Qattiq tish og’rig’i bir qator muammolar tug’diradi — kayfiyatni va uyquni buzadi, ovqatlanishga to’sqinlik qiladi, mehnat faoliyatini cheklaydi, inson na qo’li ishga boradi, na birov bilan gaplashgisi keladi, og’riq esa boshqa joylarda ham kuzatilishi mumkin. Tishlardagi og’riq ko’pincha isitma, yonoqlarning va milklarning yallig’lanishi, umumiy holatning yomonlashuvi bilan birga keladi. Bularning barchasi shifokorga zudlik bilan borish kerakligini ko’rsatadi. O’tkir tish og’rig’i bo’lgan taqdirda siz stomatologga murojaat qilishingiz kerak.
Tish og’rig’ini keltirib chiqaruvchi sabablar
- Tish kariesi. Tish yemirilishining dastlabki bosqichlarida tishdagi og’riq sezilmas bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi, og’riq issiq va sovuq ta’siri natijasida, shirin va nordon mahsulotlar iste’moli vaqtida yuzaga keladi. Karies chuqurlashganda, tish og’rig’i ovqatlanish vaqtida va tishlarini yuvish paytida paydo bo’ladi.
- Tish emalining yupqalashishi yoki undagi yoriqlar mavjudligi tishlarning sezuvchanligini oshiradi.
- Pulpit. Pulpaning yallig’lanishida (tish ichidagi yumshoq to’qimalar) og’riq kutilmaganda sodir bo’ladi (odatda kechasi) va chakka yoki quloqqa o’tishi mumkin. Pulpa xalq orasida ko’proq «tish nervi» deb ataladi, lekin bu noto’gri fikr, chunki pulpada nervdan tashqari yana qon tomir, limfa, biriktiruvchi to’qima ham mavjud.
- Parodontit — tish uchi atrofidagi to’qimalarni — paradontning yallig’lanishi. Og’riq ko’pincha lo’qqillovchi tabiatga ega, tishga, milkka teginilganda og’riq kuchayadi. Milkning yallig’lanishi, tishni qimirlab qolishi bilan birga kuzatilishi mumkin.
- Periodontit — tish atrofidagi suyak to’qimasining yallig’lanishi, ko’pincha infektsiya tushishi natijasida yuzaga keladi, tish kistasi hosil bo’lishi mumkin.
Tish og’rig’iga qarshi samarali vosita va usullar
Tish og’rig’idan qutilish uchun beshta asosiy usullarini ko’rsatish mumkin
- Analgetiklar (og’riq qoldiruvchi vositalar) va NYQV (nosteroid yallig’lanishga qarshi vositalar) qabul qilish;
- «Xalq» tabobatidan foydalanish;
- Massaj yoki nuqtali uqalash;
- Stomatologik davolash, terapevtik vositalar;
- Tishni olib tashlash (sug’urib tashlash).
Birinchi uch usullar tish og’rig’ini faqat vaqtincha bartaraf etadi va qo’llashda ehtiyotkorlikni talab qiladi, chunki dorini ko’tara olmaslik, qarshi ko’rsatmalar mavjudligi, homiladorlik mavjud bo’lganda ular foyda o’rniga zarar keltirishi mumkin. Tishni olib tashlash oxirgi chora hisoblanadi va odatda o’tkir periodontit, jiddiy jag’ va tish jarohatlari mavjudligida qo’llaniladi.
Tish kuchli og’riganda nima qilish kerak
1. Tish og’rig’iga qarshi anestetik dorilar
Tish og’rig’ini yo’qotish uchun eng samarali NYQV — ketoprofen ( «Ketanov», «Ketorol», «Ketorolak» va boshqalar) yoki deksketoprofen ( «Deksalgin») saqlovchi preparatlardir. Ushbu preparatlar 5-6 soat davomida tish og’rig’ini bartaraf etishi va bir vaqtning o’zida yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega bo’lishi mumkin. Shuningdek, ushbu propion kislotasi unumlari guruhidagi Ibuprofen (Nurofen, MIG, Faspik va boshqalar), Naproksen (Sanaproks, Naprios) va Flurbiprofen (Flugalin) ni ham ta’kidlash o’tish joiz.
Juda kuchli og’riq qoldiruvchi va yallig’lanishga qarshi preparatlar diklofenak va atseklofenak bo’lib qolmoqda, ular fenilsirka kislotasi unumlari guruhiga kiradi, lekin stomatologiyada ushbu preparatlar keng qo’llanilmaydi.
Keng tarqalgan va samarali tish og’rig’ini qoldiruvchi preparatlar qatorida Nimesulid (Nayz) ham mavjud, u kislotasiz unumlar qatorida, aniqroq qilib aytganda sulfanamidlar guruhiga kiradi. Tish og’rig’iga qarshi dori moddalar ichidagi yetakchilardan biri indometazin bo’lib qolmoqda, bu yallig’lanishga qarshi va juda yuqori og’riq qoldiruvchi ta’sirga ega.
Tish og’rig’ini qoldirish uchun eng maqbul dori analgin va paratsetamol, lekin ular faqat yengil og’riqli hollarda yordam berishga qodir.
Ushbu dorilarni erta bolalik davrida, homiladorlikda (parasetamoldan tashqari, uni ikkinchi trimestrdan boshlab qo’llash mumkin) va keksalik davrida qo’llash tavsiya etimaydi. Ushbu dorilarning ko’pchiligi kislotali NYQV ekan, ular oshqozon-ichak yo’lini ta’sirlantiradi, shuning uchun ularni me’yorda qabul qilgan yaxshi, agar oshqozonda yaralar va eroziyalar mavjud bo’lsa, jigar va buyrak o’tkir kasalliklari, bronxial astma bo’lsa, ularni umuman qo’llamaslik tavsiya etiladi.
Har holda, davolovchi shifokor siz uchun tasdiqlangan dorini qabul qilish kerak va hech qanday holatda o’zboshimchalik bilan qabul qilinmasligi kerak. Bolalardagi tish og’rig’ini qoldirish uchun og’riq qoldiruvchi vositalardan foydalanish bo’yicha bolalar stomatologi maxsus ko’rsatmalariga rioya qilish kerak.
2. Tish og’rig’ini uy sharoitida qoldirish
Tishdagi og’riqni bartaraf etishda xalq tabobatini qo’llash biroz yumshoq, asosiysi mahalliy ta’sir ko’rsatadi:
- Muz qisqa muddat ichida tish og’rig’ini qoldirishga yordam beradi. Og’riyotgan tishga muz bo’lakchasini qo’yish orqali siz mahalliy og’riqsizlantirish ta’siri bilan solishtiradigan ta’sirga ega bo’lasiz, faqatgina u 5 daqiqadan keyin yo’qoladi.
- Yana oddiy usul: og’izni soda eritmasi bilan chayqash: bir stakan suvga 1 choy qoshiq. Eritmaga bir choy qoshiq tuz va bir necha tomchi yod eritmasi qo’shsa bo’ladi.
- Tish og’rig’iga qarshi mashhur vosita — bu og’izni chayish uchun mavrak (shalfey) damlamasidir. Uni tayyorlash: 1-2 choy qoshiq o’tga qaynoq suv solinadi va suv hammomida 15-20 daqiqa davomida ushlab turiladi. Damlamani qo’llashdan oldin uni iliq haroratga keltirib olish kerak, chunki issqlik og’riqni kuchaytirishi va agar yiring mavjud bo’lsa, uning tarqalib ketishiga olib keladi. Yallig’lanishga qarshi ta’sirga moychechak va dalachoy o’simliklari, yalpiz ham ega.
- Tish og’rig’ini turli moylar ham qoldirishga qodir. Buning uchun choy daraxti, qalampirmunchoq (gvozdika), pixta moylari ishlatilishi mumkin. Moyni paxtaga shimdirib, og’riq joyiga qo’yish kerak. Agar yoningizda moylar bo’lmasa, valeriana, evkalipt, propolisning eritmalari deyarli har bir honadonda mavjud.
Nuqtali uqalashlar
Nuqtali uqalash muqobil tibbiyot usuli sifatida ham tish og’rig’ini vaqtincha qoldirishga yordam beradi. Og’riq qoldiruvchi ta’sir quyidagi nuqtalarni bosganda yuzaga keladi:
- Bosh va ko’rsatkich barmoq o’rtasidagi chuqurcha. Homiladorlikning so’ngi bosqichlarida ushbu uqalov tavsiya etilmaydi, chunki bu muddatidan oldin tug’ruqqa sabab bo’ladi deb hisoblashadi.
- Quloqning yumshoq qismi. U bosh va ko’rsatkich barmoq bilan biroz bosib uqalanishi kerak.
- Pastki jag’ va yonoq o’rtasidagi chuqurcha. Bosh barmog’ingiz bilan biroz bosish sizga yuqori jag’ tishdagi og’riqni yengillashtirishga yordam beradi.
- Pastki jag ‘burchagi. Uning massaji pastki tishlarining og’rig’ini yengillashtiradi.
- Ko’rsatkich barmoqining yoni (bosh barmoq tarafidan), tirnoqdan 2-3 mm pastdagi nuqta.
Xitoy an’anaviy tibbiyotiga ko’ra, ushbu nuqtalarning massaji nafaqat og’riqni yengillashtiradi, balki uni butunlay bartaraf qiladi, uning ta’sir davomiyligi 2-3 daqiqadan oshmaydi. Bunday ekzotik usulga ehtiyotkorlik bilan murojaat qilish va uqalovni umumiy holatning har qanday yomonlashuvi sezilishi bilan to’xtatish kerak.
Shuni yodda tutingki, an’anaviy choralar, nuqtali uqalov, tabletkalar tish og’rig’ining asosiy sababini bartaraf etmaydi, ular faqat og’riqni qoldirishga qaratilgan. Ushbu usullardan ehtiyotkorlik bilan foydalaning — faqat tish og’rig’ini kamaytirish uchun va stomatologga borishdan oldingi davolash usuli sifatida.
Homiladorlikdagi tish og’rig’i
Homiladorlikni rejalashtirganda shifokorlar ayollarni tish shifokoriga oldindan borishni tavsiya etadilar, homiladorlik davrida yoqimsiz holatlar yuz bermasligi uchun. Ammo tanadagi gormonal o’zgarishlar, vitamin va minerallarning yetishmasligi, toksikoz homiladorlik vaqtida tish va tish kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Ehtimol, tish og’rig’idan xalos bo’lishning eng xavfsiz usuli, bu tish shifokoriga borish va uy sharoitida ba’zi tayyorlangan og’iz chayish uchun damlamalar qo’llash bo’ladi. Tabiiyki, turli xil o’simliklardan foydalanish va damlamalarni qo’llashda ehtiyotkorlik talab etiladi, chunki ular asosiy kasallikka qo’shimcha ravishda allergik reaktsiyaga sabab bo’lishi mumkin.
Og’riq qoldiruvchi dorilardan homilador ayollarga odatda «Paratsetamol» tavsiya qilinadi. Bu vosita boshqa organlarga ta’sir qilmasdan faqat og’riq manbaiga ta’sir qiladi. Paratsetamolning tarkibiy qismlari kindikka kirib borishi mumkin, ammo homilaga salbiy ta’sir ko’rsatmaydi. To’g’ri, ushbu dori boshqa dori-darmonlar kabi yetarli darajada kuchli emas, ammo bu tish og’rig’idan xalos bo’lishga yordam beradi.
Homilador ayollarga «Analgin» ga ruxsat berilishi mumkin, ammo ozgina miqdorda, chunki uzoq muddatli foydalanish bilan bu preparat kelajakdagi bolaga zarar yetkazishi va qon tarkibidagi o’zgarishlarga olib kelishi mumkin. Kichik dozalarda ham «Analgin» homiladorlikning dastlabki uch oyida va homiladorlikning so’nggi besh haftasida qo’llanilmaydi.
«Nurofen» uchinchi trimesterda qo’llanilmaydi, chunki u homila suyuqligi miqdorini kamaytiradi. Dastlabki davrlarda u oz miqdorda ishlatilishi mumkin.
Har qanday preparatlarni qo’llashdan oldin uning qarshi ko’rsatmalari bilan tanishib chiqish kerak — me’da-ichak kasalliklari, jigar va buyrak yetishmovchiligi, bronxial astma kabi holatlarda ba’zi dori vositalari kasallikni jiddiylashtirishi mumkin. Faqat shifokor tomonidan tavsiya etilgan og’riq qoldiruvchi vositalarni qo’llang.
Homiladorlik davrida tishlarni davolash va olib tashlashga qarshi ko’rsatmalar mavjud emas, bu holatda tish shifokorlari cheklangan miqdordagi ruxsat berilgan og’riq qoldiruvchi vositalardan foydalanadilar. Shunday qilib, tish og’rig’i bilan homilador ayollarga mutaxassisga murojaat qilishdan qo’rqish kerak emas, hatto tish og’rig’i bezovta qilmasa ham, butun og’iz bo’shlig’ini homiladorlik paytida bir yoki ikki marta tekshirib ko’rish yaxshiroq.
Kuchli tish og’rig’i sizning tishingiz sog’lig’iga e’tibor qaratish va tish shifokoriga imkon qadar tezroq borish uchun jiddiy ogohlantirishdir. Tish og’rig’i keng tarqalganiga qaramasdan, og’riqni faqat dorilar bilan qoldiravermaslik kerak — bu sizning sog’ligingiz uchun ikki barobar qimmatga tushishi mumkin. Chunki dori vositalarining noj’oya ta’siri xavfi bilan birga, og’riqning asl sababi davolanmaydi, faqat asosiy kasallik yashiriladi.
Assalomu alaykum.Bolalarda yani yosh 5,6 yosh.Tish og’rib yuz shishganda,yuzni shishini qanday qaytarsa bo’ladi.Tishni oldirdik,Shish qaytishi qiyin bo’lobti
Shish mavjudligi nafaqat yallig’lanish, balki ekssudativ jarayonlar (ya’ni yiring yoxud boshqa suyuqlik to’planishi) mavjudligidan dalolat beradi. Agar tish olib tashlanganda ekssudat chiqib ketadigan bo’lsa, shish 2-3 kunda qaytishi kerak. Bolada isitma bo’lmasa, og’riq bezovta qilmasa, uning qaytib ketishini kuting, shifokor antibiotik belgilagan bo’lsa, uning qabulini nazorat qiling.
Agar bolaning tana harorati ko’tarilgan bo’lsa, shish qaytmasa, og’riq mavjud bo’lsa, demak hosil bo’lgan suyuqlik hali chiqib ketmagan, bunda stomatologga qayta tashrif buyurish kerak, u tegishli choralar ko’rib, drenajlashni amalga oshiradi va lozim bo’lsa antibiotiklar buyuradi.