya, nafas olish mashqlari, art-terapiya, musiqa terapiyasi va boshqalar kiradi.

Nevroz insonning tiklanadigan holati bo’lib, psixoterapevtik davolanishiga yaxshi bo’ysunadi. Dori-darmonli terapiya faqat psixoterapevtik jarayon uchun katalizator bo’lib, hech qanday holatda nevrozni davolashning asosiy shakli sifatida qaralmaydi. Kamdan-kam hollarda, inson shaxsiyatining o’sishi, nizoli vaziyat ahamiyatining yo’qolishi, avvalgi turmush tarziga qaytish va hokazolar tufayli nizoning hal bo’lishi natijasida nevrozdan mustaqil qutilish hollari ham qayd qilinadi.

Obsessiv-kompulsiv buzilishda birinchi o’rindagi davolash sifatida kognitiv-xulq terapiyasi (KXT) va SQUSI (serotonin qayta ushlanishining selektiv ingibitorlari) yoki klomipramin guruhi antidepressantlarini qo’llash tavsiya etiladi. Kognitiv-xulq terapiyasidan tashqari, psixodinamik terapiya yoki psixoanaliz ham ishlatiladi, lekin ularning samaradorligi, KXT samaradorligidan farqli o’laroq, kam isbotlangan. KXT — bu obssesiv-kompulsiv buzilishda samaradorligi nazorat ostida o’tkazilgan tadqiqotlar bilan tasdiqlangan psixoterapiyaning yagona turidir.

Obsessiv-kompulsiv buzilishni kognitiv davolashda adapitvlikka o’rgatish qo’llaniladi — bu texnikada terapevt bemorda qayta-qayta o’rnashib qolgan fikrlarni chaqirishga harakat qiladi, natijada bunday fikrlar bemor uchun xavflilik ahamiyatini yo’qotadi va xavotirning pasayishiga sabab bo’ladi deb taxmin qilinadi. Shuningdek javobni oldini olishning yashirin texnikasi ham ishlatiladi: terapevtlar bemorlarni adaptiv o’qitish davomida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan o’rnashib qolgan fikrlardan chalg’ish yoki saqlanishga o’rgatadi. Kognitiv nazariya tarafdorlari fikrlariga ko’ra, bunday buzilish insonning yoqimsiz, keraksiz o’ylari mavjudligi xususiyatlaridan kelib chiqadi: ba’zi odamlar uchun yoqimsiz fikrlar shu darajada jirkanch va zo’riqtiradigan ta’sir ko’rsatadiki, ular bunday fikrlardan qochish yoki ularni bartaraf qilishga urinishadi. Bu sa’y-harakatlar fikrlarning o’rnashib qolishiga olib keladi, ular noqulaylikni bir muddat pasaytiradi va qayta-qayta takrorlanaveradi, qutilishga harakat qilish esa ular bilan bog’liq tashvishlarni yanada kuchayishiga sabab bo’ladi.

KXT boshqa nevrozlarda ham qo’llaniladi. Masalan, umumiy xavotirli buzilishda odatda ikkita kognitiv yondashuv qo’llaniladi. Ellis va Bek nazariyasiga asoslangan yondashuvdan biriga amal qilgan holda, terapevtlar odamlarga ularning buzilishlari asosida yotgan noadekvat ishonchlarini o’zgartirishga yordam berishadi. Ikkinchisi esa odamlarni stressli vaziyatda o’zini tutishga o’rgatadi. Fobiyalarda xulq-atvor terapiyasi tarafdorlari ta’sir terapiyasi uslubidan foydalanishadi, uning davomida qo’rquvlari mavjud kishilar ularni qo’rqitadigan narsalar va vaziyatlarga duchor qilinadi: masalan agorafobiyaga chalingan odamlarga asta-sekin uylaridan uzoqlashish va ko’proq jamoat joylariga tashrif buyirish o’rgatiladi. Panik hujumlarda kognitiv terapevtlar insonlarning o’z tana sezgilarini noto’g’ri interpretatsiya qilishni to’g’irlashga harakat qilishadi.

Nevrozda psixoanaliz ham qo’llaniladi. Ko’pgina psixoanalitik maktablar fikriga ko’ra, bemor o’z ziddiyatlarini tan olishi, o’zining shaxsiyati haqida aniqroq tasavvurlarga ega bo’lishi kerak. Psixoterapiyaning asosiy vazifasi bemorga nevroz rivojlanishiga olib kelgan barcha munosabatlar jamlanmasini tan olishga yordam berishdir. Psixoterapiyaning natijasi bemorga uning hayotiy tajribasi, bu tajriba asosida shakllangan atrofdagi odamlar bilan munosabatlar tizimini ziddiyatga kelgan vaziyat va kasallikning namoyon bo’lishi bilan bo’lgan nisbatini bemorga tushuntirishdan iborat.

Psixoanaliz tez-tez tanqid qilinadi. 1994-yilda Klaus Grave bir guruh olimlar bilan psixoanaliz va tegishli psixoterapevtik qo’llanmalarning samaradorligini o’rganishga bag’ishlangan 897 eng muhim empirik tadqiqotlar meta-tahlilini chop etdi. Uning mazmunida Grave xulq-atvor terapiyasi psixoanalizga nisbatan ikki barobar samarali ekanligiga ishora qildi.

«Psixoanaliz zararlimi» degan maqolada amerikalik psixolog Albert Ellis psixonalizdan foydalanishning zarari to’g’risida o’z fikrini bildirdi. Xususan, u psixoanaliz umuman olganda noto’g’ri taxminlarga asoslanganligi, u bemorlarni o’zlari ustida ishlash zarurligidan uzoqlashtirishi, hozirgi harakatsizligiga bahona berishini ta’kidlagan.

Emotsional barqarorsizlikdan aziyat chekayotgan bemorlar, ko’pincha psixotrop dorilarning nojo’ya ta’siriga, ayniqsa sezgir bo’ladi. Ba’zi psixofarmakologik dorilar o’xshash nevrotik namoyon bo’lishli nojo’ya ta’sirlarga ega, va natijada — davolash davomida ularning kuchayishi ehtimoli mavjud.

Nevrozni davolashda gipnoz va autogen mashg’ulotlar juda muhim o’rin tutadi.

Agar nevroz mavsumiy ruhiy tushkunlik sababli yuzaga kelgan bo’lsa, uni davolash va oldini olish uchun, quyoshli kunlar sayr qilish yoki nur bilan davolash ko’rsatiladi.

Nevroz kasalligini oldini olish

  • Birlamchi psixoprofilaktika:
    • Ishda va uyda psixotravmatik ta’sirlarning oldini olish.
    • Yatrogeniya va didaktogeniyalarning oldini olish (bolani to’g’ri tarbiyalash, masalan unga boshqalardan kam yoki ustun ekanligi tuyg’usini singdirmaslik,»jirkanch» qilmishlar qilganida unda chuqur qo’rquv va aybdorlik tuyg’usini tug’dirmaslik, ota-ona o’rtasida sog’lom munosabatlar).
    • Oiladagi nizolarni oldini olish.
  • Ikkinchi darajali psixoprofilaktika (qaytalanishini oldini olish):
    • Suhbatlar o’tkazish usuli bilan bemorlarni psixotravmatik vaziyatlarga munosabatini o’zgartirish (ishontirish yordamida davolash). Muntazam dispanzerizatsiya o’tkazish.
    • Xonadagi yorug’likni oshirish — zich pardalarni olib tashlash, porloq yorug’lik manbalaridan foydalanish, kunning yorug’ vaqtidan maksimal foydalanish, fototerapiya. Yorug’lik serotonin ishlab chiqarishga yordam beradi.
    • Umumiy mustahkamlovchi va vitaminli terapiya, yetarli uyqu.
    • Dietoterapiya (to’laqonli ovqatlanish, qahva va spirtli ichimliklar iste’mol qilishdan bosh tortish va boshqalar).
    • Endokrin, yurak-tomir kasalliklari, ayniqsa miya tomirlari aterosklerozi, yomon sifatli o’smalarni, temir va vitamin B 12-tanqislikli anemiya kabi kasalliklarni o’z vaqtida va to’g’ri davolash.
    • Mast bo’lishdan qochish, alkogolizm, narkomaniya va toksikomaniyadan saqlanish.
  • Yuqorida aytilganlarning hammasi shaxsiy psixologik profilaktika bilan bog’liq. Lekin muassasalar va mamlakat darajasida ijtimoiy psixoprofilaktikani o’tkazish zarur — ish va yashash sharoitlarini takomillashtirish.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.