Protein — inson uchun kunlik ovqatlanishning ajralmas qismi bo’lib xizmat qiluvchi barchaga tanish oqsildir. Oqsil tanada to’plana olmaydi, shuning uchun uning muntazam tushib turishi har bir kishining o’zi tomonidan ta’minlanishi kerak. Biz qanchalik ko’p harakat qilsak, qancha energiya yo’qotsak, shuncha ko’proq oqsil kerak bo’ladi, shuning uchun ertami-kech har qaysi atlet mushaklarini chiqarish uchun protein qabul qilish haqida o’ylaydi.
Proteinning foydali xususiyatlari
Proteinning afzalliklarini baholamay bo’lmaydi. Bizning organizmimizda u transport, tartibga solish, himoyalash, katalitik vazifalarni bajaradi.
- Birinchi vazifasi oqsil qon tarkibiga ta’sir etishi, gemoglobin darajasini normallashtirishi bilan ifodalanadi, gemoglobin esa organlar va to’qimalarga kislorod yetkazib beradi, shu jumladan mushaklarga ham.
- Ikkinchi vazifasi gormonal fonni me’yorlashtirishidir, gormonlar esa butun organizm faoliyatini boshqarib turadi, jumladan jinsiy tizimlarni ham.
- Himoya vazifasi oqsil immunitet tizimining hujayralari tarkibiga kirishi bilan ifodalanadi va shuning uchun tananing virus va infektsiyalarga qarshi kurashish qobiliyatiga bevosita ta’sir qiladi.
Proteinning mushaklar chiqishi uchun foydasi juda katta, chunki protein suyak, teri va mushak tolalari uchun asosiy qurilish materialidir. Uning yetishmasligida mushak tonusining pasayishi kuzatiladi, og’ir hollarda distrofiya rivojlanadi, u holda odam oyoq-qo’llarini harakatga keltira olmaydi. Katalitik vazifasi esa oqsillarnining tanadagi modda almashinuvi jarayonlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo’lgan o’ziga xos fermentlarni ishlab chiqarish qobiliyatidir.
Proteinning zarari bormi?
Proteinlar ham foyda, ham zarar yetkazishi mumkin. Oqsil parchalanishi mahsulotlari buyraklar tomonidan chiqarilib yuborilishi tufayli, birinchi bo’lib bu a’zo aziyat chekadi. Haddan tashqari qabul qilish buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin, ayniqsa bu organning kasalliklari (nefrit, pielonefrit, glomerulonefrit va h.k.) bo’lgan shaxslarda.
Noto’g’ri va ortiqcha iste’mol qilganda, oshqozon-ichak trakti faoliyatidagi buzilishlarga ham sababchi bo’ladi, bu epigastrik sohada noqulaylik, ko’ngil aynishi, qorin damlanishi, ich ketishi kabi namoyon bo’ladi. Bundan tashqari, proteinning zarari mahsulot sifatiga ham bog’liq. Bugungi kunga kelib, barcha proteinlar orasida eng yomoni GMO lardan ishlab chiqarilgan turi hisoblanadi va ular organizm tomonidan yaxshi so’rilmaydi.
Shuningdek ko’plab noqonuniy va soxta mahsulotlarning mavjudligi, ularning tarkibi aniq emasligi ham xavf tug’diradi, bunday proteinni iste’mol qilgandan keyin kasalxonaga tushish xavfi juda katta. Shuning uchun, siz taomnomangizni qo’shimcha protein kokteyllari bilan boyitishni hohlasangiz, ichki a’zolar kasalliklari yo’qligiga amin bo’lishingiz, kerakli miqdorni to’g’ri hisoblab, mahsulot sifatini tekshirishingiz kerak.
Proteinni iste’mol qilish qoidalari
Mushaklarning o’sishi uchun protein ichishda foydasi zararidan ko’ra ancha yuqori bo’lishi uchun uning miqdorini to’g’ri tanlash kerak. Olimlar mushaklarning o’sishi uchun 1 kilogramm tana vazniga 1-1,5 gramm protein kerakligini hisoblab chiqdilar. Juda ko’plab murabbiylar va taniqli sportchilar miqdor ko’rsatkichi 2 grammga yaqin deb hisoblashadi.
Protein miqdori nisbatni hisoblashda nafaqat tana vaznini, balki oziq-ovqat bilan qabul qilinadigan oqsil miqdori ham hisobga olinishi kerak. O’rtacha 70 kg vazndagi kishi kuniga oziq-ovqat bilan 70 gramm oqsil iste’mol qiladi. Bu tavsiya etilgan kunlik me’yorning yarmidan ko’prog’i. Ushbu vaznda bo’lgan kishi kuniga tarkibida 70% oqsil bo’lgan 100 gramm protein qabul qilish kerak.
100 kg tana vazniga ega bo’lgan kishi uchun 150 gramm toza oqsil kerak bo’ladi. Proteinni qanday ichish kerak? Kundalik umumiy miqdorni 4-5 ta qismga bo’lib qabul qilish kerak, mashg’ulotlardan oldingi va so’nggi miqdor qolgan vaqtlardagiga nisbatan ko’proq bo’lishi kerak.
Uxlashdan oldin, boshqa oqsillarga nisbatan uzoqroq so’riladigan kazeinlar ichish yaxshidir. Va shuningdek kun davomida sut va sut mahsulotlari, go’sht, baliq, dengiz mahsulotlari, yong’oq, loviya kabi oqsilga boy mahsulotlarni iste’mol qilishni esdan chiqarmaslik kerak. Agar siz protein sotib olsangiz, u holda faqat ishonchli ishlab chiqaruvchini tanlang.