Homiladorlikda qanday yotish kerak: bo’lajak onalar uchun to’g’ri uxlash qoidalari

Homiladorlik davrida to’laqonli uyqu — bo’lajak onaning o’zini yaxshi his qilishi garovidir, demakki homilaning ham. Biroq, homiladorlikda qanday yotish kerak, bu davrda qanday to’g’ri uxlash, qanday qilib uyg’ongandan keyin o’zini tetik his qilish, oyoq-qo’llarning uyushib qolishi va og’rishidan halos bo’lish mumkin? Ushbu maqolada barchasini batafsil ko’rib chiqamiz.

Homiladorlikda qanday yotish tavsiya etiladi

1-trimesterda

Dastlabki bosqichlarda homila hali juda kichik bo’ladi, ayol har qanday o’ziga qulay holatda uxlashi mumkin. Qorinda homiladorlikning birinchi 11 haftasida yotsa bo’ladi. Bachadonni bu vaqtda ezilishdan tos va qov suyaklari himoya qiladi. Har qanday zarba va bosimni esa siydik pufagi o’ziga oladi.

Homiladorlikning bu davrida qorinda yotishda faqat yagona narsa noqulaylikka olib kelishi mumkin, bu ham bo’lsa ko’krakning og’rig’i va sezuvchanligining oshganligidir. Shuning uchun ko’plab ayollar homiladorlikning dastlabki uch oyligida o’zlarining sevimli uyqu holatidan voz kechishadi.

2-trimesterda

O’n ikkinchi haftaga kelib bachadon qov simfizi chegarasidan tashqariga chiqishni boshlaydi. Homila tashqi bosimdan yog’ to’qimalari, bachadon devori va amniotik suyuqlik bilan ishonchli himoyalangan bo’lsa ham, baribir ikkinchi trimestrdan boshlab qorinda yotish tavsiya etilmaydi.

Homiladorlikning 25-28 haftaligidan boshlab homila faol rivojlana boshlaydi. Bu ayol chalqancha yotmasligi lozim, chunki uxlash uchun bunday holat bir qator muammolarga sabab bo’lishi mumkin:

  • Yo’ldoshda qon aylanishining buzilishi, natijada homila kislorod ochligi (gipoksiya) dan aziyat chekishi mumkin;
  • Bo’lajak onada gemorroy rivojlanishi, oyoqlarda venoz qonning turib qolishi va shishlar, venalarning varikoz kengayishi va hatto tromboflebit rivojlanishi;
  • Beldagi og’riqlar;
  • Qon bosimini pasayishi, buning natijasida bosh aylanishi, holsizlik, ko’z qorong’ulashishi, quloq shang’illashi, nafas olishning tezlashishi, kuchli terlash, ko’ngil aynishi (balki, hatto qayt qilish);
  • Hazm qilish bilan bog’liq muammolar paydo bo’lishi (bachadon ichakni va uning katta qon tomirlarini bosib qolgani tufayli);
  • Buyrak va yurak faoliyatining buzilishi.

Bu asoratlar chalqancha yotganda kattalashgan bachadon umumrtqaga tegib, pastki kovak vena va aortani bosib qolishi tufayli yuzaga keladi (1-rasmni qarang). Oyoqlardan qonni yurakka qayta olib keluvchi kovak venaning bosilib qolishi qonning turib qolishiga olib keladi. Natijada ayolning qon bosimi pasayadi, bachadon va buyrakda qon aylanishi buziladi.

homiladorlikda qanday yotish kerak
1-rasm. Homiladorlikda qanday uxlash kerakligini ko’rsatuvchi rasm

Chalqancha yotishga to’sqinlik qilish uchun yonbosh yotganda bel ortiga kattaroq yostiq qo’yish mumkin. Shunda uyquda ham bilmasdan holatni o’zgartirib qo’ymaysiz.

Ushbu davrda ko’proq chap yonda uxlash tavsiya etiladi, vaqti-vaqti bilan o’ng tomonga burilib turib albatta.

Uxlash uchun qulay holat shu daraja hamma uchun o’ziga xoski, ba’zi ayollarga o’ng yonboshda yotish qulayroqdir. Boshqalarga esa homila unga bu holatda noqulay ekanligini tepishlari bilan bildiradi, shunda yaxshisi boshqa yonga o’girilish kerak.

3-trimesterda

Bu davrda faqat chap tomonda yotishi tavsiya etiladi. Sababi o’ng yonboshda yotilganda, kattalashib qolgan homila jigar va o’ng buyrakni bosib qolishi mumkin. O’ng buyrak esa chapdagisiga nisbatan biroz pastroq joylashgan bo’ladi. Buyrakdagi siydik yo’lini bosilishi siydikning turib qolishiga olib keladi, buning natijasida pielonefrit kabi kasallik rivojlanishi mumkin.

Yanada qulayroq uxlash uchun, oyoqlar orasiga yostiq qo’yish tavsiya etiladi. Bunda chap oyoqni uzatib, o’ng oyoqni esa tizzada bukish kerak (2-rasmga qarang). Natijada oyoqlar uyushib qolmaydi, tosga ham kamroq yuk tushadi. Shuningdek qorin ostiga ham kichik yostiq qo’yishingiz mumkin.

Homiladorlikda qanday yotish kerak
2-rasm. Homiladorilkda to’g’ri uxlash holati

Homila to’g’ri joylashmagan bo’lsa ham chap tomonda yotish tavsiya etiladi. Homilaning ko’ndalang ravishda joylashuvida uning boshi qay tarafga siljigan bo’lsa, shu tomonda yoting. Quyidagi mashqlarni bajarish ham foydalidir: taxminan 5-10 daqiqa davomida bir tomonda yoting, keyin 5-10 daqiqa boshqa tomonda. Och qoringa kuniga 2-3 marta 1 soat davomida bajaring.

Homilaning chanoqli yotishida (huddi tik turgan odam kabi, boshi yuqoriga, oyoqlari pastga qaragan bo’ladi) chap tomonda uxlash va muntazam ravishda mashqlar bajarish foydalidir. Masalan qattiq va tekis joyga yotib, dumba ostiga yostiqni ikki buklab qo’yish kerakki, bunda tos bosh sathidan 20-30 sm yuqori bo’lsin. Shu holatda 5 daqiqalarcha turish zarur (lekin 15 daqiqadan ko’p emas).

Homiladorlikning 32 haftasidan boshlab (bundan oldin emas) 2-3 hafta davomida bu holatni kuniga 2 marta qabul qiling. Chaqaloq to’g’ri holatni qabul qilgandan so’ng muntazam ravishda bandaj kiyishni boshlang (oyoqlarda uzoq vaqt tik turganda).

Agar homilador ayolda tez-tez jig’ildon qaynasa, burun bitsa, nafas olish qiyinlashsa, u holda tananing yuqori qismini biroz ko’tarib yotish kerak.

Oyoqlarda varikoz bo’lsa, shishlar va oyoq titroqlari kuzatilsa, yotganda tovonlar ostiga yostiq qo’yish tavsiya etiladi. Bu qonning oyoqlardan qayta oqishini yaxshilaydi.

Uyqu vaqtida tana holatini nazorat qilib bo’lmaydi. Shu sababli bo’lajak onalar uchun bu masalada ajralmas yordamchi — homilador ayollar uchun maxsus yostiqlar bo’ladi. Ular shuningdek chaqaloq tug’ilgandan keyin ona uchun emizish vaqtida qulay joylashishiga ham yordam beradi.

Barcha texnikalar quyidagi videoda batafsil namoyish etiladi:

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.