Bazal harorat, grafik, bazal haroratni aniqlash — norma, yuqori va pastligi, ovulyatsiyada

Bazal harorat — tana sokinlik vaqtida (dam olish, uyqu) yetadigan eng past harorat. U gormonlar ishlab chiqarilishiga bog’liq ravishda ayol ichki a’zolari o’zgarishining ko’rsatkichidir. Bazal haroratni (BH) to’g’ri o’lchash ovulyatsiya boshlanishini, uning muddatini, bachadonni, uning ichki qobig’ini homiladorlik boshlanishiga tayyorlaydigan tuxumdonlarning progesteron gormoni ishlab chiqarilishini aniqlash imkonini beradi.
Bazal haroratni o'lchash

Ushbu metodika agar harorat ko’rsatkichlari muntazam ravishda, bir necha sikllar davomida, barcha qoidalar bo’yicha olib borilsagina samarali bo’ladi.

Bazal haroratni o’lchash nima uchun kerak?

BHni o’lchash quyidagi hollarda qo’llaniladi:

  • Yil davomida homiladorlik sodir bo’lmasa;
  • Tuxumdonlar tomonidan gormonlarning siklning fazalariga mos ravishda ishlab chiqarilishini tekshirish;
  • Gormonal kasalliklar mavjudligini tekshirish;
  • Urug’lantirish uchun qulay kunlarni aniqlash maqsadida tuxum hujayraning yetilish vaqtini aniqlash;
  • Bachadondagi yallig’lanish jarayonlarini aniqlash kerak bo’lsa (endometrit);
  • Hayz kelishi kechikkanda yoki noodatiy hayz ko’rish sababli homiladorlikning boshlanganligini aniqlash.

Metodikaning tamoyili qanaqa?

Ushbu metodika hayz siklining joriy bosqichlaridan kelib chiqqan holda harorat qiymatining o’zgarishlariga asoslangan.

Menstrual sikl ovulyatsiya bilan ikki bosqichga bo’linadi. Birinchi bosqichda harorat ikkinchisiga qaraganda pastroq bo’ladi, chunki ovulyatsiyadan so’ng qonda progesteron gormonining miqdori oshadi. Hayz boshlanishidan oldin bazal harorat yana 0.3 °C ga kamayadi.

Albatta, bu usulning ba’zi xatoliklari ham bor. Yuqori harorat bo’lmasligi doimo ham ovulyatsiya yo’qligini ko’rsatmaydi, ikki fazali egri grafik ovulyatsiya va qondagi progesteron normasini aniq ko’rsata olmaydi. Shunga qaramay, ushbu usul ko’plab ayollarga homiladorlikni rejalashtirishga imkon beradi.

Qanday qilib to’g’ri o’lchash kerak?

Eng maqbul yo’li rektal haroratini o’lchash (to’g’ri ichakka termometrni kiritish).
O’lchovlar ishonchi bo’lishi uchun quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:

  • O’lchovlar ertalab, taxminan bir vaqtning o’zida olinishi, bunda ham bitta shart bilan, ayol bundan oldin 6 soat davomida uzluksiz uxlagan bo’lishi kerak. Muolaja yotoqdan turmasdan, yotgan, xotirjam holda bajarilishi kerak.
  • Xatoliklarni oldini olish uchun bir xil termometrni ishlatish kerak (o’lchash davomiyligi 5 daqiqadan kam bo’lmasligi zarur).
  • Bazal harorat kunduzi ham 6 soat davomida uyqu holatidan keyin o’lchanishi mumkin, ammo ko’rsatkichlar ishonchsiz bo’ladi.
  • Ma’lumotlarni to’plashni istalgan vaqtda boshlashingiz mumkin, ammo siklning boshidan boshlagan yaxshiroq.
  • Ovulyatsiya uchun bazal harorat o’lchovlari kamida 3 oy davomida bajarilgan taqdirda informativ hisoblanadi.

Ma’lumotlar daftarga yoki maxsus jadvalga kiritiladi, ularning asosida bazal harorat grafigi yaratiladi — ikki fazali egri (follikulyar va lyuteinli bosqichlar).

Olingan ma’lumotlar kasalliklar tufayli tana harorati ko’tarilgan bo’lsa, surunkali o’tkirlashishlar qayd qilinganda, uyqu, tinchlantiruchi dorilar, gormonal vositalar, alkogol qabul qilinganda, uzoq muddatli safarlar, uchishlar bo’lgan taqdirda ko’rsatkichli hisoblanmaydi. Shuningdek, agar ayol o’lchovlar olishdan 4 soat oldin jinsiy aloqa qilgan bo’lsa.

Natijalar qanday bo’lishi mumkin?

Normal siklning grafigini ko’rib chiqamiz. Hayz kelishining birinchi kunidan oxirgi kunigacha, 37 °C gacha bo’lgan bazal harorat bosqichma-bosqich 36.3-36.5 °C gacha pasayadi. Menstrual siklining o’rtasigacha (agar sikl uzun bo’lsa, keyingi hayz kelishi oldidan ikki hafta oldin), bazal harorat 36-36,6 °C oralig’ida bo’lishi normal hisoblanadi. Tuxum hujayra yetilishi kuni keladi va 3 kun davomida 37,1-37,3 °C oralig’ida saqlanib turadigan yuqori bazal harorat tuxum hujayra tuxumdonlardan chiqishini anglatadi.

Ikkinchi fazada bazal harorat 37-37,5 °C oralig’ida saqlanadi va hayz ko’rish boshlanishidan 2 kun oldin pasayadi. Hayz kelishining boshida bazal harorat 36,9-37,0 °C ga teng bo’ladi.

Ammo eng muhimi bu ko’rsatkichlarning o’zi emas, balki ikki faza o’rtasidagi harorat farqi (kamida 0,4 °C).

Yuqorida keltirilgan grafik idealdir, amalda bazal haroratda normadan turlicha og’ishi mumkin, masalan:

  • Menstruatsiya arafasida haroratning yengil pasayishi va mensturatsiya vaqtida 37 °C dan oshishi endometrit mavjudligini ko’rsatadi.
  • Follikulyar fazada yuqori bazal harorat estrogenlarning yetishmasligini ko’rsatadi.
  • Lyuteinli fazada bazal haroratning pastligi sariq tananing yetarli miqdorda emasligini aks ettiradi. Ikkinchi fazaning yetishmovchiligi deb progesteron miqdori kamayib ketadigan holatga aytiladi. Va garchi siklning bu kabi og’ishlarida ovulyatsiya sodir bo’lsa va urug’lantirish vaqtida BH ko’tarilsa ham, sartiq tananing noto’liq faoliyat ko’rsatayotgani tufayli u kamdan-kam hollarda 37 °C dan oshadi.
  • Adneksitda bazal harorat bir necha kun davomida 37 darajaga ko’tariladi va yana kamayadi. Siklning lyuteinli (ikkinchi) bosqichida harorat oldingi grafikdagiga nisbatan ancha yuqori bo’ladi.
  • Agar hayz kechikishi vaqtida bazal harorat ikki hafta davomida 36,8-37.0 °C va undan yuqori darajalarda saqlanib tursa, bu ehtimol homiladorlik belgisi bo’lishi mumkin (sinovlarni o’tkazish tavsiya etiladi).
    Homiladorlikning boshqa ilk alomatlari haqida batafsil→

Homiladorlik davrida sariq tana uzoq vaqt davomida tuxumdonda qoladi va homiladorlikning normal davom etishi uchun progesteron ishlab chiqaradi. Shuning uchun homiladorlik davrida yuqori bazal harorat homila ko’tarishning birinchi bosqichida saqlanib turadi.

Agar ayol homiladorlikni rejalashtirayotgan bo’lsa, tegishli jadvalni tayyorlash uchun bazal haroratni o’lchash juda zarurdir. Bu usulni qo’llash natijasida muvaffaqqiyatli urug’lantirish ehtimoli bir necha bor yuqori bo’ladi. Grafiklar gormonal patologiyalarni yaqqol aniqlashga yordam beradi, ayniqsa, har oy gormonlar uchun tahlillar topshirish imkoni bo’lmasa. Nihoyat, bu usul juftliklarni bepushtlikdan tekshirish va samarali davolash uchun juda muhimdir.
Homilador bo’lish uchun inobatga olinishi kerak qoidalar→

Bazal harorat jadvallarining turlari

Normal menstrual sikldagi ikki fazali grafik

Normal menstrual sikldagi bazal harorat
Normal menstrual siklda birinchi fazadagi bazal harorat 37 °C dan past bo’ladi. Siklning ikkinchi bosqichida harorat kamida 0,4 °C ga oshadi. Bazal haroratning menstruatsiya va ovulyatsiyadan oldin pasyishi yorqin namoyon bo’ladi. Ovulyatsiyadan keyin haroratning ko’tarilish muddati 12-14 kunni tashkil qiladi.

Anovulyator sikl

Anovulyator siklni ko'rsatuvchi bazal harorat grafigi
Anovulyator siklda bazal haroratning ko’tarilishiga ta’sir qiluvchi sariq tana paydo bo’lmaydi. Shuning uchun anovulyatsiyada bazal harorat grafigi ovulyatsion chiziqqa ega emas. Grafik harorat o’zgarishi 36,5-36,9 °C bo’lgan monotonik egrilikni namoyon qiladi. Har bir ayolda yiliga bir nechta anovulyator sikllar bo’lishi mumkin. Biroq, agar vaziyat bir necha ketma-ket sikllarda o’zgarmasa, u fertillikning jiddiy ravishda buzilganligi belgisidir.

Estrogenlarning yetishmovchiligi

Estorgen yetishmasligi - bazal harorat
Siklning birinchi fazasida ayol organizmida estrogen gormoni ustun bo’ladi, uning ta’siri ostida ovulyatsiyadan oldin bazal harorat 36.2-36.5 °C oralig’ida saqlanib turadi. Haroratning ushbu ko’rsatkichdan yuqori bo’lishi estrogen tanqisligini ko’rsatadi. Estrogen yetishmasligi, shuningdek, siklning ikkinchi fazasida ham yuqori (37.1 °C dan yuqori) haroratga sabab bo’ladi.

Estrogen-progesteron yetishmovchiligi

Estrogen-progesteron yetishmovchiligi
Siklning birinchi fazasida past harorat va ovulyatsiyadan so’ng haroratning ozgina o’sishi (0.2-0.3 °C) progesteron va estrogen gormonlarining yetishmasligini ko’rsatishi mumkin.

Ammo ayollarning sog’lig’ini faqat bazal harorat grafigi asosida baholash noto’g’ridir. Aniq tashxisni bir qator tadqiqotlar natijasida shifokor qo’yishi mumkin.

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.