Tepki kasalligi (parotit) — alomatlari, tasnifi, tashxislash, davolash, oldini olish

Epidemik parotit (lot. parotitis epidemica, tepki kasalligi) — paramiksovirus tomonidan chaqiriladigan bez a’zolarni (so’lak bezlari, oshqozon osti bezi, moyaklar) va markaziy asab tizimining yiringsiz zararlanishi bilan tavsiflanadigan o’tkir infektsion kasallikdir.

Tepki kasalligi haqida ma'lumot

«Epidemik parotit» nomi eskirgan deb hisoblanadi. Hozirda kasallik ko’pincha «parotit» deb ataladi. Lotin tilida quloq yonidagi so’lak bezlari glandula parotidea deb ataladi, uning yallig’lanishi esa parotit hisoblanadi; kasallikning nomi shundan kelib chiqqan. 3 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalarda tepki kasalligi eng ko’pi aniqlanadi.

Tepki qanday yuqadi?

Tepki kasalligi (glandalarning shishishi) kasallik alomatlari boshlanmasidan 9 kun oldin va boshlanganidan keyin 5-9 keyingi vaqt davomida infektsiyalangan bemordan havo-tomchi yo’li orqali yuqadi.

Kasallik qo’zg’atuvchisi

Parotit qo’zgatuvshisi paramiksoviruslar (Paramyxoviridae) oilasi, Rubulavirus avlodiga mansub RNK-saqlovchi virus hisoblanadi. Kasallik qo’zg’atuvchisi 1934-yilda E. Gudpacher va K. Jonson tomonidan ajratib olingan va o’rganilgan.

Virionlar polimorf, yumaloq virionlar 120-300 nm diametrga ega. Bitta ipli va fragmentatsiyalanmagan «minus»-RNK 8 ta oqsilni kodlaydi, jumladan superkapsid qobiqning H-, N- va F-oqsillarini.

Virus gemagglyutinatsiyalovchi, neyraminidaz va gemolitik faollikka ega. Virus tovuqlar, o’rdaklar, dengiz cho’chqalari, itlar va boshqalarning eritrotsitlarini agglyutinatsiyalaydi. Laboratoriya sharoitida virus 7-8 kunlik tovuq embrionlarida va hujayrali madaniyatda yetishtiriladi. Virusga tovuq embrionlarining fibroblastlari, maymun, dengiz cho’chqasi, suriya xomyagining birlamchi-tripsinlangan buyrak hujayralari madaniyati sezgirdir. Laboratoriya hayvonlari tepki virusiga kam sezgir. Faqat maymunlarda insonnikiga o’xshash tepkini kuzatsa bo’ladi. Virus barqaror emas, u issiqlik, ultrabinafsha nurlanish ta’sirida, yog’ erituvchilari, 2% formalin eritmasi, 1% lizol eritmasi bilan aloqada bo’lganda inaktivatsiyalanadi. Virusning zaiflashtirilgan shtammi (L-3) jonli emlash sifatida ishlatiladi.

Virusning antigen tuzilishi barqarordir. Unda neytrallashuvchi va komplement-bog’lovchi antitanalar hosil bo’lishiga olib kelishi mumkin bo’lgan antigenlar, shuningdek, intradermal sinovini o’rnatish uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan allergen mavjud.

Tepkiga qarshi immunitet

Parotit boshdan kechirilgandan so’ng, odamda ko’pincha barqaror umrbod immunitet shakllanadi, ammo qayta kasallanish hollari ham uchrab turadi.

Kasallikning kechishi

Inkubatsiya davri (tepki yuqganidan boshlab kasallik alomatlari rivojlanishiga qadar bo’lgan vaqt oralig’i) 11-23 kun; ko’pincha — 13-19 kun. Ba’zi kishilarda 1-2 kun oldin prodromal hodisalar kuzatiladi (zaiflik, bezovtalik, mushak og’rig’i, bosh og’rig’i, varaja qilish, ishtaha va uyquning buzilishi). Kasallikning rivojlanishi bilan alomatlar yanada kuchayadi, so’lak bezlari shikastlanishi belgilari qayq qilinadi: og’iz quruqligi; chaynash, gaplashish vaqtida quloq atrofidagi kuchayadigan og’riq.

Parotit tasnifi

A. Manifestant shakllari

  • Asoratlanmagan: faqat so’lak bezlarining shikastlanishi (bir yoki bir nechta);
  • Asoratlangan: so’lak bezlari va boshqa a’zolarning shikastlanishi (meningit, meningoensefalit, pankreatit, orxit, mastit, miokardit, artrit, nefrit).

Kechish og’irligiga qarab:

  1. Yengil (shu jumladan, xira va atipik shakllari): subfebril isitma, intoksikatsiya belgilarisiz yoki zaif belgilari bilan, asoratlarsiz kechadi.
  2. O’rtacha: febril isitma (38-39,9 °C), tana haroratining yuqoriligi uzoq muddat saqlanib turadu va umumiy intoksikatsiyaning belgilari (varaja qilish, bosh og’rig’i, artralgiya va mialgiya bilan) sezilarli bo’ladi, so’lak bezlarining sezilarli kattalashishi — ko’pincha ikki tomonlama parotit, asoratlar mavjudligi qayd qilinadi.
  3. Og’ir: tana haroratining juda baland ko’tarilishi (40 °C va undan yuqori), uning uzoq muddat saqlanib turishi (2 haftagacha yoki undan ko’p), umumiy intoksikatsiyaning keskin ifodalangan belgilari (asteniya, og’ir zaiflik, taxikardiya, qon bosimining pasayishi, uyqu buzilishi, anoreksiya va boshqalar) bilan.

B. Infektsiyaning inapparat shakli

C. Epidemik parotitning rezidual hodisalari

  • Moyak atrofiyasi;
  • Bepushtlik;
  • Qandli diabet;
  • Karlik, markaziy asab tizimi disfunktsiyasi.

Tepki belgilari va alomatlari

Isitma 1-2 kunga kelib maksimal darajada bo’ladi va 4-7 kun davom etadi. Shikastlangan so’lak bezlari sohasi og’riqli bo’ladi. Og’riq bir necha nuqtalarda: quloqning oldida, quloqning orqasida (Filatov alomati) va so’rg’ichsimon o’simta sohasida ifodalanadi. Mursu alomati — shikastlangan quloq yonidagi so’lak bezlari chiqaruvchi kanali sohasidagi shilliq qavatning yallig’lanish reaktsiyasi. Uning ustidagi teri tarang, yaltiroq bo’ladi, shish bo’yinga tarqalishi mumkin. Bezlarning kattalashishi 3 kun ichida maksimal darajaga yetadi, 2-3 kun saqlanib turadi va asta-sekin (7-10 kun ichida) normal holatga qayta boshlaydi.

Epidemik parotitining prognozi ijobiy bo’lib, o’lim ko’rsatkichlari juda kam (100 000 ta holatga 1 ta), ammo moyaklarning atrofiyasi (bepushtlikka olib keladi) va kar bo’lib qolish xavfini inobatga olish kerak.

Tepkini tashxislash

Laboratoriya usullaridan tashxisni tasdiqlashning eng ishonchli usuli — parotit virusini qondan, halqum surtmasi, quloq yon so’lak bezlari sekreti, orqa miya suyuqligi yoki siydikdan ajratib olishdir.

Immunoflyuorestsent usullar 2-3 kundan keyin (standart tekshirish usulida — 6 kundan keyin) hujayra madaniyatida viruslarni aniqlash imkonini beradi. Shuningdek bu usul virusli antigenni bevosita burun-halqum hujayralarida aniqlab beradi, bu esa javobni tezda olish imkonini yaratadi.

Serologik usullar antitana titri o’sishini faqat kasallik boshlanganidan 1-3 hafta o’tgach aniqlash imkonini beradi. Bunda turli usullar qo’llaniladi. Eng informativ usuli qattiq-fazali immunoferment tahlil bo’lib, bundan kechroq muddatda natijalar oddiyroq reaktsiyalar bilan olinadi. Juft zardoblar tekshiriladi: birinchisi kasallikning boshlanishida olinadi, ikkinchisi — 2-4 haftadan so’ng. Titrnining 4 marta yoki undan ko’pga oshishi diagnostik sanaladi. Antigen (allergen) bilan intradermal sinovdan foydalanish mumkin. Manfiy sinovning musbat holatga o’tishi diagnostik hisoblanadi. Agar teri sinovi kasallikning dastlabki kunlaridayoq ijobiy bo’lsa, demak, ushbu shaxs bundan oldin tepkini boshdan o’tkazganligidan dalolat beradi.

Tepki kasalligini davolash

Tepki kasalligiga chalingan bemorlar uy sharoitida davolanishi mumkin. Kasalxonaga yotqizilish jiddiy asoratlar bo’lganda va epidemiologik ko’rsatmalarga ko’ra amalga oshiriladi. Bemorlar uyda 9 kunga izolyatsiya qilinadi. Tepki kasalligi aniqlangan bolalar muassasalarida 21 kun karantin e’lon qilinadi. Parotit o’choqlarida dezinfektsiya qilish ishlari amalga oshirilmaydi.

Etiotrop davolash yo’q. Davolashning muhim maqsadi asoratlarning oldini olishdir. Eng kamida 10 kun davomida yotoq tartibida dam olish muhim ahamiyatga ega. 1 hafta davomida yotoq tartibiga amal qilmagan erkaklarda orxit birinchi 3 kunlikda gospitalizatsiya qilinganlarga (26%) nisbatan 3 marta ko’proq (75%) kuzatilgan. Pankreatitni oldini olish uchun ma’lum bir parhezga rioya qilish kerak: ortqicha yeb yuborishdan qochish, oq non, makaron, yog’li taomlar, karam iste’molini kamaytirish. Taomnoma sutli-sabzavotli bo’lishi kerak. Donlardan guruch iste’mol qilgan afzal, qora non, kartoshka iste’mol qilishga ruxsat etiladi.

Tepki kasali asoratlari

Kasallik asoratlaridan biri bo’lmish orxit kuzatilganda 5-7 kunga prednizolon belgilanishi mumkin, dozasi 40-60 mg dan boshlanib, kuniga 5 mg dan kamaytiriladi, ushbu dozalarda boshqa kortikosteroid belgilanishi ham mumkin. Parotitli meningitning kechishiga orqa miya punktsiyasi bilan biroz miqdorda likvorni chiqarib olish ijobiy ta’sir ko’rsatadi. O’rtacha degidratatsion terapiya biroz ahamiyatga ega. O’tkir pankreatitda suyuq avaylovchi parhez, atropin, papaverin, qoringa sovuq qo’yish, qayt qilishda — aminazin, shuningdek, fermentlarni ingibitsiya qiluvchi preparatlar, xususan vena ichiga glyukoza eritmasida kontrikal (trasilol), birinchi kun 50000 TB, so’ng 3 kun 25000 TB/sutka va 5 kun 15000 TB/sutka belgilanadi. Mahalliy terapiyaga issiq kompresslar kiradi.

Tepki kasalligini oldini olish

Tepkiga qarshi emlash — kasallikni oldini olishning xavfsiz usuli hisoblanadi. Aksariyat hollarda vaktsinatsiya aholi darajasida asoratlarni kamaytiradi. Aholining emlash ko’rsatkichi 90% bo’lsa, samaradorlik 85% ga yetadi. Uzoq muddatli profilaktika qilish uchun ikkilangan dozani kiritish talab etiladi. Birinchi dozani kiritish 12-18 oylikda tavsiya etiladi. Ikkinchi doza 2 va 6 yoshlik oralig’ida o’tkaziladi. Kasallanishdan keyin emlash hali immunitetga ega bo’lmaganlar uchun foydali bo’lishi mumkin.

Emlash xavfsizligi

Tepkiga qarshi emlash juda xavfsiz va nojo’ya ta’sir odatda yengil bo’ladi. Vaktsinaning kiritilishi in’yektsiya joyida yengil og’riq, shishish va tana haroratning yengil o’sishiga olib kelishi mumkin. Bundan jiddiyroq nojo’ya ta’sirlar juda kam kuzatiladi. Emlash va nevrologik asoratlar o’rtasidagi bog’liqlik mavjudligini isbotlovchi dalillar yetarli emas. Vaktsinani homilador ayollarga yoki jiddiy immunosupressiyaga chalingan bemorlarga kiritish tavsiya etilmaydi. Vaktsina tovuq hujayralari asosida ishlab chiqilganligiga qaramasdan, u tuxumga allergiyasi bo’lgan shaxslarga qo’llanilishi qarshi ko’rsatmaga ega emas.

Reklama

Ushbu mazvuda 2 ta fikr qoldirilgan

  1. Углим ёшлигида тепки касалига учраган эди хозир ёши 28да уйланганига 4 йил булди хали бола кургани йук бу тепки касалининг асорати дейишди шуни даволашни бирон йули борми илтимос шуни аник ва тулик ёзиб юборинг. Рахмат.

    1. Davolash usullari spermatogenezni kuchaytirishga qaratilgan bo’ladi. Parotitning bunday asorati tashxislanganda, bemorga quyidagi komplekslar tayinlanadi:

      • Gormonal preparatlar
      • Immunostimulyatorlar
      • Moyak tomirlarida qon aylanishini yaxshilaydigan vositalar
      • Dorivor giyohlar asosida tayyorlangan biogen preparatlar
      • Spermatozoidlar harakatchanligini oshiradigan A, B, C, E vitaminlari

      Muayyan vositani albatta shifokor belgilashi kerak, mutaxassis bilan maslahatlashib ko’ring.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.