Osteoxondroz (qad.yun. ὀστέον suyak va χόνδρος — tog’ay) — bu umurtqalarning tog’ay to’qimalarida degenerativ-distrofik o’zgarishlar tashxislanadigan kasallik bo’lib, unga umurtqalararo disklarning tuzilishi va vazifalarining buzilishlari hamrohlik qiladi. Shikastlangan to’qimalarning joylashishiga qarab, bo’yin, ko’krak va bel sohalari osteoxondrozi ajratiladi. Tibbiy statistika ma’lumotlariga ko’ra, dunyo aholisining 50-90 foizida osteoxondroz alomatlari kuzatiladi. Osteoxondroz yuzaga keladigan o’rtacha yosh 30-35 yoshni tashkil qiladi. Noqulay sharoitlarda osteoxondrozning belgilari ertaroq muddatlarda ham namoyon bo’lishi mumkin, ayniqsa, orqa va oyoqlarga uzoq muddat notekis yuk tushishida va jarohatlar oqibatida.
Osteoxondroz nima?
Osteoxondroz — bu umurtqa pog’onasining kasalligi bo’lib, unda umurtqalararo disklarning degenerativ va distrofik shikastlanishlari yuzaga keladi. Osteoxondrozning rivojlanishi bilan degenerativ-distrofik shikastlanishlar umurtqa to’qimalarga tarqaladi.
Osteoxondroz kasalligi rivojlanishini ko’rsatadigan asosiy belgi bo’yin, orqa, bel sohasida og’riq hisoblanadi, kasallikning yanada kuchliroq rivojlanishida esa og’riqning qo’l, ko’krak, yelka, sonning yuqori qismi va hokazo sohalarga tarqalishi mumkin. Osteoxondrozning salbiy dinamikasida mushak to’qimasi atrofiyasi, sezgining buzilishi, shuningdek, ichki a’zolar qisilishi, siljishi natijasida ularning disfunktsiyasi boshlanadi. O’z vaqtida davolanmasa, osteoxondroz davolab bo’lmaydigan holatgacha rivojlanadi.
Osteoxondroz sabablari
Osteoxondrozning rivojlanishida asosiy omili — umurtqaga tushadigan yukning notekis taqismlanishidir. Ko’pincha buning sababi — sumkani bir yelkada yoki bir tomondagi qo’lda olib yurish odati, o’tirganda noto’g’ri holatni egallash, haddan tashqari yumshoq to’shakda, baland yostiqda uxlash, anatomik noto’g’ri poyafzal turlarini kiyishdir.
Qo’shimcha xavf omillari orasida gipodinamiya (kamharakatlik), kamharakat hayot tarzi, ortiqcha vazn, orqa, oyoq jarohatlari, yassi oyoqlik va tayanch-harakat apparatining boshqa buzilishlari, shuningdek, yosh o’tishi sayin umurtqa pog’onasining qon bilan ta’minlanishidagi o’zgarishlar tufayli degenrativ jarayonlar ajratiladi.
Osteoxondroz etiologiyasida quyidagi omillar ham rol o’ynashi mumkin:
- Organizmning jismoniy zo’riqishi;
- Asabiy-hissiy charchash;
- Modda almashinuvi buzilishlari, zaharlanishlar, oziqa moddalarining to’liq o’zlashtirilishiga to’sqinlik qiluvchi oshqozon-ichak trakti kasalliklari;
- Kasbiy xavf, xususan, vibratsion platformalarda ishlash;
- Irsiy moyillik;
- Faol rivojlanish davrida qomatning buzilishi, skolioz;
- Noqulay poyafzal kiyish (tor, baland poshnali);
- Tananing uzoq muddatli va / yoki muntazam suvsizlanishi;
- Kam ovqatlanish, gipovitaminoz;
- Chekish;
- Homiladorlik, ayniqsa ko’p homilali homiladorlik va mushak-boylam apparati rivojlanmaganligi kombinatsiyasi (tananing og’irlik markazi siljishi tufayli).
Osteoxondroz rivojlanishi bosqichlari
Kasallik dinamikasida osteoxondroz to’rt bosqichdan o’tadi:
- 1-bosqich (daraja) osteoxondroz umurtqalararo disk pulpoz yadrosidagi patologiyaning boshlang’ich bosqichi bilan tavsiflanadi. Ortiqcha yuk tushishi sababli yadroning suvsizlanishi boshlanadi, bu disk balandligi parametrining pasayishiga va fibroz halqada yoriqlari hosil bo’lishiga olib keladi. Ushbu bosqichda alomatlar, qoida tariqasida, kuzatilmaydi, uzoq muddat noqulay statik holatda bo’lganda yoki faol harakatlanganda ozgina noqulaylik yuzaga kelishi mumkin;
- 2-bosqichda disklar balandligining pasayishi umurtqalar orasidagi masofaning kamayishiga va umurtqa mushaklari va boylamlarining osilib qolishiga olib keladi. Disklari shikastlangan umurtqalarning harakatchanligi oshadi, bu esa ularning joyidan siljib ketishi ehtimoli mavjudligi bilan xavf tug’diradi. Kasallikning ikkinchi bosqichida diskomfort, og’riq hisslari yuzaga keladi, ayniqsa, muayyan turdagi mashqlar, harakatlar bajarganda, holatlarda turganda;
- 3-bosqich (daraja) osteoxondroz umurtqalararo disklarning prolaps va protruziyalari shakllanishi bilan ajralib turadi, umurtqalararo bo’g’imlarning boylam apparatining uzilishisiz chiqishi va / yoki artrozi rivojlanishi bilan birga kechishi mumkin. Ayrim turdagi harakatlarda bemorlarda cheklanganlik, harakatchanlikning yetishmasligi, oyoq-qo’llarda sanchish va uvishish hissi paydo bo’lishi mumkin. Osteoxondrozning ushbu bosqichida shikastlangan disklarning joylashuviga qarab, orqa, bo’yin, dumg’aza-bel bo’limi yoki dumg’aza sohasida aniq og’riq seziladi;
- Osteoxondrozning 4-bosqichida tana umurtqa gipermobilligi oqibatlarini tuzatish va umurtqa pog’onasi funktsionali buzilishiga moslashishga harakat qiladi. Umurtqalarning kontakti joylarida yangi suyak hosilalari — osteofitlar hosil bo’ladi, ular umurtqa fiksatsiyasini yaxshilaydi. Biroq, ayrim hollarda osteofitlar nervlarning qisilishiga olib kelishi, umurtqaga shikast yetkazishi mumkin. Umurtqalararo disklarda va bo’g’imlarda fibrozli ankiloz boshlanadi. Mikrojarohatlar va asab ildizlarining qisilishi bo’lmaganida, kasallik alomatlari pasayadi.
Osteoxondroz alomatlari
Osteoxondrozning asosiy belgilari — bo’yin va orqada diskomfort va / yoki og’riq hissi. Tuyg’ularning sezilarlik darajasi va qo’shimcha alomatlar mavjudligi kasallikning bosqichiga bog’liq. Bemorni tekshirish va anamnezni yig’ishda mutaxassis umurtqaning ko’ndalang yoki bo’ylama tekisligida ko’rinadigan qiyshayishlar mavjudligi bo’yicha osteoxondroz mavjudligini taxmin qilib, dastlabki tashxislashni amalga oshiradi. Bo’yin va bel bo’limi umurtqalararo disklarining patologiyalari ko’krak bo’limidagi degenerativ va distrofik o’zgarishlarga qaraganda ancha keng tarqalgan.
Bemor tomonidan seziladigan osteoxondrozning belgilariga kasallikning bosqichiga qarab xira yoki aniq seziladigan og’riq sindromi, davriy yoki doimiy ravishda orqaning charchash hissi tegishlidir. Og’riq bo’yin, orqa, ko’krak, yelka kamari sohasida lokalizatsiyalanadi, qo’llar harakatlariga to’sqinlik qiladi yoki uni cheklaydi.
Osteoxondrozning klinik tasviri asosan patologiyaning joylashuvi, jarayonning rivojlanish darajasi, bemorlarning o’ziga xos xususiyatlariga bog’liq. Umurtqalararo disklarning patologiyasi, siljishi, protruziyalar, churralar va osteofitlarning o’sishi turli oqibatlarga olib keladi. Eng tez-tez uchraydiganlari orasidan to’qimalarda normal qon aylanishining buzilishi, asab oxirlarining qisilishi, orqa miya kanalining disfunktsiyasi, shish, to’qima va tuzilmalar fibrozi ajratiladi.
Bunday oqibatlar turli xil belgilar bilan birga kechishi mumkin, bu esa kasallikning noto’g’ri tashxislanishiga olib keladi. Osteoxondrozning eng keng tarqalgan va o’ziga xos belgilari quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Orqa, bo’yin, bel, yelka kamari, qovurg’a sohasidagi og’riq;
- Noqulaylik, tananing ayrim holatlarida, egilishlar, burilishlar, yuqori mushak zo’riqishida gavda harakatlarining cheklanganligi;
- Qo’l-oyoqlarning uvishganligi hissi;
- Mushak va bo’g’im diskomforti, mushaklarning spazmlari;
- Bosh og’rig’i, bosh aylanishi, tez charchash;
- Yurak sohasidagi og’riq;
- Qo’l sezgirligining buzilishi;
- Mushaklar gipotoniyasi.
Osteoxondrozning belgilari patologiya joylashuviga qarab farq qiladi:
- Umurtqaning bo’yin bo’limi osteoxondrozlarida kurak va yelkaga tarqalishi mumkin bo’lgan bo’yindagi, qo’llardagi, yelka kamaridagi og’riqlar ustun bo’ladi; bosh og’rig’i, bosh aylanishi, ko’zlar oldida «chivinlar» yoki dog’lar uchishi, quloqlarda shovqin qayd qilinadi;
- Umurtqaning ko’krak bo’limi shikastlanganda og’riq ko’krak qafasi, yurak, yelkaning ichki yuzasi, qo’ltiq osti sohasida lokalizatsiyalanadi, shuningdek nafas olish diskomforti qayd qilinadi, hansirash kuzatilishi mumkin;
- Umurtqaning dumg’aza-bel bo’limi osteoxondrozi oyoqlarga, sonning yuqori qismiga yoki kichik tos a’zolariga tarqaluvchi beldagi og’riq bilan namoyon bo’ladi, ko’pincha jinsiy disfunktisya qo’shiladi.
Yuzaki belgilar — orqa charchashi, og’riq — nafaqat osteoxondrozning mavjudligi, balki boshqa kasalliklar qo’shilganligi yoki umurtqalararo disklarning distrofiyasi bilan bog’liq bo’lmagan boshqa patologik jarayonlar rivojlanishidan ham dalolat berishi mumkin. «Osteoxondroz» tashxisini qo’yish faqatgina mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi mumkin va bunday alomatlar kuzatilganda, o’z-o’ziga dori-darmonlar belgilash tavsiya etilmaydi.
Osteoxondroz tasnifi
Osteoxondrozning turlari bir nechta tamoyillarga muvofiq ajratiladi. Patologiyaning joylashuviga qarab, bo’yin, ko’krak, bel, dumg’aza yoki kasallikning aralash, kombinativ turari farqlanadi. Klinik ko’rinishlarga ko’ra, turli lokalizatsiyali osteoxondrozlar aniqlangan simptomatika va umuman klinik tasvirga qarab kichik guruhlarga bo’linadi.
Bo’yin osteoxondrozi:
- Reflektor sindrom turiga qarab, turli namoyon bo’lishli (vegetotomirli, neyrodistrofik, mushak-tonal) servikalgiya, servikokranialgiya, servikobraxialgiya aniqlanadi;
- Radikulopatiyaga testning ijobiy natija berishida bo’yin bo’limi asab ildizlarining diskogen shikastlanishi aniqlanadi.
Ko’krak darajasida patologiyada quyidagilar ajratiladi:
- Refletkor sindrom bo’yicha — vegetovistseral, neyrodistrofik yoki mushak-tonal namoyon bo’lishli torakalgiya;
- Radikulopatiya bo’yicha — ko’krak bo’limi asab ildizlarining diskogen shikastlanishi.
Dumg’aza-bel darajadagi osteoxondrozda quyidagilar tashxislanadi:
- Reflektor sindrom turiga qarab — vegetotomirli, neyrodistrofik yoki mushak-tonal namoyon bo’ladigan lyumbago, lyumbalgiya, lyumboishialgiya;
- Radikulopatiya dumg’aza-bel bo’limi asab ildizlarining diskogen shikastlanishini ko’rsatadi;
- Ildiz-tomirli sindrom radikuloishemiyaga ishora qiladi.
Osteoxondrozni tashxislash
Tashxis qo’yish uchun instrumental usullar qo’llaniladi:
- Umurtqa pog’onasining rentgenologik tekshiruvi;
- Mielografiya;
- Sezuvchanlik, reflekslarning nevrologik tekshiruvi.
Tashxisni, kasallik bosqichini farqlash va aniqlashtirish uchun qo’llaniladigan qo’shimcha usullar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Umurtqa kompyuter tomografiyasi;
- Yadroviy-magnit rezonans (YMR);
- Magnit-rezonans tomografiya (MRT).
Osteoxondrozni davolash usullari
Davolash kompleks yondashuvga asoslanadi va muddati kasallikning bosqichga qarab 1-dan 3-oygacha intensiv terapiya va natijani mustahkamlash va qaytalanishini oldini olish uchun 1 yilgacha qo’llab-quvvatlash choralarini davom ettirishni tashkil etadi.
Osteoxondrozni davolash osteoxondroz darajasiga va bemorning sog’lig’iga bog’liq holda ikki yo’nalishda amalga oshiriladi. Kasallikning konservativ davosi mashqlar kompleksini bajarish va dori-darmonlar qabul qilishdan iborat. Xirurgik davolash deyarli har qanday vaziyatda birinchi tanlov usuli bo’lmaydi va u uzoq muddatli konservativ davo fonida ham kasallik rivojlanishda davom etganda, ijobiy o’zgarishlar yo’qligida belgilanadi.
Davolashning tibbiy uslublaridan tashqari, osteoxondrozda umumiy tavsiyalarni ham bajarish kerak: parhezga rioya qilish, reabilitatsiya uchun zarur bo’lgan choralarni ko’rish.
Osteoxondrozni konservativ davolash
Konservativ davo og’riq sindromini qoplash, umurtqa pog’onasi funktsionalligini normallashtirish va salbiy o’zgarishlarning oldini olishga qaratilgan bo’ladi.
Osteoxondrozning konservativ davosi quyidagi davolash turlarini o’z ichiga oladi:
- Medikamentoz terapiya. Osteoxondrozda qo’llaniladigan dorilar og’riq sindromlarini, to’qimalarda yallig’lanish jarayonlarini to’xtatish va organizmdagi modda almashinuvi jarayonlarni normallashtirish uchun ishlatiladi. Jiddiy og’riq sindromida nerv oxirlarini medikamentoz blokada qilish tavsiya etiladi, bu shuningdek mushak-tonik sindromning jiddiylik darajasini ham kamaytiradi. Bir necha turdagi blokadalar turlari farlanadi: trigger nuqtalar blokadasi, suyak ichi, faset, paravertebral, epidural blokada;
- Fizioterapiya usullari. Fizioterapevtik muolajalar og’riqni kamaytirish, dori vositalarining samarasini oshrishga yordam beradi, shuningdek reabilitatsiya davrida ham qo’llaniladi. Eng keng tarqalgan muolajalar ultratovushli to’lqinlar, magnit maydonlar, past chastotali toklar, lazer nurlari va boshqalarni qo’llashdir;
- Terapevtik mashqlar va kineziterapiya. Maxsus mashqlar kompleksi muntazam va to’g’ri bajarilganda qomatning to’g’rilanishi, mushak korseti, boylam apparatining mushtakmalanishiga yordam beradi, mushaklar faoliyatini me’yorlashtiradi, asab tolalarining kompressiyasini kamaytiradi va osteoxondroz asoratlarini oldini olishga yordam beradi. Terapevtik mashqlar va kineziterapevtik muolajalar modda almashinuvi jarayonlarni me’yorlashtirish, umurtqalararo disklarning to’liq oziqlanishini qayta tiklash, umurtqalar va ular orasidagi disklar joylashuvini tiklash, tayanch-harakat apparatiga tushadigan yukni bir xil taqsimlash imkonini beradi;
- Massaj. Manual massaj usullari to’qimalarning qon bilan ta’minlanishini yaxshilash, mushaklarning spazmlarini va qisilishlarini bartaraf etish, umumiy qon aylanishini yaxshilash uchun qo’llaniladi. Terapevtik faoliyat yo’nalishi sifatida gidromassaj yuqorida keltirilgan ta’sirlardan tashqari, organizmning asab tizimini normallashtirishga ham yordam beradi;
- Manual terapiya. Manual terapiya usullari individual ravishda tanlanadi. Tananing mushak-skelet tizimiga nuqtali ta’sir qilish qon aylanishi, limfa aylanishini yaxshilashga yordam beradi, metabolizmni yaxshilaydi, tayanch-harakat tizimining harakatchanligini to’g’rilashga yordam beradi, immun tizimini mustahkamlaydi, osteoxondrozning asoratlarini oldini olish vositasi sifatida xizmat qiladi;
- Maxsus uskunalardan foydalangan holda umurtqa pog’onasini traktsiyasi (tortish) usulida davolash. Manipulyatsiyaning maqsadi — umurtqalararo masofani normal parametrlargacha oshirish, umurtqa pog’onasi tuzilishining buzilishlarini to’g’irlash.
Osteoxondroz: dori-darmonlar bilan davolash
Osteoxondrozni davolashda dorilar alomatlar sezilarligini pasaytirish, to’qimalarning qon bilan ta’minlanishi va regeneratsiyasi jarayonini takomillashtirishga qaratilgan. Osteoxondrozni faqat dori vositalari bilan davolab bo’lmaydi, terapiya kompleks bo’lishi, jismoniy mashqlar, parhez, profilaktik choralarni o’z ichiga olishi kerak.
Jiddiy distrofik o’zgarishlar va og’riq sindromi bo’lmaganida, mutaxassis tayinlanmagan dori-darmonlarni qabul qilish asossiz hisoblanadi.
Osteoxondrozni davolash va og’riqni qoldirish uchun ishlatiladigan dorilar:
- Yallig’lanishga qarshi guruh: ibuprofen saqlovchi dorilar (Ibuprofen, Nurofen), Karipazim, Pantogematogen, Reoprin va boshqalar;
- Spazmolitik preparatlar: Baklofen, drotaverin (Drotaverin, No-Shpa), Miolastan, Sirdalud va boshqalar;
- Antioksidant preparatlar: vitamin C (askorbin kislotasi), E (Tokoferol asetat), N (tioikt kislotasi);
- To’qimalarning qon bilan ta’minlanishini yaxshilash uchun vositalar: Aktovegin, Teonikol, Trental, B guruhi vitaminlari (asosan B3);
- Tog’ay to’qimalari regeneratsiyasini qo’llab-quvvatlash va/yoki degeneratsiyasini oldini olish uchun preparatlar: Aflutop, Diatserin, Piaskledin, gialuron kislotasi.
Preparatlar og’iz orqali ichish va in’yektsiya orqali kiritish, shuningdek, og’riq sezilishida mahalliy qo’llash uchun krem va malhamlar shaklida qo’llanilishi mumkin.
Og’ir asoratlar bo’lsa, nerv oxirlarining medikamentoz blokadasi uchun vositalar qo’llaniladi.
Osteoxondroz: bemorning parhezli ovqatlanishi
Parhez tamoyillari modda almashinuvi jarayonlarini takomillashtirish, organizmni kerakli oziqa moddalari, vitaminlar, minerallar bilan to’yintirish, taomnomani antioksidantlar, polito’yingan yog’ kislotalari, tog’ay to’qimalari regeneratsiyasiga yordam beradigan birikmalarga boy bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlar bilan to’ldirishga asoslanadi. Osteoxondrozda tavsiya etiladigan suyuqlik ichish tartibi shikastlangan to’qimalarga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan tananing suvsizlanishiga yo’l qo’ymaslikka qaratiladi.
Kun davomida qismlar bilan ovqatlanish kerak, tavsiya etiladigan soni kuniga 5-6 marta.
Ratsionning asosini sut va sut mahsulotlari, yog’siz go’sht turlari, parranda, baliq, yangi sabzavotlar, meva, yong’oq va urug’lar, donlar, qo’ziqorinlar tashkil qiladi. Taomnomaga ayniqsa go’sht va baliq jelelari, xolodetslar (liq-liq) kiritish, issiqlik bilan ishlov berilmagan birinchi fraktsiya zaytun moyi ishlatish tavsiya etiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashning afzal usullari: bug’da, pechda pishirish, qaynatish.
Un va qandolat mahsulotlarini, yog’li ovqatlar, achchiq, sho’r taomlar va ziravorlar, konservalangan va dudlangan mahsulotlar, kuchli go’shtli bulyonlar, dukkaklilar, shakar va uning tarkibi yuqori bo’lgan mevalarni (uzum) iste’mol qilish cheklanishi kerak.
Kun davomida kamida 1,5 litr suyuqlik ichish kerak, afzallari toza va mineral suvlar, quritilgan mevalardan tayyorlangan kompotlar, shirin bo’lmagan morslar, o’simlikli choylar. Achchiq qora choy, qahva, shirin gazlangan ichimliklar, spirtli ichimliklar miqdorini cheklash kerak.
Osteoxondrozning asoratlari
Belgilangan davolanishga rioya qilmaslik, shifokorga murojaat qilmaslik va osteoxondrozni davolashga yondashmaslik kasallikning avj olishiga yordam beradi, bu esa o’z navbatida asoratlar, patologiyalar va yangi kasalliklar rivojlanishiga sabab bo’ladi, masalan:
- Umurtqalararo disk churrasi (umurtqa grijasi);
- Protruziyalar;
- Kifozlar;
- Radikulit;
- Umurtqalararo bo’shliqda tuz to’planishi;
- Orqa miya insultlari;
- Oyoq-qo’l mushaklari massasining kamayishi, qon ta’minoti buzilganligi tufayli mushak atrofiyasi;
- Oyoqlar falajligi.
Osteoxondrozning 4-darajasi sezilarli ifodanalmaydigan belgilar va og’riq hissisiz kechishi mumkinligiga qaramasdan, o’tib ketgan osteoxondroz asoratlarning rivojlanishi bo’yicha eng xavfli hisoblanadi va bemorning nogironligiga olib kelishi mumkin.
Osteoxondrozni oldini olish
Osteoxondrozning sabablari asosan organizmning talablariga e’tibor bermaslik, noto’g’ri ovqatlanish, ortiqcha yuklanish bilan bog’liq. Umurtqada patologik o’zgarishlar boshlanishining oldini olish va mavjud osteoxondrozning dinamikasini ushlab turish uchun sog’lom turmush tarzining umumiy tamoyillariga amal qilish tavsiya etiladi:
- Gipodinamiyani istisno qilish: sport bilan o’rtacha shug’ullanish: gimnastika, yugurish, suzish, velosiped, chang’i, kontaktsiz kurash turlari va hokazo;
- Ish vaqtida yoki uzoq muddat statik holatda bo’lish talab etiladigan boshqa turdagi faoliyatda qon aylanishini tiklash uchun har 45 daqiqada yengil mashqlar bajarish uchun tanaffus qilish kerak. Agar uzoq o’tirgan holatda bo’lish zarur bo’lsa, to’g’ri stullarni, umurtqa mushaklarini qo’llab-quvvatlovchi kreslolarni tanlash kerak, stol ustida qo’lning, pollarda yoki maxsus tagchada oyoqning joylashishi normativlariga rioya qilish kerak, qomatni to’g’ri ushlash (tik gavda, bo’shashtirilgan yelkalar);
- Tungi uyqu uchun tekis sirtli elastik, yaxshisi ortopedik matrasni tanlash, baland yoki juda tekis yostiqlardan qochish kerak;
- Agar og’ir vaznli jismlarni ko’tarish kerak bo’lsa, keskin harakatlarni amalga oshirmaslik, yarim o’tirgan holatdan ko’tarishda esa belni ushlab turuvchi maxsus kamarlar taqish kerak;
- Ortopedik to’g’ri poyabzallarni tanlash: oyoq kengligiga mos keluvchi, poshnasi baland bo’lmagan va o’z vaqtida almashtirib turiladigan. Yozda notekis yuzada yalangoyoq yurish ham foydali, bu oyoqning mushaklarini kuchaytiradi va tayanch-harakat tizimidagi zo’riqishni bartaraf qiladi;
- To’g’ri ovqatlanish, yetarlicha suyuqlik ichish iste’mol qilish umumiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko’rsatadi va modda almashinuvini saqlab turishga yordam beradi;
- Yuqori emotsionallikks, mushaklarning spazmatik reaktsiyasi bilan kechadigan tashvishga moyillik bo’lganida, relaksatsiya usullarini o’rganish va muntazam ravishda umumiy mustahkamlovchi massaj kurslarini olish kerak.